toggle_night_mode
Hujjat kuchini yo‘qotgan 01.03.2022
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Apostil qoʻyish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida
 LexUZ sharhi
Mazkur qaror Oʻzbekistan Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 3-dekabrdagi 732-sonli “Rasmiy hujjatlarga apostil qoʻyish tartibini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan 2022-yil 1-martdan oʻz kuchini yoʻqotadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Xorijiy rasmiy hujjatlarni legallashtirish talabini bekor qiluvchi Konvensiya (Gaaga, 1961-yil 5-oktabr) qoidalarini amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2011-yil 5-iyuldagi PQ-1566-son qarorini bajarish yuzasidan Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Apostil qoʻyish tartibi toʻgʻrisidagi nizom 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Belgilansinki,
apostil qoʻyish va uni eʼtirof etish 2012-yil 15-apreldan — Xorijiy rasmiy hujjatlarni legallashtirish talabini bekor qiluvchi Konvensiya (Gaaga, 1961-yil 5-oktabr) Oʻzbekiston Respublikasi uchun kuchga kirgan sanadan boshlab amalga oshiriladi;
Oʻzbekiston Respublikasining vazirliklari, idoralari, mahalliy davlat hokimiyati organlari va boshqa tashkilotlari Xorijiy rasmiy hujjatlarni legallashtirish talabini bekor qiluvchi Konvensiyada (Gaaga, 1961-yil 5-oktabr) nazarda tutilgan hollarda xorijiy davlatlarning rasmiy hujjatlarini legallashtirmasdan qabul qilishga majburdirlar va Konvensiya qatnashchilari boʻlgan mamlakatlardan chiqadigan, apostil qoʻyilgan rasmiy hujjatlarni qabul qilishni va ulardan foydalanishni rad eta olmaydilar.
3. Vazirliklar, idoralar va mahalliy davlat hokimiyati organlari rasmiy hujjatlarni imzolash vakolatiga ega boʻlgan shaxslarning imzolari hamda muhr va shtamplarning bosma izi namunalarini muntazam ravishda:
Oldingi tahrirga qarang.
tegishli hududdagi adliya organlari va muassasalaridan hamda fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish organlaridan chiqadigan rasmiy hujjatlar boʻyicha — Qoraqalpogʻiston Respublikasi Adliya vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar adliya boshqarmalariga;
(3-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 15-fevraldagi 134-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 16.02.2019-y., 09/19/134/2621-son)
Oldingi tahrirga qarang.
sudlardan chiqadigan rasmiy hujjatlar boʻyicha — Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudiga;
(3-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 15-fevraldagi 134-sonli qaroriga asosan uchinchi xatboshi bilan toʻldirilgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 16.02.2019-y., 09/19/134/2621-son)
Oldingi tahrirga qarang.
prokuratura, tergov, surishtiruv va tergovga qadar tekshiruvni amalga oshiruvchi organlaridan chiqadigan rasmiy hujjatlar boʻyicha — Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasiga;
(3-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 1-dekabrdagi 960-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 04.12.2017-y., 09/17/960/0355-son)
Oldingi tahrirga qarang.
taʼlim sohasi tashkilotlaridan chiqadigan rasmiy hujjatlar boʻyicha — Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasiga;
(3-bandning beshinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 3-iyundagi 345-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 04.06.2021-y., 09/21/345/0522-son)
boshqa rasmiy hujjatlar boʻyicha — Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligiga yuborsinlar.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining 2-ilovaga muvofiq ayrim qarorlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsin.
5. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosarlari A.N. Aripov va E.M. Gʻaniyev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2011-yil 17-noyabr,
307-son
Vazirlar Mahkamasining 2011-yil 17-noyabrdagi 307-son qaroriga
1-ILOVA
Apostil qoʻyish tartibi toʻgʻrisida
Nizom
I Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom Oʻzbekiston Respublikasi hududida tuzilgan rasmiy hujjatlarga maxsus shtamp “Apostille” (keyingi oʻrinlarda apostil deb ataladi) qoʻyish tartibini belgilaydi. U bilan xorijiy rasmiy hujjatlarni legallashtirish talabini bekor qiluvchi Konvensiyaning (Gaaga, 1961-yil 5-oktabr) (keyingi oʻrinlarda Konvensiya deb ataladi) 5-moddasiga muvofiq hujjatni imzolagan sifatida ish koʻrgan shaxsning imzosi haqiqiyligi va hujjatni tasdiqlagan muhr yoki shtamp bosma izi haqiqiyligi tasdiqlanadi.
2. Ushbu Nizomda quyidagi asosiy tushunchalardan foydalaniladi:
vakolatli davlat organi — Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Xorijiy rasmiy hujjatlarni legallashtirish talabini bekor qiluvchi Konvensiya (Gaaga, 1961-yil 5-oktabr) qoidalarini amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2011-yil 5-iyuldagi PQ-1566-son qaroriga muvofiq apostil qoʻyish vakolati berilgan davlat organi;
apostil — hujjatni imzolagan sifatida ish koʻrgan shaxsning imzosi haqiqiyligini va hujjatni tasdiqlagan muhr yoki shtamp bosma izi haqiqiyligini tasdiqlaydigan Konvensiyaga muvofiq rasmiy hujjatga chet elda foydalanish maqsadida qoʻyiladigan maxsus shtamp;
apostil qoʻyish — hujjatni imzolagan sifatida ish koʻrgan shaxs imzosining haqiqiyligini va hujjatni tasdiqlagan muhr yoki shtamp bosma izi haqiqiyligini tasdiqlash uchun zarur boʻlgan rasmiy tartib-qoida;
“yulduzcha” — hujjat varaqlari mahkamlanadigan joyga yopishtiriladigan va apostilni qoʻygan vakolatli davlat organining gerbli muhri bosiladigan qalin qogʻoz.
Oldingi tahrirga qarang.
21. Adliya organlari va muassasalaridan hamda fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish organlaridan chiqadigan rasmiy hujjatlar boʻyicha apostil qoʻyish Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadigan tartibda Davlat xizmatlari markazlari orqali Qoraqalpogʻiston Respublikasi Adliya vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar adliya boshqarmalari tomonidan amalga oshiriladi.
(21-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 15-fevraldagi 134-sonli qaroriga asosan kiritilgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 16.02.2019-y., 09/19/134/2621-son)
3. Apostil hujjatni imzolagan sifatida ish koʻrgan shaxs imzosining haqiqiyligini va hujjatni tasdiqlagan muhr yoki shtamp bosma izi haqiqiyligini tasdiqlash uchun rasmiy hujjatlarga qoʻyiladi.
Apostilga qoʻyiladigan imzo, muhr yoki shtamp qoʻshimcha ravishda tasdiqlashni talab etmaydi.
4. Vakolatli davlat organlari rasmiy hujjatlarga apostil qoʻyish funksiyasini amalga oshiradilar va ushbu Nizom bajarilishini taʼminlaydilar.
5. Apostil:
chet elda Oʻzbekiston Respublikasining elchixonalari yoki konsullik muassasalari tomonidan sodir etilgan hujjatlarga;
tijorat yoki bojxona operatsiyalariga toʻgʻridan toʻgʻri aloqador boʻlgan hujjatlarga;
pasportga, harbiy biletga qoʻyilmaydi.
6. Apostil qoʻyish, agar hujjat taqdim etiladigan davlatda amal qiladigan qonunlar, qoidalar yoki urf-odatlar yoxud ikki yoki bir necha ahdlashuvchi davlat oʻrtasidagi ahdlashuv hujjatni legallashtirishni soddalashtirsa yoki ozod qilsa talab qilinmasligi mumkin.
7. Rasmiy hujjatni taqdim etgan istalgan shaxs ariza beruvchi hisoblanadi.
Oldingi tahrirga qarang.
8. Apostil qoʻyish toʻgʻrisidagi ariza koʻrib chiqilganligi uchun:
taʼlim va fan sohasi tashkilotlaridan chiqadigan rasmiy hujjatlar boʻyicha — Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi tomonidan bazaviy hisoblash miqdorining 20 foizi miqdorida;
boshqa hujjatlar boʻyicha — vakolatli davlat organlari tomonidan bazaviy hisoblash miqdorining 10 foizi miqdorida yigʻim undiriladi.
Ariza beruvchi berilgan arizadan voz kechgan taqdirda toʻlangan yigʻim summasi qaytarilmaydi.
Apostil qoʻyish rad etilgan taqdirda ushbu Nizomga muvofiq rad etish toʻgʻrisidagi bildirishnoma rad etish sabablari va ariza beruvchi koʻrsatib oʻtilgan sabablarni bartaraf etib takroran koʻrib chiqish uchun rasmiy hujjatlarni taqdim etishi mumkin boʻlgan muddat (30 kalendar kun) koʻrsatilgan holda ariza beruvchiga yozma shaklda yuboriladi (topshiriladi). Ariza takroran koʻrib chiqilganligi uchun yigʻim undirilmaydi.
Rad etish toʻgʻrisidagi bildirishnomada koʻrsatilgan muddat tamom boʻlgandan keyin berilgan ariza yangidan berilgan ariza deb hisoblanadi.
Apostil qoʻyish toʻgʻrisidagi ariza koʻrib chiqilganligi uchun yigʻim quyidagi tartibda taqsimlanadi:
Oldingi tahrirga qarang.
a) taʼlim sohasi tashkilotlaridan chiqadigan rasmiy hujjatlar boʻyicha yigʻim Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasining maxsus hisob raqamiga oʻtkaziladi hamda quyidagi tartibda taqsimlanadi:
(8-bandning “a” kichik bandi birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 3-iyundagi 345-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 04.06.2021-y., 09/21/345/0522-son)
60 foizi — Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasining hisob raqamiga;
40 foizi — Oʻzbekiston Respublikasining Davlat budjetiga;
b) boshqa hujjatlar boʻyicha vakolatli davlat organlarining maxsus hisob raqamiga oʻtkaziladi va quyidagi tartibda taqsimlanadi:
25 foizi — vakolatli davlat organining hisob raqamiga;
75 foizi — Oʻzbekiston Respublikasining Davlat budjetiga.
Apostil qoʻyilganligi uchun hujjatlar toʻplami mavjud boʻlgan taqdirda yigʻim ayni bir ishga tegishli boʻlgan har bir hujjat uchun emas, balki butun toʻplam uchun undiriladi.
Apostil qoʻyish uchun murojaat qilgan davlat organi yoki boshqa davlat tashkiloti yigʻim toʻlashdan ozod qilinadi.
(8-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 30-sentabrdagi 821-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 30.09.2019-y., 09/19/821/3833-son)
9. Rasmiy hujjatlar apostil qoʻyish uchun asl nusxalarda yoki ariza beruvchining xohishiga koʻra notarial tasdiqlangan nusxalarda qabul qilinadi.
10. Apostil shakli oʻzbek yoki ingliz tilida toʻldiriladi.
II. Apostil qoʻyish ijro etilishi tartibi toʻgʻrisida xabardor qilish
11. Vakolatli davlat organlariga apostil qoʻyishga rasmiy hujjatlarni taqdim etgan ariza beruvchilar vakolatli davlat organi xodimlari (keyingi oʻrinlarda xodim deb ataladi) tomonidan:
apostil qoʻyish rad etilganligi;
hujjatlarni rasmiylashtirish tugallangan sana va ularni olish mumkinligi toʻgʻrisida majburiy tartibda xabardor qilinadilar.
12. Apostil qoʻyish masalalari boʻyicha maslahatlar (maʼlumotnomalar) apostil qoʻyish masalalarini koʻrib chiqish vakolatiga kiradigan xodimlar tomonidan beriladi.
13. Maslahatlar quyidagi masalalar boʻyicha:
vakolatli davlat organlari toʻgʻrisida, shu jumladan ular joylashgan joy toʻgʻrisidagi maʼlumotlar;
apostil qoʻyiladigan rasmiy hujjatlarning turlari va xususiyati toʻgʻrisida;
apostil qoʻyish uchun taqdim etiladigan rasmiy hujjatlarga qoʻyiladigan talablar toʻgʻrisida;
apostil qoʻyilganligi uchun yigʻim miqdori toʻgʻrisida;
hujjatlarni qabul qilish va berish vaqti toʻgʻrisida;
apostil qoʻyish muddatlari toʻgʻrisida;
apostil qoʻyish davomida amalga oshiriladigan harakatlar (harakatsizlik) va qabul qilinadigan qarorlar ustidan shikoyat qilish tartibi toʻgʻrisida;
Konvensiya qatnashchilari boʻlgan mamlakatlar toʻgʻrisida beriladi.
14. Ushbu Nizomning 13-bandida nazarda tutilgan maʼlumotlar axborot stendlarida va vakolatli davlat organining rasmiy veb-saytida ham joylashtiriladi.
15. Rasmiy hujjatga apostil qoʻyish toʻgʻrisidagi murojaatni koʻrib chiqish natijalari boʻyicha quyidagi qarorlardan biri qabul qilinishi mumkin:
rasmiy hujjatga apostil qoʻyish;
rasmiy hujjatga apostil qoʻyishni rad etish.
16. Rasmiy hujjatga apostil qoʻyish toʻgʻrisidagi arizani koʻrib chiqish muddati imzo namunasini va apostil qoʻyish uchun taqdim etilgan rasmiy hujjatni imzolagan aniq mansabdor shaxsning imzo qoʻyish huquqiga vakolatlarini tasdiqlash va (yoki) hujjat chiqadigan tashkilotning muhri bosma izi namunasini talab qilish zarur boʻlmagan taqdirda hujjatlar taqdim etilgan kundan boshlab 5 ish kunidan ortiq boʻlmasligi kerak.
Imzo namunasini va apostil qoʻyish uchun taqdim etilgan rasmiy hujjatni imzolagan aniq mansabdor shaxsning imzo qoʻyish huquqiga vakolatlarini tasdiqlash va (yoki) rasmiy hujjat chiqadigan tashkilot muhri bosma izi namunasini talab qilish zarur boʻlgan taqdirda rasmiy hujjatga apostil qoʻyish toʻgʻrisidagi arizani koʻrib chiqish muddati 20 ish kunidan ortiq boʻlmasligi kerak.
III. Apostilni qoʻyish
17. Apostilni qoʻyish quyidagi xatti-harakatlarni oʻz ichiga oladi:
hujjatlarni qabul qilish va roʻyxatdan oʻtkazish;
apostil qoʻyish rad etilishi uchun asoslar yoʻqligini aniqlash, shu jumladan mansabdor shaxsning imzosi va rasmiy hujjatdagi tashkilotning muhri bosma izi mavjud namunalarga muvofiqligini tekshirish;
apostilni qoʻyish (apostil qoʻyish rad etilishi uchun asoslar mavjud boʻlmagan taqdirda);
apostil qoʻyish rad etilishi (apostil qoʻyish rad etilishi uchun asoslar aniqlangan taqdirda);
hujjatlarni berish.
18. Apostil qoʻyish uchun:
rasmiy hujjatga apostil qoʻyish toʻgʻrisida ariza (ushbu Nizomga 1-ilova);
ariza beruvchining shaxsini tasdiqlaydigan hujjatning nusxasi;
xorijiy davlat — Konvensiya qatnashchisi hududida foydalaniladigan rasmiy hujjat;
apostil qoʻyilganligi uchun yigʻim toʻlanganligi toʻgʻrisidagi hujjat taqdim etiladi.
19. Apostil qoʻyish toʻgʻrisidagi ariza, shuningdek apostil qoʻyilganligi uchun yigʻim toʻlash toʻgʻrisidagi hujjat yagona asl nusxada taqdim etiladi.
Apostil qoʻyish uchun vakolatli davlat organi tomonidan hujjatlar qabul qilingandan keyin apostil qoʻyish toʻgʻrisidagi arizaning nusxasi roʻyxatdan oʻtkazish tartib raqami va hujjat olinganligi toʻgʻrisidagi belgi qoʻyilgan holda ariza beruvchiga qaytariladi.
20. Rasmiy hujjat ikki nusxada taqdim etiladi, ulardan biri ishga (nusxasi) tikiladi, boshqasi esa (asl nusxa) ariza beruvchiga beriladi.
21. Rasmiy hujjatlarda tegishli rekvizitlar (tartib raqami, sana, imzo, muhr) boʻlishi kerak.
22. Apostil qoʻyish uchun taqdim etiladigan rasmiy hujjatlar aniq bajarilishi kerak. Apostil qoʻyish uchun taqdim etilgan rasmiy hujjatlardagi mansabdor shaxslarning imzolari va muhrlar bosma izi aniq boʻlishi kerak.
23. Agar rasmiy hujjatda tuzatishlar va (yoki) qoʻshimcha yozuvlar boʻlsa, ular hujjatga imzo chekkan shaxs tomonidan qayd etilishi kerak. Koʻrsatib oʻtilgan qoʻshimcha yozuvlar va (yoki) tuzatishlar barcha xato yozilgan, keyinchalik esa tuzatilgan va ustidan chizilganlarni dastlabki shaklda oʻqish mumkin boʻlgan tarzda bajarilishi kerak.
24. Xodim murojaatning idoraviy mansubligini aniqlaydi va uning predmetini belgilaydi. Agar vakolatli davlat organi tomonidan amalga oshiriladigan rasmiy hujjatlarga apostil qoʻyish ariza beruvchining murojaati predmeti hisoblanmasa, xodim ariza beruvchiga qaysi mansabdor shaxsga yoki qanday davlat organiga murojaat qilish zarurligini maʼlum qiladi.
25. Xodim chiquvchi hujjatlarni hisobga olish jurnaliga hujjatlar qabul qilinganligi toʻgʻrisidagi yozuvni kiritadi, unda:
yozuvning tartib raqami;
hujjatlar qabul qilingan sana;
ariza beruvchi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar (jismoniy shaxsning familiyasi hamda ismi va otasi ismining bosh harflari, yuridik shaxsning nomi);
apostil qoʻyishga taqdim etilgan rasmiy hujjatlar soni;
apostil qoʻyish uchun taqdim etilgan rasmiy hujjatning rekvizitlari (tartib raqami, seriyasi, berilgan joyi va sanasi);
hujjatlarni qabul qilib olgan xodimning familiyasi, ismi hamda otasi ismining bosh harflari.
26. Hujjatlar vakolatli davlat organi tomonidan qabul qilingan sana hujjatlar taqdim etilgan sana hisoblanadi.
27. Xodim hujjatlar tushgandan keyin rasmiy hujjatdagi mansabdor shaxsning imzosi va tashkilot muhri bosma izining mavjud namunalarga muvofiqligini, shuningdek aytib oʻtilgan shaxsda apostil qoʻyish uchun taqdim etilgan rasmiy hujjatni imzolash huquqiga vakolatlar mavjudligini tekshiradi.
Apostil qoʻyish uchun taqdim etilgan rasmiy hujjatdagi muhr bosma izi mavjud namunaga muvofiqligini koʻz bilan tekshirish davomida xodim tozalashlar, qoʻshimcha yozuvlar, qayd etilmagan tuzatishlar mavjud emasligini tekshiradi, shuningdek:
muhr izi rangi tusining bir tekisligi va toʻyinganligiga;
muhr izi elementlari tasvirining aniqligiga;
muhr izi rasmi konturi chetida koʻzga koʻrinarli farq qilinadigan boʻyoqning sitib chiqmaganligiga;
muhr izi detallari buzilmaganligiga, boʻyalib ketmaganligiga, oʻchirilmaganligiga alohida eʼtiborni qaratadi.
28. Vakolatli davlat organida imzolar va muhr bosma izi namunalari mavjud boʻlmagan taqdirda imzolar namunalarini va (yoki) apostil qoʻyishga taqdim etilgan rasmiy hujjatni aniq mansabdor shaxsning imzolash huquqiga vakolatlarni tasdiqlashga va hujjat chiqadigan tashkilot muhri bosma izi namunasini talab qilishga soʻrov belgilangan tartibda rasmiylashtiriladi va belgilangan joyga joʻnatiladi.
29. Vakolatli organdan imzolar namunalari va (yoki) apostil qoʻyish uchun taqdim etilgan hujjatni imzolagan aniq mansabdor shaxsning imzolash huquqiga vakolatlar tasdigʻi, hujjat chiqadigan tashkilot muhri bosma izi namunasi olingandan keyin xodim ushbu Nizomning 27-bandida nazarda tutilgan xatti-harakatlarni amalga oshiradi, olingan imzolar va muhr bosma izi namunalarini mavjud imzolar va muhrlar bosma izi namunalari bilan birgalikda hujjatlar yigʻmajildiga joylashtiradi.
30. Amalga oshirilgan tekshirish natijalari boʻyicha xodim:
apostil qoʻyish toʻgʻrisida;
apostil qoʻyishni rad etish toʻgʻrisida qaror qabul qiladi.
31. Apostil qoʻyish toʻgʻrisida ijobiy qaror qabul qilingan taqdirda xodim taqdim etilgan rasmiy hujjatlarga apostil qoʻyadi.
32. Apostil qoʻyish apostil bosma izini bosish yoʻli bilan amalga oshiriladi, uning shakli ushbu Nizomga 2-ilovada belgilangan, u keyinchalik toʻldiriladi.
Apostil 10 x 10 sm oʻlchamli kvadrat klishe shaklida boʻladi. Apostilning sarlavhasi fransuz tilida boʻlishi kerak.
Apostilni kseronusxa yoki apostilning bosma izini bosishdan farq qiladigan boshqa usulda qoʻyishga yoʻl qoʻyilmaydi.
33. Apostilning bosma izi rasmiy hujjatning matndan boʻsh joyiga yoxud uning orqa tomoniga, yoxud qogʻozning alohida varagʻiga qoʻyiladi.
Apostilning bosma izi alohida varaqqa qoʻyilgan taqdirda, hujjatning varaqlari va apostilning bosma izi bosilgan varaqqa tartib raqami qoʻyiladi va istalgan rangdagi ip yoxud maxsus nozik bogʻich, lenta bilan tikiladi. Hujjatning tikilgan joydagi oxirgi varagʻi qalin qogʻoz “yulduzcha” bilan yelimlanadi, unga Oʻzbekiston Respublikasining Davlat gerbi tasviri tushirilgan muhr (keyingi oʻrinlarda gerbli muhr deb ataladi) bosiladi. Gerbli muhrning izi “yulduzcha”da va varaqda bir tekis joylashadi. Tikilgan varaqlar soni tikilgan va tartib raqami qoʻyilgan varaqlar soni toʻgʻrisidagi maʼlumotlar bor boʻlgan shtamp bilan tasdiqlanadi.
34. Xodim oʻzi qoʻygan apostil bosma izini toʻldiradi.
Apostil bosma izining 2-qatorida apostil qoʻyish uchun taqdim etilgan rasmiy hujjatni imzolagan mansabdor shaxsning familiyasi koʻrsatiladi.
Agar rasmiy hujjatda aniq mansabdor shaxsning imzosi va uning familiyasi nazarda tutilmagan boʻlsa, hujjat esa tashkilot nomidan chiqsa, apostil bosma izining 2-qatorida “imzo nazarda tutilmagan” (apostil izi toʻldirilgan tilda) deb koʻrsatiladi, 4-qatorda esa — hujjat chiqadigan tashkilotning rasmiy nomi koʻrsatiladi.
Oldingi tahrirga qarang.
Apostil notarial tartibda tasdiqlangan rasmiy hujjatning nusxasiga qoʻyilganda apostil bosma izining 1-qatorida “Ushbu rasmiy hujjat/this public document” degan soʻzlardan keyin “notarial nusxasi” (apostil izi toʻldirilgan tilda) soʻzlari, 2, 3, 4-qatorlarda esa notariusning familiyasi, lavozimi va tegishli ravishda notarial idoraning nomi koʻrsatiladi.
(34-bandning toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 1-apreldagi 195-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 01.04.2020-y., 09/20/195/0391-son)
Apostil bosma izining 3-qatorida rasmiy hujjatni imzolagan shaxsning lavozimi koʻrsatiladi. Agar rasmiy hujjat bir necha shaxslar tomonidan imzolangan boʻlsa, ularning lavozim boʻyicha eng kattasining (masalan, sud tarkibidagi raislik qiluvchining) lavozim mavqeyi koʻrsatiladi.
Apostil bosma izining 4-qatorida rasmiy hujjatni bergan tashkilotning rasmiy nomi koʻrsatiladi.
Apostil bosma izining 5-qatorida apostil qoʻyilgan shahar koʻrsatiladi.
Apostil bosma izining 6-qatorida raqamlar bilan apostil qoʻyilgan sana koʻrsatiladi.
Apostil bosma izining 7-qatorida rasmiy hujjatni tasdiqlagan shaxsning familiyasi, lavozimi koʻrsatiladi.
Apostil bosma izining 8-qatorida Apostilni roʻyxatdan oʻtkazish daftaridagi tartib raqamiga muvofiq boʻlgan tartib raqami koʻrsatiladi.
Apostil bosma izining 9-qatoriga vakolatli davlat organining gerbli muhri bosiladi.
Apostil bosma izining 10-qatoriga apostil qoʻygan shaxsning imzosi qoʻyiladi.
Apostil bosma izi matniga oʻzgartirishlar (tuzatishlar, tozalashlar) kiritilishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
35. Rasmiy hujjatga apostil va gerbli muhr bosilgandan keyin xodim Apostilni roʻyxatdan oʻtkazish daftariga, uning shakli ushbu Nizomga 3-ilovaga muvofiq belgilanadi, yozuvni kiritadi, unda:
yozuvning tartib raqami (apostil bosma izining 8-qatori);
apostil qoʻyilgan sana (apostil bosma izining 6-qatori);
apostil qoʻygan shaxsning familiyasi, ismi va otasining ismi bosh harflari va lavozimi (apostil bosma izining 7 va 10-qatorlari);
apostil qoʻyiladigan rasmiy hujjatning nomi, uning rekvizitlari (tartib raqami, seriyasi, berilgan joyi va sana);
rasmiy hujjatni imzolagan shaxsning familiyasi va lavozimi (apostil bosma izining 2 va 3-qatorlari);
ariza beruvchining familiyasi, ismi va otasining ismi;
ariza beruvchining shaxsini tasdiqlaydigan hujjatning maʼlumotlari;
apostil taqdim etiladigan davlat (arizaga muvofiq koʻrsatiladi);
apostil qoʻyilganligi uchun yigʻim toʻlanganligi toʻgʻrisidagi hujjatning rekvizitlari koʻrsatiladi.
Agar ariza beruvchi apostil qoʻyilganligi uchun yigʻim toʻlashdan ozod etilgan boʻlsa, Apostilni roʻyxatdan oʻtkazish daftarining apostil qoʻyilganligi uchun yigʻim toʻlash uchun maʼlumotlar kiritiladigan ustunida apostil qoʻyilganligi uchun ariza beruvchi yigʻim toʻlashdan ozod etilganligining asosi koʻrsatiladi.
36. Apostil qoʻyilgan rasmiy hujjat xodim tomonidan ariza beruvchi oʻz shaxsini tasdiqlaydigan hujjatni taqdim etganidan keyin beriladi.
37. Xodim ariza beruvchini beriladigan hujjatlar roʻyxati bilan tanishtiradi (beriladigan hujjatlarning nomlarini eʼlon qiladi). Ariza beruvchi Apostilni roʻyxatdan oʻtkazish daftarining tegishli ustuniga hujjatlar olinganligi toʻgʻrisida imzo chekadi. Qolgan hujjatlar hujjatlar yigʻmajildiga joylashtiriladi.
38. Agar apostil taqdim etiladigan davlatda rasmiy hujjatning tarjimasini taqdim etish zarur boʻlsa, apostil qoʻyilgandan keyin koʻrsatib oʻtilgan hujjatlar, shu jumladan apostil tarjimon tomonidan apostil taqdim etiladigan mamlakat tiliga (yoki ingliz tiliga) tarjima qilinadi, shundan keyin tarjimonning imzosi notarius tomonidan tasdiqlanadi, oxirida tasdiqlangan tarjimaga apostil qoʻyiladi.
39. Quyidagi hollarda:
agar ariza beruvchi tomonidan ushbu Nizomning 5-bandida nazarda tutilgan hujjatlar taqdim etilgan boʻlsa;
agar rasmiy hujjatda ushbu Nizomning 21-bandiga muvofiq zarur rekvizitlarning hech boʻlmaganda biri mavjud boʻlmasa;
agar rasmiy hujjatdagi mansabdor shaxsning imzosi va (yoki) muhr bosma izi vakolatli davlat organidagi namunaga muvofiq boʻlmasa;
agar rasmiy hujjatni imzolagan mansabdor shaxs uni imzolash vakolatiga ega boʻlmasa;
qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa hollarda apostil qoʻyish rad etiladi.
40. Apostil qoʻyishni rad etish yozma shaklda amalga oshiriladi.
41. Apostil qoʻyishni rad etish belgilangan tartibda rasmiylashtirilgandan keyin xodim uni ariza beruvchi tomonidan taqdim etilgan rasmiy hujjatlarni ilova qilgan holda ariza beruvchiga beradi. Bunda ariza beruvchi tomonidan uning shaxsini tasdiqlaydigan hujjat koʻrsatiladi.
42. Rasmiy hujjatlarning asl nusxalari ariza beruvchiga topshirilgandan keyin qolgan rasmiy hujjatlarning nusxalari (ikkinchi nusxa) xodim tomonidan hujjatlar yigʻmajildiga joylashtiriladi.
Oldingi tahrirga qarang.
Vakolatli davlat organlari tomonidan rasmiy hujjatlarning nusxalari joylashtirilgan hujjatlar yigʻmajildi bir yil davomida saqlanadi, soʻngra qonun hujjatlarida belgilangan tartibda yoʻq qilinadi.
(42-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 30-sentabrdagi 821-sonli qaroriga asosan xatboshi bilan toʻldirilgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 30.09.2019-y., 09/19/821/3833-son)
IV. Yakunlovchi qoidalar
43. Vakolatli davlat organining apostil qoʻyishni rad etish toʻgʻrisidagi qarori ustidan qonunda belgilangan tartibda sudga shikoyat qilish mumkin.
44. Ushbu Nizom talablarining buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar belgilangan tartibda javob beradilar.
Apostil qoʻyish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga
1-ILOVA

Jismoniy shaxs arizasining namunasi


‎‎‎(davlat organining nomi)


ARIZA


‎Men,________________________________________________________________________________,

(ariza beruvchining toʻliq F.I.O.)‎‎

______ yil “_____” ___________da ____________________________________ tomonidan berilgan‎‎

(qachon va kim tomonidan berilgan)‎‎‎

pasport seriyasi_________________________ № ___________________________________________
‎__________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________

(shaxsni tasdiqlovchi boshqa hujjatning nomi va rekvizitlari)

____________________________________________________________________ manzilda yashayman,‎‎

‎‎(doimiy yoki vaqtincha yashash manzili)

‎‎aloqa qilinadigan telefonim __________________, ____________________ sanasida tugʻilganman,
‎‎___________________________________________________________________________________ga

‎‎(apostil taqdim etiladigan mamlakat)

‎‎taqdim etiladigan rasmiy hujjatlarga apostil qoʻyishingizni soʻrayman.
Ushbu arizaga quyidagilar ilova qilinmoqda:

T/r

Hujjatning rekvizitlari‎

Nusxalari soni‎


‎Quyidagi tildagi apostilning bosma izini toʻldirishingizni soʻraymiz (keraklisi kvadratda belgilanadi):
□ oʻzbek tilida‎ □ ingliz tilida‎

‎Ushbu bilan apostilning amal qilishi faqat xorijiy rasmiy hujjatlarni legallashtirish talabini bekor qiluvchi Konvensiya (Gaaga, 1961-yil 5-oktabr) qatnashchilari boʻlgan va Oʻzbekiston Respublikasining mazkur Konvensiyaga qoʻshilishini eʼtirof etadigan mamlakatlarga tatbiq etilishidan xabardor ekanligimni tasdiqlayman.


‎_____________________‎


‎‎‎________________________________________________________

(ariza beruvchining imzosi)‎

‎‎(ariza beruvchining toʻliq F.I.O)

Yuridik shaxs arizasining namunasi

___________________________________________________________________________________

‎‎(davlat organining nomi)

‎‎
‎ARIZA

________________________________________________________________________________, <*>

(yuridik shaxsning toʻliq nomi)

________________________________________________________________, roʻyxatdan oʻtkazilgan,

‎‎(yuridik shaxsni kim va qachon roʻyxatdan oʻtkazgan)

aloqa qilinadigan telefon__________________________________________________________ ga

(apostil taqdim etiladigan mamlakat)

taqdim etiladigan rasmiy hujjatlarga apostil qoʻyilishini soʻraydi.


‎Ushbu arizaga quyidagilar ilova qilinadi:

T/r ‎

Hujjatning rekvizitlari‎

Nusxalari soni‎


‎Quyidagi tildagi apostilning bosma izini toʻldirishingizni soʻraymiz (keraklisi kvadratda belgilanadi):
□ oʻzbek tilida ‎ □ ingliz tilida‎

‎Ushbu arizani va unga ilova qilinayotgan hujjatlarni taqdim etishga vakil qilingan shaxs:
__________________________________________________, tugʻilgan sanasi ___________________,

(vakilning toʻliq F.I.O.)

____________________________________________________________________________________.
‎‎(vakilning shaxsini tasdiqlovchi hujjatning nomi, seriyasi, tartib raqami, kim tomonidan, qachon berilgani))
______ yil “__” ______________ <**>

‎Ushbu bilan. apostilning amal qilishi faqat xorijiy rasmiy hujjatlarni legallashtirish talabini bekor qiluvchi Konvensiya (Gaaga, 1961-yil 5-oktabr) qatnashchilari boʻlgan va Oʻzbekiston Respublikasining mazkur Konvensiyaga qoʻshilishini eʼtirof etadigan mamlakatlarga tatbiq etilishidan xabardor ekanligimizni tasdiqlaymiz.
___________________________‎

_____________‎

___________________________‎

(arizani ariza beruvchi nomidan imzolashga vakil qilingan shaxsning lavozimi)

(imzo)‎

(F.I.O.)‎

<*> Davlat organi tomonidan toʻldirilmaydi.
<**> Yuridik shaxsning vakili tomonidan toʻldiriladi.
Apostil qoʻyish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga
2-ILOVA

APOSTILLE

‎‎(Convention de la Naye du 5 octobre 1961)

1. Davlat/Country __________________________________________________ Oʼzbekiston Respublikasi
Ushbu rasmiy hujjat/this public document ‎
2. Tomonidan imzolandi/
‎has been signed by _____________________________________________________________________
3. Sifatida faoliyat yurituvchi/‎
‎‎Acting in the capacity of _________________________________________________________________
4. Muhr/shtamp bilan tasdiqlangan/‎
bears the seal/stamp of __________________________________________________________________

‎‎Tasdiqlandi/Certified‎

5. Shahar/at ___________________ ‎ 6. Sana/the_________________‎
7. Tomonidan/ by __________________________‎
‎‎____________________________________________________________________________________‎
8. № ________________________________________________________________________________
9. Muhr/shtamp/ ‎ 10. Imzo/‎
Seal/stamp _______________ ‎ Signature _______________‎
Apostil qoʻyish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga
3-ILOVA
Apostilni roʻyxatdan oʻtkazish
DAFTARINING ShAKLI

T/r‎

Apostil qoʻyish sanasi‎

Apostil qoʻygan shaxsning F.I.O., lavozimi ‎

Hujjatning nomi, rekvizitlari‎

Hujjatni imzolagan shaxsning F.I.O., lavozimi

Apostil qoʻyish uchun hujjat taqdim etgan shaxsning F.I.O., shaxsni tasdiqlovchi hujjatning maʼlumotlari

Apostil taqdim etiladigan mamlakat‎

Apostil qoʻyish uchun yigʻim toʻlanganligi toʻgʻrisidagi belgi‎

Hujjatni olgan shaxsning imzosi‎

1‎

2‎

3‎

4‎

5‎

6‎

7‎

8‎

9‎

Vazirlar Mahkamasining 2011-yil 17-noyabrdagi 307-son qaroriga
2-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga kiritilayotgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar
Oldingi tahrirga qarang.
(1-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 1-apreldagi 195-sonli qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 01.04.2020-y., 09/20/195/0391-son)
2. Vazirlar Mahkamasining 1997-yil 21-apreldagi 203-son qarori bilan tasdiqlangan Paxta va paxta tolasini kompleks qayta ishlovchi korxonalarni qurishga va ularni qayta ixtisoslashtirishga doir takliflar kiritish tartibi 1-bandining toʻrtinchi xatboshidagi “legallashtirilgan” soʻzidan keyin “yoki apostil qoʻygan holda” soʻzlari qoʻshilsin.
Oldingi tahrirga qarang.
(3-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2016-yil 14-noyabrdagi 387-sonli qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — OʻR QHT, 2016-y., 50-son, 566-modda)
4. Vazirlar Mahkamasining 2000-yil 23-oktabrdagi 410-son qarori (Oʻzbekiston Respublikasi QT, 2000-y., 10-son, 68-modda) bilan tasdiqlangan Xorijiy tijorat tashkilotlarining Oʻzbekiston Respublikasi hududidagi vakolatxonalarini akkreditatsiya qilish tartibi va ularning faoliyati toʻgʻrisidagi nizomda:
a) 11-bandning yettinchi xatboshiga quyidagi mazmundagi jumla qoʻshilsin:
“Agar hujjatlarga apostil qoʻyilgan boʻlsa, legallashtirish talab etilmaydi”;
b) 28-bandning “v” kichik bandidagi “mazkur Nizomning 11-g bandi ikkinchi xatboshida nazarda tutilgan tartibda qonunlashtirilgan holda” soʻzlari “mazkur Nizomning 11-bandi yettinchi xatboshida nazarda tutilgan tartibda legallashtirilgan yoki apostil qoʻyilgan holda” soʻzlari bilan almashtirilsin.
Oldingi tahrirga qarang.
(5-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 12-sentabrdagi 725-sonli qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 13.09.2018-y., 09/18/725/1874-son)
6. Vazirlar Mahkamasining 2003-yil 11-dekabrdagi 543-son qarorida:
a) 1-ilova (Oʻzbekiston Respublikasi hududida xalqaro va xorijiy nohukumat tashkilotlari vakolatxonalari va filiallarini davlat roʻyxatidan oʻtkazish va qayta roʻyxatdan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizom)da:
3-bandning oʻn ikkinchi xatboshiga quyidagi mazmundagi jumla qoʻshilsin:
“Agar hujjatga apostil qoʻyilgan boʻlsa, legallashtirish talab etilmaydi”;
17-bandning “v” kichik bandidagi “legalizatsiya qilingan” soʻzlari “legallashtirilgan yoki apostil qoʻyilgan holda” soʻzlari bilan almashtirilsin;
b) Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi huzuridagi Diplomatik vakolatxonalar, xorijiy davlatlarning konsullik muassasalari, xalqaro tashkilotlar vakolatxonalari va ularning xodimlarini akkreditatsiya qilish tartibiga 1-ilova 1-bandining “a” kichik bandi va 2-bandining “a” kichik bandidagi “legallashtirilgan” soʻzidan keyin “yoki apostil qoʻyilgan holda” soʻzlari qoʻshilsin.
Oldingi tahrirga qarang.
(7-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 1-apreldagi 195-sonli qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 01.04.2020-y., 09/20/195/0391-son)
Oldingi tahrirga qarang.
(8-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 10-apreldagi 196-sonli qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — OʻR QHT, 2017-y., 15-son, 252-modda)
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2011-y., 47-son, 489-modda; 2016-y., 50-son, 566-modda; 2017-y., 15-son, 252-modda, 29-son, 698-modda; Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 04.12.2017-y., 09/17/960/0355-son, 19.02.2018-y., 09/18/126/0783-son, 13.09.2018-y., 09/18/725/1874-son; 16.02.2019-y., 09/19/134/2621-son, 30.09.2019-y., 09/19/821/3833-son; 01.04.2020-y., 09/20/195/0391-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 04.06.2021-y., 09/21/345/0522-son)