O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
O‘zbekiston Respublikasi Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida
Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 1-avgustdagi 5497-sonli “O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish, shuningdek, ba’zilarini o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblash to‘g‘risida (O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 17-apreldagi PF-5418-sonli “Qishloq va suv xo‘jaligi davlat boshqaruvi tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 17-apreldagi PQ-3671-sonli “O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida” hamda 2018-yil 17-apreldagi PQ-3672-sonli “O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Qarorlari)”gi Farmoniga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasi Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2017-yil 4-avgustdagi PF-5134-son Farmonini ijro etish hamda O‘zbekiston Respublikasi Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi faoliyatini samarali tashkil etishni ta’minlash maqsadida:
1. Quyidagilar:
O‘zbekiston Respublikasi Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligining tashkiliy tuzilmasi 1-ilovaga* muvofiq;
O‘zbekiston Respublikasi Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi markaziy apparatining boshqaruv xodimlari cheklangan soni 130 nafardan iborat tuzilmasi 2-ilovaga* muvofiq;
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi tuzilmasi 3-ilovaga* muvofiq;
viloyat qishloq va suv xo‘jaligi boshqarmasining namunaviy tuzilmasi 4-ilovaga* muvofiq;
tuman qishloq va suv xo‘jaligi bo‘limining namunaviy tuzilmasi va boshqaruv xodimlarining cheklangan soni 5 va 5a-ilovalarga* muvofiq;
“O‘zsuvta’mirfoydalanish” Respublika boshqarmasi tarkibiga kiruvchi tashkilotlar ro‘yxati 6-ilovaga* muvofiq;
irrigatsiya tizimlari havza boshqarmalari tarkibiga kiruvchi tashkilotlar ro‘yxati 7-ilovaga* muvofiq;
O‘zbekiston Respublikasi Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligining tugatilayotgan va qayta tashkil etilayotgan tashkilotlari ro‘yxati 8-ilovaga* muvofiq;
suv xo‘jaligi obyektlarini qurish, rekonstruksiya qilish va ta’mirlash-tiklash ishlarini bajarishda buyurtmachi funksiyasini amalga oshiruvchi “Suv qurilish invest” DUKlar ro‘yxati 9-ilovaga* muvofiq tasdiqlansin.
* Ilovalar rus tilidagi matnda berilgan
O‘zbekiston Respublikasi qishloq va suv xo‘jaligi vaziriga, zarur hollarda, O‘zbekiston Respublikasi Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi markaziy apparati, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi, viloyat qishloq va suv xo‘jaligi boshqarmalari, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi tizimiga kiruvchi tashkilotlarning tuzilmalariga xodimlarning tasdiqlangan umumiy soni doirasida o‘zgartirishlar kiritish huquqi berilsin.
2. Belgilab qo‘yilsinki:
O‘zbekiston Respublikasi Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligining o‘z vakolatlari doirasida qabul qilgan qarorlari davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari, mulkchilik shakllari va idoraviy bo‘ysunuvidan qat’i nazar, xo‘jalik yurituvchi subyektlar hamda fuqarolar tomonidan bajarilishi majburiy hisoblanadi;
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi, viloyat qishloq va suv xo‘jaligi boshqarmalari, tuman qishloq va suv xo‘jaligi bo‘limlari tegishli ravishda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashiga, viloyatlar, tumanlar hokimliklariga hamda O‘zbekiston Respublikasi Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligiga hisobot beradilar.
3. O‘zbekiston Respublikasi Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi:
O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi bilan birgalikda bir oy muddatda O‘zbekiston Respublikasi Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi markaziy apparati xodimlari hamda uning idoraviy mansub va hududiy tashkilotlarining yangilangan shtat jadvalini belgilangan tartibda tasdiqlasin;
O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi hamda Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi bilan birgalikda bir oy muddatda O‘zbekiston Respublikasi Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi budjet tashkilotlarining rahbar, muhandis-texnik va ishlab chiqarish xodimlarining shtat normativlari hamda mehnatga haq to‘lash shartlarini qayta ko‘rib chiqsin va tasdiqlasin, bunda amaldagi koeffitsiyentlar, ustama va qo‘shimcha haqlarning barcha turlarini saqlab qolish nazarda tutilsin;
bir oy muddatda Qishloq va suv xo‘jaligida investitsiya loyihalarini amalga oshirish markazi to‘g‘risidagi nizomni va uning tuzilmasini tasdiqlasin;
bir oy muddatda Quyisirdaryo, Quyiamudaryo, Zarafshon, Sirdaryo-Zarafshon, Quyizarafshon va Amudaryo chap qirg‘oq irrigatsiya tizimlari havza boshqarmalarini tuzish, shuningdek irrigatsiya tizimlari boshqarmalarini qayta tashkil etishni nihoyasiga yetkazsin;
tegishli irrigatsiya tizimlari havza boshqarmalari va irrigatsiya tizimlari boshqarmalarining asosiy fondlarining bir qismi, limitlari, moddiy-texnika resurslari, mexanizmlari, avtotransport vositalari, shtat birliklari, budjetdan ajratiladigan mablag‘larini yangidan tashkil etilayotgan irrigatsiya tizimlari havza boshqarmalariga va tuman irrigatsiya bo‘limlariga belgilangan tartibda o‘tkazilishini ta’minlasin;
O‘zbekiston Respublikasi Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligining yangidan tashkil etilgan tuzilmalarining shtat jadvallari va xarajatlar smetalarini 2017-yil 1-avgust holatiga ko‘ra qayta ro‘yxatdan o‘tkazsin.
4. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi ikki oy muddatda:
O‘zbekiston Respublikasi Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi to‘g‘risidagi nizomni;
viloyat qishloq va suv xo‘jaligi boshqarmalari haqidagi namunaviy nizomni;
tuman qishloq va suv xo‘jaligi bo‘limlari haqidagi namunaviy nizomni;
irrigatsiya tizimlari havza boshqarmalari to‘g‘risidagi namunaviy nizomni;
irrigatsiya tizimlari boshqarmalari to‘g‘risidagi namunaviy nizomni;
tuman irrigatsiya bo‘limlari haqidagi namunaviy nizomni tasdiqlasin.
5. O‘zbekiston Respublikasi Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi, Moliya vazirligi, Xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasining:
“Dehqonsavdo” DUKni — “O‘zbekoziqovqatxolding” XKning ustav jamg‘armasiga;
Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatidagi “MMTP Agrointexnika” DUKni, Sirdaryo viloyatidagi “MMTP YuKO” DUKni — “O‘zagrotexsanoatxolding” XKning ustav jamg‘armasiga;
“Biosifat” Respublika markaziy laboratoriyasini — “O‘zagrokimyohimoya” AJning ustav jamg‘armasiga davlat ulushini oshirish hisobiga balans qiymatida berish to‘g‘risidagi takliflari ma’qullansin.
6. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasi Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi markaziy apparati tuzilmasiga qisman o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida” 2017-yil 10-apreldagi PQ-2878-son qarori o‘z kuchini yo‘qotgan, deb hisoblansin.
7. O‘zbekiston Respublikasi Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi Adliya vazirligi, boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida ikki oy muddatda Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
8. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari — qishloq va suv xo‘jaligi vaziri Z.T. Mirzayev zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2017-yil 4-avgust,
PQ-3172-son
(O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2017-y., 32-son, 797-modda; Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 22.11.2017-y., 06/17/5250/0284-son)