toggle_night_mode
Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qoʻmitasining
qarori
Turar joy obyektlarini loyihalashtirish va qurishga doir sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlarini (0102-25-son SanQvaN) tasdiqlash toʻgʻrisida
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2025-yil 15-sentabrda hisobga olindi, hisob raqami 370]
Oʻzbekiston Respublikasining “Aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi toʻgʻrisida”gi Qonuni va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 25-iyuldagi PF-6035-son “Koronavirus pandemiyasini yumshatish, aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi va salomatligini saqlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoniga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qoʻmitasi qaror qiladi:
1. Turar joy obyektlarini loyihalashtirish va qurishga doir sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlari (0102-25-son SanQvaN) ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Bosh davlat sanitariya vrachi tomonidan 2016-yil 1-iyunda tasdiqlangan “Oʻzbekiston iqlim sharoitlarida uy-joylarni loyihalash, qurish va saqlashning sanitariya qoidalari va meʼyorlari” 0331-16-son SanQvaM oʻz kuchini yoʻqotgan deb topilsin.
3. Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha vakil, Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi va Savdo-sanoat palatasi bilan kelishilgan.
4. Mazkur qaror rasmiy eʼlon qilingan kundan uch oy oʻtgach kuchga kiradi.
Rais B. YUSUPALIYEV
Toshkent sh.,
2025-yil 4-avgust,
22-son
Kelishildi:
Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vaziri Sh. XIDOYATOV
2025-yil 1-avgust
Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vaziri A. ABDUXAKIMOV
2025-yil 29-iyul
Favqulodda vaziyatlar vaziri B. KUDRATXODJAYEV
2025-yil 29-iyul
Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha vakil oʻrinbosari J. URUNOV
2025-yil 26-iyul
Savdo-sanoat palatasi raisi D. VAXABOV
2025-yil 25-iyul
Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qoʻmitasining 2025-yil 4-avgustdagi 22-son qaroriga
ILOVA
Turar joy obyektlarini loyihalashtirish va qurishga doir sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlari (0102-25-son SanQvaN)
Mazkur sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlari (bundan buyon matnda sanitariya qoidalari deb yuritiladi) turar joy obyektlarini loyihalashtirish va qurishga doir sanitariya-gigiyena talablarini belgilaydi.
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur sanitariya qoidalarida quyidagi atamalar va ularning taʼriflari qoʻllanilgan:
turar joy obyektlari — odamlar yashashi uchun moʻljallangan binolar, doimiy yashash uchun uy-joylar (xonadonlar), shuningdek vaqtincha yashash uchun yotoqxonalar, mehmonxonalar, maktab-internatlar, qariyalar uylari;
sanitariya-muhofaza zonalari — atmosferani ifloslantiruvchi manbalar boʻlgan ishlab chiqarish va boshqa turdagi obyektlar uchun sanitariya-muhofazasi zonasi boʻlib, uning kengligi joylashgan ishlab chiqarishning sinfiga qarab belgilanadi;
radiochastotalar — belgilar, signallar, yozma matnlar, tasvirlar va tovushlarni uzatish yoki qabul qilish maqsadida fazoda sunʼiy toʻlqin oʻtkazgichsiz tarqatiladigan, shartli ravishda uch ming GNz dan kamroq qilib qabul qilingan chastotali elektromagnit toʻlqinlar;
elektromagnit nurlanish — elektromagnit nurlanish energiyasini tashuvchi, fazoda tarqaladigan elektromagnit maydon toʻlqinlari;
shamollar guli — maʼlum hudud uchun rumblar boʻyicha shamolning qaytalanishining grafik ifodasi.
2-bob. Turar joy obyektlarini qurish uchun yer maydonini tanlashga qoʻyiladigan sanitariya-gigiyena talablari
2. Turar joy obyektlarini qishloq xoʻjaligiga moʻljallanmagan yer maydonlariga qurishga yoʻl qoʻyiladi.
3. Oʻzbekiston iqlim sharoitida turar joy obyektlarini janubiy, janubiy-sharqiy, sharqiy va shimoliy-sharqiy yoʻnalishda joylashtirishga yoʻl qoʻyiladi.
4. Turar joy obyektlarini qurish uchun yer maydonlarini tanlash SHNQ 2.07.01-23 “Aholi punktlarining hududlarini rivojlantirish va qurishni shaharsozlik jihatidan rejalashtirish” (hisob raqami 261, 2024-yil 24-iyun) shaharsozlik normalari va qoidalari talablariga muvofiq amalga oshirilishi lozim.
5. Turar joy obyektlarining asosiy yashash xonalarining derazalarini maqbul yoʻnalishda joylashtirishda insolyatsiya, yoritilganlik, mikroiqlim, chang, shamollar guli va shovqindan himoyalanish hisobga olinishi lozim.
6. Quyidagi joylarda turar joy obyektlarini qurishga yoʻl qoʻyilmaydi:
muhofaza etiladigan tabiiy hududlarda;
sanitariya-muhofaza zonalarida va aholi dam olish joylarida;
xizmat qilish va zararsizlantirish muddatlari oʻtmagan organik va radioaktiv chiqindilar bilan ifloslangan yerlarda;
suv taʼminoti manbalari va suv quvurlari inshootlari joylashgan sanitariya-muhofaza zonasining birinchi va ikkinchi zonalarida (halqalari doirasida);
sanoat korxonalari va inshootlarining sanitariya-muhofaza zonalarida;
turar joy hududlarini zararli chiqindilar chiqaradigan sanoat korxonalari bilan bir hududda yoki botiqda (havoning turgʻunligi, hududning yomon shamollatilishi), sanoat korxonalariga nisbatan shamolga teskari tomonda va daryo oqimi boʻyicha pastroqda joylashtirilganda.
7. Turar joy obyektlari qurilishi uchun tekis relyefli hudud tanlab olinishi lozim.
Agar tanlab olingan hudud nishablikda joylashgan boʻlsa, uning optimal qiymati 1,5 — 10 foizdan oshmasligi kerak.
8. Relyefi boʻyicha nishabligi 10 — 20 foiz boʻlgan hududlardan koʻkalamzorlashtirish, sunʼiy suv havzalarini qurish va chuqurlashtirilgan transport yoʻllarini oʻtkazish maqsadida foydalanishga yoʻl qoʻyiladi.
9. Turar joy obyektlari gʻarb-sharq yoʻnalishida 45°C burchak ostida joylashtirilishi kerak.
10. Turar joy obyektlarini qurishda havoda ultratovushning ruxsat etilgan darajalari oʻrtacha geometrik chastotalari 12,5, 16, 20, 25, 31,5, 40, 50, 63, 80, 100 kNz boʻlgan uchdan bir oktavali chiziq (polosa)larda desibellarda tovush bosimi darajalari boʻyicha hisoblanishi lozim.
Kontaktli ultratovushning ruxsat etilgan darajalari oʻrtacha geometrik chastotalari 16, 31,5, 63, 125, 250, 500, 1000, 2000, 4000, 8000, 16000 va 315000 kNz boʻlgan oktava chiziqlarda (polosalarida) tebranish tezligining maksimal qiymatlari yoki ularning desibellardagi logarifmik darajalari asosida hisoblanishi kerak.
11. Doimiy infratovushning ruxsat etilgan darajalari chastotalarning oktava chiziq (polosa)laridagi tovush bosimi (db) darajasi boʻyicha 2, 4, 8, 16 Nz boʻlishi, doimiy boʻlmagan infratovushning ruxsat etilgan darajalari Nz va dBGek birligida oʻlchanishi hamda ekvivalent (energiya boʻyicha) va tovush bosimi darajasi (infratovush darajasi) boʻyicha belgilanishi kerak.
12. Turar joy obyektlarini qurishda va uning hududlarida infratovushning ruxsat etilgan darajalari mazkur sanitariya qoidalarining 1-ilovasiga muvofiq boʻlishi lozim.
13. Turar joy obyektlari hududida radiochastota diapazonidagi elektromagnit nurlanishning ruxsat etilgan darajalari 30 kNz — 3000 GNz boʻlgan radiochastota oraligʻida aniqlanishi lozim.
14. Radiochastota diapazonidagi elektromagnit nurlanishlarning ruxsat etilgan darajasi quyidagicha boʻlishi kerak:
30 kNz — 300 MNz chastotalar oraligʻida — radiochastota diapazonidagi elektromagnit nurlanish elektr tarkibiy qismining oʻrtacha kvadratik kuchlanganlik qiymati V/m birligida;
300 MNz — GNz chastotalar diapazonida — energiya oqimi zichligining oʻrtacha kvadratik qiymati mkW/cm2 da.
Bunda har bir chastotalar diapazoni quyi chegaraviy chastotani oʻz ichiga olishi hamda yuqori chegaraviy chastota hisobga olinmasligi zarur.
3-bob. Turar joy obyektlarini loyihalashtirishga qoʻyiladigan sanitariya-gigiyena talablari
15. Turar joy obyektlari xonasidagi derazalarni ufqning gʻarbiy tomoniga 200 — 290° oraligʻida yoʻnaltirishga yoʻl qoʻyilmaydi.
Ikki xonali kvartirani bitta xonasi, uch xonali kvartirani ikkita xonasi, yotoqxonalarda esa jami xonalarning 25 foizi ufqning janubiy, janubiy-sharqiy, sharqiy tomoniga yoʻnaltirilgan boʻlishi kerak.
16. Insolyatsiyaning ortiqcha issiqlik taʼsirini cheklash maqsadida, turar joy obyektlarning yashash xonalari va yotoqxonalari yorugʻlik darchalari 90° dan 290° gacha boʻlgan yoʻnalishlarga qaratilmasligi lozim.
17. Turli maqsadlarga moʻljallangan maydonchalarning joylashuvi, ularning oʻlchamlari hamda avtotransport vositalarini vaqtinchalik va doimiy saqlash uchun moʻljallangan avtoturargohlardan noturar joy obyektlarining derazasigacha boʻlgan masofalar SHNQ 2.07.01-23 “Aholi punktlarining hududlarini rivojlantirish va qurishni shaharsozlik jihatidan rejalashtirish” shaharsozlik normalari va qoidalariga (hisob raqami 261, 2024-yil 24-iyun) muvofiq boʻlishi kerak.
18. Turar joy obyektlaridagi (balkon va lodjiyalardagi bilan birga) radiochastota diapazoniga oid elektromagnit nurlanishining yoʻl qoʻyiladigan darajalari (uzlukli va ikkilamchi nurlanishni ham hisobga olgan holda) mazkur sanitariya qoidalarining 2-ilovasiga muvofiq boʻlishi lozim.
19. Turar joy obyektlaridagi telekommunikatsiya uskunalari oʻrnatilgan tomlarda uzatkichlar ishlayotganda, u yerda odamlarning boʻlishi taqiqlangan chegarani koʻrsatuvchi tegishli belgilar qoʻyilishi lozim.
20. Sanoat korxonalari atrofidagi hududda qurilishi rejalashtirilayotgan turar joy obyektlarida (devor va derazalardan 0,2 m ichkari masofada hamda poldan 0,50 — 1,8 m balandlikda) sanoat chastotasi 50 Nz, elektr maydon kuchlanganligi esa 0,5 kV/m dan oshmasligi lozim.
21. Sanoat chastotasi 50 Nz boʻlgan turar joy obyektlarida magnit maydon induksiyasi (devor va derazalardan 0,2 m ichkari masofada, poldan 0,50 — 1,5 m balandlikda) 10 mkTdan oshmasligi kerak.
22. Turar joy obyektlari hududida 50 Nz chastotadagi elektr uzatish liniyalari va boshqa manbalardan keladigan elektr maydonining kuchi yer yuzasidan 1,8 m balandlikda 1 kV/m dan oshmasligi kerak.
23. Elektromagnit va elektr maydonlarini buyumlarning old, orqa va yon tomonlaridan 10±0,1 m masofada oʻlchashga yoʻl qoʻyiladi (televizorlarning monitorlari bundan mustasno).
24. Televizorlar monitorlari uchun elektromagnit va elektr maydonlarini ekran markazidan 50±0,2 m masofada oʻlchashga yoʻl qoʻyiladi.
25. Oʻzgaruvchan va magnit maydonlarning elektromagnit va elektr maydonlarini oʻrtacha kvadratik qiymatlar boʻyicha, elektrostatik maydonlarning elektromagnit va elektr maydonlarini esa maksimal kvadratik qiymatlar boʻyicha oʻlchashga yoʻl qoʻyiladi.
26. Oʻlchashni amalga oshirishda quyidagi shartlarga rioya qilinishi lozim:
havo harorati — 22±5°C boʻlishi;
nisbiy namlik — 40 — 60 foiz boʻlishi;
elektr va magnit maydonlarining kuchlanganligi mos ravishda 2,5 V/m va 2,5 nT dan oshmasligi kerak.
27. Turar joy obyektlari ichidagi ekvivalent nurlanish dozasining quvvati ochiq joylar uchun ruxsat etilgan doza quvvatidan 0,3 mkZv/h ortiq boʻlmasligi lozim.
28. Yangi qurilayotgan turar joy obyektlarida xonalar havosidagi radonning oʻrtacha yillik ekvivalent hajmi 370 Bk/m3 dan oshmasligi lozim.
29. Turar joy obyektlari xonalarining havo muhitini aniqlashda mazkur sanitariya qoidalarining 3-ilovasida keltirilgan ifloslantiruvchi, gigiyenik jihatdan ahamiyatli moddalar hisobga olinishi lozim.
30. Turar joy obyektlarida xonalarning 1m3 havosidagi yengil musbat ionlarning eng kam miqdori 400 — 600 ion/cm3 dan, optimal miqdori 1500 — 5000 ion/cm3 dan, yoʻl qoʻyiladigan miqdori esa 5000 ion/cm3 dan oshmasligi lozim.
31. Turar joy obyektlarida havodan namunalar olish vaqtida aniqlangan bir nechta moddalarning konsentratsiyalari yigʻindisi 1 (birlik)dan oshmasligi lozim.
32. Turar joy obyektlarini loyihalashtirishda quyidagi moddalar yigʻindisining atrof-muhit va inson salomatligiga zararli taʼsirini hisobga olish zarur:
ammiak, vodorod sulfid;
ammiak, vodorod sulfid, formaldegid;
ammiak, formaldegid;
azot dioksidi, geksan, uglerod oksidi, formaldegid;
azot dioksidi, geksan, oltingugurt dioksidi, uglerod oksidi;
azot dioksidi, oltingugurt dioksidi;
azot dioksidi, oltingugurt dioksidi, uglerod oksidi, fenol;
asetaldegid, vinilasetat;
aseton, akrolein, ftal angidridi;
aseton, fenol;
aseton, asetofenon;
ozon, azot dioksidi, formaldegid;
qoʻrgʻoshin oksidi, oltingugurt dioksidi;
vodorod sulfid, dinil;
vodorod sulfid, formaldegid;
mis sulfat, kobalt, nikel, oltingugurt dioksidi;
oltingugurt dioksidi, uglerod oksidi, fenol;
oltingugurt dioksidi va oltingugurt trioksidi, ammiak va azot oksidlari;
uglerod oksidi va sement ishlab chiqarish changi;
sirka kislotasi, fenol, etilasetat;
siklogeksan va benzol;
etilen, propilen, butilen va amilen.
33. Kam qavatli va/yoki bir qavatli uylarning yashash hamda xoʻjalik xonalarini kichik ochiq hovli atrofida joylashtirib loyihalashtirishga, shuningdek xonalararo ochiq va yarim ochiq bogʻlovlardan (bostirma, galeriya (yoʻlak) foydalanishga yoʻl qoʻyiladi.
34. Turar joy obyektlarini loyihalashtirishda quyidagilar inobatga olinishi kerak:
yongʻin xavfsizligi va funksional-tipologik talablar;
SHNQ 2.07.02-24 “Qurilish obyektlarini nogironligi boʻlgan va hayot faoliyati cheklangan shaxslar hamda keksalar ehtiyojini inobatga olgan holda loyihalashtirish” shaharsozlik normalari va qoidalarining (hisob raqami 331, 2025-yil 27-yanvar) talablari;
zilzilabardoshlik, mikroiqlim qulayligi, energiya tejamkorlik va energiya samaradorlikni taʼminlash talablari;
zamonaviy muhandislik jihozlarini qoʻllash talablari;
yashovchilar va nogironligi boʻlgan shaxslar hamda keksalarning toʻsiqsiz harakatlanishini taʼminlovchi qurilmalar;
insolyatsiya, havo harakati tezligi, tabiiy shamollatilishi, havo haroratining vertikal va gorizontal yoʻnalishi;
shovqin, tebranish, ultratovush, elektromagnit toʻlqinlar, radiochastotalar va statik elektrning ruxsat etilgan darajalarda boʻlishi.
35. Issiqlik yutish sigʻimi yuqori boʻlgan qurilish materiallarini kamroq issiqlik yutish sigʻimiga ega boʻlgan materiallar bilan almashtirishga yoʻl qoʻyiladi.
36. Turar va noturar joy obyektlarida framugali derazalarni oʻrnatish lozim.
37. Yangi qurilayotgan va rekonstruksiya qilinayotgan koʻp kvartirali uylarning pastki qavatlarida savdo-maishiy xizmat koʻrsatishga moʻljallangan xonalar, ofislarni joylashtirishga yoʻl qoʻyiladi.
Bunda, noturar joy xonalari joylashgan qavatning balandligi SHNQ 2.07.01-23 “Aholi punktlarining hududlarini rivojlantirish va qurishni shaharsozlik jihatidan rejalashtirish” shaharsozlik normalari va qoidalariga (hisob raqami 261, 2024-yil 24-iyun) muvofiq boʻlishi lozim.
38. Turar va noturar joy obyektlarida quyidagilarni joylashtirishga yoʻl qoʻyilmaydi:
alkogol va giyohvand moddalarga qaramlik, yuqumli kasalliklar (shu jumladan sil) bilan ogʻrigan shaxslarga yordam koʻrsatuvchi davolash-profilaktika muassasalarini;
mikrobiologik laboratoriyalarni;
magnit-rezonans tomografiya boʻlimlarini;
kimyoviy tozalash xonalarini.
39. Turar joy obyektlarini loyihalashtirishda maydon bir kishi hisobiga 16 m2 dan, kreslo-aravachada harakatlanadigan nogironligi boʻlgan shaxslar uchun esa 23 m2 dan kam boʻlmasligi kerak.
40. Tabiiy havo almashinuvini pasaytiradigan xochsimon, G-simon va P-simon hamda uzunligi 100 m dan ortiq boʻlgan turar joy obyektlarini loyihalashtirishga yoʻl qoʻyilmaydi.
41. Yuqori qavat polining sathi yer sathidan 13 m va undan koʻp boʻlgan turar joy obyektlarida lift qurilmalarini oʻrnatish lozim.
42. Nogironligi boʻlgan va hayot faoliyati cheklangan shaxslar hamda keksalarni joylashtirish uchun maxsus koʻp kvartirali hamda internat uylarni ikki qavatdan baland qilib loyihalashtirishga yoʻl qoʻyilmaydi.
43. Quyoshdan himoya qilish vositasi sifatida temir-beton toʻsiqlaridan foydalanishga yoʻl qoʻyilmaydi.
44. Turar joy obyektlarining xonalarini rejalashtirishda dahliz, kirish qismi turar joy xonalaridan yoʻlak orqali ajratilgan boʻlishi lozim.
Bunda, mazkur xonalarning minimal maydonlari SHNQ 2.08.01-24 “Turar joy obyektlarini loyihalash” shaharsozlik normalari va qoidalarining (hisob raqami 293, 2024-yil 25-sentabr) talablariga muvofiq boʻlishi zarur.
45. Ikki qavatli kvartirani rejalashtirishda dushxona ikkinchi qavatda, hojatxona esa har ikkala qavatda joylashtirilishi kerak.
46. Yashash xonalarining yordamchi xonalari (dahliz, dushli hojatxona, oshxona yoki taxmonsimon oshxona) yashash guruhiga jamlanishi kerak.
47. Turar joy obyektlarida joylashtirilgan noturar joy obyektlari alohida kirish yoʻllariga ega boʻlishi lozim.
48. Turar joy obyektining yashash xonalari ustiga, ostiga yoki yonida yuqori darajali zararli fizik omillar manbai boʻlgan muhandislik jihozlarini joylashtirishga yoʻl qoʻyilmaydi.
49. Turar joy obyektiga tutash hududlarda quyidagi shart-sharoitlar taʼminlangan boʻlishi kerak:
obodonlashtirilgan, koʻkalamzorlashtirilgan va toza saqlanishi;
yomgʻir va qor suvlarini ketkazish uchun suvlarni oqizish tizimi (muhandislik-texnik taʼminot tarmoqlari va ularning muhandislik jihozlari);
yoritish tizimi;
dam olish, bolalar va sport maydonchalari;
xoʻjalik-maishiy faoliyat uchun joylar.
50. Turar joy obyektiga kirishda chiqindi qutilari, oʻrindiqlar oʻrnatilishi lozim.
51. Turar joy obyektlari atrofidagi yoʻllar va piyodalar yoʻlaklari uchun qattiq qoplamalar koʻzda tutilishi kerak.
52. Turar joy obyektlarini loyihalashtirish, mavjud turar joy obyektlarini rekonstruksiya qilish yoki mukammal taʼmirlashda ularga tutash hududlarni obodonlashtirish nazarda tutilishi lozim.
53. Qurilishi tugallangan turar joy obyektlari yoki ularning muhandislik tarmoqlarida quyidagilar amalga oshirilishi lozim:
instrumental va laboratoriya tadqiqotlari, shu jumladan ichimlik suvi sifatini aniqlash;
fizik omillarni (ularning manbalari turar joy obyekti ichida mavjud boʻlganda), gamma-nurlanishlarni oʻlchash.
54. 1 — 4 qavatli boʻlgan uylarda faqat yarim yertoʻla (sokol) qavatlarda, koʻp qavatli uylarda esa ikki qavatdan ortiq boʻlmagan qismda faoliyat turlarini joylashtirishda Vazirlar Mahkamasining 2000-yil 24-yanvardagi 22-son qarori bilan tasdiqlangan Koʻp kvartirali uylardagi yashash uchun moʻljallanmagan joylardan foydalanish tartibi toʻgʻrisidagi nizom talablariga rioya qilinishi lozim.
Koʻp qavatli turar joy obyektining yarim yertoʻla (sokol) qavatlarida ushbu uyda yashovchilar uchun sanitariya-gigiyena va yongʻin xavfsizligi talablariga rioya qilgan holda oʻrnatilgan va qurilgan avtoturargohlarni SHNQ 2.05.07-24 “Avtoturargohlar” shaharsozlik normalari va qoidalarining (hisob raqami 335, 2025-yil 24-fevral) talablariga muvofiq joylashtirishga yoʻl qoʻyiladi.
55. Loyihalanayotgan besh va undan ortiq qavatli turar joy obyektining ichki tutashgan xonalarida kam sigʻimli (1-2 guruh) maktabgacha taʼlim tashkilotlaridan tashqariga alohida chiqish yoʻlini loyihalashga yoʻl qoʻyiladi.
56. Mahalliy sharoitlari qulay boʻlgan hududlarda (yer osti suvlari sathi past, gruntlarning choʻkuvchanligi kam boʻlgan) qozonxonalar, ustaxonalar, omborxonalarni joylashtirish uchun yarim yertoʻla (sokol) qavatlarini qurishga yoʻl qoʻyiladi.
Koʻp kvartirali turar joy obyektlarining birinchi yoki yarim yertoʻla (sokol) qavatlarida rakvinali tozalash anjomlarini saqlash uchun omborxonalarni joylashtirishga yoʻl qoʻyiladi.
Yarim yertoʻla (sokol) qavatlarida texnik qavatdan tashqari yashovchilar uchun xoʻjalik omborlarini joylashtirishga yoʻl qoʻyiladi.
57. Yashash xonalarini yertoʻla qavatlarda joylashtirishga yoʻl qoʻyilmaydi.
58. Koʻp kvartirali uylarning yarim yertoʻla (sokol) qavatlarida quyidagi shartlar bajarilganda yashash xonalarini joylashtirishga yoʻl qoʻyiladi:
yerosti suvlari yer sathidan 3 m va undan pastda boʻlgan hududlarda;
yarim yertoʻla (sokol) qavatining kamida 1/3 qismi yer sathidan yuqorida loyihalashtirilganda;
yarim yertoʻla (sokol) qavati xonalarining poldan shiftgacha boʻlgan balandligi 2,7 m dan kam boʻlmaganda;
yarim yertoʻla (sokol) dan oʻtuvchi gorizontal muhandislik tizimlar (tarmoqlar) yashash xonalarini inobatga olgan holda joylashtirilganda;
yarim yertoʻla xonalarining tashqi devorlari va pollarining issiqlik himoyasi hamda suvdan himoyalash (gidroizolyatsiya) taʼminlanganda;
yarim yertoʻlalarda (sokol) umumiy foydalanishdagi alohida texnik xonalar loyihalashtirilganda;
yarim yertoʻla (sokol) turar joy qismidagi yuvinish va hojatxona joylashuvi loyiha hujjatlarida tepa qavatlar bilan bir xil boʻlganda;
yarim yertoʻla (sokol) turar joy qismidan umumiy foydalanishdagi oqova suvlarni oqizish tarmoqlarini orayopma qismidan gorizontal ravishda oʻtkazilmagan va muhandislik tarmoqlarini devor ichiga joylashtirilmagan holda;
yashash xonalaridan toʻgʻridan toʻgʻri tashqariga chiquvchi derazalar oʻrnatilganda;
tabiiy yorugʻlik va insolyatsiya darajasi 22-fevraldan 22-oktabrgacha boʻlgan davrda 2 h (soat) dan kam boʻlmaganda;
havoning yaxshi aylanishi (mexanik ventilyatsiyasi) taʼminlanganda;
yarim yertoʻla (sokol) qavatidagi oshxona va sanitariya xonalari oqova suvlarni chiqarib yuborish tizimi binoning umumiy kanalizatsiya tizimi sathidan yuqori joylashganda hamda qaytaruvchi klapan bilan jihozlanganda;
taom tayyorlash uchun elektr plitalardan foydalanilganda;
tabiiy va suyultirilgan gazlarda, yengil alangalanuvchi va yonuvchi suyuqliklarda hamda portlab yonish xavfiga ega boʻlgan boshqa moddalar va materiallarda ishlaydigan qurilma va asbob-uskunalar boʻlmaganda.
59. Koʻp kvartirali uylarning birinchi yoki yarim yertoʻla (sokol) qavatlarida xoʻjalik va tozalash anjomlarini saqlash uchun xonalarni joylashtirishga yoʻl qoʻyiladi.
60. Turar joy obyektlariga yongʻin-qutqaruv texnikalari oʻtish yoʻllari SHNQ 2.07.01-23 “Aholi punktlarining hududlarini rivojlantirish va qurishni shaharsozlik jihatidan rejalashtirish” shaharsozlik normalari va qoidalarining (hisob raqami 261, 2024-yil 24-iyun) talablariga muvofiq loyihalashtirilishi lozim.
61. Koʻp kvartirali uylarning yertoʻla va yarim yertoʻla (sokol) qavatlaridan foydalanishda Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 15-oktabrdagi 648-son qarori bilan tasdiqlangan Koʻp kvartirali uyning yertoʻlasidan foydalanish tartibi toʻgʻrisidagi nizom talablari inobatga olinishi lozim.
62. Turar joy obyekti xonalarida, shuningdek uning tom va qurilmalar konstruksiyalarida noturar joy obyektlariga xizmat koʻrsatishga moʻljallanmagan, zararli moddalar ajratadigan, shovqin va tebranish hosil qiladigan, zararli nurlanish manbai boʻlgan qurilmalarni joylashtirishga yoʻl qoʻyilmaydi.
63. Turar joy obyektida va texnik qavatlarda hamda chordoqlarda koʻchma yoki boshqa turdagi bazaviy radioaloqa stansiyalarini va boshqa radiouzatuvchi qurilmalarni joylashtirishga yoʻl qoʻyilmaydi.
64. Yashash uchun moʻljallanmagan noturar joy va maʼmuriy-xizmat xonalarida avtomatik yongʻin signalizatsiyasi, yongʻin haqida xabar berish tizimi va avtomatik yongʻin oʻchirish qurilmalari oʻrnatilishi SHNQ 2.04.09-21 “Bino va inshootlarning yongʻin avtomatikasi tizimi. Loyihalash talablari” shaharsozlik normalari va qoidalari (hisob raqami 323, 2024-yil 23-dekabr) va SHNQ 2.08.01-24 “Turar joy obyektlarini loyihalash” shaharsozlik normalari va qoidalarining (hisob raqami 293, 2024-yil 25-sentabr) talablariga muvofiq amalga oshirilishi lozim.
65. Sintetik buyumlar (gullar, gilamlar) doʻkonlarini koʻp kvartirali uylarning olovbardoshlik chegarasi REI 150 boʻlgan yaxlit devorlariga tutashgan xonalarda joylashtirishga yoʻl qoʻyiladi.
66. Elektr energiyasi bilan isitishda zavodda tayyorlangan elektr isitish uskunalaridan foydalanish koʻzda tutilishi lozim.
67. Lift oldidagi maydoncha eni bemorlarni tez yordam zambillarida tashishga imkon berishi va SHNQ 2.07.02-24 “Qurilish obyektlarini nogironligi boʻlgan va hayot faoliyati cheklangan shaxslar hamda keksalar ehtiyojini inobatga olgan holda loyihalashtirish” shaharsozlik normalari va qoidalarining (hisob raqami 331, 2025-yil 27-yanvar) talablariga muvofiq boʻlishi lozim.
68. Liftlar va ularning shaxtalarini turar joy xonalari ustida yoki ularga tutash joylarda oʻrnatishga yoʻl qoʻyilmaydi.
4-bob. Turar joy obyektlarini qurilishiga qoʻyiladigan sanitariya-gigiyena talablari
69. Oʻzbekiston iqlim sharoitida turar joy obyektlari qurilishida qoʻllaniladigan qurilish materiallari quyidagi talablarga javob berishi lozim:
past issiqlik oʻtkazuvchanlikka ega boʻlishi va toʻsiqlarning yetarli darajada issiqlik qarshiligi hamda issiqlikka chidamliligini taʼminlashi;
yaxshi havo oʻtkazuvchanlik va gʻovaklikka ega boʻlishi;
namlikni shimmaydigan va past tovush oʻtkazuvchanlikka ega boʻlishi;
inshootlarning mustahkamligini, olovbardoshliligini taʼminlashi;
atrof-muhitga, inson hayoti va salomatligiga bevosita yoki bilvosita taʼsir koʻrsatishi mumkin boʻlgan hid hamda konsentratsiyalarni hosil qiluvchi uchuvchan moddalarni ajratmasligi;
mikrofloraning rivojlanishini, zamburugʻlar va suv oʻtlarining oʻsishiga yoʻl qoʻymasligi;
ishlov berish va dezinfeksiya qilish uchun qulay boʻlishi.
70. Qurilish va pardozlash materiallari yuzasidagi elektrostatik maydonning kuchlanganlik darajasi 15 kV/m dan oshmasligi lozim (nisbiy namlik 30 — 60 foiz boʻlganda).
71. Yashovchilar uchun qurilish materiallarining radioaktivligi bilan bogʻliq ionlashtiruvchi nurlanish jadalligi (intensivligi) qiymatining dozaviy chegaralari oʻrtacha 5 yil davomida yiliga 1 mSv/yil dan oshmasligi kerak.
72. Koʻp qavatli va yakka tartibdagi turar joy obyektlarning qurilishida asosi asbest va asbessementdan tashkil topgan materiallardan foydalanishga yoʻl qoʻyilmaydi.
5-bob. Turar joy obyektlarining xonalariga qoʻyiladigan sanitariya-gigiyena talablari
73. Sanuzel dushxonadan alohida joylashtirilganda hamda ikkita hojatxona mavjud boʻlganda barcha hojatxonalar qoʻl yuvgichlar bilan jihozlanishi kerak.
74. Koʻp qavatli kvartiralardagi xonadonlarda deraza oʻrinlariga framugalar oʻrnatish va deraza oʻrinlarini balkon eshiklari bilan almashtirishga yoʻl qoʻyilmaydi.
75. Yordamchi xonalarning kengligi quyidagidan kam boʻlmasligi kerak:
oshxona — 6 m2, ikki va undan ortiq xonali — 8 m2;
dahliz, yoʻlak — 4 m2;
birlashtirilgan hojatxona — 4 m2;
qoʻl yuvgich oʻrnatilgan hojatxona 3,5 m2.
6-bob. Turar joy obyektlarining isitilishi, ventilyatsiyasi va konditsiyalanishiga qoʻyiladigan sanitariya-gigiyena talablari
76. Turar joy obyektlari mahalliy va umumiy ventilyatsiya bilan taʼminlangan boʻlishi lozim.
77. Turar joy obyektining xonalari, oshxona va hojatxonalarning hamda noturar joy obyektlarining ventilyatsiya tizimi bir-biridan alohida boʻlishi kerak.
78. Turar joy obyektida isitish tizimi va panjaralar bilan jihozlangan framuga hamda ventilyatsiya kanallari orqali harakatlanuvchi tabiiy tortuvchi ventilyatsiya bloklarini koʻzda tutish lozim.
79. Turar joy obyektlari xonalarining tabiiy shamollatilishi framugalar yoki derazalar orqali amalga oshirilishi lozim.
Ventilyatsiya kanallarining tortuvchi teshiklari oshxona, hammom va hojatxonalarda ham oʻrnatilishi kerak.
80. Turar joy obyekti xonalarining havo harorati va havo harakati koʻrsatkichlari mazkur sanitariya qoidalarining 4-ilovasiga muvofiq boʻlishi lozim.
81. Turar joy obyektining burchak xonalarida sovuq mavsumda havo harorati 2°C dan yuqori boʻlishi hamda tashqi devorga qoʻshimcha isitish moslamasi oʻrnatilgan boʻlishi zarur.
82. Turar joy obyektlari xonalaridagi mikroiqlim koʻrsatkichlari mazkur sanitariya qoidalarining 5-ilovasiga muvofiq boʻlishi lozim.
83. Turar joy obyektlarining isitish tizimlari xonalar havosini bir tekis isitishni taʼminlaydigan va issiqlik oqimini boshqaradigan qilib loyihalashtirilishi zarur.
84. Ichiga isitish elementlari oʻrnatilgan qurilish konstruksiyalari yuzasining oʻrtacha harorati quyidagilardan oshmasligi kerak:
odamlar doimiy turadigan xonalarning pollari uchun — 24°C;
balandligi 2,5 — 2,8 m boʻlgan xonalar shifti uchun — 28°C;
balandligi 1,8 — 3,0 m boʻlgan xonalar shifti uchun — 30°C.
85. Turar joy obyekti xonalarida pol yuzasining harorati isitish elementlari oʻqi boʻylab 35°C dan oshmasligi lozim.
86. Suv bilan isitish tizimining isitish jihozlarining yuzasi oson tozalanadigan silliq yuzali boʻlishi va yuza harorati 90°C dan yuqori boʻlmasligi kerak.
87. Davriy yoqiladigan xonalarda havo haroratining oʻzgarishini sutka davomida ±3°C dan oshirishga yoʻl qoʻyilmaydi.
7-bob. Turar joy obyektlarining suv taʼminoti va oqova suvlarni chiqarib yuborishga qoʻyiladigan sanitariya-gigiyena talablari
88. Markazlashtirilgan suv taʼminotiga ega boʻlgan turar joy obyektlarida sovuq va issiq suv quvurlari, yongʻinga qarshi suv taʼminoti, shuningdek maishiy oqova suv tizimi boʻlishi kerak.
89. Markazlashtirilgan suv taʼminoti, oqova suvlarni chiqarib yuborish va issiqlik-gaz taʼminoti tizimi mavjud boʻlmagan hollarda, muhandislik jihozlarining avtonom (mahalliy) tizimlaridan foydalanish lozim.
90. Markazlashtirilgan suv taʼminoti mavjud boʻlmaganda, suv yetkazib berish uchun mahalliy quduq qazib, nasos oʻrnatishga yoʻl qoʻyiladi.
Issiq suv taʼminoti yoki isitish uchun esa mahalliy qozonxona qurish yoki turli xildagi individual isitish uskunalaridan foydalanishga yoʻl qoʻyiladi.
Markazlashtirilgan oqova suvlarni chiqarib yuborish tizimi mavjud boʻlmaganda, oqova suvlar uchun chuqur oʻralar yoki filtr quduqli septik drenajdan foydalanish lozim.
91. Turar joy obyektlarini binodan 5 — 15 m, hojatxonalardan 10 — 20 m dan kam boʻlmagan masofada joylashgan yer osti suv taʼminoti manbalari (shaxtali yoki quvurli quduqlar) orqali suv bilan taʼminlash kerak.
8-bob. Turar joy obyektlarining tabiiy va sunʼiy yoritilishi hamda insolyatsiyasiga qoʻyiladigan sanitariya-gigiyena talablari
92. Turar joy obyektida tabiiy va sunʼiy yoritish SHNQ 2.01.05-24 “Tabiiy va sunʼiy yoritish” shaharsozlik normalari va qoidalarining (hisob raqami 309, 2025-yil 25-oktabr) talablariga muvofiq boʻlishi kerak.
93. Yashash xonalari va oshxonada yorugʻlik oʻtkazuvchi tirqishlar maydonining pol maydoniga nisbati 1:10 gacha boʻlishi lozim.
94. Yilning bahor-kuz mavsumida 1 — 3 xonali kvartiralarning kamida bitta xonasiga va 4-5 xonali kvartiralarda kamida ikkita xonasiga quyosh nurining davomiy tushishi taʼminlanishi kerak.
95. Turar joy obyektlari insolyatsiyasining eng maqbul samaradorligiga erishish uchun xona 22-martdan 22-sentabrgacha boʻlgan davrda 2 h (soat) davomida va uy atrofidagi hududda kamida 0,5 — 1 h (soat) davomida uzluksiz quyosh nuri taʼsiri ostida boʻlishi lozim.
96. Yashash xonalaridagi yorugʻlik oʻtkazuvchi tirqishlar va koʻndalang devor orasidagi oraliq devorlarning kengligi 1,4 m dan oshmasligi kerak.
97. Bir tomonlama yoritilgan turar joy obyekti xonalarining chuqurligi 6 m dan, kengligi esa chuqurligining ikki baravaridan oshmasligi zarur.
98. Zinapoya maydonchasidagi yorugʻlik oʻtkazgich teshiklarining (deraza yoki boshqa teshiklar) maydoni zinapoya joylashgan qavatning maydoniga nisbatan 1:9,6 yoki 1:8 nisbatda boʻlishi lozim.
99. Yoʻlakli turar joy obyektlarining umumiy yoʻlaklarida derazalar maydoni yoʻlak maydonining kamida 1/16 qismini tashkil etishi kerak.
100. Yoritiladigan umumiy yoʻlaklarning uzunligi quyidagilardan oshmasligi lozim:
bir tomondan yoritilganda 24 m dan;
ikki tomondan yoritilganda 48 m dan.
101. Yoritiladigan yoʻlak 24 va 48 m dan uzun boʻlsa, kengaytirilgan qismlar (hollar) orqali qoʻshimcha tabiiy yoritish taʼminlanishi, bunda ikki holl hamda hollar va yoʻlak chetidagi deraza oʻrni orasidagi masofa 24 m dan oshmasligi kerak.
102. Seksiyali va yoʻlakli uylarda tabiiy yorugʻliksiz 14,4 m dan oshmaydigan uzunlikdagi qavatma-qavat yoʻlaklar va hollar qurilishiga yoʻl qoʻyiladi.
103. Turar joy obyektini soyalab turuvchi baland shoxli daraxtlar tabiiy yorugʻlikning sezilarli darajada kamayishiga taʼsir qilmasligi uchun binolardan 10 m dan kam boʻlmagan masofada ekilishi kerak.
104. Sunʼiy yoritishga qoʻyiladigan asosiy gigiyenik talablar quyidagicha boʻlishi lozim:
yoritish xonalarning vazifasiga mos kelishi;
boshqariladigan va xavfsiz boʻlishi;
koʻzni qamashtirmasligi, shuningdek insonga va xonaning ichki muhitiga zararli taʼsir koʻrsatmasligi.
105. Turar joy obyektlarining barcha xonalari sunʼiy yoritish tizimi bilan taʼminlangan boʻlishi lozim.
106. Kvartiralarning yashash xonalarida har bir toʻliq va toʻliq boʻlmagan 10 m2 yuzaga (hammom xonasidagi rozetkani hisobga olmaganda) kamida bitta shtepsel rozetkasi boʻlishi kerak.
107. Xonalarning umumiy yoritgich oʻchirgichlari eshik dastasi tomonidagi devorga poldan 0,8 — 1,5 m balandlikda oʻrnatilishi kerak.
108. Turar joy obyektlari xonalarida, oshxonalarda yoritilganlikning oʻrtacha darajasi xonada oʻrnatilgan barcha yoritgichlar (stol usti chiroqlaridan tashqari) birgalikda ishlayotganda kamida 100 lx boʻlishi kerak.
109. Yoʻlaklarda, hammom va hojatxonalarda pol sathidagi yoritilganlik 50 lx ni tashkil etishi kerak. Bu xonalarda yoritgichlarning korpus va patronlari izolyatsiyalovchi materialdan tayyorlanishi zarur.
110. Zinapoya pogʻonalarida, lift maydonlari hamda xonadonlar va yotoqxonalarga tutashgan yoʻlaklarda yoritilganlik darajasi 50 lx dan kam boʻlmasligi kerak.
111. Balandligi besh qavat va undan yuqori boʻlgan turar joy obyektining yoʻlak va zinapoyalarida evakuatsiya uchun favqulodda yoritish tizimi oʻrnatilishi zarur.
Evakuatsiya yoritgichi odatdagi yoritish toʻxtaganda, yoʻlaklar poli va zinapoya pogʻonalarida kamida 0,5 lx yorugʻlikni taʼminlashi lozim.
112. Yashash xonalaridagi umumiy yoritish chiroqlarining solishtirma quvvati 15 W/m2 dan kam boʻlmasligi zarur.
9-bob. Turar joy obyektlarida shovqin va tebranishga qoʻyiladigan sanitariya-gigiyena talablari
113. Turar va noturar joy obyektlari xonalariga kirib keluvchi shovqin hamda qurilish hududidagi shovqinning ruxsat etilgan oktava tovush bosimi darajalari va umumiy tovush darajalari mazkur sanitariya qoidalarining 6-ilovasiga muvofiq boʻlishi lozim.
114. Shovqinning xususiyati va tashqi shovqin manbalari joylashuviga koʻra, turar va noturar joy obyektlari xonalari uchun shovqinning yoʻl qoʻyiladigan darajasi mazkur sanitariya qoidalarining 7-ilovasiga muvofiq boʻlishi lozim.
115. Turar joy obyektlarining yertoʻlalarida nasos, ventilyatsiya xonalari va muhandislik-texnik bloklarni ushbu sanitariya qoidalarining 6-ilovasi talablari bajarilganda, joylashtirishga yoʻl qoʻyiladi.
116. Yangi quriladigan yoki rekonstruksiya qilinadigan koʻp qavatli turar joy obyektlarini loyihalashtirishda ularning tomlari boʻsh qismining kamida 50 foizida quyosh panellari hamda geleokollektorlarni oʻrnatish koʻzda tutilishi lozim.
117. Doimiy vertikal va gorizontal tebranishlarning ruxsat etilgan darajalarini normalash quyidagilar asosida amalga oshirilishi kerak:
tebranish tezlanishi — a (m/s2) va tebranish tezligi — v (m/s) ning oʻrtacha kvadratik qiymatlari;
vertikal va gorizontal tebranishlarning logarifmik darajalari Ls va Lv.
Bular oktava chiziqlari (polosalari) boʻyicha desibellarda (dB) ifodalanib, 2, 4, 8, 16, 31,5 va 63 Nz diskret geometrik chastotalarga ega boʻlishi lozim.
Doimiy boʻlmagan vertikal va gorizontal tebranishlarning ruxsat etilgan darajalarini normalash esa tebranish tezligi yoki tebranish tezlanishining ekvivalent tuzatilgan qiymati (Vekv) yoxud ularning logarifmik darajasi (I Vekv) asosida amalga oshirilishi kerak.
118. Doimiy boʻlmagan tebranishlarni oʻlchashda (vibrotezlik va vibrotezlanish darajalari “Sekin” va “Lin” xususiyatlari yoki “K” tuzatishi boʻyicha 10 min davomida 6 dB dan ortiq oʻzgaradigan) tebranish tezligi, tebranish tezlanishi yoki logarifmik darajalarning ekvivalent tuzatilgan qiymatlarini aniqlash lozim.
Bunda, oʻlchanayotgan tebranish darajalarining maksimal qiymatlari ruxsat etilganidan 10 dB ga ortiq boʻlmasligi kerak.
119. Turar joy obyektlari xonalarida ichki va tashqi manbalardan keladigan tebranish darajalari mazkur sanitariya qoidalarining 8-ilovasiga muvofiq boʻlishi lozim.
120. Kunduzgi vaqtda xonalarda tebranish darajasining 5 dB gacha oshishiga yoʻl qoʻyiladi.
10-bob. Turar joy obyektlarini koʻkalamzorlashtirishga qoʻyiladigan sanitariya-gigiyena talablari
121. Yashil belbogʻlarni (daraxtlar va koʻkalamzorlar) yaratish orqali shovqinni kamaytirish mazkur sanitariya qoidalarining 9-ilovasiga muvofiq boʻlishi lozim.
122. Yashil belbogʻlar (daraxtlar va koʻkalamzorlar) tez oʻsuvchi, aholi punktlarida tashqi muhit sharoitlariga mos, chiqindi gazlarga chidamli daraxt va butalardan (balzam terak, mayda bargli joʻka, shumtol, nastarin, oʻtkir bargli zarang) tashkil etilishi kerak.
123. Yangi quriladigan, balandligi yer yuzasidan 12 m dan baland va umumiy maydoni 500 m2 ortiq boʻlgan turar joy obyektlariga tutash hududlardagi yerlarning 25 foizida koʻkalamzorlashtirish tadbirlari amalga oshirilishi lozim.
124. Loyihalashtirilayotgan va qurilayotgan koʻp qavatli turar joy obyektlari hamda ularga tutash hududlarda yomgʻir suvini yigʻish, saqlash va ulardan daraxtlarni sugʻorishda foydalanish lozim.
125. Mazkur sanitariya qoidalarini ishlab chiquvchilar roʻyxati 10-ilovada keltirilgan.
Turar joy obyektlarini loyihalashtirish va qurishga doir sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlariga (0102-25-son SanQvaN)
1-ILOVA
Turar joy obyektlarini qurishda va uning hududlarida infratovushning ruxsat etilgan darajalari

Oʻrta geometrik chastotali oktava chiziqlaridagi tovush bosimi darajalari, dB, Nz

Umumiy tovush bosimi darajasi

dB Lin

2

4

8

16

Turar joy obyektlari

75

70

65

60

75

Turar joy obyektlarini loyihalashtirish va qurishga doir sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlariga (0102-25-son SanQvaN)
2-ILOVA
Turar joy obyektlaridagi radiochastota diapazoniga oid elektromagnit nurlanishining yoʻl qoʻyiladigan darajalari

Chastota diapazonlarida chegaraviy ruxsat etilgan darajalar

30 MNz gacha

30 MNz — 300 MNz

300 MNz — 300 GNz

Turar joy obyektlari

(balkonlar va lodjiyalar bilan birga)

1 V/m

3 V/m

2,5 mkW/cm2

Turar joy obyektlarini loyihalashtirish va qurishga doir sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlariga (0102-25-son SanQvaN)
3-ILOVA
Turar joy obyektlari xonalarining havo muhitini ifloslantiruvchi, gigiyenik jihatdan eng ahamiyatli moddalar
ROʻYXATI

T/r

Modda nomi

Formula

Oʻrtacha sutkalik REK qiymati

mg/m3

Xavflilik sinfi

1.

Azot (1) oksidi

NO2

0,04

2

2.

Ammiak

NN3

0,04

4

3.

Asetaldegid

C2N4O

0,01**

3

4.

Benzol

C6N6

0,1

2

5.

Butil asetat

C6N12O2

0,1**

4

6.

Dimetilamin

C6N7N

0,0025

2

7.

1,2-Dixloretan

C2N4Cl2

1 ,0

2

8.

Uglerod dioksidi

CO2

0,1

4

9.

Ksilol

C8N10

0,2**

3

10.

Simob

Ng

0,0003

1

11.

Qoʻrgʻoshin va uning noorganik birikmalari (qoʻrgʻoshinga nisbatan)

Pb

0,003

1

12.

Serovodorod

N2S

0,008**

2

13.

Stirol

C8N8

0,002

2

14.

Toluol

C7N8

0,6**

3

15.

Uglerod oksidi

CO

3,0

4

16.

Fenol

C6N6O

0,003

2

17.

Formaldegid

CN2O

0,01**

2

18.

Dimetilftalat

C10N10O4

0,007

2

19.

Etilasetat

C4N8O2

0,1**

4

20.

Etilbenzol

C8N10

0,02**

3

Izoh. Turar joy obyektlarining havo muhiti uchun belgilangan vaqtinchalik gigiyenik norma.
** Bir martalik maksimal ruxsat etilgan chegaraviy konsentratsiya (REK).
Turar joy obyektlarini loyihalashtirish va qurishga doir sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlariga (0102-25-son SanQvaN)
4-ILOVA
Turar joy obyekti xonalarining havo harorati va havo harakati koʻrsatkichlari

T/r

Xonalar

Harorat Cº

Havo almashinuvi hajmi yoki chastotasi

sovuq davr

iliq davr

oqim

havo tortgich

1.

yashash xonasi

20 — 23

26 — 28

80 m3

80 — 100 m3

2.

kvartira va yotoqxonalardagi oshxona

18

26 — 28

60 m3 dan kam emas

3.

vanna

25

26 — 28

3-martalik

4.

hojatxona (alohida)

18

26 — 28

3-martalik

5.

aralash sanitariya uzeli

25

26 — 28

3-martalik

6.

zinapoya maydonchasi

12

26 — 28

7.

kir yuvish xonasi

15

26 — 28

7-martalik

8.

chiqindi yigʻgich

5

26 — 28

1-qavatda chiqindi quvuri teshigi orqali

Turar joy obyektlarini loyihalashtirish va qurishga doir sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlariga (0102-25-son SanQvaN)
5-ILOVA
Turar joy obyektlari xonalaridagi mikroiqlim koʻrsatkichlari

Yil davrlari

Nisbiy namlik, foiz

Havoning harakat tezligi m/s

Iliq

30 — 65

0,2 — 0,25

Sovuq

30 — 45

0,1 — 0,15

Turar joy obyektlarini loyihalashtirish va qurishga doir sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlariga (0102-25-son SanQvaN)
6-ILOVA
Turar va noturar joy obyektlari xonalariga kirib keluvchi shovqin hamda qurilish hududidagi shovqinning ruxsat etilgan oktava tovush bosimi darajalari va umumiy tovush darajalari

Xona yoki hududning belgilanishi

Kunning soati

Oʻrta geometrik chastotali oktava diapazonlaridagi tovush bosimi darajalari, dB, Nz

nogeometrik chastotalar, Nz

Tovush va LAmaks darajasi

LAekv dBA

Maks. tovush bosimi

LAmaks

dBA

31,5

63

125

250

500

1000

2000

4000

8000

Kvartiralarning yashash xonalari, dam olish uylari, pansionatlar, nogironligi boʻlgan shaxslar va keksalar uchun internat-uylarning yashash joylari

7 dan 23 gacha

79

63

52

45

39

35

32

30

28

40

40

23 dan 7 gacha

72

55

44

35

29

25

22

20

18

30

35

Yotoqxonalarning yashash xonalari, mehmonlar soni

7 dan 23 gacha

83

67

57

49

44

40

37

35

33

45

60

23 dan 7 gacha

76

59

48

40

34

30

27

25

23

35

50

Turar joy binolariga bevosita tutash hududlar

7 dan 23 gacha

83

75

66

59

54

50

47

45

43

55

70

23 dan 7 gacha

76

67

57

49

44

40

37

35

33

45

60

Mehmonxona va yotoqxona binolariga bevosita tutash hududlar

7 dan 23 gacha

93

79

70

63

58

55

52

50

49

60

75

23 dan 7 gacha

86

71

61

54

49

45

42

40

38

50

65

Turar joy obyektlarini loyihalashtirish va qurishga doir sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlariga (0102-25-son SanQvaN)
7-ILOVA
Shovqinning xususiyati va tashqi shovqin manbalari joylashuviga koʻra, turar va noturar joy obyektlari xonalari uchun shovqinning yoʻl qoʻyiladigan darajasi

Taʼsir etuvchi omil

Sharoit

dB yoki dBA

shovqin tavsifi

keng chiziqli, tonli, impulsli (standart shovqin oʻlchagich bilan “sekin” yoki “tez” xususiyatida oʻlchashda)

0

shakllangan qurilish tumani

mavjud qurilish hududi

-5

joylashuvi

kurort zonasi, dam olish, turizm maskanlari, shaharning yashil hududlari

-5

yangi loyihalanayotgan turar joy binosi

0

mavjud qurilishlar tumani

+5

Izohlar. Ln + 5 dB tuzatmani mavjud qurilish hududida yangi qurilayotgan yoki qayta tiklanayotgan obyektlar uchun qoʻllashga yoʻl qoʻyilmaydi.
Turar joy obyektlarini loyihalashtirish va qurishga doir sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlariga (0102-25-son SanQvaN)
8-ILOVA
Turar joy obyektlari xonalarida ichki va tashqi manbalardan keladigan tebranish darajalari

Oʻrtacha geometrik chastotalar, Nz

Oʻqlar boʻyicha yoʻl qoʻyiladigan belgilar

Xo, Yo, Z0

tebranish tezlanishi

tebranish tezligi

m/s2 x 103

dB

m/s2 x 103

dB

2

4,0

72

3,2

76

4

4,5

73

1,8

71

8

5,6

75

1,1

67

16

11,0

81

1,1

67

31,5

22,0

87

1,1

67

63

45,0

93

1,1

67

tebranish tezligi yoki tezlanishining ekvivalent tuzatilgan qiymatlari va ularning logarifmik darajalari

4,0

72

1,1

67

Turar joy obyektlarini loyihalashtirish va qurishga doir sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlariga (0102-25-son SanQvaN)
9-ILOVA
Yashil belbogʻlar yordamida tovush darajasini pasaytirish

Yashil ekinlar zonasi

Chiziq kengligi, m

Tovush darajasini pasaytirish, ekv.LA dBA

tasma ichida daraxtlar shaxmat usulida bir xil ekilganda

10 — 15

4-5

qatorlar orasidagi masofa 3 — 5 m boʻlganda ikki qatorli, qatorlar bir qatorli ekishga oʻxshash

21 — 25

8-9

qatorlar orasidagi masofa 3 m boʻlganda ikki yoki uch qatorli, qatorlar bir qatorli ekishga oʻxshash

26 — 30

10 — 12

Turar joy obyektlarini loyihalashtirish va qurishga doir sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlariga (0102-25-son SanQvaN)
10-ILOVA

Ishlab chiquvchilar roʻyxati:

O.P. Mirshina

Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qoʻmitasining Sanitariya-gigiyena boshqarmasi bosh mutaxassisi, t.f.n;

G.F. Sherqoʻziyeva

Toshkent tibbiyot akademiyasi “Umumiy gigiyena” kafedrasi dotsenti, t.f.n.

G.A. Tashpulatova

Sanitariya, gigiyena va kasb kasalliklari ilmiy-tadqiqot instituti “Fizik omillar” laboratoriyasi mudiri, t.f.d., kat.i.x.

A.N. Krasavin

Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qoʻmitasi Toshkent shahar boshqarmasi Sanitariya-gigiyena laboratoriyasi fizik omillar boʻlimi sanitariya vrachi

Sh.O. Tillayeva

Sanitariya, gigiyena va kasb kasalliklari ilmiy-tadqiqot instituti “Kasb kasalliklarini tashxislash, davolash va profilaktikasi laboratoriyasi” laboratoriyasi kat.i.x., PhD.


Taqrizchilar roʻyxati:

D.A. Zareddinov

Toshkent shahar tibbiyot xodimlarining kasbiy malakasini oshirish markazi “Gigiyena va radiatsion xavfsizlik” kafedrasi mudiri, t.f.d. professor;

N.S. Atabekov

Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qoʻmitasi raisining 1-oʻrinbosari, t.f.d.

I.A. Usmanov

Sanitariya, gigiyena va kasb kasalliklari ilmiy-tadqiqot instituti “Suv, tuproq, atmosfera havosi gigiyenasi va sanitar mikrobiologiya laboratoriyasi” laboratoriyasi mudiri, t.f.d., y.i.x.