Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
“Qorakoʻl” erkin iqtisodiy zonasi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Buxoro viloyatida uglevodorod va mineral resurslarni chuqur qayta ishlashga yoʻnaltirilgan yuqori texnologik ishlab chiqarish quvvatlarini tashkil etish loyihalariga toʻgʻridan-toʻgʻri investitsiyalarni jalb qilish hamda tabiiy gazni chuqur qayta ishlashga moʻljallangan gaz-kimyo kompleksini qurish investitsiya loyihasini amalga oshirish va uning negizida yirik zamonaviy gaz-kimyo texnologik klasterini tashkil etish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Quyidagilar:
a) Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Qorakoʻl” erkin iqtisodiy zonasini hamda zamonaviy gaz-kimyo texnologik klasterini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2021-yil 13-avgustdagi PQ-5221-son qaroriga asosan:
Buxoro viloyati Qorakoʻl va Olot tumanlarining umumiy 400 gektar yer maydonida gaz-kimyo sohasiga ixtisoslashgan “Qorakoʻl” erkin iqtisodiy zonasi (keyingi oʻrinlarda — “Qorakoʻl” EIZ) tashkil etilganligi;
“Qorakoʻl” EIZ hududida “Jizzakh Petroleum” MChJ qoʻshma korxonasi (keyingi oʻrinlarda — qoʻshma korxona) tomonidan 2021 — 2025-yillarda toʻgʻridan-toʻgʻri va davlat kafolati ostida boʻlmagan investitsiyalar hisobiga amalga oshiriladigan, dastlabki umumiy qiymati 4 mlrd AQSh dollariga teng “MTO (metanoldan olefin olish) texnologiyasi asosida gaz-kimyo kompleksini qurish va gaz-kimyo texnologik klasterini tashkil etish” investitsiya loyihasi (keyingi oʻrinlarda — investitsiya loyihasi) joylashtirilishi;
investitsiya loyihasini amalga oshirish va keyinchalik uni ekspluatatsiya qilish, shu jumladan, unga toʻgʻridan-toʻgʻri chet el investitsiyasi va kreditlarini jalb qilish maqsadida qoʻshma korxona tomonidan loyiha kompaniyasi tashkil qilinishi;
uch yil davomida, istisno tariqasida, “Qorakoʻl” erkin iqtisodiy zonasi direksiyasi” davlat unitar korxonasining (keyingi oʻrinlarda — “Qorakoʻl” EIZ direksiyasi” DUK) sarf-xarajatlari xorijiy korxona tomonidan ajratiladigan begʻaraz moliyaviy yordam hisobiga taʼminlanishi;
b) qoʻshma korxona taʼsischilarining 2021-yil 26-oktabrdagi umumiy yigʻilishi qaroriga muvofiq “Jizzakh Petroleum” MChJ qoʻshma korxonasi “Sanoat Energetika Guruhi” MChJ shaklidagi xorijiy korxona (keyingi oʻrinlarda — xorijiy korxona) etib oʻzgartirilganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Quyidagilar:
“Qorakoʻl” erkin iqtisodiy zonasi direksiyasi” davlat unitar korxonasining tuzilmasi 1-ilovaga muvofiq;
“Qorakoʻl” erkin iqtisodiy zonasi direksiyasi” davlat unitar korxonasining ustavi 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
3. Buxoro viloyati hokimligi:
Qurilish vazirligi hamda Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi bilan birgalikda ikki oy muddatda “Qorakoʻl” EIZning bosh rejasini “Qorakoʻl” EIZ direksiyasi” DUKning oʻz mablagʻlari hisobiga ishlab chiqsin va tasdiqlasin;
“Qorakoʻl EIZ direksiyasi” DUK uchun Qorakoʻl tumani hokimligining maʼmuriy binosidan tekin foydalanish huquqi asosida zarur inventarlar bilan jihozlangan xizmat xonalari ajratilishini va “Qorakoʻl EIZ direksiyasi” DUKning oʻz mablagʻlari hisobiga keyinchalik zamonaviy maʼmuriy bino qurilishini taʼminlasin;
“Qorakoʻl EIZ direksiyasi” DUKni malakali mutaxassislar bilan toʻldirishni, shuningdek, xorijiy mamlakatlarning mazkur yoʻnalishdagi ilgʻor tajribasi asosida mutaxassislarning malakasini muntazam ravishda oshirib borishni taʼminlasin.
4. Belgilansinki:
“Qorakoʻl EIZ direksiyasi” DUKning direktori Buxoro viloyati hokimligi hamda Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligining kelishilgan taklifiga koʻra Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimidan ozod etiladi;
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Maxsus iqtisodiy, kichik sanoat, yoshlar sanoat va tadbirkorlik zonalari faoliyati samaradorligini oshirishning qoʻshimcha chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2022-yil 13-iyundagi PF-153-son Farmoni 4-bandiga muvofiq “Qorakoʻl” EIZ hududida yer maydonlarini elektron onlayn-auksion savdolari orqali ijara huquqi asosida ajratishda toʻlovlarni oʻn ikki oy muddatda boʻlib-boʻlib toʻlash orqali amalga oshiriladi.
5. Davlat geologiya va mineral resurslar qoʻmitasi “Oʻzsanoatqurilishmateriallari” uyushmasi, Samarqand va Buxoro viloyati hokimliklari bilan birgalikda oʻrnatilgan tartibda kelishilgan holda xorijiy korxona murojaatiga asosan bir oy muddatda Samarqand viloyati Paxtachi tumanida joylashgan “Oqmozor” hamda Buxoro viloyati Peshku tumanida joylashgan “Tozbuloq” noruda foydali qazilma konlarini qazib olish uchun ruxsatnoma toʻgʻridan-toʻgʻri muzokaralar asosida berilishini taʼminlasin.
6. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining investitsiyalar va tashqi iqtisodiy aloqalar masalalari boʻyicha oʻrinbosari — investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.U. Umurzakov va Buxoro viloyati hokimi B.K. Zaripov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2022-yil 4-iyul,
357-son
Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-iyuldagi 357-son qaroriga
1-ILOVA
1-ILOVA
“Qorakoʻl” erkin iqtisodiy zonasi direksiyasi” davlat unitar korxonasining
TUZILMASI
|
|
|||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||
|
Direktor |
|||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||
|
Direktor oʻrinbosari |
|||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||
|
|
|
||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||
|
Erkin iqtisodiy zona infratuzilmasini rivojlantirish boʻyicha mutaxassis |
Xorijiy va mahalliy investorlarni jalb etish boʻyicha mutaxassis |
Moliya masalalari boʻyicha mutaxassis |
Yuriskonsult |
Buxgalter |
|||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||
Boshqaruv xodimlarining umumiy soni — 7 nafar
Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-iyuldagi 357-son qaroriga
2-ILOVA
2-ILOVA
“Qorakoʻl” erkin iqtisodiy zonasi direksiyasi” davlat unitar korxonasining
USTAVI
1-bob. Umumiy qoidalar
1. “Qorakoʻl” erkin iqtisodiy zonasi direksiyasi” (keyingi oʻrinlarda — Direksiya) operativ boshqaruv uchun oʻziga berilgan davlat mulki negizida davlat unitar korxonasi shaklida tashkil etilgan tijorat tashkiloti hisoblanadi. Direksiya oʻziga biriktirilgan mulkka nisbatan qonunchilik hujjatlarida belgilangan doirada oʻz faoliyati maqsadlariga, mulkdor (yoki uning topshirigʻi binoan masʼul etib tayinlangan davlat organi — muassis) topshiriqlariga muvofiq egalik qilish, undan foydalanish va uni tasarruf etish huquqini amalga oshiradi.
2. Direksiya oʻz faoliyatida Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga va qonunlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Farmonlari, qarorlari va farmoyishlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlariga va farmoyishlariga, ushbu Ustavga hamda boshqa qonunchilik hujjatlariga amal qiladi.
3. Direksiya yuridik shaxs hisoblanadi, alohida mulkka, mustaqil balansga, banklarda hisobvaraqlarga, shu jumladan, valyuta hisobvaraqlariga, emblemaga, shtamplar va blankalarga, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat gerbi tasviri tushirilgan, oʻz nomi davlat tilida yozilgan muhrga va boshqa rekvizitlarga ega boʻladi.
4. Direksiyaning rasmiy nomi:
a) davlat tilida:
toʻliq nomi — “Qorako`l” erkin iqtisodiy zonasi direktsiyasi” davlat unitar korxonasi;
qisqartirilgan nomi — “Qorako`l” EIZ direktsiyasi” DUK;
b) rus tilida:
toʻliq nomi — Gosudarstvennoye unitarnoye predpriyatiye “Direksiya svobodnoy ekonomicheskoy zoni “Korakul”;
qisqartirilgan nomi — GUP “Direksiya SEZ “Korakul”;
v) ingliz tilida:
toʻliq nomi — “Directorate of free economic zone “Korakul” State Unitary Company;
qisqartirilgan nomi — “Directorate of FEZ “Korakul” SUC.
5. Direksiyaning joylashgan joyi (pochta manzili): Buxoro viloyati, Qorakoʻl tumani, Ulugʻbek koʻchasi 35-uy.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Direksiyaning muassisi (keyingi oʻrinlarda — Muassis) hisoblanadi.
7. Direksiya oʻz nomidan qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda mulkiy va shaxsiy nomulkiy huquqlarni olishi va amalga oshirishi, majburiyatlar olishi, sudda daʼvogar va javobgar boʻlishi, nizolarni hal etishda boshqa organlarda vakillik qilishi mumkin.
8. Direksiya Muassisning roziligiga koʻra tijorat tashkilotlarining, shuningdek qonunchilik hujjatlariga muvofiq yuridik shaxslarning qatnashishiga yoʻl qoʻyiladigan notijorat tashkilotlarda ishtirokchi (aksiyador, aʼzo) boʻlishi mumkin.
9. Direksiya boshqa davlat korxonasining muassisi boʻlishi mumkin emas.
2-bob. Direksiya faoliyatining maqsadi va asosiy yoʻnalishlari
10. “Qorakoʻl” erkin iqtisodiy zonasi (keyingi oʻrinlarda — “Qorakoʻl” EIZ) rivojlantirish davlat dasturlarining toʻliq va oʻz vaqtida bajarilishini, shuningdek “Qorakoʻl” EIZ hududida alohida huquqiy rejimga rioya etilishini taʼminlash orqali operativ boshqarish, “Qorakoʻl” EIZ ishtirokchilariga xizmatlar koʻrsatishdan hamda ushbu Ustavda nazarda tutilgan boshqa ishlar (xizmatlarni) bajarishdan (koʻrsatishdan) foyda olish Direksiya faoliyatining asosiy maqsadi hisoblanadi.
11. Quyidagilar Direksiya faoliyatining asosiy yoʻnalishlari hisoblanadi:
“Qorakoʻl” EIZ hududida maxsus huquqiy rejimning amal qilishini taʼminlash;
salohiyatli investorlar va “Qorakoʻl” EIZ ishtirokchilari bilan oʻzaro hamkorlikni taʼminlash, shu jumladan investitsiya buyurtmanomasini koʻrib chiqish va tanlab olish uchun qabul qilish, muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasi tarmoqlariga ulanish uchun zarur ruxsatnomalar berishni “yagona darcha” tamoyili asosida tashkil etish;
“Qorakoʻl” EIZ hududidagi investitsiya loyihalarining amalga oshirilishini monitoring qilish, shuningdek, “Qorakoʻl” EIZ ishtirokchilari tomonidan investitsiya bitimiga kiritilgan majburiyatlarning bajarilishini nazorat qilish;
“Qorakoʻl” EIZni rivojlantirish dasturi amalga oshirilishini taʼminlash;
“Qorakoʻl” EIZ ishtirokchilarini roʻyxatdan oʻtkazish va ularning reyestrini yuritish;
“Qorakoʻl” EIZga investorlarni jalb etish tadbirlarini amalga oshirish;
“Qorakoʻl” EIZ hududiga qiziqish bildirgan investorlarni, erkin iqtisodiy zona ishtirokchilarini axborot bilan taʼminlash, shu jumladan ularning davlat organlari va boshqa tashkilotlar vakillari bilan uchrashuvlarini tashkil etish;
“Qorakoʻl” EIZ hududidagi yer uchastkalarini, shuningdek, binolar va inshootlarni erkin iqtisodiy zona ishtirokchilariga egalik qilishga, foydalanishga va ijaraga berish;
davlat-xususiy sheriklik loyihalarida ishtirok etish;
“Qorakoʻl” EIZ oʻz faoliyatini boshqarish boʻyicha boshqa funksiyalarni ham amalga oshirishga haqlidir.
12. Direksiya qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan faoliyatning boshqa turlarini ham amalga oshirishi mumkin.
3-bob. Direksiya faoliyatini boshqarish
13. Direksiya Muassisga va Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligiga hisobot beradi.
14. Muassis quyidagi huquqlarga ega:
Direksiya faoliyatining maqsadi va yoʻnalishlarini belgilash;
Direksiya Ustaviga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish;
Direksiyaning ortiqcha, foydalanilmayotgan yoki belgilangan maqsadda foydalanilmayotgan mulkini olib qoʻyish va tasarruf etish;
Direksiyaga berilgan mulkdan foydalanishdan olingan sof foydaning bir qismini yoki hammasini olish;
Direksiya mulki bilan amalga oshirilgan bitimlarni haqiqiy emas deb hisoblash va Direksiyaga yetkazilgan zararlarni qoplash toʻgʻrisida sudga daʼvo arizasi bilan murojaat qilish;
Direksiyani qayta tashkil etish yoki tugatish toʻgʻrisida qaror qabul qilish, tugatish komissiyasini tayinlash va oraliq, tugatish balansini tasdiqlash;
mehnatga oid qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda Direksiya rahbari bilan mehnat shartnomasini muddatidan oldin toʻxtatish yoki bekor qilish.
15. “Qorakoʻl” EIZ mustaqil budjeti va “Qorakoʻl” EIZni rivojlantirish jamgʻarmasi mablagʻlaridan maqsadli foydalanilishi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi tomonidan nazorat qilinadi.
16. “Qorakoʻl” EIZ direksiyasiga Buxoro viloyati hokimligi hamda Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligining kelishilgan taklifiga koʻra Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan lavozimga tayinlanadigan va lavozimdan ozod etiladigan Direktor rahbarlik qiladi.
17. Direksiya “Qorakoʻl” EIZ ishtirokchilarining qonunchilik hujjatlariga muvofiq amalga oshiriladigan faoliyatiga aralashishga haqli emas.
18. Direksiya ijro etuvchi organ hisoblanadi.
19. Direktorga quyidagi vazifalar yuklatiladi:
qonunchilik hujjatlari talablarini bajarish, Direksiya xodimlarining mehnat sharoitlarini muhofaza qilish va yaxshilash, atrof-muhitni muhofaza qilish va tabiiy resurslardan oqilona foydalanish sohasidagi qonunchilik hujjatlariga rioya qilinishini taʼminlash tadbirlarini ishlab chiqadi va joriy etadi;
“Qorakoʻl” EIZni rivojlantirish dasturlarining amalga oshirilishini tashkil qiladi;
Direksiyaning asosiy faoliyatini takomillashtirishga, boshqarishning zamonaviy usullarini joriy etishga doir chora-tadbirlarni amalga oshiradi;
Direksiya nomidan ishonchnomasiz harakat qiladi, barcha tashkilotlarda, shu jumladan, xorijiy tashkilotlarda uning manfaatlarini ifoda etadi;
xodimlarni ishga qabul qiladi, ular bilan mehnat shartnomalarini (kontraktlarni) tuzadi, oʻzgartiradi va ularning amal qilishini toʻxtatadi;
qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda ishonchnomalar beradi;
kadrlarni tayyorlash, ularning malakasini oshirish chora-tadbirlarini amalga oshiradi;
Direksiyaning barcha xodimlari uchun majburiy boʻlgan buyruqlar chiqaradi va koʻrsatmalar beradi;
Direksiyaning ichki ish tartibini va xoʻjalik faoliyatini tartibga soluvchi hujjatlarni tasdiqlaydi;
Direksiya tomonidan qonunchilik hujjatlariga rioya qilinishini tashkil etish va nazorat qilishni taʼminlaydi;
Muassisga Direksiya faoliyati toʻgʻrisida belgilangan tartibda hisobot beradi;
Direksiyaga yuklangan maqsadlar va vazifalarni bajarish uchun zarur boʻlgan boshqa funksiyalarni amalga oshiradi.
20. Direktor:
oʻz huquqlarini amalga oshirishda va vazifalarni bajarishda Direksiya manfaatlarini koʻzlagan holda harakat qilishi lozim hamda budjetga va budjetdan tashqari jamgʻarmalarga toʻlovlar, ish haqining oʻz vaqtida toʻlanishi, mehnatga oid huquqiy munosabatlardan kelib chiquvchi barcha talablarning taʼminlanishi va ularga tenglashtirilgan toʻlovlarning toʻlanishini, ishlab chiqarish faoliyati bilan bevosita bogʻliq ehtiyojlarga mablagʻlar oʻtkazilmaganligi, Direksiyaning xatti-harakatlari (harakatsizligi) uchun, shu jumladan Direksiyaga berilgan davlat mol-mulki yoʻqolgan taqdirda, yetkazilgan zarar yuzasidan qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javob beradi;
“Qorakoʻl” EIZning Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi tomonidan tasdiqlanadigan mustaqil budjet mablagʻlarining tasarruf etuvchisi hisoblanadi;
Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligiga “Qorakoʻl” EIZning mustaqil budjeti ijrosi toʻgʻrisidagi hisobotni kelishish uchun belgilangan tartibda taqdim etadi.
21. Direktor oʻz zimmasiga yuklangan vazifalarning bajarilishi, shuningdek, Direksiyaga berilgan davlat mulkining saqlanishi va undan maqsadli foydalanilishi yuzasidan qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javob beradi.
4-bob. Direksiyaning ustav fondi
22. Direksiyaning ustav fondi “Qorakoʻl” EIZ faoliyatini operativ boshqarish uchun Muassis tomonidan oʻziga berilgan mablagʻlar, mol-mulk va boshqa aktivlar yigʻindisidan iborat boʻladi.
23. Direksiya ustav fondining miqdori 300,0 mln soʻmni tashkil qiladi.
5-bob. Direksiyaning ustav fondini koʻpaytirish va kamaytirish tartibi
24. Direksiyaning ustav fondi qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda Muassis qaroriga binoan koʻpaytiriladi yoki kamaytiriladi.
6-bob. Direksiya mulkini tasarruf etish
25. Muassis tomonidan Direksiyaga operativ boshqaruv huquqi bilan berilgan asosiy fondlar va aylanma mablagʻlar Direksiya mol-mulkini tashkil qiladi.
26. Direksiyaning asosiy fondlari va aylanma mablagʻlari boʻlinmaydi va ulushlar (hissalar, paylar) boʻyicha taqsimlanishi mumkin emas.
27. Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi Direksiyaga berilgan davlat mulkidan belgilangan maqsadda foydalanilishini va uning saqlanishini, shuningdek, oʻzgaga berilishini Muassis nomidan nazorat qiladi.
28. Direktor Muassis bilan kelishgan holda, Direksiya mulkini quyidagicha tasarruf etishi mumkin:
asosiy vositalarni sotish, ijaraga yoki garovga berish;
mol-mulkni boshqa xoʻjalik jamiyatlarining ustav fondiga ulush sifatida kiritish;
boshqa xoʻjalik jamiyatlarining aksiyalarini (ulushlarini) sotib olish va sotish;
mol-mulkni qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda boshqacha tarzda tasarruf etish.
7-bob. Direksiya budjetini shakllantirish
29. Quyidagilar Direksiya faoliyatini moliyalashtirish manbalari hisoblanadi:
davlat mulki boʻlgan va “Qorakoʻl” EIZ hududida joylashgan binolar va inshootlarni ijaraga berishdan olingan daromadlarning bir qismi;
xizmatlar koʻrsatishdan olingan daromadlar;
“Qorakoʻl” EIZ ishtirokchilarining ajratmalari va “Qorakoʻl” EIZ ishtirokchilari sifatida roʻyxatdan oʻtish uchun toʻlovlar;
qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa mablagʻlar.
8-bob. Zaxira fondini va boshqa fondlarni shakllantirish tartibi
30. Direksiya oʻz tasarrufida qoladigan sof foyda hisobiga zaxira fondini, shuningdek boshqa fondlarni tashkil etishi mumkin, ularning miqdori va shakllantirish tartibi Muassis tomonidan tasdiqlanadi.
9-bob. Daromadni (foydani) taqsimlash va zararlarni qoplash tartibi
31. Direksiyaning sof foydasi Direksiya tasarrufida qoladi va undan Muassis qaroriga binoan foydalaniladi.
32. Muassis oʻz qarori bilan boshqa yuridik va jismoniy shaxslarga homiylik xayriyasi sifatida yoʻnaltiriladigan mablagʻlarning cheklangan summasini, ularni tasarruf etish huquqini Direktorga bergan holda belgilaydi.
33. Direksiyaning xoʻjalik faoliyati natijasida koʻrilgan zararlari ushbu maqsadlar uchun tashkil etilgan zaxira fondi mablagʻlari hisobidan qoplanishi mumkin.
10-bob. Hisobotlarni taqdim etish tartibi
34. Direksiya hisobot davri tugagach vakolatli organlarga moliya hisobotini va roʻyxati qonunchilik hujjatlarida belgilangan boshqa hujjatlarni taqdim etadi hamda hujjatlarning saqlanishi va davlat tomonidan saqlashga berilishi yuzasidan belgilangan tartibda javob beradi.
35. Direksiyaning xoʻjalik subyekti sifatidagi faoliyati Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi tomonidan qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda nazorat qilinadi.
36. Direktor har chorakda Direksiya faoliyati natijalari va tasdiqlangan rivojlantirish dasturlarining amalga oshirilishi toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga hisobot beradi.
11-bob. Direksiyaning javobgarligi
37. Direksiya oʻz majburiyatlari boʻyicha oʻziga tegishli mulk bilan javob beradi. Muassis Direksiyaning mulki yetarli boʻlmagan taqdirda, uning majburiyatlari boʻyicha subsidiar javobgarlikni amalga oshiradi.
38. Direksiya Muassis majburiyatlari boʻyicha javob bermaydi.
12-bob. Direksiyani tugatish va qayta tashkil etish
39. Direksiya Muassisning qaroriga koʻra, qonunchilik hujjatlarida nazarda tutilgan tartibda yoki sud qaroriga binoan tugatilishi yoxud qayta tashkil etilishi mumkin.
40. Direksiyani tugatish Direksiya faoliyatining huquq va majburiyatlari huquqiy vorislik tartibida boshqa shaxslarga oʻtmagan holda toʻxtatilishiga sabab boʻladi.
Direksiya qayta tashkil etilgan taqdirda, uning huquq va majburiyatlari huquqiy vorisga oʻtadi.
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.07.2022-y., 09/22/357/0597-son)