O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
“MA’NAVIYAT VA MA’RIFAT” JAMOATChILIK MARKAZI HUZURIDAGI “OLTIN MEROS” XALQARO XAYRIYA JAMG‘ARMASINI QO‘LLAB-QUVVATLASh TO‘G‘RISIDA
Mazkur qaror O‘zbekistan Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 22-fevraldagi 87-sonli “O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining o‘z ahamiyatini yo‘qotgan ayrim qarorlarini o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblash to‘g‘risida (O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘z ahamiyatini yo‘qotgan qonunchilik hujjatlarini qayta ko‘rib chiqish tizimini joriy etish orqali mamlakatda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2020-yil 27-sentabrdagi PF-6075-son Farmoni)”gi qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Ma’naviyat va ma’rifat” jamoatchilik markazi faoliyatini yanada takomillashtirish va samaradorligini oshirish to‘g‘risida”gi Farmoniga binoan xalqimiz merosining noyob namunalarini to‘plash, avaylab asrash, targ‘ib etish, xalqimiz, ayniqsa, yoshlarimizda mustaqillik, vatanparvarlik tuyg‘usini shakllantirish, milliy an’analarimiz va urf-odatlarimiz davomiyligini, ravnaqini, ularning umuminsoniy qadriyatlar bilan uyg‘unlashib borishini ta’minlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Respublika “Ma’naviyat va ma’rifat” markazi huzurida “Oltin meros” xalqaro xayriya jamg‘armasi tuzilgani, uning Ustavi O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligida ro‘yxatdan o‘tkazilgani e’tiborga olinsin.
2. “Oltin meros” xalqaro xayriya jamg‘armasi tugatilgan Madaniyat jamg‘armasi, “Iste’dod” jamg‘armasi, “Ijodkorlar” jamg‘armasi, Milliy va ijtimoiy barqarorlik jamg‘armasi hamda “Yodgorlik” jamiyatining barcha mol-mulki va mablag‘larining huquqiy vorisi bo‘lishi ma’lumot uchun qabul qilinsin.
3. Jamg‘armaning asosiy maqsadi va vazifalari:
buyuk ajdodlarimizning asrlar davomida yaratgan bebaho madaniy-ma’rifiy merosini ko‘z qorachig‘iday asrab-avaylash, kelgusi avlodlarga yodgorlik qilib qoldirish, xalqimizning umuminsoniy qadriyatlar xazinasiga qo‘shgan ulkan hissasini butun dunyoga qayta tanitish, uni keng targ‘ib etib, kishilarimiz, ayniqsa, yoshlarimiz ongiga milliy g‘urur, milliy iftixor, Vatanga muhabbat va istiqlol g‘oyalariga sadoqat tuyg‘ularini singdirish;
o‘tmish madaniyatimizga oid qadimiy qo‘lyozmalar, tarixiy hujjatlar, xalq hunarmandchiligi, amaliy san’ati namunalari va tarixiy-madaniy qimmatga molik boshqa yodgorliklarni mamlakatimizda, xorijda izlab topish va o‘rganish, ulardan ulkan merosimizning uzviy qismi sifatida foydalanish;
respublikadagi va chet ellardagi madaniy-ma’rifiy tashkilotlar bilan hamkorlik qilish, xalqaro aloqalarni rivojlantirish maqsadida turli tanlov, auksion, festivallar uyushtirish, ijodiy-ilmiy delegatsiyalar almashish;
iste’dodli yoshlarni tanlab, ularning ijodiy kamolotiga moddiy va ma’naviy homiylik qilish;
o‘z va davlat dasturini bajarish uchun mablag‘larning muayyan qismini mamlakatimizdagi va xorijdagi faoliyat hisobidan, shu jumladan, qo‘shma korxonalar ochish yo‘li bilan jamg‘arishdan va Ustavida belgilangan boshqa xayrli ishlardan iborat ekanligi inobatga olinsin.
4. Jamg‘arma ta’sischilari va homiylarining (ro‘yxat ilova* qilinadi) hamda madaniy-ilmiy jamoatchilikning mazkur jamg‘armani moddiy-ma’naviy jihatlardan keng qo‘llab-quvvatlash haqidagi takliflari ma’qullansin.
* Ilova berilmaydi.
5. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari joylarda “Oltin meros” xalqaro xayriya jamg‘armasi bo‘limlarini tashkil etish, ularni bino va moddiy-texnika ashyolari bilan ta’minlash masalalarini bir oy muddat ichida hal qilsinlar.
6. Toshkent shahar hokimligi va O‘zbekiston Respublikasi Davlat mulkini boshqarish va tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash qo‘mitasi Toshkent shahar Shodlik ko‘chasidagi 6-uyni hovlisi va hovlidagi barcha qurilishlari bilan birga belgilangan tartibda “Oltin meros” xalqaro xayriya jamg‘armasiga haq olmasdan mulk qilib bersinlar.
Jamg‘arma joylashgan binoni milliy uslubda ta’mirlash va zamonaviy jihozlash ishlarini 3 oy muddat ichida tugallash O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki (R.S. Azimov)ga yuklansin.
7. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi (B. Hamidov) Jamg‘armaga Vazirlar Mahkamasining zaxirasidan 10 mln. so‘m miqdorida mablag‘ ajratsin.
Jamg‘arma dasturiga binoan chet ellardan milliy boyliklarimizni sotib olish uchun, xorijiy mamlakatlarga ekspeditsiyalar uyushtirish hamda o‘zining asosiy faoliyati doirasidagi buyurtmalari bo‘yicha norezidentlar bilan hisob-kitob qilish uchun mo‘ljallangan milliy so‘mni erkin muomaladagi valyutalarga ayirboshlash hal etilsin.
8. Belgilab qo‘yilsinki, Jamg‘arma, uning bo‘limlari va unga qarashli korxonalar Ustavida ko‘rsatilgan maqsadlar va vazifalarga qat’iy mos keladigan faoliyat yo‘nalishlari bo‘yicha:
ishlab chiqarish, tashqi iqtisodiy faoliyat va tijorat bilan shug‘ullanishga haqlidirlar;
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Ma’naviyat va ma’rifat” jamoatchilik markazi faoliyatini yanada takomillashtirish va samaradorligini oshirish to‘g‘risidagi Farmoniga binoan barcha turdagi soliqlardan besh yil muddatga ozod qilingan.
Oldingi tahrirga qarang.
(9-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2006-yil 7-noyabrdagi 230-sonli qaroriga muvofiq o‘z kuchini yo‘qotgan — O‘R QHT, 2006-y., 45-son, 445-modda)
10. Ommaviy axborot vositalariga “Oltin meros” xalqaro xayriya jamg‘armasi faoliyatini keng yoritish, doimiy maxsus ruknlar ochish tavsiya etilsin.
12. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Bosh vazir o‘rinbosari S. Saidqosimov zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1996-yil 27-sentabr,
338-son