Oʻzbekiston Respublikasining qonuni
Oʻsimlik dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish toʻgʻrisida
Mazkur Qonun Oʻzbekiston Respublikasining 2016-yil 21-sentabrdagi OʻRQ-409-sonli “Oʻsimlik dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida”gi Qonuniga asosan yangi tahrirda qabul qilingan.
1-modda. Oʻsimlik dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari
Oʻsimlik dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari ushbu Qonundan va boshqa qonun hujjatlaridan iborat.
Ushbu Qonun tabiiy sharoitda oʻsadigan oʻsimlik dunyosini, shuningdek, takror etishtirish va genetik fondini saqlash uchun ekib oʻstiriladigan yovvoyi oʻsimliklarni muhofaza qilish va ulardan foydalanish sohasidagi munosabatlarni tartibga soladi.
Oʻrmonlarni muhofaza qilish va ulardan foydalanish sohasidagi munosabatlar oʻrmonlar toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari bilan ham tartibga solinadi.
Qoraqalpogʻiston Respublikasida oʻsimlik dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish sohasidagi munosabatlar Qoraqalpogʻiston Respublikasi qonun hujjatlari bilan ham tartibga solinadi.
Agar Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasida oʻsimlik dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish toʻgʻrisidagi qonun hujjatlaridagidan boshqacha qoidalar belgilangan boʻlsa, xalqaro shartnoma qoidalari qoʻllaniladi.
2-modda. Oʻsimlik dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarining asosiy vazifalari
Oʻsimlik dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarining asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:
floraning tur boʻyicha tarkibini va genetik fondini tabiiy sharoitlarda saqlab qolish;
tabiiy oʻsimlik jamoalarining va yovvoyi oʻsimliklar oʻsadigan muhitning bir butunligini saqlab qolish;
oʻsimlik dunyosidan oqilona foydalanishni va uni takror etishtirishni taʼminlash;
yuridik va jismoniy shaxslarning oʻsimlik dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish sohasidagi faoliyatini huquqiy tartibga solish.
3-modda. Oʻsimlik dunyosiga nisbatan mulkdorlik
Oʻsimlik dunyosi davlat mulki umummilliy boylik boʻlib, undan oqilona foydalanish zarur va u davlat muhofazasidadir.
4-modda. Oʻsimlik dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish sohasidagi davlat boshqaruvi
Oʻsimlik dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish sohasidagi davlat boshqaruvi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi, mahalliy davlat hokimiyati organlari, shuningdek, maxsus vakolat berilgan davlat organlari tomonidan amalga oshiriladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi va Oʻzbekiston Respublikasi Davlat oʻrmon qoʻmitasi oʻsimlik dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish sohasida maxsus vakolat berilgan davlat boshqaruv organlaridir.
Keyingi tahrirga qarang.
5-modda. Oʻsimlik dunyosi obyektlari
Oʻsimlik dunyosi obyektlari quyidagilardan iborat:
yovvoyi organizmlar daraxtlar, butalar va oʻtsimon urugʻlaydigan oʻsimliklar, qirqquloqsimonlar, yoʻsinsimonlar, suvoʻtlar, lishayniklar va zamburugʻlar oʻzining barcha xilma-xil turlari bilan;
yovvoyi organizmlardan tashkil topadigan tabiiy oʻsimlik jamoalari yoki ularning har qanday majmui;
kamyob va yoʻqolib ketish xavfi ostida turgan oʻsimlik turlari;
yovvoyi oʻsimliklarning mevalari, urugʻlari va boshqa qismlari yoki ular hayoti faoliyatining mahsullari.
6-modda. Oʻsimlik dunyosi obyektlaridan foydalanish
Oʻsimlik dunyosi obyektlaridan foydalanish umumiy va maxsus boʻlishi mumkin.
Oʻsimlik dunyosi obyektlaridan umumiy foydalanish jismoniy shaxslar tomonidan hayotiy zarur ehtiyojlarni qondirish uchun qonun hujjatlarida belgilangan miqdorlarda va tartibda bepul amalga oshiriladi.
Oʻsimlik dunyosi obyektlari maxsus foydalanishga ishlab chiqarish faoliyatini va boshqa faoliyatni amalga oshirish uchun haq evaziga yuridik va jismoniy shaxslarga ruxsatnomalar asosida berib qoʻyiladi. Oʻsimlik dunyosi obyektlaridan foydalanish uchun obyektni, turni, hajmni va muayyan hudud doirasida foydalanish muddatini belgilaydigan ruxsatnoma Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi, vakolatli davlat organlari tomonidan beriladi. Oʻsimlik dunyosi obyektlaridan maxsus foydalanish tartibi va shartlari qonun hujjatlarida belgilanadi.
7-modda. Oʻsimlik dunyosi obyektlaridan foydalanish turlari
Oʻsimlik dunyosi obyektlaridan foydalanish turlari quyidagilardan iborat:
chorvachilik ehtiyojlari uchun yovvoyi ozuqa mahsulotini tayyorlash;
chorva mollarni oʻtlatish;
oʻsimlik dunyosi obyektlaridan ovchilik xoʻjaligi ehtiyojlari uchun foydalanish;
yovvoyi oʻsimliklar texnik xomashyosini tayyorlash;
yovvoyi oʻsimliklar dorivor xomashyosini tayyorlash (yigʻish);
yovvoyi oʻsimliklarni oziq-ovqat maqsadlari uchun tayyorlash (yigʻish);
daraxt va butalarni kesish;
oʻsimlik dunyosi obyektlaridan ilmiy-tadqiqot maqsadlarida foydalanish;
oʻsimlik dunyosi obyektlaridan madaniy-maʼrifiy, tarbiyaviy, sogʻlomlashtirish, rekreatsion va estetik maqsadlarda foydalanish;
oʻsimlik dunyosi obyektlaridan tabiatni muhofaza qilish maqsadlarida foydalanish.
Qonun hujjatlarida oʻsimlik dunyosi obyektlaridan foydalanishning boshqa turlari ham nazarda tutilishi mumkin.
8-modda. Oʻsimlik dunyosi obyektlaridan foydalanish muddatlari
Oʻsimlik dunyosi obyektlari doimiy yoki vaqtincha (uzoq muddatli va qisqa muddatli foydalanishga berib qoʻyilishi mumkin.
9-modda. Oʻsimlik dunyosi obyektlaridan foydalanish normativlari
Oʻsimlik dunyosi obyektlaridan foydalanish normativlari quyidagilardan iborat:
dorivor va oziqbop oʻsimliklarning yovvoyi turlarini hamda oʻsimliklar texnik xomashyosini tayyorlash uchun Oʻzbekiston Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi bilan kelishib tasdiqlagan kvotalar;
tabiiy pichanzorlar va yaylovlarda pichan oʻrish hamda chorva mollarni oʻtlatishning mahalliy davlat hokimiyati organlari tegishli qishloq va suv xoʻjaligi, shuningdek, oʻrmon xoʻjaligi davlat organlari taqdimnomasi boʻyicha tasdiqlagan normalari va muddatlari;
qonun hujjatlari bilan belgilangan boshqa normativlar.
10-modda. Oʻsimlik dunyosi obyektlaridan foydalanuvchilarning huquq va majburiyatlari
Oʻsimlik dunyosi obyektlaridan foydalanuvchilar quyidagi huquqlarga ega:
oʻsimlik dunyosi obyektlaridan ularni berib qoʻyish shartlariga muvofiq foydalanish;
oʻsimlik dunyosi obyektlarining belgilangan tartibda olingan mahsulotini tasarruf etish;
oʻsimlik dunyosi obyektlaridan foydalanish borasidagi buzilgan huquqlarning tiklanishi va oʻzlariga yetkazilgan zararning qoplanishi.
Oʻsimlik dunyosi obyektlaridan foydalanuvchilar:
oʻsimlik dunyosi obyektlaridan foydalanishning belgilangan qoidalariga rioya etishlari;
foydalanishga berib qoʻyilgan oʻsimlik dunyosi obyektlaridan oqilona foydalanishlari;
oʻsimlik dunyosi obyektlarini muhofaza qilish va ularni takror etishtirish chora-tadbirlarini amalga oshirishlari;
oʻsimlik dunyosi obyektlaridan foydalanish joylarida yongʻin xavfsizligiga rioya etishlari va yongʻinga qarshi tadbirlarni amalga oshirishlari, yongʻin chiqqan hollarda esa uni oʻchirish choralarini koʻrishlari;
oʻsimlik dunyosi obyektlaridan foydalanganlik uchun haqni oʻz vaqtida toʻlashlari shart.
Oʻsimlik dunyosi obyektlaridan foydalanuvchilar qonun hujjatlarida belgilangan boshqa huquq va majburiyatlarga ega boʻlishlari mumkin.
11-modda. Oʻsimlik dunyosi obyektlaridan foydalanishni cheklash, toʻxtatib turish va man etish
Oʻsimlik dunyosi obyektlarini saqlab qolish va ularni takror etishtirish hamda ular oʻsadigan muhitni saqlash va qayta tiklash maqsadida oʻsimlik dunyosi obyektlaridan foydalanish qonun hujjatlarida belgilangan tartibda cheklab qoʻyilishi, toʻxtatib turilishi yoki man etilishi mumkin.
Qoʻriqxonalar, qoʻriqlanadigan tegralar va tabiat yodgorliklarida oʻsimlik dunyosi obyektlaridan foydalanishga yoʻl qoʻyilmaydi. Oʻzbekiston Respublikasi Qizil kitobiga kiritilgan kamyob va yoʻqolib ketish xavfi ostida turgan oʻsimlik turlarini tayyorlash (yigʻish) man etiladi.
Keyingi tahrirga qarang.
Oʻzbekiston Respublikasi Qizil kitobiga kiritilgan oʻsimlik turlaridan foydalanish, ular bilan (ularning qismlari yoki faoliyat mahsullari bilan) savdo qilish, ularni chet elga olib chiqishga alohida hollarda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi, Oʻzbekiston Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish davlat qoʻmitasining taqdimnomasi va Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining xulosasi boʻyicha beradigan ruxsatnomalar asosida yoʻl qoʻyiladi.
12-modda. Chorvachilik ehtiyojlari uchun yovvoyi ozuqa mahsulotini tayyorlash va chorva mollarni oʻtlatish
Yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan chorvachilik ehtiyojlari uchun yovvoyi ozuqa mahsulotini tayyorlash va chorva mollarni oʻtlatish ana shu maqsadlar uchun ularga maxsus berib qoʻyilgan tabiiy em-xashak etishtiriladigan maydonlarda quyidagi tartibda amalga oshiriladi:
oʻrmon fondi hududida — oʻrmon biletlari boʻyicha;
qishloq xoʻjaligi korxonalari, muassasalari va tashkilotlari egaligidagi yerlar hududida ularning ruxsatnomalari boʻyicha;
zaxiradagi yerlarda mahalliy davlat hokimiyati organlarining qarorlari asosida.
13-modda. Oʻsimlik dunyosi obyektlaridan ovchilik xoʻjaligi ehtiyojlari uchun foydalanish
Yuridik va jismoniy shaxslarning oʻsimlik dunyosi obyektlaridan ovchilik xoʻjaligi ehtiyojlari uchun foydalanishi ularga oʻsimlik dunyosi obyektlarini olib qoʻymagan holda berilgan ovchilik yerlarida qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
14-modda. Yovvoyi oʻsimliklar dorivor va texnik xomashyosini, oziq-ovqat maqsadlari uchun yovvoyi oʻsimliklarni tayyorlash (yigʻish)
Tabiiy oʻsimliklar jamoalarida yovvoyi oʻsimliklar dorivor va texnik xomashyosini, oziq-ovqat maqsadlari uchun yovvoyi oʻsimliklarni yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan tayyorlashga (yigʻishga) qonun hujjatlarida belgilangan tartibda yoʻl qoʻyiladi.
15-modda. Daraxt va butalarni kesish
Oʻrmon fondi yerlarida daraxt va butalarni kesish qonun hujjatlarida belgilangan tartibda beriladigan ruxsatnomalar boʻyicha amalga oshiriladi.
Oʻrmon fondiga kirmaydigan daraxt va butalarni kesishga faqat sanitariya maqsadlarida hamda binolar, inshootlar va kommunikatsiyalar qurilishi bilan bogʻliq holdagina mahalliy davlat hokimiyati organlarining Oʻzbekiston Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi bilan kelishilgan qaroriga binoan yoʻl qoʻyiladi.
16-modda. Oʻsimlik dunyosi obyektlaridan ilmiy-tadqiqot maqsadlarida foydalanish
Yovvoyi oʻsimliklarni, ularning qismlarini va mahsullarini oʻsish muhitidan ajratib olmasdan va ajratib olgan holda oʻsimlik dunyosi obyektlaridan ilmiy-tadqiqot maqsadlarida foydalanishga qonun hujjatlarida belgilangan tartibda yoʻl qoʻyiladi.
Tabiiy oʻsimliklar jamoalarida ilmiy-tadqiqot ishlarini olib borish uchun tegishli yuridik shaxslarga qonun hujjatlarida belgilangan tartibda maxsus uchastkalar ajratilishi mumkin boʻlib, bu uchastkalarda oʻsimlik dunyosi obyektlaridan boshqa yuridik va jismoniy shaxslarning foydalanishi ilmiy-tadqiqot ishlarini oʻtkazish maqsadlariga nomuvofiq boʻlsa, bunday foydalanish cheklanadi yoki man etiladi.
17-modda. Oʻsimlik dunyosi obyektlaridan maʼdaniy-maʼrifiy, tarbiyaviy, sogʻlomlashtirish, rekreatsion va estetik maqsadlarda foydalanish
Oʻsimlik dunyosi obyektlaridan madaniy-maʼrifiy, tarbiyaviy, sogʻlomlashtirish, rekreatsion va estetik maqsadlarda foydalanish qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
Shifobaxsh xususiyatlarga ega boʻlgan va aholining dam olishi uchun qulay shart-sharoit yaratadigan oʻsimlik dunyosi obyektlaridan sogʻlomlashtirish va rekreatsion maqsadlarda foydalaniladi.
18-modda. Oʻsimlik dunyosi obyektlaridan tabiatni muhofaza qilish maqsadlarida foydalanish
Oʻsimlik dunyosi obyektlaridan tabiatni muhofaza qilish maqsadlarida foydalanish qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
19-modda. Oʻsimlik dunyosi obyektlaridan foydalanish huquqini bekor qilish
Oʻsimlik dunyosi obyektlaridan foydalanish huquqi quyidagi hollarda bekor qilinadi:
oʻsimlik dunyosi obyektidan foydalanish huquqidan voz kechilganda;
belgilangan foydalanish muddati tugaganda;
oʻsimlik dunyosi obyektidan foydalanish huquqi berilgan yuridik shaxs tugatilganda;
oʻsimlik dunyosi obyektlarini muhofaza qilish, ulardan foydalanish va ularni takror etishtirish qoidalari, normativlari va boshqa talablari buzilganda;
oʻsimlik dunyosi obyektlaridan foydalanganlik uchun haq belgilangan muddatda toʻlanmaganda;
foydalanish taʼsirida tabiiy oʻsimliklar jamoalarida asliga qaytarib boʻlmaydigan oʻzgarishlar xavfi tugʻilganda;
er uchastkalari davlat yoki jamoat ehtiyojlari uchun olib qoʻyilganda.
Oʻsimlik dunyosi obyektlaridan foydalanish huquqini bekor qilish tartibi qonun hujjatlarida belgilanadi.
20-modda. Ayrim turdagi yovvoyi oʻsimliklarning tarqalishini va ularning miqdorini tartibga solish
Ayrim turdagi yovvoyi oʻsimliklarning (shudgorlar, pichanzorlar va yaylovlarni tabiiy suratda bosib ketadigan zaharli, giyohvand moddali, karantindagi oʻsimliklar, begona oʻtlar hamda boshqa oʻsimliklarning) tarqalishini va ularning miqdorini tartibga solish boshqa oʻsimliklarga va oʻzga tabiat obyektlariga zarar yetkazilishiga yoʻl qoʻymaydigan hamda tabiiy oʻsimliklar jamoalarining va ular oʻsadigan muhitning saqlanishini taʼminlaydigan usullar bilan amalga oshiriladi.
Tarqalishi va miqdori tartibga solinishi lozim boʻlgan yovvoyi oʻsimliklarning turlari, shuningdek, ana shu tartibga solish qoidasi maxsus vakolat berilgan davlat organlari tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining xulosalari asosida belgilanadi.
21-modda. Yovvoyi oʻsimliklarni boshqa joyga koʻchirish va duragaylash
Oʻsimliklarning yangi turlarini yovvoyi floraga koʻchirish, shuningdek, yovvoyi oʻsimliklarni duragaylashga maxsus vakolat berilgan davlat organlari Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi va oʻsimliklar karantini boʻyicha davlat xizmati organlarining xulosalari asosida chiqargan qarorga binoan ilmiy-tadqiqot va xoʻjalik maqsadlarida belgilangan tartibda yoʻl qoʻyiladi.
22-modda. Botanika kolleksiyalari toʻplash
Ilmiy, madaniy-maʼrifiy, oʻquv-tarbiyaviy yoki estetik qimmatga ega boʻlgan botanika kolleksiyalari davlat hisobidan oʻtkazilishi lozim.
Botanika kolleksiyalarini toʻplash va ularni toʻldirib borish uchun yuridik va jismoniy shaxslarning yovvoyi oʻsimliklarni olishiga qonun hujjatlari talablariga rioya etilgan taqdirda yoʻl qoʻyiladi.
Botanika kolleksiyalarining egalari boʻlmish yuridik va jismoniy shaxslar Oʻzbekiston Respublikasi tabiatni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi tomonidan tasdiqlangan hisobga olish, toʻldirib borish, asrash, sotib olish va sotish, joʻnatish, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi hududiga olib kirish va undan olib chiqish qoidalariga rioya etishlari shart.
23-modda. Oʻsimlik dunyosi obyektlarini muhofaza qilish va takror etishtirish
Oʻsimlik dunyosi obyektlarini muhofaza qilish va takror etishtirish quyidagi yoʻllar bilan taʼminlanadi:
Oʻsimlik dunyosi obyektlarini muhofaza qilish, ulardan foydalanish va ularni takror etishtirish qoidalari va normativlarini belgilash;
Oʻzbekiston Respublikasi Qizil kitobiga kiritilgan kamyob va yoʻqolib ketish xavfi ostida turgan oʻsimliklar turlarini muhofaza qilishning alohida rejimini belgilash;
oʻsimlik dunyosi obyektlaridan foydalanishda cheklashlar va taqiqlar belgilash;
oʻsimlik dunyosi obyektlari oʻsadigan muhitni muhofaza qilish talablariga rioya qilish;
alohida muhofaza etiladigan tabiiy hududlar barpo qilish;
Keyingi tahrirga qarang.
oʻsimlik dunyosi obyektlari va ular oʻsadigan muhitni muhofaza qilish, ulardan foydalanish va ularni takror etishtirish sohasidagi ilmiy tadqiqotlarni tashkil etish;
davlat ekologik ekspertizasi oʻtkazish;
oʻsimlik dunyosi obyektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish ustidan davlat nazoratini amalga oshirish;
qonun hujjatlarida belgilangan boshqa tadbirlarni amalga oshirish.
24-modda. Oʻsimlik dunyosi obyektlari oʻsadigan muhitni muhofaza qilish
Oʻsimlik dunyosi obyektlari oʻsadigan muhitga taʼsir koʻrsatadigan faoliyat oʻsimlik dunyosi obyektlarining saqlanishini taʼminlaydigan talablarga rioya etilgan holda amalga oshirilishi lozim.
Oʻsimlik dunyosi oʻsadigan muhitga salbiy taʼsir koʻrsatishi mumkin boʻlgan ishlab chiqarish obyektlarini joylashtirish va ulardan foydalanish, yangi texnologiyalarni joriy etish, geologiya-qidiruv ishlarini oʻtkazish, foydali qazilmalarni qazib olish, chorva mollar oʻtlatiladigan hamda qishloq xoʻjalik hayvonlarini haydab oʻtiladigan joylarni aniqlash Oʻzbekiston Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi va Oʻzbekiston Respublikasi Davlat oʻrmon qoʻmitasi bilan kelishib olinishi shart.
Keyingi tahrirga qarang.
Oʻsimlik dunyosi obyektlari oʻsadigan muhitni himoya qilish chora-tadbirlari bilan taʼminlanmagan ishlab chiqarish obyektlarini ishga tushirish hamda texnologiyalarini qoʻllanish man etiladi.
Oʻsimliklarni himoya qilish vositalari, ularning oʻsishini tezlashtiruvchilar, mineral oʻgʻitlar va boshqa dorilarni qoʻllanish paytida oʻsimlik dunyosi obyektlari va ular oʻsadigan muhitni muhofaza qilish talablari hisobga olinishi zarur. Yuridik va jismoniy shaxslar yovvoyi oʻsimliklar nobud boʻlishining va ular oʻsadigan muhit yomonlashishining oldini olish maqsadida mazkur dorilarni tashish, saqlash va qoʻllanish qoidalariga rioya etishlari shart.
Tabiiy oʻsimliklar jamoalarida oʻsimliklarni oʻzboshimchalik bilan yoqib yuborish man etiladi.
25-modda. Oʻsimlik dunyosi obyektlarining monitoringi
Oʻsimlik dunyosi obyektlarini kuzatib borish, ularning holati toʻgʻrisida maʼlumotlarni toʻplash, umumlashtirish va tahlil etish atrof tabiiy muhit davlat monitoringi yagona tizimi boʻyicha qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
26-modda. Oʻsimlik dunyosi obyektlarini davlat tomonidan hisobga olish va davlat kadastri
Oʻsimlik dunyosini muhofaza qilishni taʼminlash va undan oqilona foydalanishni tashkil etish uchun oʻsimlik dunyosi obyektlari va ulardan foydalanishning davlat hisobi, oʻsimlik dunyosi obyektlarining davlat kadastri yuritiladi.
Oʻsimlik dunyosi obyektlarining davlat kadastri oʻsimlik dunyosi obyektlarining jugʻrofiy tarqalishi, ularning miqdori, xoʻjalikda foydalanishi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar majmuini, ular oʻsadigan muhitning tavsifini oʻz ichiga oladi.
Oʻsimlik dunyosi obyektlarining davlat hisobi va davlat kadastri Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi belgilagan tartibda yagona tizim boʻyicha yuritiladi.
27-modda. Oʻsimlik dunyosi obyektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish ustidan nazorat
Oʻsimlik dunyosi obyektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish ustidan davlat nazorati mahalliy davlat hokimiyati organlari, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi tomonidan qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
Keyingi tahrirga qarang.
Oʻsimlik dunyosi obyektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish ustidan idoraviy, ishlab chiqarish va jamoatchilik nazorati qonun hujjatlariga muvofiq amalga oshiriladi.
28-modda. Oʻsimlik dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarini buzganlik uchun javobgarlik
Oʻsimlik dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarini buzishda aybdor boʻlgan shaxslar belgilangan tartibda javobgarlikka tortiladilar.
Yuridik va jismoniy shaxslar oʻsimlik dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarini buzish oqibatida yetkazilgan zararni qonun hujjatlarida belgilangan tartibda va shartlarda qoplashlari shart. Zararni qoplash aybdorlarni qonun hujjatlariga muvofiq javobgarlikdan ozod qilmaydi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1997-yil 26-dekabr,
543-I-son
(Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1998-y., 1-son, 12-modda; 2000-y., 5-6-son, 153-modda; Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2011-y., 1-2-son, 1-modda; 2013-y., 18-son, 233-modda; 2014-y., 36-son, 452-modda)