Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi oliy harbiy taʼlim muassasalariga tanlash tartibi va qabul qilish qoidalari toʻgʻrisidagi Nizomni tasdiqlash haqida
Mazkur qaror Oʻzbekistan Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 27-dekabrdagi 775-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi oliy harbiy taʼlim muassasalarida oʻqishga nomzodlarni saralab olish va qabul qilish, kursantlarni oʻqishdan chetlashtirish va qayta tiklash tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasi oliy harbiy taʼlim muassasalariga intellektual rivojlangan va har tomonlama tayyorlangan yoshlarni tanlash tartibi va qabul qilish qoidalarini yanada takomillashtirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi oliy harbiy taʼlim muassasalariga tanlash tartibi va qabul qilish qoidalari toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi, Davlat xavfsizlik xizmati, shuningdek Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, nodavlat notijorat tashkilotlari bilan birgalikda ushbu qaror bilan tasdiqlangan Nizomni amal qilish uchun qabul qilsinlar va uning talablari soʻzsiz bajarilishini taʼminlasinlar.
(2-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 22-oktabrdagi 655-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 22.10.2021-y., 09/21/655/0989-son)
3. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Oliy harbiy taʼlim muassasalariga tinglovchi va kursantlarni oʻqishga qabul qilish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida” 2012-yil 26-sentabrdagi 277-son qarori oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
4. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari A.I. Ikramov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2014-yil 3-iyun,
141-son
Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 3-iyundagi 141-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi oliy harbiy taʼlim muassasalariga tanlash tartibi va qabul qilish qoidalari toʻgʻrisida
NIZOM
I. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom Oʻzbekiston Respublikasining “Taʼlim toʻgʻrisida” va “Umumiy harbiy majburiyat va harbiy xizmat toʻgʻrisida”gi qonunlariga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarini ushbu Nizomga 1-ilovaga muvofiq roʻyxat boʻyicha oliy harbiy taʼlim muassasalariga tanlashni tashkil etish tartibini va qabul qilish qoidalarini belgilaydi.
Oʻzbekiston Respublikasi Jamoat xavfsizligi universitetiga nomzodlarni tanlash va qabul qilish tartibi alohida nizom bilan belgilanadi.
(1-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 22-oktabrdagi 655-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 22.10.2021-y., 09/21/655/0989-son)
2. Oliy harbiy taʼlim muassasalariga qabul qilish Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan tasdiqlanadigan Butlash rejasiga muvofiq amalga oshiriladi.
Huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashga munosib hissa qoʻshgan, xizmat yoki ilmiy faoliyatida yuqori natijalarga erishgan ichki ishlar organlarining amaldagi xodimlari farzandlariga Mudofaa vazirligi va Milliy gvardiya oliy taʼlim muassasalariga kirish uchun kursantlarni qabul qilishning umumiy sonidan besh foizli kvota ajratiladi.
(2-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 27-iyundagi 529-sonli qaroriga asosan xatboshi bilan toʻldirilgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 28.06.2019-y., 09/19/529/3346-son)
Mamlakatning mudofaa qudratini mustahkamlashga salmoqli hissa qoʻshgan, xizmatdagi harbiy va ilmiy faoliyatida maʼlum bir natijalarga erishgan, Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tarkibiga kiruvchi vazirlik va idoralarning kontrakt boʻyicha harbiy xizmatni oʻtayotgan ofitserlar, serjantlar va oddiy askarlar tarkibidagi harbiy xizmatchilarining farzandlari uchun oliy harbiy taʼlim muassasalariga kursantlarni bakalavriatga qabul qilishning umumiy qabul sonidan besh foizli kvota, Oʻzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasining xizmatdagi harbiy xizmatchi va xodimlarining farzandlari uchun ikki foizli kvota ajratiladi.
(2-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 10-avgustdagi 470-sonli qaroriga asosan xatboshi bilan toʻldirilgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 10.08.2020-y., 09/20/470/1149-son)
3. Oliy harbiy taʼlim muassasalariga tanlash va qabul qilish ushbu Nizomga 2-ilovaga muvofiq sxema boʻyicha bosqichma-bosqich amalga oshiriladigan tanlash boʻyicha Tadbirlar kompleksiga binoan amalga oshiriladi.
4. Oliy harbiy taʼlim muassasalari tinglovchilari kontingentini sifatli butlash uchun:
harbiy-professional yoʻnalish;
dastlabki tanlash;
harbiy-professional tanlash;
test sinovlarini nazarda tutuvchi kompleks bosqichma-bosqich tanlash amalga oshiriladi.
5. Harbiy professional yoʻnalish — shaxsiy mayllarga, qiziqishlarga, qobiliyatlarga muvofiq va turli mutaxassisliklar boʻyicha harbiy kadrlarga boʻlgan ehtiyojlarni hisobga olgan holda yoshlarni harbiy kasbni asosli tanlash boʻyicha maqsadga yoʻnaltirilgan, rejalashtirilgan faoliyat.
6. Dastlabki tanlash — oliy harbiy taʼlim muassasalariga kirishga qaror qilgan fuqaro yoki harbiy xizmatchiga tegishli maʼlumotlarni, uning taʼlim muassasasidagi oʻzlashtirishi darajasini, individual-psixologik xususiyatlarini, jismoniy tayyorgarligi va sogʻligʻi haqidagi maʼlumotlarni dastlabki toʻplash va oʻrganish.
7. Harbiy-professional tanlash — yakka tartibdagi yakuniy suhbatda uzil-kesil koʻrib chiqish uchun nomzodning asoslangan va psixofiziologik xususiyatlarini, tayyorlanganligi va koʻnikmalarini, shuningdek sogʻligʻi va umumjismoniy tayyorgarligini hisobga olgan holda uning tanlangan harbiy mutaxassislikni egallab olishga tayyorligini aniqlashga yoʻnaltirilgan kompleks tadbirlar.
8. Test sinovlari — oliy harbiy taʼlim muassasalarining taʼlim yoʻnalishlari oʻziga xosligini hisobga olgan holda nomzodning umumtaʼlim darajasini aniqlash maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi tomonidan oʻtkaziladigan tadbir.
9. Oliy harbiy taʼlim muassasalariga qabul qilish tanlov, teng huquqlilik va qabul qilishning yagona qoidalari asosida amalga oshiriladi.
Nomzodlar uch tildan — oʻzbek, qoraqalpoq va rus tillaridan birini shaxsan tanlagan holda test sinovlari topshiradilar.
10. Oliy harbiy taʼlim muassasalariga oʻqishga qabul qilishni sifatli tashkil etish maqsadida oliy harbiy taʼlim muassasalariga ega boʻlgan manfaatdor vazirliklar va idoralar (keyingi oʻrinlarda vazirliklar va idoralar deb ataladi) tomonidan, belgilangan tartibda, oliy harbiy taʼlim muassasalari qabul komissiyalari tashkil etiladi.
11. Nomzodlarni oʻqishga qabul qilish toʻgʻrisidagi arizalarni (bildirgilarni) topshirish muddatlari va qabul komissiyasiga taqdim etiladigan zarur hujjatlar roʻyxati vazirliklar va idoralar tomonidan belgilanadi.
II. Harbiy-professional yoʻnalish
12. Harbiy xizmatchi kasbining mohiyatini va unga qoʻyiladigan talablarni ochib berish, yoshlarda harbiy kasbni ongli ravishda tanlashni shakllantirish, muayyan harbiy mutaxassislikni tanlashda ularga yordam berish harbiy-professional yoʻnalishning asosiy maqsadi hisoblanadi.
13. Quyidagilar harbiy-professional yoʻnalishning asosiy vazifalari hisoblanadi:
zobitlar xizmatining ijtimoiy mazmuni va oʻziga xosligini ochib berish, shu asosda yoshlarda zobit — Vatan himoyachisi kasbining yuksak masʼuliyatini toʻgʻri tushunish va anglashni shakllantirish;
oliy harbiy taʼlim muassasalariga kirishga qaror qilgan fuqaro yoshlar va harbiy xizmatchilarga isteʼdodni, qobiliyatlarni va shaxsiy fazilatlarni hisobga olgan holda harbiy mutaxassislikni tanlashda yordam berish;
oliy harbiy taʼlim muassasalariga kiruvchi nomzodlarning maʼnaviy va axloqiy fazilatlariga, psixologik xususiyatlariga, umumjismoniy va umumtaʼlim tayyorgarligiga, sogʻligʻiga qoʻyiladigan talablarni tushuntirish;
oliy harbiy taʼlim muassasalariga oʻqishga kirishga eng iqtidorli, har tomonlama kamol topgan, tayyorgarlik koʻrgan va Vatanga sadoqatli yoshlarni jalb etish.
14. Harbiy-professional yoʻnalish oliy harbiy taʼlim muassasalariga oʻqishga kirishgacha oʻtkaziladi va ushbu bosqichda:
yoshlarning faxriylar, harbiy qismlar va oliy harbiy taʼlim muassasalarining vakillari bilan uchrashuvlari;
harbiy qismlarda, muassasalarda, mudofaa ishlari boʻyicha boshqarmalar va boʻlimlarda oliy harbiy taʼlim muassasalaridagi hayotni aks ettiruvchi koʻrgazmali tashviqotli, qabul qilish shartlari, muddatli harbiy xizmatni oʻtagan harbiy xizmatchilarga va kontrakt boʻyicha harbiy xizmatchilarga oliy harbiy taʼlim muassasalariga kirishda beriladigan imtiyozlar, Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari qoʻshinlarining har xil turlari va xillarida zobitlar tarkibining harbiy xizmati xususiyati va oʻziga xosliklarini aks ettiruvchi oʻquv-maslahat burchaklarini bezash;
umumtaʼlim maktablari, akademik litseylar va kasb-hunar kollejlari oʻquvchilariga zobit kasbi, oliy harbiy taʼlim muassasalariga tayyorgarlik koʻrish va kirish tartibi toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni yetkazish ishlarini tashkil etish vositasida taʼminlanadi.
15. Yoshlarning harbiy-vatanparvarlik tarbiyasi harbiy-professional yoʻnalishning asosi hisoblanadi. Harbiy-vatanparvarlik tarbiyasi davomida maʼruzalar oʻqiladi, suhbatlar oʻtkaziladi. Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarining mintaqaviy muzeylari va Davlat muzeyiga, harbiy okruglarga, qoʻshilmalar va harbiy qismlarga (muassasalarga), oliy harbiy taʼlim muassasalariga ekskursiyalar uyushtiriladi hamda yoshlarni Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarini tashkil etish va rivojlantirish tarixi hamda oliy harbiy taʼlim muassasalari bilan tanishtirishni nazarda tutuvchi boshqa tadbirlar oʻtkaziladi.
16. Nomzodlarda harbiy xizmatga qiziqishni shakllantirish va zobit kasbi toʻgʻrisida toʻgʻri tasavvur hosil qilish ishlari umumtaʼlim muassasalari, mahalliy harbiy boshqaruv organlari va jamoat tashkilotlari bilan oʻzaro yaqin hamkorlikda yoshlarni chaqiriqgacha tayyorlash oʻqituvchilarini faol jalb etgan holda vazirliklar va idoralar tomonidan amalga oshirilishi kerak.
17. Yoshlarni harbiy-professional yoʻnaltirish doirasida kasbga doir maslahatlar beriladi, nomzodlarning shaxsiy fazilatlari, qiziqishlari va qobiliyatlarini hisobga olgan holda harbiy kasbni tanlashda bevosita yordam koʻrsatiladi.
Kasbga doir maslahatlar taʼlim muassasalarining yoshlarni chaqiriqgacha tayyorlash oʻqituvchilari tomonidan oʻtkaziladi, ularda nomzodning shaxsiy fazilatlariga, qobiliyatlariga va oliy harbiy taʼlim muassasalarida oʻqishga maʼnaviy-psixologik tayyorligi darajasiga dastlabki baho beriladi.
Maslahatlar berish jarayonida nomzodlarning mayllari va qobiliyatlari chuqur oʻrganiladi, ularning oliy harbiy taʼlim muassasalariga kiruvchi shaxslarga qoʻyiladigan talablarga muvofiqligi darajasi aniqlanadi.
18. Harbiy xizmatchilarni oliy harbiy taʼlim muassasalariga oʻqishga kirishga tayyorlash vazirliklar va idoralar tomonidan, belgilangan tartibda, qoʻshilmalar va qismlarning komandirlari (muassasalarning boshliqlari) rahbarligida oʻtkaziladi.
19. Vazirliklar va idoralar joylarda harbiy-professional yoʻnalish boʻyicha ishlarning tashkil etilishi va oʻtkazilishi, Internet tarmogʻida oliy harbiy taʼlim muassasalarining veb-saytlarida ularning faoliyatini aks ettiruvchi materiallar vaqti-vaqti bilan yangilanib turilishini nazorat qiladilar, shuningdek tegishli oliy harbiy taʼlim muassasalarining oʻquv-tarbiyaviy jarayonini yorituvchi nashr etilgan bukletlar va plakatlar, ularga kirish shartlari harbiy qismlarga (muassasalarga), mudofaa ishlari boʻyicha boshqarmalar va boʻlimlarga yetkazilishini tashkil etadilar.
20. Oliy harbiy taʼlim muassasalariga harbiy-professional yoʻnalish sohasida quyidagi vazifalar yuklanadi:
oliy harbiy taʼlim muassasalaridagi hayot, turmush va oʻqishning oʻziga xosligi toʻgʻrisidagi plakatlar, bukletlar, filmlar va videoroliklar shaklidagi oliy harbiy taʼlim muassasalari haqidagi axborot materiallarini nashr etish va harbiy qismlarga (muassasalarga), mudofaa ishlari boʻyicha boshqarmalar va boʻlimlarga tarqatish;
oliy harbiy taʼlim muassasalari vakillarining televideniyeda, radioda, markaziy va mintaqaviy (mahalliy) matbuot sahifalarida chiqishlarini tashkil etish, oliy harbiy taʼlim muassasalari toʻgʻrisidagi filmlarni koʻrish, mavzuli kechalar, maʼruzalar va ochiq eshiklar kunlari oʻtkazish;
harbiy stajirovkalar, ishlab chiqarish amaliyotlari, taʼtillar va kanikulli taʼtillar davrida oliy harbiy taʼlim muassasalarining doimiy va oʻzgarib turuvchi tarkibining harbiy xizmatchilar va fuqaro yoshlar bilan uchrashuvlari va suhbatlarini oʻtkazish.
21. Qoʻshilmalar va harbiy qismlarga (muassasalarga) harbiy-professional yoʻnalish sohasida quyidagi vazifalar yuklanadi:
garnizonlarning zobitlar uylari va harbiy qismlarning klublarida oliy harbiy taʼlim muassasalaridagi hayotni aks ettiruvchi koʻrgazmali tashviqotli, qabul qilish shartlari, muddatli harbiy xizmatni oʻtagan fuqarolarga va kontrakt boʻyicha harbiy xizmatchilarga oliy harbiy taʼlim muassasalariga kirishda beriladigan imtiyozlar, Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari qoʻshinlarining har xil turlari va xillarida zobitlar tarkibining harbiy xizmati xususiyati va oʻziga xosliklarini aks ettiruvchi oʻquv-maslahat burchaklarini tashkil etish va bezash;
Oʻzbekiston Respublikasi Qurollik Kuchlari zobitlar tarkibining harbiy xizmati, oliy harbiy taʼlim muassasalaridagi oʻquv-tarbiyaviy jarayon toʻgʻrisidagi filmlarni namoyish qilishni, shuningdek faxriylar va oliy harbiy taʼlim muassasalarining vakillari bilan muntazam uchrashuvlarni tashkil etish;
harbiy xizmatchilar bilan zobit kasbi toʻgʻrisida yakka tartibda tushuntirish suhbatlari oʻtkazish;
harbiy-professional yoʻnalish boʻyicha ishlar yakunlarini vaqti-vaqti bilan tahlil qilish;
oliy harbiy taʼlim muassasalari bilan mustahkam aloqalar tashkil etish va bogʻlash.
22. Mudofaa ishlari boʻyicha boshqarmalar va boʻlimlarga harbiy-professional yoʻnalish sohasida quyidagi vazifalar yuklanadi:
fuqaro yoshlar orasidan oliy harbiy taʼlim muassasalariga nomzodlarni tanlash ishlarini tashkil etish, ularni zobitlar tarkibiga qoʻyiladigan talablar bilan tanishtirish;
tegishli vazirlik va idoralarning hududiy boʻlinmalari bilan hamkorlikda barcha viloyat tumanlaridagi umumtaʼlim maktablar, litseylar va kollejlarning aʼlochi bitiruvchilari bilan yigʻinlar, shuningdek, maqsadli targʻibot ishlarini tashkil etish;
(22-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 5-iyuldagi 562-sonli qaroriga asosan uchinchi xatboshi bilan toʻldirilgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 08.07.2019-y., 09/19/562/3387-son)
oliy harbiy taʼlim muassasalarida oʻqish uchun nomzodlarga qoʻyiladigan talablarni fuqaro yoshlarga yetkazish;
hokimliklar va jamoat tashkilotlarining vakillari ishtirokida taʼlim muassasalarining yoshlarni chaqiriqgacha tayyorlash, “Vatanparvar” mudofaaga koʻmaklashish tashkilotining oʻquv muassasalari oʻqituvchilari bilan harbiy-professional yoʻnalish masalalari boʻyicha har yilgi oʻquv-metodik yigʻinlarni oʻtkazish;
harbiy-professional yoʻnalish boʻyicha ishda taʼlim muassasalarining yoshlarni chaqiriqgacha tayyorlash oʻqituvchilariga yordam berish, taʼlim muassasalarini zobitlik kasblariga bagʻishlangan stendlar bilan jihozlash;
mudofaa ishlari boʻyicha boshqarmalar va boʻlimlar huzurida oʻquv-maslahat burchaklari tashkil etish va ularni oliy harbiy taʼlim muassasalaridagi hayotni aks ettiruvchi koʻrgazmali tashviqotli, qabul qilish shartlari, muddatli harbiy xizmatni oʻtagan harbiy xizmatchilarga hamda fuqarolarga oliy harbiy taʼlim muassasalariga kontrakt boʻyicha kirishda beriladigan imtiyozlar, Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari qoʻshinlarining har xil turlari va xillarida zobitlar tarkibining harbiy xizmati xususiyati va oʻziga xosliklarini aks ettiruvchi koʻrgazmali tashviqot bilan bezash;
oʻrta maxsus va kasb-hunar taʼlimi muassasalarida, korxonalar va tashkilotlarda fuqaro yoshlarni harbiy-professional yoʻnaltirish ishlarida mudofaa ishlari boʻyicha boʻlimlar vakillarining bevosita ishtirok etishini taʼminlash;
hokimliklar, oʻrta maxsus va kasb-hunar taʼlimi hududiy boshqarmalari, akademik litseylar va kasb-hunar kollejlari, jamoat tashkilotlari va mahalliy ommaviy axborot vositalari bilan harbiy-professional yoʻnalish boʻyicha mustahkam oʻzaro hamkorlikni tashkil etish;
fuqaro yoshlarning garnizonlarning zobitlar uylariga, joylardagi tarixiy, harbiy-vatanparvarlikka doir muzeylarga va Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarining Davlat muzeyiga, harbiy qismlar va muassasalarga tashrifini tashkil etish;
Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari zobitlar tarkibining harbiy xizmati, oliy harbiy taʼlim muassasalaridagi hayoti va turmushi toʻgʻrisidagi filmlarni namoyish qilish;
harbiy mutaxassislikni ongli ravishda tanlashda yoshlarga yordam berish.
III. Dastlabki tanlash
23. Sogʻligʻiga, individual-psixologik xususiyatlari va umumjismoniy tayyorgarligiga muvofiq harbiy ixtisoslikning zamonaviy talablariga javob beradigan, ichki tuygʻu, gʻoyaviy-maʼnaviy barqarorlikka, mustahkam intellektual va maʼnaviy-axloqiy salohiyatga ega boʻlgan nomzodlarni aniqlash dastlabki tanlashning asosiy maqsadi hisoblanadi.
24. Quyidagilar dastlabki tanlashning asosiy vazifalari hisoblanadi:
nomzodga tegishli hujjatlarni va uni tavsiflovchi maʼlumotlarni toʻplash;
nomzod toʻgʻrisidagi turli maʼlumotlarni aniqlashtirish (oilaviy ahvoli, ota-onalari va yaqin qarindoshlarining harbiy xizmatga munosabati va shu kabilar), zobit kasbini tanlashning sabablarini, asoslarini aniqlash;
umumtaʼlim darajasini, sogʻligʻini va umumjismoniy tayyorgarlik koʻrganligini har tomonlama va xolisona baholash;
oliy harbiy taʼlim muassasalariga kiruvchi nomzodlarning individual-psixologik xususiyatlarini oʻrganish.
25. Dastlabki tanlash:
fuqaro yoshlar uchun — yashash joyidagi mudofaa ishlari boʻyicha boʻlimlar va boshqarmalarda;
harbiy xizmatchilar uchun — xizmat qilish joyidagi harbiy qismlarda (muassasalarda) oʻtkaziladi.
26. Dastlabki tanlash davomida quyidagi tadbirlar tashkil etiladi va oʻtkaziladi:
hujjatlarni toʻplash va oʻrganish;
yakka tartibda suhbatlashish;
individual-psixologik oʻrganish;
umumjismoniy tayyorgarlik koʻrganligini baholash;
tibbiy koʻrikdan oʻtkazish.
Dastlabki tanlash tadbirlarini oʻtkazish tartibi vazirliklar va idoralar tomonidan belgilanadi.
27. Hujjatlarni toʻplash va oʻrganish natijalarni tahlil qilish, nomzod toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni rejali jamlash va tizimlashtirish, uning ijtimoiy faolligi va maʼnaviy-ishbilarmonlik fazilatlarini baholash usuli bilan oʻtkaziladi.
Nomzodlarning ijtimoiy faolligi va maʼnaviy-ishbilarmonlik fazilatlarini aniqlashda:
nomzodlarning mamlakatda amalga oshirilayotgan islohotlarning mohiyati va ahamiyatini, davlatni himoya qilish boʻyicha konstitutsiyaviy majburiyatlarni tushunishi;
yuqori darajadagi hushyorlik hamda yot mafkura va axloqqa nisbatan murosasizlik zarurligini anglash;
burchni his etish, qatʼiyatlilik, ishchanlik, mehnatsevarlik va toʻgʻrilik;
jamoaning ijtimoiy hayotida faol qatnashish;
nomzod tomonidan xizmat (mehnat) faoliyatida, oʻqishda va yoshlarni chaqiriqgacha tayyorlashda erishilgan natijalar hisobga olinadi.
Bundan tashqari, zobit boʻlishni xohlashning asoslanganligiga va buning uchun zarur fazilatlar mavjudligiga asosiy eʼtibor beriladi.
28. Yakka tartibdagi suhbat nomzodlar toʻgʻrisidagi turli maʼlumotlarni aniqlashtirish (oilaviy ahvoli, ota-onalari va yaqin qarindoshlarining harbiy xizmatga munosabati va shu kabilar), zobit kasbini tanlashning sabablari, asoslarini aniqlash, taʼlim muassasasidagi oʻzlashtirish darajasini va xorijiy tilni egallaganlik darajasini baholash maqsadida oʻtkaziladi.
Suhbat davomida oliy harbiy taʼlim muassasasiga kiruvchilarga qoʻyiladigan talablar, beriladigan imtiyozlar va boshqa masalalar nomzodning eʼtiboriga yetkaziladi.
Tegishli shakl boʻyicha ruxsatnomani kelishish uchun zarur boʻlgan materiallar belgilangan tartibda rasmiylashtiriladi.
Yakka tartibdagi suhbat:
fuqaro yoshlar bilan — mudofaa ishlari boʻyicha boʻlimlar, boshqarmalar boshliqlari;
harbiy xizmatchilar bilan — harbiy qismlar (muassasalar) va boʻlinmalarning komandirlari tomonidan tashkil etiladi va oʻtkaziladi.
29. Individual-psixologik oʻrganish, oliy harbiy taʼlim muassasalari qabul komissiyalari tarkibidagi vazirliklar va idoralarning mutaxassislari — psixologlari jalb etilgan holda nomzodlarni psixologik test sinovidan oʻtkazish yoʻli bilan oʻtkaziladi.
Psixologik test sinovidan oʻtkazish metodikasi, oliy harbiy taʼlim muassasalarida oʻqishning oʻziga xosligi hisobga olingan holda, vazirliklar va idoralar tomonidan ishlab chiqiladi.
Psixologik test sinovi natijalari boʻyicha quyidagi xulosalar chiqariladi:
oliy harbiy taʼlim muassasasiga kirish uchun tavsiya etiladi;
oliy harbiy taʼlim muassasasiga kirish uchun tavsiya etilmaydi.
Test sinovi natijalari boʻyicha oliy harbiy taʼlim muassasasiga kirish uchun tavsiya etilmagan nomzodlar dastlabki tanlashning keyingi tadbirlariga qoʻyilmaydi.
30. Nomzodlarning umumjismoniy tayyorgarlik koʻrganligini baholash oliy harbiy taʼlim muassasalari qabul komissiyalari tarkibidagi vazirliklar va idoralarning tegishli mutaxassislari tomonidan oʻtkaziladi.
Nomzodlarning umumjismoniy tayyorgarligi darajasi vazirliklar va idoralarning belgilangan talablariga muvofiq baholanadi.
Umumjismoniy tayyorgarlik darajasi boʻyicha talablarga javob bermaydigan nomzodlar dastlabki tanlashning keyingi tadbirlariga qoʻyilmaydi.
31. Nomzodlar tibbiy koʻrikdan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 25-dekabrdagi PQ-4076-son qarori bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarida tinchlik va urush davrida tibbiy koʻrikdan oʻtkazish toʻgʻrisidagi nizomga (keyingi oʻrinlarda Tibbiy koʻrikdan oʻtkazish toʻgʻrisidagi nizom deb ataladi) muvofiq vazirliklar va idoralarning maxsus tashkil etiladigan harbiy-tibbiy komissiyalari tomonidan oʻtkaziladi:
(31-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 11-martdagi 210-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 12.03.2019-y., 09/19/210/2757-son)
Tibbiy koʻrikdan oʻtkazish natijalari boʻyicha sogʻligʻiga koʻra nomzodning oliy harbiy taʼlim muassasasida oʻqishga yaroqliligi darajasi toʻgʻrisida xulosa chiqariladi.
Sogʻligʻining holatiga koʻra oliy harbiy taʼlim muassasasida oʻqishga yaroqsiz deb hisoblangan nomzodlar dastlabki tanlashning keyingi tadbirlariga qoʻyilmaydi.
IV. Harbiy-professional tanlash
32. Oʻzining psixofiziologik xususiyatlariga va sogʻligʻiga koʻra harbiy mutaxassislikning zamonaviy talablariga javob beradigan, zobit kasbini egallashning sabab-asoslariga, yetakchilik fazilatlariga, ichki tuygʻuga, mustahkam maʼnaviy-axloqiy va intellektual salohiyatga ega boʻlgan nomzodlarni aniqlash harbiy-professional tanlashning asosiy maqsadi hisoblanadi.
33. Quyidagilar harbiy-professional tanlashning asosiy vazifalari hisoblanadi:
taqdim etilgan hujjatlarni va nomzodni tavsiflovchi materiallarni oʻrganish;
nomzodning kompyuter texnikasini va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini egallab olganligi, orfografik va punktuatsion savodxonligi darajasini, sogʻligʻining holatini har tomonlama va xolisona baholash;
oliy harbiy taʼlim muassasasiga kiruvchi nomzodlarning psixofiziologik xususiyatlarini oʻrganish;
nomzodlarni test sinovlariga qoʻyish toʻgʻrisida uzil-kesil qaror qabul qilish (yakka tartibdagi yakuniy suhbat natijalari boʻyicha).
34. Harbiy-professional tanlash oliy harbiy taʼlim muassasasida oʻtkaziladi, tanlash davomida quyidagi tadbirlar tashkil etiladi va oʻtkaziladi:
hujjatlarni oʻrganish;
psixofiziologik oʻrganish;
tibbiy koʻrikdan oʻtkazish;
yozma ish (diktant, bayon, insho);
kompyuter texnikasini va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini egallab olganlik darajasini tekshirish;
yakka tartibdagi yakuniy suhbat.
Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi oliy harbiy taʼlim muassasalariga harbiy-professional tanlashni oʻtkazishda yozma ish va yakka tartibdagi yakuniy suhbat oʻrniga umumtaʼlim fanlarini bilish boʻyicha yozma imtihon oʻtkaziladi.
(34-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 5-iyuldagi 562-sonli qaroriga asosan sakkizinchi xatboshi bilan toʻldirilgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 08.07.2019-y., 09/19/562/3387-son)
Harbiy-professional tanlash tadbirlarini oʻtkazish tartibi mansubligi boʻyicha vazirliklar va idoralar tomonidan belgilanadi.
35. Hujjatlarni oʻrganish nomzod toʻgʻrisida taqdim etilgan hujjatlar va maʼlumotlarning belgilangan talablarga muvofiqligini tekshirish usuli bilan oʻtkaziladi.
36. Psixofiziologik oʻrganish oliy harbiy taʼlim muassasasining oʻziga xosligi hisobga olingan holda, vazirliklar va idoralar tomonidan belgilangan metodika boʻyicha, tegishli mutaxassislar tomonidan tashkil etiladi va oʻtkaziladi.
Psixofiziologik oʻrganish natijalari yakka tartibdagi yakuniy suhbat davomida qaror qabul qilishda hisobga olinadi.
37. Tibbiy koʻrikdan oʻtkazish tegishli vazirlik, idoraning buyrugʻi bilan tasdiqlanadigan, tibbiyot mutaxassislaridan maxsus shakllantiriladigan harbiy-tibbiy komissiyalar tomonidan oʻtkaziladi.
Nomzodlarni tibbiy koʻrikdan oʻtkazish Tibbiy koʻrikdan oʻtkazish toʻgʻrisidagi nizomga muvofiq oʻtkaziladi.
Tibbiy koʻrikdan oʻtkazish natijalari boʻyicha sogʻligʻiga koʻra nomzodning oliy harbiy taʼlim muassasasida oʻqishga yaroqliligi darajasi toʻgʻrisida xulosa chiqariladi.
Sogʻligʻining holatiga koʻra oliy harbiy taʼlim muassasasida oʻqishga yaroqsiz deb hisoblangan nomzodlar tanlashning keyingi tadbirlariga qoʻyilmaydi.
38. Yozma ish vazirliklar va idoralarning tegishli mutaxassislari jalb etilgan holda, diktant (bayon yoki insho) yozish yoʻli bilan nomzodning orfografik va punktuatsion savodxonligini baholash maqsadida amalga oshiriladi.
Yozma ishni oʻtkazish metodikasi vazirliklar va idoralar tomonidan ishlab chiqiladi.
Yozma ish natijalari yakka tartibdagi yakuniy suhbat davomida qaror qabul qilishda hisobga olinadi.
39. Kompyuter texnikasi va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini egallab olganlik darajasini tekshirish shaxsiy kompyuterdan foydalanuvchi darajasida, idora dasturiy ilovalari bilan, Internet tarmogʻida, lokal va korporativ tarmoqlarda ishlash va tashkiliy texnikadan foydalanish boʻyicha nomzodning koʻnikmalarini baholash maqsadida oʻtkaziladi.
Kompyuter texnikasi va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini egallab olganlik darajasini tekshirish metodikasi vazirliklar va idoralar tomonidan ishlab chiqiladi.
Kompyuter texnikasi va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini egallab olganlik darajasini tekshirish natijalari yakka tartibdagi yakuniy suhbat davomida qaror qabul qilishda hisobga olinadi.
40. Yakka tartibdagi yakuniy suhbat nomzodning oliy harbiy taʼlim muassasasiga oʻqishga kirishi sababini, yetakchilik fazilatlarini, aqliy qobiliyatlari va boshqa muhim professional fazilatlarini aniqlash maqsadida yagona metodika boʻyicha psixofiziologik oʻrganish, yozma ish natijalari, kompyuter texnikasi va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini egallab olganlik darajasini tekshirish natijalari asosida oʻtkaziladi.
Yakka tartibdagi yakuniy suhbat kollegial prinsip boʻyicha, oliy harbiy taʼlim muassasalarining qabul komissiyalari tomonidan oʻtkaziladi.
Yakka tartibdagi yakuniy suhbatni oʻtkazish metodikasi oliy harbiy taʼlim muassasasida taʼlim yoʻnalishlarining oʻziga xosligi hisobga olingan holda tegishli vazirliklar va idoralar tomonidan ishlab chiqiladi.
Yakka tartibdagi yakuniy suhbat natijalari boʻyicha nomzodni Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga huzuridagi Davlat test markazi tomonidan oʻtkaziladigan test sinovlarini topshirishga qoʻyish toʻgʻrisida uzil-kesil qaror qabul qilinadi.
V. Test sinovlari
41. Oliy harbiy taʼlim muassasalarida test sinovlari Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga huzuridagi Davlat test markazi tomonidan har yili 5-iyulda oʻtkaziladi.
(41-bandining birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2016-yil 16-iyundagi 209-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2016-y., 25-son, 306-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
(41-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 5-iyuldagi 562-sonli qaroriga asosan chiqarilgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 08.07.2019-y., 09/19/562/3387-son)
Oliy harbiy taʼlim muassasalarida test sinovlarini oʻtkazish tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi tomonidan belgilanadi.
Zarur shart-sharoitlar yaratish, test sinovlarini tashkil etish uchun javobgarlik, joylarda ularni belgilangan qoidalarga qatʼiy rioya qilgan holda adolatli oʻtkazish mahalliy davlat hokimiyati organlariga, oliy harbiy taʼlim muassasalari boshliqlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazining vakillariga, qabul komissiyalarining raislariga va ular tomonidan tayinlangan auditoriyalar rahbarlariga yuklanadi.
Oliy harbiy taʼlim muassasasida test sinovi oʻtkaziladigan kunda auditoriyaning rahbari va kuzatuvchisiga vazirliklar va idoralarning budjetdan tashqari mablagʻlari hisobiga, belgilangan tartibda, pul mablagʻlari toʻlanadi.
42. Nomzod umumtaʼlim muassasalarida chet tili sifatida ingliz, nemis yoki fransuz tillarini oʻrgangan taqdirda chet tili boʻyicha test sinovlari topshiradi.
Umumtaʼlim muassasalarida boshqa chet tili (ispan, arab, fors, dari, hind, urdu, xitoy, koreys, uygʻur va boshqa tillar) boʻyicha oʻqigan taqdirda nomzod test sinovlari oʻrniga ushbu Nizomga 3-ilovada nazarda tutilgan tartibda oliy harbiy taʼlim muassasalarida yagona koʻp balli imtihon tizimi boʻyicha chet tilidan imtihon topshiradi.
Nomzod oliy harbiy taʼlim muassasasiga oʻqishga kirish uchun berilgan arizada (bildirgida) qaysi chet tilidan imtihon topshirishini koʻrsatadi.
43. Chet tillari boʻyicha imtihonni baholash mezonlari oliy harbiy taʼlim muassasasi tomonidan ishlab chiqiladi hamda mansubligi boʻyicha vazirlik, idora tomonidan tasdiqlanadi.
44. Test sinovlari bloklari oliy harbiy taʼlim muassasalarining taʼlim yoʻnalishlari roʻyxatiga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga huzuridagi Davlat test markazi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi hamda manfaatdor vazirliklar, idoralar bilan birgalikda ishlab chiqiladi va Oʻzbekiston Respublikasi taʼlim muassasalariga qabul qilish boʻyicha Davlat komissiyasi tomonidan tasdiqlanadi.
Test topshiriqlari umumiy oʻrta, oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi umumtaʼlim fanlarining oʻquv dasturlariga muvofiq ishlab chiqiladi.
45. Test topshiriqlari boʻyicha savollar kitobiga taʼlim yoʻnalishlariga muvofiq belgilangan fanlar boʻyicha savollar kiritiladi.
Test topshiriqlarini yechish vaqti 36 ta savolga 1 soat hisobidan ajratiladi.
Test sinovlari boshlangunga qadar nomzodlar 30 daqiqa mobaynida javoblar varaqalarini toʻldirish qoidalari bilan tanishtiriladi va ular tomonidan tegishli boʻlimga oʻzi toʻgʻrisidagi shaxsiy maʼlumotlar kiritiladi. Ushbu vaqt test sinovlarini yechish uchun ajratilgan vaqtning umumiy hajmiga kirmaydi.
Auditoriyada test sinovlari toʻgʻri tashkil etilishini, adolatli oʻtkazilishini, uni oʻtkazish talablariga soʻzsiz rioya qilinishini taʼminlash yuzasidan shaxsiy javobgarlik auditoriyalarning rahbarlari va kuzatuvchilariga yuklanadi.
Nomzodlar test sinovlarini topshirish uchun soat 8.30 gacha auditoriyaga qoʻyiladilar, test sinovlari soat 9.00 da boshlanadi.
Javoblar varaqasi nomzodlar tomonidan koʻk rangli sharikli ruchka bilan toʻldiriladi. Javoblar varaqasini toʻldirish uchun qoʻshimcha ravishda 20 daqiqa vaqt ajratiladi.
Javoblar varaqasi toʻldirilganligining toʻgʻriligi uchun shaxsan nomzod javob beradi. Javoblar varaqasida tegishli doiralarni notoʻgʻri belgilagan nomzodlarning eʼtirozlari koʻrib chiqilmaydi.
Nomzodlarning uyali telefonlarni va boshqa aloqa vositalarini oʻzi bilan olib kirishi va ulardan foydalanishi qatʼiyan taqiqlanadi.
Nomzod tomonidan test sinovlariga mikrokalkulyatorlar, lugʻat, jadvallar, kitoblar, uyali telefon, kompyuter, telekommunikatsiya vositalari va shpargalkalar olib kirilishi, test sinovi paytida test materiallarini boshqa nomzodga berish, savollar kitobi varaqlarini yaroqsiz holga keltirish test sinovlarini oʻtkazish tartibini buzish deb hisoblanadi, bu haqda tegishli dalolatnoma tuziladi va nomzod test sinovlaridan chetlashtiriladi.
46. Nomzodlarning oʻtkazilgan test sinovlari natijalari Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi taʼlim muassasalariga oʻqishga qabul qilish boʻyicha Davlat komissiyasiga va tegishli oliy harbiy taʼlim muassasasining qabul komissiyasiga taqdim etiladi.
Oldingi tahrirga qarang.
(46-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 5-iyuldagi 562-sonli qaroriga asosan chiqarilgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 08.07.2019-y., 09/19/562/3387-son)
Belgilangan vaqtda test sinoviga kelmagan nomzodlar uchun qoʻshimcha test sinovlari oʻtkazilmaydi.
VI. Nomzodlarga beriladigan imtiyozlar
47. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari safida muddatli harbiy xizmatni oʻtab boʻlgan fuqarolarga imtiyozlar tizimini takomillashtirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2012-yil 31-maydagi PQ-1765-son qaroriga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari safida muddatli harbiy xizmatni oʻtab boʻlgan va oliy harbiy taʼlim muassasalariga oʻqishga imtiyozli kirish uchun harbiy qismlar qoʻmondonligining tegishli tavsiyanomalariga ega boʻlgan fuqarolarga test sinovi natijalari boʻyicha oʻzlari toʻplagan ballning 50 foizi miqdorida ball qoʻshish shaklida imtiyozli shartlar beriladi.
(47-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 6-apreldagi 186-son qarori tahririda — OʻR QHT, 2017-y., 14-son, 229-modda)
471. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari harbiylari va uning tarkibiga kiruvchi vazirlik hamda idoralarning xodimlari va ularning oila aʼzolarini ijtimoiy qoʻllab-quvvatlashga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2018-yil 14-maydagi PQ-3726-son qaroriga muvofiq:
Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tarkibiga kiruvchi vazirliklar va idoralarning kontrakt boʻyicha harbiy xizmatni oʻtayotgan ofitserlar, serjantlar va oddiy askarlar tarkibidagi harbiy xizmatchilarining va Milliy gvardiyaning xizmatdagi xodimlarining tegishli vazirlik hamda idoralar tavsiyanomalari berilgan farzandlari oliy harbiy taʼlim muassasalariga kvota asosida oʻqishga kirish huquqiga ega;
harbiy xizmat majburiyatini (xizmat majburiyatini) bajarish chogʻida halok boʻlgan, shuningdek, harbiy xizmat majburiyatini (xizmat majburiyatini) bajarish chogʻida yarador boʻlishi, kontuziya, shikastlanish yoki kasalliklar oqibatida nogiron boʻlib qolgan ofitserlar, kontrakt boʻyicha serjantlar va oddiy askarlar tarkibidagi harbiy xizmatchilarning va Milliy gvardiya xodimlarining tegishli vazirlik hamda idoralar tavsiyanomalari berilgan farzandlari oliy harbiy taʼlim muassasalariga belgilangan qabul kvotasidan tashqari tanlovsiz oʻqishga kirish huquqiga ega.
(471-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 10-avgustdagi 470-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 10.08.2020-y., 09/20/470/1149-son)
48. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari serjantlarining maqomi toʻgʻrisida” 2004-yil 12-apreldagi 170-son qaroriga muvofiq “Ilgʻor serjant” nominatsiyasida Respublika turining gʻoliblari boʻlgan serjantlar Oʻzbekiston Respublikasi taʼlim muassasalariga qabul qilish boʻyicha Davlat komissiyasining qarori bilan test sinovlari topshirmasdan oʻqishga qabul qilinadilar, Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarining serjantlar tarkibi lavozimlarida 5 yil benuqson xizmat qilgan serjantlarga esa ijobiy tavsifnomalar, qoʻmondonlik, jangovar va maʼnaviy-maʼrifiy tayyorgarlikda yutuqlar boʻlgan taqdirda oliy harbiy taʼlim muassasasiga oʻqishga qabul qilishda toʻplanishi mumkin boʻlgan eng koʻp ballning 20 foizi miqdorida qoʻshimcha ballar qoʻshish shaklida imtiyoz beriladi.
49. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻsmirlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash hamda Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari va Davlat xizmati uchun kadrlar zaxirasini tayyorlash tizimini takomillashtirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2019-yil 28-iyundagi PQ-4375-son qaroriga muvofiq:
“Temurbeklar maktabi” harbiy akademik litseylari bitiruvchilariga Oʻzbekiston Respublikasi oliy harbiy va ixtisoslashtirilgan taʼlim muassasalariga oʻqishga kirishda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi tomonidan oʻtkaziladigan test sinovlarida oʻzlari toʻplagan ballarning 30 foizi miqdoridagi qoʻshimcha ballar koʻrinishida imtiyoz beriladi;
“Temurbeklar maktabi” harbiy akademik litseylarini imtiyozli diplom bilan tugatgan bitiruvchilarga, tarkibida “Temurbeklar maktabi” boʻlgan vazirlik va idoralarning tegishliligi boʻyicha oliy harbiy yoki ixtisoslashtirilgan bilim yurtlariga test sinovlarisiz, harbiy professional tanlash tadbirlarini muvaffaqiyatli oʻtish natijalari boʻyicha kirish huquqi beriladi.
(49-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 6-dekabrdagi 973-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 07.12.2019-y., 09/19/973/4123-son)
50. Agar nomzod bir vaqtning oʻzida ushbu Nizomning 47 — 49-bandlarida koʻrsatilgan imtiyozlarga ega boʻlsa, ular tomonidan toʻplangan ballar yigʻindisiga imtiyozlar boʻyicha eng yuqori ball qoʻshiladi.
51. Xizmat majburiyatlarini bajarish chogʻida halok boʻlgan huquqni muhofaza qilish organlari xodimlarining bolalari dastlabki va harbiy-professional tanlash natijalari hamda vazirliklar va idoralarning rahbarlari taqdimnomalari asosida Oʻzbekiston Respublikasi taʼlim muassasalariga qabul qilish boʻyicha Davlat komissiyasining qarori bilan test sinovlarisiz tanlovdan tashqari oliy harbiy taʼlim muassasasiga qabul qilinadilar.
(51-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 5-iyuldagi 562-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 08.07.2019-y., 09/19/562/3387-son)
Terrorizm va jinoyatchilikka qarshi kurashish hamda jamoat xavfsizligini taʼminlash chogʻida halok boʻlgan yoki olgan jarohati tufayli nogiron boʻlib qolgan ichki ishlar organlari xodimlarining farzandlari qabul kvotalaridan tashqari, huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashga munosib hissa qoʻshgan, xizmat yoki ilmiy faoliyatida yuqori natijalarga erishgan ichki ishlar organlarining amaldagi xodimlari farzandlari ajratilgan besh foizli kvotalar doirasida Mudofaa vazirligi va Milliy gvardiya olim taʼlim muassasalariga dastlabki va harbiy-prfessional tanlov natijalari hamda Oʻzbekiston Respublikasi ichki ishlar vazirining taqdimnomasi asosida qabul qilinadilar.
Ichki ishlar organlari amaldagi xodimlarining farzandlarini ajratilgan besh foizli kvotalar doirasida Mudofaa vazirligi va Milliy gvardiya oliy taʼlim muassasalariga qabul qilishda oʻrinlar harbiy-professional tanlov natijalari boʻyicha toʻplangan ballardan kelib chiqib ketma-ketlik tartibida taqsimlanadi.
Ajratilgan besh foizli qabul kvotalariga qabul qilinmagan nomzodlar harbiy-professional tanlov natijalari boʻyicha toʻplangan ballari bilan umumiy tartibda tanlovda ishtirok etadilar.
(51-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 27-iyundagi 529-sonli qaroriga asosan xatboshilar bilan toʻldirilgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 28.06.2019-y., 09/19/529/3346-son)
52. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekistonning oʻquvchi yoshlarini ragʻbatlantirish choralari toʻgʻrisida” 1993-yil 5-fevraldagi PF-555-son Farmoniga muvofiq va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2008-yil 13-oktabrdagi 226-son qarori bilan tasdiqlangan Xalqaro va respublika olimpiadalari, tanlovlari, musobaqalari gʻoliblari boʻlgan akademik litseylar, kasb-hunar kollejlari va umumtaʼlim maktablari oʻquvchilarini taqdirlash tartibi toʻgʻrisidagi nizom asosida xalqaro va respublika olimpiadalari gʻoliblari, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Mard oʻgʻlon” davlat mukofotini taʼsis etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2017-yil 21-noyabrdagi PQ-3402-son qaroriga muvofiq “Mard oʻgʻlon” davlat mukofoti sohiblari boʻlgan umumtaʼlim va oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi muassasalarining oʻquvchilari oliy harbiy taʼlim muassasasi qabul komissiyasining qarori bilan dastlabki va harbiy-professional tanlash talablariga muvofiq boʻlganlari taqdirda oliy harbiy taʼlim muassasasiga tanlovdan tashqari test sinovlarisiz qabul qilinadilar. Oliy harbiy taʼlim muassasasiga tanlovdan tashqari qabul qilishga tavsiya etilgan xalqaro va respublika olimpiadalari, tanlovlari, musobaqalarining gʻoliblari hamda “Mard oʻgʻlon” davlat mukofoti sohiblari boʻlgan umumtaʼlim va oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi muassasalari oʻquvchilarining roʻyxati Oʻzbekiston Respublikasi taʼlim muassasalariga qabul qilish boʻyicha Davlat komissiyasi tomonidan tasdiqlanadi
(52-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 9-yanvardagi 18-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 12.01.2018-y., 09/18/18/0550-son)
53. Oliy harbiy taʼlim muassasalarining qabul komissiyalari tomonidan 1-iyulgacha boʻlgan muddatda xalqaro va respublika olimpiadalari, “Ilgʻor serjant” nominatsiyasida Respublika turi gʻoliblari, “Mard oʻgʻlon” davlat mukofoti sohiblari xizmat majburiyatlarini bajarish chogʻida halok boʻlgan huquqni muhofaza qilish organlarining bolalari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar oʻqish yoʻnalishi, shakli va tili koʻrsatilgan holda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi va Oʻzbekiston Respublikasi taʼlim muassasalariga qabul qilish boʻyicha Davlat komissiyasiga taqdim etiladi.
(53-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 5-iyuldagi 562-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 08.07.2019-y., 09/19/562/3387-son)
Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tarkibiga kiruvchi vazirliklar va idoralar harbiy xizmat vazifalarini bajarish chogʻida halok boʻlgan, shuningdek, harbiy xizmat vazifalarini bajarish chogʻida yaradorlik, kontuziya, shikastlanish yoki kasalliklar oqibatida nogiron boʻlib qolgan oliy taʼlim muassasalariga oʻqishga kirish uchun tavsiyanomalar berilgan harbiy xizmatchilar farzandlari roʻyxatini Oʻzbekiston Respublikasi Taʼlim muassasalariga qabul qilish Davlat komissiyasiga har yili 1-maygacha yuboradi;
(53-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 5-iyuldagi 562-sonli qaroriga asosan ikkinchi xatboshi bilan toʻldirilgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 08.07.2019-y., 09/19/562/3387-son)
Oʻzbekiston Respublikasi taʼlim muassasalariga qabul qilish boʻyicha Davlat komissiyasi vazirliklar va idoralarning taqdimnomalari asosida 4-iyulgacha ular boʻyicha alohida qaror qabul qiladi.
(53-bandining ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2016-yil 16-iyundagi 209-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2016-y., 25-son, 306-modda)
VII. Qabul qilish tartibi
54. Oliy harbiy taʼlim muassasasiga qabul qilish oʻquv yili uchun oliy harbiy taʼlim muassasasini butlash rejasiga qatʼiy muvofiq ravishda amalga oshiriladi.
55. Nomzodlarni oliy harbiy taʼlim muassasasiga oʻqishga qabul qilish Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi tomonidan taqdim etilgan test sinovlari natijalari asosida amalga oshiriladi.
56. Oliy harbiy taʼlim muassasasining qabul komissiyasi nomzodlar belgilangan qoidalarga, harbiy va xizmat intizomiga rioya qilmagan taqdirda ularni oʻqishga qabul qilish boʻyicha tanlashning istalgan bosqichida chetlatish huquqiga ega.
57. Oliy harbiy taʼlim muassasasining qabul komissiyasi 10-iyulda nomzodlarni oʻqishga qabul qilish masalasini koʻrib chiqadi va tegishli protokolni rasmiylashtiradi.
(57-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2016-yil 16-iyundagi 209-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2016-y., 25-son, 306-modda)
58. Oliy harbiy taʼlim muassasasining qabul komissiyasi raisi tomonidan tasdiqlangan protokol nomzodlarni oliy harbiy taʼlim muassasasiga oʻqishga qabul qilish toʻgʻrisidagi buyruqlarni rasmiylashtirish uchun asos hisoblanadi.
VIII. Yakunlovchi qoidalar
59. Ushbu Nizomni qoʻllash masalalari boʻyicha paydo boʻladigan kelishmovchiliklar qonun hujjatlariga muvofiq hal etiladi.
60. Ushbu Nizom talablari buzilishida aybdor boʻlgan davlat organlari, muassasalar va tashkilotlarning rahbarlari va boshqa mansabdor shaxslari, shuningdek fuqarolar qonun hujjatlariga muvofiq javob beradilar.
Oʻzbekiston Respublikasi oliy harbiy taʼlim muassasalariga tanlash tartibi va qabul qilish qoidalari toʻgʻrisidagi nizomga
1-ILOVA
1-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi oliy harbiy taʼlim muassasalari
ROʻYXATI
Oʻzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi:
Oʻzbekiston Respublikasi Jamoat xavfsizligi universiteti.
(“Oʻzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi” boʻlimi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 6-avgustdagi 500-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 06.08.2021-y., 09/21/500/0767-son)
Mudofaa vazirligi:
Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlar akademiyasi;
(ikkinchi xatboshi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 26-maydagi 320-son qarori tahririda — OʻR QHT, 2017-y., 22-son, 427-modda)
Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari Harbiy tibbiyot akademiyasi;
(“Mudofaa vazirligi” boʻlimi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 23-yanvardagi 36-sonli qaroriga asosan uchinchi xatboshi bilan toʻldirilgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 23.01.2021-y., 09/21/36/0063-son)
Chirchiq oliy tank qoʻmondonlik-muhandislik bilim yurti;
Oldingi tahrirga qarang.
(1-ilova oltinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 5-iyuldagi 562-sonli qaroriga asosan chiqarilgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 08.07.2019-y., 09/19/562/3387-son)
Oʻzbekiston Respublikasi oliy harbiy aviatsiya bilim yurti;
(1-ilova oltinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 5-iyuldagi 562-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 08.07.2019-y., 09/19/562/3387-son)
Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligining Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va aloqa harbiy instituti.
(1-ilova yettinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 5-iyuldagi 562-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 08.07.2019-y., 09/19/562/3387-son)
Davlat xavfsizlik xizmati:
Amir Temur nomidagi Oʻzbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati akademiyasi.
Favqulodda vaziyatlar vazirligi:
Favqulodda vaziyatlar vazirligi akademiyasi.
(toʻqqizinchi — oʻn beshinchi xatboshilar Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 22-oktabrdagi 655-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 22.10.2021-y., 09/21/655/0989-son)
Oʻzbekiston Respublikasi oliy harbiy taʼlim muassasalariga tanlash tartibi va qabul qilish qoidalari toʻgʻrisidagi nizomga
2-ILOVA
2-ILOVA
Oliy harbiy taʼlim muassasalariga Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarini tanlash tadbirlari kompleksini bosqichma-bosqich amalga oshirish
SXEMASI
(2-ilovaning matni Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 22-oktabrdagi 655-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 22.10.2021-y., 09/21/655/0989-son)
Oʻzbekiston Respublikasi oliy harbiy taʼlim muassasalariga tanlash tartibi va qabul qilish qoidalari toʻgʻrisidagi nizomga
3-ILOVA
3-ILOVA
Oliy harbiy taʼlim muassasalarida yagona koʻp balli baholash tizimi boʻyicha chet tilidan imtihon oʻtkazish
TARTIBI
1. Oliy harbiy taʼlim muassasalarida yagona koʻp balli imtihon tizimi boʻyicha chet tilidan imtihonlar 30-iyun kuniga qadar oʻtkaziladi va natijalar 1-iyulda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markaziga taqdim etiladi.
(1-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2016-yil 16-iyundagi 209-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2016-y., 25-son, 306-modda)
2. Oliy harbiy taʼlim muassasalarida imtihonlarni qabul qilish uchun fanlar boʻyicha imtihon komissiyalari tashkil etiladi.
Oliy harbiy taʼlim muassasalarida imtihonlarni tashkil etish va oʻtkazish quyidagi tartibda amalga oshiriladi:
tegishli vazirliklar va idoralar bilan kelishuv boʻyicha oliy harbiy taʼlim muassasalari boshliqlarining buyruqlari bilan imtihon boshlanishidan bir oy oldin tajribali va malakali oʻqituvchilardan fanlar boʻyicha imtihon komissiyasi tashkil etiladi va komissiya raisi tasdiqlanadi;
imtihonlar tasdiqlangan jadvalga qatʼiy rioya etilgan holda oʻtkaziladi.
3. Imtihon test sinovlari majmuasi fanning egallagan oʻrnini hisobga olgan holda 75,6 ball yoki 39,6 ball oraligʻida yagona koʻp balli tizim boʻyicha baholanadi.
Oliy harbiy taʼlim muassasalarining qabul komissiyalari imtihonlar boshlanishidan bir oy oldin nomzodlar eʼtiboriga imtihon olinadigan fan dasturini, baholash mezonlarini, maslahatlar berish va imtihon jadvalini maʼlum qiladi.
4. Chet tilidan oʻtkaziladigan imtihonga belgilangan muddatda kelmagan nomzodlar keyingi bosqichga qoʻyilmaydi.
5. Qabul qilingan imtihon boʻyicha eʼtirozlar shu kunning oʻzida tegishli oliy harbiy taʼlim muassasasi buyrugʻi asosida tashkil etilgan apellatsiya komissiyasi tomonidan koʻrib chiqiladi.
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2014-y., 23-son, 271-modda; 2016-y., 25-son, 306-modda; 2017-y., 14-son, 229-modda, 22-son, 427-modda; Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 04.12.2017-y., 09/17/958/0353-son, 12.01.2018-y., 09/18/18/0550-son, 21.09.2018-y., 09/18/748/2024-son; 12.03.2019-y., 09/19/210/2757-son, 30.04.2019-y., 09/19/365/3036-son, 28.06.2019-y., 09/19/529/3346-son, 08.07.2019-y., 09/19/562/3387-son, 07.12.2019-y., 09/19/973/4123-son; 10.08.2020-y., 09/20/470/1149-son; 23.01.2021-y., 09/21/36/0063-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 06.08.2021-y., 09/21/500/0767-son, 22.10.2021-y., 09/21/655/0989-son)