Norasmiy tarjima
FAKULTATIV BAYONNOMA
Bola huquqlari toʻgʻrisidagi Konvensiyaga bolalarning qurolli mojarolarda ishtirokiga taalluqli
Ushbu Bayonnomaning ishtirokchi-davlatlari,
bola huquqlarini ragʻbatlantirish va himoya qilishga xizmat qiluvchi keng tarqalgan tayyorlik haqida guvohlik beradigan Bola huquqlari toʻgʻrisidagi konvensiyaning umumiy qoʻllab-quvvatlanishidan ruhlanib,
bolalar huquqlari maxsus himoyaga muhtojligini qayta tasdiqlagan holda, hech qanday farqlarsiz bolalarning sharoitini, shuningdek ularning tinch va xavfsiz muhitda rivojlanishi va taʼlim olishini doimiy yaxshilashni taʼminlashga daʼvat etib,
qurolli mojarolarning bolalarga zararli va keng koʻlamli taʼsiridan, shuningdek uning barqaror tinchlik, xavfsizlik va rivojlanish uchun uzoq muddatli oqibatlaridan tashvishlanib,
qurolli mojarolar sharoitida bolalarga qilingan tajovuzlarni, shuningdek xalqaro huquqqa muvofiq muhofaza qilinadigan obyektlarga, shu jumladan, maktab va kasalxonalar kabi odatda, bolalar koʻp boʻladigan joylarga qilinadigan bevosita hujumlarni qoralab,
Xalqaro jinoyat sudi Statutining qabul qilinganini va, xususan, unda 15 yoshga toʻlmagan bolalarni harbiy xizmatga chaqirish yoki safarbar qilish yoxud ham xalqaro, ham xalqaro boʻlmagan qurolli mojarolar doirasidagi harbiy harakatlarda ulardan faol foydalanish bilan bogʻliq harakatlarning harbiy jinoyat sifatida belgilanganini eʼtirof etib,
Bola huquqlari toʻgʻrisidagi konvensiyada eʼtirof etilgan huquqlarning yanada samarali amalga oshirilishiga koʻmaklashish maqsadida bolalarning qurolli mojarolarda qatnashishidan himoya qilishni kuchaytirish zarurligini hisobga olib,
Bola huquqlari toʻgʻrisidagi konvensiyaning 1-moddasida ushbu Konvensiya maqsadlari uchun 18 yoshga toʻlmagan har bir inson zoti, agar mazkur bolaga nisbatan qoʻllaniladigan qonun boʻyicha u ertaroq voyaga yetmagan boʻlsa, bola hisoblanishi nazarda tutilganligini eʼtiborga olib,
shaxslarni qurolli kuchlarga chaqirish va ularning harbiy harakatlarda qatnashish yoshini oshiradigan Konvensiyaga Fakultativ bayonnomaning bolalarga doir barcha harakatlarda birinchi navbatdagi eʼtibor bola manfaatlarini aʼlo darajada taʼminlashga qaratilishi kerak degan tamoyilning amalga oshirilishiga samarali koʻmaklashishiga ishonch hosil qilib,
1995-yil dekabr oyida oʻtkazilgan Qizil Xoch va Qizil Yarim oyning yigirma oltinchi Xalqaro konferensiyasi mojarolar taraflariga 18 yoshga toʻlmagan bolalarning harbiy harakatlarda ishtirok etmasligini taʼminlash maqsadida har qanday zarur choralarni koʻrishini tavsiya qilishini qayd etib,
Xalqaro mehnat tashkilotining 1999-yil iyun oyida yakdillik bilan qabul qilingan, xususan, qurolli mojarolarda bolalardan foydalanish uchun ularni majburiy yoki shartli yollashni taqiqlaydigan Bolalar mehnatining eng yomon shakllarini taqiqlash va tugatish boʻyicha zudlik bilan choralar koʻrish toʻgʻrisidagi 182-konvensiyasini maʼqullab,
davlatning qurolli kuchlaridan ajralib turadigan qurolli guruhlar tomonidan davlat ichida va tashqarisidagi harbiy harakatlarga bolalarni yollash, oʻqitish va ulardan foydalanishni chuqur tashvish bilan qoralab hamda shu maqsadda bolalarni yollagan, oʻqitgan va ulardan foydalanganlarning javobgarligini eʼtirof etib,
qurolli mojarodagi har bir tomonning xalqaro gumanitar huquq qoidalariga rioya qilish majburiyati haqida eslatib,
mazkur Bayonnoma Birlashgan Millatlar Tashkilotining Ustavida belgilangan maqsad va prinsiplarga, jumladan, 51-modda va gumanitar huquqning tegishli normalariga zarar yetkazmasligini qayd etib,
Ustavda koʻrsatilgan maqsad va prinsiplarning toʻla hurmat qilinishi va inson huquqlari sohasida qoʻllaniladigan shartnomalarga rioya qilishga asoslangan tinchlik va xavfsizlik muhiti bolalarni, xususan, qurolli mojarolar va chet el istilosi vaqtida toʻla himoya qilishning zaruriy sharti ekanligini eʼtiborga olib,
bolalarning iqtisodiy yoki ijtimoiy ahvoli yoxud jinsi bilan bogʻliq holda, ushbu Bayonnomaga xilof ravishda ularning harbiy harakatlarga yollanish va foydalanilishiga koʻra zaif boʻlgan bolalarning oʻziga xos ehtiyojlarini eʼtirof etib,
bolalarning qurolli mojarolarda ishtirok etishining iqtisodiy, ijtimoiy va siyosiy sabablarini hisobga olish zarurligini esda tutib,
mazkur Bayonnomani amalga oshirishda, shuningdek qurolli mojarolar qurbonlari boʻlgan bolalarni jismoniy va ruhiy-ijtimoiy reabilitatsiya qilish hamda ijtimoiy reyintegratsiya qilish ishida xalqaro hamkorlikni mustahkamlash zarurligiga ishonch hosil qilib,
ushbu Bayonnomani amalga oshirishga doir axborot va taʼlim dasturlarining tarqatilishida jamiyatning, xususan, bolalar va jabrdiyda bolalarning ishtirokini ragʻbatlantirib,
quyidagilar toʻgʻrisida kelishib oldilar:
1-modda
Ishtirokchi-davlatlar qurolli kuchlarining 18 yoshga toʻlmagan harbiy xizmatchilari harbiy harakatlarda bevosita ishtirok etmasligini taʼminlash uchun barcha choralarni koʻradilar.
2-modda
Ishtirokchi-davlatlar 18 yoshga toʻlmagan shaxslar qurolli kuchlariga majburiy chaqirilmasligini taʼminlaydilar.
3-modda
1. Ishtirokchi-davlatlar ushbu moddada keltirilgan tamoyillarni hisobga olib va Bola huquqlari toʻgʻrisidagi konvensiyaga muvofiq 18 yoshga toʻlmagan shaxslar alohida himoya qilinish huquqiga ega ekanligini eʼtirof etib, Konvensiyaning 38-moddasi 3-bandida belgilangan yosh bilan taqqoslagan holda shaxslarni oʻz milliy qurolli kuchlariga ixtiyoriy ravishda chaqiruvning eng kichik yoshini oshiradilar.
2. Har bir ishtirokchi-davlat mazkur Bayonnomani ratifikatsiya qilish yoki unga qoʻshilishda majburiy xususiyatga ega boʻlgan hamda unda milliy qurolli kuchlariga ixtiyoriy ravishda chaqiruvga ruxsat etilgan eng kichik yosh koʻrsatilgan va davlat tomonidan bunday chaqiruv zoʻravonlik yoki majburiy emasligini taʼminlash maqsadida qabul qilingan kafolatlar bayon etilgan arizani saqlash uchun topshiradi.
3. Oʻz milliy qurolli kuchlariga 18 yoshga toʻlmagan shaxslarni ixtiyoriy ravishda chaqiruvga ruxsat beruvchi ishtirokchi-davlatlar eng kamida quyidagilarni taʼminlaydigan kafolatlarni taqdim etadi:
a) bunday chaqiruv haqiqatda ixtiyoriy xususiyatga ega boʻlishi;
b) bunday chaqiruv ushbu shaxsning ota-onasi yoki qonuniy vasiylarining ongli roziligi bilan amalga oshirilganda;
s) bunday shaxslar harbiy xizmatni oʻtash bilan bogʻliq majburiyatlari haqida toʻliq xabardor qilinadi;
d) bunday shaxslar milliy harbiy xizmatga qabul qilinishidan oldin oʻzining yoshiga oid ishonchli guvohnoma taqdim etadi.
4. Har bir ishtirokchi-davlat istalgan vaqtda barcha ishtirokchi-davlatlarni xabardor qiladigan Birlashgan Millatlar Tashkilotining Bosh kotibini tegishli xabarnomani yuborish orqali oʻz bayonotining qoidalarini kuchaytirishi mumkin. Bunday xabarnoma Bosh kotib tomonidan qabul qilingan sanadan boshlab kuchga kiradi.
5. Mazkur moddaning 1-bandida belgilangan yoshini oshirish talabi, Bola huquqlari toʻgʻrisidagi konvensiyaning 28 va 29-moddalariga muvofiq ishtirokchi-davlatlar qurolli kuchlari tasarrufidagi yoki nazorati ostidagi oʻquv muassasalariga taalluqli boʻlmaydi.
4-modda
1. Davlatning qurolli kuchlaridan ajralib turadigan qurolli guruhlar hech bir holatda 18 yoshga toʻlmagan shaxslarni harbiy harakatlarga yollashi yoki ulardan foydalanmasligi kerak.
2. Ishtirokchi-davlatlar bunday yollash va foydalanishning oldini olish uchun barcha mavjud choralarni, shu jumladan, bunday harakatlarni taqiqlash va kriminalizatsiya qilish uchun zarur huquqiy choralarni koʻradi.
3. Ushbu Bayonnomaga muvofiq mazkur moddaning qoʻllanilishi qurolli mojaro tomonlaridan biron birining huquqiy maqomiga daxl qilmaydi.
5-modda
Mazkur Bayonnomadagi hech narsa ishtirokchi-davlat qonun hujjatlarida yoki xalqaro shartnomalar va xalqaro gumanitar huquqda mavjud bola huquqlarini amalga oshirishga koʻmaklashadigan qoidalarning istisno qilish sifatida talqin qilinishi mumkin emas.
6-modda
1. Har bir ishtirokchi-davlat oʻz yurisdiksiyasi doirasida mazkur Bayonnoma qoidalarini samarali amalga oshirilishi va qoʻllanilishini taʼminlash uchun barcha zarur huquqiy, maʼmuriy va boshqa choralarni koʻradi.
2. Ishtirokchi-davlatlar mazkur Bayonnoma tamoyillari va qoidalarining tegishli vositalar orqali kattalar va bolalar orasida keng tarqalishi va targʻib qilinishini taʼminlash majburiyatini oladi.
3. Ishtirokchi-davlatlar mazkur Bayonnomaga zid ravishda harbiy harakatlarga jalb qilingan yoki foydalanilgan oʻz yurisdiksiyasida boʻlgan shaxslarning demobilizatsiya qilinishi yoki boshqacha tarzda harbiy xizmatdan ozod qilinishini taʼminlash uchun barcha mavjud choralarni koʻradi. Ishtirokchi-davlatlar, zarur hollarda, bunday shaxslarning jismoniy va ruhiy holatini, shuningdek ularning ijtimoiy reyintegratsiyasini tiklash maqsadida barcha tegishli yordamni koʻrsatadilar.
7-modda
1. Ishtirokchi-davlatlar mazkur Bayonnomani amalga oshirishda, shu jumladan, Bayonnomaga zid boʻlgan har qanday faoliyatning oldini olishda va Bayonnomaga zid boʻlgan harakatlardan jabrlangan shaxslarning reabilitatsiya va ijtimoiy reyintegratsiya qilishda, xususan, texnik hamkorlik va moliyaviy yordam orqali hamkorlik qiladilar. Bunday yordam va hamkorlik manfaatdor ishtirokchi-davlatlar va tegishli xalqaro tashkilotlar bilan maslahatlashib amalga oshiriladi.
2. Buni amalga oshirishga qodir boʻlgan ishtirokchi-davlatlar bunday yordamni mavjud koʻp tomonlama, ikki tomonlama yoki boshqa dasturlar doirasida yoki xususan, Bosh Assambleya qoidalariga muvofiq tashkil qilingan ixtiyoriy badallar jamgʻarmasi orqali koʻrsatadilar.
8-modda
1. Har bir ishtirokchi-davlat mazkur Bayonnoma ushbu ishtirokchi-davlat uchun kuchga kirgandan keyin ikki yil davomida Bola huquqlari boʻyicha qoʻmitaga mazkur Bayonnoma qoidalarini amalga oshirish maqsadida qabul qilingan, shu jumladan, ishtirok etish va chaqiruvga doir qoidalarni amalga oshirish maqsadida qabul qilingan chora-tadbirlar toʻgʻrisidagi keng qamrovli axborotlarni oʻz ichiga olgan maʼruzani taqdim etadi.
2. Keng qamrovli maʼruza taqdim etilgandan keyin har bir ishtirokchi-davlat Bola huquqlari boʻyicha qoʻmitaga taqdim etiladigan maʼruzalariga Konvensiyaning 44-moddasiga muvofiq Bayonnomaning amalga oshirilishiga doir har qanday qoʻshimcha axborotlarni kiritadi. Bayonnomaning boshqa ishtirokchi-davlatlari har besh yilda maʼruza taqdim etadilar.
3. Bola huquqlari boʻyicha qoʻmita ishtirokchi davlatlardan mazkur Bayonnomaning amalga oshirilishiga doir har qanday qoʻshimcha axborotlarni soʻrashi mumkin.
9-modda
1. Mazkur Bayonnoma Konvensiya ishtirokchisi boʻlgan yoki uni imzolagan har qanday davlat tomonidan imzolanishi uchun ochiq.
2. Ushbu Bayonnoma ratifikatsiya qilinishi kerak va har qanday davlatning qoʻshilishi uchun ochiq. Ratifikatsiya yorliqlari yoki qoʻshilish toʻgʻrisidagi hujjatlar Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibiga saqlash uchun topshiriladi.
3. Bosh kotib Konvensiya va Bayonnomaning depozitariysi sifatida harakat qilib, 13-moddaga muvofiq har bir bayonot saqlash uchun topshirilgani toʻgʻrisida Konvensiyaning barcha ishtirokchi-davlatlarini va Konvensiyani imzolagan barcha davlatlarni xabardor qiladi.
10-modda
1. Mazkur Bayonnoma oʻninchi ratifikatsiya yorligʻi yoki qoʻshilish toʻgʻrisidagi hujjat saqlash uchun topshirilgandan keyin uch oy oʻtgach kuchga kiradi.
2. Mazkur Bayonnomani ratifikatsiya qilgan yoki u kuchga kirgandan keyin unga qoʻshilgan har bir davlat uchun ushbu Bayonnoma uning ratifikatsiya yorligʻi yoki qoʻshilish toʻgʻrisidagi hujjat saqlash uchun topshirilgandan keyin bir oy oʻtgach kuchga kiradi.
11-modda
1. Har qanday ishtirokchi-davlat Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibiga yozma ravishda xabardor qilish orqali ushbu Bayonnomani denonsatsiya qilishi mumkin, soʻngra u bu haqda Konvensiyaning boshqa ishtirokchi-davlatlarini va Konvensiyani imzolagan barcha davlatlarni xabardor qiladi. Denonsatsiya Bosh kotib tomonidan bu kabi bildirishnoma olingan sanadan keyin bir yil oʻtgach kuchga kiradi. Biroq, agar ushbu yil tugagan kunda denonsatsiya qiluvchi ishtirokchi-davlatda qurolli mojaro yuzaga kelsa, mazkur qurolli mojaro tugaguniga qadar denonsatsiya kuchga kirmaydi.
2. Bunday denonsatsiya ishtirokchi-davlatni mazkur denonsatsiya kuchga kiradigan sanagacha sodir boʻlgan har qanday harakatga nisbatan Bayonnomada nazarda tutilgan majburiyatlaridan ozod qilmaydi. Xuddi shu kabi, bunday denonsatsiya, hech bir tarzda, denonsatsiya kuchga kiradigan sanagacha Qoʻmita tomonidan koʻrib chiqilayotgan har qanday masalaning keyinchalik koʻrib chiqilishiga toʻsqinlik qilmaydi.
12-modda
1. Har qanday ishtirokchi-davlat tuzatish taklifini kiritishi va uni Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibiga taqdim etishi mumkin. Soʻngra, Bosh kotib taklif kiritilgan tuzatishlarni, ushbu takliflarni koʻrib chiqish va ular yuzasidan ovoz berish maqsadida ishtirokchi-davlatlar konferensiyasini chaqirish tarafdori ekanliklarini bildirishlarini soʻrab mazkur ishtirokchi-davlatlarga qayta yuboradi. Agar bunday xabar yetkazilgan sanadan boshlab toʻrt oy mobaynida ishtirokchi-davlatlarning hech boʻlmaganda uchdan bir qismi shunday konferensiyani chaqirishni bildirsa, Bosh kotib bu konferensiyani Birlashgan Millatlar Tashkiloti shafeligida chaqiradi. Ushbu konferensiyada hozir boʻlgan va ovoz berishda ishtirok etgan ishtirokchi-davlatlarning koʻpchiligi tomonidan qabul qilingan har qanday tuzatish Bosh Assambleyaga tasdiqlash uchun taqdim etiladi.
2. Ushbu moddaning 1-bandiga muvofiq qabul qilingan tuzatish, uni Birlashgan Millatlar Tashkilotining Bosh Assambleyasi tomonidan tasdiqlanganidan keyin hamda ishtirokchi-davlatlarning uchdan ikki qismining koʻpchilik tomonidan qabul qilinganidan keyin kuchga kiradi.
3. Tuzatish kuchga kirgandan keyin uni qabul qilgan ishtirokchi-davlatlar uchun majburiy boʻladi, boshqa ishtirokchi-davlatlar uchun esa ushbu Bayonnoma qoidalari va ular tomonidan qabul qilingan har qanday tuzatishlar majburiy boʻlib qoladi.
13-modda
1. Mazkur Bayonnomaning ingliz, arab, ispan, xitoy, rus va fransuz tillaridagi matnlari aynan bir xil boʻlib, ular Birlashgan Millatlar Tashkilotining arxivida saqlanadi.
2. Birlashgan Millatlar Tashkilotining Bosh kotibi mazkur Bayonnomaning tasdiqlangan nusxalarini Konvensiyaning barcha ishtirokchi-davlatlariga va Konvensiyani imzolagan barcha davlatlarga yuboradi.
(Imzolar)