O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi faoliyatini tartibga soluvchi ayrim normativ-huquqiy hujjatlarni tasdiqlash to‘g‘risida
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi faoliyatini yanada takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” 2021-yil 16-iyuldagi PQ-5186-son qarori ijrosini ta’minlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi faoliyatini yanada takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” 2021-yil 16-iyuldagi PQ-5186-son qaroriga muvofiq:
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida (keyingi o‘rinlarda — Markaz) yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lmagan O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazini rivojlantirish jamg‘armasi (keyingi o‘rinlarda — Jamg‘arma) tashkil etilganligi, uning mablag‘larini shakllantirishning asosiy manbalari va sarflanadigan yo‘nalishlari belgilanganligi;
Markaz muzeyi ekspozitsiyalari va kutubxonasi fondini shakllantirish, aholidan xarid qilinadigan qo‘lyozma, toshbosma, bosma asarlar, tarixiy hujjatlar va arxiv hujjatlari, eksponatlarni tahlil qilish, saralash, ularning noyobligini aniqlash va baholash bo‘yicha ekspertlik komissiyasi tuzilganligi hamda uning tarkibi tasdiqlanganligi ma’lumot uchun qabul qilinsin.
2. Quyidagilarni nazarda tutuvchi:
a) O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazini rivojlantirish jamg‘armasi to‘g‘risidagi nizom 1-ilovaga muvofiq:
Jamg‘arma mablag‘larini shakllantirishning asosiy manbalari:
xorijiy (xalqaro) moliya institutlari va boshqa xorijiy donorlarning texnik ko‘mak mablag‘lari va grantlari;
homiylik xayriyalari;
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti yoki Hukumat qarorlariga muvofiq ajratiladigan davlat budjeti mablag‘lari;
qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar;
Jamg‘arma mablag‘lari sarflanadigan yo‘nalishlar:
ilmiy adabiyotlarni yaratish, chop etish, noyob asarlar va hujjatlarni xarid qilish orqali Markaz kitob fondini kengaytirish;
ilmiy tadqiqotlarga ko‘maklashish, tadqiqot ishlarini qo‘llab-quvvatlash uchun grantlar ajratish;
ijtimoiy, ilmiy, ma’naviy va ma’rifiy tadbirlarni tashkil etish, kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish dasturlarini amalga oshirish, shuningdek, konferensiyalar, seminarlar va boshqa tadbirlarni, shu jumladan, xorijiy mamlakatlarda tashkil qilish;
Markaz faoliyati uchun zarur bo‘lgan multimedia va tarmoq qurilmalari hamda dasturiy ta’minotlarni xarid qilish, Markaz faoliyatiga zamonaviy axborot texnologiyalarini joriy etish;
Jamg‘armani boshqarish tartibi (Markaz direktori Jamg‘arma mablag‘larining tasarruf etuvchisi hisoblanishi, Jamg‘arma mablag‘laridan maqsadli va samarali foydalanishni nazorat qilish, Jamg‘arma hisobotlarini ko‘rib chiqish va tasdiqlash uchun Jamg‘arma kengashi faoliyatini tashkil etish tartibi);
Jamg‘armaning hisobot berishi tartibi (Jamg‘armaning yillik hisobotlari uning Kengashi tomonidan ko‘rib chiqilganidan so‘ng har yili O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining faoliyatini qo‘llab-quvvatlash va muvofiqlashtirish bo‘yicha vasiylik kengashi tomonidan tasdiqlanishi);
b) O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi muzeyi ekspozitsiyalari va kutubxonasi fondini shakllantirish, aholidan xarid qilinadigan qo‘lyozma, toshbosma, bosma asarlar, tarixiy hujjatlar, eksponatlarni tahlil qilish, saralash, ularning noyobligini aniqlash va baholash bo‘yicha ekspertlik komissiyasi to‘g‘risidagi nizom 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin:
Ekspertlik komissiyasini sohaning taniqli, tajribali olimlari va mutaxassislaridan iborat tarkibda tuzish va tasdiqlash;
Ekspertlik komissiyasiga Markaz direktorining ilmiy-tadqiqot ishlari bo‘yicha o‘rinbosari tomonidan rahbarlik qilinishi;
Ekspertlik komissiyasining jamoatchilik asosida faoliyat yuritishi;
Ekspertlik komissiyasi bilan bog‘liq barcha masalalarning ushbu Komissiya a’zolarining bir yilda ikki marta o‘tkaziladigan yig‘ilishlarida ko‘rib chiqilishi (navbatdan tashqari yig‘ilishlar bundan mustasno);
Ekspertlik komissiyasi tomonidan aholidan xarid qilinadigan noyob yozma manbalar va eksponatlarni tahlil qilish, saralash, baholash va xarid qilish tartibi;
noyob yozma manbalar va eksponatlarni xarid qilishni moliyalashtirish manbalari (Markazga har yili maqsadli ajratiladigan Davlat budjeti mablag‘lari; Jamg‘arma mablag‘lari; homiylik xayriyalari, xalqaro tashkilotlarning grantlari; Islom xalqaro hamkorlik tashkilotiga a’zo davlatlardan tushgan ixtiyoriy badallar; qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar).
3. Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita Markaz, Madaniyat vazirligi, Turizm va sport vazirligi, “O‘zarxiv” agentligi, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, Badiiy akademiya, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi bilan birgalikda ikki oy muddatda milliy va xorijiy tajriba asosida qo‘lyozma, toshbosma, bosma asarlar, tarixiy hujjatlar hamda arxiv hujjatlari va eksponatlarni baholash mezonlarini ishlab chiqib, belgilangan tartibda tasdiqlasin.
4. O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga 3-ilovaga muvofiq 2022-yil 1-yanvardan e’tiboran o‘zgartirishlar va qo‘shimcha kiritilsin.
5. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Vazirlar Mahkamasining Yoshlar, jamoat tashkilotlari, mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash masalalari kotibiyatiga hamda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi direktori Sh.Sh. Minovarov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2021-yil 16-dekabr,
756-son
Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 16-dekabrdagi 756-son qaroriga
1-ILOVA
1-ILOVA
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazini rivojlantirish jamg‘armasi to‘g‘risida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazini rivojlantirish jamg‘armasi (keyingi o‘rinlarda — Jamg‘arma) mablag‘larini shakllantirish va ulardan foydalanish tartibini belgilaydi.
2. Jamg‘arma yuridik shaxs hisoblanmaydi va uning mablag‘lari O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligining G‘aznachiligida ochilgan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining (keyingi o‘rinlarda — Markaz) budjetdan tashqari shaxsiy g‘azna hisobvarag‘ida jamlanadi.
2-bob. Jamg‘arma mablag‘larini shakllantirish
3. Quyidagilar Jamg‘arma mablag‘larini shakllantirishning asosiy manbalari hisoblanadi:
xorijiy (xalqaro) moliya institutlari va boshqa xorijiy donorlarning texnik ko‘mak mablag‘lari va grantlari;
homiylik xayriyalari;
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti yoki Hukumat qarorlariga muvofiq ajratiladigan davlat budjeti mablag‘lari;
qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar.
3-bob. Jamg‘arma mablag‘laridan foydalanish
4. Quyidagilar Jamg‘arma mablag‘lari sarflanadigan yo‘nalishlar hisoblanadi:
ilmiy adabiyotlarni yaratish, chop etish, noyob asarlar va hujjatlarni xarid qilish orqali Markaz kitob fondini kengaytirish;
ilmiy tadqiqotlarga ko‘maklashish, tadqiqot ishlarini qo‘llab-quvvatlash uchun grantlar ajratish;
ijtimoiy, ilmiy, ma’naviy va ma’rifiy tadbirlarni tashkil etish;
kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish dasturlarini amalga oshirish, shuningdek, konferensiyalar, seminarlar va boshqa tadbirlarni, shu jumladan, xorijiy mamlakatlarda tashkil qilish;
Markaz faoliyati uchun zarur bo‘lgan multimedia va tarmoq qurilmalari hamda dasturiy ta’minotlarni xarid qilish, Markaz faoliyatiga zamonaviy axborot texnologiyalarini joriy etish.
5. Jamg‘arma mablag‘lari Markazning quyidagi xarajatlariga yo‘naltirilishi mumkin:
Markazning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, shu jumladan zamonaviy axborot kommunikatsiya texnologiyalari, ilmiy laboratoriya uskunalari, mebel va inventarlar bilan jihozlash, transport vositalarini va boshqa tovar-moddiy qimmatliklarini xarid qilish;
ilmiy tadqiqotlar asosida qomuslar, katalog va albomlar, media mahsulotlar, ilmiy-ommabop to‘plamlar, teleko‘rsatuv, film va boshqa materiallar tayyorlash, qo‘lyozmalar, toshbosmalar va kitoblarni sotib olish, tarjima qilish va chop etish;
islom tarixi va madaniyati bilan bog‘liq merosni qayta tiklash, jumladan, qadimiy qo‘lyozma va toshbosma asarlarni ta’mirlash, qog‘oz, kitobat, muqovasozlik, xattotlik san’atini tiklash va islom manbalarini o‘rganish ishlarini tashkil etish;
mahalliy va xorijiy ekspert va konsultantlarni jalb etish;
noyob asarlar va eksponatlarni tahlil qilish, saralash, baholash va xarid qilish bo‘yicha ekspertlik komissiyasi faoliyatini tashkil etish, ushbu jarayonga jalb etilgan olim va mutaxassislarning ekspertlik ishlarini rag‘batlantirish;
Markazning Samarqand qog‘ozi, muqovasozlik va xattotlikning qadimiy an’analarini tiklash bo‘yicha ustaxona-laboratoriyasi faoliyatiga jalb qilingan mutaxassislarning gonorari (ish haqi)ni to‘lash;
Oldingi tahrirga qarang.
Markazning Kitobat ilmi maktabi faoliyatini moliyalashtirish, shu jumladan, jalb qilingan mutaxassislarning gonorari (ish haqi)ni to‘lash.
(5-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 2-sentabrdagi 438-sonli qaroriga asosan sakkizinchi xatboshi bilan to‘ldirilgan)
6. Jamg‘arma mablag‘larini sarflash Markaz direktori tomonidan tasdiqlangan hamda belgilangan tartibda ro‘yxatdan o‘tkazilgan daromadlar va xarajatlar smetasiga muvofiq tegishli g‘azna hisobvaraqlari orqali amalga oshiriladi.
7. Jamg‘armaning daromadlar va xarajatlar smetasiga yil davomida Markaz tomonidan belgilangan tartibda o‘zgartirishlar kiritilishi mumkin.
4-bob. Jamg‘armani boshqarish
8. Markaz direktori Jamg‘arma mablag‘larining tasarruf etuvchisi hisoblanadi.
9. Jamg‘arma faoliyatida va uning mablag‘larini taqsimlash jarayonida shaffoflikni ta’minlash maqsadida Jamg‘arma kengashi (keyingi o‘rinlarda — Kengash) tashkil etiladi.
Kengash a’zolari o‘z faoliyatini jamoatchilik asosida amalga oshiradi.
Kengash ishtirok etishning ixtiyoriyligi va Kengash vakolatiga tegishli masalalarni hal etishda uning barcha a’zolarining teng huquqliligi tamoyillari asosida shakllantiriladi.
Kengash, qoida tariqasida, Kengash raisi, uning o‘rinbosari, kotib va a’zolardan iborat tarkibda shakllantiriladi.
Kengash Markazning 7 — 9 nafar mas’ul xodimlaridan iborat tarkibda shakllantiriladi. Kengashning shaxsiy tarkibi, qoida tariqasida, bir yilda bir marta Markaz direktori tomonidan tasdiqlanadi.
Markaz direktori lavozimiga ko‘ra Kengash raisi hisoblanadi.
10. Quyidagilar Kengash a’zolarining vazifalari hisoblanadi:
Kengash majlislarida ko‘rib chiqiladigan masalalarni muhokama qilish va hal etishda ishtirok etish;
Markazni rivojlantirishning dolzarb masalalarini moliyalashtirish bo‘yicha Kengashga takliflar kiritish;
Kengash tomonidan ko‘rib chiqiladigan masalalar bo‘yicha ovoz berish.
Kengash a’zolari majlisda shaxsan qatnashadilar. Bunday qatnashishning imkoni bo‘lmagan taqdirda, Kengash a’zosi majlisning kun tartibi bo‘yicha o‘z fikrini yozma ravishda taqdim etishga haqlidir.
11. Kengash raisi:
Kengash majlisi kun tartibini belgilaydi va uni chaqiradi;
Kengash qarorlarini tasdiqlaydi va ularning bajarilishini nazorat qiladi;
Kengash a’zolariga yuklangan vazifalar bajarilishi yuzasidan ularning ishini muvofiqlashtiradi;
Kengashning samarali ishlashini ta’minlash uchun boshqa vakolatlarni amalga oshiradi.
12. Kengash kotibi:
Kengash majlisiga barcha zarur hujjatlarning o‘z vaqtida tayyorlanishini ta’minlaydi;
majlisni o‘tkazish muddatlari va joyini Kengash raisi bilan kelishadi;
kun tartibi masalalari bo‘yicha Kengash majlislari o‘tkazilishini tashkil etadi;
Kengash a’zolari va taklif etilgan shaxslarni majlisning sanasi, vaqti, joyi va kun tartibi loyihasidan xabardor qiladi;
Kengash qarorlari bajarilishi monitoringini yuritadi;
Kengash bayonnomalarini rasmiylashtiradi va tasdiqlangan bayonnomalarni Kengash a’zolariga va boshqa manfaatdor tashkilotlarga yuboradi.
Kengash kotibi Kengash a’zosi hisoblanadi.
13. Kengash o‘z majlislarini zaruratga ko‘ra, biroq har chorakda kamida bir marta o‘tkazadi.
14. Kengash majlisini Kengash raisi, u bo‘lmagan taqdirda, Kengash raisi o‘rinbosari boshqaradi.
15. Kengash majlisi unda Kengash a’zolarining kamida uchdan ikki qismi qatnashganda o‘tkazilgan hisoblanadi.
16. Majlisni o‘tkazish uchun kvorum yoki rais va uning o‘rinbosari bo‘lmaganda, Kengash majlisini o‘tkazishning yangi sanasi e’lon qilinadi.
Oldingi tahrirga qarang.
17. Kengash majlisida ko‘rib chiqiladigan masalalarning xususiyatiga ko‘ra O‘zbekiston Respublikasi Din ishlari bo‘yicha qo‘mitasi, O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi, O‘zbekiston musulmonlari idorasi, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi va boshqa tashkilotlarning rahbarlari, mutaxassislari va boshqa xodimlari taklif etilishi mumkin.
(17-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 5-sentabrdagi 565-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 06.09.2025-y., 09/25/565/0807-son)
18. Kengash qarori uning majlisda qatnashgan a’zolarining oddiy ko‘pchilik ovozi bilan qabul qilinadi. Ovozlar teng bo‘lib qolgan taqdirda, Kengash raisining ovozi hal qiluvchi ovoz hisoblanadi.
Kengash qarorlari Kengash majlisining bayonnomasi bilan rasmiylashtiriladi. Kengash majlisining bayonnomasi Kengash raisi tomonidan tasdiqlanadi va Markaz direktorining buyrug‘i asosida amalga oshiriladi.
19. Kengash:
hisobot yili yakuni bo‘yicha Jamg‘arma mablag‘larining daromadlari va xarajatlari to‘g‘risidagi hisobotlarni ko‘rib chiqadi va tasdiqlaydi;
Jamg‘arma mablag‘laridan maqsadli va samarali foydalanilishini nazorat qiladi.
20. Markazning Moliya-hisob bo‘limi Jamg‘armaning ishchi organi hisoblanadi.
21. Ishchi organ:
Jamg‘armaning daromadlari va xarajatlarining yillik moliyaviy rejasini ishlab chiqadi;
daromadlar va xarajatlar smetalarini tayyorlaydi, shuningdek, ularga qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda o‘zgartirishlar kiritadi;
Jamg‘arma tushumlarini ko‘paytirish va uning mablag‘laridan samarali foydalanish bo‘yicha takliflar tayyorlaydi;
Jamg‘armaning tushumlar manbalari bo‘yicha daromadlari hamda asosiy xarajatlar yo‘nalishlari bo‘yicha hisobini yuritadi;
har chorak yakuni bo‘yicha Jamg‘arma mablag‘laridan foydalanilishi to‘g‘risida hisobot tayyorlaydi hamda Kengashga ko‘rib chiqish va tasdiqlash uchun taqdim etadi.
5-bob. Jamg‘arma mablag‘larini shakllantirish va foydalanishni hisobga olish va hisobot berish
22. Jamg‘armaning mablag‘larini shakllantirish va foydalanishni hisobga olish va hisobot berish ishchi organ tomonidan amalga oshiriladi.
23. Jamg‘armaning daromadlar va xarajatlar smetasining ijrosi to‘g‘risidagi yillik hisobot Kengash tomonidan ko‘rib chiqiladi hamda har yili yanvar oyida O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining faoliyatini qo‘llab-quvvatlash va muvofiqlashtirish bo‘yicha vasiylik kengashi tomonidan tasdiqlanadi.
24. Jamg‘arma mablag‘laridan oqilona va maqsadli foydalanilishi yuzasidan davlat moliyaviy nazorati qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
6-bob. Yakunlovchi qoidalar
25. Ushbu Nizomni qo‘llashda yuzaga keladigan nizolar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda hal etiladi.
26. Mazkur Nizom talablarining buzilishida aybdor bo‘lgan shaxslar qonunchilikka muvofiq javob beradilar.
Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 16-dekabrdagi 756-son qaroriga
2-ILOVA
2-ILOVA
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi muzeyi ekspozitsiyalari va kutubxonasi fondini shakllantirish, aholidan xarid qilinadigan qo‘lyozma, toshbosma, bosma asarlar, tarixiy hujjatlar, eksponatlarni tahlil qilish, saralash, ularning noyobligini aniqlash va baholash bo‘yicha ekspertlik komissiyasi to‘g‘risida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Nizom O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi muzeyi ekspozitsiyalari va kutubxonasi fondini shakllantirish, aholidan xarid qilinadigan qo‘lyozma, toshbosma, bosma asarlar, tarixiy hujjatlar, eksponatlarni tahlil qilish, saralash, ularning noyobligini aniqlash va baholash bo‘yicha ekspertlik komissiyasining (keyingi o‘rinlarda — Ekspertlik komissiyasi) maqomi, asosiy vazifalari, huquq va majburiyatlari, shuningdek, faoliyatini tashkil etish tartibini belgilaydi.
2. Ekspertlik komissiyasi jamoatchilik asosida faoliyat ko‘rsatadi.
3. Ekspertlik komissiyasi o‘z faoliyatini O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlariga, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlariga, Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlariga, shuningdek, ushbu Nizomga va boshqa qonunchilik hujjatlariga muvofiq amalga oshiradi.
4. Ekspertlik komissiyasi o‘z faoliyatini oshkoralik va shaffoflik tamoyillariga asoslangan holda amalga oshiradi.
2-bob. Ekspertlik komissiyasining asosiy vazifalari
5. Quyidagilar Ekspertlik komissiyasining asosiy vazifalari hisoblanadi:
aholi tomonidan taqdim etilgan qo‘lyozma, toshbosma, bosma asarlar, tarixiy hujjatlar, arxiv hujjatlari va eksponatlarni (keyingi o‘rinlarda — noyob yozma manbalar va eksponatlar) puxta tahlil qilish, saralash, noyobligini aniqlash va ularni aniq mezonlar (shu jumladan, manbalarning qadimiyligi, haqiqiyligi, yagonaligi, to‘liqligi, ilmiy ahamiyati, badiiy jihatlari, atributkasi va boshqalar) asosida baholash;
aholida saqlanayotgan noyob yozma manbalar va eksponatlarni o‘rganish bo‘yicha soha olimlari va mutaxassislarini jalb etgan holda hududlarga ilmiy ekspeditsiyalar tashkil qilish;
aholida saqlanayotgan noyob yozma manbalar va eksponatlar hisobidan Markaz muzeyi va kutubxonalari fondini yanada boyitishga qaratilgan ishlarni tizimli yo‘lga qo‘yish va targ‘ibot ishlarini amalga oshirish.
3-bob. Ekspertlik komissiyasining huquq va majburiyatlari
6. Ekspertlik komissiyasi quyidagi huquqlarga ega:
aholida saqlanayotgan noyob yozma manbalar va eksponatlarni aniqlash, ular to‘g‘risida ma’lumotlar yig‘ish va bu jarayonda zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari hamda ommaviy axborot vositalari imkoniyatlaridan keng foydalanish;
aholi tomonidan taqdim etilgan noyob yozma manbalar va eksponatlarni har tomonlama puxta o‘rganish, tahlil qilish, saralash hamda baholash jarayonlarini tashkil etishda manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan bevosita hamkorlikni yo‘lga qo‘yish;
noyob yozma manbalar va eksponatlarni baholash uchun zarur hollarda mustaqil baholovchi tashkilotlarni hamda sohaning tajribali mutaxassislarini jalb etish;
noyob yozma manbalar va eksponatlarni xarid qilish bilan bog‘liq homiylar mablag‘larini jalb etish jarayonlarida faol ishtirok etish;
o‘z tashabbusi bilan Ekspertlik komissiyasiga ma’lumotlarni, shuningdek, muzey va kutubxonalarga noyob yozma manba va eksponatlarni saqlash uchun taqdim etgan jismoniy va yuridik shaxslarni moddiy rag‘batlantirish bo‘yicha tegishli tashkilotlarga tavsiyalar kiritish;
noyob yozma manbalar va eksponatlar egalari o‘zlariga tegishli bo‘lgan manbalarni sotishni rad etgan taqdirda, bu manbalardan nusxa olish to‘g‘risida ular bilan shartnoma tuzish yuzasidan Markazga takliflar kiritish.
Ekspertlik komissiyasi qonunchilik hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega bo‘lishi mumkin.
7. Ekspertlik komissiyasi:
mazkur Nizom talablariga rioya qilishi;
aholi tomonidan taqdim etilgan qo‘lyozma, toshbosma, bosma asarlar, tarixiy hujjatlar, arxiv hujjatlari va eksponatlarni baholashda ilmiylik, xolisonalik, haqqoniylik, shaffoflik tamoyillariga asoslanishi;
aholidan xarid qilinadigan qo‘lyozma, toshbosma, bosma asarlar, tarixiy hujjatlar, eksponatlarning noyobligini tegishli tashkilotlarning qo‘shma qarori bilan tasdiqlangan baholash mezonlari asosida aniqlash, baholash va xarid narxi bo‘yicha asoslangan xulosalar berishi;
o‘z faoliyati natijadorligi yuzasidan ilmiy va tahliliy axborotlar tayyorlashi, amalga oshirilayotgan ishlarni ommaviy axborot vositalarida keng targ‘ib qilib borishi zarur.
Ekspertlik komissiyasi qonunchilik hujjatlariga muvofiq boshqa majburiyatlarni ham olishi mumkin.
4-bob. Ekspertlik komissiyasi faoliyatini tashkil etish
8. Ekspertlik komissiyasi sohaning taniqli, tajribali olimlari va mutaxassislaridan iborat tarkibda tuziladi hamda tarkibi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori asosida tasdiqlanadi.
9. Ekspertlik komissiyasiga, qoida tariqasida, Markaz direktorining ilmiy-tadqiqot ishlari bo‘yicha o‘rinbosari raislik qiladi.
10. Ekspertlik komissiyasiga samarali faoliyat yuritishi, aholidan kelib tushgan noyob manbalarni va eksponatlarni o‘rganish hamda tahlil qilishi uchun Markazda zarur shart-sharoitlar yaratiladi.
11. Ekspertlik komissiyasi faoliyati bilan bog‘liq barcha masalalar ushbu Komissiya a’zolarining bir yilda ikki marta o‘tkaziladigan yig‘ilishlarida ko‘rib chiqiladi, navbatdan tashqari yig‘ilishlar bundan mustasno.
12. Ekspertlik komissiyasining har bir masala bo‘yicha qarori alohida ovoz berish yo‘li bilan ko‘pchilik ma’qullagan holda qabul qilinadi.
13. Ekspertlik komissiyasi qarori ovoz berish jarayonida ushbu Komissiya a’zolarining 70 foizi ishtirok etgan taqdirda, qabul qilingan hisoblanadi.
Ovozlar teng bo‘lib qolganda, Ekspertlik komissiyasi raisi hal qiluvchi ovozga ega bo‘ladi.
14. Ekspertlik komissiyasi faoliyati bilan bog‘liq hujjatlarni yuritish, saqlash, shuningdek, yig‘ilish bayonnomalari va boshqa tegishli hujjatlarni tayyorlash hamda tegishli tashkilotlarga axborot taqdim etish ishlari Ekspertlik komissiyasi kotibi tomonidan amalga oshiriladi.
15. Ekspertlik komissiyasi amalga oshirilgan ishlar haqidagi hisobotni doimiy ravishda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga taqdim qilib boradi.
5-bob. Aholidan xarid qilinadigan noyob yozma manbalar va eksponatlarni tahlil qilish, saralash, baholash va xarid qilish tartibi
16. Jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan Ekspertlik komissiyasiga taqdim etilgan noyob yozma manbalar va eksponatlar, ular taqdim etilgan kundan boshlab uch oygacha muddatda Ekspertlik komissiyasi tomonidan tahlil qilinadi va baholanadi.
17. Ekspert komissiyasi manbalarni baholash natijalari va ularni xarid qilish qiymati bo‘yicha xulosalarni hamda rasmiylashtirilgan hujjatlarni (qarorlar, bayonnomalar) o‘n kun muddatdan kechiktirmagan holda Markazga taqdim etadi.
18. Ekspertlik komissiyasi o‘zi taqdim etgan yakuniy xulosa va noyob manbalarning ro‘yxati haqqoniyligi bo‘yicha javobgar hisoblanadi.
19. Ekspertlik komissiyasi xulosalari va taqdim etilgan hujjatlar asosida noyob yozma manbalar va eksponatlar egalari bilan Markaz o‘rtasida qonunchilik talablariga muvofiq oldi-sotdi shartnomasi tuziladi.
20. Shartnomaga asosan xarid qilinayotgan noyob yozma manbalar va eksponatlar Markaz muzeyi yoki kutubxonasining saqlash bo‘limiga dalolatnoma asosida qabul qilinadi hamda shartnomada belgilangan mablag‘ egalariga to‘lab beriladi.
6-bob. Noyob yozma manbalar va eksponatlarni xarid qilish xarajatlarini moliyalashtirish
21. Quyidagilar noyob yozma manbalar va eksponatlarni xarid qilish hamda Ekspertlik komissiyasi faoliyatini tashkil etish bilan bog‘liq xarajatlarni moliyalashtirish manbalari hisoblanadi:
Markazga har yili maqsadli ajratiladigan Davlat budjeti mablag‘lari;
O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazini rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari;
xalqaro tashkilotlarning grantlari;
jismoniy va yuridik shaxslarning homiylik xayriyalari;
qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar.
7-bob. Yakunlovchi qoidalar
22. Ushbu Nizomni qo‘llashda yuzaga keladigan nizolar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda hal etiladi.
23. Mazkur Nizom talablarining buzilishida aybdor bo‘lgan shaxslar qonunchilikka muvofiq javob beradilar.
Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 16-dekabrdagi 756-son qaroriga
3-ILOVA
3-ILOVA
2022-yil 1-yanvardan e’tiboran O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga kiritilayotgan o‘zgartirishlar va qo‘shimcha
Oldingi tahrirga qarang.
(1-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 21-maydagi 325-sonli qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 22.05.2025-y., 09/25/325/0460-son)
2. Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida” 2017-yil 2-avgustdagi 572-son qarorida:
a) 2-band quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“2. Belgilab qo‘yilsinki:
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi (keyingi o‘rinlarda Markaz deb yuritiladi) rahbar va boshqaruv xodimlarining (ilmiy yo‘nalishdagi bo‘limlar va Axborot-multimedia bo‘limidan tashqari) bazaviy lavozim maoshi miqdorlari Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi ilmiy tashkilotlarini moliyalashtirish tizimini takomillashtirish hamda samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2020-yil 8-iyundagi 366-son qaroriga 30-ilovada keltirilgan tegishli lavozimlar uchun belgilangan miqdorlarga muvofiq belgilanadi;
“restavrator”, “ishlov beruvchi” lavozimlari hamda texnik va xizmat ko‘rsatuvchi xodimlarga (Axborot-multimedia bo‘limidan tashqari) esa yagona tarif setkasi bo‘yicha mehnatga haq to‘lash razryadlariga ko‘ra tarif koeffitsiyentlari 1,5 baravar oshirilgan holda qo‘llaniladi”;
b) 1-ilova (O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi ustavi)ning 28-bandidagi “daromad” so‘zi “foyda” so‘zi bilan almashtirilsin.
(Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 17.12.2021-y., 09/21/756/1171-son; 08.05.2023-y., 09/23/193/0260-son; 22.05.2025-y., 09/25/325/0460-son; 06.09.2025-y., 09/25/565/0807-son)