Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan
Rossiya Federatsiyasi Hukumati oʻrtasida
Rossiya Federatsiyasi Hukumati oʻrtasida
Bitim
IKKI TOMONLAMA HARBIY-TEXNIKAVIY HAMKORLIK JARAYoNIDA FOYDALANILADIGAN VA OLINGAN INTELLEKTUAL FAOLIYAT NATIJALARIGA BOʻLGAN HUQUQLARNI OʻZARO HIMOYA QILISh TOʻGʻRISIDA
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va Rossiya Federatsiyasi Hukumati—bundan keyin Tomonlar deb ataluvchilar,
Oʻzbekiston Respublikasi bilan Rossiya Federatsiyasi oʻrtasida tuzilgan strategik sherikchilik toʻgʻrisida 2004-yil 16-iyundagi Shartnoma, Oʻzbekiston Respublikasi bilan Rossiya Federatsiyasi oʻrtasidagi ittifoqchilik toʻgʻrisida 2005-yil 14-noyabrdagi Shartnoma, Oʻzbekiston Respublikasi bilan Rossiya Federatsiyasi oʻrtasida harbiy va harbiy-texnikaviy sohalarda har tomonlama hamkorlikni yanada chuqurlashtirish toʻgʻrisida 1999-yil 11-dekabrdagi Shartnoma hamda Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Rossiya Federatsiyasi Hukumati oʻrtasida harbiy-texnikaviy hamkorlik toʻgʻrisida 1995-yil 27-iyuldagi Bitimga amal qilgan holda,
ikki tomonlama harbiy-texnikaviy hamkorlik jarayonida foydalaniladigan va (yoki) olingan intellektual faoliyat natijalariga boʻlgan huquqlarini samarali himoya qilishni taʼminlash zaruratini anglab,
tenglik va oʻzaro manfaatdorlik prinsiplariga asoslanib,
quyidagilar toʻgʻrisida kelishib oldilar:
1-modda
Mazkur Bitimda qoʻllaniladigan tushunchalar quyidagi maʼnolarni anglatadi:
“harbiy-texnikaviy hamkorlik” — harbiy maqsadlarga moʻljallangan mahsulotlarni olib chiqish va olib kirish, shuningdek yetkazib berish va sotib olish hamda uni ishlab chiqish, ishlab chiqarish va modernizatsiya qilish bilan bogʻliq xalqaro munosabatlar sohasidagi Tomonlarning faoliyati;
“intellektual mulk” — 1967-yil 14-iyulda Stokgolm shahrida imzolangan va 1972-yil 2-oktabrda oʻzgartirish kiritilgan Butunjahon intellektual mulk tashkilotini taʼsis etuvchi Konvensiyaning 2-moddasida belgilangan mazmunda tushuniladi;
“axborot” — ikki tomonlama harbiy-texnikaviy hamkorlik, ularni amalga oshirish va (yoki) taqdim etish shaklidan qatʼi nazar, olingan natijalar jarayonida tuzilgan shartnomalar (kontraktlar) predmetiga taalluqli predmetlar, faktlar, voqealar, hodisalar va jarayonlar toʻgʻrisida maʼlumotlar;
“maxfiy axborot” — hujjatlashtirilgan axborot, “nou-xau”, shuningdek uchinchi shaxslarning xabari boʻlmaganligi sababli aniq yoki potensial tijoriy qiymatga ega, qonuniy asosda erkin olish mumkin boʻlmagan va egasi uning muhofazasini taʼminlash boʻyicha choralar koʻradi;
“harbiy maqsadga moʻljallangan mahsulot” — qurol-aslaha, harbiy texnika, ishlar, xizmatlar, intellektual faoliyat natijalari, jumladan ularga (intellektual mulkka) boʻlgan mutloq huquqlar va ikki tomonlama harbiy-texnikaviy hamkorlikka daxldor axborot;
“intellektual faoliyat natijalari” — texnik va ilmiy-texnik hujjatlarda saqlanayotgan, moddiy saqlovchilarda qayd etilgan hamda namunalarda, buyumlarning maketlarida saqlanayotgan ilmiy, konstruktorlik, texnik va texnologik qarorlar, shuningdek ularga (intellektual mulkka) boʻlgan mutloq huquqlar;
“foydalaniladigan intellektual faoliyat natijalari” — Bitim doirasidan tashqari yaratilgan intellektual faoliyat natijalari, jumladan shartnoma (kontrakt)ning Tomonlari yoki ishtirokchilari ega boʻlgan va (yoki) tasarruf etadigan hamda ulardan foydalanish Bitim doirasidagi hamkorlik faoliyatini amalga oshirish uchun zarur mustaqil tadqiqotlar natijalari;
“intellektual faoliyatdan olingan natijalar” — ikki tomonlama harbiy-texnikaviy hamkorlik doirasida tuzilgan shartnomalar (kontraktlar)ni bajarish jarayonida yaratilgan intellektual faoliyat natijalari;
“shartnoma (kontrakt) ishtirokchilari” — Tomonlar davlatlarining qonunchiligiga muvofiq harbiy maqsadga moʻljallangan mahsulotlar boʻyicha tashqi savdo faoliyatini amalga oshirish vakolatiga ega boʻlgan va ikki tomonlama harbiy-texnikaviy hamkorlikni amalga oshirishga qaratilgan shartnomalar (kontraktlar) imzolagan Tomonlar davlatlarining yuridik shaxslari.
2- modda
Mazkur Bitimning maqsadi Oʻzbekiston Respublikasi va Rossiya Federatsiya qonunchiligi, shuningdek Tomonlar davlatlari ishtirokchisi boʻlgan xalqaro shartnomalarga muvofiq, ikki tomonlama harbiy-texnikaviy hamkorlik jarayonida foydalaniladigan va (yoki) olingan intellektual faoliyat natijalariga boʻlgan huquqlarni himoya qilishni taʼminlashdir.
3- modda
Mazkur Bitimni amalga oshirishda Tomonlarning vakolatli organlari boʻlib:
Oʻzbek Tomonidan — Oʻzbekiston Respublikasi tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi;
Rossiya Tomonidan — Rossiya Federatsiyasi Adliya vazirligi va Rossiya Federatsiyasi Mudofaa vazirligi.
Mazkur Bitimni amalga oshirish vakolati boshqa vakolatli organga berilganda yoki vakolatli organning nomlanishi yoki vazifalari oʻzgargan holatda tegishli Tomon boshqa Tomonni bu haqida diplomatik kanallar orqali xabardor etadi.
Shartnoma (kontrakt) ishtirokchilari ikki tomonlama harbiy-texnikaviy hamkorlik jarayonida tuziladigan intellektual faoliyat natijalarini huquqiy himoya qilishni taʼminlashni nazarda tutadigan shartnoma (kontrakt) loyihalari toʻgʻrisida Tomonlarning vakolatli organlarini xabardor qiladilar.
4- modda
Ikki tomonlama harbiy-texnikaviy hamkorlik jarayonida foydalaniladigan va olingan intellektual faoliyat natijalariga boʻlgan huquqlarni himoya qilish quyidagicha amalga oshiriladi:
intellektual faoliyat natijalarini foydalanishga va (yoki) olishga boʻlgan huquqlarini himoya qilish bilan bogʻliq masalalarni kelishish va (yoki) maslahatlashuvlar oʻtkazish;
intellektual faoliyat natijalarini qoʻllash sohasida huquqbuzarliklarni ogohlantirish boʻyicha tadbirlar amalga oshirish;
bir Tomonning boshqa Tomon soʻroviga asosan intellektual faoliyat natijalaridan foydalanish va ularni himoya qilishga oid normativ-huquqiy hujjatlarni taqdim qilish;
intellektual faoliyat natijalariga boʻlgan huquqlarni himoya va muhofaza qilish masalalari yuzasidan tajriba va axborot almashish;
agar Tomonlar davlatlarining boshqa davlatlar oldidagi xalqaro majburiyatlariga va Tomonlar davlatlari qonunchiligiga zid kelmasa har bir Tomonning intellektual mulkni qoʻriqlashning oʻziga xos xususiyatlarini aks ettiruvchi boshqa xalqaro shartnomalarda ishtirokiga oid xalqaro hamkorligi yuzasidan tajriba va axborot almashish;
Mazkur roʻyxat yakuniy boʻlib hisoblanmaydi va u Tomonlar oʻzaro kelishuvi asosida aniqlashtirilishi, oʻzgartirilishi va toʻldirilishi mumkin.
5-modda
Har bir Tomon oʻz davlati qonunchiligi hamda Oʻzbekiston Respublikasi va Rossiya Federatsiyasi ishtirokchilari boʻlgan xalqaro shartnomalar qoidalari doirasida boshqa Tomondan olingan intellektual faoliyat natijalarining huquqiy muhofazasini taʼminlaydi.
Agar Tomonlardan biri shartnomalar (kontraktlar) amalga oshirilishi davomida olingan natijalar Tomonlar davlatlari qonunchiligi bilan muhofaza qilinmayapti deb hisoblasa, Tomonlar ikki tomonlama harbiy-texnikaviy hamkorlikni amalga oshirish doirasida intellektual faoliyat natijalarini muhofaza etish yuzasidan kechiktirmasdan maslahatlashuvlar oʻtkazadilar.
6-modda
Tomonlar va (yoki) shartnoma (kontrakt) ishtirokchilari ikki tomonlama harbiy-texnikaviy hamkorlik doirasida tuziladigan shartnomalarda (kontraktlarda) quyidagilarni nazarda tutadilar:
Tomonlar va (yoki) shartnoma (kontrakt) ishtirokchilari davlatlari qoʻshgan hissasini inobatga olgan holda intellektual faoliyat natijalaridan olingan huquqlarni taqsimlash va belgilash tartibini;
foydalanilayotgan va (yoki) olingan intellektual faoliyat natijalarini muhofazasini taʼminlashga oid majburiyatlarni;
foydalanilayotgan va (yoki) olingan intellektual faoliyat natijalarini Tomonlar davlatlari hududlarida va uchinchi davlatlar hududlarida qoʻllash shartlari va tartibini;
agar boshqa Tomonning intellektual faoliyat natijalarini muhofazaga oid oʻz majburiyatlarini buzgan holatda bir Tomonning huquqlarini;
maxfiy axborotdan foydalanish va taqdim etishga oid har bir Tomonning va (yoki) shartnoma (kontrakt) ishtirokchilarining huquqlarini va uni himoyasini taʼminlashga doir ularning majburiyatlarini;
intellektual faoliyat natijalariga oid maʼlumotlarni berish, almashish va nashr qilish tartibi va shartlarini.
7-modda
Har bir Tomon oʻz davlati qonunchiligiga, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi va Rossiya Federatsiyasi ishtirokchi boʻlgan xalqaro shartnomalarga muvofiq intellektual faoliyat natijalaridan foydalanishga, ularga boʻlgan huquqlar boshqa Tomonning davlatiga va (yoki) shartnoma (kontrakt) ishtirokchisiga tegishli, harbiy maqsadlardagi mahsulotlarni ishlab chiqishda, ishlab chiqarishda, modernizatsiya qilishda hamda uni uchinchi davlat hududida tarqatishda mazkur Tomon davlatining yozma roziligisiz yoʻl qoʻymaslik maqsadida choralar koʻradi.
Tomonlardan biri tomonidan qoʻllanilayotgan va (yoki) olingan intellektual faoliyat natijalariga boʻlgan huquqlarni ikkinchi Tomonga berish Tomonlar davlatlarining qonunchiligiga muvofiq amalga oshiriladi.
Tomonlar uchinchi davlatlar manfaatlari yoʻlida, bir Tomonning davlatida ishlab chiqilgan yoki yetkazib berilgan harbiy maqsadlardagi mahsulotlar modernizatsiyasini amalga oshirishni, agar bunday modernizatsiya jarayonida intellektual faoliyat natijalarini, shuningdek Tomonlar bir-birlariga taqdim etgan maxfiy axborotlarni qoʻllash taxmin qilingan boʻlsa, yozma shaklda oʻzaro kelishadilar.
8- modda
Tomonlar va (yoki) shartnoma (kontrakt) ishtirokchilari oʻzaro kelishuv boʻyicha intellektual faoliyatdan olingan natijalarga muhofaza hujjatlarini olishga ariza berish maqsadga muvofiqligini va (yoki) ularni maxfiy himoya qilish tartibini oʻzaro kelishgan holda belgilaydilar.
9- modda
Tomonlar muhofaza hujjatlariga ariza berishda quyidagilarga amal qiladilar:
Oʻzbekiston Respublikasida yaratilgan intellektual faoliyat natijalariga boʻlgan muhofaza hujjatlariga ariza birinchi navbatda Oʻzbekiston Respublikasining intellektual mulk obyektlarini muhofaza qilish boʻyicha vakolatli organiga topshiriladi;
Rossiya Federatsiyasida yaratilgan intellektual faoliyat natijalariga boʻlgan muhofaza hujjatlariga ariza birinchi navbatda Rossiya Federatsiyasi qonunchiligiga muvofiq shunday arizalarni koʻrib chiqish vakolatiga ega boʻlgan ijroiya hokimiyatining federal organlariga topshiriladi.
10- modda
Amalda qoʻllanilayotgan intellektual faoliyat natijalari haqidagi axborot berayotgan Tomon va (yoki) shartnoma (kontrakt) ishtirokchisi tomonidan maxfiy deb belgilangan va tan olingan axborot uni olayotgan Tomon va (yoki) shartnoma (kontrakt) ishtirokchisi tomonidan oʻz-oʻzidan maxfiy axborot deb tan olinadi va muhofaza qilinadi.
Intellektual faoliyat natijalari haqidagi axborot Tomonlar va (yoki) shartnoma (kontrakt) ishtirokchilari tomonidan oʻzaro kelishilgan holda maxfiy deb tan olinadi.
Maxfiy axborotlar almashinuvi va muhofaza qilish shartlari 2003-yil 31-oktabrdagi Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va Rossiya Federatsiyasi Hukumati oʻrtasida maxfiy axborotni oʻzaro himoya qilish toʻgʻrisida Bitimga asosan belgilanadi.
11- modda
Mazkur Bitim qoidalari Oʻzbekiston Respublikasi va Rossiya Federatsiyasi ishtirok etayotgan boshqa xalqaro shartnomalardan kelib chiquvchi Tomonlarning huquq va majburiyatlariga daxl qilmaydi.
12- modda
Tomonlarning oʻzaro kelishuviga koʻra mazkur Bitimga alohida bayonnomalar bilan rasmiylashtiriladigan oʻzgartirishlar kiritilishi mumkin, ularning kuchga kirish tartibi Tomonlarning oʻzaro kelishuviga koʻra belgilanadi.
13- modda
Tomonlar oʻrtasida mazkur Bitim qoidalarini talqin qilish yoki qoʻllash bilan bogʻliq bahslar vujudga kelganda, Tomonlarning vakolatli organlari maslahatlashuvlar yoki muzokaralar oʻtkazadilar.
14- modda
Mazkur Bitim Tomonlarning uning kuchga kirishi uchun zarur ichki davlat protseduralarini bajarganligi toʻgʻrisidagi soʻnggi yozma ravishda xabardor qilingan kundan boshlab kuchga kiradi.
Mazkur Bitim 5 yil muddatga tuziladi va agar Tomonlardan birortasi mazkur Bitimning amal qilish muddati tugashidan kamida 6 oy oldin yozma ravishda uning amalini tugatish niyati borligi toʻgʻrisida boshqa Tomonga xabar bermasa, u oʻz-oʻzidan keyingi besh yillik muddatlarga choʻziladi.
Agar Tomonlar oʻzgacha kelishmasalar mazkur Bitim amal qilishining tugashi Bitimning 5, 7 va 9-moddalarida koʻrsatilgan majburiyatlarni bajarilishiga daxl qilmaydi.
Toshkent shahrida 2007-yil 28-noyabrda, har biri oʻzbek va rus tillarida ikki nusxada tuzildi, bunda ikkala matn ham bir xil kuchga ega.
(imzolar)