toggle_night_mode
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Rasmiy hujjatlarga apostil qoʻyish tartibini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Xorijiy rasmiy hujjatlarni legallashtirish talabini bekor qiluvchi konvensiya (Gaaga, 1961-yil 5-oktabr) qoidalarini amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2011-yil 5-iyuldagi PQ-1566-son qaroriga muvofiq rasmiy hujjatlarga apostil qoʻyish boʻyicha davlat xizmatlari koʻrsatish tizimini yanada takomillashtirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. 2022-yil 1-martdan boshlab jismoniy va yuridik shaxslarga vakolatli davlat organlari tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi hududida tuzilgan rasmiy hujjatlarga elektron tarzda “Apostille” maxsus shtampini (keyingi oʻrinlarda — apostil) qoʻyish boʻyicha davlat xizmatini davlat xizmatlari markazlari va (yoki) Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (keyingi oʻrinlarda — YIDXP) orqali koʻrsatish tartibi joriy etilsin.
Bunda, jismoniy va yuridik shaxslarga vakolatli davlat organlari tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi hududida tuzilgan rasmiy hujjatlarga anʼanaviy tarzda apostil qoʻyish boʻyicha davlat xizmatini koʻrsatish tartibi ham saqlab qolinishi belgilab qoʻyilsin.
2. Quyidagilarni nazarda tutuvchi Rasmiy hujjatlarga apostil qoʻyish boʻyicha davlat xizmati koʻrsatishning maʼmuriy reglamenti 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin va 2022-yil 1-martdan boshlab amalga kiritilsin:
jismoniy va yuridik shaxslarga vakolatli davlat organlari tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi hududida tuzilgan rasmiy hujjatlarga elektron tarzda apostil qoʻyish boʻyicha davlat xizmatini davlat xizmatlari markazlari yoki YIDXP orqali koʻrsatish tartibi;
jismoniy va yuridik shaxslarga vakolatli davlat organlari tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi hududida tuzilgan rasmiy hujjatlarga anʼanaviy tarzda apostil qoʻyish boʻyicha davlat xizmatini koʻrsatish tartibi;
ariza beruvchilarining murojaatiga koʻra, ularga apostil qoʻyish masalalari boʻyicha apostil qoʻyish masalalarini koʻrib chiqish vakolatiga kiradigan xodim hamda Davlat xizmatlari markazi xodimi tomonidan maslahatlar (maʼlumotnomalar) berish tartibi;
Adliya vazirligi huzuridagi Davlat xizmatlari agentligi, uning hududiy boshqarmalari va davlat xizmatlari markazlari tomonidan ushbu Reglament talablari ijrosi boʻyicha davlat organlari va boshqa tashkilotlarning faoliyati yuzasidan doimiy nazoratni va monitoringni amalga oshirish.
3. Adliya vazirligi huzuridagi Davlat xizmatlari agentligi 2022-yil 1-yanvarga qadar rasmiy hujjatlarga elektron tarzda apostil qoʻyish boʻyicha davlat xizmatini koʻrsatishni texnik jihatdan qoʻllab-quvvatlovchi “E-App” (Electronic Apostille Programm) va “E-register” dasturlarining ishlab chiqilishi va ishga tushirilishini taʼminlasin.
Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi ushbu dasturlarning loyiha-texnik hujjatlarini belgilangan tartibda ekspertizadan oʻtkazilishini taʼminlasin.
4. Vazirliklar, idoralar va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari rasmiy hujjatlarni imzolash vakolatiga ega boʻlgan mansabdor shaxslarning imzolari hamda muhr va shtamplarning bosma izi namunalarini muntazam ravishda:
tegishli hududdagi adliya organlari va muassasalaridan hamda fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish organlaridan chiqadigan rasmiy hujjatlar boʻyicha — Qoraqalpogʻiston Respublikasi Adliya vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar adliya boshqarmalariga;
sudlardan chiqadigan rasmiy hujjatlar boʻyicha — Oliy sudga;
prokuratura, tergov, surishtiruv va tergovga qadar tekshiruvni amalga oshiruvchi organlardan chiqadigan rasmiy hujjatlar boʻyicha — Bosh prokuraturaga;
Oldingi tahrirga qarang.
maktabgacha, umumiy oʻrta va maktabdan tashqari taʼlim tashkilotlaridan chiqadigan rasmiy hujjatlar boʻyicha — Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligiga;
(4-bandning beshinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 30-dekabrdagi 840-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 06.01.2026-y., 09/26/840/0012-son)
Oldingi tahrirga qarang.
oʻrta maxsus, kasbiy, oliy va oliy taʼlimdan keyingi taʼlim hamda kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish boʻyicha taʼlim tashkilotlaridan chiqadigan rasmiy hujjatlar boʻyicha — Bilim va malakalarni baholash agentligiga;
(4-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 30-dekabrdagi 840-sonli qaroriga asosan oltinchi xatboshi bilan toʻldirilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 06.01.2026-y., 09/26/840/0012-son)
boshqa rasmiy hujjatlar boʻyicha — Tashqi ishlar vazirligiga yuborsinlar.
Oldingi tahrirga qarang.
5. Adliya vazirligi, Tashqi ishlar vazirligi, Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Bilim va malakalarni baholash agentligi, Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi, Oliy sud va Bosh prokuratura bilan birgalikda:
(5-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 30-dekabrdagi 840-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 06.01.2026-y., 09/26/840/0012-son)
2022-yil 1-martga qadar hozirgi kunda mavjud boʻlgan rasmiy hujjatlarni imzolash vakolatiga ega mansabdor shaxslarning imzolari hamda muhr va shtamplarning bosma izi namunalarining “E-App” dasturiga kiritilishini;
rasmiy hujjatlarni imzolash vakolatiga ega boʻlgan mansabdor shaxslar oʻzgargan taqdirda, ularning imzolari hamda muhr va shtamplarning bosma izi namunalarining “E-App” dasturida doimiy ravishda yangilanib borilishini;
Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi hamda Adliya vazirligi huzuridagi Davlat xizmatlari agentligi bilan birgalikda davlat xizmati koʻrsatishda ishtirok etadigan barcha boʻlinmalarining YIDXPga ulanishini taʼminlasin.
6. Adliya vazirligi Tashqi ishlar vazirligi, Oliy sud, Bosh prokuratura, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi bilan birgalikda bir oy muddatda davlat xizmatlari markazlarining xodimlari ishtirokida ushbu qaror bilan tasdiqlangan maʼmuriy reglamentni amalda qoʻllashning samaradorligi va natijadorligini oshirishga yoʻnaltirilgan oʻquv-amaliy seminarlar tashkil etilishi va oʻtkazilishini taʼminlasin.
7. Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi Adliya vazirligi huzuridagi Davlat xizmatlari agentligi bilan birgalikda YIDXPda davlat xizmatlari koʻrsatilishining har bir bosqichida murojaatlarni koʻrib chiqilishini kuzatib borish tartibini joriy etsin.
8. Adliya vazirligi huzuridagi Davlat xizmatlari agentligi:
davlat organlari va boshqa tashkilotlar tomonidan davlat xizmatlari koʻrsatilishining belgilangan tartibi bajarilishi yuzasidan ular faoliyati boʻyicha, shu jumladan, YIDXP orqali doimiy nazorat oʻrnatsin;
ushbu qaror bilan tasdiqlangan maʼmuriy reglamentning talablarini buzganlik uchun davlat organlari va boshqa tashkilotlar mansabdor shaxslariga nisbatan belgilangan tartibda maʼmuriy jazolarni qoʻllasin.
9. Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining 2-ilovaga muvofiq baʼzi qarorlari 2022-yil 1-martdan boshlab oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
10. Adliya vazirligi, Tashqi ishlar vazirligi boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda oʻzlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni bir oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsinlar.
11. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi adliya vaziri R.K. Davletov va tashqi ishlar vaziri A.X. Kamilov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2021-yil 3-dekabr,
732-son
Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 3-dekabrdagi 732-son qaroriga
1-ILOVA
Rasmiy hujjatlarga apostil qoʻyish boʻyicha davlat xizmati koʻrsatishning
MAʼMURIY REGLAMENTI
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Reglament jismoniy va yuridik shaxslarga (keyingi oʻrinlarda — murojaat etuvchilar) vakolatli davlat organlari tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi hududida tuzilgan rasmiy hujjatlarga “Apostille” maxsus shtampini (keyingi oʻrinlarda — apostil) qoʻyish boʻyicha davlat xizmati (keyingi oʻrinlarda — davlat xizmati) koʻrsatish tartibini belgilaydi.
Apostil bilan Xorijiy rasmiy hujjatlarni legallashtirish talabini bekor qiluvchi konvensiyaning (Gaaga, 1961-yil 5-oktabr) (keyingi oʻrinlarda — Konvensiya) 5-moddasiga muvofiq, rasmiy hujjatni imzolagan mansabdor shaxsning imzosi haqiqiyligi, imzolash vakolati mavjudligi hamda hujjatni tasdiqlagan muhr yoki shtamp bosma izi haqiqiyligi tasdiqlanadi.
2. Ushbu Reglamentda quyidagi asosiy tushunchalardan foydalaniladi:
apostil — rasmiy hujjatni imzolagan mansabdor shaxsning imzosi haqiqiyligini, imzolash vakolati mavjudligini hamda hujjatni tasdiqlagan muhr yoki shtamp bosma izi haqiqiyligini tasdiqlaydigan, Konvensiyaga muvofiq rasmiy hujjatga chet elda foydalanish maqsadida qoʻyiladigan maxsus shtamp;
apostil qoʻyish — rasmiy hujjatni imzolagan mansabdor shaxsning imzosi haqiqiyligini, imzolash vakolati mavjudligini hamda hujjatni tasdiqlagan muhr yoki shtamp bosma izi haqiqiyligini tasdiqlash uchun zarur boʻlgan rasmiy tartib-taomil;
vakolatli davlat organi — Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Xorijiy rasmiy hujjatlarni legallashtirish talabini bekor qiluvchi konvensiya (Gaaga, 1961-yil 5-oktabr) qoidalarini amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2011-yil 5-iyuldagi PQ-1566-son qaroriga muvofiq apostil qoʻyish vakolati berilgan davlat organi;
“yulduzcha” — rasmiy hujjat varaqlari mahkamlanadigan joyga yopishtiriladigan va apostilni qoʻygan vakolatli davlat organining gerbli muhri bosiladigan qalin qogʻoz;
“E-App” dasturi — rasmiy hujjatni imzolagan mansabdor shaxsning imzosi haqiqiyligini, imzolash vakolati mavjudligini hamda rasmiy hujjatni tasdiqlagan muhr yoki shtamp bosma izi haqiqiyligini tasdiqlaydigan, Konvensiyaga muvofiq rasmiy hujjatga chet elda foydalanish maqsadida qoʻyiladigan maxsus shtamp generatsiya qiladigan dastur;
“E-register” dasturi — vakolatli davlat organi tomonidan qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda rasmiy hujjatga chet elda foydalanish maqsadida “E-App” dasturi orqali qoʻyiladigan maxsus shtampni generatsiya qilish va ushbu shtampga oʻzgartirishlar kiritish bilan bogʻliq boʻlgan harakatlarini oʻzida jamlovchi elektron reyestr dasturi.
3. Apostil rasmiy hujjatni imzolagan mansabdor shaxsning imzosi haqiqiyligini, imzolash vakolati mavjudligini hamda hujjatni tasdiqlagan muhr yoki shtamp bosma izi haqiqiyligini tasdiqlash uchun rasmiy hujjatlarga qoʻyiladi.
Apostilga qoʻyiladigan imzo qoʻshimcha ravishda tasdiqlashni talab etmaydi.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Xorijiy rasmiy hujjatlarni legallashtirish talabini bekor qiluvchi konvensiya (Gaaga, 1961-yil 5-oktabr) qoidalarini amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2011-yil 5-iyuldagi PQ-1566-son qaroriga muvofiq davlat xizmati quyidagi organlar tomonidan koʻrsatiladi:
adliya organlari va muassasalaridan hamda fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish organlaridan chiqadigan rasmiy hujjatlar boʻyicha — Qoraqalpogʻiston Respublikasi Adliya vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar adliya boshqarmalari;
sudlardan chiqadigan rasmiy hujjatlar boʻyicha — Oliy sud;
prokuratura, tergov, surishtiruv va tergovga qadar tekshiruvni amalga oshiruvchi organlardan chiqadigan rasmiy hujjatlar boʻyicha — Bosh prokuratura;
Oldingi tahrirga qarang.
maktabgacha, umumiy oʻrta va maktabdan tashqari taʼlim tashkilotlaridan chiqadigan rasmiy hujjatlar boʻyicha — Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligiga;
(4-bandning beshinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 30-dekabrdagi 840-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 06.01.2026-y., 09/26/840/0012-son)
Oldingi tahrirga qarang.
oʻrta maxsus, kasbiy, oliy va oliy taʼlimdan keyingi taʼlim hamda kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish boʻyicha taʼlim tashkilotlaridan chiqadigan rasmiy hujjatlar boʻyicha — Oʻzbekiston Respublikasi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Bilim va malakalarni baholash agentligiga;
(4-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 30-dekabrdagi 840-sonli qaroriga asosan oltinchi xatboshi bilan toʻldirilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 06.01.2026-y., 09/26/840/0012-son)
boshqa rasmiy hujjatlar boʻyicha — Tashqi ishlar vazirligi.
5. Apostil:
chet elda Oʻzbekiston Respublikasining diplomatik vakolatxonalari yoki konsullik muassasalari tomonidan sodir etilgan rasmiy hujjatlarga;
tijorat yoki bojxona operatsiyalariga toʻgʻridan-toʻgʻri aloqador boʻlgan rasmiy hujjatlarga;
Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolik pasportiga, identifikatsiya ID-kartasiga, harbiy biletga qoʻyilmaydi.
6. Rasmiy hujjatga apostil qoʻyish, murojaat etuvchining oʻz xohishiga koʻra, mazkur Reglamentning 1-ilovasiga muvofiq anʼanaviy tarzda yoki 1a-ilovasiga muvofiq elektron tarzda amalga oshiriladi.
Rasmiy hujjatga apostil qoʻyish bilan bogʻliq barcha jarayonlar “E-App” va “E-register” dasturlaridan foydalangan holda amalga oshiriladi.
7. Rasmiy hujjatga elektron tarzda apostil qoʻyish jarayonida davlat xizmatlari markazlari va vakolatli davlat organlari oʻrtasidagi axborot almashinuvi elektron raqamli imzoni (keyingi oʻrinlarda — ERI) majburiy tartibda qoʻllash orqali faqat idoralararo elektron hamkorlik yordamida amalga oshiriladi.
8. Rasmiy hujjatga apostil qoʻyish, agar hujjat taqdim etiladigan davlatda amal qiladigan qonunlar, qoidalar yoki urf-odatlar yoxud ikki yoki bir necha ahdlashuvchi davlat oʻrtasidagi ahdlashuv rasmiy hujjatni legallashtirishni soddalashtirsa yoki ozod qilsa, talab qilinmasligi mumkin.
9. Vakolatli davlat organlari hamda davlat xizmatlari markazlari jismoniy va yuridik shaxslarga apostil qoʻyish tartib-taomillari boʻyicha bepul maslahatlar beradilar.
2-bob. Davlat xizmati koʻrsatish tartibi
1-§. Anʼanaviy tarzda apostil qoʻyish tartibi
10. Murojaat etuvchi davlat xizmati olish uchun vakolatli organga oʻzi kelgan holda murojaat etadi. Murojaat etuvchi oʻrniga ishonchnoma asosida harakat qilayotgan uchinchi shaxslar ham murojaat etishlari mumkin.
11. Vakolatli organ xodimi murojaat etuvchi nomidan ushbu Reglamentning 2-ilovasiga muvofiq elektron shakldagi soʻrovnomani toʻldiradi.
Soʻrovnomaga xorijiy davlat — Konvensiya qatnashchisi hududida foydalaniladigan rasmiy hujjat yoki rasmiy boʻlmagan hujjatlarning notarial tasdiqlangan nusxasi ilova qilinadi. Soʻrovnomaga zarur maʼlumotlar rasmiylashtirilgan va kiritilgandan soʻng murojaat etuvchi uni oʻz imzosi bilan tasdiqlaydi.
12. Soʻrovnomani koʻrib chiqish uchun:
taʼlim va fan sohasi tashkilotlaridan chiqadigan rasmiy hujjatlar boʻyicha — bazaviy hisoblash miqdorining 20 foizi miqdorida;
adliya organlari va muassasalaridan hamda fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish organlaridan chiqadigan rasmiy hujjatlar boʻyicha — bazaviy hisoblash miqdorining 20 foizi miqdorida;
boshqa hujjatlar boʻyicha — bazaviy hisoblash miqdorining 10 foizi miqdorida yigʻim undiriladi.
Murojaat etuvchi rasman murojaat etganidan soʻng toʻlangan yigʻim summasi qaytarilmaydi.
Yigʻim summasi ushbu Reglamentning 30-bandi “v” kichik bandida belgilangan tartibda taqsimlanadi.
Oldingi tahrirga qarang.
121. Taʼlim tashkilotida qonunchilik hujjatlariga muvofiq tuzilgan mehnat shartnomasi asosida taʼlim va tarbiya sohasida kasbiy faoliyatni amalga oshiruvchi pedagog shaxslardan ushbu Reglamentning 12-bandida belgilangan yigʻim summalarining 50 foizi undiriladi.
(121-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 16-apreldagi 175-sonli qaroriga asosan kiritilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 17.04.2026-y., 09/26/175/0373-son)
Oldingi tahrirga qarang.
122. Davlat tibbiyot muassasalarida qonunchilik hujjatlariga muvofiq tuzilgan mehnat shartnomasi asosida tibbiyot va farmatsevtika sohasiga oid kasbiy faoliyatni amalga oshiruvchi shaxslardan mazkur Reglamentning 12-bandida belgilangan yigʻim summasining 50 foizi undiriladi.
(121-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 12-iyundagi 310-sonli qaroriga asosan kiritilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 04.07.2026-y., 09/26/310/0685-son)
13. Soʻrovnoma rasmiy hujjatlar taqdim etilgan kundan boshlab vakolatli organ tomonidan ikki ish kuni ichida koʻrib chiqiladi.
14. Imzo namunasini va apostil qoʻyish uchun taqdim etilgan rasmiy hujjatni imzolagan aniq mansabdor shaxsning imzo qoʻyish vakolatlarini tasdiqlash va (yoki) rasmiy hujjat chiqadigan tashkilot muhri bosma izi namunasini talab qilish zarur boʻlgan taqdirda, rasmiy hujjatga apostil qoʻyish toʻgʻrisidagi soʻrovnomani koʻrib chiqish muddati oʻn ish kunidan ortiq boʻlmasligi kerak.
Bunda, murojaat etuvchi vakolatli organ tomonidan soʻrovnomani koʻrib chiqish muddatlari uzaytirilganligi haqida xabardor etilishi lozim.
15. Apostil qoʻyish uchun taqdim etiladigan rasmiy hujjatlarda tegishli rekvizitlar (tartib raqami, sana, imzo, muhr) va mansabdor shaxslarning imzolari hamda muhr, shtamplarning haqiqiyligi, shu jumladan “E-App” va “E-register” dasturlaridan foydalangan holda, tekshirib olinadi.
16. Apostil qoʻyish uchun taqdim etiladigan rasmiy hujjatlardagi mansabdor shaxslarning imzolari va muhrlar bosma izi aniq boʻlishi kerak.
Agar rasmiy hujjatda tuzatishlar va (yoki) qoʻshimcha yozuvlar boʻlsa, ular rasmiy hujjatga imzo chekkan shaxs tomonidan qayd etilishi kerak. Koʻrsatib oʻtilgan tuzatishlar va (yoki) qoʻshimcha yozuvlar barcha xato yozilgan, keyinchalik esa tuzatilgan va ustidan chizilganlarni dastlabki shaklda oʻqish mumkin boʻlgan tarzda bajarilishi kerak.
17. Quyidagi hollarda apostil qoʻyish rad etiladi:
rasmiy hujjatda ushbu Reglamentning 15-bandiga muvofiq zarur rekvizitlarning hech boʻlmaganda biri mavjud boʻlmasa yoki mansabdor shaxslarning imzolari hamda muhr, shtamplarning haqiqiy emasligi aniqlansa;
rasmiy hujjatni imzolagan mansabdor shaxs uni imzolash vakolatiga ega boʻlmasa.
18. Vakolatli davlat organi tomonidan apostil qoʻyish rad etilgan taqdirda, ushbu Reglamentga muvofiq rad etish toʻgʻrisidagi bildirishnoma rad etish sabablari va murojaat etuvchi koʻrsatib oʻtilgan sabablarni bartaraf etib, takroran koʻrib chiqish uchun rasmiy hujjatlarni taqdim etishi mumkin boʻlgan muddat (30 kalendar kun) koʻrsatilgan holda murojaat etuvchiga (uning vakiliga) taqdim etiladi.
Vakolatli organ xodimi shu kunning oʻzida murojaat etuvchiga rad etish toʻgʻrisidagi bildirishnoma haqida telefon yoki “SMS-xabar” orqali xabar beradi.
19. Soʻrovnoma takroran koʻrib chiqilganligi uchun yigʻim undirilmaydi.
Rad etish toʻgʻrisidagi bildirishnomada koʻrsatilgan muddat tamom boʻlgandan keyin berilgan soʻrovnoma yangidan berilgan hisoblanadi.
20. Apostil qoʻyish “E-App” dasturi orqali shtamp generatsiya qilinganidan soʻng rasmiy hujjatga apostil bosma izini bosish yoʻli bilan amalga oshiriladi va u generatsiya qilingan shtampda mavjud boʻlgan maʼlumotlar bilan toʻldiriladi.
Mazkur shtampni “E-register” dasturida “E-App” dasturi bilan beriladigan maxsus raqam orqali tekshirib olish imkoniyati mavjud boʻlishi shart.
21. Apostil mazkur Reglamentning 3-ilovasiga muvofiq 10x10 sm oʻlchamli kvadrat klishe shaklida boʻladi. Apostilning sarlavhasi fransuz tilida boʻlishi kerak.
Apostilni anʼanaviy tarzda kseronusxa yoki apostilning bosma izini bosishdan farq qiladigan boshqa usulda qoʻyishga yoʻl qoʻyilmaydi.
22. Apostilning bosma izi rasmiy hujjatning matndan boʻsh joyiga yoki uning orqa tomoniga yoxud qogʻozning alohida varagʻiga qoʻyiladi.
Apostilning bosma izi alohida varaqqa qoʻyilgan taqdirda, rasmiy hujjatning varaqlari va apostilning bosma izi bosilgan varaqqa tartib raqami qoʻyiladi va istalgan rangdagi ip yoxud maxsus nozik bogʻich, lenta bilan tikiladi. Rasmiy hujjatning tikilgan joydagi oxirgi varagʻi qalin qogʻoz “yulduzcha” bilan yelimlanadi, unga Oʻzbekiston Respublikasining Davlat gerbi tasviri tushirilgan muhr (keyingi oʻrinlarda — gerbli muhr) bosiladi. Gerbli muhrning izi “yulduzcha”da va varaqda bir tekis joylashadi. Tikilgan varaqlar soni tikilgan va tartib raqami qoʻyilgan varaqlar soni toʻgʻrisidagi maʼlumotlar bor boʻlgan shtamp bilan tasdiqlanadi.
23. Xodim oʻzi qoʻygan apostil bosma izini toʻldiradi.
Apostil bosma izining 2-qatorida apostil qoʻyish uchun taqdim etilgan rasmiy hujjatni imzolagan mansabdor shaxsning familiyasi koʻrsatiladi.
Agar rasmiy hujjatda aniq mansabdor shaxsning imzosi va uning familiyasi nazarda tutilmagan boʻlsa, hujjat esa tashkilot nomidan chiqsa, apostil bosma izining 2-qatorida “imzo nazarda tutilmagan” (apostil izi toʻldirilgan tilda) deb koʻrsatiladi, 4-qatorda esa — rasmiy hujjat chiqadigan tashkilotning rasmiy nomi koʻrsatiladi.
Apostil notarial tartibda tasdiqlangan rasmiy hujjatning nusxasiga qoʻyilganda, apostil bosma izining 1-qatorida “Ushbu rasmiy hujjat/this public document” degan soʻzlardan keyin “notarial nusxasi” (apostil izi toʻldirilgan tilda) soʻzlari, 2, 3, 4-qatorlarda esa notariusning familiyasi, lavozimi va tegishlicha davlat notarial idorasining nomi koʻrsatiladi.
Apostil bosma izining 3-qatorida rasmiy hujjatni imzolagan shaxsning lavozimi koʻrsatiladi. Agar rasmiy hujjat bir necha shaxslar tomonidan imzolangan boʻlsa, ularning lavozim boʻyicha eng kattasining (masalan, sud tarkibidagi raislik qiluvchining) lavozim mavqeyi koʻrsatiladi.
Apostil bosma izining 4-qatorida rasmiy hujjatni bergan tashkilotning rasmiy nomi koʻrsatiladi.
Apostil bosma izining 5-qatorida apostil qoʻyilgan shahar koʻrsatiladi.
Apostil bosma izining 6-qatorida raqamlar bilan apostil qoʻyilgan sana koʻrsatiladi.
Apostil bosma izining 7-qatorida rasmiy hujjatni tasdiqlagan shaxsning familiyasi, lavozimi koʻrsatiladi.
Apostil bosma izining 8-qatorida Apostilni roʻyxatdan oʻtkazish tartib raqamiga muvofiq boʻlgan tartib raqami koʻrsatiladi.
Apostil bosma izining 9-qatoriga vakolatli davlat organining gerbli muhri bosiladi.
Apostil bosma izining 10-qatoriga apostil qoʻygan shaxsning imzosi qoʻyiladi.
Apostil bosma izi matniga oʻzgartirishlar (tuzatishlar) kiritilishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
Agar apostil taqdim etiladigan davlatda rasmiy hujjatning tarjimasini ham taqdim etish zarur boʻlsa, apostil qoʻyilishidan oldin koʻrsatib oʻtilgan rasmiy hujjatlar tarjimon tomonidan apostil taqdim etiladigan davlat tiliga (yoki ingliz tiliga) tarjima qilinadi, shundan keyin tarjimonning imzosi notarius tomonidan tasdiqlanadi, soʻngra rasmiy hujjat va uning tasdiqlangan tarjimasiga apostil qoʻyiladi.
24. Vakolatli organ xodimi apostil qoʻyilgan rasmiy hujjatni shu kunning oʻzida murojaat etuvchiga (uning vakiliga) taqdim etadi va bu haqida “E-register” dasturiga tegishli yozuvni kiritadi hamda apostil qoʻyilgan rasmiy hujjatning skanerlangan PDF shaklidagi nusxasini biriktiradi.
Bunda murojaat etuvchi vakolatli organ xodimiga oʻz shaxsini tasdiqlovchi hujjatini koʻrsatgan holda, apostil qoʻyilgan rasmiy hujjatlarni qabul qilib olganligini oʻz imzosi yoki identifikatsiya qilishning boshqa vositalari (daktiloskopiya, elektron imzo va boshqalar) bilan tasdiqlaydi.
2-§. Elektron tarzda apostil qoʻyish tartibi
25. Murojaat etuvchi davlat xizmati olish uchun Davlat xizmatlari markaziga oʻzi kelgan holda yoki YIDXPda roʻyxatdan oʻtgan holda elektron tarzda murojaat etadi.
26. Davlat xizmatlari markazi xodimi murojaat etuvchi nomidan, YIDXP orqali murojaat etganda murojaat etuvchi oʻzining shaxsiy kabineti orqali vakolatli davlat organlaridan chiqadigan rasmiy hujjatlarga — ushbu Reglamentning 2-ilovasiga muvofiq elektron shakldagi soʻrovnomani toʻldiradi.
27. Soʻrovnomaga xorijiy davlat — Konvensiya qatnashchisi hududida foydalaniladigan rasmiy hujjat yoki rasmiy boʻlmagan hujjatlarning notarial tasdiqlangan nusxasi ilova qilinadi.
28. Murojaat etuvchi tomonidan soʻrovnomani ERI bilan tasdiqlash talab etilmaydi. Uning YIDXPdan muvaffaqiyatli avtorizatsiyadan oʻtgani soʻrovnomani oʻzi shaxsan yuborganini bildiradi.
Oʻzi kelib murojaat etgan taqdirda, soʻrovnoma identifikatsiya qilishning boshqa vositalari (daktiloskopiya va boshqalar) bilan tasdiqlanishi mumkin.
29. Davlat xizmatlari markazi xodimi tomonidan barcha rasmiy hujjatlar skaner qilinadi va 10 daqiqa mobaynida PDF shaklida idoralararo elektron hamkorlik tizimi yordamida vakolatli davlat organiga yuboriladi.
30. Soʻrovnomani koʻrib chiqish uchun murojaat etuvchidan bazaviy hisoblash miqdorining 20 foizi miqdorida yigʻim undiriladi.
Davlat xizmati koʻrsatilishi uchun YIDXP orqali murojaat etilganda, ushbu bandning birinchi xatboshisida koʻrsatilgan yigʻim summasining 90 foizi undiriladi.
Yigʻim summasi quyidagi tartibda taqsimlanadi:
a) davlat xizmatlari markazlariga oʻzi kelib murojaat etganda:
60 foizi — Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetiga;
Oldingi tahrirga qarang.
18 foizi — Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Davlat xizmatlari agentligi budjetdan tashqari jamgʻarmasining shaxsiy hisobvaragʻiga;
(30-band “a” kichik bandining uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 30-dekabrdagi 840-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 06.01.2026-y., 09/26/840/0012-son)
Oldingi tahrirga qarang.
0,5 foizi — Raqamli hukumat loyihalarini boshqarish markazi” davlat muassasasining Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Gʻaznachilik xizmati qoʻmitasida ochilgan maxsus hisobvaragʻiga;
(30-band “a” kichik bandining toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 30-dekabrdagi 840-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 06.01.2026-y., 09/26/840/0012-son)
qolgan mablagʻlar — vakolatli davlat organining hisobvaragʻiga oʻtkaziladi;
b) YIDXP orqali murojaat etilganda:
55 foizi — Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetiga;
11,25 foizi — Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligining hisobvaragʻiga;
10 foizi — Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Davlat xizmatlari agentligi budjetdan tashqari jamgʻarmasining shaxsiy hisobvaragʻiga;
Oldingi tahrirga qarang.
0,5 foizi — Raqamli hukumat loyihalarini boshqarish markazi” davlat muassasasining Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Gʻaznachilik xizmati qoʻmitasida ochilgan maxsus hisobvaragʻiga;
(30-band “b” kichik bandining beshinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 30-dekabrdagi 840-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 06.01.2026-y., 09/26/840/0012-son)
qolgan mablagʻlar — vakolatli davlat organining hisobvaragʻiga oʻtkaziladi;
v) vakolatli organga oʻzi kelib murojaat etganda:
Oldingi tahrirga qarang.
oʻrta maxsus, kasbiy, oliy va oliy taʼlimdan keyingi taʼlim hamda kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish boʻyicha taʼlim tashkilotlaridan chiqadigan rasmiy hujjatlar boʻyicha yigʻim Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Bilim va malakalarni baholash agentligining, maktabgacha, umumiy oʻrta va maktabdan tashqari taʼlim tashkilotlaridan chiqadigan rasmiy hujjatlar boʻyicha yigʻim Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi maxsus hisobvaragʻiga oʻtkaziladi hamda quyidagi tartibda taqsimlanadi:
(30-band “v” kichik bandining ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 30-dekabrdagi 840-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 06.01.2026-y., 09/26/840/0012-son)
Oldingi tahrirga qarang.
60 foizi — tegishliligi boʻyicha Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Bilim va malakalarni baholash agentligi hamda Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligining hisobvaragʻiga;
(30-band “v” kichik bandining uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 30-dekabrdagi 840-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 06.01.2026-y., 09/26/840/0012-son)
40 foizi — Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetiga;
boshqa hujjatlar boʻyicha vakolatli davlat organlarining maxsus hisobvaragʻiga oʻtkaziladi va quyidagi tartibda taqsimlanadi:
25 foizi — vakolatli davlat organining hisobvaragʻiga;
75 foizi — Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetiga.
Davlati xizmati koʻrsatilgani uchun yigʻim toʻlanganligini tasdiqlash axborot-kommunikatsiya tizimlari orqali amalga oshiriladi.
Apostil qoʻyilganligi uchun hujjatlar toʻplami mavjud boʻlgan taqdirda, yigʻim ayni bir ishga tegishli boʻlgan har bir rasmiy hujjat uchun emas, balki butun toʻplam uchun undiriladi.
Apostil qoʻyish uchun murojaat qilgan davlat organi va tashkiloti yigʻim toʻlashdan ozod qilinadi.
Murojaat etuvchi davlat xizmatidan foydalanishdan bosh tortganda, uning soʻrovnomasi koʻrmasdan qoldiriladi. Bunda toʻlangan yigʻim summasi qaytarilmaydi.
Oldingi tahrirga qarang.
301. Taʼlim tashkilotida qonunchilik hujjatlariga muvofiq tuzilgan mehnat shartnomasi asosida taʼlim va tarbiya sohasida kasbiy faoliyatni amalga oshiruvchi pedagog shaxslardan mazkur nizomning 30-bandida belgilangan yigʻim summasining 50 foizi undiriladi.
(301-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 16-apreldagi 175-sonli qaroriga asosan kiritilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 17.04.2026-y., 09/26/175/0373-son)
Oldingi tahrirga qarang.
302. Davlat tibbiyot muassasalarida qonunchilik hujjatlariga muvofiq tuzilgan mehnat shartnomasi asosida tibbiyot va farmatsevtika sohasiga oid kasbiy faoliyatni amalga oshiruvchi shaxslardan mazkur Reglamentning 30-bandida belgilangan yigʻim summasining 50 foizi undiriladi.
(302-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 12-iyundagi 310-sonli qaroriga asosan kiritilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 04.07.2026-y., 09/26/310/0685-son)
31. Soʻrovnoma rasmiy hujjatlar taqdim etilgan kundan boshlab vakolatli organ tomonidan ikki ish kuni ichida koʻrib chiqiladi.
32. Imzo namunasini va apostil qoʻyish uchun taqdim etilgan rasmiy hujjatni imzolagan aniq mansabdor shaxsning imzo qoʻyish vakolatlarini tasdiqlash va (yoki) rasmiy hujjat chiqadigan tashkilot muhri bosma izi namunasini talab qilish zarur boʻlgan taqdirda, rasmiy hujjatga apostil qoʻyish toʻgʻrisidagi soʻrovnomani koʻrib chiqish muddati oʻn ish kunidan ortiq boʻlmasligi kerak.
Bunda, murojaat etuvchi vakolatli organ tomonidan soʻrovnomani koʻrib chiqish muddatlari uzaytirilganligi haqida xabardor etilishi lozim.
33. Apostil qoʻyish uchun taqdim etiladigan rasmiy hujjatlarda tegishli rekvizitlar (tartib raqami, sana, imzo, muhr) va mansabdor shaxslarning imzolari hamda muhr, shtamplarning haqiqiyligi, shu jumladan “E-App” va “E-register” dasturlaridan foydalangan holda, tekshirib olinadi.
34. Apostil qoʻyish uchun taqdim etiladigan rasmiy hujjatlar, shuningdek ulardagi mansabdor shaxslarning imzolari va muhrlar bosma izi aniq boʻlishi kerak.
Agar rasmiy hujjatda tuzatishlar va (yoki) qoʻshimcha yozuvlar boʻlsa, ular rasmiy hujjatga imzo chekkan shaxs tomonidan qayd etilishi kerak. Koʻrsatib oʻtilgan tuzatishlar va (yoki) qoʻshimcha yozuvlar barcha xato yozilgan, keyinchalik esa tuzatilgan va ustidan chizilganlarni dastlabki shaklda oʻqish mumkin boʻlgan tarzda bajarilishi kerak.
35. Quyidagi hollarda apostil qoʻyish rad etiladi:
rasmiy hujjatda ushbu Reglamentning 33-bandiga muvofiq zarur rekvizitlarning hech boʻlmaganda biri mavjud boʻlmasa yoki mansabdor shaxslarning imzolari hamda muhr, shtamplarning haqiqiy emasligi aniqlansa;
rasmiy hujjatni imzolagan mansabdor shaxs uni imzolash vakolatiga ega boʻlmasa.
36. Vakolatli davlat organi tomonidan apostil qoʻyish rad etilgan taqdirda, ushbu Reglamentga muvofiq rad etish toʻgʻrisidagi bildirishnoma rad etish sabablari va murojaat etuvchi koʻrsatib oʻtilgan sabablarni bartaraf etib, takroran koʻrib chiqish uchun rasmiy hujjatlarni taqdim etishi mumkin boʻlgan muddat (30 kalendar kun) koʻrsatilgan holda, Davlat xizmatlari markaziga yoki YIDXP orqali murojaat etuvchining shaxsiy kabinetiga elektron shaklda joʻnatiladi.
Davlat xizmatlari markazi xodimi shu kunning oʻzida murojaat etuvchiga rad etish toʻgʻrisidagi bildirishnoma haqida telefon yoki “SMS-xabar” orqali xabar beradi.
Soʻrovnoma takroran koʻrib chiqilganligi uchun yigʻim undirilmaydi.
Rad etish toʻgʻrisidagi bildirishnomada koʻrsatilgan muddat tamom boʻlgandan keyin berilgan soʻrovnoma yangidan berilgan hisoblanadi.
37. Apostil qoʻyilgan taqdirda, vakolatli davlat organi elektron tarzda apostil qoʻyilgan rasmiy hujjatni Davlat xizmatlari markaziga (oʻzi kelib murojaat etgan taqdirda) yoki murojaat etuvchiga (elektron tarzda murojaat etgan taqdirda) YIDXP orqali yuboradi.
38. Davlat xizmatlari markazi, elektron tarzda apostil qoʻyilgan rasmiy hujjat kelib tushgandan soʻng 10 daqiqa mobaynida uni murojaat etuvchining elektron manziliga yuboradi va murojaat etuvchini bu haqda axborot-kommunikatsiya tizimi orqali xabardor qiladi. Davlat xizmatlari markazi murojaat etuvchining soʻroviga koʻra unga apostil qoʻyilgan rasmiy hujjatni elektron shaklda maʼlumot saqlash manbaiga koʻchirib beradi.
Oldingi tahrirga qarang.
Soʻrovnomada murojaat etuvchi tomonidan davlat xizmatlarini koʻrsatishning natijasini olib ketishga masʼul shaxs koʻrsatilgan holatlarda davlat xizmatlarini koʻrsatishning natijasini ushbu shaxsga taqdim etishda tegishli ishonchnoma talab etilmaydi.
(38-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 1-martdagi 135-sonli qaroriga asosan ikkinchi xatboshi bilan toʻldirilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 03.03.2025-y., 09/25/135/0208-son)
3-bob. Apostil qoʻyish masalalari boʻyicha maslahatlar (maʼlumotnomalar) berish
39. Apostil qoʻyish masalalari boʻyicha maslahatlar (maʼlumotnomalar) murojaat etuvchilarining murojaatiga koʻra, apostil qoʻyish masalalarini koʻrib chiqish vakolatiga kiradigan xodim hamda Davlat xizmatlari markazi xodimi tomonidan beriladi.
40. Maslahatlar quyidagi masalalar boʻyicha beriladi:
vakolatli davlat organlari, shu jumladan ular joylashgan yer toʻgʻrisidagi maʼlumotlar;
apostil qoʻyiladigan rasmiy hujjatlarning turlari va xususiyati toʻgʻrisida;
apostil qoʻyish uchun taqdim etiladigan rasmiy hujjatlarga qoʻyiladigan talablar toʻgʻrisida;
apostil qoʻyilganligi uchun yigʻim miqdori toʻgʻrisida;
hujjatlarni qabul qilish va berish vaqti toʻgʻrisida;
apostil qoʻyish muddatlari toʻgʻrisida;
apostil qoʻyish davomida amalga oshiriladigan harakatlar (harakatsizlik) va qabul qilinadigan qarorlar ustidan shikoyat qilish tartibi toʻgʻrisida;
Konvensiya qatnashchilari boʻlgan davlatlar toʻgʻrisida.
41. Ushbu Reglamentning 40-bandida nazarda tutilgan maʼlumotlar doimiy ikki tomonlama aloqa, ijtimoiy sahifalar va ulardagi elektron axborot botlardan tashqari axborot stendlarida va vakolatli davlat organlarining rasmiy veb-saytida ham joylashtiriladi.
4-bob. Yakunlovchi qoidalar
42. Davlat xizmatlari markazlari va vakolatli davlat organlari oʻz faoliyatini amalga oshirishi natijasida olingan maʼlumotlarning sir saqlanishini taʼminlaydi.
43. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Davlat xizmatlari agentligi, uning hududiy boshqarmalari va davlat xizmatlari markazlari ushbu Reglament talablari ijrosi boʻyicha davlat organlari va boshqa tashkilotlarning faoliyati yuzasidan doimiy nazoratni va monitoringni amalga oshiradi.
44. Murojaat etuvchilar davlat organlari va boshqa tashkilotlar xodimlarining xatti-harakatlari yuzasidan qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda shikoyat qilishlari mumkin.
45. Ushbu Reglament talablarining buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilikda belgilangan tartibda javob beradilar.
Rasmiy hujjatlarga apostil qoʻyish boʻyicha davlat xizmati koʻrsatishning maʼmuriy reglamentiga
1-ILOVA
Rasmiy hujjatlarga anʼanaviy tarzda apostil qoʻyish boʻyicha davlat xizmatini koʻrsatish
SXEMASI

Bosqichlar

Subyektlar

Tadbirlar

Muddatlar

1-bosqich

Murojaat etuvchi

1. Davlat xizmatini olishuchun vakolatli organga oʻzi kelib yoki ishonchli vakili orqali murojaat etadi.

1. Xohishiga koʻra

2. Davlat xizmatini koʻrsatish uchun yigʻim toʻlaydi.

2. Murojaat etganda

2-bosqich

Vakolatli organ

Vakolatli organ xodimi murojaat etuvchi nomidan tegishli soʻrovnomani toʻldiradi va uni murojaat etuvchi oʻz imzosi bilan tasdiqlaydi.

Murojaat etilgan kunda

3-bosqich

Vakolatli organ

Soʻrovnoma va zarur hujjatlarni oʻrganib chiqadi hamda rasmiy hujjatga apostil qoʻyadi yoki apostil qoʻyishni rad etadi.

2 ish kuni

(sudlar tomonidan — 3 ish kuni) ichida (zarur hollarda, 10 ish kuni ichida)

4-bosqich

Vakolatli organ

1. Apostil qoʻyilgan rasmiy hujjatni yoki apostil qoʻyishni rad etish toʻgʻrisidagi bildirishnomani murojaat etuvchiga taqdim etadi (yuboradi).

2. Apostil qoʻyilganligi haqida “E-register” dasturiga tegishli yozuvni kiritadi va PDF shaklidagi apostil qoʻyilgan rasmiy hujjatning nusxasini biriktiradi.

Apostil qoʻyilgan yoki rad etilgan kunning oʻzida

Rasmiy hujjatlarga apostil qoʻyish boʻyicha davlat xizmati koʻrsatishning maʼmuriy reglamentiga
1a-ILOVA
Rasmiy hujjatlarga elektron tarzda apostil qoʻyish boʻyicha davlat xizmatini koʻrsatish
SXEMASI

Bosqichlar

Subyektlar

Tadbirlar

Muddatlar

1-bosqich

Murojaat etuvchi

1. Davlat xizmatini olishuchun Davlat xizmatlari markaziga oʻzi kelib yoki YIDXPda roʻyxatdan oʻtgan holda elektron tarzda murojaat etadi.

1. Xohishiga koʻra

2. Davlat xizmatini koʻrsatish uchun yigʻim toʻlaydi.

2. Murojaat etganda

2-bosqich

1. Davlat xizmatlari markazi

1. Davlat xizmatlari markazi xodimi murojaat etuvchi nomidan tegishli soʻrovnomani toʻldiradi va uni elektron tarzda vakolatli davlat organiga yuboradi.

1. 10 daqiqa ichida

2. Murojaat etuvchi

2. Tyegishli soʻrovnomani toʻldiradi va YIDXP orqali vakolatli davlat organiga yuboradi.

2. Avtomatik tarzda

3-bosqich

Vakolatli organ

1. Soʻrovnoma va zarur hujjatlarni oʻrganib chiqadi, “E-App” dasturi orqali elektron raqamli imzodan foydalangan holda rasmiy hujjatga apostil qoʻyadi yoki apostil qoʻyishni rad etadi.

2. Apostil qoʻyilgan rasmiy hujjatni yoki apostil qoʻyishni rad etish toʻgʻrisidagi bildirishnomani Davlat xizmatlari markaziga yoxud YIDXP orqali murojaat etuvchiga yuboradi.

2 ish kuni

(sudlar tomonidan — 3 ish kuni) ichida (zarur hollarda, 10 ish kuni ichida)

4-bosqich

Davlat xizmatlari markazi

Apostil qoʻyilgan rasmiy hujjatni (yoki bildirishnomani) murojaat etuvchining elektron manziliga yuboradi.

Oʻzi kelib murojaat qilganda, apostil qoʻyilgan rasmiy hujjatni (yoki bildirishnomani) qogʻoz yoki elektron shaklida beradi.

Vakolatli organdan tegishli hujjat kelib tushgan kunning oʻzida

Rasmiy hujjatlarga apostil qoʻyish boʻyicha davlat xizmati koʻrsatishning maʼmuriy reglamentiga
2-ILOVA
Oldingi tahrirga qarang.

‎‎__________________
‎(sana)

‎________________
‎ (raqam)

‎‎
‎Rasmiy hujjatlarga apostil qoʻyish boʻyicha davlat xizmati koʻrsatish uchun
‎SOʻROVNOMA

‎‎I. Ariza beruvchi — jismoniy shaxs toʻgʻrisida maʼlumot:

1. F.I.O.:‎‎

‎‎

2. Pasportga oid maʼlumotlari (seriyasi va raqami):‎‎

‎‎

3. JSH SHIR (mavjud boʻlsa):‎‎

‎‎

4. Yashash manzili:‎‎

‎‎

5. Telefon raqami:‎‎

‎‎

6. Elektron pochta manzili (mavjud boʻlsa):‎‎

‎‎

7. Davlat xizmatini koʻrsatish natijasini olib ketuvchi shaxsning (agar mavjud boʻlsa) JSHSHIR maʼlumotlari:

 

‎‎
‎II. (yur.) Ariza beruvchi — yuridik shaxs toʻgʻrisida maʼlumot:

1. F.I.O.:‎‎‎

‎‎

2. Pasportga oid maʼlumotlari (seriyasi va raqami):‎‎

‎‎

3. JSH SHIR (mavjud boʻlsa):‎‎

‎‎

4. Yashash manzili:‎‎

‎‎

5. Telefon raqami:‎‎

‎‎

6. Elektron pochta manzili (mavjud boʻlsa):‎‎

‎‎

7. Davlat xizmatini koʻrsatish natijasini olib ketuvchi shaxsning (agar mavjud boʻlsa) JSHSHIR maʼlumotlari:

 

‎‎
‎III. Rasmiy hujjatga oid maʼlumotlar:

1. Rasmiy hujjat turi:‎‏

adliya organlari va muassasalaridan hamda fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish organlaridan chiqadigan rasmiy hujjatlar‎‎

sudlardan chiqadigan rasmiy hujjatlar‎‎

prokuratura, tergov, surishtiruv va tergovga qadar tekshiruvni amalga oshiruvchi organlaridan chiqadigan rasmiy hujjatlar‎‎

taʼlim va fan sohasi tashkilotlaridan chiqadigan rasmiy hujjatlar‎‎

boshqa rasmiy hujjatlar‎‎

2. Rasmiy hujjatlar soni:‎

‎‎

3. Rasmiy hujjatning rekvizitlari (berilgan sana va raqam):‎‎

‎‎

4. Apostil taqdim etiladigan davlat:‎‎

‎‎

5. Apostilning toʻldirish tili:‎‎‏

oʻzbek tili‎‎

ingliz tili‎‎

(2-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 1-martdagi 135-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 03.03.2025-y., 09/25/135/0208-son)
Rasmiy hujjatlarga apostil qoʻyish boʻyicha davlat xizmati koʻrsatishning maʼmuriy reglamentiga
3-ILOVA

NAMUNA


APOSTILLE

(Convention de la Naye du 5 octobre 1961)

1. Davlat/Country __________________________________________________ Oʼzbekiston Respublikasi

Ushbu rasmiy hujjat/this public document

2. Tomonidan imzolandi/

has been signed by ____________________________________________________________________________________

3. Sifatida faoliyat yurituvchi/

Acting in the capacity of ____________________________________________________________________________________

4. Muhr/shtamp bilan tasdiqlangan/

bears the seal/stamp of __________________________________________________________________

Tasdiqlandi/Certified

5. Shahar/at _____________________________________

6. Sana/the__________________________

7. Tomonidan/ by _________________________________

____________________________________________________________________________________

8. № ________________________________________________________________________________

9. Muhr/shtamp/

10. Imzo/Signature


Seal/stamp






QR-kod

Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 3-dekabrdagi 732-son qaroriga
2-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining 2022-yil 1-martdan boshlab oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblanayotgan ayrim qarorlari
ROʻYXATI
1. Vazirlar Mahkamasining “Apostil qoʻyish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida” 2011-yil 17-noyabrdagi 307-son qarori (Oʻzbekiston Respublikasi QT, 2011-y., 47-son, 489-modda).
2. Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisida” 2017-yil 18-iyuldagi 515-son qaroriga 3-ilovaning 3-bandi (Oʻzbekiston Respublikasi QT, 2017-y., 29-son, 698-modda).
3. Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida (“Surishtiruv instituti takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida” Oʻzbekiston Respublikasining 2017-yil 6-sentabrdagi OʻRQ-442-son Qonuni)” 2017-yil 1-dekabrdagi 960-son qaroriga ilovaning 10-bandi.
4. Vazirlar Mahkamasining “Apostil qoʻyish tartibi toʻgʻrisida nizomning 8-bandiga oʻzgartirish kiritish haqida” 2018-yil 17-fevraldagi 126-son qarori.
Oldingi tahrirga qarang.
(5-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 1-martdagi 135-sonli qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 03.03.2025-y., 09/25/135/0208-son)
6. Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida (Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oliy taʼlim tizimini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2017-yil 20-apreldagi PQ-2909-son hamda “Taʼlim sifatini nazorat qilish tizimini takomillashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2019-yil 16-yanvardagi PQ-4119-son qarorlari)” 2019-yil 30-sentabrdagi 821-son qaroriga ilovaning 11-bandi.
7. Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga oʻzgartirishlar va qoʻshimcha kiritish toʻgʻrisida (Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasida notariat tizimini tubdan isloh qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2019-yil 9-sentabrdagi PF-5816-son Farmoni)” 2020-yil 1-apreldagi 195-son qaroriga ilovaning 5-bandi.
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 04.12.2021-y., 09/21/732/1127-son; 03.03.2025-y., 09/25/135/0208-son; 06.01.2026-y., 09/26/840/0012-son; 17.04.2026-y., 09/26/175/0373-son; 04.07.2026-y., 09/26/310/0685-son)