Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi apparatining Mahalla va nuroniylarni qoʻllab-quvvatlash masalalari boʻlimi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida
Mazkur qaror Oʻzbekistan Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 8-apreldagi 147-sonli “Yangi Oʻzbekiston maʼmuriy islohotlarini amalga oshirish doirasida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining yangilangan ijro etuvchi tuzilmasi tasdiqlanganligi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish, shuningdek baʼzilarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oila va xotin-qizlar bilan ishlash, mahalla va nuroniylarni qoʻllab-quvvatlash tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2022-yil 1-martdagi PF-81-son Farmoni, “Mahalla va nuroniylarni qoʻllab-quvvatlash vazirligi faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisida” 2022-yil 1-martdagi PQ-147-son, “Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining ijro etuvchi tuzilmasini takomillashtirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2022-yil 6-apreldagi PQ-195-son qarorlari hamda Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi apparatining tarkibiy boʻlinmalari tuzilmasini tasdiqlash toʻgʻrisida” 2022-yil 22-fevraldagi 85-son qaroriga muvofiq Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi apparatining Mahalla va nuroniylarni qoʻllab-quvvatlash masalalari boʻlimi toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi apparatining Mahalla va nuroniylarni qoʻllab-quvvatlash masalalari boʻlimi mudiri bir hafta muddatda boʻlim mudiri va bosh mutaxassislarining funksional vazifalari taqsimoti tasdiqlanishini taʼminlasin.
3. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Vazirlar Mahkamasi apparatining Mahalla va nuroniylarni qoʻllab-quvvatlash masalalari boʻlimiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2022-yil 5-may,
235-son
Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 5-maydagi 235-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi apparatining Mahalla va nuroniylarni qoʻllab-quvvatlash masalalari boʻlimi toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining ijro etuvchi tuzilmasini takomillashtirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2022-yil 6-apreldagi PQ-195-son qarori hamda Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi apparatining tarkibiy boʻlinmalari tuzilmasini tasdiqlash toʻgʻrisida” 2022-yil 22-fevraldagi 85-son qaroriga muvofiq Vazirlar Mahkamasi apparatining Mahalla va nuroniylarni qoʻllab-quvvatlash masalalari boʻlimining (keyingi oʻrinlarda — Boʻlim) asosiy vazifalari, funksiyalari, huquqlari va masʼuliyatini, shuningdek, uning faoliyatini tashkil etish tartibini belgilaydi.
2. Boʻlim faoliyati Oʻzbekiston Respublikasi Mahalla va nuroniylarni qoʻllab-quvvatlash vazirligi faoliyati boʻyicha Vazirlar Mahkamasini, uning Rayosatini, shuningdek, Vazirlar Mahkamasi apparatini axborot-tahliliy taʼminlashga yoʻnaltirilgan.
3. Boʻlim oʻz faoliyatida Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining (keyingi oʻrinlarda — Vazirlar Mahkamasi) qarorlari va farmoyishlariga, shuningdek, ushbu Nizomga amal qiladi.
4. Boʻlim oʻz faoliyatini Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri rahbarligida amalga oshiradi, bir vaqtning oʻzida uning faoliyati Vazirlar Mahkamasi apparati boshqaruvchisi tomonidan muvofiqlashtirib boriladi.
5. Boʻlim oʻz faoliyatini Vazirlar Mahkamasi apparatining tarkibiy boʻlinmalari, davlat boshqaruvi organlari, xoʻjalik birlashmalari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, boshqa organlar va tashkilotlar bilan oʻzaro hamkorlikda amalga oshiradi.
2-bob. Boʻlim faoliyatining asosiy yoʻnalishlari, vazifalari va funksiyalari
6. Quyidagilar Boʻlim faoliyatining asosiy yoʻnalishlari hisoblanadi:
“Xalq davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqimizga xizmat qilishi kerak” degan asosiy prinsipni oʻz vaqtida, aniq va toʻliq hajmda amalga oshirish;
biriktirilgan tashkilotlar tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi qonunlari, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining hujjatlari, parlament, deputatlar va Senat aʼzosi soʻrovlari, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qarorlari va topshiriqlari bajarilishini monitoring qilib borish, shuningdek, joylardagi ishlarning real holatini doimiy oʻrganish, iqtisodiyot hamda ijtimoiy sohadagi muammolarni har tomonlama tahlil qilish va shu asnoda strategik hamda ustuvor vazifalarni amalga oshirishga doir kompleks takliflar ishlab chiqish;
2022 — 2026-yillarga moʻljallangan Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasi vazifalari, oʻrta muddatli va uzoq istiqbolda rivojlantirishning tasdiqlangan tarmoq va hududiy dasturlari oʻz vaqtida va samarali amalga oshirilishini taʼminlash;
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Qonunchilik hujjatlari ijrosini samarali tashkil etishda davlat boshqaruvi organlari va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari rahbarlarining shaxsiy javobgarligini kuchaytirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2021-yil 10-fevraldagi PF-6166-son Farmoni hamda “Ijro.gov.uz” ijro intizomi idoralararo yagona elektron tizimi samarali faoliyat koʻrsatishini taʼminlashga qaratilgan qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2021-yil 31-maydagi PQ-5132-son qaroriga muvofiq, biriktirilgan vazirlik va idoralarda qonunchilik hujjatlari ijrosini samarali tashkil etish va monitoring qilishning taʼsirchan tizimini yaratish, tasdiqlangan tarmoq va hududiy rivojlanish dasturlarida belgilangan maqsadlarga erishishni soʻzsiz taʼminlash;
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Vazirliklar, davlat qoʻmitalari, davlat boshqaruvining boshqa organlari va xoʻjalik birlashmalari rahbarlari oʻrinbosarlarining faoliyati samaradorligini baholash tizimini joriy etish toʻgʻrisida” 2021-yil 22-iyuldagi PQ-5189-son qarori hamda Vazirlar Mahkamasining “Vazirliklar, davlat qoʻmitalari, davlat boshqaruvining boshqa organlari va xoʻjalik birlashmalari rahbarlari oʻrinbosarlarining faoliyati samaradorligini hamda maqsadli vazifalarga erishishlarini baholashning asosiy mezonlarini tasdiqlash toʻgʻrisida” 2021-yil 28-iyuldagi 467-son qarorlariga muvofiq belgilangan vazifalarning amalga oshirilishini tashkil etish;
biriktirilgan sohada davlat siyosatining samarali va sifatli amalga oshirilishi, shu jumladan, moliyaviy resurslarni boshqarish masalalarida vazirliklar va idoralarning mustaqilligini idoraviy mansub tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish hamda nazorat qilishning aniq tizimini joriy etish orqali kuchaytirish;
biriktirilgan tashkilotlar va ularning rahbarlari faoliyatini aniq koʻrsatkichlar hamda maqsadli indikatorlarga erishish, yaqin, oʻrta va uzoq muddatli istiqbolda iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy sohani, shu jumladan, mahalla va nuroniylarni qoʻllab-quvvatlash strategik rivojlantirish dasturlarini amalga oshirish sifati va samaradorligiga asoslangan yangi baholash tizimi joriy etilishini muvofiqlashtirish;
Hukumat aʼzolari, barcha darajalardagi vazirliklar va idoralar rahbarlari zimmasiga yuklangan vazifalar hamda funksiyalarning samarali va natijali bajarilishi uchun ularning shaxsiy roli hamda masʼuliyatini oshirish;
keyinchalik Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalariga taqdim etish uchun tegishli yilga moʻljallangan davlat dasturining amalga oshirilishi toʻgʻrisida hisobotlar tayyorlash;
Hukumat, davlat boshqaruvi organlari, xoʻjalik birlashmalarining asosiy xalqaro reytinglar hamda indekslarda Oʻzbekiston Respublikasining pozitsiyalarini yaxshilash boʻyicha ish samaradorligini oshirish sohasida kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish;
joylarda “xalq bilan muloqot”, “mahallabay” tizimi asosida ishlarni tashkil etish va shaxsiy uchrashuvlar amaliyotini takomillashtirish, mahalla va nuroniylarni qoʻllab-quvvatlash sohasini yanada rivojlantirish chora-tadbirlarini ishlab chiqish hamda amalga oshirish;
ijro etuvchi hokimiyat organlarining faoliyatini yuzaga keladigan muammolar sabablari va sharoitlarini bartaraf etish, ishni tashkil qilishning zamonaviy uslublarini joriy qilish boʻyicha kompleks chora-tadbirlarni ishlab chiqish hamda amalga oshirishga qayta yoʻnaltirish maqsadida ayrim davlat funksiyalarini xususiy subyektlarga berish orqali ortiqcha maʼmuriy tartibga solishni kamaytirish;
joylardagi ishlarning real holatini doimiy oʻrganish, iqtisodiyot hamda ijtimoiy sohadagi muammolarni har tomonlama tahlil qilish va shu asosda strategik hamda ustuvor vazifalarni amalga oshirishga doir kompleks takliflar ishlab chiqish;
zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish orqali, shu jumladan ilgʻor xalqaro tajribani oʻrganish asosida, zarur boʻlganda, ushbu maqsadlarga xorijiy konsultantlarni jalb etgan holda normativ-huquqiy hujjatlarning loyihalarini ishlab chiqish, kelishish, ekspertizadan oʻtkazish va koʻrib chiqish tizimini takomillashtirish;
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasining tegishli boʻlinmalari, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va Senatining qoʻmitalari bilan oʻzaro yaqin hamkorlikni taʼminlash;
mutasaddilik qilinadigan sohalar va tarmoqlarda iqtisodiy hamda ijtimoiy islohotlar amalga oshirilishining samaradorligi doimiy va tizimli asosda har tomonlama va tanqidiy tahlil qilinishini taʼminlash, aniqlangan muammolarni oʻz vaqtida bartaraf etish va kompleks vazifalarni amalga oshirish boʻyicha asosli takliflar tayyorlash;
davlat boshqaruvini nomarkazlashtirish, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining moliyaviy imkoniyatlari, roli va javobgarligini kengaytirish, markaziy va oʻrta boʻgʻin boshqaruv xodimlari sonini optimallashtirish orqali boshqaruvning vertikal tizimi mexanizmlarini va ijro etuvchi hokimiyat organlarining oʻzaro hamkorligini takomillashtirish;
Boʻlimda, shuningdek, unga biriktirilgan vazirliklar, idoralar hamda xoʻjalik birlashmalarida kadrlarni tanlash tizimini takomillashtirish, xodimlar malakasini oshirish va kadrlarning amaliy zaxirasini tayyorlashning samarali shakl va usullarini joriy etish;
Boʻlimda, shuningdek, biriktirilgan vazirliklar va idoralarda ijro intizomi darajasini oshirish, zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish asosida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti va Hukumatning hujjatlari, bayonnomalari va topshiriqlari, shuningdek, “yoʻl xaritalari”ning bajarilishini tizimli nazorat qilishni takomillashtirish;
davlat boshqaruvi tizimiga jumladan, strategik rejalashtirish va prognozlashtirishning zamonaviy shakllari, usullari va prinsiplarini joriy qilish;
Hukumatning muayyan sohalar va yoʻnalishlarda islohotlarning amalga oshirilishini oʻrganish maqsadida hududlarda mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, hududiy davlat boshqaruvi organlari rahbarlari, jamoat tashkilotlari vakillari ishtirokida mavzuga oid sayyor (ochiq) majlislarini tizimli asosda oʻtkazish uchun tegishli tahliliy materiallar tayyorlash.
7. Quyidagilar Boʻlimning asosiy vazifalari hisoblanadi:
a) mahalla va nuroniylarni qoʻllab-quvvatlash yoʻnalishida:
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri tomonidan muayyan sohalar va yoʻnalishlarda islohotlarning amalga oshirilishini oʻrganish maqsadida hududlarda mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, hududiy davlat boshqaruvi organlari rahbarlari, jamoat tashkilotlari vakillari ishtirokida Hukumatning mavzuga oid sayyor (ochiq) majlislarini tizimli asosda oʻtkazish uchun tegishli tahliliy materiallar tayyorlash;
mahalla va nuroniylar sohasidagi islohotlarning amalga oshirilishini tizimli hamda kompleks oʻrganishni tashkil etish;
mahalla va nuroniylar sohasida Oʻzbekiston Respublikasi qonunlari, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari, farmoyishlari, bayonnomalari va topshiriqlari, “yoʻl xaritalari”, Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlarining bajarilishini tashkil etish hamda nazorat qilish;
mahalla va nuroniylar masalalari boʻyicha davlat boshqaruvi organlari, xoʻjalik birlashmalari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari faoliyatini muvofiqlashtirish;
sohaga oid kompleks dasturlar amalga oshirilishining tizimli monitoringini olib borish, tahlil qilish hamda samaradorligini baholash;
sohadagi qonunchilik hujjatlarini yanada takomillashtirishga doir takliflar tayyorlash;
Boʻlim vakolatiga kiradigan masalalarni koʻrib chiqishda Mahalla va nuroniylarni qoʻllab-quvvatlash vazirligi bilan tashkiliy-amaliy tadbirlarni hamda oʻzaro hamkorlikni muvofiqlashtirish;
mahalla va nuroniylar masalalari boʻyicha taqdim etilgan takliflar hamda hujjatlar loyihalarini tahlil qilish, ular yuzasidan zarur tahliliy materiallar va ekspert xulosalar tayyorlash, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasining Reglamenti va Vazirlar Mahkamasining Reglamentiga muvofiq zarur kelishuvlarni taʼminlash;
b) fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari faoliyatini mustahkamlash yoʻnalishida:
fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlarining jamiyatdagi rolini kuchaytirish, ularni joylarda xalqning chinakam maslakdoshi hamda koʻmakdoshiga aylantirish boʻyicha tizimli ishlarni tashkil etish;
har bir mahallada “Obod va xavfsiz mahalla” tamoyiliga asoslangan yangi tizimni joriy etish boʻyicha olib borilayotgan ishlarni muvofiqlashtirish;
fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari ish faoliyati samaradorligini sifat jihatidan yangilash, ularni qoʻllab-quvvatlash va rivojlantirish choralarini tashkil qilish;
fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari idoralari binolarini namunaviy loyihalar va ularga qoʻyilgan talablar asosida qurish (rekonstruksiya qilish, taʼmirlash) hamda Internet jahon axborot tarmogʻi bilan jihozlanishini taʼminlash ishlarini muvofiqlashtirish;
v) keksalarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, ularning turmush darajasi va ijtimoiy faolligini yanada oshirish yoʻnalishida:
keksalarning hayot darajasini oshirish sohasida davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishlarini amalga oshirish, ularning mamlakat ijtimoiy-siyosiy hayotidagi ishtirokini va davlat organlari faoliyati boʻyicha jamoatchilik nazoratini amalga oshirishda ishtirokini taʼminlash;
mahallalarda “Bir nuroniy oʻn yoshga masʼul” tamoyilini qaror toptirishda tashabbuskorlik koʻrsatayotgan ijtimoiy faol nuroniylarni moddiy va maʼnaviy qoʻllab-quvvatlash;
vazirlik va idoralar, xoʻjalik birlashmalari va boshqa tashkilotlardagi “Faxriylar kengashlari”, fuqarolar yigʻinlaridagi “Keksalar maslahati” guruhlarining faoliyatini muvofiqlashtirish;
mehnat faxriylarining mahallalarda tinchlik va osoyishtalikni taʼminlash, ijtimoiy-maʼnaviy muhitni sogʻlomlashtirishdagi ishtirokini kengaytirish;
“Hech kim mehr va eʼtibordan chetda qolmasin” shiori ostida ijtimoiy himoyaga muhtoj boʻlgan keksalar va nuroniylar holidan doimiy xabar olish tizimini tashkil qilish hamda ijtimoiy himoya dasturlari doirasida davlat xizmatlari koʻrsatilishini taʼminlash;
keksalar va faxriylarning ijtimoiy faolligini oshirish maqsadida “Nuroniylar maskani” majmualarida va mahallalarda turli madaniy-maʼrifiy tadbirlar oʻtkazish;
fuqarolar yigʻinlari raislarining keksalar va faxriylar ishlari boʻyicha maslahatchilari va mahallalardagi boshqa jamoatchilik tuzilmalarining samarali faoliyat koʻrsatishini taʼminlash;
g) mahalla va nuroniylarni qoʻllab-quvvatlash tizimida ijro intizomini taʼminlash yoʻnalishida:
qonunchilik hujjatlari va topshiriqlar boʻyicha amalga oshirish grafiklari (nazorat rejalari)ni ishlab chiqish, ularning bajarilishini nazorat qilish hamda oʻz muddatida va sifatli bajarilishini taʼminlash;
biriktirilgan vazirlik va idoralarda 1, 2, 3-kartotekalar yuritilishini hamda nazorat bandlari tuzilma rahbari hamda uning birinchi oʻrinbosari huzurida muhokama etilishini, shuningdek, belgilangan tartibda maʼlumotlar bazalari yuritilishining doimiy nazoratini olib borish;
biriktirilgan vazirlik va idoralarda ijro intizomi holati tizimli oʻrganilishini tashkil etish va natijalari boʻyicha tahliliy materiallar tayyorlash va rahbariyatga taqdim etish;
ijro intizomi holati toʻgʻrisidagi masala vazirlik va idoralarning barcha hayʼat majlislarida tanqidiy koʻrib chiqilishini alohida nazoratga olish va ularda qatnashish;
vazirlik va idoralarni isloh qilish boʻyicha ustuvor vazifalar amalga oshirilishini tahlil qilib borish hamda Vazirlar Mahkamasi Rayosati majlisida muhokama qilinishini tashkil etish;
topshiriqlar ijrosini Vazirlar Mahkamasi apparatida hamda biriktirilgan vazirlik va idoralarda tashkil etish va nazorat qilish;
topshiriqlar ijrosini tahlil qilib borish hamda muddati kechiktirilayotgan hujjatlar boʻyicha Vazirlar Mahkamasi apparatining boshqaruvchisiga axborot kiritib borish;
biriktirilgan vazirlik va idoralarda ijro intizomi holatini maqsadli va kompleks oʻrganish;
biriktirilgan vazirlik va idoralarda nazorat va ijro intizomiga masʼul boʻlgan tarkibiy boʻlinma rahbariga nomzodlarni tanlash boʻyicha olib borilayotgan ishlarni muvofiqlashtirish;
d) “yoʻl xaritalari”ni ishlab chiqish va amalga oshirish yoʻnalishida:
mutasaddilik qilinayotgan vazirlik va tashkilotlar rahbarlari bilan birgalikda “yoʻl xaritalari”ga kiritish uchun xorijiy mamlakatlar bilan hamkorlikni chuqurlashtirish yuzasidan, shuningdek, tegishli tarmoqlarda va respublika hududlaridagi muammoli masalalar boʻyicha takliflar tayyorlash;
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining xorijiy mamlakatlarga tashrifi va respublika hududlariga safarlari natijalari boʻyicha Boʻlim vakolatiga kiruvchi masalalar yuzasidan tasdiqlangan “yoʻl xaritalari” bajarilishining tizimli nazoratini taʼminlash;
“yoʻl xaritalari” amalga oshirilishi toʻgʻrisida vazirliklar, idoralar, xoʻjalik birlashmalari va tijorat banklari rahbarlarining hisobotlari, batafsil axborotlari va materiallari taqdim etilishini taʼminlash hamda muhokama qilish uchun Vazirlar Mahkamasi majlisiga kiritish;
muayyan holatlar boʻyicha tegishli choralar koʻrish uchun ommaviy axborot vositalarida va boshqa manbalarda, shu jumladan, joylarga borgan holda jamoatchilik fikrini oʻrganish.
8. Boʻlim oʻziga yuklangan vazifalarni bajarish uchun quyidagi funksiyalarni amalga oshiradi:
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri tomonidan muayyan sohalar va yoʻnalishlarda islohotlarning amalga oshirilishini oʻrganish maqsadida hududlarda mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, hududiy davlat boshqaruvi organlari rahbarlari, jamoat tashkilotlari vakillari ishtirokida Hukumatning mavzuga oid sayyor (ochiq) majlislarini oʻtkazish uchun tegishli tahliliy materiallar tayyorlaydi;
Vazirlar Mahkamasi Rayosati majlislarida va Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri huzurida koʻrib chiqish uchun rejalashtirilgan tegishli masalalarni tayyorlaydi hamda kiritadi;
mamlakatni iqtisodiy va ijtimoiy rivojlantirishning oʻta muhim va ustuvor yoʻnalishlari boʻyicha yaqin, oʻrta va uzoq muddatli istiqbolga moʻljallangan konsepsiyalar, dasturlar hamda “yoʻl xaritalari” loyihalarining tayyorlanishi va Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchilari, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzurida himoya qilinishini taʼminlaydi;
tegishli davlat organlarining rahbarlari va ularning birinchi oʻrinbosarlariga yuklangan vazifa hamda funksiyalar samarali va natijali bajarilishi uchun ularning shaxsiy roli va masʼuliyatini oshirish choralarini koʻradi;
tegishli yilga moʻljallangan davlat dasturining amalga oshirilishi toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalariga hisobot berishi uchun Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziriga har choraklik tahliliy hisobotlar tayyorlaydi;
tegishli tarmoqlar va biriktirilgan masalalar boʻyicha tizimlashtirilgan elektron maʼlumotlar bazalari yaratilishi va yuritilishini, ularning muntazam yangilanishi hamda toʻldirib borilishini taʼminlaydi;
muayyan holatlar boʻyicha tegishli choralar koʻrish uchun ommaviy axborot vositalari va boshqa manbalarda, shu jumladan, joylarga chiqqan holda jamoatchilik fikrini oʻrganishni taʼminlaydi;
Oʻzbekiston Respublikasi qonunlari, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining hujjatlari, parlament, deputatlar va Senat aʼzosi soʻrovlari, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qarorlari va topshiriqlari samarali bajarilishini tashkil etadi, shuningdek, ularning ijrosini nazorat qiladi;
oʻzi yuritadigan sohaga doir masalalar toʻgʻrisidagi axborotni umumlashtiradi va tahliliy qayta ishlaydi, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti, Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri, uning oʻrinbosarlari va maslahatchilari hamda Vazirlar Mahkamasi apparati boshqaruvchisiga axborot berish uchun tegishli maʼlumotnoma, tahliliy materiallar hamda takliflar tayyorlaydi;
hududlardagi ishlar holatini, shu jumladan, joyiga chiqqan holda oʻrganadi, Boʻlim vakolatiga kiradigan masalalar boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi qonunlari, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlari, Vazirlar Mahkamasining qarorlari ijrosini oʻrganadi hamda Vazirlar Mahkamasi rahbariyatiga hisobot berish uchun tegishli tahliliy materiallar va takliflar tayyorlaydi;
Oʻzbekiston Respublikasi qonunlari, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari, farmoyishlari va topshiriqlari, Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlari, Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri, uning oʻrinbosarlari va maslahatchilari, Vazirlar Mahkamasi apparati boshqaruvchisining topshiriqlari bajarilishini nazorat qiladi;
Vazirlar Mahkamasida koʻrib chiqish uchun tahliliy, maʼlumotnoma va boshqa materiallar, Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri, uning oʻrinbosarlari va maslahatchilarining topshiriqlari loyihalarini tayyorlaydi;
Oʻzbekiston Respublikasi qonunlari, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlari, Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlari hamda boshqa hujjatlarning Vazirlar Mahkamasiga kiritilgan loyihalarini ekspertizadan oʻtkazadi, qayta ishlaydi, ularga zarur tahliliy hamda maʼlumotnoma materiallarining sifatli tayyorlanishini taʼminlaydi;
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti, Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri, uning oʻrinbosarlari va maslahatchilari oʻtkazadigan yigʻilishlar uchun materiallar tayyorlashda hamda ularda qabul qilinadigan qarorlarni rasmiylashtirishda ishtirok etadi;
materiallar, Oʻzbekiston Respublikasi qonunlari, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlari, Vazirlar Mahkamasining qarorlari hamda farmoyishlari loyihalarining kompleks ravishda sifatli ishlab chiqilishi hamda tayyorlanishini, shuningdek, ularni manfaatdor davlat boshqaruvi organlari, xoʻjalik birlashmalari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, boshqa organlar va tashkilotlar, Vazirlar Mahkamasi apparatining tarkibiy boʻlinmalari bilan kelishishni taʼminlaydi;
qonun loyihalarining ishlab chiqilishi va Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga belgilangan tartibda taqdim etilishini, Boʻlim vakolatiga kiradigan masalalar boʻyicha ularni himoya qilishni tashkil etadi;
Boʻlimga yuklangan vazifalarga muvofiq biriktirilgan vazirliklar, idoralar va boshqa tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtiradi;
Boʻlim vakolatiga kiradigan masalalar boʻyicha xalqaro shartnomalar loyihalarini tayyorlashda ishtirok etadi;
vazirliklar va idoralar biriktirilgan sohada davlat siyosatini samarali va sifatli amalga oshirishi uchun Vazirlar Mahkamasining ayrim funksiya va vazifalarini ularga berish boʻyicha takliflar kiritadi;
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri rahbarlik qiladigan tegishli idoralararo kollegial organlar ishining samarali tashkil etilishini taʼminlaydi, ular qabul qilgan qarorlar bajarilishini muvofiqlashtiradi hamda nazorat qiladi;
jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini koʻrib chiqadi, ularda qoʻyilgan masalalarni hal etishga oid takliflar tayyorlaydi, ushbu murojaatlarni tegishli davlat boshqaruvi organlari, xoʻjalik birlashmalari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari hamda boshqa tashkilotlarga koʻrib chiqish va choralar koʻrish uchun yuboradi, ularning oʻz vaqtida koʻrib chiqilishini nazorat qiladi, jismoniy shaxslar va yuridik shaxslar vakillarini qabul qiladi.
Boʻlim oʻziga yuklangan boshqa vazifalarni ham belgilangan tartibda amalga oshiradi.
3-bob. Boʻlimning huquqlari va javobgarligi
9. Boʻlim oʻziga yuklangan vazifalar va funksiyalarni bajarish uchun quyidagi huquqlarga ega:
Vazirlar Mahkamasida koʻrib chiqiladigan masalalarni tahlil qilish va tayyorlash uchun zarur boʻlgan materiallar va maʼlumotlarni Vazirlar Mahkamasi apparatining boshqa tarkibiy boʻlinmalaridan, davlat boshqaruvi organlari, xoʻjalik birlashmalari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlaridan, boshqa organlar va tashkilotlardan belgilangan tartibda soʻrash va olish;
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri tomonidan Boʻlim faoliyati sohalaridagi islohotlarning amalga oshirilishini oʻrganish maqsadida hududlarda mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, hududiy davlat boshqaruvi organlari rahbarlari, jamoat tashkilotlari vakillari ishtirokida Hukumatning mavzuga oid sayyor (ochiq) majlislariga tayyorgarlik koʻrish hamda ularni tizimli asosda oʻtkazishda ishtirok etish;
davlat boshqaruvi organlari, xoʻjalik birlashmalari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, boshqa organlar va tashkilotlar rahbarlari hamda vakillari ishtirokida yigʻilishlar oʻtkazish;
davlat organlari, ilmiy-tadqiqot markazlari va institutlari vakillari, mahalliy va xorijiy ekspertlarni jalb etgan holda axborot-tahliliy tadqiqotlar oʻtkazish uchun ekspert guruhlarini tashkil etish;
biriktirilgan vazirlikning kollegial organlari majlislarida, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri, Bosh vazir oʻrinbosarlari va maslahatchilarining topshirigʻiga binoan — davlat boshqa organlari, nodavlat notijorat va boshqa tashkilotlarning Boʻlim yuritadigan sohaga kiruvchi masalalar boʻyicha oʻtkaziladigan majlislari va yigʻilishlarida ishtirok etish;
zarur hollarda, Vazirlar Mahkamasida koʻrib chiqiladigan masalalarni ishlab chiqish uchun davlat boshqaruvi organlari, xoʻjalik birlashmalari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, ilmiy muassasalar va boshqa tashkilotlarning rahbarlari va mutaxassislarini belgilangan tartibda jalb etish, tegishli masalalar boʻyicha vaqtincha ishchi guruhlar tashkil etish;
zarur boʻlganda, “Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni, Vazirlar Mahkamasining Reglamenti va boshqa normativ-huquqiy hujjatlar talablari buzilgan holda keladigan hujjatlarni qaytarish.
Boʻlimning zarur materiallar, maʼlumotlarni taqdim etish, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi qonunlari, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlari, Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlari, boshqa hujjatlar loyihalarini puxta ishlab chiqish boʻyicha talablari, agar Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti, Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri, uning oʻrinbosarlari va maslahatchilari, Vazirlar Mahkamasi apparati boshqaruvchisining topshiriqlarida bajarishning boshqa muddatlari belgilanmagan boʻlsa, Boʻlim belgilagan muddatlarda bajarilishi lozim.
10. Boʻlim:
oʻziga yuklangan vazifalarning tegishli ravishda hamda samarali bajarilishi;
Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi, “Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni va Boʻlim vakolatiga taalluqli masalalar boʻyicha boshqa qonunchilik hujjatlari bilan Vazirlar Mahkamasiga yuklangan vazifalar va funksiyalarning samarali bajarilishi;
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Qonunchilik hujjatlari ijrosini samarali tashkil etishda davlat boshqaruvi organlari va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari rahbarlarining shaxsiy javobgarligini kuchaytirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2021-yil 10-fevraldagi PF-6166-son Farmoni va “Ijro.gov.uz” ijro intizomi idoralararo yagona elektron tizimi samarali faoliyat koʻrsatishini taʼminlashga qaratilgan qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2021-yil 31-maydagi PQ-5132-son qaroriga muvofiq qonunlar, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining hujjatlari va topshiriqlari, Vazirlar Mahkamasi qarorlarining sifatli hamda oʻz vaqtida bajarilishi;
Boʻlimdagi ishlarning holati, tegishli davlat boshqaruvi organlari, xoʻjalik birlashmalari, boshqa tashkilotlar faoliyatining zarur darajada muvofiqlashtirilishi va nazorat qilinishi, Boʻlim vakolatiga kiradigan masalalar boʻyicha Vazirlar Mahkamasiga kiritilgan takliflar va hujjatlar loyihalarining har tomonlama koʻrib chiqilishi;
oliy darajadagi xorijiy tashriflar, shuningdek, respublika hududlariga safarlar natijalari boʻyicha Boʻlim vakolatiga kiradigan masalalar yuzasidan tasdiqlangan “yoʻl xaritalari”ning zarur darajada va samarali bajarilishi;
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi Reglamenti va Vazirlar Mahkamasi Reglamentiga muvofiq taqdim etiladigan Oʻzbekiston Respublikasi qonunlari, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlari, Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlari loyihalarining davlat manfaatlarini, iqtisodiy samaradorlikni taʼminlash hamda ulardagi masalalarni barcha manfaatdor tuzilmalar bilan bogʻlash nuqtai nazaridan puxta ekspertizadan oʻtkazilishini taʼminlash;
Oʻzbekiston Respublikasi qonunlari, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlari, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari, farmoyishlari, bayonnomalari va topshiriqlari, “yoʻl xaritalari”, Vazirlar Mahkamasining qarorlari, Vazirlar Mahkamasi rahbariyati topshiriqlarining biriktirilgan vazirlik va idoralar, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, boshqa organlar hamda tashkilotlar tomonidan oʻz vaqtida va sifatli bajarilishi yuzasidan nazorat taʼminlanishi;
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Qonunchilik hujjatlari ijrosini samarali tashkil etishda davlat boshqaruvi organlari va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari rahbarlarining shaxsiy javobgarligini kuchaytirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2021-yil 10-fevraldagi PF-6166-son Farmoni, “Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining hujjatlari va topshiriqlari samarali va natijali ijro etilishi, shuningdek ijro intizomi mustahkamlanishi uchun Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Davlat maslahatchilarining, Vazirlar Mahkamasi va uning komplekslari, davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari hamda barcha darajalardagi hokimliklar rahbarlarining shaxsiy javobgarligi toʻgʻrisida” 2017-yil 11-apreldagi PQ-2881-son, “Ijro.gov.uz” ijro intizomi idoralararo yagona elektron tizimi samarali faoliyat koʻrsatishini taʼminlashga qaratilgan qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2021-yil 31-maydagi PQ-5132-son, “Vazirliklar, davlat qoʻmitalari, davlat boshqaruvining boshqa organlari va xoʻjalik birlashmalari rahbarlari oʻrinbosarlarining faoliyati samaradorligini baholash tizimini joriy etish toʻgʻrisida” 2021-yil 22-iyuldagi PQ-5189-son qarorlariga, shuningdek Vazirlar Mahkamasining “Vazirliklar, davlat qoʻmitalari, davlat boshqaruvining boshqa organlari va xoʻjalik birlashmalari rahbarlari oʻrinbosarlarining faoliyati samaradorligini hamda maqsadli vazifalarga erishishlarini baholashning asosiy mezonlarini tasdiqlash toʻgʻrisida” 2021-yil 28-iyuldagi 467-son va “Ijro intizomini mustahkamlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 1999-yil 12-yanvardagi 12-son qarorlariga muvofiq ijro intizomiga soʻzsiz rioya etilishi uchun javob beradi.
4-bob. Boʻlimning tuzilmasi
11. Boʻlim tuzilmasiga:
Boʻlim mudiri (Mahalla va nuroniylarni qoʻllab-quvvatlash masalalari);
Keksalar va faxriylar bilan ishlash masalalari boʻyicha bosh mutaxassis;
Xavfsiz mahalla faoliyatini tashkil etish, axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish hamda fuqarolar yigʻinlari moddiy-texnik bazasini mustahkamlash masalalari boʻyicha bosh mutaxassis;
inspektor kiradi.
Boʻlim tuzilmasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi.
12. Boʻlim ishlariga Boʻlim mudiri rahbarlik qiladi.
13. Boʻlim mudiri va bosh mutaxassislari belgilangan tartibda lavozimga tayinlanadi va lavozimdan ozod qilinadi.
5-bob. Boʻlim faoliyatini tashkil etish
14. Boʻlim ishlari “Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Reglamentiga, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi apparati toʻgʻrisidagi Nizomga, ushbu Nizomga, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi apparatida ish yuritish boʻyicha Yoʻriqnomaga, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasining, Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri, uning oʻrinbosarlari va maslahatchilarining topshiriqlariga, Vazirlar Mahkamasi apparati boshqaruvchisining buyruqlari va topshiriqlariga muvofiq, shuningdek, Vazirlar Mahkamasining ish rejalari, Boʻlimning ish rejalari, Boʻlim mudiri va mutaxassislarining shaxsiy ish rejalari asosida tashkil etiladi.
Boʻlim ish rejasi Vazirlar Mahkamasi Rayosati tomonidan tasdiqlanadigan Vazirlar Mahkamasining ish rejasi asosida shakllantiriladi.
Boʻlimning ish rejasi Vazirlar Mahkamasi Rayosati tomonidan tasdiqlanadi.
Boʻlim mudirining shaxsiy ish rejasi Boʻlim mudiri tomonidan tasdiqlanadi.
Boʻlim bosh mutaxassislarining shaxsiy ish rejalari Boʻlim mudiri tomonidan tasdiqlanadi.
Oʻzbekiston Respublikasi qonunlari, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari, farmoyishlari, Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlari biriktirilgan vazirliklar, idoralar va boshqa tashkilotlarda amalga oshirilishining tizimli monitoringini olib borish boʻyicha Boʻlimning faoliyati Vazirlar Mahkamasining ish rejasiga muvofiq kompleks oʻrganishlar asosida, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vazirining, Vazirlar Mahkamasi apparati boshqaruvchisining topshiriqlariga binoan Vazirlar Mahkamasi, Vazirlar Mahkamasi Rayosati, Boʻlim majlislarida hisobotlarni eshitish hamda tegishli maʼlumotlar bankini yuritish orqali tashkil etiladi.
15. Boʻlim mudiri:
Boʻlimga bevosita rahbarlik qiladi, bosh mutaxassislar va inspektorning ishlarini tashkil qiladi hamda muvofiqlashtiradi, Boʻlimga yuklangan vazifalar va funksiyalarning bajarilishi uchun shaxsan javob beradi;
Boʻlim yuritadigan sohaga kiradigan masalalar boʻyicha Vazirlar Mahkamasiga kiritilgan takliflarni va hujjatlar loyihalarini koʻrib chiqishda davlat manfaatlariga qatʼi rioya qilinishini taʼminlaydi, ularning ekspert jihatidan puxta ishlab chiqilishini tashkil qiladi va tayyorlangan hujjatlar loyihalariga viza qoʻyadi. Tegishli hujjatlar qabul qilingandan keyin ularning bajarilishi yuzasidan tizimli nazoratni taʼminlaydi;
biriktirilgan vazirliklar, idoralar va boshqa tashkilotlarda moliyaviy, moddiy-texnik, axborot bilan va huquqiy taʼminlash boʻyicha tadbirlarning holati va natijadorligi toʻgʻrisida tizimli monitoring tashkil etilishini hamda maʼlumotlar banki shakllantirilishini, shuningdek, muammoli masalalarni hal etish, Boʻlim vakolatiga kiradigan masalalarga doir istiqbolli vazifalarning amalga oshirilishi boʻyicha amaliy chora-tadbirlar ishlab chiqilishi va bajarilishini taʼminlaydi;
Boʻlimning tasdiqlangan tuzilmasi va shtatlar jadvaliga muvofiq lavozimga tavsiya etilayotgan nomzodlar, bosh mutaxassislarning kasbiy darajasi va ish malakasini oshirish, ularni ragʻbatlantirish va jazolash choralari boʻyicha takliflarni puxta ishlab chiqadi hamda Vazirlar Mahkamasi apparati boshqaruvchisiga koʻrib chiqish uchun kiritadi;
vazifalarning bosh mutaxassislar oʻrtasida taqsimlanishini, shuningdek, Boʻlimning yarim yillik ish rejasi loyihasini ishlab chiqadi va Vazirlar Mahkamasi apparati boshqaruvchisiga tasdiqlash uchun kiritadi, Boʻlim bosh mutaxassislarining ish rejalarini tasdiqlaydi;
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kelgan va Hukumat qarori talab qilinmaydigan hujjatlarni tegishli davlat boshqaruvi organlari, xoʻjalik birlashmalari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlariga koʻrib chiqish uchun yuboradi;
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi va uning Rayosati majlislarida, Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri, uning oʻrinbosarlari va maslahatchilari oʻtkazadigan yigʻilishlarda, idoralararo kollegial organlar majlislarida, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi apparati boshqaruvchisi tomonidan Boʻlim yuritadigan sohaga kiruvchi masalalar boʻyicha oʻtkaziladigan yigʻilishlarda qatnashadi;
Boʻlim kadrlari zaxirasining shakllantirilishi va yangilanishini, kadrlar zaxirasiga kiritilgan shaxslar bilan tizimli ishlash tashkil etilishini taʼminlaydi;
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi apparatida amalda boʻlgan Yoʻriqnomaga muvofiq ishlar yuritilishini taʼminlaydi;
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Qonunchilik hujjatlari ijrosini samarali tashkil etishda davlat boshqaruvi organlari va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari rahbarlarining shaxsiy javobgarligini kuchaytirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2021-yil 10-fevraldagi PF-6166-son Farmoni, “Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining hujjatlari va topshiriqlari samarali va natijali ijro etilishi, shuningdek ijro intizomi mustahkamlanishi uchun Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Davlat maslahatchilarining, Vazirlar Mahkamasi va uning komplekslari, davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari hamda barcha darajalardagi hokimliklar rahbarlarining shaxsiy javobgarligi toʻgʻrisida” 2017-yil 11-apreldagi PQ-2881-son, “Ijro.gov.uz” ijro intizomi idoralararo yagona elektron tizimi samarali faoliyat koʻrsatishini taʼminlashga qaratilgan qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2021-yil 31-maydagi PQ-5132-son, “Vazirliklar, davlat qoʻmitalari, davlat boshqaruvining boshqa organlari va xoʻjalik birlashmalari rahbarlari oʻrinbosarlarining faoliyati samaradorligini baholash tizimini joriy etish toʻgʻrisida” 2021-yil 22-iyuldagi PQ-5189-son qarorlariga, shuningdek Vazirlar Mahkamasining “Vazirliklar, davlat qoʻmitalari, davlat boshqaruvining boshqa organlari va xoʻjalik birlashmalari rahbarlari oʻrinbosarlarining faoliyati samaradorligini hamda maqsadli vazifalarga erishishlarini baholashning asosiy mezonlarini tasdiqlash toʻgʻrisida” 2021-yil 28-iyuldagi 467-son va “Ijro intizomini mustahkamlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 1999-yil 12-yanvardagi 12-son qarorlariga muvofiq ijro intizomiga soʻzsiz rioya etilishi uchun shaxsan javob beradi;
jismoniy shaxslarni va yuridik shaxslarning vakillarini qabul qiladi, shuningdek, Boʻlim vakolatiga kiruvchi masalalar boʻyicha ularning murojaatlarini koʻrib chiqadi;
chiquvchi xat-xabarlarni imzolaydi.
16. Boʻlim mudiri vaqtincha boʻlmaganda, uning vazifasini Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri bilan kelishgan holda bosh mutaxassislardan biri bajaradi.
17. Boʻlim bosh mutaxassisi:
oʻz funksional vazifalariga muvofiq takliflarning va normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarining sifati, ishonchliligi va oʻz vaqtida tayyorlanishi, topshiriqlar va qabul qilingan hujjatlarning bajarilishi yuzasidan nazorat taʼminlanishi uchun shaxsan javob beradi;
tegishli davlat boshqaruvi organlari, xoʻjalik birlashmalari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, boshqa organlar va tashkilotlar tomonidan taqdim etilgan takliflarni va hujjatlar loyihalarini har tomonlama tahlil qiladi, ular yuzasidan zarur tahliliy materiallar va ekspert xulosalarini tayyorlaydi, shuningdek, ular boʻyicha Vazirlar Mahkamasi Reglamentiga muvofiq zarur kelishuvlarni taʼminlaydi;
materiallar va hujjatlarning loyihalari toʻgʻrisida Boʻlim mudiriga, shuningdek, belgilangan tartibda Vazirlar Mahkamasi apparati boshqaruvchisiga axborot beradi;
qabul qilingan hujjatlar boʻyicha amalga oshirish jadvali yoki tashkiliy chora-tadbirlarni ishlab chiqadi va belgilangan tartibda tasdiqlash uchun kiritadi, Oʻzbekiston Respublikasi qonunlari, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlari, Vazirlar Mahkamasi qarorlari va farmoyishlarining, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti, Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri, uning oʻrinbosarlari va maslahatchilarining Boʻlim bosh mutaxassislarining javobgarlik sohasiga kiradigan masalalar boʻyicha topshiriqlari davlat boshqaruvi organlari, xoʻjalik birlashmalari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari tomonidan bajarilishi yuzasidan tizimli nazoratni amalga oshiradi;
“Ijro.gov.uz” tizimiga biriktirilgan Boʻlim mutasaddiligidagi vazirlik va idoralar — masʼul ijrochilar tomonidan kiritilib, Adliya vazirligi tomonidan tekshirilgan qonunchilik hujjatlari va topshiriqlar ijrosi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar toʻliqligi va haqqoniyligini hamda ularning ijro muddatini uzaytirish boʻyicha takliflar asoslantirilganligini koʻrib chiqadi;
ijro natijalari qoniqarli, ijro muddatini uzaytirish toʻgʻrisidagi taklif asoslantirilgan boʻlganda — “Ijro.gov.uz” tizimida tasdiqlaydi;
ijro natijalari qoniqarsiz boʻlganda, ijro muddatini uzaytirish toʻgʻrisidagi taklif asoslantirilmagan boʻlganda — ularni qayta ishlashga joʻnatadi;
biriktirilgan vazirlik va idoralarda ijro intizomiga rioya etilishi holatini har haftaning bir ish kuni davomida oʻrganadi, bunda quyidagi masalalarga alohida eʼtibor qaratadi:
topshiriqlarning ijroga qaratilishiga — qonunchilik hujjatlari va topshiriqlar roʻyxatdan oʻtkazilishi va rahbarga axborot berilishi, ular boʻyicha aniq ijrochilar, muddatlar va bajarish mexanizmi koʻrsatilgan topshiriqlar tayyorlanishi va ijrochilarga yetkazilishiga;
qonunchilik hujjatlari va topshiriqlar boʻyicha amalga oshirish grafiklari (nazorat rejalari) tayyorlanishi, tasdiqlanishi va ijroga qaratilishiga;
barcha xodimlar tomonidan ish rejalari ishlab chiqilishi, ushbu rejalarda ijro intizomi masalasi boʻyicha alohida boʻlim kiritilishi, maʼlumotlar bazasi yuritilishi hamda “Ijro.gov.uz” tizimida ish yuritilishiga;
topshiriqlarning ijro holati rahbarning birinchi oʻrinbosari huzurida har hafta juma kuni, rahbar huzurida haftaning dushanba kuni muhokama qilib borilishi, topshiriqlarni toʻliq bajarmagan, kechiktirib bajargan yoki umuman ijrosini taʼminlanmagan rahbar va xodimlarga nisbatan intizomiy javobgarlik masalalari koʻrib chiqilishiga;
qonunchilik hujjatlari va topshiriqlar ijrosi tahlil qilinishi, oʻrganish hamda ijro natijalari boʻyicha Adliya vazirligiga axborot taqdim etilishiga;
tegishli funksional masalalar va hujjatlar boʻyicha tizimlashtirilgan maʼlumotlar bazasining shakllantirilishi va yuritilishini, uning muntazam yangilanishi va toʻldirilishini tashkil etadi;
tegishli tarkibiy boʻlinmalar ishlarining holati va natijadorligini doimiy asosda oʻrganadi, shuningdek, biriktirilgan vazirliklar, idoralar va boshqa tashkilotlarning kollegial organlari majlislarida ishtirok etadi, ularning faoliyati samaradorligini oshirishga doir takliflar kiritadi;
sohani rivojlantirish boʻyicha istiqbolli vazifalarni samarali hal etish yuzasidan biriktirilgan vazirliklar va idoralarning muvofiqlashtirilgan ishini taʼminlaydi;
biriktirilgan tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilishning aniq tizimini joriy etish orqali biriktirilgan sohada davlat siyosatini samarali va sifatli amalga oshirishda vazirliklar va idoralar mustaqilligini kuchaytirishda ishtirok etadi;
idoraviy mansub tashkilotlar va ularning rahbarlari faoliyatini baholashning aniq koʻrsatkichlar hamda maqsadli indikatorlarga erishishga asoslangan tizimini ishlab chiqish hamda joriy etishda, iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy sohani strategik rivojlantirish boʻyicha yaqin, oʻrta va uzoq muddatli istiqbolga moʻljallangan dasturlar sifatli hamda samarali amalga oshirilishini taʼminlashda ishtirok etadi;
oʻziga biriktirilgan masalalar boʻyicha oʻtkaziladigan Vazirlar Mahkamasi va uning Rayosati majlislarida, Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri, uning oʻrinbosarlari va maslahatchilari oʻtkazadigan yigʻilishlarda, idoralararo kollegial organlar majlislarida, Vazirlar Mahkamasi apparati boshqaruvchisi oʻtkazadigan yigʻilishlarda belgilangan tartibda qatnashadi;
Vazirlar Mahkamasi va uning Rayosati majlislarida, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti, Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri, uning oʻrinbosarlari va maslahatchilari oʻtkazadigan yigʻilishlarda koʻrib chiqishga materiallar tayyorlash, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi qonunlari, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlari, Vazirlar Mahkamasining qarorlari hamda farmoyishlari loyihalarini tayyorlash maqsadida ularni muhokama qilish uchun davlat boshqaruvi organlari, xoʻjalik birlashmalari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari hamda boshqa tashkilotlar vakillari, olimlar va mutaxassislar ishtirokida yigʻilishlar oʻtkazadi;
jismoniy shaxslarni va yuridik shaxslarning vakillarini qabul qiladi, shuningdek, oʻzining vakolatiga kiruvchi masalalar boʻyicha ularning murojaatlarini koʻrib chiqadi;
vazifalar taqsimotiga muvofiq boshqa funksiyalarni amalga oshiradi.
18. Inspektor Boʻlimda ish yuritilishini taʼminlaydi, hujjatlarning oʻtishini nazorat qiladi, ishlarning tayyorlanishini va arxivda saqlash uchun oʻz vaqtida berilishini taʼminlaydi, oʻziga yuklangan boshqa funksiyalarni bajaradi.
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 06.05.2022-y., 09/22/235/0388-son)