Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Maʼrifiy faoliyatni amalga oshirish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida
Oʻzbekiston Respublikasining “Taʼlim toʻgʻrisida”gi Qonuniga muvofiq, shuningdek, fuqarolarning shaxsiy, intellektual va maʼnaviy rivojlanishga boʻlgan ehtiyojlarini qondirish, mamlakatimizda maʼrifiy faoliyatni amalga oshirishning huquqiy asoslarini yaratish, ushbu soha ishtirokchilari faoliyat koʻrsatishining aniq tartibini belgilash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Quyidagilarni nazarda tutuvchi Maʼrifiy faoliyatni amalga oshirish tartibi toʻgʻrisidagi nizom 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin:
maʼrifiy faoliyatni amalga oshirishning tashkiliy-huquqiy shakllari hamda ushbu faoliyatni amalga oshiruvchilarga nisbatan qoʻyiladigan talablar;
maʼrifiy faoliyatni amalga oshirish shakllari (maʼruza, taqdimot, seminar, mahorat darsi, kurs, leksiya, marafon, davra suhbatlari hamda qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa shakllarda, bevosita yoki onlayn, yakka tartibda yoki guruhlarda, pulli yoki bepul);
maʼrifiy faoliyatni amalga oshirish tartibi, shu jumladan, ushbu faoliyat tinglovchilari orasida voyaga yetmagan shaxs mavjud boʻlsa, majburiy tartibda maʼrifiy faoliyat dasturini ishlab chiqish talabi;
maʼrifiy faoliyat ishtirokchilarining huquqlari, majburiyatlari va maʼrifiy faoliyatni amalga oshirishda taqiqlanadigan xatti-harakatlar.
2. Belgilansinki:
maʼrifiy faoliyat bilan yuridik shaxs tashkil etib yoki yakka tartibdagi tadbirkor sifatida roʻyxatdan oʻtib shugʻullanish mumkin;
maʼrifiy faoliyat bilan yozma yoki elektron shaklda tuziladigan shartnomaga muvofiq pulli asosda shugʻullaniladi;
maʼrifiy faoliyat tadbirlari 100 nafar va undan koʻp kishilarning ishtirokidagi guruhlarda Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 29-iyuldagi 205-son qarori bilan tasdiqlangan Ommaviy tadbirlarni oʻtkazish qoidalariga muvofiq oʻtkaziladi;
oʻn toʻrt yoshdan kichik shaxslarning maʼrifiy faoliyat tadbirlarida tinglovchi sifatida ishtirok etishlariga ularning ota-onasi (qonuniy vakillari) yozma roziligi bilan yoʻl qoʻyiladi.
3. Manfaatdor vazirlik va idoralar oʻzlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni ikki oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining 2-ilovaga muvofiq ayrim qarorlariga qoʻshimchalar kiritilsin.
5. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Vazirlar Mahkamasining “Mahalla yettiligi”, yoshlar siyosati va maʼnaviyat masalalari departamentiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2025-yil 11-fevral,
76-son
Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 11-fevraldagi 76-son qaroriga
1-ILOVA
1-ILOVA
Maʼrifiy faoliyatni amalga oshirish tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom maʼrifiy faoliyatni amalga oshirish tartibi va shakllarini belgilaydi.
2. Mazkur Nizomning amal qilishi davlat organlari, taʼlim, ilmiy va diniy tashkilotlar tomonidan maʼrifiy faoliyat bilan bogʻliq tadbirlarni oʻtkazishga nisbatan tatbiq etilmaydi.
3. Ushbu Nizomda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
maʼrifiy faoliyat — insonni shaxsiy, intellektual va maʼnaviy rivojlantirish, ijtimoiy va iqtisodiy faolligini oshirish, intellektual va ijodiy salohiyatini namoyon etish, individual salohiyati, imkoniyatlari, kommunikativ qobiliyatlarini yaxshilash uchun zarur koʻnikma va malakani shakllantirishga qaratilgan hamda davlat taʼlim standartlari bilan qamrab olinmaydigan faoliyat turi;
maʼrifiy faoliyat dasturi — maʼrifiy faoliyatni amalga oshirishning maqsadi va mazmuni, vazifalari, muddatlari, shakllari va joylari, oʻquv faoliyatini tashkil etuvchi hamda uni amalga oshirishda ishtirok etadigan shaxslar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni va mazkur dasturni moliyalashtirish manbalarini aks ettiruvchi hujjat;
maʼrifiy faoliyat tinglovchisi — oʻzining shaxsiy, ijtimoiy va iqtisodiy faolligini yanada oshirish, ijodiy va intellektual qobiliyatini namoyon etish, individual salohiyati, imkoniyati, kommunikativ qobiliyatini rivojlantirish uchun maʼrifiy faoliyatda ishtirok etuvchi shaxslar.
4. Maʼrifiy faoliyat respublika va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari, yuridik shaxslar yoki yakka tartibdagi tadbirkor sifatida roʻyxatdan oʻtgan jismoniy shaxslar (keyingi oʻrinlarda — maʼrifiy faoliyatni amalga oshiruvchilar) tomonidan Oʻzbekiston Respublikasining qonunchilik hujjatlarida va ushbu Nizomda nazarda tutilgan talablarga muvofiq amalga oshiriladi.
5. Maʼrifiy faoliyatni amalga oshiruvchilar ushbu faoliyat davomida boshqa faoliyat turlarini ham amalga oshirsa, mazkur faoliyat turlari uchun qonunchilik hujjatlarida belgilangan talablarga (litsenziya, ruxsatnoma, malaka sertifikatiga ega boʻlish va boshqalar) rioya etishi shart.
2-bob. Maʼrifiy faoliyatni amalga oshirish shakllari va tartibi
6. Maʼrifiy faoliyat:
maʼruza, taqdimot, seminar, mahorat darsi, kurs, leksiya, marafon, davra suhbatlari hamda qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa shakllarda;
anʼanaviy (bevosita) yoki axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalangan holda (onlayn);
yakka tartibda yoki guruhlarda;
pulli yoki bepul asosda amalga oshirilishi mumkin.
7. Maʼrifiy faoliyat tadbirlari 100 va undan koʻp kishilarning ishtirokidagi guruhlarda Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 29-iyuldagi 205-son qarori bilan tasdiqlangan Ommaviy tadbirlarni oʻtkazish qoidalariga muvofiq oʻtkazilishi kerak.
8. Maʼrifiy faoliyat pulli asosda yozma yoki elektron shaklda tuziladigan shartnomaga muvofiq amalga oshiriladi.
Maʼrifiy faoliyatni amalga oshirish haqidagi shartnomada taraflarning nomi, manzili, ularning huquq va majburiyatlari, javobgarligi, toʻlovni amalga oshirish tartibi, maʼrifiy faoliyatning shakli, nizolarni hal qilish, shartnomani bekor qilish tartibi, sifatsiz yoki toʻliq boʻlmagan maʼrifiy faoliyat uchun toʻlovni toʻliq yoki qisman qaytarish shartlari va muddatlari hamda boshqa maʼlumotlar koʻrsatiladi.
9. Oʻn toʻrt yoshdan kichik shaxslarning maʼrifiy faoliyat tadbirlarida tinglovchi sifatida ishtirok etishlariga ularning ota-onasi (qonuniy vakillari) yozma roziligi bilan yoʻl qoʻyiladi.
3-bob. Maʼrifiy faoliyat ishtirokchilarining huquq va majburiyatlari
10. Maʼrifiy faoliyatni amalga oshiruvchilar quyidagi huquqlarga ega:
oʻzini oʻzi band qilgan shaxs sifatida roʻyxatdan oʻtish;
oʻz shaʼni, qadr-qimmati va ishchanlik obroʻsini himoya qilish;
maʼrifiy faoliyatni axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalangan holda amalga oshirish;
maʼrifiy faoliyatning ushbu Nizomning 6-bandida belgilangan shakllarini mustaqil tanlash;
maʼrifiy faoliyat pulli asosda amalga oshirilganda, toʻlov miqdorini mustaqil belgilash hamda ushbu faoliyat uchun shartnomaga muvofiq haq olish;
respublika va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlaridan maʼrifiy faoliyatni amalga oshirish uchun zarur boʻlgan axborotni, shu jumladan, statistika maʼlumotlarini belgilangan tartibda soʻrash va olish;
maʼrifiy faoliyat tinglovchilarini maʼrifiy faoliyatni amalga oshirishda zarur materiallar bilan taʼminlash.
Maʼrifiy faoliyatni amalga oshiruvchilar qonunchilik hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega boʻlishi mumkin.
11. Maʼrifiy faoliyatni amalga oshiruvchilar:
maʼrifiy faoliyat tinglovchilariga ushbu faoliyat haqida axborot taqdim etishi, shuningdek, ularning talabiga koʻra oʻz maʼlumoti va malakasini tasdiqlaydigan hujjatlarni (mavjud boʻlsa) taqdim etishi;
maʼrifiy faoliyat tinglovchilariga nisbatan insoniy muomalada boʻlishi, ularning shaʼni, qadr-qimmati va ishchanlik obroʻsini hurmat qilishi;
qonunchilik hujjatlarida belgilangan soliqlarni va boshqa majburiy toʻlovlarni oʻz vaqtida toʻlashi;
qonunchilik hujjatlarida, shu jumladan, ushbu Nizomning 12-bandida belgilangan taqiq va cheklovlarga rioya etishi;
maʼrifiy faoliyat tinglovchilariga nisbatan tazyiq oʻtkazmasligi hamda jismoniy va (yoki) ruhiy zoʻravonlik ishlatmasligi;
maʼrifiy faoliyatni haq evaziga amalga oshirganda, maʼrifiy faoliyat tinglovchisi bilan yozma yoki elektron shaklda shartnoma tuzishi lozim.
Maʼrifiy faoliyatni amalga oshiruvchilar zimmasiga qonunchilik hujjatlariga muvofiq boshqa majburiyatlar ham yuklanishi mumkin.
12. Maʼrifiy faoliyatni amalga oshiruvchilarga quyidagilar taqiqlanadi:
Oʻzbekiston Respublikasining amaldagi konstitutsiyaviy tuzumini, hududiy yaxlitligini zoʻrlik bilan oʻzgartirishga, ommaviy tartibsizliklarga, noqonuniy yigʻilishlar, mitinglar, koʻcha yurishlari va namoyishlarda ishtirok etishga daʼvat qilish;
davlat sirlarini yoki qonun bilan qoʻriqlanadigan boshqa sirni tashkil etuvchi maʼlumotlarni oshkor etish;
urush, terrorizm, ekstremizm, separatizm va fundamentalizm gʻoyalarini, pornografiya, zoʻravonlik, shafqatsizlikni yoki ijtimoiy axloqqa zid qarashlarni targʻib qilish;
alkogolli va tamaki mahsulotlarini, giyohvandlik vositalarini, ularning analoglarini, psixotrop moddalarni yoki aql-irodaga taʼsir etuvchi boshqa moddalarni isteʼmol qilishni targʻib qilish;
vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar toʻgʻrisidagi qonunchilik talablarini buzish, shu jumladan, diniy taʼlimotdan saboq berish, diniy aqida va gʻoyalarni targʻib qilish, diniy mazmundagi materiallarni tarqatish, muayyan dinga ustuvorlik berish yoxud kamsitish;
jins boʻyicha kamsitish yoki davlat ramzlariga nisbatan hurmatsizlik qilish;
jamoat tartibiga yoki xavfsizligiga tahdid soluvchi, milliy, irqiy, etnik yoki diniy adovat qoʻzgʻatuvchi, fuqarolarning shaʼni va qadr-qimmatiga yoki ishchanlik obroʻsiga putur yetkazuvchi, shuningdek, haqoratli soʻzlarni oʻz ichiga olgan axborotni tarqatish;
maʼrifiy faoliyatni amalga oshirishda haqiqatga toʻgʻri kelmaydigan va yolgʻon maʼlumotlardan foydalanish;
huquqbuzarlik yoki jinoyatni sodir etishga, oʻz joniga suiqasd qilishga, qimor va tavakkalchilikka asoslangan boshqa oʻyinlar, fohishalik, tilanchilik yoki gʻayriijtimoiy xatti-harakatning boshqa shakllari bilan shugʻullanishga daʼvat qilish;
odamlarga yoki hayvonlarga nisbatan zoʻravonlik va shafqatsizlik qilish mumkinligini asoslash yoki oqlash yoxud shunday harakatlarni amalga oshirishga undash;
fuqarolarni ularning hayotiga va (yoki) sogʻligʻiga yoxud oʻzga shaxslarning hayotiga va (yoki) sogʻligʻiga tahdid soluvchi gʻayrihuquqiy harakatlarni sodir etishga undash yoki boshqacha tarzda jalb qilish;
maʼrifiy faoliyatda voyaga yetmaganlar ishtirok etganda, jinsiy munosabatlarni tasvirlash yoki bayon etish yoxud ularda qoʻrquv, vahima yoki sarosima uygʻotadigan axborotni tarqatish.
13. Maʼrifiy faoliyat tinglovchilari quyidagi huquqlarga ega:
maʼrifiy faoliyatni amalga oshiruvchilar tomonidan oʻziga nisbatan insoniy va hurmat bilan munosabat koʻrsatilishini talab qilish;
maʼrifiy faoliyatni amalga oshiruvchining maʼlumoti va malakasini tasdiqlaydigan hujjatlar (mavjud boʻlsa) bilan tanishish;
maʼrifiy faoliyatda ishtirok etish, maʼrifiy faoliyatni amalga oshiruvchilardan maʼrifiy faoliyatga oid zarur materiallarni soʻrash va olish;
shartnomada koʻrsatilgan shakllarda va tartibda maʼrifiy faoliyatni amalga oshirishda ishtirok etish.
Maʼrifiy faoliyat tinglovchilari qonunchilik hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega boʻlishi mumkin.
14. Maʼrifiy faoliyat tinglovchilari:
maʼrifiy faoliyat davrida maʼrifiy faoliyatni amalga oshiruvchilar bilan oʻzaro hurmatga asoslangan munosabatda boʻlishi;
maʼrifiy faoliyatni amalga oshiruvchilarning shaʼni, qadr-qimmati va ishchanlik obroʻsini hurmat qilishi;
maʼrifiy faoliyatni amalga oshiruvchilar bilan tuzilgan shartnomaga muvofiq haq toʻlashi shart.
Maʼrifiy faoliyat tinglovchilari zimmasiga qonunchilik hujjatlari va shartnomaga muvofiq boshqa majburiyatlar ham yuklanishi mumkin.
4-bob. Yakunlovchi qoida
15. Mazkur Nizom talablari buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javobgar boʻladi.
Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 11-fevraldagi 76-son qaroriga
2-ILOVA
2-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga kiritilayotgan qoʻshimchalar
1. Vazirlar Mahkamasining 2011-yil 7-yanvardagi 6-son qarori bilan tasdiqlangan Yakka tartibdagi tadbirkorlar shugʻullanishi mumkin boʻlgan faoliyat turlari roʻyxati quyidagi mazmundagi 91-pozitsiya bilan toʻldirilsin:
“maʼrifiy faoliyatni amalga oshirish”.
2. Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 29-iyuldagi 205-son qarori bilan tasdiqlangan Ommaviy tadbirlarni oʻtkazish qoidalarining 3-bandi uchinchi xatboshisi “madaniy-ommaviy” soʻzlaridan keyin “maʼrifiy” soʻzi bilan toʻldirilsin.
3. Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 22-fevraldagi 86-son qarori bilan tasdiqlangan Maxsus elektron tizim orqali ruxsat etish xususiyatiga ega ayrim hujjatlarni berish tartib-taomillari toʻgʻrisidagi yagona nizom 11-ilovaga muvofiq Ommaviy tadbirlarni oʻtkazish uchun ruxsatnoma pasportining 5-pozitsiyasi “maʼrifiy faoliyat koʻrsatish haqida shartnoma tuzilganligi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar (maʼrifiy faoliyat koʻrsatish boʻyicha tadbir oʻtkazilayotganda)” soʻzlari bilan toʻldirilsin.
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 11.02.2025-y., 09/25/76/0124-son)