OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI DAVLAT MULKI QOʻMITASI HUZURIDAGI QIMMATLI QOGʻOZLAR BOZORI FAOLIYATINI MUVOFIQLAShTIRISh VA NAZORAT QILISh MARKAZI BOSh DIREKTORINING
buyrugʻi
QIMMATLI QOGʻOZLAR BOZORINING MUTAXASSISLARIGA QOʻYILADIGAN MALAKA TALABLARI TOʻGʻRISIDAGI NIZOMNI TASDIQLASh HAQIDA
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2011-yil 30-aprelda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 2221]
Mazkur buyruq Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mulki qoʻmitasi huzuridagi Qimmatli qogʻozlar bozori faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish markazi bosh direktorining 2012-yil 11-maydagi 2012-05-sonli “Qimmatli qogʻozlar bozorining mutaxassislariga qoʻyiladigan malaka talablari toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi buyrugʻiga (roʻyxat raqami 2370, 15.06.2012-y.) asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasining “Qimmatli qogʻozlar bozori toʻgʻrisida”gi Qonuni (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2008-y., 29-30-son, 278-modda), Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2010-yil 26-noyabrdagi PQ-1438-son “2011 — 2015-yillarda respublika moliya-bank tizimini yanada isloh qilish va barqarorligini oshirish hamda yuqori xalqaro reyting koʻrsatkichlariga erishishning ustuvor yoʻnalishlari toʻgʻrisida”gi qarori (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2010-y., 48-son, 442-modda) va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1996-yil 30-martdagi 126-son qarori bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mulki qoʻmitasi huzuridagi Qimmatli qogʻozlar bozori faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish markazi toʻgʻrisidagi nizomga (Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining qarorlari toʻplami, 1996-y., 3-son, 11-modda) muvofiq buyuraman:
1. Qimmatli qogʻozlar bozorining mutaxassislariga qoʻyiladigan malaka talablari toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur buyruq Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligida davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan kundan boshlab oʻn kun oʻtgandan keyin kuchga kiradi.
Bosh direktor v.v.b. A. OBIDOV
Toshkent sh.,
2011-yil 11-aprel,
2011-06-son
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mulki qoʻmitasi huzuridagi Qimmatli qogʻozlar bozori faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish markazi bosh direktorining 2011-yil 11-apreldagi 2011-06-son buyrugʻiga
ILOVA
ILOVA
Qimmatli qogʻozlar bozorining mutaxassislariga qoʻyiladigan malaka talablari toʻgʻrisida
NIZOM
Mazkur Nizom Oʻzbekiston Respublikasining “Qimmatli qogʻozlar bozori toʻgʻrisida”gi Qonuni (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2008-y., 29-30-son, 278-modda), Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2010-yil 26-noyabrdagi PQ-1438-son “2011 — 2015-yillarda respublika moliya-bank tizimini yanada isloh qilish va barqarorligini oshirish hamda yuqori xalqaro reyting koʻrsatkichlariga erishishning ustuvor yoʻnalishlari toʻgʻrisida”gi qaroriga (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2010-y., 48-son, 442-modda) muvofiq qimmatli qogʻozlar bozorining mutaxassislariga qoʻyiladigan malaka talablarini belgilaydi.
I. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Nizom talablari qimmatli qogʻozlar bozorining professional ishtirokchilarida (keyingi oʻrinlarda professional ishtirokchi deb yuritiladi), fond birjalarida va boshqa birjalar fond boʻlimlarida ishlashga talabgor yoki ishlayotgan jismoniy shaxslarga tatbiq qilinadi.
2. Qimmatli qogʻozlar bozori mutaxassisining malaka guvohnomasi — qimmatli qogʻozlar bozorini tartibga solish boʻyicha vakolatli davlat organi tomonidan jismoniy shaxsga darajasi koʻrsatilgan holda beriladigan va qimmatli qogʻozlar bozorida professional ishtirokchi, fond birjasi (fond boʻlimini tashkil etgan boshqa birja) nomidan qimmatli qogʻozlarga doir operatsiyalarni amalga oshirish va xizmatlar koʻrsatish va (yoki) ishlarni bajarish huquqini tasdiqlovchi hujjat.
3. Qimmatli qogʻozlar bozorining mutaxassislariga qoʻyiladigan malaka talablari jismoniy shaxslarning professional ishtirokchilarda, fond birjalarida va boshqa birjalar fond boʻlimlarida ishlash uchun zarur boʻlgan bilim va koʻnikmalari mavjudligidan iborat boʻladi.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mulki qoʻmitasi huzuridagi Qimmatli qogʻozlar bozori faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish markazi qimmatli qogʻozlar bozorini tartibga solish boʻyicha vakolatli davlat organi boʻlib hisoblanadi.
II. Malaka talablari
5. Professional ishtirokchilarda, fond birjalarida va boshqa birjalar fond boʻlimlarida ishlashga talabgor yoki ishlayotgan shaxslar quyidagi malaka talablariga javob berishlari kerak:
oliy maʼlumotga egaligi;
taʼlim muassasasi yoki notarius tomonidan tasdiqlangan, qimmatli qogʻozlar bozori mutaxassislarini qayta tayyorlash yoki malakasini oshirish kursini tugatganligi toʻgʻrisidagi taʼlim muassasasi sertifikatining mavjudligi;
qimmatli qogʻozlar bozorini tartibga solish boʻyicha vakolatli davlat organi tomonidan beriladigan qimmatli qogʻozlar bozori mutaxassisining malaka guvohnomasiga egaligi.
6. Xorijiy davlatlarda olingan oliy maʼlumot yoki ilmiy daraja qonun hujjatlarida belgilangan tartibda nostrifikatsiya qilingan taqdirda eʼtiborga olinadi.
7. Qimmatli qogʻozlar bozori mutaxassislarini malakasini oshirish va qayta tayyorlashni oʻquv rejalari va dasturlari qonun hujjatlarida belgilangan tartibda qimmatli qogʻozlar bozorini tartibga solish boʻyicha vakolatli davlat organi bilan kelishiladigan, qimmatli qogʻozlar bozori mutaxassislarining malakasini oshirish va ularni qayta tayyorlashni amalga oshiruvchi taʼlim muassasalari tomonidan amalga oshiriladi.
III. Yakuniy qoidalar
8. Mazkur Nizom talablarini buzganlikda aybdor shaxslar qonun hujjatlariga muvofiq javobgar boʻladi.
9. Mazkur Nizom talablariga rioya etish ustidan nazoratni qimmatli qogʻozlar bozorini tartibga solish boʻyicha vakolatli davlat organi amalga oshiradi.
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2011-y., 18-son, 182-modda;)