toggle_night_mode
Hujjat kuchini yo‘qotgan 31.12.2022
O‘zbekiston Respublikasining Qonuni
“Elektron tijorat to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida
Qonunchilik palatasi tomonidan 2015-yil 17-aprelda qabul qilingan
Senat tomonidan 2015-yil 15-mayda ma’qullangan
 LexUZ sharhi
Mazkur Qonun O‘zbekiston Respublikasi 2022-yil 29-sentabrdagi O‘RQ-792-sonli “Elektron tijorat to‘g‘risida”gi Qonuniga asosan 2022-yil 31-dekabrdan o‘z kuchini yo‘qotadi.
1-modda. O‘zbekiston Respublikasining 2004-yil 29-aprelda qabul qilingan “Elektron tijorat to‘g‘risida”gi 613-II-sonli Qonuniga (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 2004-yil, № 5, 82-modda) o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilib, uning yangi tahriri tasdiqlansin (ilova qilinadi).
2-modda. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:
hukumat qarorlarini ushbu Qonunga muvofiqlashtirsin;
davlat boshqaruvi organlari ushbu Qonunga zid bo‘lgan o‘z normativ-huquqiy hujjatlarini qayta ko‘rib chiqishlari va bekor qilishlarini ta’minlasin.
3-modda. Ushbu Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran kuchga kiradi.
 LexUZ sharhi
Ushbu Qonun “Xalq so‘zi” gazetasining 2015-yil 23-maydagi 103 (6286)-sonida e’lon qilingan.
O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2015-yil 22-may,
O‘RQ-385-son
O‘zbekiston Respublikasining Qonuni
Elektron tijorat to‘g‘risida
(yangi tahriri)
1-modda. Ushbu Qonunning maqsadi
Ushbu Qonunning maqsadi elektron tijorat sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat.
2-modda. Elektron tijorat to‘g‘risidagi qonunchilik
(2-moddaning nomi O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Elektron tijorat to‘g‘risidagi qonunchilik ushbu Qonun va boshqa qonunchilik hujjatlaridan iboratdir.
(2-moddaning birinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Agar O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasida O‘zbekiston Respublikasining elektron tijorat to‘g‘risidagi qonunchiligida nazarda tutilganidan boshqacha qoidalar belgilangan bo‘lsa, xalqaro shartnoma qoidalari qo‘llaniladi.
(2-moddaning ikkinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
3-modda. Elektron tijorat
Axborot tizimlaridan foydalangan holda tuziladigan shartnomaga (bundan buyon matnda elektron tijoratdagi shartnoma deb yuritiladi) muvofiq amalga oshiriladigan tovarlar (ishlar, xizmatlar) oldi-sotdisi elektron tijoratdir.
4-modda. Elektron tijoratning asosiy prinsiplari
Elektron tijoratning asosiy prinsiplari quyidagilardan iborat:
elektron tijoratda tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish erkinligi;
elektron tijoratda shartnomalar tuzishning ixtiyoriyligi;
elektron tijoratda ishtirok etish shart-sharoitlarining tengligi;
elektron tijorat ishtirokchilarining huquqlari va qonuniy manfaatlari himoya qilinishi.
5-modda. Elektron tijorat sohasidagi davlat siyosati
Elektron tijorat sohasidagi davlat siyosati elektron tijoratni rivojlantirish uchun huquqiy, iqtisodiy, tashkiliy, texnikaviy va boshqa shart-sharoitlar yaratishga yo‘naltirilgandir.
Elektron tijorat sohasidagi davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlari quyidagilardan iborat:
elektron tijorat vositasida amalga oshiriladigan tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirish;
elektron tijorat vositasida amalga oshiriladigan tadbirkorlik sohasiga investitsiyalar, zamonaviy texnologiyalar va jihozlarni jalb etish uchun shart-sharoitlar yaratish;
tadbirkorlik faoliyati subyektlarini ularning elektron tijorat sohasidagi faoliyati uchun zarur bo‘lgan huquqiy, iqtisodiy, statistik, ishlab chiqarish-texnologik, ilmiy-texnikaviy va boshqa axborot bilan ta’minlash;
elektron tijorat sohasidagi ilmiy-texnikaviy tadqiqotlarni rag‘batlantirish, kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish;
elektron tijorat sohasidagi xalqaro hamkorlik.
 LexUZ sharhi
Xususan, qarang: O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2007-yil 30-yanvardagi 21-sonli “Elektron tijoratni rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2015-yil 4-dekabrdagi 353-sonli “2016 — 2018-yillar davrida O‘zbekiston Respublikasida elektron tijoratni rivojlantirish konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida” qarori.
6-modda. Elektron tijorat sohasini davlat tomonidan tartibga solish
Elektron tijorat sohasini davlat tomonidan tartibga solishni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi va u elektron tijorat sohasida maxsus vakolat bergan davlat organi (bundan buyon matnda maxsus vakolatli davlat organi deb yuritiladi) amalga oshiradi.
7-modda. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining elektron tijorat sohasidagi vakolatlari
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:
elektron tijorat sohasidagi davlat siyosatining amalga oshirilishini ta’minlaydi;
elektron tijorat sohasidagi davlat dasturlarini tasdiqlaydi va amalga oshiradi;
davlat organlarining elektron tijorat sohasidagi faoliyatini muvofiqlashtirib boradi;
elektron tijorat sohasidagi xalqaro hamkorlikni ta’minlaydi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi qonunchilikka muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
(7-moddaning ikkinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
 LexUZ sharhi
Qo‘shimcha ma’lumot uchun qarang: O‘zbekiston Respublikasining “O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi to‘g‘risida”gi (yangi tahriri) Qonuni.
8-modda. Maxsus vakolatli davlat organining vakolatlari
Maxsus vakolatli davlat organi:
elektron tijorat sohasidagi davlat dasturlarini shakllantirish va amalga oshirishda ishtirok etadi;
boshqa manfaatdor davlat organlari va o‘zga tashkilotlar bilan birgalikda, o‘z vakolatlari doirasida elektron tijorat sohasidagi standartlar, normalar va qoidalarni ishlab chiqadi hamda tasdiqlaydi;
elektron tijoratni rivojlantirish uchun shart-sharoitlar yaratish bo‘yicha takliflar ishlab chiqadi;
elektron tijorat ishtirokchilarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish chora-tadbirlarini ko‘radi;
elektron tijorat to‘g‘risidagi qonunchilikni takomillashtirishda va ularning ijrosini ta’minlashda ishtirok etadi;
(8-modda birinchi qismining oltinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
elektron tijorat sohasidagi tadqiqotlarni va monitoringni tashkil etadi.
Maxsus vakolatli davlat organi qonunchilikka muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
(8-moddaning ikkinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
 LexUZ sharhi
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2015-yil 8-sentabrdagi 259-sonli “Elektron tijorat to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida” 2015-yil 22-maydagi O‘RQ-385-son O‘zbekiston Respublikasi Qonunini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorining 1-bandiga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi elektron tijorat sohasida maxsus vakolatli davlat organ hisoblanadi.
9-modda. Elektron tijoratdagi elektron hujjatlarning va elektron xabarlarning yuridik kuchi
Elektron tijoratdagi elektron hujjatlar, shuningdek elektron shaklda qayd etilgan, yuboruvchisini identifikatsiya qilish imkoniyatini beradigan axborot (bundan buyon matnda elektron xabarlar deb yuritiladi) o‘z qo‘li bilan imzolangan qog‘ozdagi hujjatlarga tenglashtiriladi va ulardan bitimlar tuzilganligining dalili sifatida foydalanilishi mumkin.
 LexUZ sharhi
Shuningdek qarang: O‘zbekiston Respublikasining Fuqarolik kodeksi 366-moddasining to‘rtinchi qismi, O‘zbekiston Respublikasi “Xo‘jalik yurituvchi subyektlar faoliyatining shartnomaviy-huquqiy bazasi to‘g‘risida”gi Qonunning 11-moddasi, O‘zbekiston Respublikasi “Elektron hujjat aylanishi to‘g‘risida”gi Qonunining 5 va 7-moddalari, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2016-yil 2-iyundagi 185-sonli “Elektron tijoratda bitimlarni amalga oshirish tartibini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorining 2-bandi.
Elektron tijoratdagi shartnoma faqat axborot tizimlaridan foydalanilgan holda tuzilganligiga asoslanib haqiqiy emas deb topilishi mumkin emas.
Elektron tijoratda oferta elektron hujjat tarzida tuziladi.
 LexUZ sharhi
Qo‘shimcha ma’lumot uchun qarang: O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 364-moddasi uchinchi qismi va 367-moddasi.
Elektron tijorat ishtirokchisining oferta qabul qilinganligi to‘g‘risidagi javobi (aksept) elektron hujjat yoki elektron xabar tarzida yoxud ofertada ko‘rsatilgan shartlarni bajarish bo‘yicha harakatlarni sodir etish yo‘li bilan amalga oshirilishi mumkin.
 LexUZ sharhi
Qo‘shimcha ma’lumot uchun qarang: O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 364-moddasi uchinchi qismi va 370-moddasi.
10-modda. Elektron tijorat ishtirokchisi
Elektron tijoratda tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) sotuvchi yoki ularning xaridori bo‘lgan yuridik yoki jismoniy shaxs elektron tijorat ishtirokchisidir.
Elektron tijoratda tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) sotuvchi yuridik shaxs yoki yakka tartibdagi tadbirkor hisoblanadi.
Elektron tijoratda ishtirok etish, agar qonunda boshqacha qoida belgilanmagan bo‘lsa, uning ishtirokchisiga nisbatan axborot tizimlaridan foydalanmasdan amalga oshirilayotgan tadbirkorlik faoliyatiga nisbatan qo‘shimcha talablar yoki cheklovlar belgilanishi uchun asos bo‘la olmaydi.
11-modda. Elektron tijorat ishtirokchisining huquq va majburiyatlari
Elektron tijorat ishtirokchisi quyidagi huquqlarga ega:
elektron tijorat maqsadida ishlab turgan axborot resurslarida ofertani joylashtirish (taklif etish);
elektron tijoratdagi shartnomalarni tuzish yo‘li bilan tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) realizatsiya qilish yoki olish;
elektron hujjatlar va elektron xabarlarni axborot vositachilariga saqlash uchun topshirish.
Elektron tijorat ishtirokchisi — tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) sotuvchi:
elektron tijoratda tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) realizatsiya qilishda raqobat to‘g‘risidagi va iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish haqidagi qonunchilik talablariga rioya etishi;
 LexUZ sharhi
Qo‘shimcha ma’lumot uchun qarang: O‘zbekiston Respublikasining “O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi to‘g‘risida”gi (yangi tahriri) Qonuni.
qonunchilikka muvofiq elektron hujjatlar va elektron xabarlarning saqlanishini ta’minlashi;
(11-modda ikkinchi qismining uchinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
 LexUZ sharhi
Qarang: O‘zbekiston Respublikasi “Elektron hujjat aylanishi to‘g‘risida”gi Qonunining 16-moddasi, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2016-yil 2-iyundagi 185-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Shartnomalarni tuzishda elektron raqamli imzolarni qo‘llash va elektron hujjatlarni hamda elektron tijoratda qo‘llaniladigan elektron xabarlardagi mavjud axborotni saqlash tartibi to‘g‘risida”gi nizomning IV bobi (“Tuziladigan shartnomalar bo‘yicha elektron hujjatlarni, xabarlarni va boshqa elektron axborotni saqlashda elektron tijorat ishtirokchilari va axborot vositachilarining huquq va majburiyatlari”).
elektron tijorat sohasidagi standartlar, normalar va qoidalarga rioya etishi shart.
Elektron tijorat ishtirokchisi — tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) sotuvchi davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan paytdan e’tiboran, faoliyatning litsenziyalanadigan turini amalga oshirgan taqdirda esa tegishli litsenziyani olgan paytdan e’tiboran elektron tijoratni amalga oshirish huquqiga ega.
(11-modda O‘zbekiston Respublikasining 2017-yil 30-dekabrdagi O‘RQ-455-sonli Qonuniga asosan uchinchi qism bilan to‘ldirilgan — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 30.12.2017-y., 03/18/455/0492-son)
Elektron tijorat ishtirokchisi qonun hujjatlariga hamda shartnomaga muvofiq boshqa huquqlarga ega bo‘lishi va uning zimmasida o‘zga majburiyatlar bo‘lishi mumkin.
 LexUZ sharhi
Qarang: O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2016-yil 2-iyundagi 185-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Elektron tijoratni amalga oshirish qoidalari”ning 10 va 11-bandlari.
111-modda. Elektron tijorat sohasida hisob-kitoblar
Elektron tijorat sohasida hisob-kitoblar O‘zbekiston Respublikasining Fuqarolik kodeksi, “Elektron to‘lovlar to‘g‘risida”gi, “Elektron hujjat aylanishi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonunlari, ushbu Qonun va boshqa qonunchilik hujjatlariga muvofiq amalga oshiriladi.
(111-moddaning matni O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
12-modda. Axborot vositachisi
Elektron tijoratda elektron hujjatlar va elektron xabarlar aylanishi bilan bog‘liq xizmatlar ko‘rsatuvchi yuridik shaxs axborot vositachisidir.
Axborot vositachilari jumlasiga quyidagilar kiradi:
elektron tijorat ishtirokchilarining elektron hujjatlari va elektron xabarlari aylanishi bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatuvchi telekommunikatsiya tarmoqlari operatorlari va provayderlari;
elektron tijorat ishtirokchilarining to‘lov tizimlaridan foydalanilishini va to‘lovlar o‘tkazilishini ta’minlash bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatuvchi banklar;
elektron yarmarkalar, kimoshdi savdolari va tanlovlar tashkil etilishini amalga oshiruvchi yuridik shaxslar;
elektron tijorat ishtirokchilarining elektron hujjatlari va elektron xabarlarini saqlash bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatuvchi yuridik shaxslar.
Axborot vositachilari jumlasiga qonunchilikka muvofiq boshqa yuridik shaxslar ham kiritilishi mumkin.
(12-moddaning uchinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
 LexUZ sharhi
Qarang: O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2016-yil 2-iyundagi 185-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Elektron tijoratni amalga oshirish qoidalari”ning 14 va 15-bandlari.
13-modda. Axborot vositachisining huquq va majburiyatlari
Axborot vositachisi quyidagi huquqlarga ega:
o‘z vakolati doirasida shartnoma asosida elektron tijoratda elektron hujjatlar va elektron xabarlar aylanishi bilan bog‘liq xizmatlar ko‘rsatish;
elektron tijorat ishtirokchilariga ko‘rsatiladigan xizmatlar shartlarini belgilash.
Axborot vositachisi:
elektron tijorat sohasidagi standartlar, normalar va qoidalarga rioya etishi;
o‘zining to‘liq nomi, tashkiliy-huquqiy shakli, ko‘rsatiladigan xizmatlar, ularni ko‘rsatish shartlari va qiymatlari (tariflari) haqidagi axborotni elektron tijorat ishtirokchilariga oshkor qilishi;
elektron hujjatlarning va elektron xabarlarning mazmunini, ulardan foydalanish tartibini o‘zgartirmasligi (bundan elektron tijorat ishtirokchilari bilan tuzilgan shartnomalarda nazarda tutilgan hollar mustasno);
elektron hujjatlarni, elektron xabarlarni hamda shaxsga doir ma’lumotlarni ruxsatsiz foydalanishdan himoya qilish chora-tadbirlari bilan ta’minlashi;
elektron hujjatlarni va elektron xabarlarni uchinchi shaxslarga yubormasligi (bundan qonunda yoki shartnomada nazarda tutilgan hollar mustasno) shart.
Elektron tijorat ishtirokchilarining axborot vositachisi orqali yuborilayotgan elektron hujjatlari va elektron xabarlari mazmuni bilan bog‘liq bo‘lgan huquqiy oqibatlar uchun axborot vositachisi javobgar bo‘lmaydi.
Axborot vositachisi qonunchilikka hamda shartnomaga muvofiq boshqa huquqlarga ega bo‘lishi va uning zimmasida o‘zga majburiyatlar bo‘lishi mumkin.
(13-moddaning to‘rtinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
 LexUZ sharhi
Qarang: O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2016-yil 2-iyundagi 185-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Elektron tijoratni amalga oshirish qoidalari”ning 16–19-bandlari.
14-modda. Elektron tijoratdagi shartnoma shartlari
Elektron tijoratdagi shartnoma shartlari qonunchilik talablariga muvofiq bo‘lishi kerak.
(14-moddaning birinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
 LexUZ sharhi
Qo‘shimcha ma’lumot uchun qarang: O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 354-moddasi beshinchi qismi va 359-moddasi.
Elektron tijoratdagi shartnoma unga hamma foydalanishi mumkin bo‘lgan axborot resursida joylashtirilgan elektron hujjatga havola qilish yo‘li bilan kiritiladigan alohida shartlarni o‘z ichiga olishi mumkin. Bu holda elektron hujjatni joylashtirgan elektron tijorat ishtirokchisi qonunchilikda yoki shartnomada belgilangan muddat mobaynida undan erkin foydalanish imkoniyatini ta’minlashi, bu muddat o‘tganidan keyin esa mazkur elektron hujjatning qonunchilikda nazarda tutilgan tartibda saqlanishini ta’minlashi shart.
(14-moddaning ikkinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
 LexUZ sharhi
Qarang: O‘zbekiston Respublikasining “Elektron hujjat aylanishi to‘g‘risida”gi Qonunining 16-moddasi, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2016-yil 2-iyundagi 185-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Shartnomalarni tuzishda elektron raqamli imzolarni qo‘llash va elektron hujjatlarni hamda elektron tijoratda qo‘llaniladigan elektron xabarlardagi mavjud axborotni saqlash tartibi to‘g‘risida”gi nizomning 13–24-bandlari.
15-modda. Elektron tijoratdagi shartnomani tuzish va bajarish
Elektron tijoratdagi shartnoma akseptni amalga oshirish yo‘li bilan:
elektron hujjat tarzida;
elektron xabar tarzida;
ofertada ko‘rsatilgan shartlarni bajarish bo‘yicha harakatlarni sodir etish orqali tuzilishi mumkin.
Elektron tijoratdagi shartnoma ofertani yuborgan elektron tijorat ishtirokchisi tomonidan ofertaning aksepti olingan paytdan e’tiboran tuzilgan deb e’tirof etiladi.
 LexUZ sharhi
Qo‘shimcha ma’lumot uchun qarang: O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 27-bobi (“Shartnoma tuzish”), O‘zbekiston Respublikasining “Xo‘jalik yurituvchi subyektlar faoliyatining shartnomaviy-huquqiy bazasi to‘g‘risida”gi Qonunining 11-moddasi ikkinchi qismi va 12-moddasi.
Elektron tijoratdagi shartnomani bajarish bilan bog‘liq hujjatlar elektron hujjat tarzida yoki qog‘ozda rasmiylashtirilishi mumkin.
 LexUZ sharhi
Qo‘shimcha ma’lumot uchun qarang: O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 21-bobi (“Majburiyatlarni bajarish”), O‘zbekiston Respublikasi “Xo‘jalik yurituvchi subyektlar faoliyatining shartnomaviy-huquqiy bazasi to‘g‘risida”gi Qonunining 14-moddasi, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2016-yil 2-iyundagi 185-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Elektron tijoratni amalga oshirish qoidalari”ning V bobi (“Shartnoma tuzish tartibi”).
16-modda. Elektron tijoratda ofertaga qo‘yiladigan talablar
Elektron tijoratda oferta:
oferta qiluvchi elektron tijorat ishtirokchisining to‘liq nomini;
oferta qiluvchi elektron tijorat ishtirokchisining pochta va elektron manzilini;
qonunchilikda nazarda tutilgan hollarda litsenziya yoki ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatning mavjudligi to‘g‘risidagi ma’lumotlarni (litsenziyaning yoki ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatning raqami, amal qilish muddati, litsenziyani yoki ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatni berishga vakolatli organning nomi);
(16-modda birinchi qismining to‘rtinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
 LexUZ sharhi
Qarang: O‘zbekiston Respublikasi “Faoliyatning ayrim turlarini litsenziyalash to‘g‘risida”gi Qonunining 7 — 9-moddalari, O‘zbekiston Respublikasi “Tadbirkorlik faoliyati sohasidagi ruxsat berish tartib-taomillari to‘g‘risida”gi Qonunining 4-moddasi, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining 2001-yil 21-maydagi 222-II-sonli Qarori bilan tasdiqlangan “Amalga oshirilishi uchun litsenziyalar talab qilinadigan faoliyat turlarining ro‘yxati”, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2013-yil 15-avgustdagi 225-sonli qarari bilan tasdiqlangan “Tadbirkorlik faoliyati sohasidagi ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlar ro‘yxati”.
elektron tijoratdagi shartnomani tuzish tartibini;
elektron tijoratdagi shartnoma shartlarini kelishib olish chog‘ida unga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish imkoniyati hamda tartibini;
akseptni yuborish va chaqirib olish tartibini;
tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) yetkazib berish va ularga haq to‘lash shartlarini, shuningdek ular uchun taklif etilayotgan narxlarni (tariflarni);
hamma foydalanishi mumkin bo‘lgan axborot resursida joylashtirilgan elektron hujjatga havola qilish yo‘li bilan shartnomaga kiritiladigan shartlarga taalluqli qaydlarni o‘z ichiga olgan bo‘lishi kerak.
Elektron tijoratda oferta qonunchilikka muvofiq boshqa axborotni ham o‘z ichiga olishi mumkin.
(16-moddaning ikkinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
 LexUZ sharhi
Qo‘shimcha ma’lumot uchun qarang: O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 367-moddasi, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2016-yil 2-iyundagi 185-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Elektron tijoratni amalga oshirish qoidalari”ning 12, 24—35-bandlari.
17-modda. Elektron tijoratda davlat xaridlari va korporativ xaridlarni amalga oshirish
Elektron tijorat doirasidagi davlat xaridlari va korporativ xaridlarni tashkil etish hamda o‘tkazish O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
 LexUZ sharhi
Qarang: O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Tovarlar (ishlar, xizmatlar)ning davlat va korporativ xaridlarini amalga oshirishning zamonaviy shakl va uslublarini yanada joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2017-yil 23-avgustdagi PQ-3237-son qarori.
18-modda. Elektron tijoratda shaxsga doir ma’lumotlardan foydalanish
Agar taraflarning kelishuvida va (yoki) qonunchilikda boshqacha qoida nazarda tutilmagan bo‘lsa, elektron tijoratda shaxsga doir ma’lumotlardan shartnoma maqsadidan o‘zga maqsadlarda foydalanish hamda ularni uchinchi shaxslarga berish taqiqlanadi.
(18-moddaning birinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Shaxsga doir ma’lumotlardan ofertani va (yoki) reklamani tarqatish, shu jumladan elektron hujjatlarni yoki elektron xabarlarni ommaviy tarzda yuborish orqali tarqatish uchun ushbu ma’lumotlar egasining roziligisiz foydalanishga yo‘l qo‘yilmaydi.
19-modda. Nizolarni hal etish
Elektron tijorat sohasidagi nizolar qonunchilikda belgilangan tartibda hal etiladi.
(19-moddaning matni O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
20-modda. Elektron tijorat to‘g‘risidagi qonunchilikni buzganlik uchun javobgarlik
(20-moddaning nomi O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Elektron tijorat to‘g‘risidagi qonunchilikni buzganlikda aybdor shaxslar belgilangan tartibda javobgar bo‘ladi.
(20-moddaning matni O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
(O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2015-y., 20-son, 250-modda; Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 30.12.2017-y., 03/18/455/0492-son; Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)