toggle_night_mode
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
Tovarlar (ishlar, xizmatlar)ning davlat va korporativ xaridlarini amalga oshirishning zamonaviy shakl va uslublarini yanada joriy etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Oʻtgan yillarda elektron auksion savdolarini tashkil etish orqali davlat va korporativ xaridlarining ochiqligi va shaffofligini taʼminlash uchun ularni takomillashtirish choralari koʻrildi.
Iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy sohada amalga oshirilayotgan investitsiya loyihalari doirasida tovarlar (ishlar, xizmatlar) xaridi boʻyicha idoralararo tender komissiyalari, shuningdek, loyiha tashkilotlari tomonidan tayyorlangan tender va loyihaoldi hujjatlarini ekspertizadan oʻtkazish boʻyicha ixtisoslashgan tarmoq ekspert kengashlari tashkil etildi.
Shu bilan birga, oʻtkazilgan tahlil shuni koʻrsatdiki, davlat va korporativ xaridlarining hamda tender savdolarini tashkil etishning amaldagi tartibi zamonaviy talablarga javob bermaydi, turli xil korrupsiya koʻrinishlari uchun sharoit yaratadigan koʻplab kelishish jarayonlari, bir-birini takrorlaydigan tartib-taomillar va sansalorlik holatlarining mavjudligi sababli juda murakkab hisoblanadi.
Xususan, idoralararo tender komissiyalari bayonnomalarini kelishish va tasdiqlashni oʻz ichiga oluvchi tender jarayonlarining ayrim hollarda olti oygacha choʻzilishi kuzatilmoqda, bu esa loyihalar, shu jumladan, xorijiy va xalqaro moliya institutlari mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladigan loyihalar amalga oshirilishining kechiktirilishiga hamda tarmoq jadvallarining buzilishiga olib kelmoqda.
Narx-navoni manipulatsiya qilish, tovarlarning sifati, tavsifi haqidagi maʼlumotlarni buzib koʻrsatish va elektron savdoda tuzilgan bitimlar boʻyicha tovarlarni yetkazib bermaslik holatlari koʻplab mavjud.
Tovarlar (ishlar, xizmatlar)ning davlat va korporativ xaridlari tizimini tubdan takomillashtirish, ushbu sohada suiisteʼmolchilik holatlarining oldini olish, shuningdek, 2017 — 2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasida belgilangan vazifalarni amalga oshirish maqsadida:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 24-iyuldagi “Oʻzbekiston Respublikasida loyiha boshqaruvi tizimini joriy etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF-5120-son Farmoni bilan Oʻzbekiston Respublikasi Loyiha boshqaruvining yagona milliy axborot tizimini joriy etish doirasida Resurslar yagona milliy maʼlumotnomasi va Davlat xaridlari yagona axborot portalini yaratish belgilanganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi, Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, Moliya vazirligi, Investitsiyalar boʻyicha davlat qoʻmitasi, Xususiylashtirilgan korxonalarga koʻmaklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasining quyidagilarni nazarda tutuvchi takliflariga rozilik berilsin:
iqtisodiyotning tegishli tarmoqlari va ijtimoiy sohada amalga oshirilayotgan, bitta kontrakt boʻyicha 5 million AQSh dollaridan yuqori ekvivalentdagi investitsiya loyihalari doirasida tovarlar (ishlar, xizmatlar)ning xaridi yuzasidan tarmoq idoralararo tender komissiyalarini tugatish;
loyiha tashkilotlari tomonidan tayyorlangan tender va loyihaoldi hujjatlarini taklif etilayotgan texnologiya va asbob-uskunalar boʻyicha texnologiya, asbob-uskunalarni tanlash va narxlarni shakllantirish qismida ekspertizadan oʻtkazish funksiyasini bajaradigan ixtisoslashgan tarmoq ekspert kengashlarini tugatish;
bitta kontrakt boʻyicha 300 AQSh dollaridan 100 ming AQSh dollarigacha ekvivalentdagi tovarlar (ishlar, xizmatlar)ning davlat va korporativ xaridlarini Oʻzbekiston Respublika tovar-xomashyo birjasi tomonidan tashkillashtiriladigan elektron savdolar orqali amalga oshirishga oid talabni bekor qilish.
Oldingi tahrirga qarang.
3. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga koʻra 2018-yil 1-yanvarga qadar tovarlar (ishlar, xizmatlar)ning davlat va korporativ xaridlari quyidagi ekvivalentlarga muvofiq, yaʼni:
1 ming AQSh dollaridan kam boʻlgan bitta kontrakt boʻyicha — narxi, sifati va tovarlar (ishlar, xizmatlar)ni yetkazib berish muddatlari boʻyicha eng maqbul keladigan shartlarni taklif qilgan yetkazib beruvchilar bilan toʻgʻridan toʻgʻri shartnomalar tuzish orqali. Bitta kontrakt boʻyicha mablagʻ miqdori Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankining shartnoma tuzilgan sanadagi rasmiy kursi boʻyicha hisoblanadi;
1 mingdan 100 ming AQSh dollarigacha boʻlgan bitta kontrakt boʻyicha — buyurtmachi tuzadigan idoraviy tanlov komissiyalari tomonidan baholanadigan eng maqbul takliflarni tanlab olish orqali. Bitta kontrakt boʻyicha mablagʻ miqdori Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankining eng yaxshi taklif kelib tushgan sanadagi rasmiy kursi boʻyicha hisoblanadi;
Oldingi tahrirga qarang.
100 ming AQSh dollaridan ortiq miqdordagi bitta kontrakt boʻyicha — buyurtmachi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar boʻyicha davlat qoʻmitasi, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi “OʻzInjiniring” Respublika loyiha instituti, shuningdek buyurtmachining tarmoq ilmiy-texnik kengashlarining vakillarini albatta jalb etgan holda tuziladigan idoralararo tanlov (tender) komissiyalari tashkil etadigan tanlov (tender) savdolarini oʻtkazish orqali amalga oshiriladi. Mazkur xaridlar boʻyicha texnik shartlar Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi bilan kelishilgan boʻlishi shart. Bitta kontrakt boʻyicha mablagʻ miqdori Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankining texnik shartlar tasdiqlangan sanadagi rasmiy kursi boʻyicha hisoblanadi.
(3-bandning toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 10-yanvardagi PF-5624-sonli Farmoni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 11.01.2019-y., 06/19/5624/2471-son)
Davlat organlari va boshqa tashkilotlar tanlov (tender) komissiyalari tarkiblari va tegishli tartib-taomillar ushbu qaror talablariga muvofiqlashtirilishini taʼminlasin.
Buyurtmachilarning rahbarlari davlat va korporativ xaridlarini amalga oshirish tartibiga, shu jumladan xarid qilishning maqsadga muvofiqligiga rioya qilmaganligi uchun jinoiy javobgarlikka tortishgacha qadar shaxsiy javobgar hisoblanadi.
(3-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 3-noyabrdagi PF-5228-sonli Farmoni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 04.11.2017-y., 06/17/5228/0210-son)
Oldingi tahrirga qarang.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Oʻzbekiston Respublikasining investitsiya loyihalarini amalga oshirish doirasida davlat va korporativ xaridlarini tashkil etish va oʻtkazish boʻyicha vakolatli organ etib belgilansin.
(4-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 10-yanvardagi PF-5624-sonli Farmoni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 11.01.2019-y., 06/19/5624/2471-son)
5. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda:
Oldingi tahrirga qarang.
Oʻzbekiston respublika Tovar-xomashyo birjasi bilan birgalikda resurslar yagona milliy maʼlumotnomasi va Davlat xaridlari yagona axborot portali yaratilishi hamda 2018-yil 1-yanvardan ishga tushirilishini taʼminlasin;
(5-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 3-noyabrdagi PF-5228-sonli Farmoni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 04.11.2017-y., 06/17/5228/0210-son)
bir oy muddatda quyidagilarni nazarda tutuvchi “Davlat xaridlari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonuni loyihasini belgilangan tartibda kiritsin:
davlat (korporativ) xaridlarini raqobat asosida amalga oshirishning shaffof va ochiq mexanizmini, ushbu sohada korrupsiyaning oldini olish boʻyicha chora-tadbirlarni;
davlat (korporativ) xaridlariga tadbirkorlik subyektlari keng jalb qilinishini;
davlat (korporativ) xaridlari ishtirokchilari uchun shikoyat qilishning mustaqil va samarali tizimi hamda tartib-taomillarini yaratishni;
elektron xaridlarni yanada rivojlantirish, natijalarni tahlil qilish uchun maʼlumotlar yagona bazasini, xaridlarning zarur parametrlarini tashkil etishni.
6. Adliya vazirligi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi, boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda qonun hujjatlariga mazkur qarordan kelib chiqadigan oʻzgartish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
7. Vazirliklar va idoralar bir oy muddatda oʻzlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
8. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi direktori Sh.M. Sadikov zimmasiga yuklansin.
 LexUZ sharhi
Ushbu qaror “Xalq soʻzi” gazetasining 2017-yil 24-avgustdagi 167 (6861)-sonida eʼlon qilingan.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2017-yil 23-avgust,
PQ-3237-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Tovarlar (ishlar, xizmatlar)ning davlat va korporativ xaridlarini amalga oshirishning zamonaviy shakl va uslublarini yanada joriy etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga
ShARH

Mamlakatimizda davlat va korporativ xaridlari mexanizmini yanada takomillashtirish, tender savdolarining ochiqligi va shaffofligini taʼminlash boʻyicha izchil va kompleks ishlar amalga oshirilmoqda.

Xususan, elektron savdolar joriy etildi, Oʻzbekiston Respublika tovar-xomashyo birjasining maxsus axborot portali yaratildi, tovarlar (ishlar, xizmatlar) xaridi boʻyicha, shu jumladan, investitsiya loyihalari doirasida koʻp pogʻonali idoralararo tender komissiyalari tashkil etildi.

2016-yil va joriy yilning 7 oyida Oʻzbekiston Respublika tovar-xomashyo birjasi maydonchalarida 1,7 trillion soʻmdan ortiq summada 95 mingdan ortiq bitimlar tuzildi.

Shu bilan birga, oʻtkazilgan tahlil koʻrsatdiki, davlat va korporativ xaridlarining hamda tender savdolarini tashkil etishning amaldagi tartibi zamonaviy talablarga javob bermaydi, turli xil korrupsiya koʻrinishlari uchun sharoit yaratadigan koʻplab kelishish bosqichlari, bir-birini takrorlaydigan tartib-taomillar va sansalorlik holatlari mavjud. Bundan tashqari, tender jarayonlarining choʻzilishi, narx-navoni manipulatsiya qilish, tovarlarning sifati, tavsifi haqidagi maʼlumotlarni buzib koʻrsatish va elektron savdoda tuzilgan bitimlar boʻyicha tovarlarni yetkazib bermaslik holatlari koʻplab kuzatilmoqda.

Budjet tashkilotlari tomonidan tovarlar (ishlar, xizmatlar) xaridining amaldagi meʼyorlari va tartibi tovar-moddiy boyliklar, shu jumladan, ularning eng zarurlari (kanselyariya buyumlari, kompyuter texnikasi va avtotransportni taʼmirlash) bilan normal va barqaror taʼminlashda qiyinchiliklar tugʻdirmoqda.

Oxir-oqibatda bu loyihalar, shu jumladan, xorijiy va xalqaro moliya institutlari mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladigan investitsiya loyihalari amalga oshirilishining kechiktirilishiga olib kelmoqda.

Shu sababli, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qabul qilingan qarori:

iqtisodiyotning tegishli tarmoqlari va ijtimoiy sohada amalga oshirilayotgan, bitta kontrakt boʻyicha 5 million AQSh dollaridan yuqori ekvivalentdagi investitsiya loyihalari doirasida tovarlar (ishlar, xizmatlar)ning xaridi yuzasidan tarmoq idoralararo tender komissiyalarini tugatishni;

loyiha tashkilotlari tomonidan tayyorlangan tender va loyihaoldi hujjatlarini taklif etilayotgan texnologiya va asbob-uskunalar boʻyicha texnologiya, asbob-uskunalarni tanlash va narxlarni shakllantirish qismida ekspertizadan oʻtkazish funksiyasini bajaradigan ixtisoslashgan tarmoq ekspert kengashlarini tugatishni;

bitta kontrakt boʻyicha 300 AQSh dollaridan 100 ming AQSh dollarigacha ekvivalentdagi tovarlar (ishlar, xizmatlar)ning davlat va korporativ xaridlarini Oʻzbekiston Respublika tovar-xomashyo birjasi tomonidan tashkillashtiriladigan elektron savdolar orqali amalga oshirishga oid talabni bekor qilishni nazarda tutadi.

Davlat xaridlari tizimini yanada takomillashtirish maqsadida yangidan tashkil etilgan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligiga resurslar yagona milliy maʼlumotnomasi va davlat xaridlari yagona axborot portali yaratilishi hamda 2018-yil 1-yanvardan ishga tushirilishini taʼminlash, shuningdek, bir oy muddatda quyidagilarni nazarda tutuvchi “Davlat xaridlari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonuni loyihasini ishlab chiqish topshirildi:

davlat va korporativ xaridlarini raqobat asosida amalga oshirishning shaffof va ochiq mexanizmini, ushbu sohada korrupsiyaning oldini olish boʻyicha chora-tadbirlarni;

davlat va korporativ xaridlariga tadbirkorlik subyektlari keng jalb qilinishini;

davlat va korporativ xaridlari ishtirokchilari uchun shikoyat qilishning mustaqil va samarali tizimi hamda tartib-taomillarini yaratishni;

elektron xaridlarni yanada rivojlantirish, natijalarni tahlil qilish uchun maʼlumotlar yagona bazasini, xaridlarning zaruriy parametrlarini tashkil etishni.

Shu bilan bir qatorda, Agentlik Oʻzbekiston Respublikasining investitsiya loyihalarini amalga oshirish doirasida davlat va korporativ xaridlarini tashkil qilish va oʻtkazish boʻyicha vakolatli organ etib belgilandi.

2018-yil 1-yanvarga qadar noaniqliklarni bartaraf qilish va suiisteʼmolchilik holatlarining oldini olish maqsadida davlat va korporativ xaridlari quyidagi ekvivalentlarga muvofiq, yaʼni:

1 ming AQSh dollaridan kam boʻlgan bitta kontrakt — narxi, sifati va tovarlar (ishlar, xizmatlar)ni yetkazib berish muddati boʻyicha eng maqbul keladigan shartlarni taklif qilgan yetkazib beruvchi bilan toʻgʻridan toʻgʻri shartnomalar tuzish orqali;

1 mingdan 100 ming AQSh dollarigacha boʻlgan bitta kontrakt — buyurtmachi tuzadigan idoraviy tanlov komissiyalari tomonidan baholanadigan eng maqbul takliflarni tanlab olish orqali;

100 ming AQSh dollaridan yuqori miqdordagi bitta kontrakt — buyurtmachi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar boʻyicha davlat qoʻmitasi, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi “OʻzInjiniring” Respublika loyiha instituti, shuningdek, buyurtmachining tarmoq ilmiy-texnik kengashlarining vakillarini majburiy jalb etgan holda tuziladigan idoralararo tanlov (tender) komissiyalari tashkil etadigan tanlov (tender) savdolarini oʻtkazish orqali amalga oshiriladi.

Bundan tashqari, mazkur xaridlar boʻyicha texnik shartlar Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi bilan kelishilgan boʻlishi shartligi haqidagi talab belgilandi.

Shu bilan birga, qarorda davlat organlari va boshqa tashkilotlar rahbarlarining masʼuliyatini kuchaytirish maqsadida ularning tender savdolarini tashkil etish boʻyicha talablarni buzganligi hamda oʻtkazilgan davlat va korporativ xaridlarining maqsadga muvofiqligi uchun jinoiy javobgarlikka tortishgacha boʻlgan shaxsiy javobgar boʻlishi koʻrsatildi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qabul qilingan qarori davlat va korporativ xaridlarining ilgʻor axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va loyiha boshqaruvi tamoyillaridan foydalanishga asoslangan zamonaviy shakl hamda uslublariga bosqichma-bosqich oʻtish yoʻlidagi yana bir qadam hisoblanadi.

Qarorda nazarda tutilgan chora-tadbirlarning amalga oshirilishi budjet mablagʻlaridan foydalanishning samaradorligini, davlat organlari va boshqa tashkilotlar rahbarlarining davlat va korporativ xaridlarini amalga oshirishda mustaqilligi va masʼuliyatini oshirishga, byurokratiyani bartaraf etishga xizmat qiladi.

(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2017-y., 34-son, 885-modda; Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 04.11.2017-y., 06/17/5228/0210-son; 11.01.2019-y., 06/19/5624/2471-son)