Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Y. Gʻulomov nomidagi Samarqand arxeologiya instituti va uning Buxoro filiali faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 28-yanvardagi PF-60-son Farmoni bilan tasdiqlangan 2022 — 2026-yillarga moʻljallangan Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasini “Inson qadrini ulugʻlash va faol mahalla yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi ijrosini taʼminlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Quyidagilar:
Vazirlar Mahkamasining “Arxeologik tadqiqotlarni tubdan takomillashtirish toʻgʻrisida” 2019-yil 21-sentabrdagi 792-son qarorining 1-bandi uchinchi xatboshisiga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining Arxeologik tadqiqotlar instituti negizida Fanlar akademiyasi Milliy arxeologiya markazining yuridik shaxs boʻlmagan filiali shaklidagi Y. Gʻulomov nomidagi Samarqand arxeologiya instituti tashkil etilganligi;
Vazirlar Mahkamasining “Ichki va ziyorat turizmini rivojlantirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2021-yil 24-fevraldagi 100-son qarori 7-bandining “b”-kichik bandiga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi, Madaniyat vazirligi va Samarqand viloyati hokimligining Milliy arxeologiya markazi filiali “Samarqand arxeologiya instituti”ning yuridik maqomini tiklagan holda, Fanlar akademiyasi tizimida mustaqil institut tashkil etish toʻgʻrisidagi takliflariga rozilik berilganligi;
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 19-iyundagi PQ-5150-son qarori bilan Samarqand arxeologiya instituti (“Arxeologik topilmalar fondi” noyob ilmiy obyekti bilan) Turizm va madaniy meros vazirligi huzuridagi Madaniy meros agentligining (keyingi oʻrinlarda — Madaniy meros agentligi) tashkiliy tuzilmasiga kiritilganligi;
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 28-yanvardagi PF-60-son Farmoni bilan tasdiqlangan 2022 — 2026-yillarga moʻljallangan Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasini “Inson qadrini ulugʻlash va faol mahalla yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturining 189-bandiga muvofiq Samarqand arxeologiya instituti faoliyati va uning moddiy-texnik bazasini tubdan yaxshilash hamda 184-bandiga muvofiq Buxoro shahrida Arxeologiya institutining filialini tashkil etish belgilanganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Turizm va madaniy meros vazirligi, Innovatsion rivojlanish vazirligi hamda Fanlar akademiyasining:
Fanlar akademiyasining Samarqand arxeologiya instituti (“Arxeologik topilmalar fondi” noyob ilmiy obyekti bilan) negizida Madaniy meros agentligi tizimida davlat muassasasi shaklidagi Y. Gʻulomov nomidagi Samarqand arxeologiya institutini (“Arxeologik topilmalar fondi” noyob ilmiy obyekti bilan) (keyingi oʻrinlarda — Institut) tashkil etish;
Institutning yuridik shaxs boʻlmagan Buxoro filialini tashkil etish;
Institutga Fanlar akademiyasi Samarqand arxeologiya institutining mavjud 52 ta shtat birligini oʻtkazish, Davlat budjeti mablagʻlari hisobidan Institutning Buxoro filiali uchun qoʻshimcha 5 ta shtat birligini ajratish toʻgʻrisidagi takliflariga rozilik berilsin.
3. Quyidagilar Institutning asosiy vazifalari etib belgilansin:
qadimgi tosh asridan boshlab rivojlangan oʻrta asrlarni oʻz ichiga olgan Markaziy Osiyoning moddiy va maʼnaviy madaniyati tarixini oʻrganish borasida fundamental tadqiqotlar olib borish;
tadqiq etiladigan davrlar madaniyatlari xronologiyasini va davrlashtirilishini ishlab chiqish;
Oʻzbekiston hududining ibtidoiy odamlar tomonidan oʻzlashtirilishini, sivilizatsiyaning shakllantirilishini, ilk shaharlar va davlatchilik, qadimgi jamiyatlar dunyoqarashini, jahon dinlarining paydo boʻlishini va rivojlanishini, savdo-sotiq munosabatlari va “Buyuk ipak yoʻli” tarixini oʻrganish;
hunarmandchilik, metallurgiya va kon ishi, arxeologik yodgorliklarni aniqlash, arxeologik tadqiqotlar olib borish, xaritaga tushirish va ilmiy muomalaga kiritish;
respublika hududidagi noyob arxeologik yodgorliklarni ochiq osmon ostidagi muzeylarga aylantirishning ilmiy asoslarini ishlab chiqish;
arxeologik topilmalarni taʼmirlash uslubi va qadimiy texnologik usullarni tiklash hamda ushbu yoʻnalishda vakolatli organ tomonidan berilgan tegishli ruxsatnomaga ega boʻlgan arxeologiya tadqiqotchilarini jalb qilish;
arxeologiya sohasida ilmiy kadrlar tayyorlash, Institutning ilmiy yoʻnalishidan kelib chiqib, jahon ilm-fani yutuqlarini oʻrganish, ulardan foydalanish hamda mahalliy va xalqaro miqyosda qoʻshma tadqiqotlar tashkil etish.
4. Turizm va madaniy meros vazirligi huzuridagi Madaniy meros agentligi Y. Gʻulomov nomidagi Samarqand arxeologiya institutining tuzilmasi 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari — turizm va madaniy meros vaziriga, zarurat boʻlganda, Institut tuzilmasiga xodimlarning belgilangan umumiy cheklangan soni va mehnatga haq toʻlash fondi doirasida oʻzgartirishlar kiritish huquqi berilsin.
5. Belgilansinki:
Institut respublika hududida olib borilayotgan arxeologik tadqiqotlarni ilmiy-uslubiy jihatdan yoʻnaltirish hamda tabiiy fanlarning zamonaviy tadqiqot uslublarini arxeologik izlanishlarga keng joriy qilish faoliyatini amalga oshiruvchi ixtisoslashtirilgan davlat ilmiy-tadqiqot muassasasi hisoblanadi;
Institut direktori Institutning Ilmiy kengashi tavsiyasiga koʻra Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari — turizm va madaniy meros vaziri bilan kelishilgan holda, Madaniy meros agentligi direktori tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimdan ozod qilinadi;
Institut xodimlariga Fanlar akademiyasi ilmiy-tadqiqot muassasalarining tegishli lavozimlari uchun belgilangan mehnatga haq toʻlash va moddiy ragʻbatlantirish shartlari tatbiq etiladi;
Institut Fanlar akademiyasi Samarqand arxeologiya institutining huquqlari, majburiyatlari va tuzilgan shartnomalari boʻyicha huquqiy vorisi hisoblanadi;
Madaniy meros agentligi bergan ruxsatnoma asosida dala tadqiqotlarini olib borgan arxeologlar tomonidan hisobotlar 2023-yildan boshlab har yili 1-martga qadar “Oʻzbekistonda arxeologik tadqiqotlar” yillik toʻplamini chop etib borish uchun Institutga tizimli ravishda taqdim etib boriladi;
“Ipak yoʻli” turizm va madaniy meros xalqaro universiteti Institutning ilmiy va innovatsion tadqiqotlar sohasidagi hamda metodik yoʻnalishlaridagi faoliyatiga koʻmaklashadi.
6. Quyidagilar Institut faoliyatini moliyalashtirish manbalari etib belgilansin:
Institut xodimlari mehnatiga haq toʻlash, bino va inshootlarini saqlash xarajatlarini moliyalashtirish, shuningdek, joriy xarajatlarni qoplash uchun ajratiladigan Davlat budjeti mablagʻlari;
ilmiy faoliyatga oid dasturlarni amalga oshirish uchun Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan oʻtkaziladigan tanlovlar natijalari boʻyicha ajratiladigan grantlar;
Madaniy meros agentligining budjetdan tashqari Madaniy meros jamgʻarmasi mablagʻlari;
xalqaro moliya institutlari va boshqa xorijiy tashkilotlarning grantlari;
respublika ilmiy-tadqiqot loyihalarining grantlari;
xoʻjalik faoliyatidan hamda shartnoma asosida tadqiqotlar oʻtkazishdan tushadigan tushumlar;
qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar.
7. Turizm va madaniy meros vazirligi Madaniy meros agentligi bilan birgalikda bir oy muddatda Institutning Buxoro filialini Buxoro shahri Sanoatchilar koʻchasi 26-uy manzilida joylashgan binoning bir qismiga tekin foydalanish huquqi asosida joylashtirish choralarini koʻrsin.
8. Madaniy meros agentligi:
a) bir oy muddatda Institut ustavini tasdiqlash hamda uni belgilangan tartibda davlat roʻyxatidan oʻtkazish;
b) ikki oy muddatda Institutni professional bilimga ega boʻlgan yuqori malakali va tashabbuskor kadrlar bilan toʻldirish;
v) uch oy muddatda Madaniy meros agentligining budjetdan tashqari Madaniy meros jamgʻarmasi mablagʻlari va qonunchilik hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan belgilangan tartibda Institut va uning Buxoro filialini xalqaro talablarga javob beradigan zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, shuningdek, mebel va boshqa texnik vositalar bilan qayta jihozlash;
g) Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi, Moliya vazirligi bilan birgalikda Institutning yangi binosini belgilangan tartibda qurish, laboratoriya bilan taʼminlash, ularni zamonaviy mebel va asbob-uskunalar bilan jihozlash uchun loyiha-smeta hujjatlariga muvofiq 2023-yilga moʻljallangan Investitsiya dasturiga kiritish hamda zarur mablagʻlar ajratish choralarini koʻrsin;
d) Moliya vazirligi bilan birgalikda Institutning Buxoro filiali binosini belgilangan tartibda taʼmirlash ishlarini 2023-yil Davlat budjeti parametrlarida nazarda tutsin;
e) Fanlar akademiyasi bilan birgalikda:
bir oy muddatda Fanlar akademiyasi Samarqand arxeologiya institutining ilmiy-texnik loyihalari, ularning foydalanish uchun ajratilgan asbob-uskunalari va boshqa mol-mulklari, jumladan, avtotransport vositalari hamda yoqilgʻi-moylash materiallari limitlarini xatlovdan oʻtkazib, ularni Institutga topshirish;
ikki oy muddatda Institut kutubxonasida saqlanayotgan hamda nusxasi yagona boʻlgan ilmiy asar va toʻplamlarning elektron nusxalarini Fanlar akademiyasining Milliy arxeologiya markaziga oʻtkazish;
2022-yil 1-oktabrdan boshlab bosqichma-bosqich Institut arxivida saqlanayotgan ilmiy ishlanmalarning elektron nusxalarini Fanlar akademiyasining Milliy arxeologiya markaziga ajratib borish choralarini koʻrsin.
9. Institutga oʻz idoraviy vazifalarini amalga oshirish uchun uchuvchisiz uchish apparatlari (dronlar)ni sotib olish, Oʻzbekiston Respublikasi hududiga olib kirish, saqlash va Oʻzbekiston Respublikasi hududida ulardan foydalanish vakolati berilsin.
10. Institutga ekspeditsiyalarni tashkil etish maqsadida 2 ta maxsus avtotransport vositalarini saqlash uchun limit ajratilsin.
Belgilab qoʻyilsinki, Institutni budjet mablagʻlari hisobidan saqlash xarajatlari 2022-yilda Oʻzbekiston Respublikasining respublika budjetidan birinchi darajali budjet mablagʻlarini taqsimlovchi sifatida Turizm va madaniy meros vazirligiga ajratilgan mablagʻlar doirasida moliyalashtiriladi, 2023-yildan boshlab esa Davlat budjeti parametrlarida nazarda tutiladi.
11. Innovatsion rivojlanish vazirligi Fanlar akademiyasining Samarqand arxeologiya instituti xodimlari rahbarligida ishlanayotgan loyiha hamda Milliy arxeologiya markazining Samarqand shahrida tahsil olayotgan tayanch doktorantlarini Institutga oʻtkazish va Institutga 2023-yilda tayanch doktorantura uchun 3 ta, stajor-tadqiqotchilik uchun 2 ta kvota ajratilishini taʼminlasin.
12. Turizm va madaniy meros vazirligi hamda Fanlar akademiyasining Institutga Samarqand viloyati Samarqand shahrining V. Abdullayev koʻchasidagi 3-uy manzilida joylashgan bino va inshootlarni operativ boshqaruv huquqi asosida bepul berish toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullansin.
13. Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining 2-ilovaga muvofiq ayrim qarorlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsin.
14. Madaniy meros agentligi:
boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda oʻzlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni bir oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsin;
Fanlar akademiyasi bilan birgalikda 2023-yil 20-dekabrga qadar Institut faoliyati samaradorligini puxta tahlil qilgan holda, uni yanada takomillashtirish toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflarni kiritsin.
15. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari — turizm va madaniy meros vaziri A.A. Abduxakimov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2022-yil 31-avgust,
485-son
Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 31-avgustdagi 485-son qaroriga
1-ILOVA
1-ILOVA
Turizm va madaniy meros vazirligi huzuridagi Madaniy meros agentligi Y. Gʻulomov nomidagi Samarqand arxeologiya institutining
TUZILMASI
|
|
||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||
|
Ilmiy kengash |
Direktor |
Yosh olimlar kengashi |
||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||
|
Ilmiy ishlar boʻyicha direktor oʻrinbosari |
Ilmiy kotib 1 |
Maʼmuriy-xoʻjalik ishlari boʻyicha mutaxassis 1 |
Bosh yuriskonsult 0,5 |
|||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||
|
Tosh davri arxeologiyasi boʻlimi 6 |
Ilk metallar va qadimgi davr arxeologiyasi boʻlimi 7 |
Buxgalteriya 2 |
||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||
|
Buxoro filiali** 5 |
||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||
|
Kadrlar boʻlimi inspektori 1 |
||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||
|
Oʻrta asrlar davri arxeologiyasi boʻlimi 14 |
Kimyoviy-texnologik tadqiqotlar, arxeologik topilmalarni restavratsiya va konservatsiya qilish laboratoriyasi 6 |
|||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||
|
AKT mutaxassisi 0,5 |
||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||
|
Arxeologik tadqiqotlarda zamonaviy usullarni qoʻllash boʻlimi 3 |
||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||
|
“Arxeologik topilmalar fondi” noyob ilmiy obyekti 8 |
||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||
|
Ilmiy maʼlumotlarni nashr etish va ommalashtirish boʻlimi* |
||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||
|
Dala tadqiqotlari boʻlimi* |
||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||
Xodimlarning belgilangan umumiy cheklangan soni — 57 nafar.
Ilmiy yordamchi va yordamchi xodimlar soni qonunchilik hujjatlariga muvofiq normativlar boʻyicha belgilanadi.
* Budjetdan tashqari mablagʻlar hisobidan moliyalashtiriladi.
** Buxoro filiali 1 nafar boshliq, 3 nafar ilmiy xodim va 1 nafar restavratordan iborat.
Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 31-avgustdagi 485-son qaroriga
2-ILOVA
2-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga kiritilayotgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar
1. Vazirlar Mahkamasining 2012-yil 2-iyuldagi 190-son qarori bilan tasdiqlangan Dala sharoitlaridagi ishlarda band boʻlgan xodimlarga dala ustamasi toʻlash tartibi toʻgʻrisidagi nizomda:
a) 41-bandda:
birinchi xatboshidagi “2,3” raqami “7” raqami bilan almashtirilsin;
“a” kichik banddagi “0,08” raqami “0,3” raqami bilan almashtirilsin;
“b” kichik banddagi “0,03” raqami “0,11” raqami bilan almashtirilsin;
b) 42-bandda:
birinchi xatboshidagi “2,6” raqami “8” raqami bilan almashtirilsin;
“a” kichik banddagi “0,12” raqami “0,35” raqami bilan almashtirilsin;
“b” kichik banddagi “0,1” raqami “0,31” raqami bilan almashtirilsin.
2. Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining yangidan tashkil etilgan ilmiy-tadqiqot muassasalari faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2017-yil 18-maydagi 292-son qarorining 2-bandidagi toʻqqizinchi xatboshi chiqarib tashlansin.
3. Vazirlar Mahkamasining “Arxeologik tadqiqotlarni tubdan takomillashtirish toʻgʻrisida” 2019-yil 21-sentabrdagi 792-son qarorida:
a) 1-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“1. Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining respublika hududida olib borilayotgan arxeologik tadqiqotlarni ilmiy-uslubiy jihatdan yoʻnaltirish hamda tabiiy fanlarning zamonaviy tadqiqot uslublarini arxeologik izlanishlarda keng joriy qilish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi tizimida davlat muassasasi shaklidagi Milliy arxeologiya markazini (keyingi oʻrinlarda Markaz deb ataladi) tashkil etish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin”;
b) 12-band oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin;
v) 1-ilovadan “Milliy arxeologiya markazi Samarqand filiali — Y. Gʻulomov nomidagi Samarqand arxeologiya instituti (“Arxeologik topilmalar fondi” noyob ilmiy obyekti bilan)” bloki chiqarib tashlansin;
g) 2-ilovada:
3-pozitsiya chiqarib tashlansin;
20-pozitsiyaning “Ijro uchun masʼullar” ustuni “Moliya vazirligi, Fanlar akademiyasi” soʻzlaridan keyin “Turizm va madaniy meros vazirligi” soʻzlari bilan toʻldirilsin;
39-pozitsiyaning “Amalga oshiriladigan tadbir” ustunidagi “Institutda” soʻzi “Markazda” soʻzi bilan almashtirilsin.
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 31.08.2022-y., 09/22/485/0789-son)