|
Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 25.03.2026
|
Oʻzbekiston Respublikasining Qonuni
“Jismoniy tarbiya va sport toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida
Qonunchilik palatasi tomonidan 2015-yil 24-iyulda qabul qilingan
Senat tomonidan 2015-yil 6-avgustda maʼqullangan
Senat tomonidan 2015-yil 6-avgustda maʼqullangan
Mazkur Qonun Oʻzbekistan Respublikasining 2026-yil 24-martdagi OʻRQ-1123-sonli “Jismoniy tarbiya va sport toʻgʻrisida”gi Qonuniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
1-modda. Oʻzbekiston Respublikasining 1992-yil 14-yanvarda qabul qilingan “Jismoniy tarbiya va sport toʻgʻrisida”gi 513-XII-sonli Qonuniga (Oʻzbekiston Respublikasining 2000-yil 26-mayda qabul qilingan 76-II-sonli Qonuni tahririda) (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 2000-yil, № 5-6, 147-modda; Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2005-yil, № 9, 309-modda) oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritilib, uning yangi tahriri tasdiqlansin (ilova qilinadi).
2-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:
hukumat qarorlarini ushbu Qonunga muvofiqlashtirsin;
davlat boshqaruvi organlari ushbu Qonunga zid boʻlgan oʻz normativ-huquqiy hujjatlarini qayta koʻrib chiqishlari va bekor qilishlarini taʼminlasin.
3-modda. Ushbu Qonun rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Ushbu Qonun “Xalq soʻzi” gazetasining 2015-yil 5-sentabrdagi 174 (6357)-sonida eʼlon qilingan
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2015-yil 4-sentabr,
OʻRQ-394-son
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASINING QONUNI
Jismoniy tarbiya va sport toʻgʻrisida
(yangi tahriri)
1-bob. Umumiy qoidalar
1-modda. Ushbu Qonunning maqsadi
Ushbu Qonunning maqsadi jismoniy tarbiya va sport sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat.
2-modda. Jismoniy tarbiya va sport toʻgʻrisidagi qonunchilik
Jismoniy tarbiya va sport toʻgʻrisidagi qonunchilik ushbu Qonun va boshqa qonunchilik hujjatlaridan iboratdir.
Agar Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasida Oʻzbekiston Respublikasining jismoniy tarbiya va sport toʻgʻrisidagi qonunchiligida nazarda tutilganidan boshqacha qoidalar belgilangan boʻlsa, xalqaro shartnoma qoidalari qoʻllaniladi.
(2-modda Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
3-modda. Asosiy tushunchalar
Ushbu Qonunda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
jismoniy reabilitatsiya — odam organizmining buzilgan yoki vaqtincha yoʻqotilgan funksiyalarini hamda nogironligi boʻlgan shaxslarning va jismoniy imkoniyatlari cheklangan boshqa shaxslarning ijtimoiy hamda kasbiy faoliyatga boʻlgan qobiliyatlarini jismoniy tarbiya va sport vositalari hamda usullaridan foydalangan holda tiklash (tuzatish va kompensatsiya qilish);
(3-moddaning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2022-yil 17-maydagi OʻRQ-770-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 18.05.2022-y., 03/22/770/0424-son)
jismoniy tarbiya — madaniyatning insonni jismoniy tarbiyalash, jismoniy rivojlanish va jismoniy tayyorgarlik orqali jismoniy hamda intellektual jihatdan kamol toptirish, uning qobiliyatini va harakat faolligini takomillashtirish, sogʻlom turmush tarzi koʻnikmalarini shakllantirish, ijtimoiy moslashtirish maqsadida jamiyat tomonidan yaratiladigan hamda foydalaniladigan qadriyatlar, normalar va bilimlar yigʻindisidan iborat boʻlgan qismi;
jismoniy tarbiyalash — yuksak madaniyatga ega boʻlgan har tomonlama yetuk hamda jismonan sogʻlom insonni shakllantirish maqsadida shaxsni tarbiyalashga, insonning jismoniy imkoniyatlarini rivojlantirishga, uning jismoniy tarbiya va sport sohasida malaka va bilimlarini orttirishga qaratilgan jarayon;
jismoniy tarbiya yoki sport tadbiri tashkilotchisi — oʻz tashabbusi bilan jismoniy tarbiya yoki sport tadbiri oʻtkazayotgan va (yoki) bunday tadbirni tayyorlash hamda oʻtkazishni tashkiliy, moliyaviy va moddiy jihatdan taʼminlashni amalga oshirayotgan yuridik yoki jismoniy shaxs;
jismoniy tarbiya-sogʻlomlashtirish inshooti — ommaviy jismoniy tarbiya tadbirlari va jismoniy tarbiya-sogʻlomlashtirish mashgʻulotlarini oʻtkazish uchun moʻljallangan, oʻziga qoʻyiladigan norma va talablarga javob beradigan yopiq yoki ochiq tipdagi inshoot;
(3-moddaning oltinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 12-oktabrdagi OʻRQ-721-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 12.10.2021-y., 03/21/721/0952-son)
ommaviy jismoniy tarbiya tadbirlari — aholini jismoniy tarbiya mashgʻulotlariga jalb etishga va aholi oʻrtasida sogʻlom turmush tarzini shakllantirishga qaratilgan tadbirlar;
ommaviy sport — sportning tashkil etilgan va (yoki) mustaqil mashgʻulotlar, shuningdek ommaviy jismoniy tarbiya va sport tadbirlarini oʻtkazish orqali aholini jismoniy tarbiyalash, sogʻlomlashtirish, kamol toptirish hamda jismoniy tarbiya va sport mashgʻulotlariga jalb etishga doir qismi;
professional sport — sportning sport musobaqalarini tashkil etish va oʻtkazishga doir qismi boʻlib, sportchilar ularda oʻzining asosiy faoliyati sifatida ishtirok etganligi va ularga tayyorgarlik koʻrganligi uchun mukofot va (yoki) ish haqi oladi;
sport — odamlarning muayyan qoidalar boʻyicha tashkil etilgan, ularning jismoniy va intellektual qobiliyatini taqqoslashdan iborat boʻlgan havaskorlik asosidagi va professional asosdagi faoliyati, shuningdek ushbu faoliyatga tayyorgarlik koʻrish hamda bu faoliyat jarayonida odamlar oʻrtasida yuzaga keladigan munosabatlar;
sportchi — tanlagan sport turi yoki sport turlari bilan muntazam shugʻullanadigan, doimo oʻzining sport mahoratini oshirib boradigan va sport tadbirlarida qatnashadigan jismoniy shaxs;
sport boʻyicha agent — sportchi nomidan va uning manfaatlari uchun shartnoma asosida faoliyat koʻrsatadigan, tuzilgan shartnomalar shartlariga va sportchining huquqlariga rioya etilishini kuzatib boradigan shaxs;
sport musobaqasi — sportchilar oʻrtasida yoki sportchilar jamoalari oʻrtasida har xil sport turlari (sport dissiplinalari) boʻyicha musobaqaning eng yaxshi ishtirokchisini aniqlash maqsadida jismoniy tarbiya yoki sport tadbirining tashkilotchisi tomonidan tasdiqlangan nizom (reglament) boʻyicha oʻtkaziladigan bellashuv;
sport inshooti — sport tadbirlari va ommaviy sport tadbirlarini, sport turlari boʻyicha oʻquv-mashq mashgʻulotlari va oʻquv-mashq yigʻinlarini oʻtkazish uchun moʻljallangan, oʻziga qoʻyiladigan norma va talablarga javob beradigan yopiq yoki ochiq tipdagi ixtisoslashtirilgan inshoot;
(3-moddaning oʻn toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 12-oktabrdagi OʻRQ-721-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 12.10.2021-y., 03/21/721/0952-son)
sportchining sport diskvalifikatsiyasi — sport turi qoidalarini yoki sport musobaqalari toʻgʻrisidagi nizomlarni (reglamentlarni) yoxud xalqaro sport tashkilotlari tomonidan tasdiqlangan dopingga qarshi qoidalarni yoki respublika sport federatsiyalari (uyushmalari) tomonidan tasdiqlangan normalarni buzganlik uchun sportchini sport musobaqalarida ishtirok etishdan sportning tegishli turi boʻyicha xalqaro sport federatsiyasi (uyushmasi) yoki sportning tegishli turi boʻyicha respublika sport federatsiyasi (uyushmasi) tomonidan amalga oshiriladigan chetlashtirish;
sport turining tarmogʻi (dissiplinasi) — farqlovchi belgilarga ega boʻlgan hamda bitta yoki bir nechta sport musobaqalari dasturlari turlarini oʻz ichiga oladigan sport turining qismi;
sport tadbirlari — sport musobaqalarini, oʻquv-mashq jarayonini va sportchilar ishtirokida sport musobaqalariga tayyorgarlik koʻrish boʻyicha boshqa tadbirlarni oʻz ichiga oladigan tadbirlar;
sport turi — jismoniy tarbiya va sport sohasidagi faoliyat turi boʻlib, u insonning sport musobaqalariga oʻziga xos tarzda tayyorgarlik koʻrishi bilan ajralib turadi, sport musobaqalarini oʻtkazish va ularda ishtirok etishga doir talablar, tartib va shartlar belgilanadigan qoidalarga, nizomga (reglamentga) ega boʻladi;
sport federatsiyasi (uyushmasi) — bir yoki bir nechta sport turini rivojlantirish, ommalashtirish, shuningdek sport tadbirlarini oʻtkazishni tashkil etish hamda sportchilarni — Oʻzbekiston Respublikasining sport terma jamoalari aʼzolarini sportning tegishli turi boʻyicha tayyorlash uchun aʼzolik asosida tashkil etilgan va davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan nodavlat notijorat tashkiloti;
sport hakami — sport turi qoidalariga hamda sport musobaqasi toʻgʻrisidagi nizomga (reglamentga) rioya etilishini taʼminlash uchun jismoniy tarbiya yoki sport tadbiri tashkilotchisi tomonidan vakolat berilgan, maxsus tayyorgarlikdan oʻtgan va tegishli malaka toifasini olgan jismoniy shaxs;
sportning texnik va amaliy turlari — sport natijalariga erishish uchun sportchi tomonidan umumiy jismoniy mashqlar majmuasidan tashqari, sport texnikasidan, moslamalaridan yoki texnikaviy vositalardan foydalana bilish va ularni boshqarish sohasidagi koʻnikmalar va mahorat qoʻllaniladigan, shuningdek har xil sport turlaridan olingan, amaliy ahamiyatga ega boʻlgan mashqlar birikmasidan foydalaniladigan sport turlari. Sportning texnik va amaliy turlari yoshlarni Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarida xizmat qilishga tayyorlashning tarkibiy qismidir;
trener — trenerlik faoliyati bilan shugʻullanish uchun malaka sertifikatiga ega boʻlgan hamda oʻquv-mashq, ommaviy jismoniy tarbiya tadbirlarini oʻtkazishni, shuningdek sport natijalariga erishish uchun bellashuv faoliyatiga rahbarlikni amalga oshiruvchi jismoniy shaxs;
(3-moddaning yigirma ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 12-oktabrdagi OʻRQ-721-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 12.10.2021-y., 03/21/721/0952-son)
Oʻzbekiston milliy sport turlari va xalq oʻyinlari — milliy ijtimoiy-madaniy yoʻnalishga ega boʻlgan hamda Oʻzbekiston Respublikasi hududida rivojlanayotgan sport va oʻyin turlari;
Oʻzbekiston Respublikasining sport terma jamoalari — xalqaro sport musobaqalariga tayyorgarlik koʻrish hamda ularda Oʻzbekiston Respublikasi nomidan ishtirok etish uchun turli yosh guruhlariga tegishli sportchilar, trenerlar, jismoniy tarbiya va sport sohasidagi olimlar va boshqa mutaxassislar, tibbiyot mutaxassislari hamda boshqa mutaxassislar jamoalari;
havaskorlik sporti — sportning aholini ixtiyoriylik asosida ommaviy sportga jalb qilish orqali odamlar sogʻligʻini mustahkamlashga qaratilgan qismi;
sportning harbiy-amaliy turlari — asosi harbiy xizmatchilar hamda maxsus xizmatni oʻtayotgan shaxslar tomonidan oʻz xizmat vazifalarini bajarishi bilan bogʻliq maxsus harakatlardan (shu jumladan usullardan) iborat boʻlgan sport turlari.
4-modda. Jismoniy tarbiya va sport sohasidagi davlat siyosatining asosiy yoʻnalishlari
Jismoniy tarbiya va sport sohasidagi davlat siyosatining asosiy yoʻnalishlari quyidagilardan iborat:
jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirishni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash;
Qarang: mazkur Qonunning 6-moddasi.
har kimning jismoniy tarbiya va sport bilan erkin shugʻullanishga boʻlgan huquqini taʼminlash;
jismoniy tarbiya va sport sohasidagi davlat hamda jamoat boshqaruvini uygʻunlashtirish;
Qarang: mazkur Qonunning 2-bobi (“Jismoniy tarbiya va sport sohasini davlat tomonidan tartibga solish”).
fuqarolarning jismoniy tarbiya va sport sohasidagi huquqlarining davlat kafolatlarini belgilash;
jismoniy tarbiya va sport sohasida kamsitishga hamda zoʻravonlikka yoʻl qoʻymaslik;
jismoniy tarbiya va sport bilan shugʻullanuvchi shaxslarning, shuningdek jismoniy tarbiya va sport tadbirlari ishtirokchilari hamda tomoshabinlarining hayoti va sogʻligʻi xavfsizligini taʼminlash;
Qarang: mazkur Qonunning 42-moddasi.
sportning barcha turlari va tarkibiy qismlarini rivojlantirishga koʻmaklashish;
nogironligi boʻlgan shaxslar va jismoniy imkoniyatlari cheklangan boshqa shaxslar, shuningdek yuqori darajada ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi guruhlari oʻrtasida jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirishga koʻmaklashish;
(4-moddaning toʻqqizinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2022-yil 17-maydagi OʻRQ-770-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 18.05.2022-y., 03/22/770/0424-son)
Qarang: mazkur Qonunning 31-moddasi.
Oʻzbekistonning milliy sport turlari va xalq oʻyinlarini rivojlantirish hamda ommalashtirish uchun shart-sharoitlar yaratish;
Qarang: mazkur Qonunning 20-moddasi.
fuqarolarni jismoniy tarbiyalashning uzluksizligi va davomiyligini taʼminlash;
Qarang: mazkur Qonunning 4-bobi (“Taʼlim tizimida, fuqarolarning ish joyi, yashash joyi hamda dam olish joyida jismoniy tarbiya va sport”), Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 25-oktabrdagi 864-sonli “Oʻquvchi va talaba yoshlar oʻrtasida oʻtkaziladigan respublika sport musobaqalari tizimini yanada takomillashtirish toʻgʻrisida”gi qarori.
xalqaro hamkorlikni amalga oshirish.
Qarang: mazkur Qonunning 45-moddasi.
5-modda. Jismoniy tarbiya va sport subyektlari
Jismoniy tarbiya va sport subyektlari jumlasiga quyidagilar kiradi:
jismoniy tarbiya-sport tashkilotlari, shu jumladan sport-texnika tashkilotlari, jismoniy tarbiya-sport jamiyatlari, sport klublari, sport tayyorgarligi markazlari;
Qarang: mazkur Qonunning 16-moddasi.
sport federatsiyalari (uyushmalari) hamda jismoniy tarbiya va sport sohasidagi boshqa nodavlat notijorat tashkilotlari;
Qarang: mazkur Qonunning 17 va 18-moddalari.
sportning texnik va amaliy turlarini rivojlantiruvchi tashkilotlar;
jismoniy tarbiya va sport sohasida faoliyatni amalga oshiruvchi taʼlim muassasalari;
Qarang: mazkur Qonun 34-moddasining uchinchi qismi.
ixtisoslashtirilgan sport-taʼlim muassasalari;
Qarang: mazkur Qonun 34-moddasining birinchi qismi.
jismoniy tarbiya va sport sohasidagi tadqiqotlarni amalga oshiruvchi ilmiy tashkilotlar;
Qarang: mazkur Qonun 44-moddasining birinchi va ikkinchi qismlari.
jismoniy tarbiya va sport bilan shugʻullanuvchi fuqarolar, sportchilar, sport hakamlari, trenerlar, sport boʻyicha agentlar hamda jismoniy tarbiya va sport sohasidagi boshqa mutaxassislar, shuningdek jismoniy tarbiya va sport tadbirlarining ishtirokchilari hamda tomoshabinlari;
Shuningdek, qarang: mazkur Qonunning 14-moddasi.
ushbu Qonunga muvofiq boshqa organlar va tashkilotlar.
2-bob. Jismoniy tarbiya va sport sohasini davlat tomonidan tartibga solish
6-modda. Jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirishni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash
Jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirishni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash:
sportchilarning sport tadbirlarida ishtirok etishini taʼminlash;
jismoniy tarbiya-sport tashkilotlari tomonidan moddiy-texnika va axborot resurslaridan, shuningdek ilmiy-tadqiqotga oid va texnik ishlanmalar hamda texnologiyalardan foydalanish uchun shart-sharoitlar yaratish;
davlat mulkida boʻlgan jismoniy tarbiya-sogʻlomlashtirish va sport inshootlarini saqlash;
sport tayyorgarligi boʻyicha yangi bazalar va markazlarni, sport-taʼlim muassasalarini, shu jumladan ixtisoslashtirilgan sport-taʼlim muassasalarini, shuningdek jismoniy tarbiya-sogʻlomlashtirish va sport inshootlarini qurish hamda ishlab turganlarini rekonstruksiya qilish;
sport klublari va maktablari, sport-taʼlim muassasalari, shu jumladan ixtisoslashtirilgan sport-taʼlim muassasalari, sport-sogʻlomlashtirish oromgohlari, tibbiy-jismoniy tarbiya dispanserlari faoliyatini rivojlantirish uchun shart-sharoitlar yaratish;
jismoniy tarbiya va sport vositalaridan aholining, shu jumladan ayollar va yoshlarning, shuningdek nogironligi boʻlgan shaxslarning sogʻligʻini mustahkamlash maqsadida foydalanish uchun shart-sharoitlar yaratish;
(6-moddaning yettinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2022-yil 17-maydagi OʻRQ-770-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 18.05.2022-y., 03/22/770/0424-son)
nogironligi boʻlgan shaxslarning va jismoniy imkoniyatlari cheklangan boshqa shaxslarning paralimpiya hamda surdlimpiya oʻyinlarida, nogironligi boʻlgan shaxslar oʻrtasidagi maxsus olimpiadalar va boshqa sport tadbirlarida ishtirok etishini rivojlantirish hamda taʼminlashga koʻmaklashish;
(6-moddaning sakkizinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2022-yil 17-maydagi OʻRQ-770-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 18.05.2022-y., 03/22/770/0424-son)
sport tadbirlarini, ommaviy sport va jismoniy tarbiya-sogʻlomlashtirish tadbirlarini tashkil etish;
jismoniy tarbiya-sport tashkilotlarining xalqaro hamkorligiga koʻmaklashish;
jismoniy tarbiya va sport sohasidagi dasturlarni, ilmiy-uslubiy tizimlarni va kompleks ilmiy tadqiqotlarni moliyalashtirish yoʻli bilan amalga oshiriladi.
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi 48-moddasining toʻrtinchi qismi.
7-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining jismoniy tarbiya va sport sohasidagi vakolatlari
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:
jismoniy tarbiya va sport sohasida yagona davlat siyosatining amalga oshirilishini taʼminlaydi;
jismoniy tarbiya va sport sohasidagi davlat dasturlarini hamda maqsadli dasturlarni tasdiqlaydi va amalga oshirilishini taʼminlaydi;
Sport va ommaviy jismoniy tarbiya tadbirlarining kalendar rejasini, shuningdek sport turlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasining sport terma jamoalarini shakllantirish tartibini belgilaydi;
Qarang: mazkur Qonunning 24-moddasi, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2012-yil 14-iyundagi 173-sonli “Sport terma jamoalari toʻgʻrisidagi nizomni hamda sport va Ommaviy jismoniy tarbiya tadbirlarining kalendar rejasini shakllantirish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qarori.
xalqaro hamda respublika miqyosidagi Sport va ommaviy jismoniy tarbiya tadbirlarining kalendar rejasini, shuningdek Sportning texnik va amaliy turlari boʻyicha sport va ommaviy jismoniy tarbiya tadbirlarining kalendar rejasini tasdiqlaydi;
jismoniy tarbiya va sport sohasidagi maxsus vakolatli davlat organining, boshqa davlat boshqaruvi organlarining faoliyatini muvofiqlashtiradi hamda yoʻnaltiradi;
jismoniy tarbiya va sport sohasidagi mutaxassislarni tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tartibini belgilaydi.
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-iyuldagi 355-sonli “Jismoniy tarbiya va sport boʻyicha mutaxassislarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi qonunchilikka muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
(7-moddaning ikkinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasining “Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi toʻgʻrisida”gi Qonunining 3-bobi.
8-modda. Jismoniy tarbiya va sport sohasidagi maxsus vakolatli davlat organining vakolatlari
Oʻzbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi jismoniy tarbiya va sport sohasidagi maxsus vakolatli davlat organidir (bundan buyon matnda maxsus vakolatli davlat organi deb yuritiladi).
(8-moddaning birinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2018-yil 23-iyuldagi OʻRQ-486-sonli Qonuni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 24.07.2018-y., 03/18/486/1559-son)
Maxsus vakolatli davlat organi:
jismoniy tarbiya va sport sohasidagi davlat siyosatini amalga oshirishda ishtirok etadi;
jismoniy tarbiya va sport sohasidagi davlat dasturlarini hamda maqsadli dasturlarni ishlab chiqadi va amalga oshiradi;
jismoniy tarbiya va sport toʻgʻrisidagi qonunchilik ijrosi ustidan monitoring va nazoratni, shuningdek jismoniy tarbiya va sportning rivojlanishi tahlilini amalga oshiradi;
(8-modda ikkinchi qismining toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
oʻz vakolatlari doirasida jismoniy tarbiya va sport sohasidagi normativ-huquqiy hujjatlarni, shuningdek sport normativlarini ishlab chiqishni amalga oshiradi hamda ularni tasdiqlaydi;
sport markazlarini va dopingga qarshi markazlarni, jismoniy tarbiya va sport sohasidagi taʼlim muassasalarini hamda ilmiy tashkilotlarni tashkil etish boʻyicha takliflar kiritadi va ularning faoliyati tashkil etilishini taʼminlaydi;
Sport turlari boʻyicha yagona sport tasnifini, shuningdek u toʻgʻrisidagi nizomni, sport turlarini va sport turlarining tarmoqlarini eʼtirof etish, ularning reyestrini yuritish tartibini ishlab chiqadi hamda tasdiqlaydi;
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport davlat qoʻmitasining 2017-yil 4-iyuldagi 3-mh-son qarori bilan tasdiqlangan “Sport turlari boʻyicha yagona sport tasnifi toʻgʻrisidagi nizom”.
sport federatsiyalari (uyushmalari) reyestrini yuritadi, uni yuritish tartibini belgilaydi;
Qarang: mazkur Qonunning 19-moddasi, Oʻzbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport davlat qoʻmitasining 2017-yil 9-oktabrdagi 11-mh-son qarori bilan tasdiqlangan “Sport federatsiyalari (uyushmalari) reyestrini yuritish va undan maʼlumotlar taqdim etish tartibi toʻgʻrisida nizom”.
xalqaro va respublika miqyosidagi Sport va ommaviy jismoniy tarbiya tadbirlarining kalendar rejasini shakllantiradi hamda manfaatdor tashkilotlar bilan birgalikda ularning moliyalashtirilishi va oʻtkazilishini taʼminlaydi;
Qarang: mazkur Qonunning 24-moddasi, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2012-yil 14-iyundagi 173-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Sport va ommaviy jismoniy tarbiya tadbirlarining kalendar rejasini shakllantirish tartibi toʻgʻrisida”gi nizom.
sport unvonlari, sport razryadlari va malaka toifalarini berish tartibini tasdiqlaydi;
Qarang: mazkur Qonunning 23-moddasi, Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 3-martdagi 118-son qarori bilan tasdiqlangan “Sport-taʼlim muassasalarining trener-oʻqituvchilari va yoʻriqchi-uslubchilariga malaka toifalarini berish boʻyicha davlat xizmati koʻrsatishning maʼmuriy reglamenti”, “Sport hakamlari va ularning malaka toifalarini berish tartibi toʻgʻrisidagi nizom” (roʻyxat raqami 2942, 27.10.2017-y.).
trenerlik faoliyati bilan shugʻullanish uchun malaka oshirish kurslarini tashkil etadi;
(8-modda ikkinchi qismining oʻn birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 12-oktabrdagi OʻRQ-721-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 12.10.2021-y., 03/21/721/0952-son)
Qarang: “Oʻzbekiston Respublikasida trenerlik faoliyati toʻgʻrisida”gi nizom (roʻyxat raqami 2247, 22.07.2011-y.).
qabul qilib olishda va sport musobaqalari oʻtkazilishidan oldin jismoniy tarbiya-sogʻlomlashtirish yoki sport inshootlarining belgilangan standartlarga muvofiqligini tekshiradi;
(8-modda ikkinchi qismining oʻn ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 12-oktabrdagi OʻRQ-721-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 12.10.2021-y., 03/21/721/0952-son)
Qarang: mazkur Qonunning 39-moddasi.
Oʻzbekiston Respublikasining sport terma jamoalari tarkiblarini va ularning yaqin zaxirasini tasdiqlaydi, Oʻzbekiston sport delegatsiyalarini jamlaydi, ularning tayyorgarlik koʻrishini hamda xalqaro sport musobaqalarida va ommaviy jismoniy tarbiya tadbirlarida ishtirok etishini taʼminlaydi;
Qarang: mazkur Qonunning 6-bobi (“Oʻzbekiston Respublikasining sport terma jamoalari va ularni shakllantirish”), Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2011-yil 27-apreldagi 121-sonli “Terma jamoalar hamda ularning zaxirasini sport musobaqalariga tayyorlashni, shuningdek ularni moddiy jihatdan qoʻllab-quvvatlash tartibini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori.
sport va ommaviy jismoniy tarbiya tadbirlarini tashkil etadi hamda oʻtkazadi, shuningdek jismoniy tarbiya va sport sohasidagi mutaxassislarni tayyorlash, qayta tayyorlash hamda ularning malakasini oshirishni tashkil etadi;
(8-modda ikkinchi qismining oʻn toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2020-yil 3-dekabrdagi OʻRQ-653-sonli Qonuni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 04.12.2020-y., 03/20/653/1592-son)
jismoniy tarbiya-sogʻlomlashtirish va sport uchun moʻljallangan tovarlar ishlab chiqarilishini tashkil etishga koʻmaklashadi;
yangi jismoniy tarbiya-sogʻlomlashtirish va sport inshootlari qurilishini hamda ishlab turganlari rekonstruksiya qilinishini tashkil etishga koʻmaklashadi;
jismoniy tarbiya va sport boʻyicha ilmiy, oʻquv, ilmiy-ommabop va ommaviy adabiyotlar tayyorlanishi va nashr etilishini, shuningdek jismoniy tarbiya va sport sohasida foto- va videomateriallar chiqarilishini tashkil etadi;
davlat boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari, jismoniy tarbiya-sport tashkilotlari, ommaviy axborot vositalari bilan birgalikda jismoniy tarbiya va sport mashgʻulotlari ommalashtirilishini tashkil etadi;
jismoniy tarbiya va sport sohasida xalqaro hamkorlikni amalga oshiradi.
Maxsus vakolatli davlat organi qonunchilikka muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
(8-moddaning uchinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Qoʻshimcha maʼlumot uchun qarang: Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 22-avgustdagi 465-son qarori bilan tasdiqlangan “Oʻzbekiston Respublikasi Sportni rivojlantirish vazirligi toʻgʻrisida nizom”.
9-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligining jismoniy tarbiya va sport sohasidagi vakolatlari
Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi:
jismoniy tarbiyadan sogʻliqni mustahkamlash, kasalliklarning oldini olish va davolash vositasi sifatida foydalanadi;
mamlakatda sport tibbiyotini oʻrganish va rivojlantirish sohasida ilmiy-tadqiqot ishlarini olib boradi, dasturlarni ishlab chiqadi va amalga oshiradi;
aholining jismoniy jihatdan kamol topishi holati tahlilini oʻtkazadi va tegishli davlat organlariga takliflar kiritadi;
jismoniy tarbiya va sport bilan shugʻullanayotgan shaxslarning tibbiy monitoringini tashkil etadi;
sportchilarning sport musobaqalariga tayyorgarlik koʻrishini tibbiy jihatdan taʼminlashda ishtirok etadi;
sport tibbiyoti sohasidagi xodimlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirishni tashkil etadi;
sportchilar va boshqa mutaxassislar sport jarohatlarini olganda ularga tibbiy yordam koʻrsatilishini tashkil etadi, shuningdek ularni jismoniy reabilitatsiya qilish boʻyicha tadbirlar oʻtkazadi;
aholining jinsi va yoshi toifasiga qarab, jismoniy mashqlar dasturini shakllantirishga doir uslubiy tavsiyalarni ishlab chiqadi;
jismoniy tarbiya va sport sohasidagi normativ-huquqiy hujjatlarni ishlab chiqish hamda amalga oshirishda ishtirok etadi;
sogʻlomlashtirish markazlarini, davolash-jismoniy tarbiya dispanserlarini tashkil etadi.
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 12-sentabrdagi 714 -sonli qarori bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi toʻgʻrisidagi nizomning 2-bobi.
Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi qonunchilikka muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
(9-moddaning ikkinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Qoʻshimcha maʼlumot uchun qarang: Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 12-sentabrdagi 714-son qaroribilan tasdiqlangan “Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi toʻgʻrisida nizom”
Shuningdek, qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2013-yil 3-iyuldagi PQ-1994-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Milliy olimpiya qoʻmitasi huzurida Respublika sport tibbiyoti ilmiy-amaliy markazini tashkil etish toʻgʻrisida”gi qarori.
10-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligining jismoniy tarbiya va sport sohasidagi vakolatlari
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi:
oʻquv-tarbiya jarayoni sogʻlomlashtirishga yoʻnaltirilgan boʻlishini roʻyobga chiqarish, sogʻlom turmush tarzi normalarini joriy etish uchun shart-sharoitlarni taʼminlaydi;
oʻrta maxsus, professional taʼlim tashkilotlari oʻquvchilari va oliy taʼlim tashkilotlari talabalari oʻrtasida ommaviy jismoniy tarbiya va sport tadbirlarini tashkil etadi;
jismoniy tarbiya va sport sohasidagi mutaxassislarni tayyorlashda ishtirok etadi;
jismoniy tarbiya va sport sohasidagi oʻquv-uslubiy adabiyotlarni ishlab chiqishda ishtirok etadi;
oʻrta maxsus, professional taʼlim tashkilotlari oʻquvchilari (“Barkamol avlod”) hamda oliy taʼlim tashkilotlari talabalari (“Universiada”) oʻrtasida sport musobaqalarini tashkil etishda ishtirok etadi;
oliy va oʻrta maxsus taʼlim tashkilotlari sport obyektlarining moddiy-texnika va resurs bazasi saqlanishi hamda rivojlantirilishini taʼminlaydi;
oʻquvchilar va talabalarga sogʻlom turmush tarzini, sport bilan shugʻullanishning muhimligi, jismoniy va maʼnaviy komillikka intilish tushunchasini singdirishga, ularni salbiy taʼsirlardan himoya qilishga hamda zararli odatlardan xalos etishga doir chora-tadbirlar majmuini amalga oshiradi;
jismoniy tarbiya va sport sohasidagi normativ-huquqiy hujjatlarni ishlab chiqish hamda amalga oshirishda ishtirok etadi;
oʻquvchilar va talabalarni jismoniy tarbiyalashning zamonaviy shakllari hamda usullarini, jinsi va yoshiga qarab ularga sport koʻnikmalarini singdirishning ilmiy asoslangan tizimlarini ishlab chiqishni hamda joriy etishga koʻmaklashishni tashkil etadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi qonunchilikka muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
(10-modda Oʻzbekiston Respublikasining 2024-yil 7-sentabrdagi OʻRQ-957-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 09.09.2024-y., 03/24/957/0689-son)
11-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligining jismoniy tarbiya va sport sohasidagi vakolatlari
(11moddaning nomi Oʻzbekiston Respublikasining 2024-yil 7-sentabrdagi OʻRQ-957-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 09.09.2024-y., 03/24/957/0689-son)
Oʻzbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi:
(11-modda birinchi qismining birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2024-yil 7-sentabrdagi OʻRQ-957-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 09.09.2024-y., 03/24/957/0689-son)
taʼlim muassasalarida bolalar sportini rivojlantirishni va ularning sport bazasini mustahkamlashni taʼminlaydi;
bolalar va oʻquvchi yoshlar oʻrtasida jismoniy tarbiya-sogʻlomlashtirish va sport tadbirlarini tashkil etadi;
jismoniy tarbiya va sport sohasidagi oʻquv-uslubiy adabiyotlarni tayyorlashda ishtirok etadi;
xalq taʼlimi tizimining taʼlim muassasalari oʻquvchilari oʻrtasida sport musobaqalarini (“Umid nihollari”) tashkil etishda ishtirok etadi;
bolalar sportining moddiy-texnika va resurs bazasini rivojlantirish choralarini koʻradi;
Qoʻshimcha maʼlumot uchun qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2010-yil 5-maydagi PQ-1332-sonli “Bolalar sporti obyektlaridan foydalanish samaradorligini oshirish borasidagi qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori.
bolalarga sportga muhabbatni singdirish, oʻsib kelayotgan avlodda sport bilan shugʻullanish, sogʻlom turmush tarzini olib borish, jismoniy va maʼnaviy komillikka intilish muhimligi tushunchasini shakllantirish, bolalarni salbiy taʼsirlardan himoya qilishga va zararli odatlardan xalos etishga doir chora-tadbirlar majmuini amalga oshiradi;
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-iyuldagi 355-sonli “Jismoniy tarbiya va sport boʻyicha mutaxassislarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori.
jismoniy tarbiya va sport sohasidagi normativ-huquqiy hujjatlarni ishlab chiqish hamda amalga oshirishda ishtirok etadi;
bolalarni jismoniy tarbiyalashning zamonaviy shakllari hamda usullarini, bolalarning jinsi va yoshiga qarab ularga sport koʻnikmalarini singdirishning, sportga qobiliyatli bolalarni ixtisoslashtirilgan sport taʼlim muassasalarida oʻqitish uchun tanlab olishning ilmiy asoslangan tizimlarini ishlab chiqishni hamda joriy etishga koʻmaklashishni tashkil etadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi qonunchilikka muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
(11-moddaning ikkinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2024-yil 7-sentabrdagi OʻRQ-957-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 09.09.2024-y., 03/24/957/0689-son)
Qoʻshimcha maʼlumot uchun qarang: Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 19-fevraldagi 146-son qarori bilan tasdiqlangan “Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi toʻgʻrisida nizom”.
12-modda. Mahalliy davlat hokimiyati organlarining jismoniy tarbiya va sport sohasidagi vakolatlari
Mahalliy davlat hokimiyati organlari:
jismoniy tarbiya va sport sohasidagi davlat dasturlarini hamda maqsadli dasturlarni ishlab chiqish va amalga oshirishda ishtirok etadi;
jismoniy tarbiya va sport sohasidagi hududiy dasturlarni ishlab chiqadi, tasdiqlaydi hamda amalga oshiradi;
jismoniy tarbiya va sport sohasidagi normativ-huquqiy hujjatlarni ishlab chiqish hamda amalga oshirishda ishtirok etadi;
jismoniy tarbiya va sport sohasidagi tadbirlarning mahalliy budjetdan moliyalashtirilishini taʼminlaydi;
jismoniy tarbiya-sport tashkilotlarini tashkil etishga koʻmaklashadi hamda ularning faoliyatini qoʻllab-quvvatlaydi;
aholi oʻrtasida sport normativlarini topshirish boʻyicha ishlarni tashkil etadi;
ommaviy jismoniy tarbiya va sport tadbirlarini tashkil etish hamda oʻtkazishga, jismoniy tarbiya va sport sohasidagi mutaxassislarni tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirishga koʻmaklashadi;
Oldingi tahrirga qarang.
(12-modda birinchi qismining toʻqqizinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2023-yil 20-yanvardagi OʻRQ-815-sonli Qonuniga asosan chiqarilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.01.2023-y., 03/23/815/0044-son)
havaskorlik jismoniy tarbiya-sport harakatini rivojlantirish uchun fuqarolarning ish joyi, yashash joyi hamda dam olish joyida shart-sharoitlar yaratadi;
jismoniy tarbiya-sogʻlomlashtirish va sport uchun moʻljallangan tovarlar ishlab chiqarilishini tashkil etishga koʻmaklashadi.
Mahalliy davlat hokimiyati organlari qonunchilikka muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
(12-moddaning ikkinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Qoʻshimcha maʼlumot uchun qarang: Oʻzbekiston Respublikasining “Mahalliy davlat hokimiyati toʻgʻrisida”gi Qonuni.
13-modda. Fuqarolar oʻzini oʻzi boshqarish organlarining, korxonalar, muassasalar va tashkilotlarning jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirishda ishtirok etishi
Fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari, korxonalar, muassasalar va tashkilotlar jismoniy tarbiya-sport jamoat birlashmalari, kasaba uyushmalari, yoshlar tashkilotlari va boshqa nodavlat notijorat tashkilotlari bilan birgalikda jismoniy tarbiya va sport sohasidagi davlat dasturlarini hamda boshqa dasturlarni amalga oshirishda ishtirok etadi.
Qoʻshimcha maʼlumot uchun qarang: Oʻzbekiston Respublikasining “Fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari toʻgʻrisida”gi va “Nodavlat notijorat tashkilotlari toʻgʻrisida”gi qonunlari.
3-bob. Jismoniy tarbiya va sport sohasida faoliyatni tashkil etish
14-modda. Jismoniy tarbiya va sport sohasidagi mutaxassislar
Sportchilar, trenerlar, sport hakamlari va Oʻzbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tomonidan maxsus vakolatli davlat organi bilan birgalikda kasblari va lavozimlarining tasniflangan roʻyxati belgilanadigan boshqa mutaxassislar jismoniy tarbiya va sport sohasidagi mutaxassislardir.
(14-moddaning birinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2018-yil 3-yanvardagi OʻRQ-456-sonli Qonuni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 05.01.2018-y., 03/18/456/0512-son)
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-iyuldagi 355-sonli qarori bilin tasdiqlangan Jismoniy tarbiya va sport boʻyicha mutaxassislarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish tartibi toʻgʻrisida nizomning 2-bobi.
Sport turlari boʻyicha sportchi, trener va sport hakami kasblari va lavozimlariga doir malaka talablari maxsus vakolatli davlat organi tomonidan belgilanadi, jismoniy tarbiya va sport sohasidagi boshqa mutaxassislarning kasblari va lavozimlariga doir malaka talablari esa qonunchilikda belgilanadi.
(14-moddaning ikkinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Qarang: “Sport turi boʻyicha sportchi, trener va sport hakami kasblariga qoʻyiladigan malaka talablari” (roʻyxat raqami 2592, 03.06.2014-y.).
15-modda. Havaskorlik sporti va professional sport
Fuqarolar havaskorlik sporti, shuningdek professional sport bilan sportchi, trener yoki sport hakami sifatida shugʻullanish huquqiga ega.
Havaskorlik sporti va professional sport sohasidagi korxonalar, muassasalar va tashkilotlarning tashkil etilishi hamda faoliyat koʻrsatishi tartibi qonunchilikda belgilanadi.
(15-moddaning ikkinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Qarang: mazkur Qonunning 16-moddasi, Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 4-bobi.
16-modda. Jismoniy tarbiya-sport tashkilotlari. Jismoniy tarbiya va sport sohasidagi yakka tartibdagi tadbirkorlik
Faoliyatning asosiy turi sifatida jismoniy tarbiya va sport sohasida faoliyatni amalga oshiruvchi yuridik shaxs yoki boshqa yuridik shaxsning tarkibiy boʻlinmasi jismoniy tarbiya-sport tashkilotidir.
Yakka tartibdagi tadbirkorlar jismoniy tarbiya va sport sohasida faoliyatni amalga oshirishi mumkin.
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2011-yil 7-yanvardagi 6-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Xususiy tadbirkorlar yuridik shaxs tashkil etmasdan shugʻullanishi mumkin boʻlgan faoliyat turlari roʻyxati”ning 58-bandi.
Jismoniy tarbiya-sport tashkilotlari, jismoniy tarbiya va sport sohasida faoliyatni amalga oshiruvchi yakka tartibdagi tadbirkorlar aholining turli guruhlari oʻrtasida jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirish boʻyicha ishlarni tashkil qilishda ishtirok etadi, sportchilarni va sport musobaqalarida hamda oʻquv-mashq tadbirlarida ishtirok etuvchi boshqa mutaxassislarni tayyorlash, ularning sogʻligʻini muhofaza qilish va mustahkamlash uchun shart-sharoitlar yaratadi, sportchilar va trenerlarga mashgʻulotlar uchun zarur shart-sharoitlarni taʼminlaydi, shuningdek ushbu mutaxassislarga sport natijalariga erishishi uchun boshqacha tarzda koʻmaklashadi.
Jismoniy tarbiya-sport tashkilotlari, shuningdek jismoniy tarbiya va sport sohasida faoliyatni amalga oshiruvchi yakka tartibdagi tadbirkorlar xalqaro sport tashkilotlarining aʼzosi boʻlishi mumkin.
Jismoniy tarbiya-sport tashkilotlari chet davlatlarning sport tashkilotlari bilan munosabatlarda xalqaro sport tashkilotlari tomonidan tasdiqlangan nizomlar (reglamentlar), qoidalar va talablarga hamda Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalariga rioya etadi.
17-modda. Oʻzbekiston olimpiya harakati. Oʻzbekiston Milliy olimpiya qoʻmitasi
Oʻzbekiston olimpiya harakati Xalqaro olimpiya harakatining tarkibiy qismi boʻlib, uning maqsadi olimpiya harakati prinsiplarini ommalashtirish, jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirishga koʻmaklashish, sport sohasida xalqaro hamkorlikni mustahkamlash, Olimpiya oʻyinlarida hamda Xalqaro olimpiya qoʻmitasi boshchiligida oʻtkaziladigan boshqa xalqaro sport tadbirlarida ishtirok etishdan iboratdir.
Oʻzbekiston olimpiya harakati Oʻzbekiston Milliy olimpiya qoʻmitasi — respublika nodavlat notijorat tashkiloti tomonidan boshqariladi, ushbu qoʻmita oʻz faoliyatini Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligiga, Xalqaro olimpiya qoʻmitasining Olimpiya xartiyasiga hamda oʻz ustaviga muvofiq amalga oshiradi. Davlat Oʻzbekiston Milliy olimpiya qoʻmitasiga oʻz ustavida belgilangan maqsadlarini amalga oshirishiga har tomonlama koʻmaklashgan holda, Oʻzbekiston olimpiya harakatini tan oladi va qoʻllab-quvvatlaydi.
(17-moddaning ikkinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Oʻzbekiston Milliy olimpiya qoʻmitasi:
olimpiya harakati prinsiplarini ommalashtiradi, yuksak yutuqlarga erishiladigan sportni va ommaviy sportni rivojlantirishga koʻmaklashadi;
Xalqaro olimpiya qoʻmitasining Olimpiya xartiyasiga muvofiq Olimpiya oʻyinlarida hamda Xalqaro Olimpiya qoʻmitasi boshchiligida oʻtkaziladigan boshqa xalqaro sport tadbirlarida Oʻzbekiston Respublikasi nomidan ish yuritadi;
sportchilarni Olimpiya oʻyinlarida hamda Xalqaro Olimpiya qoʻmitasi boshchiligida oʻtkaziladigan boshqa xalqaro sport tadbirlarida ishtirok etishga tayyorlashning zarur darajasini taʼminlashga qaratilgan chora-tadbirlarni ishlab chiqish va amalga oshirishda ishtirok etadi;
sportda dopingning oldini olish hamda unga qarshi kurashishga, shuningdek jismoniy tarbiya va sport sohasida kamsitish va zoʻravonlikning har qanday shakllari yuzaga kelishiga yoʻl qoʻymaslikka koʻmaklashadi;
Xalqaro olimpiya qoʻmitasining hamda Oʻzbekiston Milliy olimpiya qoʻmitasining olimpiya ramzlari, shiori, bayrogʻi, madhiyasidan, “olimpiya”, “olimpiada” nomlaridan foydalanishga boʻlgan huquqlarini Oʻzbekiston Respublikasi hududida himoya qilish choralarini taʼminlaydi.
Oʻzbekiston Milliy olimpiya qoʻmitasi oʻz vakolatlarini maxsus vakolatli davlat organi, sport federatsiyalari (uyushmalari) hamda boshqa tashkilotlar bilan oʻzaro hamkorlikda amalga oshiradi.
Oʻzbekiston Milliy olimpiya qoʻmitasi qonunchilikka muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
(17-moddaning beshinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
18-modda. Sport federatsiyalari (uyushmalari)
Sport federatsiyasi (uyushmasi) mamlakatda sport turini yoki sport turlarini rivojlantirish va ommalashtirishni amalga oshiradi hamda respublika va xalqaro miqyosdagi barcha tadbirlar va musobaqalarda sportchilar va boshqa mutaxassislar nomidan ish yuritadi.
Sport federatsiyasining (uyushmasining) rasmiy nomi nodavlat notijorat tashkilotlari toʻgʻrisidagi qonunchilikda belgilangan talablarga muvofiq boʻlishi hamda unda sport federatsiyasi (uyushmasi) faoliyatining hududiy sohasi, shuningdek sport federatsiyasi (uyushmasi) qaysi sport turini yoki sport turlarini rivojlantirish maqsadida tashkil etilgan boʻlsa, oʻsha sport turi yoki sport turlari koʻrsatilishi lozim.
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasining “Nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyatining kafolatlari toʻgʻrisida”gi Qonuni.
Sport federatsiyalarining (uyushmalarining) tashkil etilishi, faoliyati, qayta tashkil etilishi va tugatilishi, ushbu Qonunda nazarda tutilgan oʻziga xos xususiyatlar inobatga olingan holda, nodavlat notijorat tashkilotlari toʻgʻrisidagi qonunchilikka muvofiq amalga oshiriladi.
(18-moddaning ikkinchi va uchinchi qismlari Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Shuningdek, qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1996-yil 14-avgustdagi 284-sonli “Olimpiya shon-shuhrati muzeyini tashkil etish toʻgʻrisida”gi va 2015-yil 1-maydagi 109-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Milliy olimpiya qoʻmitasi huzuridagi Respublika sport tibbiyoti ilmiy-amaliy markazi faoliyatini tashkil etishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarorlari.
19-modda. Sport federatsiyalari (uyushmalari) reyestri
Sport federatsiyalari (uyushmalari) toʻgʻrisidagi maʼlumotlar ular davlat roʻyxatidan oʻtkazilganidan keyin sport federatsiyalari (uyushmalari) reyestriga kiritilishi kerak. Maxsus vakolatli davlat organi sport federatsiyalari (uyushmalari) reyestrini yuritishni amalga oshiradi.
Sport federatsiyalari (uyushmalari) reyestrida quyidagi maʼlumotlar koʻrsatiladi:
tegishli sport federatsiyalarining (uyushmalarining) nomlari;
tegishli sport federatsiyalari (uyushmalari) qaysi sport turini yoki sport turlarini rivojlantirish maqsadida tashkil etilgan va oʻz faoliyatini amalga oshirayotgan boʻlsa, oʻsha sport turi yoki sport turlari;
tegishli sport federatsiyalari (uyushmalari) rahbar organlarining shaxsiy tarkibi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar;
sport federatsiyalarining (uyushmalarining) xalqaro sport tashkilotlariga aʼzoligi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar.
Sport federatsiyalari (uyushmalari) reyestrida koʻrsatilgan maʼlumotlar ochiq boʻladi va ulardan hamma foydalanishi mumkin, bundan tegishli sport federatsiyalari (uyushmalari) rahbar organlarining shaxsiy tarkibi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar, agar bu maʼlumotlar qonunchilikka muvofiq ochiq boʻlmasa va undan hamma foydalanishi mumkin boʻlmasa, mustasno.
(19-moddaning uchinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Sport federatsiyalari (uyushmalari) reyestrini yuritish va undan maʼlumotlar taqdim etish tartibi maxsus vakolatli davlat organi tomonidan belgilanadi.
Qarang: “Sport federatsiyalari (uyushmalari) reyestrini yuritish va undan maʼlumotlar taqdim etish tartibi toʻgʻrisida nizom” (roʻyxat raqami 2939)
20-modda. Oʻzbekiston milliy sport turlari va xalq oʻyinlari
Oʻzbekiston milliy sport turlari va xalq oʻyinlari Oʻzbekiston Respublikasining jismoniy tarbiya va sport sohasidagi madaniy merosining ajralmas qismi, aholida vatanparvarlik va Vatanga muhabbat, xalqaro maydonda mamlakatning obroʻ-eʼtiborini yuksaltirishga intilish tuygʻularini tarbiyalash poydevoridir.
Davlat organlari, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari, jismoniy tarbiya-sport tashkilotlari, shuningdek boshqa tashkilotlar:
Oʻzbekiston milliy sport turlari va xalq oʻyinlarini rivojlantirishga har tomonlama koʻmaklashadi hamda ularni aholi oʻrtasida yoyish uchun zarur shart-sharoitlar yaratadi;
Oʻzbekiston milliy sport turlari va xalq oʻyinlarining xalqaro maydondagi obroʻ-eʼtiborini mustahkamlashga koʻmaklashadi.
Oʻzbekiston milliy sport turlari va xalq oʻyinlarini Sport va ommaviy jismoniy tarbiya tadbirlarining kalendar rejasiga kiritish tartibi qonunchilikda belgilanadi.
(20-moddaning uchinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2012-yil 14-iyundagi 173-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Sport va ommaviy jismoniy tarbiya tadbirlarining kalendar rejasini shakllantirish tartibi toʻgʻrisida”gi nizomning III bobi (“Sport va ommaviy jismoniy tarbiya tadbirlarini shakllantirish hamda kalendar rejaga kiritish tartibi”).
21-modda. Jismoniy tarbiya va sport tadbirlarini tashkil etish hamda oʻtkazish
Jismoniy tarbiya yoki sport tadbirlari tashkilotchilari bu tadbirlarni oʻtkazish shartlarini, shu jumladan jismoniy tarbiya va sport tadbirlarini tashkil etish hamda oʻtkazishni moliyalashtirish shartlarini belgilaydi, bunday tadbirlarni tashkil etish va oʻtkazish uchun masʼul boʻladi, ushbu tadbirlarni toʻxtatish va bekor qilish, ularni oʻtkazish vaqtini oʻzgartirish va ularning yakunlarini tasdiqlash huquqiga ega.
Jismoniy tarbiya yoki sport tadbirlari tashkilotchilari quyidagi mutlaq huquqlarga ega:
jismoniy tarbiya yoki sport tadbirining nomi va ramzlaridan foydalanish;
jismoniy tarbiya va sport tadbirlarini oʻtkazish joyida tovarlar, ishlar va xizmatlar reklamasini joylashtirish;
jismoniy tarbiya va sport tadbirlarida foydalaniladigan sport ekipirovkasi, sport uskunalari va anjomlarini ishlab chiqaruvchilarni belgilash;
jismoniy tarbiya va sport tadbirlarini ularning tasviri va (yoki) ovozini har qanday usullar bilan va (yoki) turli texnologiyalar yordamida translyatsiya qilish orqali, shuningdek mazkur translyatsiyani yozib olishni va (yoki) tadbirni fotosuratga hamda videotasvirga tushirishni amalga oshirish orqali yoritish.
Jismoniy tarbiya va sport tadbirlarining nomlaridan, ular asosida tuzilgan soʻz birikmalaridan hamda mazkur tadbirlar ramzlaridan uchinchi shaxslarning foydalanishi jismoniy tarbiya yoki sport tadbirlari tashkilotchilari bilan yozma shaklda tuziladigan kelishuvlar asosida amalga oshiriladi, bunday nomlardan, ular asosida tuzilgan soʻz birikmalaridan va mazkur tadbirlar ramzlaridan axborot maqsadida yoxud ommaviy axborot vositalarida jismoniy tarbiya va sport tadbirlarini yoritish huquqini olgan uchinchi shaxslar tomonidan ushbu huquqlarning foydalanish hollari bundan mustasno.
Ommaviy axborot vositalarida jismoniy tarbiya yoki sport tadbirlari tashkilotchilari tomonidan tasdiqlangan, jismoniy tarbiya va sport tadbirlarining toʻgʻri koʻrsatilgan nomlaridan foydalanilishi kerak. Bunda mazkur nomlar reklama hisoblanmaydi.
Jismoniy tarbiya va sport tadbirlarini yoritish huquqidan uchinchi shaxslar faqat jismoniy tarbiya yoki sport tadbirlari tashkilotchilarining yozma ruxsatlari bilan yoxud uchinchi shaxslar tomonidan ushbu huquqlarning bunday tadbirlar tashkilotchilaridan sotib olinganligi toʻgʻrisidagi yozma shakldagi kelishuvlar asosida foydalanishi mumkin.
Jismoniy tarbiya va sport tadbirlari toʻgʻrisidagi qoidalarning, nizomlarning (reglamentlarning) mazmuniga doir alohida sport turlarining xususiyatlarini nazarda tutadigan umumiy talablar maxsus vakolatli davlat organi tomonidan belgilanadi.
Faqat rasmiy sport musobaqalarigina Oʻzbekiston Respublikasi chempionati, kubogi yoki birinchiligi maqomiga va nomiga ega boʻlishi mumkin.
Rasmiy sport musobaqalarini oʻtkazishga ushbu Qonun 26-moddasiga muvofiq tasdiqlangan sport turlarining qoidalari asosidagina yoʻl qoʻyiladi.
Xalqaro sport tadbirlari Oʻzbekiston Respublikasi hududida faqat bunday tadbirlarni oʻtkazish toʻgʻrisidagi qarorning tegishli sport turlari boʻyicha sport federatsiyalari (uyushmalari) hamda maxsus vakolatli davlat organi bilan kelishib olinishi sharti bilan oʻtkazilishi mumkin.
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2011-yil 27-apreldagi 121-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Sport va ommaviy-jismoniy tarbiya tadbirlarini oʻtkazish hamda ular ishtirokchilarining moddiy taʼminoti normalarini belgilash tartibi toʻgʻrisida”gi nizomning III bobi (“Sport va ommaviy-jismoniy tarbiya tadbirlarini oʻtkazish”) va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 29-iyuldagi 205-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Ommaviy tadbirlarni oʻtkazish qoidalari”.
22-modda. Sport turlarini va sport turining tarmoqlarini eʼtirof etish. Sport turlarining reyestri
Oʻzbekiston Respublikasida belgilangan tartibda eʼtirof etilgan sport turlari va sport turining tarmoqlari sport turlari reyestriga kiritiladi.
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Davlat jismoniy tarbiya va sport qoʻmitasining 2017-yil 7-avgustdagi 5-mh-son qarori bilin tasdiqlangan Sport turlarini va sport turining tarmoqlarini eʼtirof etish, ularni sport turlari reyestriga kiritish hamda ushbu reyestrni yuritish tartibi toʻgʻrisidagi nizomning 2-bobi (roʻyxat raqami 2923, 2017-yil 29-avgust).
Sport turlarini va sport turining tarmoqlarini eʼtirof etish hamda ularni sport turlari reyestriga kiritish tartibi, shuningdek ushbu reyestrni yuritish tartibi maxsus vakolatli davlat organi tomonidan belgilanadi.
Qarang: “Sport turlarini va sport turining tarmoqlarini eʼtirof etish, ularni sport turlari reyestriga kiritish hamda ushbu reyestrni yuritish tartibi toʻgʻrisidagi nizom” (roʻyxat raqami 2923).
23-modda. Sport unvonlari, sport razryadlari, malaka toifalari. Sport turlari boʻyicha yagona sport tasnifi
Oʻzbekiston Respublikasida quyidagi sport unvonlari, sport razryadlari, malaka toifalari belgilanadi:
a) sport unvonlari:
Xalqaro toifadagi Oʻzbekiston sport ustasi yoki xalqaro grossmeyster;
Oʻzbekiston sport ustasi yoki Oʻzbekiston grossmeysteri;
b) sport razryadlari:
Oʻzbekiston sport ustaligiga yoki Oʻzbekiston grossmeysterligiga nomzod;
birinchi sport razryadi;
ikkinchi sport razryadi;
uchinchi sport razryadi;
oʻsmirlar uchun birinchi sport razryadi;
oʻsmirlar uchun ikkinchi sport razryadi;
oʻsmirlar uchun uchinchi sport razryadi;
v) sport hakamlarining malaka toifalari:
xalqaro toifali sport hakami;
milliy toifali sport hakami;
birinchi toifali sport hakami;
ikkinchi toifali sport hakami;
uchinchi toifali sport hakami;
sport boʻyicha hakam;
g) trenerlarning malaka toifalari:
xalqaro toifali trener;
oliy toifali trener;
birinchi toifali trener;
ikkinchi toifali trener;
d) yoʻriqchi-uslubchilarning malaka toifalari:
oliy toifali yoʻriqchi-uslubchi;
birinchi toifali yoʻriqchi-uslubchi;
ikkinchi toifali yoʻriqchi-uslubchi.
Sport unvonlari, sport razryadlari hamda malaka toifalarini berish tartibi maxsus vakolatli davlat organi tomonidan tasdiqlanadi.
Qarang: “Oʻzbekiston Respublikasida trenerlik faoliyati toʻgʻrisida”gi nizomning III bobi (roʻyxat raqami 2247, 22.07.2011-y.).
Sport turlari boʻyicha yagona sport tasnifi sport turlari reyestriga kiritilgan sport turlari boʻyicha tegishli sport unvonlari va sport razryadlarini berish uchun bajarilishi zarur boʻlgan normalar hamda talablarni, shuningdek ularni bajarish shartlarini belgilaydi. Sport turlari boʻyicha yagona sport tasnifi toʻgʻrisidagi nizomda mazkur normalar, talablar va shartlarning mazmuni, shuningdek sport turlari boʻyicha sport unvonlari va sport razryadlarini berish tartibi belgilanadi.
Sport turlari boʻyicha yagona sport tasnifi va u toʻgʻrisidagi nizom maxsus vakolatli davlat organi tomonidan tasdiqlanadi.
Qarang: “Sport turlari boʻyicha yagona sport tasnifi toʻgʻrisidagi nizom”gi nizom (roʻyxat raqami 2921).
24-modda. Xalqaro va respublika miqyosidagi sport hamda ommaviy jismoniy tarbiya tadbirlarining kalendar rejasi
Xalqaro va respublika miqyosidagi sport hamda ommaviy jismoniy tarbiya tadbirlarining kalendar rejasi Oʻzbekiston Respublikasi hududida oʻtkaziladigan xalqaro va respublika miqyosidagi rasmiy sport yoki ommaviy jismoniy tarbiya tadbirlari roʻyxatini, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi sport terma jamoalarini xalqaro sport tadbirlariga tayyorlash va ularning ishtirok etishini taʼminlash boʻyicha tadbirlar roʻyxatini belgilovchi hujjatdir.
Sport va ommaviy jismoniy tarbiya tadbirlari xalqaro va respublika miqyosidagi Sport hamda ommaviy jismoniy tarbiya tadbirlarining kalendar rejasiga sport turlarining oʻziga xos xususiyatlarini hisobga olgan holda kiritiladi.
Xalqaro va respublika miqyosidagi Sport hamda ommaviy jismoniy tarbiya tadbirlarining kalendar rejasi tegishli kalendar yil boshlanguniga qadar tasdiqlanadi.
Xalqaro va respublika miqyosidagi Sport hamda ommaviy jismoniy tarbiya tadbirlarining kalendar rejasiga kiritilgan sport va ommaviy jismoniy tarbiya tadbirlari rasmiy sport va ommaviy jismoniy tarbiya tadbirlaridir.
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2012-yil 14-iyundagi 173-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Sport va ommaviy jismoniy tarbiya tadbirlarining kalendar rejasini shakllantirish tartibi toʻgʻrisida”gi nizom.
25-modda. Sportchining huquq va majburiyatlari
Sportchi:
sport turi yoki sport turlarini tanlash;
tanlangan sport turi yoki sport turlari boʻyicha sport musobaqalarida ushbu sport turlari qoidalari hamda sport musobaqalari haqidagi nizomlarda (reglamentlarda) belgilangan tartibda ishtirok etish;
Sport turlari boʻyicha yagona sport tasnifi normalari va talablarini bajarganda sport unvonlari va sport razryadlarini olish;
Qarang: mazkur Qonunning 23-moddasi, “Sport turlari boʻyicha yagona sport tasnifi toʻgʻrisidagi nizom”gi nizom (roʻyxat raqami 2921).
qonunchilikda belgilangan tartibda jismoniy tarbiya-sport tashkilotlari va boshqa tashkilotlar bilan mehnat shartnomalarini tuzish;
(25-modda birinchi qismining beshinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 12-bobi (“Mehnat shartnomasi”).
tanlangan sport turi yoki sport turlari boʻyicha sport federatsiyalari (uyushmalari) tomonidan oʻz huquqlari va qonuniy manfaatlarining himoya qilinishi;
jismoniy tarbiya-sport tashkilotlarining qarorlari, ular mansabdor shaxslarining harakatlari (harakatsizligi) ustidan boʻysunuv tartibida yuqori turuvchi organlar yoki mansabdor shaxslarga yoxud sudga belgilangan tartibda shikoyat qilish huquqiga ega.
Sportchilarning ayrim toifalari qonunchilikda belgilangan tartibda imtiyozli pensiya olish huquqiga ega.
(25-moddaning ikkinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi “Fuqarolarning davlat pensiya taʼminoti toʻgʻrisida”gi Qonunining 10-moddasi.
Davlat boshqaruvi organlari, jismoniy tarbiya-sport jamoat birlashmalari, sport markazlari, boshqa jismoniy tarbiya-sport tashkilotlari sportchilarga zarur ijtimoiy-maishiy sharoitlar yaratishi va ularning sogʻligʻi muhofaza qilinishini taʼminlashi shart.
Sportchi:
jismoniy tarbiya va sport tadbirlarida ishtirok etish hamda oʻquv-mashq mashgʻulotlari paytida, shuningdek sport obyektlarida boʻlganda xavfsizlik talablariga rioya etishi;
ushbu Qonunning 27-moddasida nazarda tutilgan dopingga qarshi qoidalarga rioya etishi;
doping nazoratini oʻtkazish maqsadida dopingga qarshi qoidalarga muvofiq oʻzining turgan joyi haqida axborot taqdim etishi;
jismoniy tarbiya va sport sohasidagi odob normalariga rioya etishi;
oʻzi ishtirok etayotgan jismoniy tarbiya yoki sport tadbirlari toʻgʻrisidagi qoidalarga, nizomlarga (reglamentlarga) hamda jismoniy tarbiya yoki sport tadbirlari tashkilotchilarining talablariga rioya etishi;
sanitariya-gigiyena, tibbiy talablarga rioya etishi, muntazam ravishda tibbiy tekshiruvlardan oʻtishi shart.
Sportchi qonunchilikka muvofiq boshqa huquqlarga ega boʻlishi va uning zimmasida oʻzga majburiyatlar ham boʻlishi mumkin.
(25-moddaning beshinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
26-modda. Sport turlari qoidalari
Sport turlari reyestriga kiritilgan sport turlarining qoidalari xalqaro sport tashkilotlari tomonidan tasdiqlangan qoidalarga muvofiq qoʻllaniladi, bundan harbiy-amaliy, Oʻzbekiston milliy sport turlari va xalq oʻyinlari mustasno.
Harbiy-amaliy, Oʻzbekiston milliy sport turlari va xalq oʻyinlari qoidalari qonunchilikda belgilangan tartibda ishlab chiqiladi.
(26-moddaning ikkinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
27-modda. Sportda dopingning oldini olish va unga qarshi kurashish
Dopingga qarshi qoidaning buzilishi, shu jumladan sportda foydalanish taqiqlangan substansiyalar va (yoki) usullar (bundan buyon matnda taqiqlangan substansiya va (yoki) taqiqlangan usul deb yuritiladi) roʻyxatiga kiritilgan substansiyadan va (yoki) usuldan foydalanish yoki foydalanishga urinish sportda doping deb eʼtirof etiladi.
Sportda dopingning oldini olish va unga qarshi kurashish dopingga qarshi xalqaro tashkilotlar tomonidan tasdiqlangan dopingga qarshi qoidalarga muvofiq amalga oshiriladi.
Quyidagi bir yoki bir nechta qoidabuzarlik dopingga qarshi xalqaro tashkilotlar tomonidan tasdiqlangan dopingga qarshi qoidalarning buzilishi deb eʼtirof etiladi:
sportchining taqiqlangan substansiyadan va (yoki) taqiqlangan usuldan foydalanganligi yoki foydalanishga uringanligi;
musobaqa paytida yoki musobaqadan tashqari paytda sportchi organizmidan, shuningdek sport musobaqasida ishtirok etayotgan jonivor organizmidan olingan namunada taqiqlangan substansiyalarning yoxud ular metabolitlarining yoki markerlarining mavjud boʻlishi;
sportchining namuna olinishi uchun kelishdan bosh tortganligi, sportchining dopingga qarshi qoidalarga muvofiq xabardor qilingandan keyin namuna olinishiga uzrli sabablarsiz kelmaganligi yoki sportchining namuna olinishidan boshqacha tarzda boʻyin tovlaganligi;
sportchidan musobaqadan tashqari paytda namuna olinishi imkoniyatiga taalluqli dopingga qarshi talablarning buzilganligi, shu jumladan oʻzining turgan joyi haqidagi axborotni taqdim etmaganligi hamda uning testlashda ishtirok etish uchun kelmaganligi;
doping nazorati elementini soxtalashtirish yoki soxtalashtirishga urinish;
Jahon dopingga qarshi agentligining Taqiqlangan substansiyalardan terapevtik foydalanish uchun xalqaro standartga muvofiq beriladigan ruxsatnomasiz terapevtik foydalanish uchun taqiqlangan substansiyalarga va (yoki) taqiqlangan usullarga ega boʻlish;
taqiqlangan substansiya va (yoki) taqiqlangan usulni tarqatish.
Sportchilar, shuningdek trenerlar, jismoniy tarbiya va sport sohasidagi boshqa mutaxassislar tomonidan sportchilarga nisbatan dopingga qarshi qoidalarning buzilishiga, sport musobaqasida qatnashayotgan jonivorlarga nisbatan taqiqlangan substansiya va (yoki) taqiqlangan usulning qoʻllanilishiga yoʻl qoʻyilmaydi. Sportchi tomonidan, shuningdek sport musobaqasida qatnashayotgan jonivorga nisbatan taqiqlangan substansiya va (yoki) taqiqlangan usuldan foydalanilganligi fakti faqat Jahon dopingga qarshi agentligi tomonidan akkreditatsiya qilingan laboratoriyalarda oʻtkazilgan tekshiruvlar natijalari bilan tasdiqlanadi.
Doping nazorati testlarni oʻtkazishni rejalashtirish, namunalarni olish, saqlash, tashish, laboratoriyada tahlil qilish, testdan keyingi muolajalar, shuningdek tegishli eshituvlarni oʻtkazish va apellyatsiyalarni koʻrib chiqishni oʻz ichiga oladigan jarayondir.
Dopingga qarshi taʼminot sportda dopingning oldini olish va unga qarshi kurashishga qaratilgan tadbirlarni oʻtkazishdan iborat.
Testlash doping nazoratining elementlari boʻlib, testlarni oʻtkazishni rejalashtirish, namunalarni olish, saqlash va Jahon dopingga qarshi agentligi tomonidan akkreditatsiya qilingan laboratoriyaga tashishni oʻz ichiga oladi.
Testlash musobaqa paytida yoki musobaqadan tashqari paytda amalga oshiriladi. Musobaqa payti deganda, agar tegishli sport turi boʻyicha xalqaro sport federatsiyasi (uyushmasi) qoidalarida yoki dopingga qarshi xalqaro tashkilot tomonidan boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, sportchining va (yoki) jonivorning muayyan musobaqada ishtirok etishi bilan bogʻliq payt tushuniladi. Musobaqa paytiga kiritilmagan vaqt musobaqadan tashqari paytdir.
Sportda dopingning oldini olish va unga qarshi kurashish chora-tadbirlari quyidagilarni oʻz ichiga oladi:
doping nazoratini oʻtkazish;
sportchilarning, trenerlarning, jismoniy tarbiya va sport sohasidagi boshqa mutaxassislarning dopingga qarshi qoidalarni buzganlik uchun javobgarligini belgilash;
taqiqlangan substansiyalar va (yoki) taqiqlangan usullar qoʻllanilishining oldini olish;
doping nazoratini oʻtkazuvchi mutaxassislarning malakasini oshirish;
jismoniy tarbiya va sport sohasida faoliyatni amalga oshiruvchi taʼlim muassasalarining qoʻshimcha taʼlim dasturlariga dopingga qarshi qoidalar, sportda dopingning sportchilar sogʻligʻi uchun oqibatlari, dopingga qarshi qoidalarni buzganlik uchun javobgarlik toʻgʻrisidagi boʻlimlarni kiritish;
ommaviy axborot vositalarida dopingga qarshi targʻibot olib borish;
sportda dopingning oldini olish va unga qarshi kurashishga qaratilgan ilmiy tadqiqotlar oʻtkazish;
sportchilarning ish qobiliyatini tiklash vositalari va usullarini ishlab chiqish boʻyicha ilmiy tadqiqotlar oʻtkazish;
doping nazoratini oʻtkazish tartibida nazarda tutilgan doping nazoratini oʻtkazish shartlarini buzganlik uchun jismoniy tarbiya-sport tashkilotlarining javobgarligini belgilash;
sportda dopingning oldini olish va unga qarshi kurashish sohasida xalqaro hamkorlikni amalga oshirish.
Qoʻshimcha maʼlumot uchun qarang: “Sportda dopingga qarshi kurash toʻgʻrisida”gi Xalqaro kovensiya (Parij, 2005-yil 19-oktabr).
28-modda. Sport pasporti
Sport pasporti yagona namunadagi hujjat boʻlib, sportchining jismoniy tarbiya-sport tashkilotiga mansubligini va uning sport malakasini tasdiqlaydi.
Sport pasportida quyidagilar koʻrsatiladi:
sportchining familiyasi, ismi, otasining ismi;
jinsi;
tugʻilgan sanasi;
sportchining jismoniy tarbiya-sport tashkilotiga mansubligi;
tanlangan sport turi yoki sport turlari va sport turining tarmoqlari;
sport unvonlari va sport razryadlari berilganligi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar;
sport unvonlari va sport razryadlarini berish uchun zarur normalar hamda talablar bajarilganligini tasdiqlovchi maʼlumotlar;
sportchi tibbiy tekshiruvdan oʻtganligi toʻgʻrisidagi belgi;
sport musobaqalarida erishilgan natijalar;
sportchining sport diskvalifikatsiyasi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar;
davlat mukofotlari va boshqa shakldagi ragʻbatlantirishlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar;
trenerning familiyasi, ismi, otasining ismi;
tanlangan sport turi yoki sport turlarining oʻziga xos xususiyatlari bilan bogʻliq boshqa maʼlumotlar.
Sportchining jismoniy tarbiya-sport tashkilotiga mansubligi sportchi va jismoniy tarbiya-sport tashkiloti oʻrtasida tuzilgan mehnat shartnomasi asosida va (yoki) sportchining jismoniy tarbiya-sport tashkilotiga aʼzoligi asosida aniqlanadi.
Sport pasportlarini yuritish, berish va almashtirish, ularni hisobga olish yagona tizimining amal qilish tartibi Sport pasporti toʻgʻrisidagi nizomda belgilanadi. Sport pasporti toʻgʻrisidagi nizom va sport pasportining namunasi maxsus vakolatli davlat organi tomonidan tasdiqlanadi.
4-bob. Taʼlim tizimida, fuqarolarning ish joyi, yashash joyi hamda dam olish joyida jismoniy tarbiya va sport
29-modda. Taʼlim tizimida jismoniy tarbiya va sportni tashkil etish
Taʼlim tizimida jismoniy tarbiya va sportni tashkil etish quyidagilarni oʻz ichiga oladi:
asosiy taʼlim dasturlari doirasida davlat taʼlim standartlari bilan belgilangan hajmlarda jismoniy tarbiya va sport boʻyicha majburiy mashgʻulotlarni, shuningdek qoʻshimcha taʼlim dasturlari doirasida qoʻshimcha (fakultativ) jismoniy mashqlar va sport mashgʻulotlarini oʻtkazish;
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 6-apreldagi 187-sonli “Umumiy oʻrta va oʻrta maxsus taʼlimning davlat taʼlim standartlarini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi qarori.
taʼlim oluvchilarni jismoniy tarbiya va sport mashgʻulotlariga jalb etish uchun shart-sharoitlar yaratish, shu jumladan yoshlarning jismoniy tarbiya-sport tayyorgarligi boʻyicha tadbirlar majmuini oʻtkazish uchun sport jihozlari va anjomlari bilan taʼminlash;
taʼlim oluvchilarda individual qobiliyatlari va sogʻligʻi holatini hisobga olgan holda jismoniy tarbiya va sport koʻnikmalarini shakllantirish;
oʻquv mashgʻulotlari paytida jismoniy tarbiya tadbirlarini amalga oshirish;
taʼlim oluvchilarning jismoniy tarbiyasi tashkil etilishi ustidan tibbiy nazorat olib borish;
ota-onalarda yoki ularning oʻrnini bosuvchi shaxslarda bolalarining sogʻligʻi va ularning jismoniy tarbiyasiga nisbatan masʼuliyatli munosabatni shakllantirish;
bolalar va yoshlarning jismoniy tayyorgarligini hamda jismoniy rivojlanishini har yili monitoring qilish;
taʼlim oluvchilar ishtirokida sport tadbirlarini, shu jumladan maktabgacha va maktab taʼlimi tizimining taʼlim muassasalari oʻquvchilari (“Umid nihollari”), oʻrta maxsus, professional taʼlim tashkilotlari oʻquvchilari (“Barkamol avlod”) hamda oliy taʼlim tashkilotlari talabalari (“Universiada”) ishtirokida uch bosqichli sport musobaqalari tashkil etilishi va oʻtkazilishiga koʻmaklashish.
(29-moddaning toʻqqizinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2024-yil 7-sentabrdagi OʻRQ-957-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 09.09.2024-y., 03/24/957/0689-son)
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 25-oktabrdagi 864-sonli “Oʻquvchi va talaba yoshlar oʻrtasida oʻtkaziladigan respublika sport musobaqalari tizimini yanada takomillashtirish toʻgʻrisida”gi qarori.
30-modda. Fuqarolarning ish joyi, yashash joyi hamda dam olish joyida jismoniy tarbiya va sportni tashkil etish
Ish beruvchilar, ularning birlashmalari va xodimlar yoki ularning vakillik organlari oʻrtasidagi jamoa shartnomalari, kelishuvlari va mehnat shartnomalariga:
xodimlarga jismoniy tarbiya va sport bilan shugʻullanish, jismoniy tarbiya, sport, reabilitatsiya qiluvchi hamda xodimlarning jismoniy tarbiya va sport bilan shugʻullanishiga bogʻliq boʻlgan boshqa tadbirlarni oʻtkazish uchun sharoitlar yaratish haqidagi;
xodimlarga va ularning oila aʼzolariga ushbu qismning ikkinchi xatboshisida nazarda tutilgan chora-tadbirlarni amalga oshirish uchun sport obyektlari, sport jihozlari va anjomlaridan foydalanish imkoniyatini berish haqidagi;
sport obyektlariga, sport jihozlari va anjomlariga lozim darajada xizmat koʻrsatilishi hamda ularning taʼmirlanishini taʼminlash, bunday obyektlar, jihozlar va anjomlarni saqlashni, ularga xizmat koʻrsatishni hamda ularni taʼmirlashni amalga oshiruvchi xodimlar mehnatiga haq toʻlash haqidagi qoidalar kiritilishi mumkin.
Fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari fuqarolarning yashash joyi va dam olish joyi boʻyicha jismoniy tarbiya hamda sportni rivojlantirish uchun sharoitlar yaratadi, shu jumladan jismoniy tarbiya va sport sohasidagi mutaxassislarni jalb etish yoʻli bilan sharoitlar yaratadi.
Sanatoriy-kurort muassasalari, dam olish uylari va turistik bazalar rahbarlari fuqarolarning sogʻligʻini mustahkamlash, kasalliklarning oldini olish va davolash maqsadida fuqarolarning davolanishi hamda dam olishi jarayonida jismoniy tarbiya komponentlaridan foydalanish uchun sharoitlar yaratadi.
Korxonalar, muassasalar va tashkilotlarning mehnat jamoalari kasaba uyushmalari qoʻmitalari bilan birgalikda xodimlarni hamda ularning oila aʼzolarini jismoniy tarbiya va sport bilan faol shugʻullanishga, shu jumladan ish kuni davomida ishlab chiqarish gimnastikasini tashkil etish hamda oʻtkazishga jalb etish maqsadida ixtiyoriy ravishdagi muntazam jismoniy tarbiya-sogʻlomlashtirish tadbirlari va sport tadbirlari oʻtkazish boʻyicha sharoitlar yaratishi hamda ishlarni tashkil etishi mumkin.
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari hamda mahalliy davlat hokimiyati organlari xodimlarining jismoniy tarbiya va sport bilan muntazam shugʻullanishini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori.
31-modda. Moslashtiruvchi jismoniy tarbiya va moslashtiruvchi sport. Nogironligi boʻlgan shaxslarni va jismoniy imkoniyatlari cheklangan boshqa shaxslarni jismoniy reabilitatsiya qilish
Moslashtiruvchi jismoniy tarbiya jismoniy tarbiyaning nogironligi boʻlgan shaxslarni va jismoniy imkoniyatlari cheklangan boshqa shaxslarni jismoniy reabilitatsiya qilishning kompleks vositalaridan foydalanuvchi qismidir.
Moslashtiruvchi sport nogironligi boʻlgan shaxslarni va jismoniy imkoniyatlari cheklangan boshqa shaxslarni jismoniy reabilitatsiya qilishga hamda ijtimoiy moslashtirishga qaratilgandir.
Nogironligi boʻlgan shaxslarning va jismoniy imkoniyatlari cheklangan boshqa shaxslarning moslashtiruvchi sportini rivojlantirish sport bilan shugʻullanishning ustuvorligi, ommalashuvi hamda ochiqligi prinsiplariga asoslanadi.
Nogironligi boʻlgan shaxslarni va jismoniy imkoniyatlari cheklangan boshqa shaxslarni moslashtiruvchi jismoniy tarbiya va moslashtiruvchi sport usullaridan foydalangan holda jismoniy reabilitatsiya qilish hamda ijtimoiy moslashtirish jismoniy tarbiya-sport tashkilotlarida, shu jumladan reabilitatsiya markazlarida, nogironligi boʻlgan shaxslarning jismoniy tarbiya-sport klublarida amalga oshiriladi.
Tegishli taʼlim muassasalarida taʼlim olayotgan nogironligi boʻlgan shaxslar va jismoniy imkoniyatlari cheklangan boshqa shaxslar uchun mashgʻulotlar bunday taʼlim oluvchilarning shaxsiy qobiliyatlari hamda sogʻligʻi holati hisobga olingan, moslashtiruvchi jismoniy tarbiya va moslashtiruvchi sport vositalaridan foydalanilgan holda tashkil etiladi.
Maxsus vakolatli davlat organi mahalliy davlat hokimiyati organlari, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari va nogironligi boʻlgan shaxslarning jamoat birlashmalari bilan birgalikda nogironligi boʻlgan shaxslarning hamda jismoniy imkoniyatlari cheklangan boshqa shaxslarning jismoniy tarbiya-sport tashkilotlari vositasida jismoniy tarbiya, jismoniy kamol toptirish va jismoniy tayyorgarlik tizimiga uygʻunlashuviga koʻmaklashadi.
Maxsus vakolatli davlat organi, mahalliy davlat hokimiyati organlari, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari, jismoniy tarbiya-sport tashkilotlari, shuningdek nogironligi boʻlgan shaxslarning jismoniy tarbiya-sport birlashmalari nogironligi boʻlgan shaxslar va jismoniy imkoniyatlari cheklangan boshqa shaxslar ishtirokida jismoniy tarbiya va sport tadbirlari oʻtkazilishini tashkil etadi, bolalar-oʻsmirlar sport-moslashtiruvchi maktablarini, moslashtiruvchi bolalar-oʻsmirlar jismoniy tayyorgarlik klublarini tashkil qiladi.
(31-modda Oʻzbekiston Respublikasining 2022-yil 17-maydagi OʻRQ-770-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 18.05.2022-y., 03/22/770/0424-son)
Qoʻshimcha maʼlumot uchun qarang: Oʻzbekiston Respublikasining “Nogironligi boʻlgan shaxslarning huquqlari toʻgʻrisida”gi Qonuni.
5-bob. Sport zaxirasini tayyorlash
32-modda. Yuqori malakali sportchilarni va sport zaxirasini tayyorlash
Yuqori malakali sportchilarni va sport zaxirasini tayyorlash ixtisoslashtirilgan sport taʼlimi muassasalari, shu jumladan olimpiya zaxiralari kollejlari, bolalar-oʻsmirlar sport maktablari, shuningdek jismoniy tarbiya-sport jamiyatlari, sport-texnika tashkilotlari, sport klublari, sport tayyorgarligi markazlari, maktablar hamda jismoniy tarbiya va sport sohasidagi mutaxassislar tomonidan amalga oshirilib, ularni tayyorlash tartibi qonunchilikda belgilanadi.
(32-moddaning birinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Qarang: mazkur Qonunning 34-moddasi, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2010-yil 23-sentabrdagi 211-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Oʻzbekiston Respublikasidagi Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetidan moliyalashtiriladigan sport maktablari toʻgʻrisida”gi nizom, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 30-dekabrdagi 731-son “Olimpiya va paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazlari faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori.
Yuqori malakali sportchilarni va sport zaxirasini tegishli sport kiyim-boshi, sport ekipirovkasi, sport jihozi va anjomi, biologik va tibbiy-tiklovchi preparatlar bilan taʼminlash, shuningdek ularning kuch-quvvat sarfini hamda jismoniy resurslarini kompensatsiya qilish, tibbiy xizmat koʻrsatishni (profilaktika, davolash) taʼminlash bilan bogʻliq xarajatlarning oʻrni qoplanishini moliyalashtirish belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
Yuqori malakali sportchilarni va sport zaxirasini sport turlarining oʻziga xos xususiyatlariga muvofiq holda tayyorlash mazkur sport turi boʻyicha trenerlik faoliyati bilan shugʻullanish uchun malaka sertifikatiga ega boʻlgan shaxslar tomonidan amalga oshiriladi.
(32-moddaning uchinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 12-oktabrdagi OʻRQ-721-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 12.10.2021-y., 03/21/721/0952-son)
33-modda. Sport zaxirasini tayyorlash bosqichlari
Sport zaxirasini tayyorlashda sportchilarni tayyorlashning quyidagi bosqichlari belgilanadi:
sport-sogʻlomlashtirish bosqichi;
boshlangʻich tayyorgarlik bosqichi;
oʻquv-mashq bosqichi;
sport mahoratini takomillashtirish bosqichi;
oliy sport mahorati bosqichi.
Ushbu moddaning birinchi qismida koʻrsatilgan bosqichlar tarkibi maxsus vakolatli davlat organi tomonidan belgilanadi.
34-modda. Sportchilar tayyorlashni amalga oshiruvchi jismoniy tarbiya-sport tashkilotlari va taʼlim muassasalari
Sportchilar tayyorlash maqsadida oʻquv-mashq jarayoni boʻyicha, shu jumladan yuqori malakali sportchilarni va sport zaxirasini tayyorlash boʻyicha faoliyatni amalga oshiruvchi jismoniy tarbiya-sport tashkilotlari va taʼlim muassasalari faoliyat koʻrsatadi. Oʻquv-mashq jarayonini tashkil etish oʻquv-mashq va boshqa sport tadbirlarini oʻtkazishni, shuningdek sport tadbirlarida sport ekipirovkasi, sport jihozi va anjomi, tibbiy xizmat, yoʻlkira hamda ovqat bilan taʼminlashni oʻz ichiga oladi.
Oʻquv-mashq jarayonini, yuqori malakali sportchilarni va sport zaxirasini tayyorlashni amalga oshiruvchi jismoniy tarbiya-sport tashkilotlari jumlasiga sport tayyorgarligi markazlari, shuningdek jismoniy tarbiya va sport sohasida faoliyatni amalga oshiruvchi boshqa tashkilotlar hamda yakka tartibdagi tadbirkorlar kiradi.
Ushbu moddaning birinchi qismida koʻrsatilgan taʼlim muassasalari jumlasiga jismoniy tarbiya va sport sohasida faoliyatni amalga oshiruvchi oliy taʼlim muassasalari kiradi.
(34-moddaning uchinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2018-yil 23-iyuldagi OʻRQ-486-sonli Qonuni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 24.07.2018-y., 03/18/486/1559-son)
Ushbu moddaning uchinchi qismida koʻrsatilgan taʼlim muassasalari jumlasiga kirmaydigan taʼlim muassasalarida sportchilarni tayyorlash maqsadida sport turlari boʻyicha shunday tayyorgarlikni chuqurlashtirilgan oʻquv-mashq jarayoni asosida amalga oshiradigan tarkibiy boʻlinmalar, ixtisoslashtirilgan sinflar va guruhlar tashkil etilishi mumkin.
35-modda. Har xil sport turlari boʻyicha sportchilarni tayyorlashga doir oʻquv dasturlari
Jismoniy tarbiya va sport sohasida faoliyatni amalga oshiruvchi taʼlim muassasalarida har xil sport turlari boʻyicha sportchilarni tayyorlash oʻquv dasturlariga muvofiq (tanlangan sport turi yoki sport turlari yoʻnalishida) olib boriladi.
(35-moddaning birinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2018-yil 23-iyuldagi OʻRQ-486-sonli Qonuni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 24.07.2018-y., 03/18/486/1559-son)
Har xil sport turlari boʻyicha sportchilarni tayyorlashning namunaviy oʻquv dasturlari oʻquv-mashq jarayonini amalga oshiruvchi jismoniy tarbiya-sport muassasalari faoliyatini tartibga soluvchi qonunchilik hujjatlariga muvofiq ishlab chiqiladi hamda jismoniy tarbiya va sport sohasidagi tegishli ilmiy tadqiqotlar natijalariga hamda jismoniy tarbiya va sport tadbirlarini oʻtkazish amaliyotiga asoslanadi. Har xil sport turlari boʻyicha sportchilarni tayyorlashning namunaviy oʻquv dasturlari maxsus vakolatli davlat organi tomonidan tasdiqlanadi.
(35-moddaning ikkinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Jismoniy tarbiya va sport sohasida faoliyatni amalga oshiruvchi (tanlangan sport turi yoki sport turlari yoʻnalishida) taʼlim muassasalarida oʻquv-mashq faoliyatini har xil sport turlari boʻyicha sportchilarni tayyorlashga doir oʻquv dasturlaridan foydalanmasdan tashkil etishga yoʻl qoʻyilmaydi.
(35-moddaning uchinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2018-yil 23-iyuldagi OʻRQ-486-sonli Qonuni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 24.07.2018-y., 03/18/486/1559-son)
36-modda. Jismoniy tarbiya va sport sohasidagi pedagogik faoliyat
Tegishli maʼlumotga va kasbiy tayyorgarlikka ega boʻlgan shaxslarning jismoniy tarbiya va sport sohasida, shu jumladan davolash jismoniy tarbiyasi sohasida pedagogik faoliyat bilan shugʻullanishiga qonunchilikda belgilangan tartibda yoʻl qoʻyiladi.
(36-moddaning matni Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Qarang: “Trener va trener-oʻqituvchilarning jismoniy tarbiya maʼlumotiga ega boʻlishlari talab etilmaydigan sport turlari roʻyxati” (roʻyxat raqami 2559, 05.02.2014-y.).
6-bob. Oʻzbekiston Respublikasining sport terma jamoalari va ularni shakllantirish
37-modda. Oʻzbekiston Respublikasining sport terma jamoalari
Oʻzbekiston Respublikasining sport terma jamoalari asosiy va zaxira tarkiblaridan tashkil topishi mumkin.
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2012-yil 14-iyundagi 173-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Sport terma jamoalari toʻgʻrisida”gi nizom va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2011-yil 27-apreldagi 121-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Terma jamoalar hamda ularning zaxirasi sportchilari va trenerlarining energiya sarflarini qoplashga va jismoniy resurslarini tiklash uchun maqsadli pul (moliyaviy) mablagʻlarini sarflash tartibi toʻgʻrisida”gi nizom.
Oʻzbekiston Respublikasining sport terma jamoalari tarkibiga kiruvchi jismoniy tarbiya va sport sohasidagi mutaxassislarning roʻyxati tegishli sport turlari boʻyicha sport federatsiyalari (uyushmalari) bilan kelishilgan holda maxsus vakolatli davlat organi tomonidan tasdiqlanadi.
Oʻzbekiston Respublikasining sport terma jamoalarini respublika budjeti mablagʻlari hisobidan moddiy-texnikaviy taʼminlash, shu jumladan sport ekipirovkasi bilan taʼminlash, ilmiy-uslubiy, tibbiy-biologik, tibbiy, dopingga qarshi taʼminlash maxsus vakolatli davlat organi tomonidan belgilangan tartibda Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi hamda Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi bilan kelishilgan holda amalga oshiriladi.
38-modda. Oʻzbekiston Respublikasining sport terma jamoalarini shakllantirish
Sport turlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasining sport terma jamoalariga nomzodlar roʻyxatlari har yili sport federatsiyalari (uyushmalari) tomonidan shakllantiriladi va maxsus vakolatli davlat organi tomonidan tasdiqlanadi.
Sm.: glavu 2 Polojeniye o sbornix komandax po vidam sporta, utverjdennoye postanovleniyem Kabineta Ministrov Respubliki Uzbekistan ot 14-iyunya 2012 goda № 173.
Oʻzbekiston Respublikasining sport terma jamoalariga nomzodlar roʻyxatlarini shakllantirishning umumiy prinsiplari va mezonlari, ushbu roʻyxatlarni tasdiqlash tartibi maxsus vakolatli davlat organi tomonidan belgilanadi.
Qarang: “Oʻzbekiston Respublikasining sport terma jamoalariga nomzodlar roʻyxatlarini shakllantirishning umumiy prinsiplari va mezonlari, ushbu roʻyxatlarni tasdiqlash tartibi toʻgʻrisidagi nizom” (07.12.2017-y., roʻyxat raqami 2954).
Xalqaro sport musobaqalarida ishtirok etishga tayyorgarlik koʻrish va ishtirok etish uchun Oʻzbekiston Respublikasining sport terma jamoalari sport turlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasining sport terma jamoalariga nomzodlarning tegishli roʻyxatiga kiritilgan shaxslar orasidan sport federatsiyalari (uyushmalari) tomonidan shakllantiriladi.
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2012-yil 14-iyundagi 173-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Sport terma jamoalari toʻgʻrisida”gi nizomning 7 — 21-bandlari.
7-bob. Jismoniy tarbiya va sportning moddiy, tibbiy, moliyaviy hamda boshqa taʼminoti
39-modda. Jismoniy tarbiya-sogʻlomlashtirish va sport inshootlari
Jismoniy tarbiya-sogʻlomlashtirish va sport inshootlari xususiy yoki ommaviy mulk boʻlishi mumkin.
Jismoniy tarbiya-sogʻlomlashtirish va sport inshootlarini xususiylashtirish tartibi qonunchilikda belgilanadi.
(39-moddaning ikkinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasining “Davlat mulkini xususiylashtirish toʻgʻrisida”gi Qonuni.
Mahalliy davlat hokimiyati organlari oʻz hududida jismoniy tarbiya-sogʻlomlashtirish va sport inshootlarining rejalashtirilishi, loyihalashtirilishi, qurilishi hamda foydalanishga topshirilishi ustidan nazoratni amalga oshiradi.
(39-moddaning uchinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2023-yil 20-yanvardagi OʻRQ-815-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.01.2023-y., 03/23/815/0044-son)
Jismoniy tarbiya-sogʻlomlashtirish va sport inshootlaridan foydalanish shartlari, normalari, talablari hamda qoidalari, shuningdek ularga tegishli toifalarni berish tartibi maxsus vakolatli davlat organi tomonidan belgilanadi.
Jismoniy tarbiya-sogʻlomlashtirish va sport inshootlarida fuqarolarning ayrim toifalariga qonunchilikda belgilangan tartibda imtiyozli asosda xizmatlar koʻrsatilishi mumkin.
(39-moddaning beshinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Taʼlim muassasalarini, turar joy dahalarini zarur jismoniy tarbiya-sogʻlomlashtirish va sport inshootlari majmuini barpo etmasdan qurishga va rekonstruksiya qilishga, shuningdek jismoniy tarbiya-sogʻlomlashtirish va sport inshootlarini shu hudud doirasida ularga teng inshootlarni barpo etmasdan tugatishga yoʻl qoʻyilmaydi.
Jismoniy tarbiya-sogʻlomlashtirish va sport inshootlarining namunaviy shtat birliklarini belgilash normalari hamda talablari, ijara haqini hisoblash uslubi va ulardan foydalanish tartibi, shuningdek taʼlim muassasalari, korxonalar, turar joy dahalarining asosiy jismoniy tarbiya-sogʻlomlashtirish va (yoki) sport inshootlari bilan eng kam taʼminlanish normativlari qonunchilikda belgilanadi.
Qarang: “Taʼlim muassasalari, korxonalar, turar joy dahalarining asosiy jismoniy tarbiya-sogʻlomlashtirish va (yoki) sport inshootlari bilan eng kam taʼminlanish normativlari” (roʻyxat raqami 2614, 10.09.2014-y.).
Sport obyektlari boʻlmagan ayrim yer va suv hududi uchastkalarida, shuningdek havo hududi uchastkalarida sport va ommaviy jismoniy tarbiya tadbirlarini oʻtkazishga bu uchastkalarni vaqtinchalik sport obyektlari (trassalari) sifatida rasmiylashtirgan holda qonunchilikda belgilangan tartibda yoʻl qoʻyiladi.
(39-moddaning yettinchi va sakkizinchi qismlari Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
40-modda. Jismoniy tarbiya yoki sport tadbirlarining tibbiy taʼminoti
Jismoniy tarbiya yoki sport tadbirlarining tashkilotchilari bu tadbirlar ishtirokchilarini tibbiy yordam bilan taʼminlashni amalga oshirishi shart.
41-modda. Jismoniy tarbiya va sportni moliyalashtirish
Jismoniy tarbiya va sportni moliyalashtirish quyidagilar hisobidan amalga oshiriladi:
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetining mablagʻlari;
tadbirkorlik faoliyati va boshqa xoʻjalik faoliyatidan tushadigan daromadlar;
aholiga pullik jismoniy tarbiya-sport va sogʻlomlashtirish xizmatlari koʻrsatishdan tushadigan mablagʻlar;
yuridik va jismoniy shaxslarning begʻaraz yordami;
jismoniy tarbiya-sport jamoat birlashmalari ishtirokchilarining aʼzolik badallari;
sport turlari boʻyicha maxsus jamgʻarmalarning mablagʻlari;
Qarang: Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 9-oktabrdagi 634-son “Oʻzbekiston futbol assotsiatsiyasi tizimidagi Milliy futbol markazi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1997-yil 25-avgustdagi 414-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi tennisni rivojlantirishni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasini tashkil etish toʻgʻrisida”gi va 1999-yil 1-iyundagi 279-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi boksni rivojlantirishni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasini tashkil etish toʻgʻrisida”gi qarorlari.
sport ramzlari, timsollaridan foydalanganlik uchun korxonalar va tashkilotlarning ajratmalari;
chet el investitsiyalari mablagʻlari;
xalqaro tashkilotlardan keladigan tushumlar;
qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar.
(41-moddaning oʻn birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
42-modda. Jismoniy tarbiya va sport sohasida xavfsizlik normalari va qoidalariga rioya etilishini, fuqarolarning sogʻligʻi, shaʼni va qadr-qimmati muhofaza qilinishini taʼminlash
Jismoniy tarbiya-sogʻlomlashtirish, ommaviy jismoniy tarbiya va sport tadbirlarini oʻtkazadigan tashkilotlar jismoniy tarbiya va sport mashgʻulotlari hamda sport musobaqalari oʻtkaziladigan joylarning xavfsizlik texnikasi qoidalariga va sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlariga muvofiq lozim darajada texnik jihozlanishini taʼminlaydi.
Jismoniy tarbiya va sport mashgʻulotlari hamda sport musobaqalari ular ishtirokchilarining va tomoshabinlarning sogʻligʻiga, shaʼni va qadr-qimmatiga ziyon yetkazilmaydigan tarzda oʻtkazilishi kerak.
Sportchilarning shaʼni va qadr-qimmati kamsitilishiga olib keladigan, shuningdek ularning sport jarohatlari olishiga sabab boʻladigan tayyorgarlik uslublaridan foydalanishga yoʻl qoʻyilmaydi.
Jismoniy tarbiya yoki sport tadbirlarida ishtirok etishi vaqtida sogʻligʻiga ziyon yetkazilgan sportchilar, trenerlar va sport hakamlariga qonunchilikka muvofiq tibbiy, ijtimoiy va kasbiy reabilitatsiya beriladi.
(42-moddaning toʻrtinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi “Fuqarolar sogʻligʻini saqlash toʻgʻrisida”gi Qonunining 16-moddasi.
Muassasalar va tashkilotlarning voyaga yetmagan sportchilar bilan oʻzaro munosabatlari belgilangan tartibda faqat ularning ota-onasi yoki ota-onasining oʻrnini bosuvchi shaxslar yoxud ular tarbiyalanayotgan ixtisoslashtirilgan muassasalarning roziligi va ishtirokida amalga oshiriladi.
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Oila kodeksining 73 — 76-moddalari.
Sport musobaqalarida ishtirok etuvchi shaxslar qonunchilikda belgilangan tartibda sugʻurta polisiga ega boʻlishi shart.
(42-moddaning oltinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasining “Sugʻurta faoliyati toʻgʻrisida”gi Qonuni.
43-modda. Sport jihozi, anjomi va sport kiyim-boshi
Sport jihozi, anjomi va sport kiyim-boshi milliy standartlar, normalar hamda talablarga muvofiq boʻlishi kerak.
(43-modda Oʻzbekiston Respublikasining 2022-yil 3-noyabrdagi OʻRQ-800-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 04.11.2022-y., 03/22/800/0990-son — 2023-yil 5-noyabrdan kuchga kiradi)
44-modda. Jismoniy tarbiya va sportning ilmiy-uslubiy hamda texnik taʼminoti
Jismoniy tarbiya va sport sohasidagi ilmiy-tadqiqot ishlarini tashkil etish hamda oʻtkazishni taʼlim muassasalari va tarkibida ilmiy markazlar tashkil etiladigan boshqa tashkilotlar, ilmiy-tadqiqot institutlari, belgilangan tartibda tashkil etilgan hamda oʻz faoliyatini davlat buyurtmalari va boshqa buyurtmalar asosida olib boradigan laboratoriyalar amalga oshiradi.
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2013-yil 3-iyuldagi PQ-1994-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Milliy olimpiya qoʻmitasi huzurida Respublika sport tibbiyoti ilmiy-amaliy markazini tashkil etish toʻgʻrisida”gi qarori.
Taʼlim muassasalari va boshqa tashkilotlar jismoniy tarbiya vositalari bilan aholi sogʻligʻini mustahkamlashga koʻmaklashadigan aniq dasturlarni ishlab chiqadi hamda amaliyotga joriy etadi, sport zaxiralarini va Oʻzbekiston Respublikasining sport terma jamoalarini xalqaro sport tadbirlariga tayyorlashni ilmiy jihatdan taʼminlashni takomillashtiradi.
Maxsus vakolatli davlat organi, boshqa davlat organlari hamda tashkilotlari taʼlim muassasalari va tashkilotlariga jismoniy tarbiya va sport sohasida ilmiy-tadqiqot ishlarini olib borishda, shuningdek dolzarb ilmiy-tadqiqot ishlariga davlat buyurtmalari hamda boshqa buyurtmalarni shakllantirishda koʻmaklashadi, ilmiy-tadqiqot ishlarining yakunlarini tahlil qiladi va ularning faoliyatiga yordam koʻrsatadi.
8-bob. Yakunlovchi qoidalar
45-modda. Jismoniy tarbiya va sport sohasidagi xalqaro hamkorlik
Jismoniy tarbiya va sport sohasidagi xalqaro hamkorlik xalqaro huquqning umum eʼtirof etilgan prinsiplari va normalari, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari va qonunchiligi asosida amalga oshiriladi.
(45-moddaning matni Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
46-modda. Nizolarni hal etish
Jismoniy tarbiya va sport sohasidagi nizolar qonunchilikda belgilangan tartibda hal etiladi.
(46-moddaning matni Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
47-modda. Jismoniy tarbiya va sport toʻgʻrisidagi qonunchilikni buzganlik uchun javobgarlik
Jismoniy tarbiya va sport toʻgʻrisidagi qonunchilikni buzganlikda aybdor shaxslar belgilangan tartibda javobgar boʻladi.
(47-modda Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2015-y., 36-son, 473-modda; 2016-y., 52-son, 597-modda; 2017-y., 24-son, 487-modda, Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 05.01.2018-y., 03/18/456/0512-son, 24.07.2018-y., 03/18/486/1559-son; 04.12.2020-y., 03/20/653/1592-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son, 12.10.2021-y., 03/21/721/0952-son, 18.05.2022-y., 03/22/770/0424-son; 04.11.2022-y., 03/22/800/0990-son; 21.01.2023-y., 03/23/815/0044-son; 09.09.2024-y., 03/24/957/0689-son)