O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Respublika agrosanoat kompleksi uchun mini-texnologiyalar va ixcham asbob-uskunalarning “Uzbekistan Agrominitech Expo-2015” X Xalqaro ixtisoslashtirilgan ko‘rgazma-savdosini hamda qishloq xo‘jaligi texnikasi, mashinalari va asbob-uskunalarining “Uzbekistan Agrotechmash Yexpo-2015” IV Xalqaro ixtisoslashtirilgan ko‘rgazmasini tashkil etish va o‘tkazish chora-tadbirlari to‘g‘risida
Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 22-fevraldagi 87-sonli “O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining o‘z ahamiyatini yo‘qotgan ayrim qarorlarini o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblash to‘g‘risida (O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘z ahamiyatini yo‘qotgan qonunchilik hujjatlarini qayta ko‘rib chiqish tizimini joriy etish orqali mamlakatda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2020-yil 27-sentabrdagi PF-6075-son Farmoni)”gi qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “2012 — 2016-yillarda qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishini yanada modernizatsiya qilish, texnik va texnologik jihatdan qayta jihozlash dasturi to‘g‘risida” 2012-yil 21-maydagi PQ-1758-son qarorini bajarish yuzasidan, qishloqda sanoat ishlab chiqarishi va qurilishni yanada jadal rivojlantirish, eng yangi texnologiyalar va zamonaviy texnika bilan jihozlangan meva-sabzavot va chorvachilik mahsulotlarini qayta ishlash bo‘yicha ixcham korxonalarni tashkil etish, yetakchi xorijiy kompaniyalar tomonidan ishlab chiqariladigan ilg‘or, yuqori samarali mini-texnologiyalar va asbob-uskunalar bilan tanishish uchun fermer xo‘jaliklari, agrofirmalar, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlariga qulay shart-sharoitlar yaratish, shuningdek ularni sotib olishda ularga ko‘maklashish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi, Savdo-sanoat palatasi, O‘zbekiston Fermerlari kengashining hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2012-yil 21-maydagi PQ-1758-son qarori bilan tashkil etilgan 2012 — 2016-yillarda qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishini yanada modernizatsiya qilish, texnik va texnologik jihatdan qayta jihozlash dasturi bajarilishini ta’minlash bo‘yicha ishlarni muvofiqlashtirish va masalalarni tezkor hal etish Idoralararo komissiyasining (keyingi o‘rinlarda Idoralararo komissiya deb ataladi) 2015-yil 27 — 30-mayda Toshkent shahrida “O‘zekspomarkaz” Milliy ko‘rgazmalar kompaniyasi” aksiyadorlik jamiyatining ko‘rgazma maydonlari bazasida:
Respublika agrosanoat kompleksi uchun mini-texnologiyalar va ixcham asbob-uskunalarning “Uzbekistan Agrominitech Expo-2015” (keyingi o‘rinlarda “Uzbekistan Agrominitech Expo-2015” deb ataladi) X Xalqaro ixtisoslashtirilgan ko‘rgazma-savdosini;
qishloq xo‘jaligi texnikasi, mashinalari va asbob-uskunalarining “Uzbekistan Agrotechmash Expo-2015” (keyingi o‘rinlarda “Uzbekistan Agrotechmash Expo-2015” deb ataladi) IV Xalqaro ixtisoslashtirilgan ko‘rgazmasini birgalikda o‘tkazish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berilsin.
2. Belgilab qo‘yilsinki, “O‘zekspomarkaz” Milliy ko‘rgazmalar kompaniyasi” aksiyadorlik jamiyatining ko‘rgazmalar maydonlari ko‘rgazmalar ishtirokchilariga bepul beriladi, ko‘rgazma stendlarini qurish va qo‘shimcha ko‘rgazma uskunalarini taqdim etish va xizmatlar ko‘rsatish esa belgilangan normativlarga muvofiq amalga oshiriladi.
3. Quyidagilar:
ko‘rgazmalarni o‘tkazishning mavzuli rejalari 1 va 2-ilovalarga* muvofiq;
ko‘rgazmalar doirasida 2015-yil 27 — 30-may davrida O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi hamda Savdo-sanoat palatasi ko‘magida, fermer xo‘jaliklari, agrofirmalar, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlari uchun mahalliy va xorijiy kompaniyalar vakillari taqdimotlarini tashkil etgan holda, “O‘zekspomarkaz” Milliy ko‘rgazmalar kompaniyasi” aksiyadorlik jamiyati kinolektoriysida har kungi mavzuli seminarlarni o‘tkazishning namunaviy ssenariysi 3-ilovaga* muvofiq;
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, respublika viloyatlari, shaharlari va tumanlari hokimliklari rahbarlarining, respublikaning barcha mintaqalaridagi fermer xo‘jaliklari, agrofirmalar, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlari vakillarining ko‘rgazmalarga kelish jadvali, shuningdek mintaqalardan ko‘rgazma ishtirokchilarining Toshkent shahrida bo‘lishi bo‘yicha birkitilgan mas’ul shaxslar ro‘yxati 4-ilovaga* muvofiq tasdiqlansin.
* 1 — 4-ilovalar rus tilidagi matnda berilgan.
4. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Qishloq xo‘jaligi uchun mini-texnologiyalar va ixcham uskunalarning xalqaro ixtisoslashtirilgan ko‘rgazma-savdosini o‘tkazishni tashkil qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2006-yil 24-avgustdagi PQ-449-son qarori bilan tashkil etilgan Respublika agrosanoat kompleksi uchun mini-texnologiyalar va ixcham asbob-uskunalarning Xalqaro ixtisoslashtirilgan ko‘rgazma-savdosini tashkil etish va o‘tkazish bo‘yicha Tashkiliy qo‘mita Idoralararo komissiya, O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi, Tashqi ishlar vazirligi, Savdo-sanoat palatasi bilan birgalikda qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish va qayta ishlash uchun mini-texnologiyalar hamda ixcham asbob-uskunalar, shuningdek qishloq xo‘jaligi texnikasi, mashinalari va asbob-uskunalarining yetakchi jahon va mahalliy ishlab chiqaruvchilarini ko‘rgazmalarda qatnashishga jalb etish bo‘yicha faol reklama-axborot va tashkiliy ishlarni amalga oshirsin.
5. O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi ko‘rgazmalar ishtirokchilari o‘rtasida shartnoma asosida tarqatish maqsadida O‘zbekistonda va xorijda ishlab chiqarilayotgan qishloq xo‘jaligi uchun mini-texnologiyalar va ixcham asbob-uskunalarning mufassal katalogini nashr etsin.
6. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar, shaharlar va tumanlar hokimliklari O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi hamda O‘zbekiston Fermerlari kengashi bilan birgalikda:
fermer xo‘jaliklari, agrofirmalar, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlari tomonidan ko‘plab talab qilinadigan mini-texnologiyalar va ixcham asbob-uskunalar turlari bo‘yicha takliflarni O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligiga bir hafta muddatda taqdim etsinlar;
fermer xo‘jaliklari, agrofirmalar, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlari vakillarining, shuningdek respublika mintaqalarini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturiga kiritilgan loyihalar tashabbuskorlarining qatnashishini ta’minlasinlar va kontraktlarni imzolashida ko‘maklashsinlar.
7. Ma’lumot uchun qabul qilinsinki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Qishloq xo‘jaligi uchun mini-texnologiyalar va ixcham uskunalarning xalqaro ixtisoslashtirilgan ko‘rgazma-savdosini o‘tkazishni tashkil qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2006-yil 24-avgustdagi PQ-449-son qarorining 7-bandida nazarda tutilgan imtiyozlar “Uzbekistan Agrominitech Expo-2015” ko‘rgazmasida ishtirok etish doirasida, shuningdek ko‘rgazma-savdo davomida tuzilgan kontraktlarni bajarish yuzasidan qishloq xo‘jaligi uchun mini-texnologiyalar va ixcham asbob-uskunalarni chetdan keltiruvchi tashkilotlarga tatbiq etiladi.
8. O‘zbekiston Respublikasi xo‘jalik yurituvchi subyektlariga “Uzbekistan Agrotechmash Expo-2015” ko‘rgazmasida tuzilgan kontraktlar bo‘yicha qishloq xo‘jaligi texnikasi, mashinalari va asbob-uskunalarini tender savdolari o‘tkazmasdan sotib olishga istisno tartibida ruxsat etilsin.
9. Idoralararo komissiya O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi hamda Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi bilan birgalikda “Uzbekistan Agrotechmash Expo-2015” ko‘rgazmasi natijalariga ko‘ra 2015-yil 30-iyungacha bo‘lgan muddatda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga ishlab chiqarish va qishloq xo‘jaligiga yetkazib berish uchun jahondagi eng yaxshi ishlab chiqaruvchilardan texnikaning xalqaro talablar va standartlarga javob beradigan zamonaviy va yuqori unumli turlarini tanlab olish yuzasidan takliflar kiritsin.
10. O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi buyurtmanomalariga binoan, ko‘rgazmalarning xorijiy ishtirokchilariga kirish vizalarining konsullik yig‘imlari va boshqa yig‘imlar undirilmasdan rasmiylashtirilishini ta’minlasin.
11. O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi ko‘rgazmalar o‘tkaziladigan, shuningdek ularning ishtirokchilari yashaydigan joylarda jamoat tartibi va yong‘in xavfsizligining to‘lov undirilmasdan qo‘riqlanishini ta’minlasin.
12. “O‘zbekiston havo yo‘llari” milliy aviakompaniyasi:
ko‘rgazmalar ishtirokchilarini “Toshkent” aeroportida kutib olish va kuzatib qo‘yishlarni tashkil etish shtabi ishlari muvofiqlashtirilishini, bunda shtabning zarur miqdorda tashkiliy-texnika va aloqa vositalari bilan jihozlanishini, shuningdek “Toshkent” aeroportida ishtirokchilarga transport xizmati ko‘rsatilishi nazarda tutilishini;
O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi buyurtmanomalariga binoan, ko‘rgazmaga yuborilayotgan ko‘rgazma yuklarining imtiyozli yuk tariflari bo‘yicha tashilishini, belgilangan yuk tariflaridan 30 foizli chegirma berilishini, yuklarning “Toshkent” aeroportida ishlanishi va saqlanishi uchun yig‘imlar to‘lovidan ozod qilinishini;
O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligining buyurtmanomalariga binoan “Uzbekistan Agrominitech Expo-2015” va “Uzbekistan Agrotechmash Expo-2015” ko‘rgazmalari ishtirokchilari uchun aviachiptalarning band qilinishi va sotilishini;
ko‘rgazmalar ishtirokchilarining “Toshkent” aeroportining SIP zali orqali kutib olinishini va ro‘yxatdan o‘tkazish alohida yo‘lagi bo‘yicha umumiy zal orqali kuzatib qo‘yilishini hamda tartibotlarning to‘lov undirilmasdan o‘tkazilishini;
aeroport binosi xonalarining “Uzbekistan Agrominitech Expo-2015” va “Uzbekistan Agrotechmash Expo-2015” ko‘rgazmalari reklama ko‘rsatkichlari bilan jihozlanishini;
tadbir mehmonlariga va ishtirokchilariga xizmat ko‘rsatadigan avtotransport vositalarining taksilar va turizm avtobuslari uchun mo‘ljallangan “Toshkent” aeroporti avtomobillar to‘xtash joyiga O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi buyurtmanomalariga binoan bepul kiritilishini ta’minlasin.
13. “O‘zbekiston temir yo‘llari” kompaniyasi:
O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi tizimiga kiruvchi tashkilotlarning hamda “Uzbekistan Agrominitech Expo-2015” va “Uzbekistan Agrotechmash Expo-2015” ko‘rgazmalari ishtirokchilarining buyurtmanomalariga binoan, ko‘rgazmaga yuborilayotgan ko‘rgazma yuklarining imtiyozli tariflar bo‘yicha tashilishini, belgilangan stavkalarning kamida 30 foizi miqdorida chegirma berilishini, belgilangan manzilga yetkazib berishning va temir yo‘lda ko‘rgazmaga olib kelinayotgan yuklarni tushirish uchun vagonlarning yig‘imlar undirilmasdan o‘z vaqtida berishning tezkor kuzatib turilishini;
ko‘rgazmaga kelayotgan vagonlarning bo‘sh turib qolganligi uchun to‘lovlardan ozod qilishni ta’minlasin.
14. O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasi va O‘zbekiston Milliy axborot agentligi ko‘rgazmalarga tayyorgarlik va ko‘rgazmalar ishlarining matbuot hamda elektron ommaviy axborot vositalarida, shu jumladan, internet-nashrlarda keng yoritilishini ta’minlasinlar.
15. O‘zbekiston matbuot va axborot agentligi O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligining buyurtmanomalariga binoan, “Uzbekistan Agrominitech Expo-2015” va “Uzbekistan Agrotechmash Expo-2015” ko‘rgazmalariga keluvchilar uchun shartnoma asosida, imtiyozli shartlarda ma’lumotnoma-axborot bukletlari hamda sumkalar tayyorlanishini ta’minlasin.
16. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi o‘rinbosari R.S. Azimov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2015-yil 28-aprel,
103-son
(O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2015-y., 17-son, 207-modda)