|
Hujjat yangi tahrirda qabul qilingan
|
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASINING QONUNI
“JISMONIY TARBIYA VA SPORT TOʻGʻRISIDA”GI OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI QONUNIGA OʻZGARTISHLAR VA QOʻSHIMCHALAR KIRITISH HAQIDA
Mazkur Qonun Oʻzbekistan Respublikasining 2026-yil 24-martdagi OʻRQ-1123-sonli “Jismoniy tarbiya va sport toʻgʻrisida”gi Qonuniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Mazkur Qonun Oʻzbekiston Respublikasining “Jismoniy tarbiya va sport toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida”gi 2015-yil 4-sentabrdagi OʻRQ-394-sonli Qonuniga muvofiq yangi tahrirda qabul qilingan.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi qaror qiladi:
Oʻzbekiston Respublikasining 1992-yil 14-yanvarda qabul qilingan “Jismoniy tarbiya va sport toʻgʻrisida”gi Qonuniga (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Axborotnomasi, 1992-yil, № 3, 160-modda; 1994-yil, № 5, 161-modda) oʻzgartishlar va qoʻshimchalar kiritilib, uning yangi tahriri tasdiqlansin (ilova qilinmoqda).
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2000-yil 26-may,
76-II-son
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASINING QONUNI
JISMONIY TARBIYA VA SPORT TOʻGʻRISIDA
(yangi tahriri)
1-modda. Jismoniy tarbiya va sport toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari
Jismoniy tarbiya va sport toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari ushbu Qonun va boshqa qonun hujjatlaridan iborat.
Qoraqalpogʻiston Respublikasida jismoniy tarbiya va sport sohasidagi munosabatlar Qoraqalpogʻiston Respublikasining qonun hujjatlari bilan ham tartibga solinadi.
Agar Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasida Oʻzbekiston Respublikasining jismoniy tarbiya va sport toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarida nazarda tutilganidan boshqacha qoidalar belgilangan boʻlsa, xalqaro shartnoma qoidalari qoʻllaniladi.
2-modda. Fuqarolarning jismoniy tarbiya va sport sohasidagi huquqlari
Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari jinsi, irqi, millati, tili, dini, ijtimoiy kelib chiqishi, eʼtiqodi, shaxsiy va ijtimoiy holatidan qatʼi nazar, jismoniy tarbiya va sport bilan shugʻullanish, jismoniy tarbiya-sport jamoat birlashmalarini tuzish, jismoniy tarbiya-sport harakatini boshqarishda ishtirok etish huquqiga egadirlar.
Chet el fuqarolari va fuqaroligi boʻlmagan shaxslar jismoniy tarbiya va sport sohasida Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari bilan teng huquqlarga egadirlar.
3-modda. Jismoniy tarbiya va sport sohasidagi davlat siyosatining asosiy prinsiplari
Jismoniy tarbiya va sport sohasidagi davlat siyosatining asosiy prinsiplari quyidagilardan iborat:
insonparvarlik;
demokratizm;
fuqarolar jismoniy tarbiyasining uzluksizligi va davomiyligi;
jismoniy tarbiya va sport tizimida davlat va jamoat boshqaruvining uygʻunligi.
4-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining jismoniy tarbiya va sport sohasidagi vakolatlari
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:
jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirish davlat dasturlarini ishlab chiqadi va amalga oshiradi;
Batafsil maʼlumot uchun Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1999-yil 27-maydagi 271-son qarori bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasida jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirish davlat dasturi Konsepsiyasiga qarang.
jismoniy tarbiya va sportni boshqarish davlat organlarini tuzish, qayta tashkil etish va tugatish tartibini belgilaydi;
jismoniy tarbiya va sport mutaxassislarini tayyorlash, malakasini oshirish va attestatsiyadan oʻtkazish tartibini belgilaydi;
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 18-dekabrdagi 347-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Jismoniy tarbiya va sport mutaxassislarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tartibi toʻgʻrisida”gi nizom.
jismoniy tarbiya va sport rivojining moliyaviy taʼminlanishini belgilangan tartibda amalga oshiradi;
qonun hujjatlariga muvofiq boshqa vakolatlarni amalga oshiradi.
5-modda. Jismoniy tarbiya va sportni boshqarish vakolatli davlat organining vakolatlari
Oldingi tahrirga qarang.
Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat va sport ishlari vazirligi jismoniy tarbiya va sportni boshqarish vakolatli davlat organi hisoblanadi.
(5-moddaning birinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2005-yil 15-sentabrdagi OʻRQ-5-son Qonuni tahririda — Oʻzbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari toʻplami, 2005-y., 37-38-son, 277-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat va sport ishlari vazirligi:
(5-modda ikkinchi qismining birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2005-yil 15-sentabrdagi OʻRQ-5-son Qonuni tahririda — Oʻzbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari toʻplami, 2005-y., 37-38-son, 277-modda)
jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirishning aniq maqsadga qaratilgan dasturlarini ishlab chiqadi va roʻyobga chiqaradi;
jismoniy tarbiya-sport jamoat birlashmalari bilan birgalikda Oʻzbekiston sportchilarini Olimpiya oʻyinlari va boshqa xalqaro sport musobaqalariga tayyorlashning aniq maqsadga qaratilgan dasturlarini ishlab chiqadi va ularning bajarilishini taʼminlaydi;
sport turlari boʻyicha mamlakat terma komandalari tarkiblarini tasdiqlaydi va ular xalqaro sport musobaqalarida ishtirok etishga tayyorgarlik koʻrishlarini taʼminlaydi;
aholi turli toifalarining jismoniy kamolot darajasini aniqlash uchun sport normativlarini ishlab chiqadi va tasdiqlaydi;
jismoniy tarbiya-sport kadrlarini tayyorlash, malakasini oshirish va attestatsiyadan oʻtkazishni tashkil etadi;
sport tayyorgarligi markazlarini, jismoniy tarbiya va sport sohasidagi taʼlim muassasalari va ilmiy tashkilotlarni tuzadi;
jismoniy tarbiya va sport muammolari boʻyicha ilmiy, uslubiy va ommabop adabiyotlar yaratilishi va nashr etilishini tashkil qiladi;
oʻz vakolatlari doirasida jismoniy tarbiya va sportga oid normativ hujjatlarni, shu jumladan jismoniy tarbiya-sogʻlomlashtirish va sport inshootlaridan foydalanish normalari hamda qoidalarini ishlab chiqadi va tasdiqlaydi;
“Oʻzbekiston Respublikasining jismoniy tarbiya-sogʻlomlashtirish va sport inshootlari toʻgʻrisida”gi Nizom (roʻyxat raqami 1550, 06.03.2006-y.)ga qarang.
jismoniy tarbiya va sportning ilmiy-axborot taʼminoti tizimini tashkil etadi;
qonun hujjatlariga muvofiq boshqa vakolatlarni amalga oshiradi.
Qoʻshimcha maʼlumot uchun Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2005-yil 5-apreldagi 96-son qarori bilan tasdiqlangan “Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat va sport ishlari vazirligi toʻgʻrisida”gi Nizomga qarang.
6-modda. Mahalliy davlat hokimiyati organlarining jismoniy tarbiya va sport sohasidagi vakolatlari
Mahalliy davlat hokimiyati organlari oʻz vakolatlari doirasida:
oʻzlariga qarashli hududda jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirishga rahbarlik qiladilar;
jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirishni mahalliy budjetdan mablagʻ bilan taʼminlaydilar;
jismoniy tarbiya-sport jamoat birlashmalarining tuzilishiga koʻmaklashadilar;
mahalliy korxonalarda jismoniy tarbiya-sogʻlomlashtirish, sport va turistik ahamiyatdagi tovarlar ishlab chiqarilishiga koʻmaklashadilar;
jismoniy tarbiya va sportning moddiy bazasini kengaytirish hamda jismoniy tarbiya-sogʻlomlashtirish tadbirlarini oʻtkazish uchun yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan ixtiyoriylik asosida kiritilgan mablagʻlarni jamlaydilar;
aholi oʻrtasida sport normativlarini topshirish boʻyicha ishlarni tashkil etadilar;
havaskorlik jismoniy tarbiya-sport harakatini rivojlantirish uchun fuqarolarning turar joylari va dam olish joylarida shart-sharoitlar yaratadilar;
zarur oʻquv-moddiy bazasini taʼminlagan holda bolalar va oʻsmirlar sport maktablarini hamda jismoniy tarbiya-sport muassasalarini tashkil etadilar va ularni mablagʻ bilan taʼminlaydilar;
qonun hujjatlariga muvofiq boshqa vakolatlarni amalga oshiradilar.
7-modda. Jismoniy tarbiya-sport jamoat birlashmalari
Oʻzbekiston Respublikasi Milliy olimpiya qoʻmitasi, jismoniy tarbiya-sport jamiyatlari, sport turlari boʻyicha federatsiyalar, uyushmalar, jamgʻarmalar, jismoniy tarbiya-sogʻlomlashtirish, sport klublari va asosiy maqsadi jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirishdan iborat boʻlgan boshqa jamoat birlashmalari, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaaga koʻmaklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti xamda sportning texnik va amaliy turlarini rivojlantiruvchi sport-texnika klublari jismoniy tarbiya-sport jamoat birlashmalari jumlasiga kiradi.
Jismoniy tarbiya-sport jamoat birlashmalari oʻz ustavlariga muvofiq fuqarolar oʻrtasida jismoniy tarbiya-sogʻlomlashtirish va sport ishlarini tashkil etadilar hamda sport rezervini tayyorlashni amalga oshiradilar.
8-modda. Oʻzbekiston Respublikasidagi olimpiya harakati
Oʻzbekiston Respublikasidagi olimpiya harakati Xalqaro olimpiya harakatining bir qismi boʻlib, olimpiya gʻoyalari va prinsiplarini ommalashtirish, Oʻzbekiston Respublikasi sportchilarining Olimpiya oʻyinlarida qatnashishlari maqsadlarini koʻzlaydi.
Oʻzbekiston Respublikasi Milliy olimpiya qoʻmitasi rahbarlik qiladigan Oʻzbekiston Respublikasi olimpiya harakatiga ixtiyoriylik asosida sportchilar, sport turlari boʻyicha federatsiyalar va uyushmalar, Olimpiya akademiyasi, olimpiya klublari hamda boshqa jismoniy tarbiya-sport birlashmalari va tashkilotlari kiradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Milliy olimpiya qoʻmitasi nodavlat notijorat tashkiloti boʻlib, oʻz faoliyatini Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlariga, xalqaro olimpiya qoʻmitasining Olimpiya xartiyasiga va oʻz ustaviga muvofiq amalga oshiradi, shuningdek Xalqaro olimpiya qoʻmitasining olimpiya ramzi, shiori, bayrogʻi, madhiyasi, “olimpiya”, “Olimpiada” nomlaridan foydalanishga boʻlgan mulk huquqini Oʻzbekiston Respublikasi hududida yuridik himoya qilish chora-tadbirlarini amalga oshiradi.
9 modda. Jismoniy tarbiya va sportni, sogʻlom turmush tarzini targʻib qilish
Jismoniy tarbiya va sportni boshqarish davlat organlari, sogʻliqni saqlash organlari, taʼlim muassasalari va jismoniy tarbiya-sport jamoat birlashmalari jismoniy tarbiya va sport mashgʻulotlari hamda sogʻlom turmush tarzi keng targʻib qilinishini uyushtiradilar.
Batafsil maʼlumot uchun Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2003-yil 4-noyabrdagi 484-son “Ommaviy sport targʻibotini yanada kuchaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga qarang.
Sportda shafqatsizlik va zulmni, inson qadr-qimmatini kamsitishni, inson sogʻligʻiga zarar yetkazadigan stimulyatorlarni qoʻllashni targʻib qilish taqiqlanadi.
10-modda. Taʼlim muassasalarida jismoniy tarbiya
Taʼlim muassasalarida jismoniy tarbiya uzluksiz taʼlim tiziminiig eng muhim majburiy qismi boʻlib, davlat taʼlim standartlari, oʻquv rejalari va dasturlariga muvofiq yuqori malakali mutaxassislar tomonidan amalga oshiriladi. Jismoniy tarbiya boʻyicha majburiy darslar, darsdan tashqari mashgʻulotlar va test sinovlari barcha taʼlim muassasalarida oʻquvchilarning fiziologik imkoniyatlariga mos ravishda oʻtkaziladi.
Taʼlim muassasalari harbiy xizmatga chaqirish yoshiga yetmagan yoshlarni jismoniy jihatdan tayyorlaydilar.
11-modda. Korxonalar, muassasalar, tashkilotlarning hamda fuqarolar oʻzini oʻzi boshqarish organlarining jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirishdagi ishtiroki
Korxonalar, muassasalar va tashkilotlar fuqarolarning jismoniy tarbiyasiga davlatning muhim ijtimoiy siyosati sifatida qaraydilar hamda fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari, jismoniy tarbiya-sport jamoat birlashmalari, kasaba uyushmalari, yoshlar tashkilotlari va boshqa tashkilotlar ishtirokida jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirish davlat dasturlarini amalga oshiradilar hamda ular asosida jismoniy tarbiya va sportni boshqarish mahalliy davlat organlari bilan birgalikda jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirishga doir oʻz dasturlarini ishlab chiqadilar.
Fuqarolarning turar joylarida va ommaviy dam olish joylarida jismoniy tarbiya va sport mashgʻulotlari uchun shart-sharoit yaratish va ularni tashkil etish mahalliy davlat hokimiyati organlari hamda fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari tomonidan amalga oshiriladi.
12-modda. Sanatoriy-kurort muassasalarida, dam olish uylari va turistik bazalarda jismoniy tarbiya-sogʻlomlashtirish ishlari
Barcha sanatoriy-kurort muassasalarida, dam olish uylari va turistik bazalarda jismoniy tarbiya moddiy bazasi hamda yakka tartibda va guruh boʻlib oʻtkaziladigan jismoniy tarbiya-sogʻlomlashtirish mashgʻulotlari uchun boshqa zarur shart-sharoit yaratiladi.
Sanatoriy-kurort muassasalari, dam olish uylari va turistik bazalarning maʼmuriyati dam oluvchilarning sihat-salomatligini mustahkamlash, kasalliklarning oldini olish va davolash uchun jismoniy mashqlardan, jismoniy tarbiyaning boshka shakllaridan foydalanishlari shart.
13-modda. Nogironlar uchun jismoniy tarbiya va sport
Nogironlar uchun jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirish ularning ijtimoiy kamol topishiga hamda jismoniy jihatdan qayta quvvatga kirishiga qaratilgan boʻlib, qonun hujjatlariga muvofiq amalga oshiriladi.
Mahalliy davlat hokimiyati organlari nogironlar jismoniy tarbiya va sport bilan shugʻullanishlari uchun maxsus jismoniy tarbiya-sogʻlomlashtirish, sport inshootlari yaratilishini hamda umumiy foydalanishdagi inshootlarda boshqa shart-sharoitlar yaratib berilishini taʼminlaydilar.
Qoʻshimcha maʼlumot uchun qarang: Oʻzbekiston Respublikasining “Oʻzbekiston Respublikasida nogironlarni ijtimoiy himoya qilish toʻgʻrisida”gi Qonuni.
14-modda. Sogʻliqni saqlash organlari va muassasalarining jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirishdagi ishtiroki
Sogʻliqni saqlash organlari va muassasalari:
jismoniy tarbiyadan salomatlikni mustahkamlash, kasalliklarning oldini olish va ularni davolash vositasi sifatida foydalanadilar;
aholi turli ijtimoiy guruhlarining jismoniy kamol topishi holatini va uning yuksalish surʼatlarini tahlil qiladilar hamda tegishli davlat boshqaruvi organlariga takliflar kiritadilar;
jismoniy tarbiya va sport bilan shugʻullanayotgan shaxslarning tibbiy nazoratini olib boradilar;
sport boʻyicha terma komandalar xalqaro sport musobaqalariga tayyorlanishini tibbiy jihatdan taʼminlashda qatnashadilar;
jismoniy tarbiya va sport sohasidagi sogʻliqni saqlash mutaxassislarini tayyorlash, qayta tayyorlash, malakasini oshirish va ularni attestatsiyadan oʻtkazishni amalga oshiradilar;
jismoniy mashqlarning maxsus dasturlarini ishlab chiqadilar, sogʻlomlashtirish markazlarini, tibbiyot-jismoniy tarbiya dispanserlarini tashkil etadilar, ularni maxsus apparatlar va asbob-uskunalar bilan jihozlaydilar.
15-modda. Jismoniy tarbiya va sport mashgʻulotlarini, sport musobaqalari va sport-tomosha tadbirlarini oʻtkazishda xavfsizlik normalari va qoidalariga rioya etish, fuqarolarning salomatligini, shaʼni va qadr-qimmatini muhofaza qilish
Jismoniy tarbiya-sogʻlomlashtirish va sport inshootlarining maʼmuriyati mashgʻulotlar va musobaqalar oʻtkaziladigan joylarning jismoniy tarbiya va sportni boshqarish davlat organlari tomonidan tasdiqlangan texnika xavfsizligi qoidalariga va sanitariya-gigiyena normalariga muvofiq zarur darajada texnik jihatdan jihozlanishini taʼminlaydi.
Jismoniy tarbiya, sport mashgʻulotlari va sport musobaqalari ularning qatnashchilari hamda tomoshabinlarning salomatligi, shaʼni va qadr-qimmatiga ziyon yetkazmaydigan qilib oʻtkazilishi kerak.
Belgilangan tartibda attestatsiyadan oʻtkazilgan shaxslar sport musobaqalarida hakamlik qilishiga yoʻl qoʻyiladi.
16-modda. Sportda koʻllanish man etilgan vositalar
Sport bilan shugʻullanishda jismoniy tarbiya va sportni boshqarish davlat organlari, xalqaro sport tashkilotlari tomonidan man etilgan vositalarni qoʻllashga yoʻl qoʻyilmaydi.
Yuqori sport koʻrsatkichlariga erishish maqsadida stimulyatorlardan, doping moddalaridan, Xalqaro olimpiya koʻmitasi tomonidan man etilgan boshqa vositalardan foydalangan sportchi musobaqalardan chetlashtiriladi.
Stimulyatorlar, doping moddalari va boshqa man etilgan vositalarni tarqatishga yoki ishlatishga qasddan koʻmaklashayotgan shaxslar qonun hujjatlariga muvofiq javobgarlikka tortiladilar.
17-modda. Havaskorlik sporti va professional sport
Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari havaskorlik sporti bilan, shuningdek professional sport bilan sportchi, trener yoki hakam sifatida shugʻullanish huquqiga egadirlar.
Professional sport sohasidagi korxonalar, muassasalar va tashkilotlarni tuzish tartibi hamda ularning faoliyat koʻrsatish shartlari qonun hujjatlari bilan belgilanadi.
Sport turi boʻyicha sportchi, trener va hakam kasblariga koʻyiladigan malaka talablari jismoniy tarbiya va sportni boshqarish vakolatli davlat organi tomonidan belgilanadi.
18-modda. Yuqori darajali sportchilarni tayyorlash
Yuqori darajali sportchilarni tayyorlash ixtisoslashtirilgan taʼlim muassasalari (olimpiya rezervi kollejlari, oliy sport mahorati maktablari, olimpiya tayyorgarligi markazlari vz boshqalar) tomonidan amalga oshirilib, ularning faoliyat koʻrsatish tartibi jismoniy tarbiya va sportni boshqarish vakolatli davlat organi tomonidan belgilanadi.
Jismoniy tarbiya va sportni boshqarish davlat organlari sport boʻyicha terma komandalarning aʼzolariga sport mashgʻulotlarini taʼlim olish, mehnat faoliyati va harbiy xizmat bilan samarali uygʻunlashtirish uchun zarur shart-sharoit yaratish maqsadida sportchilar ishlayotgan, taʼlim olayotgan yoki harbiy xizmatni oʻtayotgan korxonalar, muassasalar, tashkilotlar va harbiy qismlar bilan tegishli shartnomalar tuzishlari mumkin.
19-modda. Jismoniy tarbiya va sportni moliyalash
Jismoniy tarbiya va sportni moliyalash respublika budjeti va mahalliy budjetlar hisobidan amalga oshiriladi.
Jismoniy tarbiya va sportni moliyalash manbalari jumlasiga quyidagilar ham kiradi:
tadbirkorlik va boshqa xoʻjalik faoliyatidan olinadigan daromadlar;
aholiga pullik jismoniy tarbiya-sport va sogʻlomlashtirish xizmatlari koʻrsatishdan tushadigan mablagʻlar;
belgilangan tartibda sport lotereyalari oʻtkazishdan tushadigan mablagʻlar;
Lotereyalar tashkil etish faoliyati Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2003-yil 16-iyuldagi 314-son qarori bilan tasdiqlangan “Lotereyalar tashkil etish faoliyatini litsenziyalash toʻgʻrisida”gi Nizomga asosan amalga oshiriladi.
aholi, korxonalar, muassasalar va tashkilotlarning ixtiyoriy badallari, jismoniy tarbiya-sport jamoat birlashmalari qatnashchilarining aʼzolik badallari;
sport turlari boʻyicha maxsus jamgʻarmalarning mablagʻlari;
sport-tomosha tadbirlarini oʻtkazishdan tushadigan daromadlar;
homiylik yordami;
sport ramzlari, timsollaridan foydalanganlik uchun korxonalar va tashkilotlarning ajratmalari;
chet el investitsiyalari va xalqaro jamgʻarmalarning mablagʻlari;
xalqaro tashkilotlardan keladigan tushumlar;
qonun hujjatlariga muvofiq boshqa manbalar.
20-modda. Jismoniy tarbiya-sogʻlomlashtirish va sport inshootlari
Jismoniy tarbiya-sogʻlomlashtirish va sport inshootlari ommaviy yoki xususiy mulk boʻlishi mumkin.
Davlat hokimiyati va boshqaruv organlari tomonidan davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirish dasturlarini ishlab chiqish hamda ularni roʻyobga chiqarishda jismoniy tarbiya-sogʻlomlashtirish va sport inshootlari yangi egalarga oʻtishini, inshootdan oʻz maqsadida foydalanishni saqlab qolinishini taʼminlaydigan tartib va shartlari belgilab qoʻyiladi.
Mahalliy davlat hokimiyati organlari oʻz hududlarida jismoniy tarbiya-sogʻlomlashtirish va sport yoʻnalishidagi obyektlarning rejalashtirilishi, loyihalashtirilishi, qurilishi va foydalanishga topshirilishi ustidan nazorat qiladilar.
Taʼlim muassasalarini, turar joy dahalarini zarur jismoniy tarbiya-sogʻlomlashtirish va sport inshootlari majmuini barpo etmagan holda qurish va qayta qurishga, shuningdek jismoniy tarbiya-sogʻlomlashtirish va sport inshootlarini, shu hudud doirasida ularga teng inshootlarni barpo etmasdan turib, tugatishga yoʻl qoʻyilmaydi.
Taʼlim muassasalari, korxonalar, turar joy dahalarining asosiy jismoniy tarbiya-sogʻlomlashtirish va (yoki) sport inshootlari bilan eng kam taʼminlanish normativlari jismoniy tarbiya va sportni boshqarish vakolatli davlat organi tomonidan belgilanadi.
21-modda. Jismoniy tarbiya va sport sohasidagi pedagogik faoliyat
Jismoniy tarbiya va sport sohasidagi pedagogik faoliyat bilan tegishli maʼlumot va kasb-hunar tayyorgarligiga ega boʻlgan shaxslar shugʻullanishiga yoʻl qoʻyiladi.
Davolash jismoniy tarbiya sohasida pedagogik faoliyat bilan tegishli maʼlumot va kasb-xunar tayyorgarligiga ega boʻlgan shaxslar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda shugʻullanishiga yoʻl qoʻyiladi.
22-modda. Aholiga pullik xizmatlar koʻrsatish
Aholiga jismoniy tarbiya-sport va sogʻlomlashtirish pullik xizmatlari jismoniy tarbiya va sport tashkilotlari, shuningdek jismoniy shaxslar tomonidan koʻrsatiladi.
Qoʻshimcha maʼlumot uchun “Oʻzbekiston Respublikasining jismoniy tarbiya-sogʻlomlashtirish va sport inshootlari toʻgʻrisida”gi Nizomning 17-bandiga (roʻyxat raqami 1550, 06.03.2006-y.) qarang.
Jismoniy tarbiya-sport va sogʻlomlashtirish pullik xizmatlari turlarining roʻyxati jismoniy tarbiya va sportni boshqarish vakolatli davlat organi tomonidan tasdiqlanadi.
23-modda. Imtiyozli jismoniy tarbiya-sport xizmatlari
Oʻn olti yoshga toʻlmagan bolalarga, nogironlarga, yetim bolalarga, pensionerlarga, 1941—1945-yillardagi urush qatnashchilari va nogironlariga hamda ularga tenglashtirilgan shaxslarga jismoniy tarbiya-sport va sogʻlomlashtirish xizmatlari bepul koʻrsatiladi. Jismoniy tarbiya-sport va sogʻlomlashtirish xizmatlaridan bepul yoki imtiyozli shartlarda foydalanuvchi fuqarolar boshqa toifalarining roʻyxati, shuningdek imtiyozlar koʻlami, ularni berish tartibi va tegishli xarajatlarni qoplash manbalari qonun hujjatlari bilan belgilanadi.
“Oʻzbekiston Respublikasining jismoniy tarbiya-sogʻlomlashtirish va sport inshootlari toʻgʻrisida”gi Nizom (roʻyxat raqami 1550, 06.03.2006-y.)ning 22-bandiga muvofiq sport inshootlarida, 5 kategoriyali sport inshootlaridan tashqari, oʻn olti yoshga toʻlmagan bolalarga, nogironlarga, yetim bolalarga, pensionerlarga, ulugʻ vatash urush qatnashchilari va nogironlariga hamda ularga tenglashtirilgan shaxslarga jismoniy tarbiya-sport va sogʻlomlashtirish xizmatlari — bepul koʻrsatiladi.
24-modda. Sportchilarning ijtimoiy himoyalanishi
Davlat boshqaruv organlari, sport turlari boʻyicha federatsiyalar, jamoat birlashmalari, shuningdek jismoniy shaxslar sportchilarga moliyaviy yordam koʻrsatishlari mumkin.
Davlat boshqaruv organlari, jismoniy tarbiya va sport jamoat birlashmalari, sport klublari va markazlari, boshqa ixtisoslashtirilgan sport tashkilotlari va muassasalari sportchilarga zarur ijtimoiy-maishiy sharoitlarni yaratishlari hamda ularning sihat-salomatligi muhofaza qilinishini taʼminlashlari shart.
Sportchilarning ayrim toifalari qonun hujjatlarida belgilangan tartibda imtiyozli pensiya olish huquqiga egadirlar.
Batafsil maʼlumot uchun Oʻzbekiston Respublikasi “Fuqarolarning davlat pensiya taʼminoti toʻgʻrisida”gi Qonunining 10-moddasi, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1994-yil 12-maydagi 250-son qarori bilan tasdiqlangan Talab qilinadigan umumiy va maxsus ish staji mavjud boʻlganda, yoshidan qati nazar pensiyaga chiqish huquqini beruvchi ishlab chiqarishlar, muassasalar, ishlar, kasblar, lavozimlar va koʻrsatkichlar roʻyxatining VII qismiga qarang.
Sport musobaqalarida qatnashuvchi shaxslar sugʻurta polislariga ega boʻlishlari shart.
25-modda. Xalqaro hamkorlik
Jismoniy tarbiya va sportni boshqarish vakolatli davlat organi, mahalliy davlat hokimiyati organlari, jismoniy tarbiya-sport jamoat birlashmalari jismoniy tarbiya va sport muammolari boʻyicha xalqaro hamkorlikda ishtirok etadilar, chet davlatlarning tegishli tashkilotlari bilan toʻgʻridan-toʻgʻri aloqalar oʻrnatish, ular bilan jismoniy tarbiya va sport boʻyicha qoʻshma birlashmalar tuzish, birgalikdagi sport-sogʻlomlashtirish musobaqalarini, uchrashuvlarni, matchlarni qonun hujjatlarida belgilangan tartibda oʻtkazish huquqiga egadirlar.
26-modda. Nizolarni hal qilish
Jismoniy tarbiya va sport sohasida yuzaga keladigan nizolar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda hal qilinadi.
27-modda. Jismoniy tarbiya va sport toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarini buzganlik uchun javobgarlik
Jismoniy tarbiya va sport toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari buzilishida aybdor shaxslar belgilangan tartibda javobgar boʻladilar.
(Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 2000-y., 5-6-son, 147-modda; Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2005-y., 37-38-son, 277-modda)