OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI QIShLOQ VA SUV XOʻJALIGI VAZIRLIGI
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI IQTISODIYOT VAZIRLIGI
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI MOLIYA VAZIRLIGINING
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI IQTISODIYOT VAZIRLIGI
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI MOLIYA VAZIRLIGINING
Qarori
VAZIRLIKLAR, IDORALAR, ILMIY-TADQIQOT MUASSASALARI, ELITA URUGʻChILIK XOʻJALIKLARI, PAXTA YETIShTIRUVChI XOʻJALIKLAR, GʻOʻZA URUGʻChILIGI VA SELEKSIYASIGA ALOQADOR BOʻLGAN MANSABDOR ShAXSLARNING YAKUNIY NATIJALAR UChUN JAVOBGARLIGI TOʻGʻRISIDA NIZOMNI TASDIQLASh HAQIDA
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2005-yil 12-fevralda 1449-son bilan davlat roʻyxatidan oʻtkazildi]
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2019-yil 5-avgustdagi 320-mh-sonli “Idoraviy normativ-huquqiy hujjatni davlat reyestridan chiqarish toʻgʻrisida”gi buyrugʻiga (roʻyxat raqami 1449-1, 05.08.2019-y.) asosan davlat reyestridan chiqarilgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2004-yil 23-dekabrdagi “Gʻoʻza urugʻchiligini tashkil etishni takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 604-sonli qaroriga muvofiq qaror qilamiz:
1. “Vazirliklar, idoralar, ilmiy-tadqiqot muassasalari, elita urugʻchilik xoʻjaliklari, paxta yetishtiruvchi xoʻjaliklar, gʻoʻza urugʻchiligi va seleksiyasiga aloqador boʻlgan mansabdor shaxslarning yakuniy natijalar uchun javobgarligi toʻgʻrisidagi nizom” ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Ushbu Nizom Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligida davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan kundan 10 kun oʻtgach kuchga kiritilsin.
Qishloq va suv xoʻjaligi vaziri S. ISMOILOV
Toshkent sh.,
2005-yil 7-yanvar,
1/7-son
Iqtisodiyot vaziri R. AZIMOV
Toshkent sh.,
2005-yil 7-yanvar,
47-son
Moliya vaziri S. RAHIMOV
Toshkent sh.,
2005-yil 7-yanvar,
16-son
Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi va Moliya vazirligining
2005-yil 7-yanvardagi 1/7, 47, 16-son qarori bilan
TASDIQLANGAN
2005-yil 7-yanvardagi 1/7, 47, 16-son qarori bilan
TASDIQLANGAN
Vazirliklar, idoralar, ilmiy tadqiqot muassasalari, elita urugʻchilik xoʻjaliklari, paxta yetishtiruvchi xoʻjaliklar, gʻoʻza urugʻchiligi va seleksiyasiga aloqador boʻlgan mansabdor shaxslarning yakuniy natijalar uchun javobgarligi toʻgʻrisida
NIZOM
Mazkur Nizom Respublikada gʻoʻza urugʻchiligi va seleksiyasiga oid chiqarilgan qonunlar, Hukumat qarorlarini oʻz vaqtida va toʻgʻri bajarilishini taʼminlash maqsadida ishlab chiqilgan hamda gʻoʻza urugʻchiligi va seleksiyasi masalasiga aloqador boʻlgan barcha tashkilot rahbarlarining va masʼul xodimlarining masʼuliyatini oshirishga qaratilgan boʻlib, ularning javobgarligini belgilaydi.
Nizom Oʻzbekiston Respublikasining Fuqarolik kodeksi, “Urugʻchilik toʻgʻrisida”gi, “Seleksiya yutuqlari toʻgʻrisida”gi qonunlari hamda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2004-yil 23-dekabrdagi “gʻoʻza urugʻchiligini tashkil etishni takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 604-sonli qaroriga muvofiq ishlab chiqilgan.
I. Umumiy qoidalar
Ushbu Nizomda qoʻllaniladigan tushunchalar:
urugʻlik — oʻsimlikning nav va duragaylarni saqlab qolish, takror yetishtirish uchun ishlatiladigan botanik donlari yoki boshqa qismlari;
sertifikatlangan (reproduksion) urugʻliklar — davlat standartlari talablariga toʻliq javob beradigan urugʻliklar;
duragay urugʻliklar —turkumdoshlarni chatishtirishdan olinadigan urugʻliklar;
genetik sifat (nav sifati) — muayyan nav urugʻlikning genetik (nav) jihatidan qanchalik toza ekanligini bildiruvchi koʻrsatkichlar majmui;
ekinboplik xususiyati — urugʻliklarning ekishga qanchalik yaroqli ekanligini bildiruvchi koʻrsatkichlar majmui;
urugʻlik turkumi — bir turdagi (muayyan ekin, nav, reproduksiya, toifa, genetik (nav) tozalikdagi, muayyan yil hosilidan olingan kelib chiqishi bir), hujjat bilan tasdiqlangan maxsus jamlangan urugʻlikning bir xil miqdori;
aprobatsiya qilish — oʻsimliklarning genetik (nav) jihatidan qanchalik toza ekanligini, kasalliklarga, zararkunandalarga chidamliligi va ekishga moʻljallangan urugʻlikning umumiy holatini aniqlash maqsadida dalada oʻtkazilgan tadqiqot;
patent egasi (litsenziar) — seleksiya navining egasi, duragay egasi huquqini qonun hujjatlariga muvofiq olgan shaxs.
II. Vazirliklar, idoralar, ilmiy tadqiqot muassasalari, elita urugʻchilik xoʻjaliklari, paxta yetishtiruvchi xoʻjaliklar, gʻoʻza urugʻchiligi va seleksiyasi masalasiga aloqador boʻlgan mansabdor shaxslarning javobgarligi
Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq va suv xoʻjaligi vaziri, Paxtachilikni rivojlantirish kengashining raisi, vazirning agrotexnologiyalar masalalari boʻyicha oʻrinbosari, Paxtachilikni rivojlantirish boshqarmasining boshligʻi:
gʻoʻza urugʻchiligi sohasida yagona davlat siyosatini yuritishga;
gʻoʻza navlarini samarali joylashtirilishini taʼminlashga masʼuldirlar.
Oʻzbekiston Qishloq xoʻjaligi ilmiy ishlab chiqarish markazining bosh direktori, Markazning ilmiy kotibi, gʻoʻza seleksiyasi, urugʻchiligi va agrotexnologiya boʻlimining boshligʻi, viloyat filiallarining rahbarlari:
gʻoʻza urugʻchiligi sohasida nazariy va amaliy tadqiqotlarni rivojlantirish borasidagi yaratilgan yangi qoʻllanmalarni ishlab chiqarishga keng miqyosda joriy etishga;
markaz tasarrufidagi tajriba stansiyalari va xoʻjaliklarda ilmiy tadqiqotlarni amalga oshirishga;
grantlar asosida olib borilayotgan ilmiy tadqiqot ishlarini muvofiqlashtirish orqali yangi yaratilgan tezpishar, hosildor va tola sifati oq rangli boʻlib, jahon talablariga javob beradigan navlarni ishlab chiqarishga joriy etishga;
gʻoʻza urugʻchiligi va seleksiyasi sohasidagi fan yutuqlarini joriy etish va dehqonchilik mahsulotlari hosildorligini oshirish boʻyicha tavsiya etilgan qoʻllanmalar hamda ishlab chiqarishga joriy etilgan yangiliklardan kutilgan natija va samarani taʼminlashga masʼuldirlar.
Paxtachilik ilmiy tadqiqot institutining bosh direktori, gʻoʻza seleksiyasi va urugʻchiligi boʻlim boshligʻi, institut filiallari direktorlari va tajriba xoʻjaliklari rahbarlari:
institutda yaratilgan gʻoʻza navlarining turli mintaqalarda yetishtirishga mos agrotexnikasini ishlab chiqish va tavsiyalar tayyorlashga;
Respublikaning turli tuproq iqlim sharoitlariga mos gʻoʻzaning yuqori hosilli, ertapishar, tola sifati raqobatbardosh, jahon bozori talablariga toʻliq javob beradigan kasallik va zararkunandalarga, shoʻrga va suvsizlikka chidamli, texnologik jihatdan mustahkam va tola chiqimi yuqori, chigiti moydor, ekish va hosilni terib olishni mexanizatsiyalashga moslashgan oʻrta va ingichka tolali gʻoʻza navlarini yaratishga va joriy etishga;
gʻoʻzaning turli tuproq iqlim sharoitiga mos keladigan yangi va istiqbolli navlarining birlamchi urugʻlarini yetishtirishga va koʻpaytirishga;
yaratilgan gʻoʻza navlarining joriy etish maydoni, birlamchi urugʻlarining talab darajasida yetishtirilganligi va ushbu navlarning iqtisodiy samaradorlik natijasini taʼminlashga masʼuldirlar.
Oʻzbekiston gʻoʻza seleksiyasi va urugʻchiligi ilmiy tadqiqot institutining bosh direktori, gʻoʻza seleksiyasi va urugʻchiligi bilan shugʻullanuvchi loyihalar rahbarlari, tajriba xoʻjaliklari direktorlari va yangi navlar urugʻlarini koʻpaytiruvchi laboratoriyalar mudirlari:
Oʻzbekiston Fan va texnologiya markazining grantlari asosida gʻoʻzaning yangi oʻrta va ingichka tolali tezpishar, serhosil, hasharot va zararkunandalarga chidamli, tola sifati jahon talablariga javob beradigan, hamda ekstremal sharoitlarga (shoʻrlanish va suv tanqisligiga) bardoshli boʻlgan navlarini yaratish va ularning birlamchi urugʻlarini koʻpaytirish bilan shugʻullanishga;
gʻoʻzaning mavjud genetik resurslarini oʻrganish, boyitish, yangilash, genetik kelib chiqishi bir xil va uzoq gʻoʻza turlarini chatishtirish, irsiyatga turli uslublar orqali taʼsir etish va oʻzgargan shakllar olish, genetik resurslardan seleksiyada keng foydalanish yoʻli bilan yangi gʻoʻza navlarini yaratish va ishlab chiqarishga keng joriy qilishga;
urugʻlik chigit sifatlarini oshirish uslublari hamda gʻoʻzaning birlamchi urugʻchiligi va urugʻshunosligi uslublarini takomillashtirish va yangilarini ishlab chiqishga masʼuldirlar.
Institutning yuqorida qayd etilgan rahbarlarining faoliyati ishlab chiqarish talablariga javob beradigan va tolasining sifat koʻrsatkichlari xalqaro andozalarga mos keluvchi gʻoʻza navlarini yaratishga yoʻnaltirilgan ilmiy izlanishlarni olib borish va joriy etilayotgan navlarning belgilangan sharoitda kutilayotgan iqtisodiy samarasi boʻyicha baholanadi.
Respublika qishloq xoʻjaligi ekinlari birlamchi urugʻchiligi va urugʻshunoslik stansiyasining direktori, boʻlim boshliqlari va laboratoriya mudirlari, loyihalar rahbarlari:
gʻoʻzaning birlamchi urugʻchiligi va urugʻshunosligining muqobil ilmiy asoslari va tizimini ishlab chiqish va mukammallashtirishga;
yuqori sifatli superelita, elita va birinchi avlod urugʻlari yetishtirish samaradorligini oshirish usullarini hamda urugʻchilik boʻyicha standartlarni ishlab chiqish, urugʻlik yetishtirishning texnik shartlarini tayyorlashga masʼuldir.
Yaratilgan uslubiy qoʻllanmalar va usullarni ishlab chiqarishga joriy etish orqali yetishtiriladigan koʻp va yuqori sifatli mahsulot miqdori stansiyaning yakuniy ish natijasi hisoblanadi.
Stansiyaning faoliyati yaratilgan uslublardan olinadigan yakuniy natija bilan baholanadi.
Qishloq xoʻjalik ekinlari navlarini sinash Davlat komissiyasining raisi, Paxta va boshqa texnik ekinlari navlarini sinash boʻlimining boshligʻi:
nav originatorlari tomonidan yaratilgan yangi gʻoʻza navlarining sinovini turli mintaqalarda joylashgan nav sinash shoxobchalarida yuqori agrotexnika sharoitida olib borish, navlarni har tomonlama obyektiv va sinchiklab baholashga;
turli tuproq iqlim sharoitida yetishtirishga moslashgan, hasharot va zararkunandalarga chidamli istiqbolli navlarni ajratib olishga;
keng miqyosda ishlab chiqarishda sinab koʻrish, ulardan eng yuqori navdor va hosildor koʻrsatkichga ega boʻlganlarini Davlat reyestriga kiritishga masʼuldirlar.
Davlat nav sinash komissiyasi tomonidan ishlab chiqarishga tavsiya qilingan va joriy etilgan yangi gʻoʻza navlarining agrotexnik tadbirlari toʻgʻri bajarilganda koʻzda tutilgan samaraga erishilishiga masʼuldir.
Respublika gʻoʻza urugʻchiligi markazi boshligʻi, elita va avlodli urugʻliklar yetishtirish boʻlimining boshligʻi, viloyat paxta urugʻchiligi birlashmalarining raislari:
davlat reyestriga kiritilgan gʻoʻza navlarining sifatli elita va yuqori reproduksiyali urugʻlarini tayyorlash va ishlab chiqarishga joriy etishga;
elita urugʻlarini yetarli hajmda tayyorlash va navdorlikning davlat standarti talablariga muvofiq boʻlishini hamda asosiy paxta maydonlarini elita, R1, R2 va qisman R3 urugʻliklari bilan ekilishini taʼminlashga;
bir yillik zaxira fondi uchun tayyorlanayotgan urugʻliklarning sifatini Davlat standartlariga javob beradigan holda tayyorlashga;
urugʻchilik xoʻjaliklarini tender asosida tanlab olishga va belgilangan talablar asosida urugʻlik yetishtirishga;
gʻoʻza navlarining tasdiqlangan tartibiga qatʼiy rioya etgan holda joylashtirishga;
Markazning yuqorida koʻrsatilgan rahbarlari Davlat standarti talablariga javob beradigan yuqori sifatli urugʻlik paxtani yetishtirishga masʼuldirlar.
Davlat reyestriga kiritilgan va Respublika hududlariga tavsiya etilgan gʻoʻza navlarining superelita, elita va birinchi avlod urugʻlarini yetishtiruvchi elita urugʻchilik xoʻjaliklarining hamda paxta yetishtiruvchi xoʻjaliklarning raislari va bosh agronomlari:
dastlabki urugʻ koʻpaytirish xoʻjaliklaridan yoki nav originatorlaridan yakka tanlov, oilaviy terim urugʻlarini nav mualliflari tavsiya etgan uslub boʻyicha koʻpaytirishga;
urugʻlik ekilgan maydonlarini begona nav oʻsimliklaridan tozalashga, eng yaxshi yakka tanlovlar hamda oilaviy terimlar tayyorlashga;
tayyorlangan urugʻlik paxtani laboratoriya tahlilidan oʻtkazishga, olingan maʼlumotlarni umumlashtirish va yaroqsiz oilalarni chiqarib tashlashga;
kasal keltiruvchi begona ekinlarni urugʻlik maydonlari atrofiga ekilmasligi hamda boshqa navlar bilan chatishtirishga yoʻl qoʻymaslikka;
superelita va elita maydonlarni joylashtirish uchun suv bilan yaxshi taʼminlangan hosildor (unumli) yerlarni tanlashga, barcha agrotexnik tadbirlarga rioya qilishga, koʻpaytirilayotgan urugʻlarning nav tozaligiga masʼuldirlar.
“Oʻzpaxtasanoat” uyushmasining raisi, tegishli boʻlim boshliqlari, viloyatlar Paxtasanoat birlashmalari va urugʻlik paxtani qayta ishlovchi korxonalari rahbarlari:
uyushma tizimidagi urugʻchilikka ixtisoslashtirilgan maxsus paxta tozalash korxonalari xoʻjaliklarda yetishtirilgan urugʻlik paxtani DST 642-95 standarti, “Paxta tayyorlash, qabul qilish va saqlash” yoʻriqnoma talablariga asosan qabul qilish va saqlashga;
“Urugʻlik paxtani dastlabki qayta ishlash va urugʻlik chigit tayyorlash reglamenti” PDKI-44-2002 “Urugʻlik chigitni dorilash boʻyicha tavsiyanoma”ga asosan dorilashga;
gʻoʻza navlarini joylashtirishning tasdiqlangan tartibiga qatʼiy rioya etgan holda urugʻlik chigit yetkazib berishga;
urugʻlik chigitni dorilash, tayyorlash va isteʼmolchilarga yetkazib berishning belgilangan muddatlariga qatʼiy rioya etishga;
zaxiraga qoldirilgan urugʻlik chigitni standartlar asosida saqlanishini taʼminlashga va undan keyingi foydalanishni Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligining ruxsati bilan amalga oshirishga masʼuldirlar.
Uyushmaning yuqorida qayd etilgan rahbarlari urugʻlik paxtani belgilangan tartibda qabul qilish, saqlash, qayta ishlash, tozalash, saralash, tuksizlantirish, dorilash va dorilangan chigitlarni oʻrnatilgan tartibda omborlarda saqlab, ekish mavsumida paxta yetishtiruvchi xoʻjaliklarga oʻz vaqtida yetkazib berish uchun javobgardir.
Qishloq xoʻjaligi ekinlari urugʻlarini sertifikatsiyalash va sifatini nazorat qilish Davlat markazi “Oʻzdavurugʻnazoratmarkaz”ning boshligʻi, Dala nazorati boʻlimi boshligʻi, Markaziy sinov laboratoriya mudiri, Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyat “Davurugʻnazoratmarkazi” va paxta urugʻchilik laboratoriya mudirlari:
qishloq xoʻjaligi ekinlari navlarining genetik sofligini va urugʻ sifatini nazorat qilishga;
qishloq xoʻjalik ekinlari urugʻlarni sertifikatsiyalashga;
urugʻlar sifatini aniqlash usullarini ishlab chiqishga, takomillashtirishga, urugʻ yetishtirish va sifatini aniqlash boʻyicha Davlat standartlarini, yangi uslubiy qoʻllanmalar va yoʻriqnomalarni ishlab chiqishga;
qishloq xoʻjaligi ekinlarining rayonlashgan va istiqbolli navlarni nav sofligini metodik asosida tahlil qilishga;
gʻoʻza navlarining tasdiqlangan joylashtirish tartibiga rioya etilgan holda ekilishini nazorat qilishga;
urugʻlikka olinadigan qishloq xoʻjalik ekinlari aprobatsiyasini toʻgʻri oʻtkazilishini nazorat qilishga, laboratoriya tahlillaridan oʻtkazilgan urugʻliklarni arxivda toʻgʻri saqlashga;
laboratoriyalar tomonidan urugʻlikning standartlar talablariga muvofiqligini tasdiqlovchi xulosalarning haqqoniyligiga;
belgilangan tartibda tenderdan oʻtmagan urugʻchilik xoʻjaliklaridan urugʻlik paxtani ixtisoslashgan paxta tozalash korxonalari tomonidan qabul qilinishini taqiqlashga masʼuldirlar.
III. Gʻoʻza urugʻchiligi va seleksiyasi masalasiga aloqador boʻlgan mansabdor shaxslarning javobgarligini aniqlash va ular tomonidan yetkazilgan moliyaviy zararni qoplash tartibi
Ushbu Nizomning II-boʻlimida belgilangan vazifalarning bajarilishini taʼminlamagan yoki lozim darajada bajarilishini taʼminlamagan mansabdor shaxslar qonunlarda belgilangan tartibda moddiy, intizomiy, maʼmuriy yoki jinoiy javobgarlikka tortiladilar.
Mansabdor shaxslarning aybdorlik darajasini va yetkazilgan zarar miqdorini aniqlash Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq va suv xoʻjaligi vazirining buyrugʻi bilan urugʻchilik va seleksiya sohasiga oid olimlar va mutaxassislar, manfaatdor vazirlik va idoralarning masʼul xodimlaridan iborat boʻlgan idoralararo komissiya tomonidan amalga oshiriladi.
Idoralararo komissiyasining vakolatlari:
belgilangan vazifalarning bajarilishini taʼminlamagan yoki lozim darajada bajarilishini taʼminlamagan mansabdor shaxslarning aybdorlik darajasini aniqlashdan;
mansabdor shaxslar tomonidan oʻzlariga yuklatilgan vazifalarni bajarilishini taʼminlamaganligi yoki lozim darajada bajarilishini taʼminlamaganligi oqibatida yetkazilgan zararni aniqlashdan;
oʻz vazifalarini bajarmagan yoki lozim darajada bajarmagan mansabdor shaxslarni intizomiy javobgarlikka tortish boʻyicha vakolatli organ yoki rahbarlarga takliflar kiritishdan;
belgilangan vazifalarning bajarilishini taʼminlamagan yoki lozim darajada bajarilishini taʼminlamagan masʼul xodimlar tomonidan yetkazilgan moddiy zararlarni undirish toʻgʻrisida daʼvo arizalari kiritishdan;
belgilangan vazifalarning bajarilishini taʼminlamagan yoki lozim darajada bajarilishini taʼminlamagan masʼul xodimlarni maʼmuriy yoki jinoiy javobgarlikka tortish uchun toʻplangan hujjatlarni huquqni muhofaza etuvchi organlariga kiritishdan iboratdir.
(Oʻzbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari toʻplami, 2005-y., 7-son, 60-modda)