1.07.00.00.00 Moliya va kredit toʻgʻrisidagi qonunchilik. Bank faoliyati / 07.22.00.00 Kreditlash / 07.22.01.00 Umumiy masalalar]
[TSZ:
1.Moliya / Banklar va boshqa kredit muassasalari. Kreditlar]
“TASDIQLANGAN”
Oʻzbekiston Respublikasi
Markaziy banki Boshqaruvi
1998-yil 9-noyabr 261-son
(19/8-sonli bayonnoma)
QAYTA MOLIYALASh KREDITLARINI BERISh TARTIBI TOʻGʻRISIDA
nizom
(yangi tahrirda)
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 1998-yil 17-dekabrda 566-son bilan davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan]
LexUZ sharhi
Mazkur nizom Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvining 2011-yil 22-yanvardagi 1/1-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan tijorat banklariga qayta moliyalash kreditlarini berish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qaroriga (roʻyxat raqami 2201, 23.02.2011-y.) muvofiq oʻz kuchini yoʻqotgan.
Mazkur Nizom Oʻzbekiston Respublikasining “Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki toʻgʻrisida”gi Qonuni, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1994-yil 3-maydagi 234-sonli qaroriga muvofiq ishlab chiqilgan va Oʻzbekiston Respublikasi Valyuta birjasi huzuridagi kredit resurslari kimoshdi savdolari orqali tijorat banklarini qayta moliyalash uchun kreditlar berish tartibini belgilaydi.
Qayta moliyalash — Markaziy bank tomonidan amalga oshiriladigan pul-kredit siyosati vositalaridan biri boʻlib, u ikkinchi daraja banklarining likvidlik holatini qoʻllab-quvvatlash uchun yoʻnaltiriladi.
TIJORAT BANKLARINI QAYTA MOLIYALASh TARTIBI
A. Umumiy qoidalar
1. Markaziy bank, Oʻzbekiston Respublikasining Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki toʻgʻrisida”gi Qonuniga asosan olgan, chet el valyutasi, xalqaro rezervlar toifasiga kiruvchi valyuta boyliklari va boshqa boyliklar, davlat qarz majburiyatlari va hukumat kafolatlagan boshqa qarz vositalari, Markaziy bankda depozitga oʻtkazilgan va uning depozitariysi uchun maqbul boʻlgan, xarid qilinishi va sotilishiga ruxsat berilgan qonun doirasidagi boshqa xil operatsiyalar oʻtkazishi mumkin boʻlgan aktivlar, toʻlanishiga banklar kafolat bergan tijorat veksellari, shuningdek, Moliya vazirligini kafolatiga asoslangan holda banklarga qayta moliyalash kreditlarini beradi.
Markaziy bank Oʻzbekiston Respublikasining “Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki toʻgʻrisida”gi Qonuni va pul-kredit siyosatining asosiy yoʻnalishlaridan kelib chiqadigan aniq maqsadli vazifalarga muvofiq, kreditlarni joylashtirish (sotish) va jalb etish (sotib olish) yoʻli bilan tijorat banklarini qayta moliyalash operatsiyalarini amalga oshirishi mumkin.
Pul-kredit siyosatini amalga oshirayotganda Markaziy bank tijorat banklarining kredit potensiali (resurs imkoniyatlari) joriy holatini doimiy kuzatib turadi. Buning uchun u joriy monitoringlar oʻtkazadi, ular vakillik hisobvaraqlarini tahlil qiladi va asosan oʻzi kreditlarni joylashtirish (sotish) va jalb etish (sotib olish) uchun qatnashadigan banklararo kredit bozori — Oʻzbekiston Respublikasi Valyuta birjasi huzuridagi kredit resurslari kimoshdi savdosini kuzatib boradi.
2. Tijorat banklarining likvid holatini saqlashga yoʻnaltiriladigan, ularni qayta moliyalash uchun beriladigan kreditlar miqdori, shuningdek, qayta moliyalash stavkasi, Markaziy bank tomonidan pul-kredit siyosatining joriy vaqtdagi aniq vazifalariga muvofiq, hamda, pul-kredit siyosatining asosiy yoʻnalishlarini hisobga olgan holda belgilanadi. Bunda qayta moliyalash stavkasi inflatsiya darajasidan kelib chiqqan holda oʻzgartirilishi mumkin.
3. Markaziy bank Oʻzbekiston Respublikasining “Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki toʻgʻrisida”gi Qonuniga muvofiq, tijorat banklariga milliy valyutada lombard kreditini berishi mumkin. Lombard krediti qayta moliyalash shakllaridan biri boʻlib, ushbu kredit Davlat qisqa muddatli obligatsiyalarini garovga qoʻyish yoʻli orqali beriladi.
Lombard kreditining berilishi Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankining 1998-yil 22-avgustdagi 416-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan banklarga lombard krediti berish tartibi toʻgʻrisida”gi Nizom (Adliya vazirligi tomonidan 1998-yil 16-oktabrda 501-son bilan roʻyxatga olingan)ga asosan amalga oshiriladi.
4. Qayta moliyalash kreditlari Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvi tomonidan tasdiqlangan 1996-yil 20-apreldagi 41-sonli “Oʻzbekiston Respublikasida kredit resurslari kimoshdi savdolarini oʻtkazish tartibi”ga muvofiq joylashtiriladi (sotiladi).
5. Keyinchalik, qayta moliyalash kreditlari Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankining maxsus koʻrsatmalari boʻyicha, ularda belgilangan shartlar asosida Markaziy bank hududiy bosh boshqarmalari va tijorat banklari oʻrtasida tuziladigan kredit shartnomasi bilan rasmiylashtiriladi.
6. Kredit shartnomasida quyidagilar koʻzda tutiladi: tomonlar nomi, ularning oʻzaro majburiyatlari va iqtisodiy masʼuliyati, kredit muddati, miqdori, aniq maqsad koʻzlanganligi, kredit berish va uni qaytarish tartibi, foiz stavkasi va uni oʻzgartirish shartlari, taʼminlash shakllari, jarima solish va tomonlar shartlashuvining boshqa jihatlari.
B. Banklarning likvidlik holatini qoʻllab-quvvatlash uchun kreditlar berish tartibi
1. Vakillik hisobvaraqlarida mablagʻlar umuman yoki yetarlicha boʻlmagan holatlarda kechiktirib boʻlmaydigan toʻlovlarni amalga oshirish uchun tijorat bankiga, istisno tariqasida, Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankining ruxsati bilan uning hududiy Bosh boshqarmasi rahbari taqdimnomasi boʻyicha bank likvidligini qoʻllab-quvvatlash uchun kredit berilishi mumkin.
Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan oʻrnatilgan iqtisodiy meʼyorlarga rioya etuvchi hamda majburiy rezerv talablarini bajaruvchi tijorat banklari shunday kredit olish huquqiga ega. Ayni paytda, ularda kredit xatari mutlaqo boʻlmasligi, yaʼni mazkur kredit va uning foizlari belgilangan muddatda qaytarilishi shart.
2. Bu kredit tijorat banki tomonidan kredit resurslarini tartibga solish fondiga oʻtkazilgan mablagʻlarning 30 foizidan oshmaydigan miqdorda, 7 ish kunigacha muddatga, Markaziy bank bilan tijorat banki oʻrtasida tuziladigan kredit shartnomasi asosida beriladi.
3. Ushbu kredit boʻyicha foiz stavkasi Markaziy bank amaldagi qayta moliyalash stavkasidan 1,3 barovarga oshiriladigan miqdorda belgilanadi.
4. Tijorat bankida Markaziy bank tomonidan unga ilgari berilgan ushbu kreditlar boʻyicha muddati oʻtgan qarzdorlik vujudga kelgan holda, quyidagi taʼsir choralari qoʻllaniladi:
belgilangan foiz stavkasi ikki baravar oshiriladi;
“Oʻzbekiston Respublikasining Markaziy banki toʻgʻrisida”gi Qonunning 59-moddasiga muvofiq, muddati oʻtgan qarz Bosh bank hisobvaragʻidan undirib olinadi. Agar, Bosh bank hisobvaragʻida qarzlarni qoplaydigan miqdorda mablagʻlar boʻlmasa, ushbu qarz toʻla qaytarilmaguncha bank vakillik hisobvaragʻi boʻyicha operatsiyalar toʻxtatiladi.
V. Respublika hukumati qarorlari boʻyicha aniq maqsadli qayta moliyalash kreditlarini berish tartibi (Xizmat doirasida foydalanish uchun)
1. Markaziy bank tomonidan Hukumat qarorlariga muvofiq xalq xoʻjaligining eng ustuvor loyihalarini va tarmoqlarini moliyalashtirish uchun tijorat banklari orqali aniq maqsadli qayta moliyalash kreditlari (bundan keyingi hollarda — direktiv kreditlar) berilishi mumkin.
2. Direktiv kreditlar Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining maxsus qarorlarida (farmoyishlarida) belgilangan shartlar asosida, respublika iqtisodiyotining ustuvor tarmoqlarini kredit resurslariga boʻlgan ehtiyojlarini qondirish maqsadlari uchun ajratiladi. Hukumat qarorlarida (farmoyishlarida) ushbu kreditlardan foydalanish muddati belgilanmagan taqdirda, ular uch oygacha boʻlgan muddatga beriladi.
(V-boʻlim “Respublika hukumati qarorlari boʻyicha aniq maqsadli qayta moliyalash kreditlarini berish tartibi”ning 2-bandi Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvining 2001-yil 4-avgustdagi 18/1-son “Qayta moliyalash kreditlarini berish tartibi toʻgʻrisidagi Nizomga oʻzgartirish kiritish haqida” qarori (roʻyxat raqami 566-1, 18.08.2001-y.) tahririda)
3. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlarida (farmoyishlarida) ustuvor tarmoqlar va obyektlar roʻyxati, ajratiladigan direktiv kreditlar miqdori, qaytarilishini taʼminlash shakli, xizmat koʻrsatuvchi banklar, kreditning aniq maqsadi, kredit berish jadvali, foiz stavkasi, asosiy qarz va foizlarni toʻlash muddati hamda boshqa zarur maʼlumotlar koʻrsatiladi.
4. Direktiv kreditlar boʻyicha foiz stavkalari, agar boshqa holat koʻzda tutilmagan boʻlsa, Markaziy bank tomonidan pul-kredit siyosatining joriy vaqtdagi asosiy yoʻnalishlariga muvofiq holda oʻrnatiladi. Foiz darajasi Markaziy bankning qayta moliyalash stavkasini oʻzgarishiga qarab koʻpayishi yoki kamayishi mumkin.
5. Direktiv kreditlar boʻyicha foizlar Markaziy bankning amaldagi qayta moliyalash stavkasi (oʻrnatilgan foiz stavkasi) boʻyicha har oyda hisoblanadi va kredit shartnomasida boshqa holat koʻzda tutilmagan boʻlsa, har oyda toʻlanadi.
6. Direktiv kredit berilayotgan korxonaning yuqori tashkiloti unga xizmat koʻrsatuvchi bank bilan birgalikda quyidagilar qayd etilgan buyurtmanoma taqdim etadi:
kreditning maqsadi:
kreditga boʻlgan ehtiyojning iqtisodiy asoslanganligi;
kreditning taʼminlanganlik shakllari;
kreditning muddati va summasi;
kreditni qaytarish va uning foizlarini toʻlash jadvali.
G. Marja belgilash tartibi. Kreditlar boʻyicha hisob yuritish va hisobot
1. Qayta moliyalash kreditlari boʻyicha marja darajasi Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan belgilanadi.
2. Markaziy bank tomonidan tijorat banklariga berilgan qayta moliyalash kreditlarini hisobini yuritish boʻyicha operatsiyalar balansdagi 12101 — “Boshqa banklarga berilgan qisqa muddatli ssudalar” (Markaziy bankda) va 21602 — “Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankidan olingan qisqa muddatli ssudalar” (tijorat bankida) balans hisobvaraqlarida aks ettiriladi.
3. Muddati kechiktirilgan qayta moliyalash kreditlari hisobi balansdagi 12109 — “Boshqa banklarga berilgan muddati kechiktirilgan qisqa muddatli ssudalar” hisobvaragʻida aks ettiriladi.
4. Muddati oʻtgan qayta moliyalash kreditlari hisobi balansdagi 12105 — “Boshqa banklarga berilgan muddati oʻtgan ssudalar” hisobvaragʻida aks ettiriladi.
5. Markaziy bank (banklararo) kreditlarini berish quyidagi buxgalterlik oʻtkazmalari orqali rasmiylashtiriladi:
5.1. Kredit bergan bankda:
D-t 12101 — “Boshqa banklarga berilgan qisqa muddatli ssudalar”
K-t Tijorat banki vakillik hisobvaragʻi yoki 21602 — “Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankidan olingan qisqa muddatli ssudalar”.
5.2. Kredit olgan bankda:
D-t Tijorat banki vakillik hisobvaragʻi yoki 21602 — “Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankidan olingan qisqa muddatli ssudalar”
K-t 21602/21606 — “Markaziy bankdan (boshqa banklardan) olingan qisqa muddatli ssudalar”.
6. Balans hisoboti tuzish yoki hisob-kitob sanasida:
6.1. Kredit bergan bankda:
Olish uchun hisoblangan foizlar summasi:
D-t 16309 (tijorat banki) yoki 16305 (Markaziy bank) “Olish uchun hisoblangan foizlar summasi”
K-t 41601 “Boshqa banklarga berilgan qisqa muddatli ssudalar boʻyicha foiz daromadlari”.
6.2. Kredit olgan bankda:
Toʻlash uchun hisoblangan foizlar summasi:
D-t 53101/53106 (tijorat banki) yoki 52002 (Markaziy bank) — “Markaziy bankdan olingan qisqa muddatli ssudalar boʻyicha foizli xarajatlar”
K-t 22410 “Olingan ssudalar boʻyicha hisoblangan foizlar”.
7. Toʻlash (undirib olish) muddati yetib kelganda va tijorat banki vakillik hisob varagʻida yetarlicha mablagʻlar mavjud boʻlganida quyidagi oʻtkazmalar qilinadi:
7.1. Kredit olgan bankda:
a) Kredit uchun toʻlov summasi:
D-t 21602/21606 (tijorat banki) yoki 22114 (Markaziy bank) “Markaziy bankdan (boshqa banklardan) olingan qisqa muddatli ssudalar”
K-t Tijorat banki vakillik hisobvaragʻi (oʻziniki).
b) Toʻlash uchun hisoblangan foizlar summasi:
D-t 22410 “Olingan ssudalar boʻyicha hisoblangan foizlar”
K-t Tijorat banki vakillik hisobvaragʻi (oʻziniki).
7.2. Kredit bergan bankda:
a) Olish uchun hisoblangan foizlar summasi:
D-t Tijorat banki vakillik hisobvaragʻi
K-t 16309 (tijorat banki) yoki 16305 (Markaziy bank) “Olish uchun hisoblangan foizlar”.
b) Kredit uchun toʻlov summasi:
D-t Tijorat banki vakillik hisobvaragʻi
K-t 12101 “Boshqa banklarga berilgan qisqa muddatli ssudalar”.
8. Tijorat banki vakillik hisobvaragʻida mablagʻlar boʻlmagan yoki yetarli boʻlmagan va kredit belgilangan muddatda toʻlanmagan hollarda quyidagi buxgalterlik oʻtkazmalari qilinadi:
8.1. Kredit bergan bankda:
Muddati oʻtgan kredit toʻlov summasi:
D-t 12105 “Boshqa banklarga berilgan muddati oʻtgan ssudalar”
K-t 12101 “Boshqa banklarga berilgan qisqa muddatli ssudalar”.
8.2. Kredit olgan bankda muddati oʻtgan kredit summasi balansdagi 21602/21606 — “Markaziy bankdan (boshqa banklardan) olingan qisqa muddatli ssudalar” hisobvaragʻida hisobga olinadi.
9. Muddatida toʻlanmagan qarzlar summasidagi kredit resurslari kreditorga qaytarilayotganda quyidagi oʻtkazmalar qilinadi:
9.1. Kredit olgan bankda:
D-t 21602/21606 (tijorat banki) “Markaziy bankdan (boshqa banklardan olingan qisqa muddatli ssudalar”
K-t Tijorat banki vakillik hisobvaragʻi (oʻziniki).
9.2. Kredit bergan bankda:
D-t Tijorat banki vakillik hisobvaragʻi
K-t 12105 “Boshqa banklarga berilgan muddati oʻtgan ssudalar”.
10. Markaziy bankning hududiy Bosh boshqarmalari har oyning 1-sanasi holatiga tijorat banklari tomonidan qayta moliyalash kreditlaridan foydalanilishi va ularning holati toʻgʻrisida Markaziy bank Pul-kredit siyosati departamentiga maʼlumotnoma taqdim etadilar. Maʼlumotnoma har oyda hisobot oyidan keyingi oyning 5-sanasigacha beriladi.
11. Markaziy bank, qayta moliyalash kreditlaridan foydalanuvchi tijorat banklaridan ham belgilangan tartibda tegishli maʼlumotlar olishi mumkin.
TAʼSIR ChORALARI
1. Muddatidan oldin boʻshagan qayta moliyalash kreditlarini oʻz vaqtida qaytarmaganlik uchun tijorat banklariga nisbatan Markaziy bank kredit shartnomasida koʻzda tutilgan choralarni qoʻllashga haqli.
2. Qayta moliyalash kreditlari qaytarilmagan hollarda, Markaziy bank garovga qoʻyilgan mulkni sotish yoki kafolat xati boʻyicha talabnoma qoʻyish orqali qarz summasini undirib olish huquqiga ega.
3. Qayta moliyalash kreditlarini belgilangan muddat ichida qaytarilishini taʼminlamagan tijorat banklariga nisbatan 1997-yil 25-yanvardagi 74-son “Bank qonunchiligi va bank faoliyatini tartibga soluvchi meʼyoriy hujjatlarni buzganligi uchun tijorat banklariga nisbatan Markaziy bank tomonidan qoʻllaniladigan chora va sanksiyalar toʻgʻrisidagi Nizom”ning 6-bandida va unga kiritilgan 1998-yil 27-iyundagi 406-sonli Qoʻshimchaning 1-bandida koʻrsatilgan taʼsir choralari qoʻllaniladi.
4. Banklar tomonidan aniq maqsadli kredit resurslaridan belgilangandan tashqari maqsadlarda foydalanilishiga yoʻl qoʻyilgan hollarda, ushbu kreditlar muddatidan oldin qaytarib olinadi.
5. Taʼsir choralari Markaziy bank hududiy Bosh boshqarmasi va tijorat banki oʻrtasida tuziladigan kredit shartnomalarida aks ettirilishi shart.
“Qayta moliyalash kreditlarini berish tartibi toʻgʻrisida”gi Nizomning yangi tahrirda kuchga kiritilishi munosabati bilan quyidagilar oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin:
Markaziy bankning 1993-yil 25-oktabrdagi 52-son “Tijorat banklariga markazlashgan kredit resurslarini berish tartibi” toʻgʻrisidagi koʻrsatmasi;
Markaziy bank Boshqaruvi tomonidan 1996-yil 18-mayda tasdiqlangan 261-son “Qayta moliyalash kreditlarini berish tartibi toʻgʻrisidagi Nizom;
Markaziy bank Boshqaruvi tomonidan 1997-yil 10-mayda tasdiqlangan 336-son “Qayta moliyalash kreditlarini berish tartibi toʻgʻrisida”gi Nizomga kiritilgan oʻzgartirishlar;
Markaziy bank Boshqaruvi tomonidan 1997-yil 6-dekabrda tasdiqlangan 370-son (xizmat doirasida foydalanish uchun) “Qayta moliyalash kreditlarini berish tartibi toʻgʻrisida”gi Nizomga kiritilgan qoʻshimcha.
Markaziy bank Raisining birinchi oʻrinbosari M. NURMURODOV