Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirining
buyrugʻi
Yuridik xizmatlarining maʼlumotlar bazasini shakllantirish va yuritish, maʼlumotlar bazasiga kiritish uchun maʼlumot taqdim etish shakllari va muddatlarini belgilash tartibi toʻgʻrisidagi nizomga oʻzgartirishlar kiritish haqida
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2015-yil 29-iyulda 2285-1-son bilan davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan]
Mazkur buyruq Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2017-yil 28-fevraldagi 39-mh-sonli “Davlat organlari va tashkilotlari yuridik xizmatlarining maʼlumotlari bazasini shakllantirish va yuritish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi buyrugʻiga (roʻyxat raqami 2861, 28.02.2017-y.) asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2015-yil 4-iyundagi 149-son “Davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari yuridik xizmatlari faoliyatining yanada takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq buyuraman:
1. Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2011-yil 30-noyabrdagi 255-mh-son buyrugʻi (roʻyxat raqami 2285, 2011-yil 30-noyabr) (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2011-y., 48-son, 497-modda) bilan tasdiqlangan Yuridik xizmatlarining maʼlumotlar bazasini shakllantirish va yuritish, maʼlumotlar bazasiga kiritish uchun maʼlumot taqdim etish shakllari va muddatlarini belgilash tartibi toʻgʻrisidagi nizomga ilovaga muvofiq oʻzgartirishlar kiritilsin.
2. Mazkur buyruq davlat roʻyxatidan oʻtkazilsin va bu haqda Idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazish boshqarmasi (O. Hakimov) Idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarning davlat reyestriga tegishli yozuv kiritsin.
3. Qonun hujjatlarini turkumlash va huquqiy axborot boshqarmasi (D. Ibragimova) mazkur idoraviy normativ-huquqiy hujjatni “Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami” — “Sobraniye zakonodatelstva Respubliki Uzbekistan”da nashr etilishini taʼminlasin.
4. Tashkiliy-nazorat va tahlil boshqarmasi (M. Ishbekov) mazkur idoraviy normativ-huquqiy hujjatni barcha manfaatdor shaxslarga yetkazilishini taʼminlasin.
5. Mazkur buyruq rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Vazir oʻrinbosari A. USMANOV
Toshkent sh.,
2015-yil 29-iyul,
246-mh-son
Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2015-yil 29-iyuldagi 246-mh-son buyrugʻiga
ILOVA
ILOVA
Yuridik xizmatlarining maʼlumotlar bazasini shakllantirish va yuritish, maʼlumotlar bazasiga kiritish uchun maʼlumot taqdim etish shakllari va muddatlarini belgilash tartibi toʻgʻrisidagi nizomga kiritilayotgan oʻzgartirishlar
1. 3-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“3. Vazirlik va hududiy adliya organlari tashkilotlarda yuridik xizmat faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish funksiyalarini amalga oshirish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2007-yil 24-avgustdagi 182-son “Davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari, davlat korxonalari, muassasalari va tashkilotlari faoliyatini huquqiy taʼminlash darajasini yanada oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan tashkilotlar tomonidan mazkur Nizomga muvofiq taqdim etiladigan yuridik xizmatlar xodimlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlardan tashqari, ularning yuridik xizmati faoliyatiga doir boshqa tegishli hujjatlar va maʼlumotlarni soʻrab olish huquqiga ega.”.
2. 7-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“7. Tashkilotlar har yili 1-iyunga qadar tegishli adliya organlariga mazkur Nizomning 1-ilovasiga muvofiq shaklda yuridik xizmat xodimlari, shu jumladan yuridik xizmatdagi mavjud vakant oʻrinlar toʻgʻrisida axborot taqdim etadilar.
Yil davomida yuridik xizmat xodimlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar oʻzgargan taqdirda (boʻshatish yoki tayinlash va boshqalar), tashkilotlar oʻn kun muddatda tegishli axborotni adliya organiga yuboradilar.
Bunda davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari markaziy apparatlarining yuridik xizmatlari xodimlari toʻgʻrisidagi axborot Vazirlikka, davlat boshqaruvi organlarining hududiy boʻlinmalari, tuman va shahar hokimliklari, davlat korxonalari, muassasalari va tashkilotlarining yuridik xizmat xodimlari toʻgʻrisidagi axborot esa, hududiy adliya organlariga taqdim etiladi.
Yuridik xizmat xodimlari toʻgʻrisidagi axborotlar, texnik imkoniyatlar mavjud boʻlgan taqdirda, elektron hujjat shaklida taqdim etiladi.”.
3. 8-band oʻz kuchini yoʻqotgan deb topilsin.
4. 9-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“9. Hududiy adliya organlari har chorak tugagandan keyingi oyning 5-sanasiga qadar vazirlikka yuridik xizmatlar maʼlumotlari yigʻma bazasiga kiritish va uni muntazam ravishda yangilab borish uchun oʻzlari tomonidan yuritilgan yuridik xizmatlar maʼlumotlari hududiy bazasini elektron koʻrinishda taqdim etadi.”.
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2015-y., 30-son, 403-modda)