1.16.00.00.00 Xavfsizlik va huquq tartibot muhofazasi / 16.03.00.00 Davlat xavfsizligi / 16.03.04.00 Davlat sirlari]
[TSZ:
1.Mudofaa va milliy xavfsizlik / Davlat sirlarini himoya qilish]
O‘zbekiston Respublikasining Qonuni
Davlat sirlari to‘g‘risida
Qonunchilik palatasi tomonidan 2024-yil 20-avgustda qabul qilingan Senat tomonidan 2024-yil 23-oktabrda ma’qullangan
1-bob. Umumiy qoidalar
1-modda. Ushbu Qonunning maqsadi
Ushbu Qonunning maqsadi O‘zbekiston Respublikasi manfaatlarini ko‘zlab ma’lumotlarni davlat sirlari jumlasiga kiritishning huquqiy va tashkiliy asoslarini belgilashdan, davlat sirlaridan foydalanish va ularni himoya qilish, shuningdek davlat sirlari bilan bog‘liq boshqa faoliyatni amalga oshirish chog‘ida yuzaga keladigan munosabatlarni tartibga solishdan iborat.
2-modda. Ushbu Qonunning amal qilish sohasi
Ushbu Qonun davlat sirlari to‘g‘risidagi qonunchilik talablarini bajarish majburiyatini olgan yoki o‘z maqomiga ko‘ra ularni bajarishi shart bo‘lgan shaxslarga, shuningdek davlat sirlaridan foydalanuvchi tashkilotlarga nisbatan tatbiq etiladi.
3-modda. Davlat sirlari to‘g‘risidagi qonunchilik
[OKOZ:
1.16.00.00.00 Xavfsizlik va huquq tartibot muhofazasi / 16.03.00.00 Davlat xavfsizligi / 16.03.04.00 Davlat sirlari]
Davlat sirlari to‘g‘risidagi qonunchilik ushbu Qonun va boshqa qonunchilik hujjatlaridan iboratdir.
Davlat sirlari sohasidagi xalqaro hamkorlik masalalari O‘zbekiston Respublikasining qonunchiligi va xalqaro shartnomalari bilan tartibga solinadi.
4-modda. Asosiy tushunchalar
Ushbu Qonunda quyidagi asosiy tushunchalar qo‘llaniladi:
davlat ahamiyatiga ega bo‘lgan sir ‒ oshkor etilishi O‘zbekiston Respublikasining mudofaa qobiliyatiga, davlat xavfsizligiga, iqtisodiy va siyosiy manfaatlariga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan ma’lumotlar;
[OKOZ:
1.16.00.00.00 Xavfsizlik va huquq tartibot muhofazasi / 16.03.00.00 Davlat xavfsizligi / 16.03.04.00 Davlat sirlari]
davlat sirlari ‒ oshkor etilishi O‘zbekiston Respublikasining xavfsizligiga zarar yetkazishi mumkin bo‘lgan davlat ahamiyatiga ega sirni va (yoki) xizmat sirini tashkil etadigan, davlat tomonidan himoya qilinadigan va maxfiylashtirilishi lozim bo‘lgan ma’lumotlar ro‘yxatiga kiritilgan ma’lumotlar;
davlat sirlarining yo‘qotilishi — davlat ahamiyatiga ega bo‘lgan sirni yoki xizmat sirini tashkil etuvchi ma’lumotlar mavjud bo‘lgan hujjatlardan, buyumlardan yoki vositalardan qonunchilikda belgilangan talablarga rioya etmagan holda foydalanish natijasida davlat sirlarini tashuvchilarning o‘z qonuniy egalari tasarrufidan chiqib ketishi;
davlat sirlarini oshkor etish — xizmat yoki kasbiy faoliyati munosabati bilan davlat sirlari o‘ziga ishonib topshirilgan yoki davlat sirlari o‘ziga ma’lum bo‘lib qolgan shaxs tomonidan davlat sirlarini belgilangan tartibni buzgan holda o‘zga shaxsga berish, e’lon qilish yoki boshqacha tarzda tarqatish hamda buning oqibatida ushbu davlat sirlarining ularning qonuniy egalari bo‘lmagan shaxslarga ma’lum bo‘lib qolishi;
davlat sirlarini tashuvchilar — davlat sirlarini tashkil etuvchi ma’lumotlarni aniqlash va identifikatsiyalash imkonini beradigan ramzlar, belgilar, tasvirlar, signallar, texnik yechimlar va jarayonlar tarzida aks ettirilgan moddiy obyektlar, shu jumladan fizik maydon;
davlat sirlaridan foydalanishga doir ruxsatnoma — davlat sirlari sohasidagi maxsus vakolatli davlat organi tomonidan shaxsga davlat sirlaridan foydalanish huquqi berilganligini tasdiqlaydigan, belgilangan tartibda rasmiylashtirilgan hujjat;
davlat sirlaridan foydalanuvchi tashkilotlar — davlat sirlari bilan bog‘liq faoliyatni amalga oshirishga doir ruxsatga, shuningdek davlat sirlarini saqlash va ulardan foydalanish uchun zarur shart-sharoitlarga ega bo‘lgan hamda davlat sirlari to‘g‘risidagi qonunchilikka muvofiq davlat sirlaridan foydalanadigan davlat organlari va boshqa tashkilotlar;
davlat sirlaridan foydalanish huquqi — davlat sirlaridan foydalanuvchi tashkilotning rahbari tomonidan shaxsga uning xizmat vakolatlariga muvofiq beriladigan muayyan maxfiy ma’lumotlar bilan tanishish va (yoki) davlat sirlaridan foydalangan holda faoliyatni amalga oshirish imkoniyati;
davlat sirlarini himoya qilish — davlat sirlari oshkor etilishining va ularni tashuvchilar yo‘qolishining oldini olishga qaratilgan tashkiliy, huquqiy, muhandislik-texnik, kriptografik va boshqa chora-tadbirlar majmui;
davlat sirlarini himoya qilish vositalari — davlat sirlarining kriptografik va texnik jihatdan himoya qilinishini ta’minlaydigan apparat, apparat-dasturiy yoki dasturiy vositalar, shuningdek axborotni ruxsatsiz foydalanishdan himoya qilish vositalari hamda davlat sirlarini himoya qilish tizimi samaradorligini nazorat qilish vositalari;
davlat sirlarini himoya qilish tizimi — davlat sirlarini tashkil etuvchi ma’lumotlarni hamda ularni tashuvchilarni himoya qilish uchun davlat sirlaridan foydalanuvchi tashkilotlar tomonidan foydalaniladigan vositalar va usullar, shuningdek ushbu maqsadlarda amalga oshiriladigan tadbirlar majmui;
maxsus komissiya — davlat sirlaridan foydalanuvchi tashkilotlarning o‘z tasarrufidagi davlat sirlarini ko‘rib chiqish va xulosa berish uchun davlat sirlaridan foydalanishga doir ruxsatnomaga hamda zarur bilim va tajribaga ega bo‘lgan xodimlaridan tashkil topgan guruh;
maxfiylik grifi — ma’lumotlarni tashuvchidagi ma’lumotlarning maxfiylik darajasi to‘g‘risida dalolat beradigan, ma’lumotlarni tashuvchining o‘ziga va (yoki) kuzatuv hujjatiga qo‘yiladigan rekvizit;
maxfiylik darajasi — davlat sirlarini tashkil etuvchi ma’lumotlarning muhimligini ifodalovchi hamda ularni himoya qilish choralari va vositalarini belgilovchi toifa;
maxfiylashtirilishi lozim bo‘lgan ma’lumotlar ro‘yxati — ushbu Qonunda belgilangan tartibda ma’lumotlarni davlat ahamiyatiga ega bo‘lgan sir yoki xizmat siri jumlasiga kiritish hamda maxfiylashtirish imkonini beradigan ma’lumotlarning toifalari;
maxfiylik rejimi — davlat sirlari to‘g‘risidagi qonunchilik bilan tartibga solinadigan davlat sirlari himoya qilinishini ta’minlashning yagona tartibi;
maxfiy-rejim organi — davlat sirlaridan foydalanuvchi tashkilotning maxfiy ish yuritilishi ustidan nazoratni va maxfiylik rejimining ta’minlanishini amalga oshiruvchi tarkibiy bo‘linmasi yoki mansabdor shaxsi;
ma’lumotlarni maxfiylikdan chiqarish — davlat sirlaridan hamda ularni tashuvchilardan foydalanishga doir cheklovlarni belgilangan maxfiylik darajasini bekor qilish yo‘li bilan olib tashlash bo‘yicha chora-tadbirlar majmui;
ma’lumotlarni va ularni tashuvchilarni maxfiylashtirish — davlat sirlarini tashkil etuvchi ma’lumotlardan va ularni tashuvchilardan foydalanishga doir cheklovlarni joriy etish bo‘yicha chora-tadbirlar majmui;
xizmat siri — davlat sirlaridan foydalanuvchi tashkilotlar faoliyatining har qanday sohasiga, shu jumladan harbiy, iqtisodiy, siyosiy, ilmiy-texnik, ishlab chiqarish, razvedka, kontrrazvedka, tezkor-qidiruv faoliyatiga taalluqli bo‘lgan, oshkor etilishi ushbu tashkilotlarning manfaatlariga zarar yetkazishi mumkin bo‘lgan ma’lumotlar. Xizmat siri davlat ahamiyatiga ega bo‘lgan sirning tarkibiy qismi bo‘lishi mumkin;
ekspertlar komissiyasi — davlat sirlaridan foydalanuvchi tashkilotlarning davlat sirlaridan foydalanishga doir ruxsatnomaga ega bo‘lgan hamda davlat sirlarini himoya qilish masalalari bo‘yicha tegishli xulosalar berish huquqiga hamda zarur bilim va tajribaga ega bo‘lgan xodimlaridan tashkil topgan guruh.
2-bob. Davlat sirlari sohasini davlat tomonidan tartibga solish
5-modda. Davlat sirlari sohasidagi yagona davlat siyosati
[OKOZ:
1.01.00.00.00 Konstitutsiyaviy tuzum / 01.10.00.00 O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti / 01.10.02.00 Vakolat]
Davlat sirlari sohasidagi yagona davlat siyosati O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan belgilanadi.
6-modda. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining davlat sirlari sohasidagi vakolatlari
[OKOZ:
1.02.00.00.00 Davlat boshqaruvi asoslari / 02.01.00.00 O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi (shuningdek, 01.11.00.00ga qarang) / 02.01.02.00 Vazirlar Mahkamasi vakolatlari]
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:
davlat sirlari sohasidagi normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarining ishlab chiqilishini tashkil etadi va ularni amalga oshirish choralarini ko‘radi;
maxfiy axborotni o‘zaro himoya qilish to‘g‘risida hukumatlararo bitimlar tuzadi va ularni amalga oshirish choralarini ko‘radi;
davlat sirlarini xorijiy davlatlar va xalqaro tashkilotlarga berish tartibini belgilaydi;
o‘z vakolatlari doirasida davlat sirlari sohasida qarorlar qabul qiladi;
maxfiy-rejim organlarini tashkil etish, ularning faoliyati va ularni tugatish tartibini belgilaydi;
davlat sirlaridan foydalanish huquqini rasmiylashtirish tartibini belgilaydi;
davlat sirlaridan foydalanuvchi tashkilotlarda ma’lumotlarni davlat sirlari jumlasiga kiritish, maxfiylashtirish, maxfiylikdan chiqarish, shuningdek davlat sirlari va ularni tashuvchilar himoya qilinishini ta’minlash tartibini belgilaydi;
O‘zbekiston Respublikasida maxfiylashtirilishi lozim bo‘lgan ma’lumotlar ro‘yxatini va uni shakllantirish tartibini tasdiqlaydi;
ekspertlar va maxsus komissiyalarni shakllantirish hamda ularning faoliyatini tashkil etish tartibini belgilaydi;
davlat sirlarining oshkor etilishi yoki yo‘qotilishi oqibatida O‘zbekiston Respublikasi xavfsizligiga yoxud davlat sirlaridan foydalanuvchi tashkilotlar manfaatlariga yetkazilgan yoki yetkazilishi mumkin bo‘lgan zarar miqdorini aniqlash tartibini belgilaydi;
ma’lumotlar va ularni tashuvchilar maxfiylashtirilishi natijasida ma’lumotlarni tashuvchilarning mulkdoriga yetkazilgan zararning miqdorini aniqlash tartibini belgilaydi;
davlat sirlarini himoya qilish bo‘yicha amalga oshiriladigan chora-tadbirlar uchun O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjetidan mablag‘lar ajratish to‘g‘risida takliflar kiritadi;
maxfiy-rejim organlari xodimlarining lavozim maoshlariga davlat sirlari bilan ishlaganlik hamda ushbu organlardagi xizmat davri uchun ustamalar miqdorini, shuningdek ularni to‘lash tartibini belgilaydi;
davlat sirlaridan foydalanuvchi tashkilotlarning davlat sirlarini chet davlatlarga, O‘zbekiston Respublikasi hududidagi va xorijdagi xalqaro tashkilotlarga, shuningdek yuridik shaxslarga berish maqsadga muvofiqligi to‘g‘risidagi xulosalarini ko‘rib chiqadi hamda ular bo‘yicha qaror qabul qiladi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi qonunchilikka muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
7-modda. O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmatining davlat sirlari sohasidagi vakolatlari
[OKOZ:
1.12.00.00.00 Axborot va axborotlashtirish / 12.03.00.00 Axborot resurslari. Axborot resurslaridan foydalanish / 12.03.05.00 Foydalanish cheklangan axborot / 12.03.05.05 Foydalanish cheklangan boshqa axborotlar;
2.16.00.00.00 Xavfsizlik va huquq tartibot muhofazasi / 16.02.00.00 Xavfsizlikni ta’minlash kuchlari / 16.02.03.00 Davlat xavfsizlik xizmati organlari;
3.16.00.00.00 Xavfsizlik va huquq tartibot muhofazasi / 16.03.00.00 Davlat xavfsizligi / 16.03.04.00 Davlat sirlari]
O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati davlat sirlari sohasidagi maxsus vakolatli davlat organidir (bundan buyon matnda maxsus vakolatli davlat organi deb yuritiladi).
Maxsus vakolatli davlat organi:
zarur shart-sharoitlarga ega bo‘lgan tashkilotlarga davlat sirlari bilan bog‘liq faoliyatni amalga oshirish uchun ruxsat beradi va (yoki) uni chaqirib oladi;
davlat sirlaridan foydalanuvchi tashkilotlarning faoliyatini davlat sirlari to‘g‘risidagi qonunchilik talablariga rioya etilishi yuzasidan muvofiqlashtiradi;
davlat sirlaridan foydalanuvchi tashkilotlarda maxfiylik rejimini ta’minlash faoliyatini muvofiqlashtiradi, mazkur faoliyatni takomillashtirish va uning samaradorligini oshirish yuzasidan ushbu tashkilotlarga tavsiyalar kiritadi;
o‘z vakolatlari doirasida davlat sirlari sohasidagi normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqadi;
davlat sirlaridan foydalanuvchi tashkilotlarda davlat sirlarini tashkil etuvchi ma’lumotlarni himoya qilish chora-tadbirlarini ishlab chiqadi va amalga oshiradi, shuningdek ularning mazkur sohadagi faoliyatini nazorat qiladi;
davlat sirlaridan foydalanishga doir ruxsatnomani rasmiylashtirish maqsadida shaxslarni tekshiruvdan o‘tkazadi, shuningdek davlat sirlaridan foydalanishga doir ruxsatnomani berish (bermaslik) to‘g‘risida va uni bekor qilish haqida qarorlar qabul qiladi;
axborotning kriptografik himoya vositalarini ishlab chiqish, ishlab chiqarish, realizatsiya qilishga doir faoliyatni litsenziyalashni amalga oshiradi;
axborotning kriptografik va texnik himoya vositalarini, shuningdek axborotlashtirishning texnik vositalarini sertifikatlashtirishni amalga oshiradi hamda nazorat qiladi;
davlat sirlarini o‘z ichiga olgan axborot tizimlarini ro‘yxatdan o‘tkazishni amalga oshiradi;
davlat sirlaridan foydalanuvchi tashkilotlarda maxfiylik rejimiga rioya etilishi ustidan nazoratni amalga oshiradi;
davlat sirlaridan foydalanuvchi tashkilotlar va shaxslarni tegishli normativ-huquqiy hujjatlar talablariga rioya etilishi yuzasidan tekshirish tadbirlarini amalga oshiradi;
davlat sirlari to‘g‘risidagi qonunchilik buzilishi bilan bog‘liq jinoyatlarning oldini oladi, ularni aniqlaydi, fosh etadi va tergov qiladi;
davlat sirlaridan foydalanuvchi tashkilotlar tomonidan maxfiy-rejim organlarining tashkil etilishi, qayta tashkil etilishi hamda tugatilishini, shuningdek ushbu organlar xodimlarining lavozimga tayinlanishini va lavozimidan ozod etilishini kelishadi;
davlat sirlaridan foydalanishga doir ruxsatnomani berish hamda davlat sirlarini himoya qilishning zamonaviy mexanizmlarini axborot-kommunikatsiya texnologiyalarining rivojlanishini va ilg‘or tamoyillarni hisobga olgan holda ishlab chiqadi va takomillashtiradi;
davlat sirlaridan foydalanuvchi tashkilotlarning maxfiylashtirilishi lozim bo‘lgan ma’lumotlari ro‘yxatlarini hamda ularning maxfiy-rejim organlarining ish yuritish hujjatlarini kelishadi;
shaxslarning davlat sirlaridan foydalanishga doir ruxsatnomalarining amal qilishini vaqtincha to‘xtatish yoki ularni bekor qilish to‘g‘risida davlat organlariga va boshqa tashkilotlarga ko‘rsatmalar kiritadi;
davlat sirlaridan xabardor bo‘lgan shaxslarning O‘zbekiston Respublikasi hududidan chiqish huquqini vaqtincha cheklash bo‘yicha davlat organlariga va boshqa tashkilotlarga qonunchilikda nazarda tutilgan hollarda ko‘rsatmalar kiritadi;
davlat sirlaridan foydalanuvchi tashkilotlarga maxfiylik rejimini ta’minlash masalalari bo‘yicha amaliy va uslubiy yordam ko‘rsatadi, shuningdek davlat sirlaridan foydalanish huquqiga ega bo‘lgan shaxslarni o‘qitishni hamda ularning malakasini oshirishni belgilangan tartibda tashkil etadi;
davlat sirlarining oshkor etilishi yoki yo‘qotilishi oqibatida O‘zbekiston Respublikasi xavfsizligiga yoxud davlat sirlaridan foydalanuvchi tashkilotlar manfaatlariga yetkazilgan yoki yetkazilishi mumkin bo‘lgan zarar miqdorini aniqlashda ishtirok etadi;
O‘zbekiston Respublikasining maxfiy axborotni o‘zaro himoya qilish to‘g‘risidagi xalqaro shartnomalarini tuzish, bajarish, ularning amal qilishini to‘xtatib turish yoki ularni tugatish bo‘yicha takliflar kiritadi.
Maxsus vakolatli davlat organi qonunchilikka muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
8-modda. Davlat sirlaridan foydalanuvchi tashkilotlarning davlat sirlari sohasidagi vakolatlari
[OKOZ:
1.16.00.00.00 Xavfsizlik va huquq tartibot muhofazasi / 16.03.00.00 Davlat xavfsizligi / 16.03.04.00 Davlat sirlari]
Davlat sirlaridan foydalanuvchi tashkilotlar:
davlat sirlari bilan bog‘liq faoliyatni amalga oshirishga ruxsat olish uchun maxsus vakolatli davlat organiga murojaat qiladi;
maxfiy-rejim organlari to‘liq faoliyat ko‘rsatishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratadi va mazkur yo‘nalishdagi ishlarni tashkil etadi;
tegishli malakaga va maxsus vakolatli davlat organi tomonidan berilgan sertifikatga ega bo‘lgan xodimlarni maxfiy-rejim organlariga tayinlaydi;
davlat sirlaridan foydalanishga doir ruxsatnomaga ega bo‘lgan shaxslarning o‘qitilishini hamda belgilangan muddatlarda tegishli malaka oshirish kurslariga yuborilishini ta’minlaydi;
belgilangan maxfiylik rejimiga rioya etilishini va foydalanilayotgan davlat sirlarining himoya qilinishini, shu jumladan o‘z tasarrufidagi tashkilotlarda himoya qilinishini o‘z vakolatlari doirasida ta’minlaydi;
maxsus vakolatli davlat organiga davlat sirlarini himoya qilish tizimini takomillashtirish bo‘yicha takliflar kiritadi;
davlat sirlari sohasidagi normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqishda ishtirok etadi;
davlat sirlaridan foydalanishga doir ruxsatnoma rasmiylashtirilishi zarur bo‘lgan lavozimlar nomenklaturasini ishlab chiqadi;
davlat sirlarining oshkor etilishi yoki yo‘qotilishi oqibatida O‘zbekiston Respublikasi xavfsizligiga yoxud davlat sirlaridan foydalanuvchi boshqa tashkilotlar manfaatlariga yetkazilgan yoki yetkazilishi mumkin bo‘lgan zarar miqdorini aniqlashda ishtirok etadi;
axborotning kriptografik va texnik himoya vositalariga, shuningdek axborotlashtirishning texnik vositalariga oid sertifikat olish uchun maxsus vakolatli davlat organiga murojaat qiladi;
davlat sirlaridan foydalanishga doir ruxsatnomaga ega bo‘lgan xodimlarning xorijga chiqish biometrik pasportlari kadrlar bo‘linmalarida saqlanishini, shuningdek ushbu xodimlarning xorijga chiqishini va chet el fuqarolari bilan aloqalarini qonunchilikda belgilangan tartibda nazorat qiladi.
Davlat sirlaridan foydalanuvchi tashkilotlar qonunchilikka muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
3-bob. Davlat sirlari jumlasiga kiritiladigan ma’lumotlar
9-modda. Harbiy sohadagi davlat sirlari jumlasiga kiritiladigan ma’lumotlar
[OKOZ:
1.15.00.00.00 Mudofaa / 15.02.00.00 Mudofaani boshqarish / 15.02.03.00 Safarbarlik tayyorgarligi;
2.15.00.00.00 Mudofaa / 15.03.00.00 Qurolli Kuchlar / 15.03.02.00 Qurolli Kuchlar tarkibi;
3.15.00.00.00 Mudofaa / 15.05.00.00 Urush holati. Harbiy holat / 15.05.02.00 Harbiy holat;
4.15.00.00.00 Mudofaa / 15.05.00.00 Urush holati. Harbiy holat / 15.05.03.00 Safarbarlik;
5.15.00.00.00 Mudofaa / 15.08.00.00 Qurol va harbiy texnika]
Harbiy sohadagi davlat sirlari jumlasiga quyidagilar kiradi:
1) qo‘shinlarning birgalikda harakatlanish rejalarini, tezkor rejalarni, maxfiy obyektlarni qo‘riqlash hamda mudofaa qilish rejalarini fosh etuvchi ma’lumotlar, jangovar boshqaruv hujjatlari, favqulodda vaziyatlarda O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari qo‘shinlarini turli darajadagi jangovar shaylik holatiga keltirish bo‘yicha hujjatlar;
2) O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarining strategik jihatdan yoyilishi, soni, jangovar ta’minoti, holati, qurollanishi, tashkiliy tuzilmasi, rivojlanishi, jangovar tarkibi yoki miqdori, jangovar tayyorgarligi to‘g‘risidagi, shuningdek harbiy-siyosiy va (yoki) tezkor vaziyat haqidagi ma’lumotlar;
3) qo‘shinlarning safarbarlik jihatdan yoyilishi, odamlarni va transport vositalarini safarbar qilish, safarbarlik jihatdan yoyilishni boshqarish tizimi va (yoki) qo‘shinlarni shaxsiy tarkib bilan butlash, qurol-yarog‘, harbiy texnika hamda boshqa moddiy va moliyaviy vositalar bilan ta’minlash imkoniyatlari to‘g‘risidagi ma’lumotlar;
4) qurol-yarog‘ va harbiy texnikani rivojlantirish hamda qo‘shinlarni butlashning yo‘nalishlarini, uzoq muddatli rejalarini va istiqbollarini fosh etuvchi ma’lumotlar, qurol-yarog‘ va harbiy texnika namunalarini yaratish hamda modernizatsiya qilish bo‘yicha maqsadli dasturlarni, ilmiy-tadqiqot va tajriba-konstruktorlik ishlarini amalga oshirishning mazmuni hamda natijalari to‘g‘risidagi ma’lumotlar, shuningdek qurol-yarog‘ va harbiy texnikaning taktik-texnik xususiyatlarini fosh etuvchi ma’lumotlar;
5) davlat mudofaa buyurtmasi doirasidagi buyurtmalar, qurol-yarog‘ va harbiy texnikani ishlab chiqarish hamda yetkazib berish hajmlari va yo‘nalishlari, qurol-yarog‘ va harbiy texnikaning konstruksiyalari, ularni ishlab chiqarish texnologiyalari, ularning jangovar, fizik, kimyoviy tavsiflari to‘g‘risidagi, shuningdek qurol-yarog‘ va harbiy texnikani qo‘llash tartibi haqidagi ma’lumotlar;
6) qurol-yarog‘ va harbiy texnikaning metrologik ta’minoti holatini, qurol-yarog‘ va harbiy texnikani sifat jihatidan yangi darajaga olib chiqishni belgilovchi harbiy etalonlarning yoki metrologik ta’minot vositalarining texnik yoki metrologik tavsiflarini fosh etuvchi ma’lumotlar;
7) qurol-yarog‘ni va harbiy texnikani loyihalashtirish, yaratish, ishlab chiqarish yoki ta’mirlash uchun ajratilgan yoki amalda sarflangan mablag‘larni fosh etuvchi ma’lumotlar;
8) qurol-yarog‘ni va harbiy texnikani safarbarlik maqsadida ishlab chiqarish (ta’mirlash) quvvatlari to‘g‘risidagi, shuningdek ushbu quvvatlarni yaratish va rivojlantirish haqidagi ma’lumotlar;
9) harbiy maqsadlarda foydalaniladigan raketa yoqilg‘isi, balist poroxlar, portlovchi moddalar va portlatuvchi vositalar, shuningdek qurol-yarog‘ va harbiy texnika uchun yangi qotishmalar, maxsus suyuqliklar, yoqilg‘ini fosh etuvchi ma’lumotlar;
10) O‘zbekiston Respublikasining mudofaa qobiliyatini va xavfsizligini ta’minlash uchun mo‘ljallangan aloqa tarmoqlari hamda telekommunikatsiya infratuzilmasi to‘g‘risidagi ma’lumotlar;
11) harbiy yoki maxsus maqsadlarda foydalaniladigan radiochastota polosalarining taqsimlanishini fosh etuvchi ma’lumotlar;
12) qo‘shinlarning barcha turdagi aloqa vositalarining, radiolokatsiya, radiotexnika ta’minotining, shuningdek sun’iy yo‘ldosh aloqasi va radioeshittirish stansiyalarining tashkil etilishini yoki ishlashini fosh etuvchi ma’lumotlar;
13) O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalariga ko‘ra O‘zbekiston Respublikasining majburiyatlariga kirmaydigan rejimli obyektlarning joylashuvi, maqsadi, tayyorgarlik yoki himoyalanganlik darajasi to‘g‘risidagi, mazkur obyektlarni qurish uchun yer uchastkalarini, yer qa’rini yoki suv akvatoriyalarini tanlash, ajratish haqidagi, shuningdek ushbu obyektlarni barpo etish bo‘yicha rejalashtirilayotgan yoki o‘tkazilayotgan izlanish, loyihalashtirish ishlari va boshqa ishlar haqidagi ma’lumotlar (bunday ma’lumotlar maxsus obyektlarga ham taalluqlidir);
14) ikki xil maqsadga mo‘ljallangan vositalar va texnologiyalarni rivojlantirish yo‘nalishlarini, maqsadli dasturlarni amalga oshirish mazmunini, natijalarini, ushbu vositalar va texnologiyalarni yaratish yoki modernizatsiya qilish bo‘yicha ilmiy-tadqiqot va (yoki) tajriba-konstruktorlik ishlarini fosh etuvchi, shuningdek ikki xil maqsadga mo‘ljallangan vositalar va texnologiyalarning harbiy maqsadlarda qo‘llanilishini fosh etuvchi ma’lumotlar;
15) O‘zbekiston Respublikasining mudofaa qobiliyatini va xavfsizligini ta’minlash manfaatlarini ko‘zlab O‘zbekiston Respublikasi kosmik infratuzilmasidan foydalanish va (yoki) uni rivojlantirish istiqbollari to‘g‘risidagi ma’lumotlar;
16) harbiy obyektlar va infratuzilmalarning qurilish loyihalarini hamda harbiy-texnik ta’minot bilan bog‘liq shartnomalarni fosh etuvchi ma’lumotlar;
17) turli bosqichdagi qo‘mondonlik-shtab (shtab) o‘quvlarini o‘tkazish bilan bog‘liq bo‘lgan hujjatlarni va boshqa ma’lumotlarni fosh etuvchi ma’lumotlar;
18) harbiy sohadagi standartlashtirishning asosiy yo‘nalishlarini yoki uni rivojlantirish dasturlarini, shuningdek qurol-yarog‘ va harbiy texnika sohasidagi standartlarning mazmunini fosh etuvchi ma’lumotlar;
19) davlatning mudofaa salohiyatini belgilovchi yo‘nalishlar bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasining ilmiy-texnik taraqqiyoti istiqbollarini va uning ijtimoiy-iqtisodiy oqibatlarini baholash to‘g‘risidagi ma’lumotlar;
20) respublika budjetining O‘zbekiston Respublikasi mudofaa qobiliyati va xavfsizligi ta’minlanishini fosh etuvchi xarajatlari to‘g‘risidagi ma’lumotlar (umumiy ko‘rsatkichlardan tashqari).
10-modda. Tashqi siyosatga oid va tashqi iqtisodiy sohadagi davlat sirlari jumlasiga kiritiladigan ma’lumotlar
[OKOZ:
1.10.00.00.00 Tashqi iqtisodiy faoliyat. Bojxona ishi / 10.01.00.00 Tashqi iqtisodiy faoliyat sohasidagi umumiy qoidalar / 10.01.01.00 Umumiy masalalar. Tashqi iqtisodiy aloqalar subyektlari;
2.16.00.00.00 Xavfsizlik va huquq tartibot muhofazasi / 16.03.00.00 Davlat xavfsizligi / 16.03.04.00 Davlat sirlari;
3.19.00.00.00 Xalqaro munosabatlar. Xalqaro huquq / 19.02.00.00 Tashqi aloqalarni tashkil etish / 19.02.01.00 Tashqi siyosiy va xalqaro munosabatlar sohasida boshqaruv]
Tashqi siyosatga oid va tashqi iqtisodiy sohadagi davlat sirlari jumlasiga quyidagilar kiradi:
1) barvaqt tarqatilishi O‘zbekiston Respublikasining manfaatlariga zarar yetkazishi mumkin bo‘lgan, tashqi siyosat strategiyasi va taktikasini fosh etuvchi, O‘zbekiston Respublikasining davlatlar hamda xalqaro tashkilotlar bilan ikki tomonlama munosabatlarini tavsiflovchi tashqi siyosat, tashqi savdo, ilmiy-texnik aloqalar masalalariga doir ma’lumotlar va shu kabi boshqa ma’lumotlar;
2) bitta yoki bir necha chet davlatga nisbatan siyosiy, iqtisodiy, harbiy yoki ilmiy-texnik masalalar yuzasidan ishonchlilik tartibida olingan ma’lumotlar, agar ularning oshkor etilishi manbaning aniqlanishiga olib kelishi mumkin bo‘lsa;
3) xalqaro munosabatlarda yagona prinsipial yondashuvni ishlab chiqish yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi vakillari va boshqa davlatlar vakillari o‘rtasidagi muzokaralar to‘g‘risidagi ma’lumotlar, agar muzokaralar ishtirokchilarining fikriga ko‘ra ushbu ma’lumotlarning oshkor etilishi taraflardan biri uchun diplomatik murakkabliklarga sabab bo‘lishi mumkin bo‘lsa;
4) barvaqt tarqatilishi O‘zbekiston Respublikasining mudofaa qobiliyatiga, xavfsizligiga, siyosiy yoki iqtisodiy manfaatlariga zarar yetkazishi mumkin bo‘lgan xalqaro shartnomalarning tayyorlanishi, tuzilishi, mazmuni, bajarilishi, amal qilishi to‘xtatib turilganligi yoki tugatilganligi to‘g‘risidagi ma’lumotlar;
5) qurol-yarog‘, harbiy texnika yoki aslaha eksporti va importi to‘g‘risidagi ma’lumotlar, agar ushbu ma’lumotlarning oshkor etilishi O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalarida nazarda tutilgan qoidalarga zid bo‘lsa;
6) chet davlatlar va xalqaro tashkilotlar bilan alohida davrdagi iqtisodiy hamkorlikning hajmi hamda mazmunini fosh etuvchi ma’lumotlar.
11-modda. Razvedka, kontrrazvedka, tezkor-qidiruv faoliyati va davlat xavfsizligiga taalluqli bo‘lgan boshqa faoliyat sohasidagi davlat sirlari jumlasiga kiritiladigan ma’lumotlar
[OKOZ:
1.16.00.00.00 Xavfsizlik va huquq tartibot muhofazasi / 16.03.00.00 Davlat xavfsizligi / 16.03.04.00 Davlat sirlari;
2.16.00.00.00 Xavfsizlik va huquq tartibot muhofazasi / 16.03.00.00 Davlat xavfsizligi / 16.03.07.00 Davlat xavfsizligining boshqa masalalari]
Razvedka, kontrrazvedka, tezkor-qidiruv faoliyati va davlat xavfsizligiga taalluqli bo‘lgan boshqa faoliyat sohasidagi davlat sirlari jumlasiga quyidagilar kiradi:
1) razvedka, kontrrazvedka, tezkor-qidiruv faoliyatining kuchlari, vositalari, uslublari, rejalari, shakllari va natijalarini fosh etuvchi ma’lumotlar, shuningdek razvedka, kontrrazvedka, tezkor-qidiruv faoliyatini moliyalashtirish to‘g‘risidagi ma’lumotlar;
2) aniq shaxslarning razvedka, kontrrazvedka, tezkor-qidiruv faoliyatini amalga oshiruvchi organlarning kadrlar tarkibiga mansubligini fosh etuvchi ma’lumotlar;
3) O‘zbekiston Respublikasining davlat xavfsizligini ta’minlash yo‘nalishi bo‘yicha kadrlarni tayyorlashga yoki taqsimlashga doir tadbirlar haqidagi ma’lumotlar;
4) razvedka, kontrrazvedka, tezkor-qidiruv faoliyatini amalga oshiruvchi organlarga maxfiylik asosida ko‘maklashayotgan (ko‘maklashgan) va mazkur organlar bilan maxfiylik asosida hamkorlik qilayotgan (hamkorlik qilgan) shaxslar, shuningdek ularning oila a’zolari to‘g‘risidagi ma’lumotlar;
5) tezkor-safarbarlik tadbirlari, ularning holati va natijalari haqidagi ma’lumotlar;
6) O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining, shuningdek davlat organlarining ichki idoraviy hamda xalqaro himoyalangan aloqa tarmoqlari va tizimlari (joylashtirilgan obyektlari va qurilmalari), kriptografik himoya vositalarining kalitli (yaratish, ishlab chiqarish va ta’minlash) hujjatlari, kriptografik himoya vositalarini tahlil qilish uslublari yoki vositalari haqidagi hamda maxsus maqsadga mo‘ljallangan axborot-tahliliy tizimlar to‘g‘risidagi ma’lumotlar;
7) O‘zbekiston Respublikasining konstitutsiyaviy tuzumiga tajovuz qilish, tinchlik va insoniyatning xavfsizligiga qarshi jinoyatlar bilan bog‘liq bo‘lgan jinoyat ishlari bo‘yicha tergovni amalga oshirish kuchlari, vositalari va uslublarini fosh etuvchi ma’lumotlar, agar ular davlat sirlarini tashkil etuvchi ma’lumotlarni o‘z ichiga olgan vaziyatlarni tekshirish bilan bog‘liq bo‘lsa;
8) davlat sirlarini himoya qilishni tashkil etish, ularning himoyalanganlik holati to‘g‘risidagi, shuningdek mazkur faoliyatni moliyalashtirish haqidagi ma’lumotlar;
9) davlat tomonidan qo‘riqlanadigan shaxslarning xavfsizligini ta’minlash kuchlari, vositalari, uslublari, rejalari, uning tashkil etilishi to‘g‘risidagi ma’lumotlar.
12-modda. Iqtisodiyot, ta’lim, fan va texnika sohasidagi davlat sirlari jumlasiga kiritiladigan ma’lumotlar
[OKOZ:
1.02.00.00.00 Davlat boshqaruvi asoslari / 02.08.00.00 Iqtisodiyot, ijtimoiy-madaniy qurilish sohasidagi davlat boshqaruvining umumiy masalalari / 02.08.10.00 Iqtisodiy islohotlar sohasida davlat boshqaruvi;
2.13.00.00.00 Ta’lim. Fan. Madaniyat / 13.01.00.00 Ta’lim / 13.01.01.00 Umumiy qoidalar;
3.13.00.00.00 Ta’lim. Fan. Madaniyat / 13.02.00.00 Fan / 13.02.02.00 Fan va fan-texnika faoliyati sohasini boshqarish;
4.16.00.00.00 Xavfsizlik va huquq tartibot muhofazasi / 16.03.00.00 Davlat xavfsizligi / 16.03.04.00 Davlat sirlari]
Iqtisodiyot, ta’lim, fan va texnika sohasidagi davlat sirlari jumlasiga quyidagilar kiradi:
1) O‘zbekiston Respublikasi iqtisodiyotining urush davrida barqaror ishlashiga tayyorgarligini belgilovchi ko‘rsatkichlar to‘g‘risidagi ma’lumotlar;
2) iqtisodiyotning turli tarmoqlarida prinsipial jihatdan yangi buyumlarni, texnologik jarayonlarni yaratishda foydalanilishi mumkin bo‘lgan, shuningdek qurol-yarog‘ va harbiy texnika imkoniyatlarining, ularning jangovar samaradorligini oshirishning sifat jihatidan yangi bosqichini belgilovchi fan va texnika sohasidagi yangi yutuqlarning mohiyatini fosh etuvchi ma’lumotlar;
3) O‘zbekiston Respublikasining mudofaasi va xavfsizligi manfaatlarini ko‘zlab olib boriladigan ilmiy-tadqiqot, tajriba-konstruktorlik yoki loyihalash ishlarining mazmunini va yo‘naltirilganligini fosh etuvchi ma’lumotlar;
4) O‘zbekiston Respublikasining xavfsizligini ta’minlash manfaatlarini ko‘zlab olib boriladigan gidrometeorologiya yoki geliogeofizika sohasidagi ishlarning natijalarini, shuningdek maxsus geologik-geofizik tadqiqotlar natijalarini fosh etuvchi ma’lumotlar;
5) metallurgiya sanoati tomonidan ayrim turdagi nodir metallarni va strategik ahamiyatga ega bo‘lgan boshqa materiallarni ishlab chiqarish haqidagi ma’lumotlar;
6) yer qa’ridagi resurslar potensialini, balans zaxiralarni yoki ayrim turdagi foydali qazilmalarni qazib olish to‘g‘risidagi axborotni fosh etuvchi ma’lumotlar;
7) davlat organlari smetalarining alohida moddalari bo‘yicha qo‘shinlarni saqlash uchun sarflanadigan xarajatlarni fosh etuvchi ma’lumotlar;
8) davlat hujjatlarini qalbakilashtirishdan himoya qilish usullari va ularning haqiqiyligini aniqlash usullari to‘g‘risidagi ma’lumotlar;
9) umumiy foydalanishdagi mahsulotni, xomashyoning strategik turlarini ishlab chiqarishga doir safarbarlik quvvatlari hamda ushbu quvvatlarni yaratish va rivojlantirish haqidagi ma’lumotlar;
10) indikatsiya, gazdan tozalash, aholini ommaviy qirg‘in qurolidan kimyoviy himoya qilish vositalarini yoki ushbu vositalar uchun yangi sorbsion va boshqa materiallarni yaratish maqsadida amalga oshiriladigan ishlarni fosh etuvchi ma’lumotlar;
11) muhim mudofaa yoki iqtisodiy ahamiyatga ega bo‘lgan topografik, geodezik yoki kartografik faoliyat natijalarini fosh etuvchi ma’lumotlar;
12) safarbarlik chog‘ida temiryo‘llarning yuklarni temiryo‘llarda tashishni ta’minlash, harbiy yuklarning tashilishini tashkil etish bo‘yicha imkoniyatlari va (yoki) zaxiralarini hamda hajmlarini, energetik, mineral va qishloq xo‘jaligi xomashyosining, yoqilg‘ining, materiallarning strategik turlarini, qurol-yarog‘ning yoki harbiy texnikaning alohida turlarini tashish hajmlarini hamda transportda tashish yo‘nalishlarini, shuningdek temiryo‘l harakati xavfsizligini va yuklarning but saqlanishini ta’minlashga doir maxsus chora-tadbirlarni fosh etuvchi ma’lumotlar;
13) qo‘shinlarni ortish va tushirish punktlarining joylashishi, ixtisoslashtirilishi, quvvatlari va o‘tkazish imkoniyatini, ularning oziq-ovqat ta’minoti, ularga tibbiy-sanitariya xizmati ko‘rsatish haqidagi axborotni fosh etuvchi ma’lumotlar;
14) transport vositalariga, shu jumladan transportning ayrim turlariga bo‘lgan safarbarlik ehtiyojini va ular bilan ta’minlanganlik holatini fosh etuvchi ma’lumotlar;
15) O‘zbekiston Respublikasi bo‘yicha fuqaro muhofazasi kuchlarining yoki vositalarining holatini fosh etuvchi ma’lumotlar;
16) O‘zbekiston Respublikasi iqtisodiyoti safarbarlik rejasining tarkibiy tuzilishini va ko‘rsatkichlarini, shuningdek davlat organlarining yoki alohida tashkilotlarning safarbarlik tayyorgarlik holatini fosh etuvchi ma’lumotlar;
17) O‘zbekiston Respublikasining doimiy zaxirasida bo‘lgan, faqat favqulodda vaziyatlarda foydalanish uchun mo‘ljallangan moddiy zaxiralarining haqiqiy hajmini va joylashishini fosh etuvchi ma’lumotlar;
18) harbiy maqsadlar uchun transport tarmog‘ining, transport vositalarining holatini, jihozlanganligini, tayyorligini, qurol-yarog‘ va harbiy texnikani transportda tashish yo‘nalishlarini, maxsus va harbiy yuklar tashish hajmlarini fosh etuvchi ma’lumotlar;
19) qurol-yarog‘ va harbiy texnika buyumlariga, fuqarolar uchun mo‘ljallangan muhim mahsulotlarga doir texnik hujjatlarning, shuningdek xavfi yuqori bo‘lgan obyektlarga, aholining hayot faoliyatini ta’minlash tizimiga doir loyiha hujjatlarining sug‘urta fondini yaratishni va saqlashni tavsiflovchi ma’lumotlar hamda texnik hujjatlarning sug‘urta fondini saqlash obyektlarining (bazalarining) umuman O‘zbekiston Respublikasi bo‘yicha joylashishi to‘g‘risidagi ma’lumotlar;
20) O‘zbekiston Respublikasi sanoatining safarbarlik tayyorgarligi va safarbarligi sohasidagi ilmiy-tadqiqot ishlarining rejalarini, mazmunini yoki natijalarini fosh etuvchi ma’lumotlar;
21) O‘zbekiston Respublikasining mudofaa manfaatlarini ko‘zlab foydalanilishi mumkin bo‘lgan kon qazilmalari, tabiiy bo‘shliqlar, metropoliten va boshqa inshootlar to‘g‘risidagi ma’lumotlar, shuningdek aholisi 200 ming nafar kishidan ortiq bo‘lgan shaharlarning ichimlik suvi ta’minoti sxemalarini, temiryo‘l bog‘lamalari, strategik va mudofaa ahamiyatiga ega bo‘lgan obyektlarning sxemalarini va (yoki) ichimlik suvi ta’minoti bosh inshootlarining, ularni ta’minlovchi suv ajratgichlarning joylashishini fosh etuvchi ma’lumotlar;
22) yadroviy materiallarning va yadroviy qurilmalarning jisman himoya qilinishini ta’minlash to‘g‘risidagi ma’lumotlar, bundan O‘zbekiston Respublikasi tomonidan ratifikatsiya qilingan xalqaro shartnomalar ta’siriga tushadigan va ularni almashishni nazarda tutadigan hamda ochiq manbalardan olinishi mumkin bo‘lgan ma’lumotlar mustasno;
23) O‘zbekiston Respublikasining Davlat budjeti mablag‘lari hisobidan o‘tkaziladigan milliy, jamoaviy va boshqa test tizimlarida foydalaniladigan testlarning mazmunini hamda ularga doir to‘g‘ri javoblar kodlarini fosh etuvchi ma’lumotlar;
24) shaharlararo magistral va zona ichidagi aloqa liniyalarining geografik koordinatalarini o‘z ichiga olgan, sxemalar hamda tavsiflarga ega bo‘lgan jamlanma ma’lumotlar;
25) O‘zbekiston Respublikasining milliy valyutasini va davlat qimmatli qog‘ozlarining blankalarini qalbakilashtirishdan himoya qilish usullari hamda ularning haqiqiyligini aniqlash usullari to‘g‘risidagi ma’lumotlar.
4-bob. Ma’lumotlarni davlat sirlari jumlasiga kiritish va ularni maxfiylashtirish
13-modda. O‘zbekiston Respublikasida maxfiylashtirilishi lozim bo‘lgan ma’lumotlar ro‘yxatini belgilash tartibi
[OKOZ:
1.16.00.00.00 Xavfsizlik va huquq tartibot muhofazasi / 16.03.00.00 Davlat xavfsizligi / 16.03.04.00 Davlat sirlari]
Ma’lumotlarni davlat sirlari jumlasiga kiritish va ularni maxfiylashtirish O‘zbekiston Respublikasida maxfiylashtirilishi lozim bo‘lgan ma’lumotlar ro‘yxatiga asosan amalga oshiriladi.
Ma’lumotlarning maxfiylik darajasidan kelib chiqqan holda ma’lumotlarni tarqatish, taqdim etish va (yoki) cheklovlarni belgilash chora-tadbirlari davlat sirlari to‘g‘risidagi qonunchilik talablari doirasida amalga oshiriladi.
[OKOZ:
1.01.00.00.00 Konstitutsiyaviy tuzum / 01.11.00.00 O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi (shuningdek, 02.01.00.00ga qarang)]
O‘zbekiston Respublikasida maxfiylashtirilishi lozim bo‘lgan ma’lumotlar ro‘yxati ushbu Qonunning 3-bobida nazarda tutilgan davlat sirlari jumlasiga kiritiladigan ma’lumotlarga asosan va davlat sirlaridan foydalanuvchi tashkilotlar markaziy organlarining takliflaridan kelib chiqqan holda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan maxsus vakolatli davlat organi bilan kelishuvga ko‘ra tasdiqlanadi.
Davlat sirlaridan foydalanuvchi tashkilotlarning maxfiylashtirilishi lozim bo‘lgan ma’lumotlari ro‘yxati O‘zbekiston Respublikasida maxfiylashtirilishi lozim bo‘lgan ma’lumotlar ro‘yxati asosida ularning markaziy organlari tomonidan maxsus vakolatli davlat organi bilan kelishuvga ko‘ra ishlab chiqiladi va tasdiqlanadi.
14-modda. Ma’lumotlarni davlat sirlari jumlasiga kiritish va ularni maxfiylashtirish prinsiplari
O‘zbekiston Respublikasining davlat sirlari jumlasiga kiritilgan ma’lumotlar hamda ularni tashuvchilar qonuniylik, asoslilik va kechiktirmaslik prinsiplariga muvofiq maxfiylashtiriladi.
Qonuniylik ma’lumotlarni va ularni tashuvchilarni maxfiylashtirishning O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlariga, shuningdek davlat sirlari sohasidagi boshqa qonunchilik hujjatlariga muvofiqligini anglatadi.
Asoslilik davlat sirlarini tashkil etuvchi aniq ma’lumotlarni va ularni tashuvchilarni maxfiylashtirishning maqsadga muvofiqligini, ushbu harakatning ehtimol tutilgan iqtisodiy va boshqa oqibatlarini fuqarolar, tashkilotlar, jamiyat va davlatning hayotiy muhim manfaatlari muvozanatidan kelib chiqqan holda ekspert baholash orqali aniqlashdan iborat.
Kechiktirmaslik davlat sirlarini tashkil etuvchi ma’lumotlarni va ularni tashuvchilarni ular olingan (ishlab chiqilgan) paytdan e’tiboran tarqatish uchun cheklovlar belgilanishini nazarda tutadi.
15-modda. Ma’lumotlarni davlat sirlari jumlasiga kiritish tartibi
Ma’lumotlarni davlat sirlari jumlasiga kiritish davlat sirlaridan foydalanuvchi tashkilotlar tomonidan O‘zbekiston Respublikasida maxfiylashtirilishi lozim bo‘lgan ma’lumotlar ro‘yxatiga asosan amalga oshiriladi. Davlat sirlaridan foydalanuvchi tashkilotlar rahbarlari ma’lumotlarni davlat sirlari jumlasiga kiritish to‘g‘risidagi o‘z qarorlari uchun shaxsan javobgar bo‘ladi.
16-modda. Ma’lumotlarni maxfiylashtirish asoslari
[OKOZ:
1.12.00.00.00 Axborot va axborotlashtirish / 12.03.00.00 Axborot resurslari. Axborot resurslaridan foydalanish / 12.03.05.00 Foydalanish cheklangan axborot / 12.03.05.01 Davlat siri]
Axborotning maxfiylik darajasi davlat sirlaridan foydalanuvchi tashkilotlarning boshqaruv, ishlab chiqarish, ilmiy va boshqa faoliyat turlari natijasida olingan (ishlab chiqilgan) ma’lumotlarning maxfiylik darajasidan kelib chiqqan holda, O‘zbekiston Respublikasida maxfiylashtirilishi lozim bo‘lgan ma’lumotlar ro‘yxatiga asosan belgilanadi.
Tayyorlangan (ishlab chiqilgan) axborotni O‘zbekiston Respublikasida maxfiylashtirilishi lozim bo‘lgan ma’lumotlar ro‘yxati bilan identifikatsiya qilish mumkin bo‘lmagan, shuningdek mazkur axborotdan ochiq foydalanganda biron-bir zarar yetkazish xavfi mavjud bo‘lgan hollarda, davlat sirlaridan foydalanuvchi tashkilotlar rahbarlari tayyorlangan (ishlab chiqilgan) axborotni taxmin qilinayotgan maxfiylik darajasini hisobga olgan holda oldindan maxfiylashtirishi va keyinchalik maxsus vakolatli davlat organining xulosasiga asosan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga O‘zbekiston Respublikasida maxfiylashtirilishi lozim bo‘lgan ma’lumotlar ro‘yxatiga qo‘shimchalar (o‘zgartirishlar) kiritish to‘g‘risidagi asoslangan takliflar kiritishi kerak.
Davlat sirlaridan foydalanuvchi tashkilotlar vaqti-vaqti bilan, biroq besh yilda kamida bir marta ushbu tashkilotlarda amalda bo‘lgan, maxfiylashtirilishi lozim bo‘lgan ma’lumotlar ro‘yxatlarini ma’lumotlarni maxfiylashtirishning asosliligi hamda ularning ilgari belgilangan maxfiylik darajasiga muvofiqligi yuzasidan qayta ko‘rib chiqishi shart.
17-modda. Davlat sirlarini tashkil etuvchi ma’lumotlarning maxfiylik darajalari va ushbu ma’lumotlarni tashuvchilarning maxfiylik griflari
[OKOZ:
1.16.00.00.00 Xavfsizlik va huquq tartibot muhofazasi / 16.03.00.00 Davlat xavfsizligi / 16.03.04.00 Davlat sirlari]
Davlat sirlarini tashkil etuvchi ma’lumotlar maxfiyligining quyidagi uchta darajasi va ushbu darajalarga muvofiq bo‘lgan mazkur ma’lumotlarni tashuvchilar uchun maxfiylik griflari belgilanadi:
maxfiylikning birinchi darajasi — “Alohida ahamiyatli” (birinchi shakldagi davlat sirlaridan foydalanishga doir ruxsatnomaga muvofiq bo‘ladi);
maxfiylikning ikkinchi darajasi — “Mutlaqo maxfiy” (ikkinchi shakldagi davlat sirlaridan foydalanishga doir ruxsatnomaga muvofiq bo‘ladi);
maxfiylikning uchinchi darajasi — “Maxfiy” (uchinchi shakldagi davlat sirlaridan foydalanishga doir ruxsatnomaga muvofiq bo‘ladi).
Davlat ahamiyatiga ega bo‘lgan sirni tashkil etuvchi ma’lumotlarga “Alohida ahamiyatli” yoki “Mutlaqo maxfiy” maxfiylik griflaridan biri beriladi.
Xizmat sirini tashkil etuvchi ma’lumotlarga “Mutlaqo maxfiy” yoki “Maxfiy” maxfiylik griflaridan biri berilishi mumkin.
Davlat sirlari jumlasiga kiritilmagan ma’lumotlar uchun yuqorida ko‘rsatilgan maxfiylik griflaridan foydalanishga yo‘l qo‘yilmaydi.
“Alohida ahamiyatli”, “Mutlaqo maxfiy” va “Maxfiy” maxfiylik darajalariga ega bo‘lgan davlat sirlaridan foydalanish birinchi shakldagi davlat sirlaridan foydalanishga doir ruxsatnoma mavjud bo‘lganda amalga oshiriladi.
“Mutlaqo maxfiy” va “Maxfiy” maxfiylik darajalariga ega bo‘lgan davlat sirlaridan foydalanish ikkinchi shakldagi davlat sirlaridan foydalanishga doir ruxsatnoma mavjud bo‘lganda amalga oshiriladi.
“Maxfiy” maxfiylik darajasiga ega bo‘lgan davlat sirlaridan foydalanish uchinchi shakldagi davlat sirlaridan foydalanishga doir ruxsatnoma mavjud bo‘lganda amalga oshiriladi.
Davlat sirlarini tashkil etuvchi ma’lumotlarning maxfiylik darajasi ushbu ma’lumotlar oshkor etilishi natijasida O‘zbekiston Respublikasining xavfsizligiga yoki davlat sirlaridan foydalanuvchi tashkilotlarning manfaatlariga yetkazilishi mumkin bo‘lgan zararning og‘irlik darajasiga muvofiq bo‘lishi kerak.
18-modda. Davlat sirlarini tashkil etuvchi ma’lumotlarni maxfiylashtirish muddatlari
Ma’lumotlarni davlat sirlari jumlasiga kiritish to‘g‘risida qaror qabul qilingan paytdan e’tiboran tegishli ma’lumotlar maxfiylashtirilgan hisoblanadi.
Davlat sirlarini tashkil etuvchi ma’lumotlarni maxfiylashtirish muddati davlat ahamiyatiga ega bo‘lgan sir uchun — 30 yildan va xizmat siri uchun — 10 yildan oshmasligi kerak.
Alohida hollarda, davlat ahamiyatiga ega bo‘lgan sirni maxfiylashtirish muddati O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori bilan, xizmat sirini maxfiylashtirish muddati esa xizmat siridan foydalanuvchi tashkilotning qarori bilan uzaytirilishi mumkin. Mazkur hollarda tegishli ekspertlar komissiyasining xulosasi talab etiladi.
19-modda. Maxfiylashtirilmaydigan ma’lumotlar
[OKOZ:
1.01.00.00.00 Konstitutsiyaviy tuzum / 01.06.00.00 Inson va fuqaroning huquqlari, erkinliklari va burchlari / 01.06.01.00 Umumiy qoidalar;
2.07.00.00.00 Moliya va kredit to‘g‘risidagi qonunchilik. Bank faoliyati / 07.05.00.00 Respublika budjeti / 07.05.01.00 Umumiy qoidalar;
3.09.00.00.00 Tadbirkorlik va xo‘jalik faoliyati / 09.14.00.00 Qishloq xo‘jaligi / 09.14.01.00 Umumiy qoidalar;
4.14.00.00.00 Sog‘liqni saqlash. Jismoniy tarbiya. Sport. Turizm / 14.01.00.00 Sog‘liqni saqlash / 14.01.08.00 Aholining sanitariya-epidemiologik sog‘lomligi / 14.01.08.02 Sanitariya va gigiyena me’yorlari hamda qoidalari;
5.16.00.00.00 Xavfsizlik va huquq tartibot muhofazasi / 16.04.00.00 Jamiyat xavfsizligi / 16.04.11.00 Favquloddagi holatlar va jamiyat xavfsizligining boshqa masalalari]
Quyidagi ma’lumotlar maxfiylashtirilmaydi:
favqulodda vaziyatlar hamda fuqarolarning hayotiga, sog‘lig‘iga va xavfsizligiga tahdid soluvchi boshqa hollar hamda ularning oqibatlari to‘g‘risidagi, shuningdek tabiiy ofatlar, ularning rasmiy prognozlari va oqibatlari haqidagi ma’lumotlar;
ekologiyaning, sog‘liqni saqlashning, sanitariya, demografiya, ta’lim, madaniyatning, tibbiy xizmat ko‘rsatishning, ijtimoiy ta’minotning va qishloq xo‘jaligining holati to‘g‘risidagi ma’lumotlar;
jinoyatchilikning holati to‘g‘risidagi ma’lumotlar;
O‘zbekiston Respublikasining makroiqtisodiy ko‘rsatkichlari, Davlat budjeti parametrlari, shuningdek O‘zbekiston Respublikasini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish haqidagi jamlanma statistika ma’lumotlari;
inson huquq va erkinliklarining buzilishlari to‘g‘risidagi ma’lumotlar;
davlat organlari, boshqa tashkilotlar va ularning mansabdor shaxslari tomonidan qonunchilikning buzilishlari haqidagi ma’lumotlar;
foydalanilishi, tarqatilishi va taqdim etilishi qonun bilan cheklanmagan boshqa ma’lumotlar.
Ushbu moddaning birinchi qismida ko‘rsatilgan ma’lumotlarni maxfiylashtirish to‘g‘risida asoslanmagan qaror qabul qilgan mansabdor shaxslar fuqarolar, tashkilotlar, jamiyat va davlatga yetkazilgan moddiy va (yoki) ma’naviy zarardan kelib chiqqan holda qonunchilikka muvofiq javobgar bo‘ladi.
LexUZ sharhi
Qarang: O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 57-bobi.
Fuqarolar ushbu moddaning birinchi qismida ko‘rsatilgan ma’lumotlarni maxfiylashtirish to‘g‘risidagi asoslanmagan qarorlar ustidan sudga shikoyat qilish huquqiga ega.
20-modda. Ma’lumotlar va ularni tashuvchilar maxfiylashtirilishi munosabati bilan jismoniy shaxslarning hamda tashkilotlarning mulk huquqini cheklash
[OKOZ:
1.03.00.00.00 Fuqarolik qonunchiligi / 03.08.00.00 Mulk huquqi va boshqa ashyoviy huquqlar / 03.08.02.00 Mulk huquqining vujudga kelishi va uning bekor bo‘lishi;
2.16.00.00.00 Xavfsizlik va huquq tartibot muhofazasi / 16.03.00.00 Davlat xavfsizligi / 16.03.04.00 Davlat sirlari;
3.16.00.00.00 Xavfsizlik va huquq tartibot muhofazasi / 16.03.00.00 Davlat xavfsizligi / 16.03.06.00 Iqtisodiy xavfsizlik. Moddiy zaxira]
Davlat sirlaridan foydalanuvchi tashkilotlar rahbarlari jismoniy shaxslarning yoki tashkilotlarning (bundan buyon matnda ma’lumotlarni tashuvchilarning mulkdori deb yuritiladi) mulkida bo‘lgan ma’lumotlarni va ularni tashuvchilarni maxfiylashtirish to‘g‘risida qarorlar qabul qilishga haqli. Ko‘rsatilgan ma’lumotlarni hamda ularni tashuvchilarni maxfiylashtirish ushbu ma’lumotlarni tashuvchilarning mulkdori hamda mazkur ma’lumotlar va ularni tashuvchilar o‘z tasarrufiga o‘tayotgan davlat sirlaridan foydalanuvchi tashkilotlar o‘rtasidagi ushbu ma’lumotlarni boshqa shaxsga berish to‘g‘risidagi shartnomaga asosan amalga oshiriladi.
Shartnomada quyidagilar ko‘rsatiladi:
ma’lumotlar va ularni tashuvchilar maxfiylashtirilishi munosabati bilan ma’lumotlarni tashuvchilarning mulkdoriga to‘lanadigan kompensatsiya miqdori;
ma’lumotlarni tashuvchilar mulkdorining ushbu ma’lumotlarni oshkor etmaslik bo‘yicha majburiyatlari.
Ma’lumotlarni tashuvchilarning mulkdori ushbu ma’lumotlarni boshqa shaxsga o‘tkazishni rad etgan taqdirda, sudning qaroriga ko‘ra ushbu ma’lumotlar ularni boshqa shaxsga berishga doir xarajatlar chegirib tashlanib, boshqa shaxsga berilayotgan ma’lumotlarning qiymati mulkdorga qoplangan holda majburiy ravishda boshqa shaxsga berilishi va maxfiylashtirilishi lozim hamda mulkdor davlat sirlarini tashkil etuvchi ma’lumotlarni oshkor etganlik uchun qonunchilikka muvofiq javobgarlikka tortilishi to‘g‘risida ogohlantiriladi.
Chet el fuqarolariga, xorijiy va xalqaro tashkilotlarga tegishli bo‘lgan ma’lumotlarga va ularni tashuvchilarga bo‘lgan mulk huquqi, agar bu ma’lumotlar ushbu Qonun talablarini buzmagan holda olingan (ishlab chiqilgan) bo‘lsa, cheklanishi mumkin emas.
Ma’lumotlar va ularni tashuvchilar maxfiylashtirilishi munosabati bilan fuqarolar o‘zining mulk huquqi cheklanganligi to‘g‘risidagi qarorlar ustidan sudga shikoyat qilish huquqiga ega.
Ma’lumotlar va ularni tashuvchilar maxfiylashtirilishi natijasida ma’lumotlarni tashuvchilarning mulkdoriga yetkazilgan zararning o‘rni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan tartibda qoplanadi.
LexUZ sharhi
Qarang: O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 57-bobi.
5-bob. Ma’lumotlarni va ularni tashuvchilarni maxfiylikdan chiqarish
21-modda. Ma’lumotlarni maxfiylikdan chiqarish asoslari
Ma’lumotlarni maxfiylikdan chiqarish asoslari quyidagilardan iborat:
O‘zbekiston Respublikasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasida davlat sirlarini tashkil etuvchi ayrim ma’lumotlarni almashish bo‘yicha xalqaro majburiyatlarni qabul qilish;
davlat sirlarini tashkil etuvchi ma’lumotlarni bundan buyon himoya qilish obyektiv holatlar o‘zgarishi natijasida maqsadga muvofiq emas deb topilishi;
O‘zbekiston Respublikasida maxfiylashtirilishi lozim bo‘lgan ma’lumotlar ro‘yxatiga o‘zgartirish yoki qo‘shimcha kiritilishi;
davlat sirlaridan foydalanuvchi tashkilotlarning maxfiylashtirilishi lozim bo‘lgan ma’lumotlari ro‘yxatiga o‘zgartirish yoki qo‘shimcha kiritilishi;
davlat sirlarini tashkil etuvchi ma’lumotlarni maxfiylashtirish muddati tugashi.
Qonunchilikda ma’lumotlarni maxfiylikdan chiqarishning boshqa asoslari ham belgilanishi mumkin.
22-modda. Davlat sirlarini tashkil etuvchi ma’lumotlarni va ularni tashuvchilarni maxfiylikdan chiqarish
Davlat sirlaridan foydalanuvchi tashkilotlarda ma’lumotlarni va ularni tashuvchilarni maxfiylikdan chiqarish ushbu tashkilotlarning qabul qilingan qarorning asoslanganligi uchun shaxsan javobgar bo‘lgan rahbarlari qaroriga ko‘ra amalga oshiriladi.
Ma’lumotlarni va ularni tashuvchilarni maxfiylashtirishning belgilangan muddati tugaganidan keyin yoki ma’lumotlarni va ularni tashuvchilarni maxfiylikdan chiqarish to‘g‘risida qaror qabul qilingan taqdirda, davlat sirlaridan foydalanuvchi tashkilotlarning rahbarlari mazkur ma’lumotlarni va ularni tashuvchilarni uch oylik muddatda maxfiylikdan chiqarishi shart.
[OKOZ:
1.12.00.00.00 Axborot va axborotlashtirish / 12.03.00.00 Axborot resurslari. Axborot resurslaridan foydalanish / 12.03.03.00 Arxiv fondi. Arxivlar]
Davlat arxivlarining rahbarlariga mazkur arxivlarning yopiq fondlarida saqlanayotgan davlat sirlarini tashkil etuvchi ma’lumotlarni tashuvchilarni maxfiylikdan chiqarish vakolatlari arxiv fondini shakllantiruvchi tashkilot yoki uning huquqiy vorisi tomonidan beriladi. Agar arxiv fondini shakllantiruvchi tashkilot tugatilgan bo‘lsa va uning huquqiy vorisi bo‘lmasa, davlat sirlarini tashkil etuvchi ma’lumotlarni tashuvchilarni maxfiylikdan chiqarish masalasi maxsus vakolatli davlat organi bilan kelishuvga ko‘ra O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan ko‘rib chiqiladi.
Ma’lumotlarning maxfiylik darajasini o‘zgartirish yoki ularni maxfiylikdan chiqarish mavjud maxfiylik grifini bekor qilish hamda ularni tashuvchilarda yangi hisobga olish rekvizitlarini ko‘rsatish orqali amalga oshirilishi kerak.
Ma’lumotlarni va ularni tashuvchilarni maxfiylikdan chiqarish tartibi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
23-modda. Davlat organlarining va boshqa tashkilotlarning, shuningdek jismoniy shaxslarning ma’lumotlarni va ularni tashuvchilarni maxfiylikdan chiqarish to‘g‘risidagi takliflarini ko‘rib chiqish
[OKOZ:
1.01.00.00.00 Konstitutsiyaviy tuzum / 01.14.00.00 Davlat organlarining huquq ijodkorligi faoliyati / 01.14.02.00 Qonunchilik tashabbusi]
Davlat organlari va boshqa tashkilotlar, shuningdek jismoniy shaxslar davlat sirlarini tashkil etuvchi ma’lumotlarni va ularni tashuvchilarni maxfiylikdan chiqarish to‘g‘risidagi taklif bilan davlat sirlaridan foydalanuvchi tashkilotlarga qonunchilikda belgilangan tartibda murojaat qilish huquqiga ega.
LexUZ sharhi
Qarang: O‘zbekiston Respublikasining “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risida”gi Qonuni.
6-bob. Davlat sirlaridan foydalanishga doir ruxsatnoma berish
24-modda. O‘zbekiston Respublikasining fuqarolariga, chet el fuqarolariga va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarga davlat sirlaridan foydalanishga doir ruxsatnomani berish asoslari
O‘zbekiston Respublikasining fuqarolariga, chet el fuqarolariga va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarga davlat sirlaridan foydalanishga doir ruxsatnomani berish davlat sirlaridan foydalanuvchi tashkilotning davlat sirlaridan foydalanishga doir ruxsatnoma rasmiylashtirilishi zarur bo‘lgan lavozimlari nomenklaturasiga asosan maxsus vakolatli davlat organi tomonidan amalga oshiriladi.
Davlat sirlaridan foydalanuvchi tashkilotning davlat sirlaridan foydalanishga doir ruxsatnoma rasmiylashtirilishi zarur bo‘lgan lavozimlari nomenklaturasi maxsus vakolatli davlat organi bilan kelishilgan holda mazkur tashkilot rahbari tomonidan tasdiqlanadi.
Mazkur lavozimlar nomenklaturasiga kiritilgan lavozimlarga tayinlanadigan shaxslarga davlat sirlaridan foydalanishga doir tegishli shakldagi ruxsatnoma rasmiylashtiriladi va ular bilan davlat sirlarini tashkil etuvchi ma’lumotlarni oshkor etmaslik to‘g‘risida kelishuv imzolanadi.
Davlat sirlaridan foydalanishga doir tegishli shakldagi ruxsatnomaga ega bo‘lmagan shaxslarning davlat sirlaridan foydalanishga doir ruxsatnoma rasmiylashtirilishi zarur bo‘lgan lavozimlar nomenklaturasiga kiritilgan lavozimlarga tayinlanishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
Chet el fuqarolariga va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarga davlat sirlaridan foydalanishga doir ruxsatnoma O‘zbekiston Respublikasi xalqaro shartnomalarining talablariga rioya etish sharti bilan va boshqa qonunchilik hujjatlariga asosan berilishi mumkin.
Chet el fuqarolariga va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarga davlat sirlaridan foydalanishga doir ruxsatnomani berish va bekor qilish tartibi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
Davlat sirlaridan foydalanishga doir ruxsatnoma o‘n sakkiz yoshga to‘lgan shaxslarga rasmiylashtiriladi, bundan ushbu moddaning sakkizinchi qismida nazarda tutilgan hollar mustasno.
Qonunchilikda belgilangan ayrim hollarda, o‘n olti yoshga to‘lgan shaxslarga ikkinchi yoki uchinchi shakldagi, o‘n yetti yoshga to‘lgan shaxslarga esa birinchi yoki ikkinchi shakldagi davlat sirlaridan foydalanishga doir ruxsatnoma rasmiylashtirilishi mumkin.
25-modda. O‘zbekiston Respublikasining fuqarolariga, chet el fuqarolariga va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarga davlat sirlaridan foydalanishga doir ruxsatnoma berishga oid talablar
O‘zbekiston Respublikasining fuqarolariga, chet el fuqarolariga va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarga davlat sirlaridan foydalanishga doir ruxsatnomani rasmiylashtirishda quyidagilar talab etiladi:
shaxsning o‘ziga ishonib topshirilgan davlat sirlarini tashkil etuvchi ma’lumotlarni oshkor etmaslik to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi oldida yozma majburiyat qabul qilishi;
shaxsning ushbu Qonunning 30-moddasiga muvofiq o‘z huquqlari cheklanishiga yozma ravishda rozilik berishi;
shaxs tomonidan davlat sirlaridan foydalanishga doir ruxsatnoma berilishidan oldin maxsus vakolatli davlat organining ushbu shaxsga nisbatan tekshiruv tadbirlarini o‘tkazishiga yozma rozilik berishi;
davlat sirlari to‘g‘risidagi qonunchilik bilan tanishish, shu jumladan uni buzganlik uchun javobgarlikka oid qismi bilan tanishish.
26-modda. Davlat sirlaridan foydalanishga doir ruxsatnoma berishning alohida tartibi
Quyidagi shaxslarga davlat sirlaridan foydalanishga doir tegishli shakldagi ruxsatnoma tekshiruv tadbirlari o‘tkazilmasdan rasmiylashtiriladi:
[OKOZ:
1.01.00.00.00 Konstitutsiyaviy tuzum / 01.10.00.00 O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti / 01.10.02.00 Vakolat]
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga — lavozimga kirishgan paytdan e’tiboran vakolatlari muddatiga;
O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziriga — lavozimga tayinlangan kundan e’tiboran vakolatlari muddatiga;
[OKOZ:
1.01.00.00.00 Konstitutsiyaviy tuzum / 01.08.00.00 O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi / 01.08.03.00 Oliy Majlis Qonunchilik palatasi (quyi palata) / 01.08.03.01 Oliy Majlis Qonunchilik palatasi vakolati]
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining deputatlariga — ular saylangan kundan e’tiboran vakolatlari muddatiga;
[OKOZ:
1.01.00.00.00 Konstitutsiyaviy tuzum / 01.08.00.00 O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi / 01.08.02.00 Oliy Majlis Senati (yuqori palatasi) / 01.08.02.01 Oliy Majlis Senati vakolati]
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining a’zolariga — ular saylangan (tayinlangan) kundan e’tiboran vakolatlari muddatiga;
O‘zbekiston Respublikasi sudyalariga — ular saylangan (tayinlangan) kundan e’tiboran vakolatlari muddatiga;
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari tomonidan saylangan yoki O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining taqdimiga binoan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati tomonidan saylangan va tayinlangan shaxslarga — o‘z xizmat faoliyati davriga;
[OKOZ:
1.16.00.00.00 Xavfsizlik va huquq tartibot muhofazasi / 16.02.00.00 Xavfsizlikni ta’minlash kuchlari / 16.02.08.00 Boshqa davlat xavfsizlikni ta’minlash organlari]
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti davlat xavfsizlik xizmatiga lavozimga tayinlangan shaxslarga — o‘z xizmat faoliyati davriga;
[OKOZ:
1.16.00.00.00 Xavfsizlik va huquq tartibot muhofazasi / 16.02.00.00 Xavfsizlikni ta’minlash kuchlari / 16.02.03.00 Davlat xavfsizlik xizmati organlari]
O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmatiga lavozimga tayinlangan shaxslarga — o‘z xizmat faoliyati davriga;
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan lavozimga tayinlangan shaxslarga — o‘z xizmat faoliyati davriga.
27-modda. O‘zbekiston Respublikasining fuqarosiga yoki mansabdor shaxsga davlat sirlaridan foydalanishga doir ruxsatnomani rasmiylashtirishni rad etish asoslari
[OKOZ:
1.16.00.00.00 Xavfsizlik va huquq tartibot muhofazasi / 16.13.00.00 Jinoyat-ijroiya qonunchiligi / 16.13.02.00 Sudlanganlar va qamoqdagi shaxslarning huquqiy holati;
2.16.00.00.00 Xavfsizlik va huquq tartibot muhofazasi / 16.13.00.00 Jinoyat-ijroiya qonunchiligi / 16.13.13.00 Boshqa jinoyat-huquqiy ta’sir choralari]
O‘zbekiston Respublikasining fuqarosiga yoki mansabdor shaxsga davlat sirlaridan foydalanishga doir ruxsatnomani rasmiylashtirishni rad etish uchun quyidagilar asos bo‘ladi:
shaxsning qasddan sodir etilgan jinoyat uchun sudlanganlik holati tugallanmaganligi yoki sudlanganligi olib tashlanmaganligi;
shaxsning davlat sirlari to‘g‘risidagi qonunchilikni buzganligi bilan bog‘liq bo‘lgan jinoyat, fuqarolik, iqtisodiy yoki ma’muriy ishning mavjudligi;
shaxsni muomalaga layoqatsiz yoki muomala layoqati cheklangan deb topish to‘g‘risidagi sud qarorining qonuniy kuchga kirganligi;
tekshiruv tadbirlari natijasida shaxsning O‘zbekiston Respublikasi xavfsizligiga tahdid soluvchi harakatlari aniqlanganligi (bunday tahdidlarning ro‘yxati maxsus vakolatli davlat organi tomonidan belgilanadi);
shaxsning tekshiruv tadbirlaridan bo‘yin tovlashi va (yoki) o‘zi yoxud yaqin qarindoshlari to‘g‘risida qasddan yolg‘on ma’lumotlar berganligi.
O‘ziga nisbatan davlat sirlaridan foydalanishga doir ruxsatnomani rasmiylashtirish rad etilgan shaxs ushbu qaror ustidan yuqori turuvchi organga yoki sudga shikoyat qilish huquqiga ega.
Davlat sirlaridan foydalanuvchi tashkilot rahbari tomonidan tavsiya etilgan nomzodga davlat sirlaridan foydalanishga doir ruxsatnomani rasmiylashtirishni rad etish to‘g‘risidagi maxsus vakolatli davlat organining asoslantirilgan xulosasi nomzodning davlat sirlaridan foydalanish huquqini cheklash uchun asos bo‘ladi. Biroq davlat sirlaridan foydalanishga doir ruxsatnomani rasmiylashtirishni rad etish uchun asos bo‘lib xizmat qilgan holatlar o‘zgargan taqdirda, o‘ziga nisbatan bunday ruxsatnomani rasmiylashtirish rad etilgan shaxs davlat sirlaridan foydalanishga doir ruxsatnomani rasmiylashtirish uchun qayta murojaat etish huquqiga ega.
28-modda. Davlat sirlaridan foydalanish huquqini rasmiylashtirish asoslari
O‘zbekiston Respublikasi fuqarolariga davlat sirlaridan foydalanish huquqini berish quyidagilarni nazarda tutadi:
davlat sirlarini tashkil etuvchi ma’lumotlar bilan ishlash zaruratini aniqlashni;
davlat sirlaridan foydalanishga doir ruxsatnomaning mavjudligini;
davlat sirlaridan bevosita foydalanish huquqini berish to‘g‘risida davlat sirlaridan foydalanuvchi tashkilot rahbari tomonidan qaror qabul qilinishini.
Davlat sirlaridan foydalanish huquqini berishni rad etish to‘g‘risidagi qaror davlat sirlaridan foydalanuvchi tashkilot rahbari tomonidan ushbu Qonunga asosan qabul qilinadi. Mazkur qaror shaxs o‘ziga ishonib topshirilgan davlat sirlarini oshkor etmaslik to‘g‘risidagi yozma majburiyatni o‘z zimmasiga olishni rad etgan taqdirda ham qabul qilinadi.
Davlat sirlaridan foydalanish huquqini rasmiylashtirish tartibi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
29-modda. Davlat sirlaridan foydalanish huquqini bekor qilish asoslari
O‘zbekiston Respublikasi fuqarosining yoki mansabdor shaxsning davlat sirlaridan foydalanish huquqi quyidagi hollarda davlat sirlaridan foydalanuvchi tashkilot rahbarining qarori bilan bekor qilinishi mumkin:
shaxs davlat sirlaridan foydalanish va ularni himoya qilish bilan bog‘liq o‘z zimmasiga olgan majburiyatlarni hamda cheklovlarni buzganda;
ushbu Qonun 27-moddasining birinchi qismida nazarda tutilgan davlat sirlaridan foydalanishga doir ruxsatnomani rasmiylashtirishni rad etishga asos bo‘ladigan holatlar yuzaga kelganda;
davlat sirlaridan foydalanuvchi tashkilot bilan mehnat shartnomasi tugatilganda;
davlat sirlaridan foydalanish bilan bog‘liq ishlarni bajarishdagi ishtirok yakunlanganda yoki bunday ishlar tugatilganda;
ushbu Qonunning 26-moddasida ko‘rsatilgan mansabdor shaxslarning vakolatlari tugatilganda;
shaxsga berilgan davlat sirlaridan foydalanishga doir ruxsatnoma bekor qilinganligi to‘g‘risida davlat sirlaridan foydalanuvchi tashkilotga maxsus vakolatli davlat organi tomonidan ko‘rsatma kiritilganda.
Davlat sirlaridan foydalanish huquqi shaxsga berilgan davlat sirlaridan foydalanishga doir ruxsatnoma bekor qilinganda tugatiladi. Maxsus vakolatli davlat organining qarori davlat sirlaridan foydalanishga doir ruxsatnomaning bekor qilinishi uchun asos bo‘ladi.
Davlat sirlaridan foydalanishga doir ruxsatnomaning bekor qilinishi quyidagilar uchun asos bo‘ladi:
shaxsni davlat sirlari bilan bog‘liq bo‘lmagan boshqa ishga o‘tkazish;
shaxs bilan mehnat shartnomasini bekor qilish, agar bajariladigan ish bunday ruxsatnomani talab qilsa.
Davlat sirlaridan foydalanishga doir ruxsatnomaning bekor qilinishi shaxslarni davlat sirlarini tashkil etuvchi ma’lumotlarni oshkor etmaslik bo‘yicha o‘z zimmasiga olingan majburiyatlarni bajarishdan ozod etmaydi.
Davlat sirlaridan foydalanuvchi tashkilot rahbarining davlat sirlaridan foydalanish huquqini bekor qilish to‘g‘risidagi qarori ustidan yuqori turuvchi organga yoki sudga shikoyat qilinishi mumkin.
30-modda. Davlat sirlaridan xabardor bo‘lgan shaxslarning huquqlarini cheklash
Davlat sirlaridan xabardor bo‘lgan shaxslarning huquqlari vaqtincha cheklanishi mumkin.
[OKOZ:
1.05.00.00.00 Mehnat va aholining bandligi to‘g‘risidagi qonunchilik / 05.02.00.00 Mehnat / 05.02.07.00 Mehnat shartnomasi (kontrakt);
2.16.00.00.00 Xavfsizlik va huquq tartibot muhofazasi / 16.03.00.00 Davlat xavfsizligi / 16.03.04.00 Davlat sirlari]
Cheklovlar quyidagilarga nisbatan tatbiq etilishi mumkin:
davlat sirlaridan foydalanishga doir rasmiylashtirilgan ruxsatnomaning amal qilishi va mehnat shartnomasida (kontraktda) nazarda tutilgan muddati ichida O‘zbekiston Respublikasi hududidan tashqariga chiqish huquqiga (faqat O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari uchun);
davlat sirlarini tashkil etuvchi ma’lumotlarni o‘z ichiga olgan kashfiyotlar va ixtirolardan foydalanish hamda bunday ma’lumotlarni tarqatish huquqiga;
davlat sirlaridan foydalanishga doir ruxsatnomani rasmiylashtirish davrida tekshiruv tadbirlarini o‘tkazish chog‘ida shaxsiy hayot daxlsizligiga bo‘lgan huquqqa.
Davlat sirlaridan foydalanishga doir ruxsatnomaning amal qilishi tugatilganidan keyin O‘zbekiston Respublikasi hududidan tashqariga chiqishga doir cheklovning amal qilish muddati har bir holda shaxsga ma’lum bo‘lgan maxfiy ma’lumotlarning xususiyatiga qarab quyidagi tarzda belgilanadi:
“Alohida ahamiyatli” grifli maxfiy ma’lumotlar uchun — ko‘pi bilan uch yil;
“Mutlaqo maxfiy” grifli maxfiy ma’lumotlar uchun — ko‘pi bilan ikki yil;
“Maxfiy” grifli maxfiy ma’lumotlar uchun — ko‘pi bilan bir yil.
Davlat sirlaridan foydalanishga doir ruxsatnomaning amal qilishi tugatilganidan keyin O‘zbekiston Respublikasi hududidan tashqariga chiqishga doir cheklovga beriladigan istisnolar O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
7-bob. Davlat sirlarini tashkil etuvchi ma’lumotlarni tasarruf etish
31-modda. Davlat sirlariga egalik qilish, ulardan foydalanish va ularni tasarruf etish
Davlat sirlaridan foydalanuvchi tashkilotlar davlat sirlari to‘g‘risidagi qonunchilikka muvofiq davlat sirlariga egalik qiladi, ulardan foydalanadi hamda ularni tasarruf etadi.
Davlat sirlarini va ularni tashuvchilarni oluvchi (so‘rab oluvchi) davlat sirlaridan foydalanuvchi tashkilotlar ulardan foydalanishda tegishli maxfiylik rejimini ta’minlaydigan shart-sharoitlarni yaratishi shart.
32-modda. Davlat sirlarini tashkil etuvchi ma’lumotlarni yuborish
Davlat sirlaridan foydalanuvchi tashkilotlarning birgalikdagi va boshqa faoliyati amalga oshirilishi doirasida davlat sirlarini tashkil etuvchi ma’lumotlarni yuborish tartibi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
8-bob. Davlat sirlarini himoya qilish
33-modda. Davlat sirlaridan foydalanuvchi tashkilotlarda davlat sirlarini himoya qilishni ta’minlash
Davlat sirlari O‘zbekiston Respublikasining mulki va uning himoyasidadir.
Davlat sirlarini himoya qilish davlat sirlaridan foydalanuvchi tashkilotlarning asosiy vazifalaridan biridir.
Davlat sirlaridan foydalanuvchi tashkilotlarda davlat sirlarini himoya qilishni tashkil etish ularning rahbarlari zimmasiga yuklatiladi.
Davlat sirlarini himoya qilish davlat sirlari oshkor etilishining va yo‘qolishining oldini olishga qaratilgan tashkiliy, huquqiy, muhandislik-texnik, kriptografik va boshqa chora-tadbirlar majmuini qonunchilikka muvofiq o‘tkazish yo‘li bilan amalga oshiriladi.
34-modda. Davlat sirlaridan foydalanuvchi tashkilotlarning mulkchilik shakli yoki faoliyati yo‘nalishlari o‘zgarganda davlat sirlarini himoya qilish
Davlat sirlaridan foydalanuvchi tashkilotlar o‘z mulkchilik shakli yoki faoliyat yo‘nalishlari o‘zgarganda, shu jumladan davlat sirlaridan foydalanish bilan bog‘liq ishlar to‘xtatib turilganda yoki tugatilganda davlat sirlarini tashkil etuvchi ma’lumotlarni va ularni tashuvchilarni himoya qilish choralarini ko‘rishi kerak.
Bunda davlat sirlarini tashkil etuvchi ma’lumotlarni tashuvchilar yo‘q qilinadi, saqlash uchun idoraviy yoki davlat arxivlariga topshiriladi yoxud belgilangan tartibda quyidagilarga beriladi:
davlat sirlaridan foydalanuvchi tashkilotning huquqiy vorisiga, agar ushbu huquqiy voris ko‘rsatilgan ma’lumotlardan foydalangan holda ishlarni bajarish vakolatiga ega bo‘lsa;
tegishli axborotni tasarruf etuvchi, davlat sirlaridan foydalanuvchi boshqa tashkilotga.
Davlat sirlaridan foydalanuvchi tashkilot davlat sirlarini tashuvchilar yo‘q qilinganligi, davlat sirlarini tashkil etuvchi ma’lumotlar saqlash uchun arxivga topshirilganligi yoxud huquqiy vorisga yoki tegishli axborotni tasarruf etuvchi, davlat sirlaridan foydalanuvchi boshqa tashkilotga topshirilganligi to‘g‘risida maxsus vakolatli davlat organini yozma ravishda xabardor qilishi kerak.
Davlat sirlaridan foydalanuvchi tashkilotlarning mulkchilik shakli va faoliyati yo‘nalishlari o‘zgarganda davlat sirlarini himoya qilish tartibi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
35-modda. Chet davlatlarning va xalqaro tashkilotlarning maxfiy ma’lumotlarini himoya qilish
[OKOZ:
1.19.00.00.00 Xalqaro munosabatlar. Xalqaro huquq / 19.06.00.00 Xalqaro shartnomalar huquqi / 19.06.01.00 Umumiy masalalar;
2.19.00.00.00 Xalqaro munosabatlar. Xalqaro huquq / 19.08.00.00 Xalqaro tashkilotlar va ittifoqlar / 19.08.01.00 Birlashgan Millatlar Tashkiloti (BMT). BMT tizimiga kiruvchi tashkilotlar: (Jahon meteorologiya tashkiloti (VMO), Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (VOZ), Jahon intellektual mulk tashkiloti (VOIS), Jahon pochta ittifoqi (VPS), Xalqaro rivojlanish assotsiatsiyasi (MAR), Xalqaro moliya korporatsiyasi (MFK), Xalqaro taraqqiyot va rivojlanish banki (MBRR), Investitsiya kafolatlari bo‘yicha ko‘p tomonlama agentlik (MAIG), Xalqaro valyuta jamg‘armasi (MVF), Xalqaro dengiz tashkiloti (IMO), Xalqaro fuqaro aviatsiyasi tashkiloti (IKAO), Xalqaro mehnat tashkiloti (MOT), Xalqaro elektr aloqa ittifoqi (MSE), Qishloq xo‘jaligini rivojlantirish xalqaro jamg‘armasi (MFSR), YuNESKO, Xalqaro rivojlanish bo‘yicha Birlashgan Millatlar Tashkiloti (YuNIDO), BMT ning oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO))]
Chet davlatlarning va xalqaro tashkilotlarning O‘zbekiston Respublikasiga xalqaro shartnomalarga asosan yoki uning xalqaro tashkilotlarga a’zoligi munosabati bilan berilgan maxfiy ma’lumotlarini, shuningdek ularning birgalikdagi faoliyati davomida shakllantirilgan maxfiy ma’lumotlarni himoya qilish O‘zbekiston Respublikasining qonunchiligiga va xalqaro shartnomalariga muvofiq amalga oshiriladi.
36-modda. Davlat sirlarini himoya qilishga doir talablar
Davlat sirlarining kriptografik va texnik himoya vositalari, shuningdek axborotlashtirishning texnik vositalari O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan tegishli maxfiylik darajasidagi axborotni himoya qilish talablariga muvofiqlikni tasdiqlovchi sertifikatga ega bo‘lishi kerak.
Davlat sirlarini himoya qilish vositalarini tadqiq etish, loyihalashtirish, ishlab chiqish, ishlab chiqarish, realizatsiya qilish, ta’mirlash, tashish, ulardan foydalanish, ularni saqlash va utilizatsiya qilish qonunchilikka muvofiq amalga oshirilishi kerak.
37-modda. Davlat sirlarining kriptografik himoya vositalarini ishlab chiqish, ishlab chiqarish va realizatsiya qilish
Davlat sirlarining kriptografik himoya vositalarini ishlab chiqish, ishlab chiqarish va realizatsiya qilish bo‘yicha faoliyat tegishli tekshiruv tadbirlari natijalariga ko‘ra maxsus vakolatli davlat organi tomonidan beriladigan litsenziyaga asosan amalga oshiriladi.
Davlat sirlarining kriptografik himoya vositalarini ishlab chiqish, ishlab chiqarish va realizatsiya qilish bo‘yicha faoliyatni litsenziyalash tartibi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
LexUZ sharhi
Qarang: O‘zbekiston Respublikasining “Litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari to‘g‘risida”gi Qonuni, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2007-yil 3-apreldagi PQ-614-sonli “O‘zbekiston Respublikasida axborotni kriptografik muhofaza qilishni tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori.
38-modda. Davlat sirlarini himoya qilish tadbirlarini moliyalashtirish
[OKOZ:
1.07.00.00.00 Moliya va kredit to‘g‘risidagi qonunchilik. Bank faoliyati / 07.05.00.00 Respublika budjeti / 07.05.01.00 Umumiy qoidalar]
Davlat organlari va tashkilotlarining, shuningdek ularning tarkibiy bo‘linmalarining davlat sirlarini himoya qilish bo‘yicha faoliyati O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti hisobidan, davlat sirlaridan foydalanuvchi boshqa tashkilotlarning faoliyati esa ular faoliyatining asosiy yo‘nalishlaridan olinadigan daromadlar hisobidan moliyalashtiriladi.
Davlat sirlarini himoya qilish tadbirlarini amalga oshirish uchun ajratiladigan budjet mablag‘larining sarflanishi ustidan nazorat qonunchilikda belgilangan tartibda amalga oshiriladi. Agar ushbu nazoratni amalga oshirish davlat sirlarini tashkil etuvchi ma’lumotlardan foydalanish bilan bog‘liq bo‘lsa, nazoratni amalga oshiruvchi shaxslar davlat sirlaridan foydalanishga doir tegishli shakldagi ruxsatnomaga ega bo‘lishi kerak.
39-modda. Davlat sirlarining himoya qilinishini ta’minlash ustidan nazorat
[OKOZ:
1.16.00.00.00 Xavfsizlik va huquq tartibot muhofazasi / 16.03.00.00 Davlat xavfsizligi / 16.03.07.00 Davlat xavfsizligining boshqa masalalari]
Davlat sirlaridan foydalanuvchi tashkilotlarda davlat sirlarining himoya qilinishi maxsus vakolatli davlat organi tomonidan nazorat qilinadi.
Davlat sirlaridan foydalanuvchi tashkilotlar o‘z tasarrufidagi barcha tashkilotlarda davlat sirlarini himoya qilish tizimining samaradorligini nazorat qilishi shart.
Davlat sirlarining himoya qilinishini ta’minlash ustidan nazorat qonunchilikda belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
9-bob. Yakunlovchi qoidalar
40-modda. Davlat sirlaridan foydalanuvchi tashkilotlarning xodimlari uchun beriladigan imtiyozlar
Davlat sirlaridan foydalanuvchi tashkilotlarning xodimlari uchun quyidagi imtiyozlar belgilanadi:
davlat sirlari bilan ishlaganlik va maxfiy-rejim organlaridagi xizmat davri uchun qonunchilikda belgilangan tartibda ish haqiga foizli ustamalar to‘lanishiga bo‘lgan huquq;
davlat sirlaridan foydalanuvchi tashkilotlarda tashkiliy-shtat o‘zgarishlari amalga oshirilganda va boshqa teng shartlar mavjud bo‘lganda maxfiy-rejim organlari xodimlari uchun ish o‘rnining saqlab qolinishiga bo‘lgan huquq.
41-modda. Davlat sirlari to‘g‘risidagi qonunchilikni buzganlik uchun javobgarlik
Davlat sirlari to‘g‘risidagi qonunchilikni buzganlikda aybdor shaxslar belgilangan tartibda javobgar bo‘ladi.
LexUZ sharhi
Qarang: O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksining IX bobi.
42-modda. O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlarini o‘z kuchini yo‘qotgan deb topish
Quyidagilar o‘z kuchini yo‘qotgan deb topilsin:
1) O‘zbekiston Respublikasining 1993-yil 7-mayda qabul qilingan “Davlat sirlarini saqlash to‘g‘risida”gi 848-XII-sonli Qonuni (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Axborotnomasi, 1993-yil, № 5, 232-modda);
2) O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining 1993-yil 7-mayda qabul qilingan “Davlat sirlarini saqlash to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunini amalga kiritish to‘g‘risida”gi 849-XII-sonli Qarori (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Axborotnomasi, 1993-yil, № 5, 233-modda);
3) O‘zbekiston Respublikasining 2019-yil 18-fevralda qabul qilingan “Xavfsizlik va mudofaa sohasidagi ba’zi davlat organlari faoliyati takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O‘RQ-522-sonli Qonuni (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2019-yil, № 2, 47-modda) 7-moddasi;
4) O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-aprelda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartishlar kiritish to‘g‘risida”gi O‘RQ-683-sonli Qonuni (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2021-yil, 4-songa ilova) 28-moddasi.
43-modda. Ushbu Qonunning ijrosini, yetkazilishini, mohiyati va ahamiyati tushuntirilishini ta’minlash
[OKOZ:
1.02.00.00.00 Davlat boshqaruvi asoslari / 02.03.00.00 Respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari va xo‘jalik boshqaruvi organlari / 02.03.01.00 Umumiy masalalar;
2.16.00.00.00 Xavfsizlik va huquq tartibot muhofazasi / 16.02.00.00 Xavfsizlikni ta’minlash kuchlari / 16.02.03.00 Davlat xavfsizlik xizmati organlari;
3.16.00.00.00 Xavfsizlik va huquq tartibot muhofazasi / 16.03.00.00 Davlat xavfsizligi / 16.03.04.00 Davlat sirlari]
O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati va boshqa manfaatdor tashkilotlar ushbu Qonunning ijrosini, ijrochilarga yetkazilishini hamda mohiyati va ahamiyati aholi o‘rtasida tushuntirilishini ta’minlasin.
Ushbu Qonun kuchga kirgunga qadar amalda bo‘lgan davlat sirlarini tashkil etuvchi ma’lumotlarni o‘z ichiga olgan hujjatlarning maxfiylik griflari mazkur hujjatlarni tayyorlagan (ishlab chiqqan) davlat sirlaridan foydalanuvchi tashkilotlarning maxsus komissiyalari tomonidan qayta ko‘rib chiqilishi shart.
44-modda. Qonunchilikni ushbu Qonunga muvofiqlashtirish
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:
ushbu Qonunning 6-moddasida nazarda tutilgan davlat sirlarini xorijiy davlatlar va xalqaro tashkilotlarga berish tartibini ushbu Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran uch oylik muddatda ishlab chiqsin va tasdiqlasin;
ushbu Qonunning 6-moddasida nazarda tutilgan davlat sirlaridan foydalanuvchi tashkilotlarda ekspertlar va maxsus komissiyalarni shakllantirish hamda ularning faoliyatini tashkil etish tartibini ushbu Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran uch oylik muddatda ishlab chiqsin va tasdiqlasin;
ushbu Qonunning 6-moddasida nazarda tutilgan davlat sirlarining oshkor etilishi yoki yo‘qotilishi oqibatida O‘zbekiston Respublikasi xavfsizligiga yoxud davlat sirlaridan foydalanuvchi tashkilotlar manfaatlariga yetkazilgan yoki yetkazilishi mumkin bo‘lgan zarar miqdorini aniqlash tartibini ushbu Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran uch oylik muddatda ishlab chiqsin va tasdiqlasin;
ushbu Qonunning 6 va 20-moddalarida nazarda tutilgan ma’lumotlar va ularni tashuvchilar maxfiylashtirilishi natijasida ma’lumotlarni tashuvchilarning mulkdoriga yetkazilgan zararning miqdorini aniqlash tartibini ushbu Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran uch oylik muddatda ishlab chiqsin va tasdiqlasin;
ushbu Qonunning 6-moddasida nazarda tutilgan maxfiy-rejim organlari xodimlarining lavozim maoshlariga davlat sirlari bilan ishlaganlik hamda ushbu organlardagi xizmat davri uchun ustamalar miqdorini, shuningdek ularni to‘lash tartibini ushbu Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran uch oylik muddatda ishlab chiqsin va tasdiqlasin;
ushbu Qonunning 24-moddasida nazarda tutilgan chet el fuqarolariga va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarga davlat sirlaridan foydalanishga doir ruxsatnomani berish va bekor qilish tartibini ushbu Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran uch oylik muddatda ishlab chiqsin va tasdiqlasin;
ushbu Qonunning 30-moddasida nazarda tutilgan davlat sirlaridan foydalanishga doir ruxsatnomaning amal qilishi tugatilganidan keyin O‘zbekiston Respublikasi hududidan tashqariga chiqishga doir cheklovga beriladigan istisnolar bo‘yicha tartibni ushbu Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran olti oylik muddatda ishlab chiqsin va tasdiqlasin;
ushbu Qonunning 32-moddasida nazarda tutilgan davlat sirlarini tashkil etuvchi ma’lumotlarni davlat sirlaridan foydalanuvchi tashkilotlarning birgalikdagi va boshqa faoliyatni amalga oshirish doirasida yuborish tartibini ushbu Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran uch oylik muddatda ishlab chiqsin va tasdiqlasin;
ushbu Qonunning 34-moddasida nazarda tutilgan davlat sirlaridan foydalanuvchi tashkilotlarning mulkchilik shakli va faoliyati yo‘nalishlari o‘zgarganda davlat sirlarini himoya qilish tartibini ushbu Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran uch oylik muddatda ishlab chiqsin va tasdiqlasin;
hukumat qarorlarini ushbu Qonunga muvofiqlashtirsin;
respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari ushbu Qonunga zid bo‘lgan o‘z normativ-huquqiy hujjatlarini qayta ko‘rib chiqishlari va bekor qilishlarini ta’minlasin.
45-modda. Ushbu Qonunning kuchga kirishi
[OKOZ:
1.01.00.00.00 Konstitutsiyaviy tuzum / 01.14.00.00 Davlat organlarining huquq ijodkorligi faoliyati / 01.14.05.00 Normativ-huquqiy hujjatlarni e’lon qilish va kuchga kirishi]
Ushbu Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran uch oy o‘tgach kuchga kiradi.
O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2024-yil 27-dekabr,
O‘RQ-1016-son
(Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 28.12.2024-y., 03/24/1016/1076-son)