O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oldingi tahrirga qarang.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida
(qarorning nomi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 12-yanvardagi 23-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 17.01.2018-y., 09/18/23/0576-son)
Oldingi tahrirga qarang.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzurida O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2017-yil 23-iyundagi PQ-3080-son qarori ijrosini ta’minlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
(muqaddima O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 12-yanvardagi 23-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 17.01.2018-y., 09/18/23/0576-son)
Oldingi tahrirga qarang.
1. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining ustavi ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
(1-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 12-yanvardagi 23-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 17.01.2018-y., 09/18/23/0576-son)
Oldingi tahrirga qarang.
2. Belgilab qo‘yilsinki:
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi (keyingi o‘rinlarda Markaz deb yuritiladi) rahbar va boshqaruv xodimlarining (ilmiy yo‘nalishdagi bo‘limlar va Axborot-multimedia bo‘limidan tashqari) bazaviy lavozim maoshi miqdorlari Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi ilmiy tashkilotlarini moliyalashtirish tizimini takomillashtirish hamda samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2020-yil 8-iyundagi 366-son qaroriga 30-ilovada keltirilgan tegishli lavozimlar uchun belgilangan miqdorlarga muvofiq belgilanadi;
“restavrator”, “ishlov beruvchi” lavozimlari hamda texnik va xizmat ko‘rsatuvchi xodimlarga (Axborot-multimedia bo‘limidan tashqari) esa yagona tarif setkasi bo‘yicha mehnatga haq to‘lash razryadlariga ko‘ra tarif koeffitsiyentlari 1,5 baravar oshirilgan holda qo‘llaniladi.
(2-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 16-dekabrdagi 756-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 17.12.2021-y., 09/21/756/1171-son)
3. Markaz bir oy muddatda:
O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Tashqi ishlar vazirligi, Madaniyat vazirligi, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, Toshkent islom universiteti bilan birgalikda xorijiy mutaxassislarni jalb etgan holda mazkur yo‘nalishda faoliyat yuritayotgan xorijdagi markazlar tajribasini chuqur o‘rganish asosida Markazning ilmiy-tarixiy konsepsiyasini ishlab chiqsin;
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, O‘zbekiston musulmonlari idorasi, Fanlar akademiyasi, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Toshkent islom universiteti bilan birgalikda Markazga yuqori malakali mutaxassislarni jalb etish choralarini ko‘rsin.
4. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi:
har yili O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjetini shakllantirishda Markazni saqlab turishga zarur mablag‘larni nazarda tutsin;
Markazga 2 ta avtotransport vositasiga, shu jumladan 1 ta yengil xizmat va 1 ta navbatchi avtotransport vositasiga limit ajratsin.
5. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi O‘zbekistondagi Islom madaniyati markazining direktori Sh.Sh. Minovarov, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi O.O. Yusupov va Vazirlar Mahkamasining Ta’lim, ilm-fan va yoshlar siyosati masalalari axborot-tahlil departamentiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2017-yil 2-avgust,
572-son
Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 2-avgustdagi 572-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Oldingi tahrirga qarang.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi
USTAVI
(ilovaning nomi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 12-yanvardagi 23-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 17.01.2018-y., 09/18/23/0576-son)
1-bob. Umumiy qoidalar
1. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi O‘zbekistondagi Islom madaniyati markazi (keyingi o‘rinlarda Markaz deb ataladi) O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi O‘zbekistondagi Islom madaniyati markazini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2017-yil 23-iyundagi PQ-3080-son qaroriga asosan tashkil etilgan.
2. Markaz o‘zining faoliyatida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga bo‘ysunadi va hisobot beradi.
3. Markaz o‘z faoliyatida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlariga, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlariga, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlariga, Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlariga, boshqa normativ-huquqiy hujjatlarga, shuningdek ushbu Ustavga amal qiladi.
4. Markaz o‘z faoliyatini qonuniylik, oshkoralik, kollegiallik hamda jamoat fikrini hisobga olish prinsiplari asosida yuritadi.
5. Markaz davlat muassasasi shaklidagi yuridik shaxs hisoblanadi, mustaqil balansga, O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligining G‘aznachiligida shaxsiy g‘aznachilik hisobvaraqlariga, O‘zbekiston Respublikasi tijorat banklarida talab qilib olinadigan chet el valyutasidagi depozit hisob raqamlariga, shuningdek O‘zbekiston Respublikasi Davlat gerbi tasviri tushirilgan va o‘z nomi davlat tilida yozilgan muhrga ega.
Oldingi tahrirga qarang.
6. Markazning to‘liq nomi:
davlat (o‘zbek) tilida — O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi;
rus tilida — Sentr islamskoy sivilizatsii v Uzbekistane pri Kabinete Ministrov Respubliki Uzbekistan;
ingliz tilida — Center of Islamic Civilization in Uzbekistan under the Cabinet of Ministers of the Republic of Uzbekistan;
arab tilida — لدي مجلس الوزراء لجمهورية أوزبكستان مركز الحضارة الإسلامية في أوزبكستان .
(6-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 12-yanvardagi 23-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 17.01.2018-y., 09/18/23/0576-son)
7. Markazda ish yuritish davlat tilida olib boriladi. Markaz rus, ingliz va arab tillarida ham ish yuritishi mumkin.
8. Markazning joylashgan eri (pochta manzili): Toshkent shahri, Olmazor tumani, Qorasaroy ko‘chasi, 47-uy, 100002.
2-bob. Markazning asosiy maqsadi va vazifalari
9. Markaz faoliyatining asosiy maqsadi e’tiqodi islom dini bilan bog‘liq boy va noyob merosni ilmiy asosda har tomonlama chuqur o‘rganish, yurtimizdan yetishib chiqqan buyuk alloma va mutafakkirlarning hayoti va ilmiy-ijodiy faoliyati haqida yaxlit tasavvur uyg‘otish, ular bilan xalqimiz va jahon jamoatchiligini keng tanishtirish, xalqaro miqyosda dinlararo va sivilizatsiyalararo muloqotni yo‘lga qo‘yish, islom dinining insonparvarlik mohiyatini ochib berish, jaholatga qarshi ma’rifat bilan kurashish, yosh avlodni gumanistik g‘oyalar, milliy g‘urur va iftixor ruhida tarbiyalashdan iborat.
10. Quyidagilar Markazning asosiy vazifalari hisoblanadi:
mamlakatimiz asrlar davomida jahon sivilizatsiyasining ajralmas qismi, islom madaniyati markazlaridan biri bo‘lib kelganini aks ettiradigan ilmiy-tarixiy konsepsiyani ishlab chiqish va amalga oshirish;
Markaz tarkibidagi kutubxona va arxiv, qo‘lyozmalar fondlarini bugungi O‘zbekiston zaminidan yetishib chiqqan buyuk alloma va mutafakkirlar, aziz-avliyolar, ular tomonidan asos solingan ilmiy va diniy maktablarga doir yurtimizda va chet ellarda saqlanayotgan qadimiy qo‘lyozma va toshbosma kitoblar, tarixiy dalil va hujjatlar, arxeologik topilmalar, osori-atiqalar, shu yo‘nalishdagi zamonaviy ilmiy-tadqiqot ishlari, kitob va to‘plamlar, video va foto hujjatlar hisobidan shakllantirish;
Markaz tarkibidagi muzey ekspozitsiyasining mavzu yo‘nalishlarini chuqur o‘ylangan, ilmiy asoslangan aniq reja bo‘yicha shakllantirish va uni eng zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari asosida namoyish etish;
islom dini rivojiga ulkan hissa qo‘shgan buyuk vatandoshlarimiz - Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Hakim Termiziy, Abu Mansur Moturudiy, Abu Muin Nasafiy, Qaffol Shoshiy, Abdulxoliq G‘ijduvoniy, Najmiddin Kubro, Burhoniddin Marg‘inoniy, Bahouddin Naqshband, Xo‘ja Ahror Valiy kabi allomalarning benazir merosini ilmiy asosda chuqur tadqiq etish, ularning ilmiy-ma’naviy jasorati, ulug‘ insoniy fazilatlarini keng targ‘ib qilish;
jahon ilm-fani tarixida o‘chmas iz qoldirgan Muhammad Xorazmiy, Ahmad Farg‘oniy, Abu Nasr Forobiy, Abu Rayhon Beruniy, Abu Ali Ibn Sino, Mahmud Zamahshariy, Mirzo Ulug‘bek, Ali Qushchi kabi olim va mutafakkirlar merosining tarixiy va zamonaviy sivilizatsiya taraqqiyotidagi o‘rni va ahamiyatini, Alisher Navoiy, Zahiriddin Muhammad Bobur, Kamoliddin Behzod, Mahmud Muzahhib singari mumtoz adabiyot va san’at namoyandalari ijodining insonparvarlik mohiyatini chuqur ochib berish;
islom dini odamlarni, barcha millat va xalqlarni hamisha nurli hayotga, ezgulik, o‘zaro do‘stlik va insoniylikka da’vat etishini, uning asl, gumanistik mazmunini teran tahlil etishga qaratilgan ilmiy tadqiqotlar, jahon ahlini bir maqsad yo‘lida — jaholatga qarshi ma’rifat bilan kurashish yo‘lida birlashishga chorlaydigan turli anjumanlar, ma’rifiy tadbirlarni amalga oshirish;
O‘zbekistonning qadimiy tarixi va madaniyati, davlatchilik an’analari, xalqimizning turmush tarzi va dunyoqarashi islom sivilizatsiyasi bilan chambarchas bog‘liq holda shakllanib, rivojlanganini Samarqand, Buxoro, Xiva, Toshkent, Kesh, Nasaf, Termiz, Andijon, Marg‘ilon, Karmana, Qo‘qon singari qadimiy shaharlarimiz, ulug‘ allomalar va aziz-avliyolar xotirasiga bag‘ishlab yurtimizda bunyod etilgan yodgorlik majmualari, muqaddas qadamjolar maketlari, ulug‘ siymolar, noyob qo‘lyozma va toshbosma asarlar, moddiy va nomoddiy meros, xususan, “Shashmaqom” namunalari kabi noyob eksponatlar orqali aks ettirish, shu yo‘nalishlarda ilmiy tadqiqotlar olib borish, ularning natijalari asosida qomuslar, katalog va albomlar, ilmiy-ommabop to‘plamlar, teleko‘rsatuv, film va boshqa materiallar tayyorlash;
Markazda, mahalliy va chet ellik mutaxassislarni keng jalb etgan holda, ilmiy-tadqiqot ishlarini yo‘lga qo‘yish va ularning natijalaridan yurtimiz hamda jahon jamoatchiligini xabardor qilib borish;
Yevropa Renessansining shakllanishiga kuchli ta’sir ko‘rsatgan Musulmon Renessansi davrida ilm-fan, madaniyat va san’at, me’morlik rivoji to‘g‘risidagi keng qamrovli ma’lumotlar pavilonlarini tashkil etish orqali Markazda namoyish etiladigan ekspozitsiyalarni mazkur davrlarga oid eksponat va ko‘rgazmali manbalar bilan boyitish;
jahon tarixida “Amir Temur va temuriylar renessansi” degan nom bilan alohida o‘rin egallaydigan davrda yaratilgan ilm-fan, madaniyat va me’morlik durdonalarini islom madaniyatining nafaqat yurtimizdagi, balki butun musulmon olamidagi taraqqiyot va yuksalish davri sifatida ko‘rsatish;
Oldingi tahrirga qarang.
bugungi kunda tobora katta ahamiyat kasb etayotgan dinlararo va sivilizatsiyalararo muloqotni samarali yo‘lga qo‘yish maqsadida O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining jahondagi nufuzi xalqaro ilmiy muassasa va tuzilmalar, jumladan, YUNESKO, AYSESKO kabi xalqaro tashkilotlar bilan yaqin hamkorlik aloqalarini o‘rnatish.
(10-bandning o‘n ikkinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 12-yanvardagi 23-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 17.01.2018-y., 09/18/23/0576-son)
3-bob. Markazning huquqlari va majburiyatlari
11. Markaz o‘ziga yuklatilgan asosiy vazifalarni amalga oshirishda quyidagi huquqlarga ega:
vazirliklar, idoralar va boshqa tashkilotlardan Markaz vakolatiga taalluqli masalalar bo‘yicha ma’lumotlarni olish;
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi bilan kelishgan holda va o‘z vakolatlari doirasida xorijiy tashkilotlar bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri aloqa o‘rnatish va o‘zaro hamkorlik to‘g‘risida shartnomalar va boshqa hujjatlarni imzolash;
jahondagi nufuzli ilmiy-tadqiqot markazlari va oliy ta’lim muassasalarining ilmiy, diniy-ma’naviy qadriyatlarni tadqiq etish yo‘nalishidagi tajribasini o‘rganish hamda xalqaro tashkilotlar bilan aloqalar o‘rnatish va ilmiy hamkorlikni yo‘lga qo‘yishda yordam berish, ilmiy-tadqiqot ishlarini zamon talablari darajasida tashkil etish yuzasidan amaliy tavsiyalar berish asosida seminar-treninglar o‘tkazish;
islom dini va madaniyatiga hissa qo‘shgan yurtimiz mutafakkirlarining faoliyatini o‘rganish bo‘yicha ilmiy va ekspert ishlarini amalga oshirish, dolzarb masalalarni ishlab chiqish uchun vazirliklar, idoralar, xo‘jalik birlashmalari, ta’lim muassasalari va boshqa tashkilotlar, shu jumladan chet ellardan yuqori malakali mutaxassislarni shartnoma asosida ishga taklif etish;
Markazning budjetdan tashqari mablag‘larini Markaz tomonidan o‘tkaziladigan tadbirlarni tashkil etishga yo‘naltirish;
ijtimoiy tashabbuslar bilan chiqish va ushbu masalada tegishli davlat organlariga takliflar kiritish;
o‘z faoliyati to‘g‘risida axborot tarqatish va belgilangan tartibda budjetdan tashqari mablag‘lar hisobidan matbaa va noshirlik faoliyatini amalga oshirish hamda multimediya mahsulotlarini chiqarish;
faoliyatiga aloqador bo‘lgan konferensiyalar, simpoziumlar, seminar-treninglar, ko‘chma majlislar tashkil qilish;
ilmiy-tadqiqot ishlarini rivojlantirish maqsadida o‘z faoliyatini Markaz direktori tomonidan tasdiqlanadigan nizom asosida olib boradigan ilmiy kengash tuzish.
Markaz qonun hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega bo‘lishi mumkin.
12. Markaz quyidagilarga majbur:
o‘ziga yuklangan vazifalarni samarali bajarilishini ta’minlash;
o‘z faoliyati to‘g‘risida axborot bilan tanishish erkinligini ta’minlash;
qonun hujjatlarida belgilangan tartibda tegishli davlat organlariga o‘z faoliyati to‘g‘risida hisobotlar taqdim etish.
Markazga qonun hujjatlariga muvofiq boshqa majburiyatlar ham yuklanishi mumkin.
4-bob. Markazning faoliyatini tashkil etish
13. Markazga O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori bilan lavozimga tayinlanadigan va lavozimdan ozod etiladigan direktor boshchilik qiladi.
14. Direktor o‘z vakolatlari doirasida:
Markaz faoliyatiga umumiy rahbarlik qiladi;
Markaz nomidan buyruqlar chiqaradi, ishonchnomalar beradi;
Markazga yuklangan vazifalar va funksiyalarning samarali bajarilishi, taqdim etiladigan tahliliy materiallar va hujjatlarning to‘liqligi uchun shaxsan javob beradi;
tarkibiy bo‘limlar faoliyatini muvofiqlashtiradi, bo‘limlar xodimlari o‘rtasida funksional vazifalarni taqsimlaydi, yuklangan topshiriqlar bajarilishi uchun har bir xodimning javobgarligi darajasini belgilaydi;
belgilangan tartibda Markaz xodimlari bilan mehnat shartnomalarini tuzadi va bekor qiladi;
Markaz faoliyatini takomillashtirish bo‘yicha takliflarni ishlab chiqadi va Vasiylik kengashi majlisi muhokamasiga kiritadi.
Markaz direktori qonun hujjatlariga muvofiq boshqa vazifalarni ham amalga oshirishi mumkin.
15. Direktor o‘rinbosarlari Markaz direktori tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimdan ozod etiladi.
Direktorning o‘rinbosarlari direktor tomonidan berilgan topshiriqlar, shuningdek, Markazning kutubxona va muzeyi, ilmiy tadqiqot ishlari va xalqaro aloqalariga, Markazning o‘zlariga biriktirilgan asosiy tarkibiy bo‘linmalari faoliyatiga rahbarlik qiladi.
16. Vasiylik kengashining majlisi Markazning rahbar organi hisoblanadi.
17. Vasiylik kengashining majlisi o‘z vakolatlari doirasida:
Markaz faoliyatini muvofiqlashtiradi va unga yuklangan vazifalarni amalga oshirishda ko‘maklashadi;
Markazning faoliyati yuzasidan umumiy nazoratni amalga oshiradi va yillik rejalarini tasdiqlaydi;
Markazning yillik xarajatlar smetasini tasdiqlaydi;
Markaz faoliyati yuzasidan Markaz direktorining hisobotini eshitadi va muhokama qiladi;
Markaz tomonidan ishlab chiqariladigan nashr-matbaa mahsulotlari va ko‘rsatilgan xizmatlarga narxlar va tariflarni belgilaydi;
qonun hujjatlariga va mazkur Ustavga muvofiq boshqa vazifalarni amalga oshiradi.
Majlis bir yilda kamida bir marta chaqiriladi. Markaz Vasiylik kengashi majlisining chaqirilishi hamda uning kun tartibi haqidagi ma’lumot majlis chaqiriladigan sanadan bir oy oldin e’lon qilinadi.
Vasiylik kengashining majlisi kengash a’zolarining kamida to‘rtdan uch qismi hozir bo‘lgan taqdirda vakolatli hisoblanadi.
Majlis qarori ishtirokchilarning yarmidan ko‘proq ovozini olish yo‘li bilan qabul qilinadi.
Vasiylik kengashining qarorlari uning a’zolarining ko‘pchilik ovozi bilan qabul qilinadi va kengash majlislari bayoni bilan rasmiylashtiriladi. Ovozlar teng bo‘lganda raisning ovozi hal qiluvchi hisoblanadi.
5-bob. Markaz tarkibidagi muzey va kutubxona
18. Markaz tarkibida islom dini va madaniyatiga oid muzey faoliyat yuritadi.
19. Muzey to‘g‘risidagi nizom O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi bilan kelishilgan holda ishlab chiqiladi va Markaz direktori tomonidan tasdiqlanadi.
20. Muzey ashyolari va kolleksiyalari davlat mulki hisoblanadi va tezkor boshqarish huquqi bilan Markazga biriktiriladi.
21. Muzey ashyolari va kolleksiyalari O‘zbekiston Respublikasi milliy muzey fondining tarkibiy qismi hisoblanadi va O‘zbekiston Respublikasi milliy muzey fondining Davlat katalogi ro‘yxatidan o‘tkazilishi kerak.
22. Muzey ashyolari va kolleksiyalarini saqlash, butlash, hisobga olish, ommaviy namoyish qilish va ulardan foydalanish qonun hujjatlariga muvofiq Markaz tomonidan amalga oshiriladi.
23. Muzey kolleksiyasi Markaz direktori tomonidan muzey kolleksiyasiga kirgan muzey ashyolari ro‘yxati tasdiqlanganidan keyin shakllantirilgan deb hisoblanadi.
Markazning muzey ashyolari va kolleksiyalarini to‘ldirish, hisobga olish va ulardan foydalanish, shuningdek ular bilan bog‘liq materiallarni e’lon qilish Markaz direktorining yozma ruxsatnomasi bilan amalga oshiriladi.
24. Muzey ashyolari va kolleksiyalarining alohida rejimda saqlanadigan ashyolari (keng jamoatchilik uchun e’lon qilishga mo‘ljallanmagan axborot mavjud bo‘lgan arxiv hujjatlari) hisoblangan tarkibiy qismlari maxsus hisobga olish hujjatlarida alohida hisobga olinadi.
25. Markazda kutubxona fondini saqlash, butlash, hisobga olish va undan foydalanishni ta’minlaydigan kutubxona faoliyat ko‘rsatadi.
Markazning kutubxonasi to‘g‘risidagi nizom Markaz tomonidan ishlab chiqiladi va tasdiqlanadi.
6-bob. Markaz faoliyatini moliyalashtirish
26. Markaz o‘zining ko‘chmas va ko‘char mulklari, pul mablag‘lari, shu jumladan chet el valyutasidagi pul mablag‘lari, qimmatli qog‘ozlari va boshqa mol-mulkiga ega bo‘lishi mumkin.
27. Markaz faoliyati quyidagi manbalar hisobidan moliyalashtiriladi:
O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablag‘lari;
Islom hamkorlik tashkilotiga a’zo davlatlardan tushgan ixtiyoriy badallar;
O‘zbekiston Respublikasi va xorijiy mamlakatlarning jismoniy va yuridik shaxslaridan tushgan homiylik xayriyalari;
qonun hujjatlari doirasida Markazning o‘z faoliyatidan olinadigan daromadlar, shu jumladan mablag‘larni tijorat banklarida depozitlarga joylashtirishdan olinadigan daromadlar;
O‘zbekiston Respublikasi Fan va texnologiyalar agentligi tomonidan o‘tkaziladigan grantlar olish tanlovlari natijalari bo‘yicha ajratiladigan mablag‘lar;
xalqaro moliya institutlari va donor tashkilotlarning grantlari;
qonun hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar.
Oldingi tahrirga qarang.
28. Markazning o‘z faoliyatidan (noshirlik faoliyati, o‘quv-maslahat kurslari, sayyohlarga xizmat ko‘rsatish va boshqa qonun hujjatlari bilan taqiqlanmagan faoliyat turlaridan) oladigan daromadlari, uning faoliyati va rivojlanishiga yo‘naltirilishini hisobga olib, foyda solig‘idan ozod qilinadi.
(28-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 16-dekabrdagi 756-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 17.12.2021-y., 09/21/756/1171-son)
29. Markazning mablag‘larini shakllantirish va sarflash qonun hujjatlariga muvofiq amalga oshiriladi.
30. Markaz belgilangan tartibda o‘z faoliyati natijalarining buxgalteriya hisobini amalga oshiradi, statistika hisobotini yuritadi.
7-bob. Yakunlovchi qoida
31. Markazni qayta tashkil etish va tugatish qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
(O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2017-y., 31-son, 782-modda; Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 17.01.2018-y., 09/18/23/0576-son; Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 17.12.2021-y., 09/21/756/1171-son)