toggle_night_mode
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
XORIJIY RASMIY HUJJATLARNI LEGALLASHTIRISH TALABINI BEKOR QILUVCHI KONVENSIYA (GAAGA, 1961-YIL 5-OKTABR) QOIDALARINI AMALGA OSHIRISH CHORALARI TOʻGʻRISIDA
Xorijiy rasmiy hujjatlarni legallashtirish talabini bekor qiluvchi konvensiya (Gaaga, 1961-yil 5-oktabr) qoidalarini amalga oshirish maqsadida:
Oldingi tahrirga qarang.
1. Quyidagilar Oʻzbekiston Respublikasida apostil qoʻyish vakolatiga ega boʻlgan organlar etib belgilansin:
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Adliya vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar adliya boshqarmalari — tegishli hududdagi adliya organlari va muassasalaridan hamda fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish organlaridan chiqadigan rasmiy hujjatlarga;
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi — sudlardan chiqadigan rasmiy hujjatlarga;
Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi — prokuratura, tergov va surishtiruv hamda tergovga qadar tekshiruvni amalga oshiruvchi organlaridan chiqadigan rasmiy hujjatlarga;
Oldingi tahrirga qarang.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Bilim va malakalarni baholash agentligi — oʻrta maxsus, professional, oliy taʼlim va oliy taʼlimdan keyin taʼlim hamda kadrlar malakasini oshirish va ularni qayta tayyorlash taʼlim tashkilotlari tomonidan berilgan rasmiy hujjatlarga;
(1-bandning beshinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 3-iyuldagi PF-107-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 04.07.2023-y., 06/23/107/0441-son)
Oldingi tahrirga qarang.
Oʻzbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi — maktabgacha, umumiy oʻrta va maktabdan tashqari taʼlim tashkilotlari tomonidan berilgan rasmiy hujjatlarga;
(1-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 3-iyuldagi PF-107--sonli Farmoniga asosan oltinchi xatboshi bilan toʻldirilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 04.07.2023-y., 06/23/107/0441-son)
Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi — boshqa barcha rasmiy hujjatlarga.
(1-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 10-yanvardagi PF-5620-sonli Farmoni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 11.01.2019-y., 06/19/5620/2501-son)
2. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi Konvensiya depozitariysi — Niderlandiya Tashqi ishlar vazirligiga apostil qoʻyish vakolatiga ega boʻlgan organlar haqida bildirishnoma yoʻllasin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi Tashqi ishlar vazirligi, manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda Vazirlar Mahkamasiga:
Apostil qoʻyish tartibi toʻgʻrisidagi nizom loyihasini;
qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida takliflar kiritsin.
4. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri Sh.M. Mirziyoyev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2011-yil 5-iyul,
PQ-1566-son
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2011-y., 27-son, 281-modda; Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 01.12.2017-y., 06/17/5269/0340-son; 11.01.2019-y., 06/19/5620/2501-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 09.11.2021-y., 06/21/3/1037-son; 04.07.2023-y., 06/23/107/0441-son)