1.14.00.00.00 Sogʻliqni saqlash. Jismoniy tarbiya. Sport. Turizm / 14.01.00.00 Sogʻliqni saqlash / 14.01.04.00 Sogʻliqni saqlash muassasalarini, aholini medikamentlar, dori-darmon vositalari va tibbiy buyumlar bilan taʼminlash. Dorixona]
[TSZ:
1.Ijtimoiy-madaniy masalalar / Sogʻliqni saqlash. Sanitariyaga oid qonun hujjatlari]
Oʻzbekiston Respublikasi sogʻliqni saqlash vazirining
buyrugʻi
Tibbiyot tashkilotlarida dori vositalarini tayinlash, xalqaro patentlanmagan nomlanishi boʻyicha retseptlarni rasmiylashtirish hamda bemorning dori vositalarini qabul qilish, saqlash va qoʻllash tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2020-yil 1-iyulda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 3277]
Oʻzbekiston Respublikasining “Dori vositalari va farmatsevtika faoliyati toʻgʻrisida”gi Qonuni, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 30-dekabrdagi PQ-4554-son “Oʻzbekiston Respublikasi farmatsevtika tarmogʻida islohotlarni chuqurlashtirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 12-sentabrdagi 714-son “Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq buyuraman:
1. Tibbiyot tashkilotlarida dori vositalarini tayinlash, xalqaro patentlanmagan nomlanishi boʻyicha retseptlarni rasmiylashtirish hamda bemorning dori vositalarini qabul qilish, saqlash va qoʻllash tartibi toʻgʻrisidagi nizom 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Ayrim idoraviy normativ-huquqiy hujjatlar 2-ilovaga muvofiq oʻz kuchini yoʻqotgan deb topilsin.
3. Mazkur buyruq rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Sogʻliqni saqlash vaziri A. SHADMANOV
Toshkent sh.,
2020-yil 1-iyul,
121-son
Kelishildi:
Rais Sh. IZAMOV
2020-yil 1-iyul
Raisning birinchi oʻrinbosari I. DJASIMOV
2020-yil 1-iyul
Oʻzbekiston Respublikasi sogʻliqni saqlash vazirining 2020-yil 1-iyuldagi 121-son buyrugʻiga 1-ILOVA
Tibbiyot tashkilotlarida dori vositalarini tayinlash, xalqaro patentlanmagan nomlanishi boʻyicha retseptlarni rasmiylashtirish hamda bemorning dori vositalarini qabul qilish, saqlash va qoʻllash tartibi toʻgʻrisidagi
NIZOM
Mazkur Nizom Oʻzbekiston Respublikasining “Dori vositalari va farmatsevtika faoliyati toʻgʻrisida”gi Qonuni, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 30-dekabrdagi PQ-4554-son “Oʻzbekiston Respublikasi farmatsevtika tarmogʻida islohotlarni chuqurlashtirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 12-sentabrdagi 714-son “Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq tibbiyot tashkilotlarida dori vositalarini tayinlash, xalqaro patentlanmagan nomlanishi boʻyicha retseptlarni rasmiylashtirish hamda bemorning dori vositalarini qabul qilish, saqlash va qoʻllash tartibini belgilaydi.
1. Mazkur Nizom talablari dori vositalari bilan imtiyozli taʼminlanish huquqiga ega boʻlgan shaxslar toifalariga hamda tarkibida giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar yoki ularning analoglari, prekursorlar va zaharli moddalar boʻlgan dori vositalarini bemorga tayinlashga nisbatan tatbiq etilmaydi.
(1-band Oʻzbekiston Respublikasi sogʻliqni saqlash vazirining 2026-yil 31-iyuldagi 25-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 3919, 07.08.2026-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 10.08.2026-y., 10/26/3919/0830-son)
2. Ushbu Nizomda quyidagi asosiy tushunchalardan foydalaniladi:
dori vositalari ― kasalliklar profilaktikasi, ularga tashxis qoʻyish va ularni davolash, shuningdek odam organizmining holati va funksiyalarini oʻzgartirish uchun tibbiyot amaliyotida qoʻllanilishiga ruxsat etilgan dori moddalari (substansiyalar) va yordamchi moddalar asosida olingan vositalar, dori moddalari (substansiyalar), dori preparatlari;
dori vositalarining xalqaro patentlanmagan nomi (bundan buyon matnda xalqaro patentlanmagan nom deb yuritiladi) ― Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti tomonidan dori vositasi tarkibidagi faol dori moddasining (substansiyasining) qisqartirilgan nomini berish orqali dori vositasini identifikatsiya qilish;
retsept ― shifokorning farmatsevtik maʼlumotga ega boʻlgan mutaxassisga dori preparatlarini tayyorlash va (yoki) berish hamda uning qoʻllanilish usuli toʻgʻrisidagi elektron yoki yozma shakldagi koʻrsatmasi;
elektron retsept ― shifokorning farmatsevtik maʼlumotga ega boʻlgan mutaxassisga dori vositasini tayyorlash va (yoki) berish hamda uning qoʻllanilish usuli toʻgʻrisidagi koʻrsatmasini tezkor ravishda olish imkonini beruvchi elektron shaklda qayd etilgan, elektron raqamli imzo bilan tasdiqlangan va elektron hujjatning uni identifikatsiyalash imkonini beradigan boshqa rekvizitlarga ega boʻlgan elektron hujjat;
ekstemporal usulda tayyorlanadigan dori vositalari ― bemorga shifokor tomonidan berilgan retsept asosida dorixona sharoitida tayyorlangan dori preparatlari.
2-bob. Dori vositalarini tayinlash va xalqaro patentlanmagan nomlanishi boʻyicha retseptlarni rasmiylashtirish
3. Mulkchilik shaklidan va idoraviy mansubligidan qatʼi nazar barcha tibbiyot tashkilotlarida bemorga majburiy tartibda xalqaro patentlanmagan nom boʻyicha retsept yozilishi lozim.
4. Bemorga tayinlangan dori vositalari (halqaro patentlanmagan nomi, bir kunlik dozasi, qabul qilish yoki yuborish usuli, miqdori, davomiyligi va boshqalar) uning tibbiy hisob hujjatlarida (kasallik tarixi, ambulatoriya kartasi) qayd qilinadi va bevosita davolovchi shifokor tomonidan imzolanadi.
5. Bemorga dori vositalari va (yoki) ekstemporal usulda tayyorlanadigan dori vositalari davolovchi shifokor tomonidan imzolanadigan qogʻoz koʻrinishidagi retsept blankasi (bundan buyon matnda qogʻoz koʻrinishidagi retsept deb yuritiladi) yoki elektron retsept shaklida rasmiylashtiriladi.
6. Tibbiyot tashkilotlarida bemorlarga dori vositalarini tayinlash tashxis qoʻyish va davolash standartlari asosida bir martalik, kunlik va kurs dozalarini aniqlash orqali kasallikning turi, ogʻirligi va xususiyatiga hamda bemorning yoshini va dori vositalarini tibbiyotda qoʻllanishiga doir yoʻriqnomada koʻrsatilgan dorilarining oʻzaro taʼsirini hisobga olgan holda davolovchi shifokor tomonidan amalga oshiriladi.
7. Quyidagi hollarda bemorga tayinlangan dori vositalarining asosliligi tibbiyot tashkilotlarining boʻlim mudiri yoki navbatchi shifokori yoxud klinik farmakologi bilan kelishilishi lozim:
bemorga bir vaqtning oʻzida besh va undan ortiq dori vositalari (dori vositalarining turidan qatʼi nazar) tayinlanganda;
asosiy kasallikning asoratlari yoki hamroh kasalliklari mavjud boʻlganda.
Mazkur bandning ikkinchi va uchinchi xatboshilarida nazarda tutilgan hollarda tayinlangan dori vositalarining asosliligi bemorning tibbiy hisob hujjatlarida (kasallik tarixi, ambulatoriya kartasi) qayd etilishi va ushbu tibbiy hujjatlar bevosita davolovchi shifokor hamda mazkur bandning birinchi xatboshisida koʻrsatilgan shaxslar tomonidan ham imzolanishi lozim.
8. Davolovchi shifokor tibbiyot tashkilotlarida statsionar sharoitda davolanayotgan bemorga ushbu muassasada mavjud boʻlmagan dori vositalarini tayinlashi mumkin.
9. Tibbiy koʻrsatmalar boʻlgan holatda (hayotiy koʻrsatmalari boʻyicha, individual koʻtara olmaslik) Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan tasdiqlangan diagnostika va davolash standartlariga kirmagan, ushbu muassasada mavjud boʻlmagan dori vositalari shifokorlar konsiliumi asosida tayinlanadi va tibbiy hujjatlarda qayd etiladi.
10. Tibbiyot tashkilotining davolovchi shifokori tomonidan tayinlangan retseptda dori vositasining xalqaro patentlanmagan nomi, tarkibi, shakli, uni tayyorlash va berish haqidagi yozma koʻrsatmasi lotin tilida, dori vositalarini qoʻllash usuli esa davlat tilida koʻrsatilishi shart. Zarur hollarda retsept malakali tarjimani taʼminlagan holda bemor tushunadigan boshqa tilda yozilishi mumkin.
11. Retsept bemorga uning yoshi, dori vositasini xalqaro patentlanmagan nomi, ekstemporal usulda tayyorlanadigan dori vositalari tarkibidagi dori moddalarining nomlari, shuningdek ularning dozasi, davriyligi, qabul qilish vaqti va davomiyligi, dori vositalarining oziq-ovqat isteʼmoliga qarab oqilona qoʻllanishi (ovqatdan oldin, ovqatlanish vaqtida, ovqatdan keyin) koʻrsatilgan holda mazkur Nizomning 1-ilovasiga muvofiq shaklda beriladi.
Bunda, retseptda tayinlangan dori vositalari (dori vositalarining halqaro patentlanmagan nomi, bir kunlik dozasi, qabul qilish yoki yuborish usuli, miqdori, davomiyligi va boshqalar) retseptning yirtma koreshogida ham bir-biridan farqlanmaydigan holatda koʻrsatilishi shart.
Davolovchi shifokor tomonidan tibbiyot tashkilotida statsionar sharoitda davolanayotgan bemorga tayinlangan retseptda dori vositalarini oziq-ovqat isteʼmoliga qarab (ovqatlanishdan oldin, ovqatlanish vaqtida, ovqatlanishdan keyin) qoʻllanilishi boʻyicha maʼlumotlar koʻrsatilmasligi mumkin.
12. Davolanayotgan bemorga (bemorning qarindoshlari yoki uning holidan xabar oluvchi shaxslarga) dori vositalariga retsept berilganligi haqidagi maʼlumotlar uning tibbiy hisob hujjatlarida (kasallik tarixi, ambulatoriya kartasi) qayd etiladi.
13. Davolovchi shifokor tomonidan quyidagi holatlarda dori vositalariga retsept rasmiylashtirilishi taqiqlanadi:
mijozning tibbiy koʻrsatmasi boʻlmagan holatlarda;
Oʻzbekiston Respublikasida davlat roʻyxatidan oʻtkazilmagan dori vositalariga (orfan dori vositalari bundan mustasno);
faqat tibbiyot tashkilotlarida qoʻllashga moʻljallangan dori vositalari, shu jumladan narkoz vositasi sifatida ishlatiladigan dori vositalariga.
14. Retsept yozishda davolovchi shifokor tomonidan mazkur Nizomning 2-ilovasida koʻrsatilgan asosiy retseptura qisqartmalaridan foydalanilishi mumkin.
15. Retseptda aynan qanday dori vositasi yozilganligini aniqlashda chalgʻituvchi ingrediyentlarning nomiga yaqin qisqartmalarni yozishga yoʻl qoʻyilmaydi.
16. Har bir tibbiyot tashkilotidagi davolovchi shifokorlarga retsept blankalari ushbu muassasa rahbarining buyrugʻi bilan tayinlanadigan javobgar shaxs tomonidan, dam olish va bayram kunlari, shuningdek tungi vaqtlarda esa tibbiyot tashkilotining masʼul navbatchi shifokori tomonidan beriladi.
Shifokorlarga beriladigan retsept blankalarining hisobi mazkur Nizomning 3-ilovasiga muvofiq shakl boʻyicha yuritiladi.
17. Retsept Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi tizimidagi tibbiyot tashkilotlari tomonidan berilganda ularning yuqori qismi chap burchagida tibbiyot tashkilotining nomi va manzili tegishli shtamp qoʻyilgan holda koʻrsatilishi, xususiy tibbiyot tashkilotlari tomonidan berilganda esa qoʻshimcha ravishda retseptning yuqori qismi oʻng burchagida ushbu muassasaning faoliyat koʻrsatishi boʻyicha berilgan litsenziyaning tartib raqami, berilgan sanasi va amal qilish muddati koʻrsatilishi lozim.
18. Retseptda “Ichish uchun”, “Maʼlum”, “Qoida tariqasida” va boshqa shu kabi qisqartma soʻzlardan foydalanish man etiladi.
Retseptda koʻrsatilgan maʼlumotlar aniq va tushunarli tarzda toʻldirilishi, unda oʻchirish va tuzatishlarga yoʻl qoʻyilmasligi lozim.
19. Ekstemporal usulda tayyorlanadigan dori vositalari uchun retsept rasmiylashtirilishida qattiq va sochiluvchan dori moddalari grammlarda (0,001; 0,5; 1,0), suyuq dori moddalarining miqdori millilitr, tomchilarda koʻrsatiladi.
20. Bemorga dori vositalarini shoshilinch ravishda yoki zudlik bilan berish zarur boʻlgan taqdirda, retsept blankasining yuqori qismiga “cito” (shoshilinch) yoki “statim” (zudlik bilan) belgisi qoʻyiladi.
21. Tayyor dori vositasi uchun retsept rasmiylashtirilganda ularning miqdori dori vositasini qoʻllash boʻyicha yoʻriqnomaga muvofiq boʻlishi kerak.
22. Retsept davolovchi shifokorning imzosi va shaxsiy muhri bilan tasdiqlanishi lozim. Bunda davolovchi shifokor shaxsiy muhrining tashqi aylana diametri 20 mm, kichik aylana diametri 10 mm, aylanalar orasidagi masofa 3 mm va kichik aylana ichidagi chiziq uzunligi 8 mm boʻlishi hamda katta aylana ichida davolovchi shifokorning familiyasi, ismi va otasining ismi, kichik aylana ichidagi chiziqda “shifokor” soʻzi yoziladi.
Mazkur bandning birinchi xatboshisida koʻrsatilgan talablar elektron retseptga nisbatan tatbiq etilmaydi.
23. Retseptlar davolovchi shifokor tomonidan rasmiylashtirilgan kundan boshlab 30 kun mobaynida amal qiladi.
24. Kasalligi surunkali boʻlgan bemorlar uchun ambulatoriya sharoitida kasalliklarning xalkaro tasnifi roʻyxatiga kiritilgan dori vositalari hamda asosiy farmakologik taʼsiriga koʻra anabolik faolligi bilan ajralib turadigan dori vositalariga retsept berilganda davolovchi shifokor tomonidan istisno tariqasida retseptda ularning 60 kunlik davolash kursiga yetarli miqdori, qolgan tayyor dori vositalariga esa 90 kunlik davolash kursiga yetarli miqdori koʻrsatilishi mumkin.
Bunda, retseptda dorixonadan dori vositalarini berish davri (har hafta, har oy va boshqalar) koʻrsatilishi shart. Qogʻoz koʻrinishidagi retsept “maxsus maqsadlar uchun” yozuvi bilan davolovchi shifokor tomonidan imzolanadi, elektron retseptlarga esa “maxsus maqsadlar uchun” belgisi va elektron raqamli imzo qoʻyiladi.
25. Statsionar tibbiyot tashkilotida davolangan bemorga ambulatoriya sharoitida davolanishni davom ettirish zarur boʻlgan hollarda retsept tibbiyot tashkilotining shifokori tomonidan bemorning tibbiy hujjatlaridan olingan koʻchirmasidagi davolovchi shifokorning ambulatoriya sharoitida dori vositasining qoʻllanilishi haqidagi tavsiyasiga asosan beriladi.
26. Ushbu Nizomda belgilangan talablarga muvofiq rasmiylashtirilmagan qogʻoz koʻrinishidagi yoki elektron retsept haqiqiy emas deb hisoblanadi.
3-bob. Tibbiyot tashkilotlarida bemorning dori vositalarini qabul qilish, saqlash va qoʻllash
27. Tibbiyot tashkilotlari tomonidan statsionar sharoitida davolanayotgan bemor (bemorning qarindoshlari yoki uning holidan xabar oluvchi shaxslar) tomonidan olib kelingan dori vositalari ushbu Nizomning 8-bandida koʻrsatilgan talablarga javob bergan hollarda qabul qilinishi mumkin.
28. Tibbiyot tashkilotining davolovchi shifokori tomonidan bemorning dori vositalari qabul qilib olinayotganda ushbu dori vositalari retseptning yirtma koreshogida koʻrsatilgan dori vositalari bilan oʻzaro muvofiqligi, shu jumladan dori vositasida koʻrsatilgan yaroqlilik muddati, birlamchi va ikkilamchi oʻramning butunligi, tashqi koʻrinishi tekshiriladi va ijobiy xulosaga karab retseptning yirtma koreshogi bemorning tibbiy hujjatiga tikiladi.
29. Tibbiyot tashkilotlarida statsionar sharoitida davolanayotgan bemorlar (bemorning qarindoshlari yoki uning holidan xabar oluvchi shaxs) tomonidan olib kelingan va alohida saqlash sharoitlarini talab etmaydigan dori vositalari bemor joylashtirilgan xonada, alohida saqlash sharoitlarini talab etadigan dori vositalari esa ushbu muassasaning muolaja xonasida saqlanadi.
30. Tibbiyot tashkilotida davolanuvchi bemorga dori vositalari davolovchi shifokor tomonidan tayinlangan usulda har bir dori vositasi uchun belgilangan tibbiyot amaliyotida qoʻllanish yoʻriqnomasiga asosan ushbu muassasaning hamshirasi tomonidan qoʻllaniladi.
31. Dori vositalari bemorga elektron retsept asosida rasmiylashtirilganda ularni qabul qilish tibbiyot tashkilotining davolovchi shifokori tomonidan yagona elektron retseptlar maʼlumotlar bazasida elektron shakldagi retsept qayd etilganligi va retsept orqali dori vositalari berilganligi toʻgʻrisida maʼlumot saqlanishi orqali amalga oshiriladi.
32. Bemor (bemorning qarindoshlari yoki uning holidan xabar oluvchi shaxslar) tomonidan davolovchi shifokorga dori vositalari bilan birgalikda retseptning yirtma koreshogi taqdim etilmasa yoki unda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 6-apreldagi 185-son qarori bilan tasdiqlangan Dori vositalarini va tibbiy buyumlarni chakana realizatsiya qilish tartibi toʻgʻrisidagi nizomning 311-bandida koʻrsatilgan maʼlumotlar qayd etilmagan boʻlsa, tibbiyot tashkilotining davolovchi shifokori tomonidan dori vositalarni qabul qilish taqiqlanadi.
33. Retseptning yirtma koreshogi bemor (uning qarindoshlari yoki uning holidan xabar oluvchi shaxs) tomonidan yoʻqotilgan yoki u yaroqsiz holga kelib qolgan holatlarda dorixona xodimi tomonidan retseptning dorixonada saqlanayotgan, yirtma koreshogi oʻrnini bosuvchi, tasdiqlangan nusxasi berilishi mumkin.
Bunda dori vositalarini bergan dorixona xodimi oʻzida saqlanayotgan retseptning nusxasini tasdiqlab beradi va ushbu retsept nusxasi retseptning yirtma koreshogi kuchiga ega boʻladi.
34. Retsept blankalarini saqlash va yoʻq qilish Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 6-apreldagi 185-son qarori bilan tasdiqlangan Dori vositalarini va tibbiy buyumlarni chakana realizatsiya qilish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga muvofiq amalga oshiriladi.
35. Mazkur Nizom talablarining buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilik hujjatlariga muvofiq javobgar boʻladi.
(35-band Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2021-yil 28-iyuldagi 16-mh-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 3313, 28.07.2021-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.07.2021-y., 10/21/3313/0724-son)
LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksining 1651-moddasi.
36. Ushbu Nizom Oʻzbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi va Innovatsion sogʻliqni saqlash milliy palatasi bilan kelishilgan.
Tibbiyot tashkilotlarida dori vositalarini tayinlash, xalqaro patentlanmagan nomlanishi boʻyicha retseptlarni rasmiylashtirish hamda bemorning dori vositalarini qabul qilish, saqlash va qoʻllash tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 1-ILOVA
retseptning yirtma koreshogi oʻlchami ― 70 x 148 mm.
(1-ilova Oʻzbekiston Respublikasi sogʻliqni saqlash vazirining 2025-yil 15-dekabrdagi 25-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 3725, 15.12.2025-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 16.12.2025-y., 10/25/3725/1171-son)
(retsept qismining orqa tomoni)
ESLATMA
Tibbiyot tashkilotining rekvizitlari bosma usulda yoziladi yoki shtamp qoʻyiladi.
Retseptda shifokorning farmatsevt xodimga dori vositasining xalqaro patentlanmagan nomi, tarkibi, shakli, uni tayyorlash va berish haqidagi yozma koʻrsatmasi lotin tilida, dori vositalarini qoʻllash usuli esa davlat tilida koʻrsatilishi shart. Zarur hollarda malakali tarjimani taʼminlagan holda bemor tushunadigan boshqa tilda yozilishi lozim.
Retseptda bitta dori vositasi yoziladi.
Ruxsat etilgan asosiy retseptura qisqartmalaridan foydalanilishi mumkin.
Retsept bemorni davolanishi uchun kerakli miqdorda beriladi.
Kattiq va sochiluvchan dori moddalari grammlarda (0,001; 0,5; 1,0), suyuq dori moddalarining miqdori millilitr, tomchilarda koʻrsatiladi.
Retseptda “Ichish uchun”, “Maʼlum”, “Qoida tariqasida” va boshqa shu kabi qisqartma soʻzlardan foydalanish man etiladi.
Shifokor imzosi uning shaxsiy muhri bilan tasdiqlanadi.
Dori vositalari berilgandan keyin retsept dorixonada qoldiriladi, retsept yirtma koreshoglari rasmiylashtirib beriladi.
Retseptda tayinlangan dori vositasi boʻyicha tushunmovchilik kelib chiqqan hollarda, retseptda koʻrsatilgan shifokorning telefon raqami orqali shifokor bilan bogʻlanib aniqlik kiritilishi mumkin.
Ekstemporal usulda tayyorlangan dori vositasi № ___
Dorixona shtampi
Qabul qilgan dorixona farmatsevt
xodimining F.I.O.
Tayyorlagan dorixona farmatsevt xodimining F.I.O.
Tekshirgan dorixona farmatsevt
xodimining F.I.O.
Bergan dorixona farmatsevt xodimining F.I.O.
(retsept yirtma koreshogining orqa tomoni)
BEMOR UCHUN ESLATMA
Retseptning yirtma koreshogi (stiker, dori vositasi haqida toʻliq maʼlumot beruvchi tovar cheki) dori vositasi bilan davolanish yakuniga qadar saqlanishi lozim.
Tibbiyot tashkilotlarida dori vositalarini tayinlash, xalqaro patentlanmagan nomlanishi boʻyicha retseptlarni rasmiylashtirish hamda bemorning dori vositalarini qabul qilish, saqlash va qoʻllash tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 2-ILOVA
Tibbiyot tashkilotlarida dori vositalarini tayinlash, xalqaro patentlanmagan nomlanishi boʻyicha retseptlarni rasmiylashtirish hamda bemorning dori vositalarini qabul qilish, saqlash va qoʻllash tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 3-ILOVA
Tibbiyot tashkilotlarida retsept blankalarini berishni qayd qilish
Retsept blankasini bergan xodimning familiyasi, ismi va otasining ismi
Imzo
Retsept blankasini olgan xodimning familiyasi, ismi va otasining ismi
Imzo
Sana
Oʻzbekiston Respublikasi sogʻliqni saqlash vazirining 2020-yil 1-iyuldagi 121-son buyrugʻiga 2-ILOVA
Oʻz kuchini yoʻqotgan deb topilayotgan idoraviy normativ-huquqiy hujjatlar
ROʻYXATI
1. Oʻzbekiston Respublikasi sogʻliqni saqlash vazirining 2010-yil 18-iyundagi 191-son “Davolash-profilaktika muassasalarida dori vositalarini tayinlash hamda bemorning dori vositalarini qabul qilish, saqlash va qoʻllash tartibi, shuningdek dorixonalar tomonidan aholiga dori vositalarini retsept asosida berish toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi buyrugʻi (roʻyxat raqami 2118, 2010-yil 29-iyun) (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2010-y., 26-27-son, 219-modda).
2. Oʻzbekiston Respublikasi sogʻliqni saqlash vazirining 2013-yil 26-sentabrdagi 327-son “Davolash-profilaktika muassasalarida dori vositalarini tayinlash hamda bemorning dori vositalarini qabul qilish, saqlash va qoʻllash tartibi, shuningdek dorixona muassasalari tomonidan aholiga dori vositalarini retsept asosida berish toʻgʻrisidagi nizomning 2-bandiga oʻzgartirish kiritish haqida”gi buyrugʻi (roʻyxat raqami 2118-1, 2013-yil 3-oktabr) (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2013-y., 40-son, 538-modda).
3. Oʻzbekiston Respublikasi sogʻliqni saqlash vazirining 2016-yil 25-avgustdagi 62-son “Davolash-profilaktika muassasalarida dori vositalarini tayinlash hamda bemorning dori vositalarini qabul qilish, saqlash va qoʻllash tartibi, shuningdek dorixona muassasalari tomonidan aholiga dori vositalarini retsept asosida berish toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi buyruqqa oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi buyrugʻi (roʻyxat raqami 2118-2, 2016-yil 23-sentabr) (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2016-y., 38-son, 455-modda).
4. Oʻzbekiston Respublikasi sogʻliqni saqlash vazirining 2017-yil 15-noyabrdagi 121-son “Davolash-profilaktika muassasalarida dori vositalarini tayinlash hamda bemorning dori vositalarini qabul qilish, saqlash va qoʻllash tartibi, shuningdek dorixonalar tomonidan aholiga dori vositalarini retsept asosida berish toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi buyruqqa oʻzgartirishlar kiritish toʻgʻrisida”gi buyrugʻi (roʻyxat raqami 2118-3, 2017-yil 22-noyabr) (Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 22.11.2017-y., 10/17/2118-3/0293-son).
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 01.07.2020-y., 10/20/3277/1022-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.07.2021-y., 10/21/3313/0724-son; 16.12.2025-y., 10/25/3725/1171-son; 10.08.2026-y., 10/26/3919/0830-son)