O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
O‘zbekiston Respublikasining “O‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalariga hamda ularda qurilgan binolar va inshootlarga bo‘lgan huquqlarni e’tirof etish to‘g‘risida”gi Qonunini amalga oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar haqida
O‘zbekiston Respublikasining “O‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalariga hamda ularda qurilgan binolar va inshootlarga bo‘lgan huquqlarni e’tirof etish to‘g‘risida”gi Qonuni ijrosini ta’minlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. O‘zbekiston Respublikasining “O‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalariga hamda ularda qurilgan binolar va inshootlarga bo‘lgan huquqlarni e’tirof etish to‘g‘risida”gi Qonuni (keyingi o‘rinlarda — Qonun) ijrosi yuzasidan 2025-yilning 30-aprel holatiga 1 234 ta mahalla fuqarolar yig‘inidagi 247 mingdan ortiq ko‘chmas mulk obyekti xatlovdan o‘tkazilgani, “E’tirof” avtomatlashtirilgan axborot tizimiga (keyingi o‘rinlarda — avtomatlashtirilgan axborot tizimi) 99 mingga yaqin obyekt joylashtirilgani, 200 dan ortiq obyektga nisbatan huquqlar e’tirof etilgani ma’lumot uchun qabul qilinsin.
2. O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Kadastr agentligi (keyingi o‘rinlarda — Kadastr agentligi):
bir oy muddatda reja-jadval asosida tumanlarda (shaharlarda) xatlov o‘tkazilishini yanada jadallashtirish maqsadida ko‘chmas mulk obyektlarini joyiga chiqqan holda xatlovdan o‘tkazishga shartnoma asosida qo‘shimcha xodimlar jalb qilinishini ta’minlasin hamda doimiy ravishda ularning malakasini oshirib borsin;
Qonunning 12-moddasi beshinchi qismida belgilangan talabga muvofiq har bir yer uchastkasiga alohida yondashgan holda, yer uchastkasining bino va inshootlar mavjud bo‘lmagan, ekin ekiladigan qismini dehqon xo‘jaligi yoki tomorqa xo‘jaligi yuritish uchun belgilanishini ta’minlasin;
Qonunning 5-moddasi talablariga muvofiq, tegishlicha ijara va mulk huquqini e’tirof etish masalasi ko‘rib chiqiladigan yer uchastkasining, binoning va inshootning elektron yig‘majild hujjatlarini ushbu yer uchastkasi bino va inshootlar bilan band bo‘lgan taqdirdagina avtomatlashtirilgan axborot tizimiga joylashtirsin. Bunda yer uchastkasining chegarasi ko‘chmas mulk obyektiga kirish qismidan boshlab aniqlanadi.
3. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari Qonun talablariga muvofiq huquqni e’tirof etish masalasi ko‘rib chiqiladigan yer uchastkalari hamda ularda qurilgan binolar va inshootlar hokimliklar hamda tegishli vakolatli tashkilotlar tizim tashkilotlari tasarrufida (ixtiyorida) bo‘lgan kanallar va boshqa suv xo‘jaligi inshootlari hamda shaharlar va boshqa aholi punktlarining ko‘chalari, xo‘jalik avtomobil yo‘llarining tegishli mintaqa hamda muhofaza zonalari hududida joylashgani yoki joylashmagani haqidagi ma’lumotlarning avtomatlashtirilgan axborot tizimiga kiritilib (biriktirilib) borilishini ta’minlasin.
Kadastr agentligi bir hafta muddatda ushbu band talablariga muvofiq vakolatli tashkilotlarga avtomatlashtirilgan axborot tizimidan foydalanishga to‘liq imkoniyat yaratib bersin.
4. Soliq qo‘mitasi Qonunga muvofiq huquqni e’tirof etish masalasi ko‘rib chiqiladigan ko‘chmas mulk obyektlari bo‘yicha yer solig‘i va mol-mulk solig‘ini hisoblashda hududiy soliq organlari tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Soliq kodeksining 88-moddasi talablariga qat’iy rioya qilinishi ustidan doimiy nazorat o‘rnatsin.
5. O‘zbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi bir hafta muddatda Qonunning 23-moddasiga muvofiq:
yakka tartibdagi uy-joylar qurish uchun ortiqcha egallangan yer uchastkasiga bo‘lgan ijara huquqining 0,01 gektar maydon uchun o‘rtacha bozor qiymatini — elektron onlayn-auksion savdolarida mulk huquqi asosida realizatsiya qilingan yer uchastkalarining o‘rtacha narxidan kelib chiqqan holda;
noturar obyektlar qurish uchun ortiqcha egallangan yer uchastkasiga bo‘lgan ijara huquqining 0,01 gektar maydon uchun o‘rtacha bozor qiymatini — tegishlicha elektron onlayn-auksion savdolarida tadbirkorlik va shaharsozlik faoliyatini amalga oshirish hamda kichik sanoat va yoshlar sanoat hamda tadbirkorlik zonalarida faoliyat ko‘rsatish maqsadlarida realizatsiya qilingan yer uchastkalarining o‘rtacha narxidan kelib chiqqan holda;
dehqon yoki tomorqa xo‘jaligi yuritish uchun rasmiylashtirib beriladigan ortiqcha egallangan yer uchastkasiga bo‘lgan ijara huquqining 0,01 gektar maydon uchun o‘rtacha bozor qiymatini — dehqon xo‘jaligini yuritish uchun realizatsiya qilingan yer uchastkalarining o‘rtacha narxidan kelib chiqqan holda avtomatlashtirilgan axborot tizimiga kiritsin hamda ushbu ma’lumotlarni belgilangan muddatlarda yangilab borsin.
6. Kadastr agentligi Adliya vazirligi hamda manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda quyidagilardan kelib chiqib, avtomatlashtirilgan axborot tizimini takomillashtirsin:
vakolatli tashkilotlar ma’lumotlarining avtomatik ravishda shakllantirilishini yo‘lga qo‘yish;
kadastr organlari va vakolatli tashkilotlar tomonidan tizimga kiritilgan (biriktirilgan) ma’lumotlarda xato va kamchiliklar aniqlangan taqdirda, ularni qisqa muddatlarda bartaraf etish uchun hududiy adliya boshqarmalari tomonidan ushbu tashkilotlarga ma’lumotlarni qayta tahrirlashga yuborish funksiyasini yaratish;
avtomatlashtirilgan axborot tizimini Davlat aktivlarini boshqarish agentligining tegishli axborot tizimi bilan integratsiya qilish orqali auksion savdolariga chiqarilgan yer uchastkalari bo‘yicha ma’lumotlarni avtomatik tarzda shakllantirish imkoniyatini yaratish.
7. O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasiga Qonun ijrosini ta’minlashda aniqlangan qonunbuzilishi holatlarini bartaraf etish yuzasidan prokuror nazorati hujjatlarini qo‘llashni yo‘lga qo‘yish tavsiya etilsin.
8. O‘zbekiston mahallalari uyushmasi, Ichki ishlar vazirligi kadastr organlari tomonidan xatlovdan o‘tkazishni jadallashtirish maqsadida bino va inshootlarga kirish imkoni mavjud bo‘lmagan obyektlarda o‘lchov ishlarini to‘sqinliksiz amalga oshirishda mahalla raislari va profilaktika inspektorlarini jalb qilish choralarini ko‘rsin.
9. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari:
tuman (shahar) hokimliklari tomonidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesining, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlarining yer uchastkasiga bo‘lgan ijara huquqini hamda unda qurilgan bino va inshootga bo‘lgan mulk huquqini e’tirof etish to‘g‘risidagi qarorlari qabul qilinganidan so‘ng uch kun muddatdan kechiktirmasdan yer uchastkasining ijara shartnomasi tuzilishini ta’minlasin;
hududlarda Qonun ijrosi yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlar natijasi bo‘yicha har oyda kamida bir marotaba yig‘ilishlarda tanqidiy muhokama qilib borilishini yo‘lga qo‘ysin;
Qonun tatbiq etiladigan ko‘chmas mulk obyektlari sug‘oriladigan yerlarda joylashgan taqdirda, ushbu yer uchastkalarining yer fondi toifasini o‘zgartirish bo‘yicha takliflarni belgilangan tartibda Hukumat komissiyasiga kiritib borsin.
10. O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi va Kadastr agentligi uch oy muddatda quyidagilarni nazarda tutuvchi “O‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalariga hamda ularda qurilgan binolar va inshootlarga bo‘lgan huquqlarni e’tirof etish to‘g‘risida”gi hamda “Ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish to‘g‘risida”gi qonunlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Qonun loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin:
yakka tartibdagi uy-joylar qurish uchun ortiqcha egallangan yer uchastkasiga bo‘lgan ijara huquqini e’tirof etishda qat’iy belgilangan miqdorda bir martalik to‘lov undirish;
kanallar va boshqa suv xo‘jaligi inshootlari hamda shaharlar va boshqa aholi punktlarining ko‘chalari, xo‘jalik avtomobil yo‘llarining tegishli mintaqa va muhofaza zonalari hududida joylashgani yoki joylashmagani haqidagi ma’lumotlarni avtomatlashtirilgan axborot tizimiga kiritishga (biriktirishga) mas’ul bo‘lgan vakolatli organni belgilash;
binolar va inshootlar, shu jumladan, yakka tartibdagi uy-joylar xususiylashtirilgani yoki xususiylashtirilmagani to‘g‘risidagi ma’lumotlarni avtomatlashtirilgan axborot tizimiga kiritishga (biriktirishga) mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarini ham mas’ul etib belgilash;
ijara huquqi e’tirof etilgan yer uchastkalari uchun yer ijarasi shartnomasini oferta shaklida tuzish, belgilangan tartibda e’lon qilish hamda jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan bir martalik to‘lovni amalga oshirish jarayonida ofertaga rozilik berish;
o‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkasi muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari hamda boshqa obyektlarning mintaqa va muhofaza zonalari hududida joylashgan taqdirda, ushbu yer uchastkasining mintaqa va muhofaza zonalari hududiga tushgan qismi chegirib tashlangan holda qolgan qismiga nisbatan ijara huquqini e’tirof etish;
ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish muddatlarini O‘zbekiston Respublikasining Yer kodeksida belgilangan muddatlar bilan muvofiqlashtirish;
ushbu Qonun bilan kiritiladigan ayrim o‘zgartirish va qo‘shimchalarni 2024-yil 8-noyabr kunidan amalga kiritilgan deb hisoblash.
11. O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ilovaga muvofiq ayrim qarorlariga o‘zgartirishlar va qo‘shimcha kiritilsin.
12. Ushbu qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosarlari A.J. Ramatov va J.A. Qo‘chqorov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2025-yil 27-may,
330-son
Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 27-maydagi 330-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga kiritilayotgan o‘zgartirishlar va qo‘shimcha
1. Vazirlar Mahkamasining “Kadastr sohasida ayrim davlat xizmatlari ko‘rsatishning ma’muriy reglamentlarini tasdiqlash to‘g‘risida” 2020-yil 2-sentabrdagi 535-son qarorida:
a) 1-ilovaning 16-bandi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“16. Kadastr pasporti obyektning murakkabligiga qarab, quyidagi muddatlarda tayyorlanadi:
a) ko‘chmas mulk obyektlarining turar joyga oid qismi bo‘yicha:
ko‘p kvartirali uydagi kvartira uchun — 5 ish kunigacha;
yakka tartibdagi turar joy uchun — 8 ish kunigacha;
b) ko‘chmas mulk obyektlarining noturar joyga oid qismi hamda yaxlit ko‘p kvartirali uylar bo‘yicha:
umumiy maydoni 100 kv. metrgacha bo‘lganda — 8 ish kunigacha;
umumiy maydoni 100 kv. metrdan 1 000 kv. metrgacha bo‘lganda — 10 ish kunigacha;
umumiy maydoni 1 000 kv. metrdan 5 000 kv. metrgacha bo‘lganda — 15 ish kunigacha;
umumiy maydoni 5 000 kv. metrdan 15 000 kv. metrgacha bo‘lganda — 20 ish kunigacha;
umumiy maydoni 15 000 kv. metrdan 50 000 kv. metrgacha bo‘lganda — 26 ish kunigacha;
umumiy maydoni 50 000 kv. metrdan ortiq bo‘lganda — 35 ish kunigacha;
ajratilgan yer uchastkalari bo‘yicha — 5 ish kunigacha;
v) ko‘p yillik dov-daraxtlar joylashgan yer uchastkasi bo‘yicha:
umumiy maydoni 1 gektargacha — 15 ish kunigacha;
umumiy maydoni 1 gektardan 5 gektargacha — 20 ish kunigacha;
umumiy maydoni 5 gektardan 10 gektargacha — 26 ish kunigacha;
umumiy maydoni 10 gektardan 100 gektargacha — 35 ish kunigacha;
umumiy maydoni 100 gektardan ortiq — 40 ish kunigacha”;
b) 3-ilovaning 19-bandi birinchi xatboshidagi “o‘n” so‘zi “o‘n besh” so‘zlari bilan almashtirilsin;
v) 4-ilovaning 20-bandi birinchi xatboshidagi “o‘n” so‘zi “o‘n besh” so‘zlari bilan almashtirilsin;
2. Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 22-iyundagi 389-son qarori bilan tasdiqlangan Ko‘chmas mulk obyektlariga kadastr yig‘majildini tayyorlash tartibi to‘g‘risidagi nizomda:
a) 8-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“8. Davlat kadastrlari palatasining tuman (shahar) filiallari tomonidan kadastr yig‘majildini tayyorlash va uning natijasi bo‘yicha kadastr pasportini taqdim etish kadastr obyektining murakkabligiga qarab quyidagi muddatlarda amalga oshiriladi:
a) ko‘chmas mulk obyektlarining turar joyga oid qismi bo‘yicha:
ko‘p kvartirali uydagi kvartira — 5 ish kunigacha;
yakka tartibdagi turar joy — 8 ish kunigacha;
b) ko‘chmas mulk obyektlarining noturar joyga oid qismi hamda yaxlit ko‘p kvartirali uylar bo‘yicha:
umumiy maydoni 100 kv. metrgacha bo‘lgan ko‘chmas mulk — 8 ish kunigacha;
umumiy maydoni 100 kv. metrdan 1 000 kv. metrgacha bo‘lgan ko‘chmas mulk — 10 ish kunigacha;
umumiy maydoni 1 000 kv. metrdan 5 000 kv. metrgacha bo‘lgan ko‘chmas mulk — 15 ish kunigacha;
umumiy maydoni 5 000 kv. metrdan 15 000 kv. metrgacha bo‘lgan ko‘chmas mulk — 20 ish kunigacha;
umumiy maydoni 15 000 kv. metrdan 50 000 kv. metrgacha bo‘lgan ko‘chmas mulk — 26 ish kunigacha;
umumiy maydoni 50 000 kv. metrdan ortiq bo‘lgan ko‘chmas mulk — 35 ish kunigacha;
ajratilgan yer uchastkalari bo‘yicha — 5 ish kunigacha;
kadastr (yig‘majildi) pasporti yo‘qolganda (yaroqsiz holga kelganda), yangi kadastr pasporti 3 ish kuni mobaynida beriladi.
v) ko‘p yillik dov-daraxtlar joylashgan yer uchastkasi bo‘yicha:
umumiy maydoni 1 gektargacha — 15 ish kunigacha;
umumiy maydoni 1 gektardan 5 gektargacha — 20 ish kunigacha;
umumiy maydoni 5 gektardan 10 gektargacha — 26 ish kunigacha;
umumiy maydoni 10 gektardan 100 gektargacha — 35 ish kunigacha;
umumiy maydoni 100 gektardan ortiq — 40 ish kunigacha”;
b) 14-band quyidagi mazmundagi sakkizinchi xatboshi bilan to‘ldirilsin:
“Ortiqcha egallab olingan yer uchastkasining maydoni huquqni belgilovchi hujjatlarda ko‘rsatilgan maydondan 2 foizgacha ortiq va ushbu farq 30 kvadrat metrdan oshmagan holatlarda yer uchastkasining ushbu qismi o‘zboshimchalik bilan egallangan deb hisoblanmaydi va soliq organlariga o‘zboshimcha egallangan yer sifatida yuborilmaydi”.
3. Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 14-fevraldagi 71-son qarori bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari va yuridik shaxslariga doimiy foydalanish (egalik qilish), ijara va meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik qilish huquqi asosida tegishli bo‘lgan yer uchastkalarini xususiylashtirish bo‘yicha davlat xizmatlari ko‘rsatishga doir ma’muriy reglamentning 14-bandi birinchi xatboshidagi “besh” so‘zi “yetti” so‘zi bilan almashtirilsin.
(Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 28.05.2025-y., 09/25/330/0473-son)