toggle_night_mode
Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki BOSHQARUVINING
Qarori
Tijorat banklari tomonidan koʻchmas mulkni va boshqa mol-mulkni sotib olishga hamda unga egalik qilishga, shuningdek yuridik shaxslarning ustav fondidagi (ustav kapitalidagi) ulushlarini yoki aksiyalarini sotib olishga qoʻyiladigan talablar toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2023-yil 8-iyunda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 3441]
Oʻzbekiston Respublikasining “Oʻzbekiston Respublikasining Markaziy banki toʻgʻrisida”gi va “Banklar va bank faoliyati toʻgʻrisida”gi qonunlariga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvi qaror qiladi:
1. Tijorat banklari tomonidan koʻchmas mulkni va boshqa mol-mulkni sotib olishga hamda unga egalik qilishga, shuningdek yuridik shaxslarning ustav fondidagi (ustav kapitalidagi) ulushlarini yoki aksiyalarini sotib olishga qoʻyiladigan talablar toʻgʻrisidagi nizom 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Ayrim idoraviy normativ-huquqiy hujjatlar 2-ilovaga muvofiq oʻz kuchini yoʻqotgan deb topilsin.
3. Mazkur qaror rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran uch oydan keyin kuchga kiradi.
Rais M. NURMURATOV
Toshkent sh.,
2023-yil 5-may,
10/5-son
Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvining 2023-yil 5-maydagi 10/5-son qaroriga
1-ILOVA
Tijorat banklari tomonidan koʻchmas mulkni va boshqa mol-mulkni sotib olishga hamda unga egalik qilishga, shuningdek yuridik shaxslarning ustav fondidagi (ustav kapitalidagi) ulushlarini yoki aksiyalarini sotib olishga qoʻyiladigan talablar toʻgʻrisidagi
NIZOM
Oldingi tahrirga qarang.
Mazkur Nizom tijorat banklari, shu jumladan islomiy bank faoliyatini amalga oshiruvchi banklar (bundan buyon matnda bank deb yuritiladi) tomonidan koʻchmas mulkni va boshqa mol-mulkni sotib olishga hamda unga egalik qilishga, shuningdek yuridik shaxslarning ustav fondidagi (ustav kapitalidagi) ulushlarini yoki aksiyalarini sotib olishga qoʻyiladigan talablarni belgilaydi.
(muqaddima Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvining 2026-yil 8-iyuldagi 19/11-sonli qarori (roʻyxat raqami 3441-2, 27.07.2026-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 27.07.2026-y., 10/26/3441-2/0789-son)
1-bob. Bank tomonidan koʻchmas mulkni va boshqa mol-mulkni sotib olishga hamda unga egalik qilishga doir talablar
1-§. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Nizom talablariga muvofiq bank faoliyatini amalga oshirish uchun zarur boʻlgan koʻchmas mulk va boshqa mol-mulklarga quyidagilar kiradi:
bankning faoliyati va toʻliq ish yuritishi uchun zarur boʻlgan, unga tegishli binolar va boshqa inshootlar (xizmat binolari, ombor, garaj, oshxona, oʻquv markazi, ijtimoiy infrastruktura obyektlari);
bank faoliyatida foydalanilayotgan transport vositalari (avtomashina, yuk mashinalari va boshqa harakatlanuvchi vositalar);
bank faoliyati uchun sotib olingan mebellar, kompyuterlar, binolar uchun moslamalar, ofis uchun va boshqa uskunalar;
toʻlov kartalari bilan hisob-kitoblarni amalga oshirish uskunalari, bankomatlar, terminallar, serverlar va boshqa uskunalar;
operatsion ijaraga berilgan asosiy vositalar;
ombordagi asosiy vositalar;
bank tomonidan olingan va omborda saqlanayotgan kam baholi va tez eskiruvchi buyumlar, shuningdek boshqa qimmatliklar, shu jumladan bankning bino va boshqa asosiy vositalarini taʼmirlash uchun moʻljallangan materiallar;
bankning tugatilgan yoki tugatilish jarayonida boʻlgan banklardagi mablagʻlari.
2. Mazkur Nizom talablariga muvofiq bank faoliyatini amalga oshirish uchun zaruriyati mavjud boʻlmagan (foydalanilmaydigan) koʻchmas mulk va boshqa mol-mulklarga quyidagilar kiradi:
sotib olingan yer;
garov hisobidan undirilgan koʻchmas mulk va boshqa mol-mulklar;
kredit va lizing boʻyicha undirilgan tugatilayotgan bankrot korxonalar koʻchmas mulki va boshqa mol-mulklari;
ijara daromadini olish va kapital oʻsishi uchun yoki har ikki maqsad uchun moʻljallangan koʻchmas mulklar;
bank faoliyatini amalga oshirish uchun sotib olingan, biroq bank faoliyatida va (yoki) mulkka qilingan investitsiya sifatida uch yildan ortiq muddatda foydalanilmayotgan koʻchmas mulk va boshqa mol-mulklar.
3. Bank faoliyatini amalga oshirish uchun zarur boʻlgan yoki zaruriyati mavjud boʻlmagan (foydalanilmaydigan) koʻchmas mulk va boshqa mol-mulklarning jami qiymati bankning birinchi darajali regulyativ kapitalining bir barobaridan oshmasligi kerak.
4. Bank faoliyatini amalga oshirish uchun zarur boʻlgan yoki zaruriyati mavjud boʻlmagan (foydalanilmaydigan) koʻchmas mulk va boshqa mol-mulklarning jami qiymati hisob-kitoblarida:
asosiy vositalar, bino (inshootlar)ni qurilishi (rekonstruksiyasi) bilan bogʻliq boʻlgan loyiha-qidiruv ishlari, qurilish materiallari, mehnat, xarajatlar hamda asosiy vositalar sotib olish bilan bogʻliq boʻlgan boshqa kapitallashtiriladigan xarajatlar qiymati qoʻshilgan holda;
ushbu koʻchmas mulk va boshqa mol-mulklar boʻyicha ehtimoliy yoʻqotishlarni qoplash uchun shakllantirilgan zaxiralar va yigʻilgan eskirish summalari miqdori chegirilgan holda hisobga olinadi.
2-§. Koʻchmas mulk va boshqa mol-mulkni sotib olishga va egalik qilishga doir talablar
5. Banklar bank faoliyatini amalga oshirish uchun zarur boʻlganda koʻchmas mulkni va boshqa mol-mulkni sotib olishlari hamda ularga egalik qilishlari mumkin.
6. Banklar bank faoliyatini amalga oshirish uchun zaruriyati mavjud boʻlmagan (foydalanilmaydigan) koʻchmas mulk va boshqa mol-mulklarga vaqtinchalik egalik qilishlari hamda uch yil ichida sotish choralarini koʻrishi yoki ulardan foydalanish toʻgʻrisida qaror qabul qilishi zarur.
Oldingi tahrirga qarang.
7. Bank faoliyatini amalga oshirish uchun zaruriyati mavjud boʻlmagan (foydalanilmaydigan) koʻchmas mulk va boshqa mol-mulkni sotishda sotuvchi bank tomonidan xaridorning moliyalanishini oʻz ichiga olsa, bank ushbu operatsiyaga kreditlash (moliyalashtirish) sifatida yondashishi lozim. Bunda bank kreditlashga (moliyalashtirishga) nisbatan belgilangan talablarni bajarishi zarur.
(7-band Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvining 2026-yil 8-iyuldagi 19/11-sonli qarori (roʻyxat raqami 3441-2, 27.07.2026-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 27.07.2026-y., 10/26/3441-2/0789-son)
8. Koʻchmas mulk va boshqa mol-mulkni bank faoliyatini amalga oshirish uchun zaruriyati mavjud boʻlmagan (foydalanilmaydigan) deb hisoblash quyidagi sanadan boshlanadi:
bank faoliyatini amalga oshirishda foydalanilmaydigan koʻchmas mulk va boshqa mol-mulkka mulk huquqi bankka oʻtgan kundan boshlab;
bankning bir binosidan boshqa binosiga koʻchib oʻtishi tugallangan kundan boshlab;
bank faoliyatini amalga oshirish uchun zarur boʻlgan sotib olingan (egalik qilinayotgan) koʻchmas mulk va boshqa mol-mulkdan foydalanmaslik toʻgʻrisida qaror qabul qilingan kundan boshlab;
garov hisobidan undirilgan koʻchmas mulk va boshqa mol-mulk bank ixtiyoriga oʻtgan kundan boshlab.
9. Bankning vakolatli boshqaruv organi bank faoliyatini amalga oshirish uchun zaruriyati mavjud boʻlmagan (foydalanilmaydigan) koʻchmas mulkdan va boshqa mol-mulkdan mazkur Nizomning 8-bandida nazarda tutilgan tegishli muddatdan boshlab uch yildan soʻng bank faoliyatini amalga oshirishda foydalanishga qaror qilganda ushbu koʻchmas mulk va mol-mulklardan foydalanishning aniq rejasini ishlab chiqib, tasdiqlashi zarur.
Bunda, mazkur reja yakuniy va oraliq muddatlarda amalga oshiriladigan aniq chora-tadbirlarni oʻz ichiga olishi hamda ushbu reja tasdiqlangandan boshlab bank faoliyatini amalga oshirish uchun zaruriyati mavjud boʻlmagan (foydalanilmaydigan) koʻchmas mulk va boshqa mol-mulkdan ikki yil ichida foydalanishni boshlash nazarda tutishi lozim.
2-bob. Banklar tomonidan yuridik shaxslarning ustav fondidagi (ustav kapitalidagi) ulushlarini yoki aksiyalarini sotib olishga qoʻyiladigan talablar
Oldingi tahrirga qarang.
10. Banklar Markaziy bank tomonidan beriladigan bank faoliyatini amalga oshirish huquqini beruvchi litsenziya va (yoki) islomiy bank faoliyatini amalga oshirish huquqini beruvchi litsenziya asosida qonunchilik hujjatlariga muvofiq Markaziy bank bilan bogʻliq operatsiyalarni amalga oshirishlari mumkin.
(10-band Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvining 2026-yil 8-iyuldagi 19/11-sonli qarori (roʻyxat raqami 3441-2, 27.07.2026-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 27.07.2026-y., 10/26/3441-2/0789-son)
11. Banklarga yuridik shaxslarni tashkil etish va (yoki) yuridik shaxslarning ustav fondlaridagi (ustav kapitallaridagi) ulushlarni yoki aksiyalarni olish taqiqlanadi, bundan quyidagilar mustasno:
Oldingi tahrirga qarang.
kredit, sugʻurta, faktoring va lizing operatsiyalarini professional asosda amalga oshiruvchi yuridik shaxslar;
(11-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvining 2025-yil 29-apreldagi 10/11-sonli qarori (roʻyxat raqami 3441-1, 02.05.2025-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 03.05.2025-y., 10/25/3441-1/0405-son)
moliya bozori infratuzilmasining bir qismi boʻlgan yoki banklarga axborot va maslahat xizmatlarini koʻrsatuvchi yuridik shaxslar;
qimmatli qogʻozlar bozorida professional faoliyatni amalga oshiruvchi yuridik shaxslar;
bankning kafolati ostida qimmatli qogʻozlarni chiqarish va joylashtirish maqsadida mazkur bankning xorijda tashkil etiladigan shuʼba tashkilotlari;
faqat inkassatsiya faoliyati bilan shugʻullanuvchi yuridik shaxslar;
bank operatsiyalari boʻyicha hisob-kitoblar, shu jumladan bank kartalari bilan operatsiyalarga doir hisob-kitoblar ishtirokchilari oʻrtasida oʻzaro bogʻliqligini taʼminlash boʻyicha xizmatlar koʻrsatuvchi yuridik shaxslar;
fond va valyuta birjalari;
kredit byurolari;
qimmatli qogʻozlarning ikkilamchi bozoriga joylashtirilgan aksiyalarning yigirma foizidan ortiq boʻlmagan miqdorda fond birjasi listingiga kiritilgan aksiyadorlik jamiyatlari.
Oldingi tahrirga qarang.
islomiy moliya operatsiyalari sifatida mijozni moliyalashtirish maqsadida tashkil etilgan yuridik shaxslar va (yoki) yuridik shaxslarning ustav fondlaridagi (ustav kapitallaridagi) sotib olingan ulushlar yoki aksiyalar.
(11-band Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvining 2026-yil 8-iyuldagi 19/11-sonli qaroriga (roʻyxat raqami 3441-2, 27.07.2026-y.) asosan oʻn birinchi xatboshi bilan toʻldirilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 27.07.2026-y., 10/26/3441-2/0789-son)
Oldingi tahrirga qarang.
12. Bank tomonidan bir yuridik shaxsning ustav fondidagi (ustav kapitalidagi) ulushlarini yoki aksiyalarini olish bankning birinchi darajali regulyativ kapitalining oʻn besh foizidan oshmasligi kerak. Ushbu cheklov bank tomonidan mazkur yuridik shaxslarning ustav fondidagi (ustav kapitalidagi) ulushlariga yoki aksiyalariga egalik qilishga, shu jumladan mazkur yuridik shaxslarning tashkil etilishi hollariga nisbatan ham tatbiq etiladi.
(12-band Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvining 2025-yil 29-apreldagi 10/11-sonli qarori (roʻyxat raqami 3441-1, 02.05.2025-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 03.05.2025-y., 10/25/3441-1/0405-son)
Oldingi tahrirga qarang.
13. Yuridik shaxslarning ustav fondidagi (ustav kapitalidagi) ulushlarini yoki aksiyalarini sotib olish yigʻindisi bankning birinchi darajali regulyativ kapitalining ellik foizidan oshmasligi kerak.
(13-band Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvining 2025-yil 29-apreldagi 10/11-sonli qarori (roʻyxat raqami 3441-1, 02.05.2025-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 03.05.2025-y., 10/25/3441-1/0405-son)
Oldingi tahrirga qarang.
(14-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvining 2025-yil 29-apreldagi 10/11-sonli qaroriga (roʻyxat raqami 3441-1, 02.05.2025-y.) asosan chiqarilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 03.05.2025-y., 10/25/3441-1/0405-son)
14. Agar bank tomonidan yuridik shaxslar ustav fondidagi (ustav kapitalidagi) ulushlariga yoki aksiyalariga egalik qilish ushbu Nizomning 12 va 13-bandlarida koʻrsatilgan miqdordan ortiq boʻlsa, ushbu ortgan qismni bank bir yil ichida sotishi shart.
15. Mazkur Nizomning 12 va 13-bandlarida belgilangan cheklovlar bank aktivlari taʼminoti uchun qabul qilingan qimmatli qogʻozlarga nisbatan qoʻllanilmaydi.
3-bob. Yakuniy qoidalar
16. Banklar sotib olingan va egaligidagi koʻchmas mulkni va boshqa mol-mulkni, shuningdek sotib olingan yuridik shaxslarning ustav fondidagi (ustav kapitalidagi) ulushlarini yoki aksiyalarini hisobini yuritishi va bu toʻgʻrisidagi hisobotlarni har oyning oʻninchi sanasiga qadar Markaziy bankka taqdim etib borishi lozim.
17. Mazkur Nizom talablarining buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilik hujjatlariga muvofiq javobgar boʻladilar.
Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvining 2023-yil 5-maydagi 10/5-son qaroriga
2-ILOVA
Oʻz kuchini yoʻqotgan deb topilayotgan idoraviy normativ-huquqiy hujjatlar
ROʻYXATI
1. Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvi tomonidan 1998-yil 9-noyabrda 427-son bilan tasdiqlangan Tijorat banklarining koʻchmas mulkka boʻlgan investitsiyalariga qoʻyiladigan talablar toʻgʻrisida nizom (roʻyxat raqami 572, 1998-yil 19-dekabr).
2. Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvining 2010-yil 23-oktabrdagi 34/15-son “Tijorat banklarining koʻchmas mulkka boʻlgan investitsiyalariga qoʻyiladigan talablar toʻgʻrisidagi nizomga oʻzgartirishlar kiritish haqida”gi qarori (roʻyxat raqami 572-1, 2010-yil 8-noyabr) (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2010-y., 44-45-son, 407-modda).
3. Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvining 2008-yil 27-dekabrdagi 30/2-son “Tijorat banklari tomonidan qimmatli qogʻozlar bilan oʻtkaziladigan operatsiyalarga va ularning boshqa korxonalar ustav kapitalida qatnashishiga qoʻyiladigan talablar toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qarori (roʻyxat raqami 1894, 2009-yil 2-fevral) (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2009-y., 6-son, 57-modda).
4. Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvining 2015-yil 22-iyuldagi 19/5-son “Tijorat banklari tomonidan qimmatli qogʻozlar bilan oʻtkaziladigan operatsiyalarga va ularning boshqa korxonalar ustav kapitalida qatnashishiga qoʻyiladigan talablar toʻgʻrisidagi nizomga oʻzgartirishlar kiritish haqida”gi qarori (roʻyxat raqami 1894-1, 2015-yil 29-iyul) (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2015-yil, 30-son, 401-modda).
5. Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvining 2017-yil 24-iyundagi 14/18-son “Tijorat banklari tomonidan qimmatli qogʻozlar bilan oʻtkaziladigan operatsiyalarga va ularning boshqa korxonalar ustav kapitalida qatnashishiga qoʻyiladigan talablar toʻgʻrisidagi nizomga oʻzgartirishlar va qoʻshimcha kiritish haqida”gi qarori (roʻyxat raqami 1894-2, 2017-yil 24-iyul) (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2017-y., 30-son, 746-modda).
6. Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvining 2018-yil 18-avgustdagi 27/12-son “Tijorat banklari tomonidan qimmatli qogʻozlar bilan oʻtkaziladigan operatsiyalarga va ularning boshqa korxonalar ustav kapitalida qatnashishiga qoʻyiladigan talablar toʻgʻrisidagi nizomga oʻzgartirishlar kiritish haqida”gi qarori (roʻyxat raqami 1894-3, 2018-yil 6-sentabr) (Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 06.09.2018-y., 10/18/1894-3/1846-son).
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 08.06.2023-y., 10/23/3441/0346-son; 03.05.2025-y., 10/25/3441-1/0405-son; 27.07.2026-y., 10/26/3441-2/0789-son)