OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI ADLIYA VAZIRLIGI
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI IChKI IShLAR VAZIRLIGINING
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI IChKI IShLAR VAZIRLIGINING
Qarori
SUDLAR, SUD PROTSESSLARI VA ULAR IShTIROKChILARINING XAVFSIZLIGINI TAʼMINLASh TARTIBI TOʻGʻRISIDAGI YOʻRIQNOMANI TASDIQLASh HAQIDA
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2007-yil 15-yanvarda 1655-son bilan davlat roʻyxatidan oʻtkazildi ]
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi va Ichki ishlar vazirligining 2018-yil 23-fevraldagi 2, 19-sonli “Sudlar, sud protsesslari va ular ishtirokchilarining xavfsizligini taʼminlash tartibi toʻgʻrisidagi yoʻriqnomani tasdiqlash haqida”gi qarorni oʻz kuchini yoʻqotgan deb topish toʻgʻrisida”gi qaroriga (roʻyxat raqami 1655-1, 15.03.2018-y.) asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2006-yil 31-avgustdagi PQ-458-son “Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Sud qarorlarini ijro etish, sudlar faoliyatini moddiy-texnika jihatidan va moliyaviy taʼminlash departamenti faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi va Ichki ishlar vazirligi qaror qiladi:
1. Sudlar, sud protsesslari va ular ishtirokchilarining xavfsizligini taʼminlash tartibi toʻgʻrisidagi yoʻriqnoma ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Ushbu qaror kuchga kirgan kundan boshlab Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligining 2001-yil 10-apreldagi 01-10-son va Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining 2001-yil 13-apreldagi 1-son “Sudyalar va sud protsessi ishtirokchilarining xavfsizligini taʼminlash Tartibini tasdiqlash haqida”gi qarori (2001-yil 16-aprel, roʻyxat raqami 1028) oʻz kuchini yoʻqotgan deb topilsin.
3. Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligida davlat roʻyxatidan oʻtkazilganidan soʻng oʻn kundan keyin kuchga kiradi.
Adliya vaziri F. OTAXONOV
Toshkent sh.,
2007-yil 12-yanvar,
2/2-son
Ichki ishlar vaziri B. MATLYUBOV
Toshkent sh.,
2007-yil 12-yanvar,
3-son
Adliya vazirligi va Ichki ishlar vazirligining
2007-yil 12-yanvardagi 2/2, 3-son qarori bilan
TASDIQLANGAN
2007-yil 12-yanvardagi 2/2, 3-son qarori bilan
TASDIQLANGAN
Sudlar, sud protsesslari va ular ishtirokchilarining xavfsizligini taʼminlash tartibi toʻgʻrisidagi
YOʻRIQNOMA
Ushbu Yoʻriqnoma Oʻzbekiston Respublikasining Jinoyat-protsessual kodeksi, Fuqarolik-protsessual kodeksi va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2006-yil 31-avgustdagi PQ-458-son “Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Sud qarorlarini ijro etish, sudlar faoliyatini moddiy-texnika jihatidan va moliyaviy taʼminlash departamenti faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq, sudlar, sud protsesslari va ular ishtirokchilarining xavfsizligini taʼminlash tartibini belgilaydi.
I. Umumiy qoidalar
1. Sudlar, sud protsesslari va sud protsesslari ishtirokchilari hamda ularning yaqin qarindoshlari xavfsizligini taʼminlash ichki ishlar organlari tomonidan amalga oshiriladi.
2. Alohida hollarda, xavfsizlik va himoyani taʼminlash choralari qonunchilikka muvofiq tezkor-qidiruv faoliyatni amalga oshiruvchi boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan hamkorlikda amalga oshirilishi mumkin.
3. Ichki ishlar organlari xodimlari oʻz faoliyatini amalga oshirish chogʻida fuqarolarning huquq va erkinlariga rioya etishi, ularning shaʼni va qadr-qimmatini hurmat qilishi va ularga berilgan vakolatlar doirasidan chetga chiqmasligi lozim.
II. Sudlar xavfsizligini taʼminlash
§ 1. Sudlar xavfsizligini taʼminlashni tashkil etish
4. Sudlar xavfsizligini taʼminlash sud binolarini qoʻriqlashdan iborat. Sud binolarini qoʻriqlash Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1994-yil 19-yanvardagi 18-son “Oʻzbekiston Respublikasi adliya va sud organlari faoliyatini tashkil etish masalalari toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq ichki ishlar organlari tomonidan amalga oshiriladi.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Sud qarorlarini ijro etish, sudlar faoliyatini moddiy-texnika jihatidan va moliyaviy taʼminlash departamenti (keyingi oʻrinlarda matnda — Sud departamenti) sudlar xavfsizligini taʼminlash maqsadida sud binolarining qoʻriqlash ishini tashkil etadi va buning uchun belgilangan tartibda ichki ishlar organlari xodimlari jalb etiladi.
6. Sud binolarini xavfsizligini taʼminlash maqsadida Sud departamentining Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar hududiy boshqarmalari Sud departamentiga tegishli sud binolarini qoʻriqlash ishini tashkil etish boʻyicha xat joʻnatadi. Xatda qoʻriqlanishi lozim boʻlgan sud binolarining miqdori koʻrsatiladi.
7. Sud departamenti tegishli xatlarni olgan kundan boshlab oʻn kunlik muddatda ularni umumlashtiradi va har bir hudud (Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahri) boʻyicha qoʻriqlanishi lozim boʻlgan sud binolari miqdorini aniqlaydi.
8. Sud departamenti qoʻriqlanishi lozim boʻlgan sud binolari miqdori aniqlanganidan soʻng oʻn besh kundan ortiq boʻlmagan muddatda Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi qoshidagi “Qoʻriqlash” birlashmasi (keyingi oʻrinlarda matnda — Birlashma) bilan sud binolarini qoʻriqlash toʻgʻrisida shartnoma tuzadi. Sud binolarini qoʻriqlash toʻgʻrisidagi shartnoma har bir hudud (Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahri) boʻyicha alohida tuziladi.
9. Sud binolarini qoʻriqlash toʻgʻrisidagi shartnomada qoʻriqlash boʻyicha xizmatlar qiymatini aniqlash uchun Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi bilan kelishilgan tariflar qoʻllaniladi.
10. Sud binolarini qoʻriqlash toʻgʻrisidagi shartnomalar tuzilganidan soʻng besh kunlik muddat ichida shartnomalar nusxalari Sud departamentining hududiy boshqarmalariga va Birlashmaning hududiy boʻlimlariga yuboriladi. Yuborilgan shartnoma nusxalari Birlashmaning hududiy boʻlimlari tomonidan sud binolarini qoʻriqlash boʻyicha xizmatlarni koʻrsatishga asos boʻlib xizmat qiladi.
11. Sud binolarini qoʻriqlash xizmatlari uchun toʻlovlar Sud departamenti tomonidan markazlashtirilgan tartibda amalga oshiriladi.
§ 2. Sud binolarini qoʻriqlashni taʼminlash tartibi
12. Birlashmaning tegishli hududiy boʻlimlari shartnoma nusxasini olgandan soʻng uch kunlik muddatda Sud departamentining hududiy boshqarmalari bilan birga sud binolarini qoʻriqlash ishini tashkil etadi.
13. Sud binolarini qoʻriqlashni tashkil etish uchun Birlashmaning hududiy boʻlimi sud binolarini qoʻriqlashni amalga oshirish uchun xodimlarni (keyingi oʻrinda matnda — qoʻriqlash boʻlimi xodimlari) ajratadi.
14. Qoʻriqlash boʻlimi xodimlari tomonidan sud binolarini qoʻriqlash kechayu-kunduz amalga oshiriladi.
15. Sud binolarini qoʻriqlashni taʼminlash uchun qoʻriqlash boʻlimi xodimlari tomonidan quyidagi choralar amalga oshiriladi:
sud binosiga kirish va chiqishning qoʻriqlanishi taʼminlanadi;
sud raisi bilan kelishilgan holda nazorat-ruxsatnoma punkti tashkil etiladi;
sud hududiga xizmat guvohnomasi yoki ruxsatnoma boʻyicha kirish joriy etiladi;
sud binosidagi xonalarni qoʻriqlash signalizatsiyasi holati nazorat qilinadi, sud raisiga kamchiliklarni bartaraf etish boʻyicha takliflar kiritiladi.
16. Qoʻriqlash boʻlimi xodimi qoʻriqlanayotgan sud binosini oʻziga xosligini, signalizatsiya va yongʻinga qarshi kurash vositalarining joylashgan joylari va ulardan foydalanishni bilishi hamda ularni soz holatda ekanligini tekshirib, aniqlangan barcha kamchiliklar boʻyicha darhol sud raisiga xabar berishi lozim.
17. Etarli asoslar mavjud boʻlganida qoʻriqlash boʻlimi xodimi jamoat tartibining buzilishiga yoʻl qoʻygan shaxslarni ushlashi va ularni tuman (shahar) ichki ishlar boʻlimlariga topshirishi mumkin.
III. Sud protsesslari xavfsizligini taʼminlash
§ 1. Sud protsesslari xavfsizligini taʼminlashni tashkil etish
18. Sud protsesslari xavfsizligini taʼminlashni tashkil etish bevosita sud majlisi oʻtkazilishida kompleks chora-tadbirlar qoʻllash yoʻli bilan tartibni saqlashdan iborat.
19. Sud protsesslari xavfsizligini taʼminlashni tashkil etish ichki ishlar organlari xodimlari (keyingi oʻrinlarda matnda — xodim) tomonidan amalga oshiriladi.
20. Sud muhokamasini oʻtkazishda toʻsqinliklar vujudga kelishi ehtimolini tasdiqlovchi yetarli asoslar mavjud boʻlganida, sud majlisiga raislik qiluvchi sudya (keyingi oʻrinda matnda — raislik qiluvchi) yoki sud raisi sud majlisi oʻtkazilishiga kamida uch kun qolganda, sud protsesslari xavfsizligini taʼminlash uchun choralar koʻrish toʻgʻrisida tuman (shahar) ichki ishlar boʻlimlariga yozma xabarnoma joʻnatadi.
21. Tuman (shahar) ichki ishlar boʻlimlari sudning yozma xabarnomasini olganidan soʻng, xabarnomada koʻrsatilgan muddatlarda sud protsessi xavfsizligini taʼminlashni tashkil etish uchun xodimlar ajratadi.
§ 2. Sud protsesslari xavfsizligini taʼminlash tartibi
22. Sud protsesslari xavfsizligini taʼminlash uchun xodimlar tomonidan quyidagi choralar amalga oshiriladi:
raislik qiluvchi yoki sud raisi bilan kelishuvga binoan sud majlisi xonasi va maslahatxona xavfsizligi taʼminlanadi;
sud majlisidan oldin sud majlisi xonalari va maslahatxonaning ularda egasiz ashyolar, yonuvchi, portlovchi, zaharlovchi va boshqa xavfli buyumlarni aniqlash yuzasidan tekshiruvi tashkillashtiriladi;
tashqi koʻrinishi yoki yurish-turishidan shubha tugʻdiruvchi shaxslarni tekshirish tashkil etiladi. Koʻrsatilgan shaxslar yetarli asoslar mavjud boʻlganda ushlanishi va yuqorida sanab oʻtilgan buyum va ashyolar yuboriladigan tuman (shahar) ichki ishlar boʻlimlariga topshirilishi mumkin.
23. Xodim sud majlisi vaqtida doimiy ravishda sud majlisi zalida boʻladi. Sud majlisi zalini tark etish faqatgina raislik qiluvchining farmoyishi (ruxsati) bilan ruxsat etiladi.
24. Xodim sud protsesslari xavfsizligini taʼminlashda quyidagi huquqlarga ega:
qonunchilikda nazarda tutilgan hollarda va tartibda jismoniy kuch, maxsus vositalar va oʻqotar qurolini qoʻllash;
sud raisi yoki raislik qiluvchining farmoyishiga binoan sud majlisi tartibini buzuvchi shaxslarni sud majlisi zalidan chiqarib yuborish;
zarur hollarda qoʻshimcha yordam chaqirish.
25. Sud protsessida xavfsizlikni taʼminlashda xodimlar:
raislik qiluvchi yoki sud raisining sud majlisi vaqtida va sud binosida tartibni taʼminlash bilan bogʻliq boʻlgan farmoyishlariga boʻysunishga;
sud majlisi xonasida va maslahatxonada jamoat tartibini taʼminlashga majburdirlar.
26. Zarur hollarda xodim raislik qiluvchi yoki sud raisining farmoyishiga binoan sud devonxonasidan sud majlisi oʻtkaziladigan joyga yoki sudya xonasiga sud ishlari va ashyoviy dalillar yetkazib berilishida ularning qoʻriqlanishi va saqlanishini taʼminlaydi.
27. Xodim sud ishini va ashyoviy dalillarni qoʻriqlash va ularni sud majlisiga yetkazish toʻgʻrisidagi farmoyishni olgandan soʻng, sud majlisi devonxonasiga sud majlisi kotibi bilan birga keladi. Kotib sud ishi va ashyoviy dalillarni olgandan soʻng xodim uni sud majlisini oʻtkazish joyiga kuzatib qoʻyadi.
28. Xodim sud majlisi yakunida qilingan ishlar, sud raisi yoki raislik qiluvchi tomonidan kelib tushgan murojaatlar, shuningdek, sud zalidagi barcha hodisalar va koʻrilgan choralar haqida tegishli tuman (shahar) ichki ishlar boʻlimiga yozma hisobot taqdim etadi. Xodimning sud majlisi yakunlanganligi haqidagi yozma hisoboti sud raisi yoki raislik qiluvchi tomonidan imzolanadi.
IV. Sud protsesslari ishtirokchilarini himoya qilish
§ 1. Xavfsizlik choralarini qoʻllash asoslari va tartibi
29. Sud protsesslari ishtirokchilari, ularning oila aʼzolari va yaqin qarindoshlarining (keyingi oʻrinlarda matnda — qoʻriqlanayotgan shaxslar) xavfsizligini taʼminlash koʻrsatilgan shaxslarning hayoti, sogʻligʻi va mulkiga suiqasd qilish xavfi mavjud boʻlganda ichki ishlar organlari tomonidan amalga oshiriladigan kompleks choralardan iborat.
30. Qoʻriqlanayotgan shaxslarga nisbatan tahdidning mavjudligini tasdiqlovchi yetarli dalillarning borligi xavfsizlik choralarini qoʻllashga asos boʻlib hisoblanadi.
31. Qoʻriqlanayotgan shaxslarga nisbatan xavfsizlik choralari sud tomonidan ushbu shaxslarning tahdid qiluvchi xavf va boshqa holatlar mavjudligi toʻgʻrisidagi ogʻzaki (yozma) arizasiga asosan yoki sudning tashabbusi bilan qoʻllaniladi.
32. Qoʻriqlanayotgan shaxslarga nisbatan xavfsizlik choralari sud tomonidan ajrim chiqarish orqali qoʻllaniladi. Ushbu ajrim tuman (shahar) ichki ishlar boʻlimlariga yuboriladi, nusxalari esa qoʻriqlanayotgan shaxslarga beriladi.
33. Sud ajrimida qoʻriqlanayotgan shaxslarga nisbatan qoʻllanilayotgan aniq xavfsizlik choralari va ularni amalga oshirish vaqtlari koʻrsatilgan boʻlishi lozim.
Bunda, ichki ishlar organlari ishda mavjud maʼlumotlar, xavf tahdid solayotgan shaxslar, tahdid solayotgan xavfning ehtimoliy xususiyati, manbalari, joyi, vaqti va boshqa holatlari toʻgʻrisida xabardor qilinadi.
34. Ichki ishlar organlari sud ajrimini olishi bilan darhol qoʻriqlanayotgan shaxslarga nisbatan xavfsizlik choralarini koʻrishlari shart.
35. Qoʻriqlanayotgan shaxslar xavfsizligini taʼminlovchi ichki ishlar organlarining oʻz vakolatlari doirasida qabul qilgan qarorlari davlat organlari va boshqa tashkilotlar mansabdor shaxslari tomonidan ijro etilishi majburiydir.
36. Alohida hollarda ichki ishlar organlari qoʻriqlanayotgan shaxslarga, ularning xavfsizligini taʼminlash uchun rioya etilishi majburiy boʻlgan muayyan koʻrsatmalar berishi mumkin.
37. Qoʻriqlanayotgan shaxslarga tahdid solayotgan xavf bartaraf etilganda yoki xavfsizlik choralarini bekor qilish uchun boshqa asoslar vujudga kelganda sud tomonidan qoʻriqlanayotgan shaxslarga nisbatan bu haqda asoslantirilgan ajrim chiqariladi. Ushbu ajrim ichki ishlar organlariga yuboriladi, nusxalari esa qoʻriqlanayotgan shaxslarga beriladi.
§ 2. Xavfsizlik choralari
38. Qoʻriqlanayotgan shaxslarning hayoti va sogʻligʻini himoya qilish, shuningdek, ular mulklarining saqlanishini taʼminlash maqsadida quyidagi xavfsizlik choralari qoʻllanilishi mumkin:
qoʻriqlanayotgan shaxslar toʻgʻrisidagi maʼlumotlardan foydalanishni cheklash — qoʻriqlanayotgan shaxslarning roziligi bilan ularning shaxsi, shuningdek, ularning yaqin qarindoshlari, yashash joyi va ular haqidagi boshqa maʼlumotlarni berishga vaqtinchalik cheklov qoʻyilishi mumkin;
yopiq sud majlisini oʻtkazish — qoʻriqlanayotgan shaxslarning xavfsizligini taʼminlash maqsadida yopiq sud majlislari oʻtkazilishi mumkin;
shaxsni, uy-joy va mol-mulkni himoya qilish — qoʻriqlanayotgan shaxsning hayotiga yoki sogʻligʻiga yoxud mol-mulkiga tahdid xavfi mavjud boʻlganda ularni shaxsi, uy-joy va mol-mulki himoya qilinadi.
Qoʻriqlanayotgan shaxslarni hayotiga, sogʻligʻiga yoxud mol-mulkiga zarar yetkazilish yoki yoʻq qilinish tahdidi xavfining xarakteri va darajasining oʻziga xosligidan kelib chiqib, bir vaqtning oʻzida bir necha xavfsizlik choralari qoʻllanilishi mumkin.
39. Sudyalarning shaxsiy xavfsizligini taʼminlash maqsadida ularga Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi raisi, Oliy xoʻjalik sudi raisi, Adliya vaziri tomonidan belgilanadigan roʻyxat boʻyicha oʻqotar qurol beriladi.
Zarur hollarda tegishli sud raisining qaroriga binoan ichki ishlar organi sudya va uning oilasi uchun qurolli soqchilar ajratadi.
40. Qoʻriqlanayotgan shaxsning shaxsiy xavfsizligini va ishonchli himoyasini taʼminlash uchun sud protsessida quyidagi talablarga rioya etilishi lozim:
qoʻriqlanayotgan shaxs unga xavf tahdid solib turgan paytda xodim talablariga boʻysunishi shart;
shaxsni himoya qilish qoʻriqlanayotgan shaxs boʻlgan barcha joylarda, shuningdek, yopiq sud majlislarida ham amalga oshiriladi;
xodim zarurat yuzaga kelganida qoʻriqlanayotgan shaxsning xavfsizligini taʼminlash maqsadida belgilangan tartibda qurol qoʻllashi mumkin;
sud majlisidan oldin sud majlisi binosi, sud muhokama xonalari va qoʻriqlanayotgan shaxs boʻlishi mumkin boʻlgan boshqa xonalar koʻzdan kechiriladi.
V. Yakuniy qoida
41. Ushbu Yoʻriqnoma Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi bilan kelishilgan.
Oliy sud raisi B. MUSTAFOYEV
Toshkent sh.,
2007-yil 12-yanvar
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2007-y., 3-son, 31-modda)