Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oldingi tahrirga qarang.
Investitsiyalarni jalb qilish‚ sanoatni rivojlantirish va savdoni tartibga solish masalalari boʻyicha Hukumat komissiyasi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida
(qaror nomi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 19-sentabrdagi 482-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 20.09.2023-y., 09/23/482/0717-son)
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Respublikada eksport va investitsiya salohiyatini yanada rivojlantirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2020-yil 18-avgustdagi PF-6042-son Farmoni ijrosini taʼminlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
Oldingi tahrirga qarang.
1. Quyidagilarni nazarda tutuvchi Investitsiyalarni jalb qilish‚ sanoatni rivojlantirish va savdoni tartibga solish masalalari boʻyicha Hukumat komissiyasi toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin:
(1-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 19-sentabrdagi 482-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 20.09.2023-y., 09/23/482/0717-son)
Hukumat komissiyasining asosiy vazifalari va funksiyalari;
Hukumat komissiyasining huquqlari va javobgarligi;
Hukumat komissiyasi faoliyatini tashkil etish tartibi;
Hukumat komissiyasining ishchi organlari va kotibi;
Hukumat komissiyasi qarorlarini qabul qilish va ularning bajarilishini taʼminlash tartibi.
2. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining investitsiyalar va tashqi iqtisodiy aloqalar masalalari boʻyicha oʻrinbosari — investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.U. Umurzakov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2020-yil 6-oktabr,
601-son
Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 6-oktabrdagi 601-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Oldingi tahrirga qarang.
Investitsiyalarni jalb qilish‚ sanoatni rivojlantirish va savdoni tartibga solish masalalari boʻyicha Hukumat komissiyasi toʻgʻrisida
nizom
(ilova nomi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 19-sentabrdagi 482-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 20.09.2023-y., 09/23/482/0717-son)
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom Eksport va investitsiyalarni rivojlantirish masalalari boʻyicha Hukumat komissiyasining (keyingi oʻrinlarda — Hukumat komissiyasi) asosiy vazifalari, funksiyalari, huquqlari va masʼuliyati, faoliyatining tashkiliy asoslarini belgilaydi.
Oldingi tahrirga qarang.
2. Hukumat komissiyasi oʻz faoliyatini Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga, Oʻzbekiston Respublikasining qonunlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari, va farmoyishlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlariga, shuningdek, ushbu Nizomga va boshqa qonunchilik hujjatlariga muvofiq amalga oshiradi.
(2-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
3. Hukumat komissiyasi oʻziga yuklatilgan vazifalar va funksiyalarni amalga oshirishda Oʻzbekiston Respublikasi davlat boshqaruvi organlari va tashkilotlari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, nodavlat notijorat tashkilotlari, xoʻjalik birlashmalari va boshqa tashkilotlar bilan oʻzaro hamkorlik qiladi.
2-bob. Hukumat komissiyasining asosiy vazifalari va funksiyalari
4. Quyidagilar Hukumat komissiyasining asosiy vazifalari hisoblanadi:
eksport salohiyatini rivojlantirish;
investitsiya loyihalarining samarali amalga oshirilishini taʼminlash;
hududlarda sanoat klasterlarini tashkil etish va ishlab chiqarishni mahalliylashtirish;
oliy darajadagi tashriflar davomida imzolangan hujjatlarni amalga oshirish yuzasidan tasdiqlangan “yoʻl xaritalari”ning ijrosini nazorat qilish.
5. Hukumat komissiyasi oʻziga yuklangan vazifalarga muvofiq quyidagi funksiyalarni amalga oshiradi:
a) eksport salohiyatini rivojlantirish masalalari sohasida:
eksport prognoz parametrlarining bajarilishini doimiy ravishda monitoring qilish, shuningdek kelgusi yillar uchun eksport prognozini shakllantirish ishlarini tashkil etish;
hududlar va tarmoq eksport salohiyatining oʻsishi va safarbar etilishiga toʻsqinlik qiladigan joriy va tizimli muammolarni aniqlash;
nobarqaror tashqi konyunktura, shuningdek yangi turdagi xalqaro tahdid va xatarlar (koronavirus pandemiyasi kabi) sharoitida mamlakatning eksport qilish salohiyatini rivojlantirish;
eksport faoliyatini amalga oshirishda aniqlangan muammolarni oʻrganib, zarur hollarda joyida bartaraf etish choralarini koʻrish;
eksport salohiyatini yanada kengaytirish boʻyicha amaliy, shu jumladan qonunchilikka tegishli oʻzgartirishlar kiritish boʻyicha takliflar ishlab chiqish;
b) investitsiya loyihalarining samarali amalga oshirilishini taʼminlash masalalari sohasida:
davlat investitsiyalarini boshqarish tizimini takomillashtirgan holda investitsiya dasturlari va markazlashgan investitsiyalar hisobidan amalga oshiriladigan loyihalarni shakllantirish hamda ularning oʻz vaqtida va samarali amalga oshirilishini tashkil etish;
investitsiyalar, shu jumladan xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi investitsiya loyihalarining amalga oshirilishini monitoring qilish hamda investitsiya oqimining oʻsishi va ularning jalb etilishiga toʻsqinlik qiladigan joriy va tizimli muammolarni aniqlash;
investitsiya dasturlari va tarmoqlar yoʻnalishi doirasida investitsiyalarning oʻzlashtirilishi va loyihalarning amalga oshirilishi holatini oʻrganish, ishga tushgan ishlab chiqarish loyihalarining samaradorligini baholash hamda vujudga kelayotgan muammolarni, shu jumladan joyida bartaraf etish choralarini koʻrish;
investitsiya loyihalari, shu jumladan xalqaro moliya institutlari va xorijiy hukumat moliya tashkilotlari bilan kelishiladigan koʻp yillik hamkorlik dasturlari va strategiyalarini taqdim etish, ular ishtirokidagi loyihalarni ishlab chiqish va amalga oshirish uchun masʼul vazirliklar, idoralar va loyihalarni amalga oshirish guruhlarining hisobotlarini eshitish, shuningdek, ushbu loyihalarning oʻz vaqtida ishlab chiqilishi va samarali amalga oshirilishini taʼminlash chora-tadbirlarini ishlab chiqish;
v) hududlarda sanoat klasterlarini tashkil etish va ishlab chiqarishni mahalliylashtirish masalalari sohasida:
respublika hududlarida sanoatni jadal rivojlantirish hamda ilm-fan, innovatsiya, loyiha, moliya, injiniring va investitsiya tashkilotlarini qamrab olgan “sanoat klasterlari”ni tashkil etish;
mahalliy xomashyo hamda materiallardan samarali foydalanish asosida qoʻshimcha qiymat zanjirini yaratishni taʼminlaydigan investitsiya loyihalarini amalga oshirishga koʻmaklashish;
mamlakatning salohiyatini inobatga olgan holda import oʻrnini bosuvchi, eksportga yoʻnaltirilgan, xalqaro standartlar talabiga javob beruvchi mahsulotlar ishlab chiqarish boʻyicha investitsiyaviy loyiha takliflarini tayyorlash hamda investorlarni jalb qilib, ularni amalga oshirish;
Oldingi tahrirga qarang.
respublika hududiga import qilishda bojxona boji va qoʻshilgan qiymat soligʻidan ozod etiladigan texnologik asbob-uskunalar roʻyxatiga kiritilgan, biroq ishlab chiqarilganiga 3 yildan koʻp boʻlgan ayrim texnologik uskunalar roʻyxatini faqat bojxona bojidan ozod qilish sharti bilan tasdiqlash;
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Eksportchi korxonalarni ragʻbatlantirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2021-yil 7-sentabrdagi PF-6306-son Farmoni 3-bandining uchinchi xatboshisida nazarda tutilgan norma kelib chiqish sertifikati asosida ham qoʻllaniladigan yuqori sifat va nazorat tizimiga ega mamlakatlarni belgilash;
muvofiqlik sertifikatini taqdim etmagan holda, uni bojxona hujjatlari rasmiylashtirilgan kundan boshlab ikki oy davomida belgilangan tartibda olish sharti bilan oʻz ishlab chiqarish ehtiyojlari uchun olib kiriladigan mahsulotlarning bojxona hujjatlarini rasmiylashtirishga yoʻl qoʻyiladigan holatlar roʻyxatini (import qiluvchining kafolat xati asosida) tasdiqlash;
(5-bandning “v” kichik bandi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 19-sentabrdagi 482-sonli qaroriga asosan xatboshilar bilan toʻldirilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 20.09.2023-y., 09/23/482/0717-son)
g) oliy darajadagi tashriflar davomida imzolangan hujjatlarni amalga oshirish yuzasidan tasdiqlangan “yoʻl xaritalari”ning ijrosini nazorat qilish sohasida:
“yoʻl xaritalari”da nazarda tutilgan tadbirlar, shu jumladan eksport kelishuvlarining toʻlaqonli bajarilishi hamda investitsiya loyihalarining oʻz vaqtida amalga oshirilishi ustidan qatʼiy nazorat oʻrnatish;
“yoʻl xaritalari”da nazarda tutilgan tadbirlarning vazirliklar, idoralar, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari va boshqa tashkilotlar tomonidan oʻz vaqtida hamda samarali ijro etilishini taʼminlash, toʻsqinlik qiluvchi omillarni aniqlab, ularni bartaraf etish;
vazirliklar, idoralar, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari va boshqa tashkilotlar tomonidan “yoʻl xaritalari”da nazarda tutilgan tadbirlarning ijro etilishida sunʼiy ravishda choʻzish va sansalorlik holatlariga yoʻl qoʻymaslik choralarini koʻrish.
3-bob. Hukumat komissiyasining huquqlari va javobgarligi
6. Hukumat komissiyasi oʻziga yuklangan vazifalar va funksiyalarni amalga oshirish uchun quyidagi huquqlarga ega:
jahon va ichki bozorda narx va talab konyunkturasi, ishlab chiqarish va taqsimot balanslaridan kelib chiqib, eksport prognozining yillik umumiy koʻrsatkichlarini saqlagan holda eksport prognoz koʻrsatkichlariga oʻzgartirish kiritish, investitsiya dasturlariga ularning umumiy parametrlari hamda koʻrsatkichlarini saqlagan holda tuzatish, qoʻshimcha va oʻzgartirishlar kiritish hamda oliy darajadagi tashriflar davomida imzolangan hujjatlarni amalga oshirish yuzasidan tasdiqlangan “yoʻl xaritalari” hamda xalqaro moliya institutlari va xorijiy hukumat moliya tashkilotlari bilan hamkorlik boʻyicha “yoʻl xaritalari”ga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish.
Bunda, oliy darajadagi tashriflar davomida imzolangan hujjatlarni amalga oshirish yuzasidan tasdiqlangan “yoʻl xaritalari”, shuningdek, xalqaro moliya institutlari va xorijiy hukumat moliya tashkilotlari bilan hamkorlik boʻyicha “yoʻl xaritalari”ning umumiy koʻrsatkichlarini oʻzgartirish Hukumat komissiyasi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi bilan kelishilgan holda amalga oshiriladi;
tegishli davlat boshqaruvi organlari, xoʻjalik birlashmalari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, huquqni muhofaza qiluvchi organlardan Hukumat komissiyasining vakolatlari doirasiga kiruvchi masalalar boʻyicha axborotni belgilangan tartibda soʻrash va olish;
Hukumat komissiyasi faoliyati sohasiga oid masalalarni oʻrganish va takliflar tayyorlash uchun mutaxassislar va ilmiy xodimlarni jalb etish;
Oldingi tahrirga qarang.
eksport qilishda transport xarajatlarining bir qismini kompensatsiya qilish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetidan subsidiyalar taqdim etiladigan mahsulotlar roʻyxatiga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish, subsidiyalar taqdim etish shartlari va miqdorlarini belgilash hamda tartibini tasdiqlash, shuningdek, mahsulot turi, hajmi va eksport yoʻnalishiga qarab subsidiyaning qatʼiy miqdorlarini belgilash;
Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi huzuridagi Eksportni ragʻbatlantirish agentligi tomonidan tijorat banklariga eksport bilan bogʻliq savdo operatsiyalari va eksportoldi moliyalashtirish kreditlari uchun Eksportni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan moliyaviy resurslar taqdim etish tartibini tasdiqlash, zarur hollarda, unga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish;
(6-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 8-yanvardagi 8-sonli qaroriga asosan oltinchi va yettinchi xatboshilar bilan toʻldirilgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 09.01.2021-y., 09/21/6/0004-son)
Oldingi tahrirga qarang.
tashqi savdo shartnomalari yuzasidan debitor va kreditor qarzdorliklarni qisqartirish, shuningdek, umidsiz qarzdorliklarni hisobdan chiqarish choralarini koʻrish;
(6-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 30-martdagi 167-sonli qaroriga asosan sakkizinchi xatboshi bilan toʻldirilgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 30.03.2021-y., 09/21/167/0255-son)
Oldingi tahrirga qarang.
elektrotexnika tarmogʻi tashkilotlariga moliyalashtirish manbalaridan qatʼi nazar, tanlovlar (tenderlar) doirasida avans toʻlovlarini amalga oshirish (qaytarish), xorijiy valyutadagi shartnoma shartlarini bajarish va yetkazib berilgan tovarlar (ishlar, xizmatlar) boʻyicha kafolat muddatlarini taʼminlash yuzasidan mahalliy tijorat banklaridan kafolatlar olishda garov taʼminoti sifatida Eksportni ragʻbatlantirish agentligi tomonidan kafilliklar berish tartibini tasdiqlash, zarur hollarda unga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish;
(6-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 8-oktabrdagi 631-sonli qaroriga asosan toʻqqizinchi xatboshi bilan toʻldirilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 09.10.2021-y., 09/21/631/0950-son)
Oldingi tahrirga qarang.
mahalliy eksport qiluvchi korxonalarning murojaatlariga asosan eksportoldi va eksport bilan bogʻliq savdo operatsiyalarini moliyalashtirish uchun Eksportni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan ajratilgan kreditlarni qaytarish muddatini olti oygacha uzaytirish;
Yosh tadbirkorlarni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi tomonidan oʻz mablagʻlari hisobidan toʻgʻridan-toʻgʻri moliyalashtirish tartibini belgilash.
(6-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 15-oktabrdagi 605-sonli qaroriga asosan oʻninchi va oʻn birinchi xatboshilar bilan toʻldirilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 15.10.2022-y., 09/22/605/0932-son)
Oldingi tahrirga qarang.
Hukumat komissiyasi qonunchilik hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega boʻlishi mumkin.
(6-bandning oʻninchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
7. Hukumat komissiyasi raisi komissiya faoliyati tashkil etilishi, unga yuklangan vazifalar va funksiyalar sifatli ijro etilishi, shuningdek, Hukumat komissiyasi samarasiz faoliyat yuritgan taqdirda, uni tugatish boʻyicha takliflar oʻz vaqtida kiritilishi uchun shaxsan javob beradi.
8. Hukumat komissiyasi aʼzolari ushbu Nizomga muvofiq ularga yuklangan vazifalar va funksiyalarni sifatli va samarali bajarish, shuningdek, Hukumat komissiyasi yigʻilishlarida shaxsan ishtirok etish uchun javob beradilar.
Hukumat komissiyasi aʼzosining uzrli sababga koʻra komissiya yigʻilishida shaxsan ishtirok etishi imkoni boʻlmaganda komissiya yigʻilishida ishtirok etish uchun tegishli vazirlik yoki idoradan uning oʻrnini bosuvchi xodim (rahbar) yuboriladi.
9. Hukumat komissiyasi:
oʻz faoliyatida belgilangan vazifalarning sifatli va oʻz vaqtida bajarilishini oʻrganish uchun doimiy ravishda respublika hududlariga tashriflarni amalga oshirib boradi;
har chorakda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga oʻziga yuklangan vazifalarning ijrosi toʻgʻrisida axborot kiritib boradi;
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining respublika hududlariga tashriflari yakunlari boʻyicha qabul qilingan bayonnoma topshiriqlarining eksport, investitsiyalar, hududiy sanoatni rivojlantirish va ishlab chiqarishni mahalliylashtirish hamda boshqa tashqi iqtisodiy aloqalar sohasidagi qismining ijrosini taʼminlaydi.
Oldingi tahrirga qarang.
(9-bandning beshinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 25-noyabrdagi 674-sonli qaroriga asosan chiqarilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 26.11.2022-y., 09/22/674/1041-son)
4-bob. Hukumat komissiyasi faoliyatini tashkil etish tartibi
10. Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining investitsiyalar va tashqi iqtisodiy aloqalar masalalari boʻyicha oʻrinbosari — investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Hukumat komissiyasining raisi hisoblanadi, uning vakolatiga quyidagilar kiradi:
Hukumat komissiyasi faoliyatiga rahbarlik qilish;
Hukumat komissiyasi yigʻilishini (sayyor yigʻilishini) chaqirish toʻgʻrisida qaror qabul qilish va ushbu yigʻilish kun tartibini belgilash;
Hukumat komissiyasi faoliyatini nazorat qilish;
Hukumat komissiyasiga yuklangan vazifalar va funksiyalar bajarilishi yuzasidan Hukumat komissiyasi aʼzolarining faoliyatini muvofiqlashtirish;
Hukumat komissiyasi tomonidan qabul qilingan qarorlarni, majlislar bayonlarini, ish rejalarini va komissiyaning boshqa hujjatlarini tasdiqlash;
Hukumat komissiyasi samarali faoliyatini taʼminlashga oid boshqa funksiyalarni bajarish.
Qarorlarni tezkor qabul qilish maqsadida Hukumat komissiyasi raisi Hukumat komissiyasi aʼzolari bilan soʻrov yoʻli bilan kelishilgan alohida masalalar boʻyicha Hukumat komissiyasi qarorlarini tasdiqlashi mumkin.
11. Hukumat komissiyasi raisining oʻrinbosarlari vakolatiga quyidagilar kiradi:
Hukumat komissiyasi yigʻilishi (sayyor yigʻilishi)ni chaqirishni tashkil etish;
Hukumat komissiyasi faoliyatining asosiy yoʻnalishlari yuzasidan takliflar tayyorlanishini tashkil etish;
tasdiqlangan rejaga muvofiq chora-tadbirlar rejasi bajarilishi va Hukumat komissiyasi aʼzolari ishi ustidan nazorat qilish;
tegishli davlat boshqaruvi organlari, xoʻjalik birlashmalari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan birgalikda Hukumat komissiyasi tomonidan qabul qilingan qarorlarning bajarilishini taʼminlash, tegishli axborot va takliflarni Hukumat komissiyasi raisiga kiritish;
Hukumat komissiyasi raisi boʻlmaganda yoki uning topshirigʻi boʻyicha Hukumat komissiyasi yigʻilishlariga raislik qilish;
Hukumat komissiyasi samarali ish olib borishini taʼminlash maqsadida boshqa funksiyalarni bajarish.
12. Hukumat komissiyasi aʼzolari quyidagi huquqlarga ega:
Hukumat komissiyasi yigʻilishlarida (sayyor yigʻilishlarida) koʻrib chiqiladigan kun tartibidagi masalalar boʻyicha muhokamada ishtirok etish va qarorlar qabul qilinishini taʼminlash;
Hukumat komissiyasi tomonidan koʻrib chiqiladigan masalalar yuzasidan xulosalar tayyorlash;
Hukumat komissiyasi qarorlari va yuklangan vazifalarning ijrosi yakunlari toʻgʻrisidagi hisobotni Hukumat komissiyasi raisiga taqdim etish;
Hukumat komissiyasi samarali ish olib borishini taʼminlashga oid boshqa funksiyalarni bajarish.
13. Majlislar zaruratga koʻra Hukumat komissiyasi raisi tomonidan, u boʻlmagan taqdirda esa uning oʻrinbosarlari tomonidan chaqiriladi.
Hukumat komissiyasi majlislari, agar ularning ishida Hukumat komissiyasi aʼzolarining umumiy sonining uchdan ikki qismi ishtirok etsa, vakolatli hisoblanadi.
14. Zarurat boʻlganda, Hukumat komissiyasi majlisiga koʻrib chiqilayotgan masalalarning xususiyatiga qarab vazirliklar va idoralar, jamoat tashkilotlari, xoʻjalik birlashmalari va boshqa tashkilotlarning rahbarlari taklif qilinadi.
5-bob. Hukumat komissiyasining ishchi organlari va kotibi
15. Quyidagilar:
eksport salohiyatini yanada kengaytirish, investitsiya loyihalarining samarali amalga oshirilishini taʼminlash masalalari boʻyicha — Vazirlar Mahkamasining Investitsiyalar, eksportni qoʻllab-quvvatlash va tashqi iqtisodiy aloqalar masalalari kotibiyati;
hududiy sanoatni rivojlantirish va ishlab chiqarishni mahalliylashtirish masalalari boʻyicha — Vazirlar Mahkamasining Sanoat va uning bazaviy tarmoqlarini hamda kooperatsiya aloqalarini rivojlantirish masalalari departamenti Hukumat komissiyasining Ishchi organlari hisoblanadi.
Hukumat komissiyasi kotibi Hukumat komissiyasining ishini yuritadi.
16. Hukumat komissiyasining Ishchi organlari va kotibi:
Hukumat komissiyasi faoliyatining tashkiliy-texnik taʼminotini amalga oshiradi;
ish rejasining loyihasini tayyorlaydi, uni Hukumat komissiyasi muhokamasiga kiritadi;
Hukumat komissiyasi yigʻilishida (sayyor yigʻilishida) koʻrib chiqish uchun materiallarning oʻz vaqtida tayyorlanishini taʼminlaydi, uning ishi oʻz vaqtida va sifatli bajarilishi uchun zarur boʻlgan axborot va materiallarni tegishli davlat boshqaruvi organlari, xoʻjalik birlashmalari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, huquqni muhofaza qiluvchi organlardan soʻraydi va oladi;
Hukumat komissiyasi yigʻilishining (sayyor yigʻilishining) kun tartibidagi masalalar boʻyicha tahliliy materiallarni tayyorlaydi;
Hukumat komissiyasi aʼzolarining takliflari, shuningdek, mulohazalarini qabul qiladi va tizimlashtiradi;
Hukumat komissiyasi yigʻilishi (sayyor yigʻilishi) uchun zarur hujjatlarning oʻz vaqtida tayyorlanishini taʼminlaydi;
Hukumat komissiyasi raisi bilan yigʻilish (sayyor yigʻilish) oʻtkazish muddati va joyini, shuningdek, taklif etilganlar roʻyxatini kelishadi, Hukumat komissiyasi aʼzolarini va taklif etilgan shaxslarni yigʻilish (sayyor yigʻilish) sanasi, vaqti va oʻtkaziladigan joyi haqida xabardor qiladi;
Hukumat komissiyasi yigʻilishi bayonnomalarini rasmiylashtiradi va tasdiqlangan bayonnomalar nusxalari Hukumat komissiyasi aʼzolari, tegishli davlat boshqaruvi organlari, xoʻjalik birlashmalari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari va huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yuborilishini taʼminlaydi;
Hukumat komissiyasi qarorlari ijrosi monitoringini olib boradi va uning yakunlarini Hukumat komissiyasi yigʻilishida (sayyor yigʻilishida) koʻrib chiqish uchun kiritadi.
6-bob. Hukumat komissiyasi qarorlarini qabul qilish va ularning bajarilishini taʼminlash tartibi
17. Hukumat komissiyasi qarorlari Hukumat komissiyasining yigʻilishda (sayyor yigʻilishda) ishtirok etayotgan aʼzolarining oddiy koʻpchilik ovozi bilan qabul qilinadi. Ovozlar teng boʻlganda Hukumat komissiyasi raisining ovozi hal qiluvchi ovoz hisoblanadi.
Hukumat komissiyasining har bir aʼzosi qabul qilinayotgan qaror yuzasidan oʻz fikrini yozma ravishda bildirishga haqlidir.
18. Hukumat komissiyasi yigʻilishida (sayyor yigʻilishida) qabul qilingan qarorlar bayonnoma bilan rasmiylashtiriladi va ushbu bayonnoma Hukumat komissiyasi raisi tomonidan tasdiqlanadi hamda bir hafta muddatda Hukumat komissiyasi aʼzolari, tegishli davlat boshqaruvi organlari, xoʻjalik birlashmalari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yuboriladi.
19. Hukumat komissiyasi qarorlari bajarilishini nazorat qilish Hukumat komissiyasining ishchi organlari tomonidan tegishli qismi boʻyicha amalga oshiriladi.
7-bob. Yakunlovchi qoida
Oldingi tahrirga qarang.
20. Mazkur Nizom talablarining buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javob beradilar.
(20-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 07.10.2020-y., 09/20/601/1354-son, 09.01.2021-y., 09/21/6/0004-son; 30.03.2021-y., 09/21/167/0255-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 09.10.2021-y., 09/21/631/0950-son; 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son; 15.10.2022-y., 09/22/605/0932-son; 26.11.2022-y., 09/22/674/1041-son; 20.09.2023-y., 09/23/482/0717-son)