OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI DAVLAT MULKINI BOShQARISh DAVLAT QOʻMITASINING
Qarori
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI MULKNI BAHOLASh MILLIY STANDARTI (13-SON MBMS) “INTELLEKTUAL MULK OBYEKTLARI QIYMATINI BAHOLASh”NI TASDIQLASh TOʻGʻRISIDA
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2012-yil 18-iyunda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 2371]
LexUZ sharhi
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi direktorining 2020-yil 1-maydagi 01/11-15/62-sonli “Oʻzbekiston Respublikasining Yagona milliy baholash standartini tasdiqlash haqida”gi buyrugʻiga (roʻyxat raqami 3239, 04.06.2020-y.) asosan 2020-yil 5-sentabrdan oʻz kuchini yoʻqotadi.
1. Oʻzbekiston Respublikasi Mulkni baholash milliy standarti (13-son MBMS) “Intellektual mulk obyektlari qiymatini baholash” ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Ushbu qaror Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligida davlat roʻyxatiga olingan kundan boshlab oʻn kun oʻtgach kuchga kiradi.
Rais v. b. A. ABDUHAKIMOV
Toshkent sh.,
2012-yil 22-may,
01/19-18/09-son
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mulkini boshqarish davlat qoʻmitasining 2012-yil 22-maydagi 01/19-18/09-son qaroriga ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Mulkni baholash milliy standarti (13-son MBMS) “Intellektual mulk obyektlari qiymatini baholash”
1. 13-son MBMSning maqsadi intellektual mulk obyektlari va nomoddiy aktivlar qiymatini baholashning tushunchalarini, axborotga qoʻyiladigan talablarni, baholashni amalga oshirish tartibini, baholash yondashuvlari va usullarini, baholash natijalarini rasmiylashtirishga qoʻyiladigan talablarni oʻrnatuvchi normalar va qoidalarni belgilash.
2. 13-son MBMSning asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:
intellektual mulk obyektlarini baholashning standart tushunchalari va qoidalaridan foydalanish orqali baholovchilar harakatlarining muvofiqligini taʼminlash;
baholashning xolisligi va uning sifatini oshirishga koʻmaklashishga qaratilgan tartibotlarni belgilash;
boshlangʻich axborotga, baholash toʻgʻrisidagi hisobot mazmuniga va materialni bayon etishga qoʻyiladigan baholash toʻgʻrisidagi hisobotlar har xil talqin qilinishini istisno etadigan talablarni belgilash;
intellektual mulk obyektlarini baholashning samarali milliy tizimini shakllantirishga koʻmaklashish.
3. 13-son MBMSda quyidagi atama va tushunchalardan foydalaniladi:
intellektual mulk obyekti (keyingi oʻrinlarda IMO deb yuritiladi) — jismoniy yoki yuridik shaxsning intellektual faoliyatning natijalari hamda fuqarolik muomalasi ishtirokchilarining, tovarlar va xizmatlarning xususiy alomatlarini aks ettiruvchi vositalarga boʻlgan mutlaq huquqi;
nomoddiy aktivlar (keyingi oʻrinlarda NMA deb yuritiladi) — tashkilot tomonidan ulardan ishlab chiqarish, ishlar bajarish, xizmatlar koʻrsatish yoki tovarlarni sotish jarayonida foydalanish maqsadida yoxud maʼmuriy va boshqa funksiyalarni amalga oshirish uchun uzoq muddat mobaynida tutib turiladigan, moddiy-ashyoviy mazmunga ega boʻlmagan identifikatsiyalanuvchi mol-mulk obyektlari.
II bob. Qoʻllanish sohasi
4. Quyidagi obyektlar 13-son MBMS qoidalari tatbiq etiladigan baholash obyektlari hisoblanadi:
fan, adabiyot va sanʼat asarlari;
ijrolar, fonogrammalar, efir yoki kabel orqali koʻrsatuv yoxud eshittirish beruvchi tashkilotlarning koʻrsatuvlari yoki eshittirishlari;
ixtirolar, sanoat namunalari, foydali modellar;
elektron hisoblash mashinalari uchun dasturlar va maʼlumotlar bazalari;
integral mikrosxemalar topologiyasi;
seleksiya yutuqlari;
oshkor etilmagan axborot, shu jumladan ishlab chiqarish sirlari (nou-xau, geologik va tabiiy muhit haqidagi boshqa tijorat axboroti);
kompleks tadbirkorlik litsenziyasi shartnomasi tarkibida firma nomlari;
tovar belgilari va xizmat koʻrsatish belgilari, shuningdek tovar chiqarilgan joy nomlari.
IMOga yoki NMAga boʻlgan huquqlarni sotib olish boʻyicha qonun hujjatlarida belgilangan tartibda tuzilgan litsenziya, mualliflik yoki boshqa shartnomalar bilan muhofazalangan boshqa NMA va IMOlar ham baholash obyektlariga kiritilishi mumkin.
5. Baholash obyektlari qiymati ularga boʻlgan mulkiy huquqlar, ularga boshqa shaxslar talablarining yuklanishi va cheklashlarni hisobga olgan holda aniqlanadi.
6. 13-son MBMS baholash tashkilotlari, baholovchilar hamda baholash xizmatlarining buyurtmachilari uchun moʻljallangan hamda NMA va IMO qiymatini baholash boʻyicha xizmatlar koʻrsatishda hamda NMA va IMO qiymatini baholash toʻgʻrisidagi hisobotlarning ishonchliligini ekspertizadan oʻtkazishda qoʻllanilishi majburiy.
7. 13-son MBMSni amaliyotda qoʻllashda 13-son MBMSning ilovasida keltirilgan Uslubiy koʻrsatmalardan foydalanish lozim.
III bob. Buxgalteriya hisobi standartlari bilan aloqadorlik
8. Buxgalteriya hisobining milliy standartlari nomoddiy aktivlarni hisobga olish tartibini va ularni bunday deb eʼtirof etish uchun nomoddiy aktiv mos boʻlishi shart boʻlgan mezonlarni belgilaydi.
9. Baholash amaliyotida “NMA va IMOning eskirishi” atamasini buxgalteriya hisobida qoʻllaniladigan NMA va IMOning “amortizatsiyasi” atamasidan mazmuni boʻyicha farqlash zarur.
Buxgalteriya hisobida NMAning qiymati ulardan nazarda tutilayotgan foydalanish muddati mobaynida taqsimlanishi lozim. Buxgalteriya hisobida qoʻllaniladigan “amortizatsiya” atamasi NMAning eskirishi yoki uning bozor qiymatining pasayishi deb emas, balki NMAning qiymatini ularning foydali ishlashi vaqti mobaynida hisobdan chiqarilishi deb tushuniladi.
10. Baholash va buxgalteriya hisobi standartlaridagi tafovutlar, shuningdek, mulkni baholashda qoʻllaniladigan qiymatning puldagi ifodasi tarixiy fakt emas, balki NMA va IMOning vaqtning aniq bir paytidagi foydaliligi bahosi ekanligidan iborat. Bu baho u yoki bu bitimlarda qayd etilgan va buxgalteriya hisobi tizimida aks ettirilgan real narxlardan farq qilishi mumkin.
IV bob. Standart talablari
11. NMA va IMOning qiymatini baholash quyidagi bosqichlardan iborat:
baholashga oid vazifani belgilash va baholash obyektini baholash toʻgʻrisida shartnoma tuzish;
baholash obyektini identifikatsiya qilish;
axborotni yigʻish va uni tahlil qilish;
baholash yondashuvlari va usullarini tanlash, asoslash va qoʻllash;
turli baholash yondashuvlarini qoʻllashda olingan natijalarni muvofiqlashtirish va baholash obyektining yakuniy qiymatini aniqlash;
baholash toʻgʻrisida hisobot tuzish.
1-§. Baholashga oid vazifani belgilash
12. Baholashga oid vazifa buyurtmachi tomonidan baholash tashkiloti bilan hamkorlikda tuziladi va baholash obyektini baholash toʻgʻrisidagi shartnomaga ilova sifatida rasmiylashtiriladi.
Baholashga oid vazifa quyidagilardan iborat boʻlishi lozim:
baholash obyektining nomi;
huquq egasining nomi;
baholash sanasi;
baholash maqsadi (maqsadlari) va baholash natijalaridan foydalanish moʻljali;
baholash maqsadiga muvofiq boʻlgan qiymat turi;
farazlar va cheklovchi shartlar;
buyurtmachi yoki boshqa vakolatli shaxs taqdim etishi lozim boʻlgan boshlangʻich axborot roʻyxati;
baholash ishlarini bajarish muddatlari.
Baholash maqsadi va baholash obyektining xususiyatlariga qarab baholashga oid vazifa qoʻshimcha shartlarni oʻz ichiga olishi mumkin.
13. NMA va IMOning qiymatini baholashda baholash obyektining bozor qiymati aniqlanishi zarur, agarda baholash toʻgʻrisidagi shartnoma yoki normativ-huquqiy hujjatga muvofiq oʻzgacha tartib oʻrnatilgan boʻlmasa. Bozor qiymatidan farq qiluvchi boshqa qiymatni aniqlash zarur boʻlgan hollarda, aniqlanayotgan qiymatning qoʻllanish sabablari va uning bozor qiymatidan farqi baholash toʻgʻrisidagi hisobotda koʻrsatilishi va izohlanishi lozim.
Baholash obyektining bozor qiymati oldi-sotdi bitimini tuzish xarajatlari va bitim bilan bogʻliq boʻlgan soliqlarni hisobga olmasdan aniqlanadi.
2-§. Baholash obyektini identifikatsiya qilish
14. Baholash obyektini identifikatsiya qilishda baholovchi taqdim etilgan hujjatlarning baholash obyekti va unga boʻlgan huquqlarning haqiqiy holatiga muvofiqligini aniqlaydi. Shuningdek, baholash jarayonida vujudga kelishi mumkin boʻlgan farazlar va cheklovchi shartlar tahlili amalga oshiriladi.
15. Baholash obyektini identifikatsiya qilish quyidagilarni nazarda tutadi:
baholash obyekti va unga boʻlgan huquqlarni belgilovchi hujjatlarning mavjudligi faktini aniqlash;
baholash obyektiga boʻlgan mulkiy huquqlarning turini aniqlash;
baholash obyektidan foydalanishning maqsadlarini, usullarini va boshqa muhim faktlarini aniqlash;
foydalanish boshlanadigan sanani aniqlash.
16. Baholash obyektini identifikatsiya qilish yakunlari boʻyicha baholash tashkiloti tomonidan buyurtmachi bilan hamkorlikda baholash obyektining identifikatsiya varaqasi (boshlangʻich maʼlumotlar varaqasi) tuziladi va tasdiqlanadi.
3-§. Axborotni yigʻish va tahlil qilish
17. Baholovchi baholash yondashuvlari va usullarini asosli ravishda tanlash va qoʻllash uchun zarur va yetarli boʻlgan hajmda baholash obyekti toʻgʻrisida axborot va bozor haqida axborotni yigʻish va tahlil qilishni amalga oshiradi.
18. Quyidagilar baholash obyekti haqidagi axborot manbalari hisoblanadi:
buyurtmachi yoki oʻzga vakolatli shaxs tomonidan taqdim etiladigan boshlangʻich axborot;
baholash obyekti bilan tanishish jarayonida hamda baholash obyektiga boʻlgan huquq egasi va (yoki) foydalanuvchisi bilan suhbatlashish natijalariga koʻra olingan axborot;
uchinchi shaxslardan olingan, shuningdek ommaviy axborot vositalari va Internet tarmogʻida eʼlon qilingan chop etilgan axborot.
19. Boshlangʻich axborot quyidagi maʼlumotlardan iborat boʻlishi lozim:
baholash obyekti toʻgʻrisida ushbu obyektni bir xilda identifikatsiya qilish imkonini beruvchi, shu jumladan NMA va IMO biriktirilgan moddiy tashuvchisining tavsifi toʻgʻrisidagi maʼlumot;
baholash obyektining huquq egasi toʻgʻrisidagi maʼlumot;
NMA va IMO ni yaratishga sarflangan xarajatlar toʻgʻrisidagi maʼlumot;
NMA va IMO keltiradigan afzalliklar toʻgʻrisidagi maʼlumot;
NMA va IMO dan foydalanishdan keladigan daromad toʻgʻrisidagi maʼlumot;
baholash obyektidan foydalanishning texnik-iqtisodiy koʻrsatkichlari toʻgʻrisidagi maʼlumot.
NMA va IMO huquq egasining moliya xoʻjalik faoliyati boʻyicha hisobotlari.
Baholash maqsadiga va baholash obyektining xususiyatlariga qarab, baholovchi boshlangʻich axborot roʻyxatini kengaytirishi yoki baholashni oʻtkazish jarayonida kerakli axborotni talab qilib olishi mumkin.
20. Baholovchi qoʻshimcha ravishda NMA va IMO mansub boʻlgan bozor/bozor segmenti toʻgʻrisidagi axborotni yigʻishi va tahlil qilishi lozim.
21. Baholashni oʻtkazishda baholash obyektlarining xususiyatlari va ulardan foydalanish bilan bogʻliq barcha alohida holatlar va cheklovlar aniqlanishi zarur.
4-§. Baholash yondashuvlari va usullarini tanlash, asoslash va qoʻllash
22. Baholash obyektini baholashdan oʻtkazishda baholovchi baholashning daromad, qiyosiy va xarajat yondashuvlaridan foydalanishi (yoki foydalanishdan voz kechish sabablarini asoslashi) lozim.
23. Har bir baholash yondashuvi doirasida 13-son MBMSda belgilangan usullarni tanlash baholovchi tomonidan baholash maqsadi, baholash obyektining xususiyatlari, cheklovchi shartlar, axborot bazasi mavjudligi va uning toʻliqligini hisobga olgan holda mustaqil tarzda amalga oshiriladi.
24. Baholash obyekti qiymatini daromad yondashuvi bilan baholash uchun baholovchi tomonidan baholash obyektidan kutilayotgan daromadlarni baholash sanasidagi qiymatning yagona miqdoriga aylantirishga asoslangan quyidagi usullardan biri qoʻllanadi:
toʻgʻridan toʻgʻri kapitallashtirish usuli;
pul oqimlarini diskontlash usuli.
25. NMA va IMOdan foydalanishdan daromad (foyda) olinganda daromad yondashuvidan foydalanish mumkin. NMA va IMO huquq egasining ulardan foydalanish huquqini vaqtning muayyan davrida boshqa shaxslarga berishi natijasida olinadigan pul tushumlari va pul xarajatlari (keyingi oʻrinlarda pul oqimlari deb yuritiladi) oʻrtasidagi farq NMA va IMOdan foydalanishdan olinadigan daromad hisoblanadi.
26. Vaqtning teng davrlari mobaynida NMA va IMOdan foydalanishdan miqdor boʻyicha oʻzaro teng boʻlgan yoki bir xil surʼatlarda oʻzgaradigan pul oqimlarini keltiradigan baholash obyektlari uchun qiymatning miqdori kelgusidagi pul oqimlarini toʻgʻridan toʻgʻri kapitallashtirish usuli bilan aniqlanadi.
27 Bozor qiymatini toʻgʻridan toʻgʻri kapitallashtirish usuli bilan aniqlash quyidagi bosqichlardan iborat:
baholash obyektidan foydalanish orqali hosil boʻladigan pul oqimlarini aniqlash;
baholash obyektidan foydalanishdan olinadigan pul oqimlarini kapitallashtirishning tegishli stavkalari miqdorini aniqlash;
baholash obyektidan foydalanishdan olinadigan pul oqimlarini kapitallashtirish yoʻli bilan baholash obyektining bozor qiymatini hisoblab chiqish.
28. NMA va IMO dan foydalanishdan keladigan pul oqimlari bir maromda boʻlmagan taqdirda qiymat miqdori pul oqimlarini diskontlash usuli bilan aniqlanadi.
29. Bozor qiymatini pul oqimlarini diskontlash usuli bilan aniqlash quyidagi bosqichlardan iborat:
baholash obyektidan foydalanishdan olinadigan pul oqimlarining miqdori va tuzilmasini aniqlash;
diskontlashning tegishli stavkasi miqdorini aniqlash;
baholash obyektidan foydalanish bilan bogʻliq barcha pul oqimlarini diskontlash yoʻli bilan baholash obyektining bozor qiymatini hisoblab chiqish.
30. NMA va IMOdan foydalanishdan olinadigan daromad (pul oqimlari)ni tuzish uchun baholovchi tomonidan quyidagi usullardan biri qoʻllaniladi:
a) baholanayotgan obyektdan foydalanishdan haqiqiy texnik-iqtisodiy samara olinayotganligi haqidagi maʼlumotlar mavjud boʻlgan holatlar uchun:
foydadagi ustunlik usuli;
sotish hajmidagi ustunlik usuli;
tannarxdan yutish usuli;
haqiqiy litsenziya toʻlovlarini hisoblash usuli;
foydalanish xarajatlarini tejash usuli;
b) baholanayotgan obyektdan foydalanishdan haqiqiy texnik-iqtisodiy samara olinayotganligi haqida maʼlumotlar mavjud boʻlmagan holatlar uchun:
royaltidan ozod qilish usuli;
litsenziat foydasida litsenziar ulushini ajratish usuli;
ekspert orqali foyda ulushini ajratish usuli.
31. NMA va IMOdan yaratilayotgan pul oqimlari uchun kapitallashtirish stavkasi NMA va IMOni sotib olish uchun investitsiya qilingan kapital va bu kapitalning qaytishini diskontlash (kapitaldan unum) stavkasi miqdorini hisobga olishi zarur.
32. Diskontlash stavkasi quyidagi usullardan biri bilan hisoblab chiqiladi:
kumulyativ tuzish usuli;
kapitalning oʻrtacha oʻlchangan qiymati usuli;
kapital aktivlarni baholash usuli.
33. Qiyosiy yondashuv oʻxshash turdagi NMA va IMOlar faol sotilayotgan va xarid qilinayotgan samarali faoliyat koʻrsatuvchi bozor tamoyiliga asoslangan. Qiyosiy yondashuv baholash obyektiga oʻxshash obyektlar boʻyicha tuzilgan bitimlarga oid maʼlumotlarini qiyoslashni nazarda tutadi.
34. Qiyosiy yondashuvda baholash obyekti bozorda sotilgan shunga oʻxshash obyektlar bilan solishtiriladi.
Qiyosiy yondashuvni qoʻllash baholash obyekti oʻxshashlarining (keyingi oʻrinlarda analoglar deb yuritiladi) narxlari haqidagi ishonchli va toʻliq axborot hamda ular bilan amalga oshiriladigan bitimlarning haqiqiy shartlari mavjud boʻlgan taqdirda amalga oshiriladi. Bunda bitimlar narxlari, taklif va talab haqidagi axborotdan foydalanilishi mumkin.
35. Baholash obyektining qiymatini qiyosiy yondashuv usuli bilan baholashda baholashning quyidagi usullaridan foydalaniladi:
sotib olish qiymati usuli;
sotuvlarni qiyosiy tahlil qilish usuli.
36. Qiyosiy yondashuv bilan baholash obyektining qiymatini aniqlash quyidagi asosiy bosqichlarni oʻz ichiga oladi:
baholash obyektini analoglari bilan taqqoslashni amalga oshiriladigan elementlarini (keyingi oʻrinlarda taqqoslash elementlari deb yuritiladi) aniqlash;
baholash obyektidan har bir analogning har bir taqqoslash elementi boʻyicha tavsifi va farqlari darajasini aniqlash;
baholash obyektidan har bir analogning taqqoslash elementlari boʻyicha tegishli tavsiflari va farqlari darajasiga mos ravishda analoglar narxlariga tuzatishlarni aniqlash;
har bir analogning har bir taqqoslash elementlari boʻyicha narxini uning baholash obyektidan farqi boʻyicha tuzatish;
analoglarining tuzatishlar kiritilgan narxlarini asoslangan holda umumlashtirish orqali baholash obyekti qiymatini hisoblash.
37. Taqqoslash elementlariga oʻzgarib turishi baholash obyekti qiymatiga va analog obyektlarga oid bitimlar bozorida vujudga kelgan tavsiflarga taʼsir koʻrsatuvchi omillar kiradi. Quyidagilar qiyoslash uchun qoʻllanilishi mumkin boʻlgan eng muhim taqqoslash elementlari hisoblanadi:
baholash obyekti va analogga nisbatan baholanayotgan mulkiy huquqlarning hajmi;
baholash obyekti va analogiga oid bitimlarni moliyalashtirish shartlari (shaxsiy va qarzga olingan mablagʻlarning nisbati, qarz mablagʻlarini taqdim etish shartlari);
analog bilan bitim tuzish sanasidan boshlab baholashni oʻtkazish sanasiga qadar davrda baholash obyekti narxlarining oʻzgarishi;
baholash obyekti va analogdan foydalanilgan yoki foydalaniladigan soha;
baholash obyekti va analogga taqdim etiladigan huquqlar amal qiladigan hudud;
baholash obyekti va analogning funksional, texnologik, iqtisodiy tavsiflari;
baholash obyekti va analogdan foydalanish orqali ishlab chiqariladigan va sotiladigan mahsulotga boʻlgan talab;
baholash obyekti va analogdan foydalanish orqali ishlab chiqarilgan mahsulotlarni (ish, xizmat) sotishning hajmi;
baholash obyekti va analogdan foydalanish muddati;
baholash obyekti va analogni oʻzlashtirishga qilingan xarajatlar;
baholash obyekti va analog bilan bogʻliq bitimlarni tuzishdagi toʻlov shartlari;
baholash obyekti va analog bilan bogʻliq bitimlar tuzish holatlari.
38. Xarajat yondashuvining asosida NMA va IMOning qiymatini ularni qayta tiklash xarajatlarini hisobga olish yoʻli bilan eskirish xarajatlarini chegirib tashlagan holda daromad hajmini (agar, NMA va IMOning tavsifi bunday qayta tiklanishga yoʻl qoʻysa) inobatga olgan tarzda aniqlash yotadi.
Xarajat yondashuvi — baholash obyektining eskirishini hisobga olib, uni tiklash yoki almashtirish uchun zarur boʻlgan xarajatlarni aniqlashga asoslangan baholash obyektining qiymatini baholash usullari majmuidir. Ushbu mol-mulkning oʻrnini bosuvchisi sifatida aslining nusxasi boʻlgan yoki bir xilda foydali boʻla oladigan boshqa mol-mulkni yaratish imkoniyati taxmin qilinadi.
Agar tiklash baholanayotgan NMA va IMOni toʻla takror ishlab chiqilishini nazarda tutsa, takror ishlab chiqish xarajatlari qiymati usuli qoʻllaniladi. Agar baholanayotgan obyekt kabi xususiyatlarga ega boʻlgan boshqa NMA va IMO mavjud boʻlsa, uni shartli ravishda baholanayotgan obyektning analogi deb hisoblash va almashtirish qiymati usulini qoʻllash mumkin.
39. Quyidagilar xarajat yondashuvining asosiy usullari hisoblanadi:
yaratish qiymati usuli;
takror ishlab chiqish xarajatlari qiymati usuli;
almashtirish qiymati usuli.
Xarajat yondashuvi usullarini qoʻllash NMA va IMOning tashkilot foydasiga qoʻshadigan hissasi NMA va IMOni tiklashga sarflanadigan xarajatlardan ortib ketishini nazarda tutadi.
40. NMA va IMOni xarajat yondashuvi asosida baholashda xarajatlarning quyidagi turlarini inobatga olish lozim:
NMA va IMOga boʻlgan mulkiy huquqlarni olish xarajatlari;
NMA va IMOni yaratish xarajatlari, shu jumladan laboratoriya tadqiqotlari, ilmiy-tadqiqotlar, tajriba-konstruktorlik, loyiha-qidiruv ishlari sarf-xarajatlari;
baholash obyektini yaratish ishlarida ishtirok etadigan tashkilot asosiy fondlarining amortizatsiya xarajatlari;
NMA va IMOni ishlab chiqarishda foydalanishga tayyor holatga yetkazish xarajatlari;
NMA va IMOdan foydalanish orqali tovarlar (xizmatlar) ishlab chiqarishni tashkil etish yoki NMA va IMOni sotish xarajatlari;
NMA va IMOni huquqiy va boshqa xil muhofazalash xarajatlari;
boshqa ehtimoliy xarajatlar.
41. Xarajatli yondashuv bilan NMA va IMOni baholashda quyidagi ishlar bajariladi:
baholash sanasida NMA va IMOni yaratish, sotib olish va ishga tushirish bilan bogʻliq xarajatlar aniqlanadi;
NMA va IMOning eskirish miqdori aniqlanadi;
tadbirkorning foydasi aniqlanadi;
NMA va IMOning qiymati tadbirkorning foydasiga koʻpaytirilgan xarajatlar miqdori va eskirish miqdori oʻrtasidagi farq sifatida aniqlanadi.
5-§. Qoʻllanilgan baholash yondashuvlari natijalarini muvofiqlashtirish va baholash obyektining yakuniy qiymatini aniqlash
42. Baholovchi baholash obyektining yakuniy qiymatini aniqlash uchun qoʻllanilgan yondashuvlar doirasida olingan natijalarni muvofiqlashtirishni amalga oshiradi.
Turli xil yondashuvlar bilan olingan baholash natijalari oʻrtasida jiddiy tafovut mavjud boʻlsa, baholovchi olingan tafovut sabablarining tahlilini baholash toʻgʻrisidagi hisobotda keltirishi lozim. Baholash natijasining yuqori chegarasidan 30 foizdan ortiq qiymatga ega boʻlgan tafovut jiddiy tafovut deb hisoblanishi lozim.
43. Muvofiqlashtirish, qoida tariqasida, turli baholash yondashuvlari bilan olingan baholash natijalari uchun solishtirma oʻlchovlarni aniqlash orqali amalga oshiriladi, bunda baholovchi:
baholash maqsadini va baholash natijalaridan foydalanish moʻljalini;
baholash obyektining xususiyatini;
qiymat turini;
baholash yondashuvlarini qoʻllashda foydalanilgan axborot hajmi va sifatini inobatga olishi lozim.
44. Muvofiqlashtirish usuli va solishtirma oʻlchovlarning tanlanishi, shuningdek bunda baholovchining barcha mulohazalari va farazlari baholash toʻgʻrisidagi hisobotda asoslanishi lozim.
45. Baholash obyektining yakuniy qiymati pul hisobida yagona kattalik sifatida ifodalanishi lozim.
6-§. Baholash toʻgʻrisidagi hisobotni tuzish
46. Baholash natijalari baholash faoliyati toʻgʻrisidagi qonun hujjatlariga muvofiq tuzilgan va baholovchi tashkilotning baholash obyekti qiymati xususidagi yigʻilgan axborot va hisob-kitoblar asosida tasdiqlangan professional mulohazasini oʻz ichiga olgan baholash toʻgʻrisidagi hisobot koʻrinishida rasmiylashtirilishi lozim.
47. Hisobot milliy baholash standartlari talablariga muvofiqlik toʻgʻrisidagi bayonotni va ulardan har qanday chetga chiqish toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni oʻz ichiga olishi lozim.
48. Baholash toʻgʻrisidagi hisobotni tuzishda quyidagi qoidalarga rioya etish lozim:
baholash obyekti qiymatini aniqlash uchun yetarli boʻlgan barcha mavjud axborot hisobotda bayon etilishi lozim;
baholash toʻgʻrisidagi hisobotning mazmuni mazkur hisobotdan foydalanuvchilarni chalgʻitmasligi, shuningdek har xil talqinlarga yoʻl qoʻymasligi kerak;
baholash toʻgʻrisidagi hisobotda ifodalangan materiallar tarkibi va ketma-ketligi, baholash jarayoni tavsifi, hisob-kitoblar va ularga izohlar baholash toʻgʻrisidagi hisobotdan foydalanuvchiga qiymatni hisoblashni amalga oshirish imkoniyatini berishi va uni ayni shu natijalarga keltirishi lozim;
baholash jarayonida oraliq va yakuniy natijalarni aniqlashda foydalanilmagan axborot, agar u baholash faoliyati toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarining talablariga binoan majburiy boʻlmasa, baholash toʻgʻrisidagi hisobotda keltirilmasligi lozim.
49. NMA va IMOning qiymatini baholash toʻgʻrisidagi hisobot quyidagi asosiy boʻlimlardan iborat boʻlishi lozim:
titul varagʻi;
mundarija;
umumlashtiruvchi qism (kuzatuv xat);
baholashga oid vazifa hamda asosiy faktlar va xulosalar;
qabul qilingan farazlar va cheklovchi shartlar;
baholash obyektining tavsifi;
baholash obyekti bozorining tahlili;
baholash yondashuvlari va usullarini tanlash va qoʻllanishning tavsifi;
hisob-kitob qismi;
baholash obyektining yakuniy qiymatini aniqlash;
ilovalar.
50. Baholash toʻgʻrisidagi hisobot baholovchi (baholovchilar) tomonidan sahifama-sahifa raqamlangan va imzolangan, tikilgan, shuningdek baholovchi tashkilot rahbarining imzosi va shu tashkilot muhri bilan (muhr mavjud boʻlgan taqdirda) tasdiqlanishi lozim.
(50-band Oʻzbekiston Respublikasining Xususiylashtirish, monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasining 2016-yil 26-maydagi 01/27-26/38-sonli (roʻyxat raqami 2371-1, 01.06.2016-y.) qarori tahririda — OʻR QHT, 2016-y., 22-son, 259-modda)
51. Baholash toʻgʻrisidagi hisobotga ilovalar baholovchi baholash toʻgʻrisidagi hisobotni tayyorlash jarayonida foydalangan hujjatlarning nusxalarini, shuningdek baholovchi tashkilot litsenziyasi, baholovchilarning malaka sertifikatlari va fuqarolik javobgarligining sugʻurta polisi nusxalarini oʻz ichiga olishi lozim.
52. Gudvill qiymatini aniqlashda, gudvill NMA boʻlib, uni tashkilotdan alohida identifikatsiya qilish va baholash mumkin boʻlmagan turli omillar taʼsiri natijasida vujudga kelishini inobatga olish kerak, shu sababli gudvill Oʻzbekiston Respublikasi Mulkni baholash milliy standarti (9-son MBMS) “Biznes qiymati baholash”ga (roʻyxat raqami 2026, 2009-yil 28-oktabr) (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2009-yil, 44-son, 475-modda) muvofiq baholanadi.
V bob. Axborotni oshkor etishga qoʻyiladigan talablar
53. Baholash jarayonida foydalanilgan axborotni baholash toʻgʻrisidagi hisobotda oshkor etish shunday amalga oshirilishi lozimki, baholash faoliyati sohasida maxsus bilimlarga ega boʻlmagan hisobotdan foydalanuvchilar baholash jarayoni mantiqini va baholash obyekti qiymatini aniqlash uchun baholovchi bajargan amallarning ahamiyatini tushunishi lozim.
54. Baholash jarayonida qoʻllanilgan axborot oshkor etilishi lozim, maxfiy xususiyatga ega boʻlgan axborot bundan mustasno. Maxfiy axborot baholovchi tomonidan faqat buyurtmachi va (yoki) mazkur axborotni taqdim etgan shaxslar bilan kelishgan holda yoki sudning tegishli qaroriga binoan oshkor etiladi. Foydalanilayotgan axborotning maxfiylik darajasi buyurtmachi va (yoki) mazkur axborotni taqdim etuvchi yoki unga bevosita aloqador boʻlgan shaxslar tomonidan belgilanadi.
55. Baholashda foydalanilgan va baholash toʻgʻrisidagi hisobotda keltirilgan axborotning manbasiga havola qilingan boʻlishi lozim, bunda mazkur manba yozma yoki ogʻzaki boʻlishi ahamiyatsiz.
VI bob. Standartdan chetga chiqish shartlari
56. 13-son MBMSning baholash jarayoni va olingan natijani bayon etish, baholashga va yakuniy qiymat toʻgʻrisidagi xulosaga daxldor boʻlgan har qanday farazlar va cheklovchi shartlarni oshkor etish bilan bogʻliq talablaridan biron-bir tarzda chetga chiqilishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
57. Baholash talablari mazkur standart talablaridan farq qiladigan normativ-huquqiy hujjatga muvofiq amalga oshirilgan taqdirda, baholovchi mazkur farqlarni, aniqlanayotgan qiymat turini tanlashga ularning taʼsirini aniqlashi va olingan natijani qoʻllashga cheklashlar belgilashi lozim.
58. Mazkur Mulkni baholash milliy standarti Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Fan va texnologiyalarni rivojlantirishni muvofiqlashtirish qoʻmitasi, Oʻzbekiston Respublikasi Intellektual mulk agentligi, Oʻzbekiston Baholovchilar jamiyati, Baholash tashkilotlari uyushmasi bilan kelishilgan.
Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Fan va texnologiyalarni rivojlantirishni muvofiqlashtirish qoʻmitasi raisi Sh. SALIXOV
2012-yil 20-may
Intellektual mulk agentligi Bosh direktori birinchi oʻrinbosari Z. GIYASOV
2012-yil 20-may
Oʻzbekiston Baholovchilar jamiyati Raisi N. MIRZARAXIMOVA
2012-yil 20-may
Baholash tashkilotlari uyushmasi Raisi v.v.b. A. ISLAMOV
2012-yil 20-may
Oʻzbekiston Respublikasi Mulkni baholash milliy standarti (13-son MBMS) “Intellektual mulk obyektlari qiymatini baholash”ga ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Mulkni baholash milliy standarti (13-son MBMS) “Intellektual mulk obyektlari qiymatini baholash”ni qoʻllash boʻyicha uslubiy koʻrsatmalar
Mazkur Uslubiy koʻrsatmalar Oʻzbekiston Respublikasi Mulkni baholash milliy standarti (13-son MBMS) “Intellektual mulk obyektlari qiymatini baholash”ni amalda qoʻllash maqsadida ishlab chiqilgan.
I bob. Baholashga oid vazifani belgilash
1. Baholashga oid vazifani belgilashda baholovchi baholash sanasi baholash maqsadlaridan kelib chiqib belgilanishini hisobga olishi lozim. Baholovchi faqat baholash sanasida mavjud boʻlgan holatlarni va baholash sanasiga qadar yuz bergan voqealarni eʼtiborga olishi kerak.
2. Baholash shartnomasi shartlariga va baholash obyektining xususiyatlariga qarab mulkdorlik huquqini toʻliq yoki alohida mulkiy huquqlarni baholash belgilanishi mumkin.
II bob. Baholash obyektini identifikatsiya qilish
3. Baholash obyektiga boʻlgan huquqlarni identifikatsiya qilishda baholovchi mulkiy huquqlarga qonuniy egalik qilinishini tasdiqlovchi hujjatlarning mavjudligiga ishonch hosil qilishi lozim. Bunday hujjatlarga quyidagilar kiradi:
muhofaza qiluvchi hujjatlar (patentlar, guvohnomalar);
litsenziya shartnomalari, huquqlarni boshqaga oʻtkazish shartnomalari, kompleks tadbirkorlik litsenziyasi (franshizing) shartnomalari;
boshqa tashkilotlar yoki tashkilotning boʻlinmalari tomonidan baholash obyektini yaratishga buyurtma (moliyalashtirish) shartnomalari;
xizmat vazifasi sifatida tashkilotning oʻzida baholash obyektini yaratishga buyurtmalar;
tashkilot va baholash obyektining ishlab chiquvchilari oʻrtasidagi kontraktlar va mualliflik litsenziya shartnomalari;
baholash obyektiga boʻlgan huquqlarni pulli yoki bepul topshirishdagi qabul qilish-topshirish dalolatnomalari;
tashkilotlarni qayta tashkil qilish, bankrot deb eʼlon qilish, xususiylashtirishda IMO va NMAlar boʻyicha davlat hokimiyati organlari tomonidan qabul qilinadigan qarorlar;
mulkiy huquqlarni identifikatsiya qilish bilan bogʻliq boʻlgan boshqa hujjatlar.
4. Mazkur bosqichda buyurtmachi baholovchi bilan birgalikda baholash uchun identifikatsiya varaqasini (boshlangʻich maʼlumotlar varaqasini) toʻldiradi.
5. Identifikatsiya varaqasi quyidagilardan iborat boʻlishi lozim:
baholash obyektining, u qaysi IMO (NMA)ga mansubligi koʻrsatilgan, toʻliq nomi toʻgʻrisidagi axborot;
baholanayotgan huquqlar toʻgʻrisidagi axborot;
huquq egalari va ishlab chiquvchilar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar;
baholash obyektining huquqiy muhofazasi toʻgʻrisidagi axborot, muhofaza qiluvchi hujjat va uning amal qilish muddati koʻrsatilgan holda, agarda bunday hujjat mavjud boʻlsa;
baholash obyektidan ishlab chiqarish faoliyatida foydalanish boshlanadigan muddatlar toʻgʻrisidagi axborot;
baholash obyektining ishlab chiqarishga tayyorligi darajasi, uning foydaliligini belgilovchi texnik-iqtisodiy tavsiflari toʻgʻrisidagi axborot;
yaratilishida baholash obyektidan foydalaniladigan, texnik, isteʼmol, ekologik va iqtisodiy koʻrsatkichlaridan iborat boʻlgan mahsulotlar, xizmatlarning tavsiflari;
baholanayotgan NMA va IMOdan foydalanishdan olinadigan tushum, tannarx, daromadning haqiqiy koʻrsatkichlari, agarda mavjud boʻlsa;
baholash obyektiga boʻlgan huquqlarni topshirish boʻyicha litsenziya shartnomalari mavjudligi (mavjud emasligi) toʻgʻrisidagi axborot;
baholash obyektiga boʻlgan huquqlarni yaratishga (qoʻlga kiritishga) sarflangan xarajatlar toʻgʻrisidagi axborot;
tushumning rejalashtirilayotgan koʻrsatkichlari, tannarx, daromad, ishlab chiqarishga tayyor holatga keltirish xarajatlari, soliq solish toʻgʻrisidagi hamda baholashni oʻtkazish uchun ahamiyatli boʻlgan baholash obyektidan ishlab chiqarishda foydalanish xususiyatlarini tavsiflovchi boshqa axborot.
Baholash obyektining xususiyatiga qarab mazkur axborot toʻldirilishi mumkin.
6. Identifikatsiya varaqasi belgilangan tartibda buyurtmachi va baholovchi tashkiloti tomonidan tasdiqlanadi.
III bob. Axborot yigʻish va uni tahlil qilish
7. Baholash yondashuvlari va usullarining asosli tanlanishi va qoʻllanishi uchun baholovchi axborotni yigʻish va tahlil qilishni amalga oshiradi. Baholash obyektini tahlil qilish uchun zarur axborot turi va hajmi baholovchi tomonidan baholash maqsadi, aniqlanayotgan qiymat turi, baholash obyektining xususiyatlari, farazlar va cheklovchi shartlarga qarab aniqlanadi.
8. Baholash toʻgʻrisidagi hisobotda baholovchi makroiqtisodiy axborotning tahlilini, shu jumladan:
iqtisodiy oʻsish surʼatlari (yalpi ichki mahsulotning);
sanoat ishlab chiqarishi hajmi;
inflatsiya darajasi;
bank foiz stavkalari darajasi;
fond bozori koʻrsatkichlarini keltirishi lozim.
Baholash obyektining xususiyatiga va baholash maqsadlariga qarab baholovchi koʻrib chiqiladigan makroiqtisodiy koʻrsatkichlar roʻyxatini kengaytirishi mumkin.
9. Baholovchi baholash obyekti mansub boʻlgan bozorni aniqlashi, va agarda imkon boʻlsa, uni tahlil qilishi lozim. Quyidagilar baholash toʻgʻrisidagi hisobotdagi bozorga oid asosiy koʻrsatkichlar boʻlishi lozim:
baholash obyekti mansub boʻlgan tarmoqning oʻsish surʼatlari;
tarmoqdagi daromadlilikning oʻrtacha koʻrsatkichlari;
tarmoqni segmentlarga ajratish va baholanayotgan tashkilot mansub boʻlgan segmentni aniqlash;
tarmoqning normativ-huquqiy tartibga solinishi va tarmoqda tashkilotlar faoliyati uchun oʻziga xos cheklashlar.
10. NMA va IMO qiymatini aniqlashda uning ilmiy-texnik, tijorat va huquqiy tavsiflari, maqsadlari, shartlari va marketing tadqiqotlari vositasida olingan foydalanish natijalari, agarda ular baholash buyurtmasida mavjud boʻlsa, tahlil qilinadi.
IV bob. Baholash yondashuvlari va usullarini tanlash, asoslash va qoʻllash
1-§. Daromad yondashuvi
11. NMA va IMO oʻz egasiga mahsulot ishlab chiqarishdagi (xizmatlar koʻrsatishdagi) kelajakdagi foydasini taʼminlaydi. Kelajakdagi pul oqimlarining oʻzgarishi hajm jihatidan quyidagilarga bogʻliqdir:
mazkur NMA va IMOdan foydalanuvchi tashkilotning ishlab chiqarish quvvatlari va moliyaviy imkoniyatlari;
mahsulotlar ishlab chiqarish va sotishni baholash obyekti ishtiroki bilan orttirish rejalari;
ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarning ortib borayotgan hajmi isteʼmoli boʻyicha bozor imkoniyatlari.
12. Daromad yondashuvi NMA va IMOga huquqlarga ega boʻlgan yuridik va jismoniy shaxs olayotgan yoki olishi mumkin boʻlgan foydalar miqdorini aniqlash mumkin boʻlgan hollarda NMA va IMOni baholash uchun qoʻllanadi.
13. NMA va IMOdan foydalanishdan olinadigan foydalarning asosiy shakllari quyidagilardir:
mahsulotlar (xizmatlar) ishlab chiqarish va sotish xarajatlarini tejash va/yoki asosiy va aylanma mablagʻlarga investitsiyalarni, shu jumladan xarajatlarni amalda pasaytirish, NMA va IMOdan foydalanish huquqlarini olishdagi xarajatlarning yoʻqligi (masalan, litsenziya toʻlovlarining yoʻqligi, foydadan litsenziarning ehtimoliy ulushini ajratish zaruratining mavjud emasligi);
ishlab chiqarilayotgan mahsulot (xizmatlar) donasi narxining oshishi;
ishlab chiqarilayotgan mahsulot (xizmatlar) sotuvlari jismoniy hajmining oshishi;
baholash obyektidan foydalanishdan keladigan pul oqimi tuzilishining yaxshilanishi;
koʻrsatilgan shakllarning turli xil jamlanmalari.
14. Baholash obyektini ishlatishdan olinadigan foydalar NMA va IMOni ishlatishdan tushadigan pul oqimining hajmi, tavakkalchiligi va vaqtini, huquq egasi NMA va IMOni ishlatmasdan olishi mumkin boʻlgan pul oqimining hajmi, tavakkalchiligi va vaqti bilan toʻgʻridan toʻgʻri solishtirish asosida aniqlanadi.
15. NMA va IMOdan foydalanish huquqi taqdim etilganligi uchun toʻlovlar hajmi bitim taraflari barcha zarur axborotga ega boʻlgan tarzda oqilona harakat qilganda yuzaga kelishi mumkin boʻlgan eng koʻp ehtimoliy qiymat asosida hisoblanadi, toʻlovlar hajmida esa hech qanday favqulodda holatlar aks etmaydi.
16. NMA va IMOdan foydalangan holda mahsulot birligining tannarxi va narxini hisoblashda xomashyo, materiallar, butlovchi buyumlar narxlari elementlarini, tovarni ishlab chiqarish va sotishdagi oylik maoshni, boshqa xarajatlarni, shu jumladan binolar ijarasi, kommunal toʻlovlar, asbob-uskunaning eskirishi va hokazolarni aniqlash zarur.
17. NMA va IMOni ishlatishdan tushadigan pul oqimini tuzish uchun quyidagi usullardan foydalaniladi.
Agarda baholash obyektidan haqiqiy texnik-iqtisodiy samara toʻgʻrisida maʼlumotlar mavjud boʻlgan hollarda:
foydadagi ustunlik usuli;
sotish hajmidagi ustunlik usuli;
tannarxidagi yutuq usuli;
haqiqiy litsenziya toʻlovlarini hisoblash usuli;
ekspluatatsion xarajatlar tejamkorligi usuli.
Baholash obyektidan haqiqiy texnik-iqtisodiy samara toʻgʻrisida maʼlumotlar mavjud boʻlmagan hollarda:
royaltidan ozod qilish usuli;
litsenziatning foydasida litsenziarning ulushini ajratish usuli;
ekspert orqali foyda ulushini ajratish usuli.
18. Foydadagi ustunlik usuli baholash obyektidan foydalanishdan olingan qoʻshimcha daromadni hisobga olishga asoslangan. Foydadagi ustunlik deganda NMA va IMOdan iborat mahsulotni sotayotgan tashkilotning NMA va IMOdan foydalanish sharti bilan olayotgan, oʻxshash mahsulotni ishlab chiqarayotgan yoki oʻxshash xizmatlar turini koʻrsatayotgan, lekin bunday NMA va IMOga ega boʻlmagan tashkilot foydasiga nisbatan qoʻshimcha sof foyda tushuniladi. Oʻxshash tashkilotlar boʻyicha bunday axborot boʻlmaganda, baholanayotgan tashkilotning NMA va IMOdan foydalanishdan avvalgi va keyingi faoliyatining natijalarini bir tashkilot doirasida solishtirish orqali qiyoslash mumkin.
19. NMA va IMOdan foydalanish natijasida vujudga keladigan foydadagi ustunlikni shakllanish manbasi quyidagilar boʻlishi mumkin:
mahsulotlar (xizmatlar) birligini sotish narxlarining oshirilishi;
mahsulotlar (xizmatlar) sotish hajmining natural ifodada oshirilishi;
mahsulotlar (xizmatlar) ishlab chiqarilishi va/yoki sotilishi bilan bogʻliq xarajatlarning qisqartirilishi.
20. Ustunlik ham retrospektiv, ham NMA va IMOga boʻlgan huquqlardan foydalanishning samarali muddatining qolgan davrida foydaning kutilayotgan koʻrsatkichlariga asoslanadi.
21. Ushbu usul quyidagi bosqichlardan iborat:
NMA va IMOdan foydalanish bilan ishlab chiqarilgan mahsulotning (xizmatning) narxini NMA va IMOdan foydalanmasdan ishlab chiqarilgan mahsulotning (xizmatning) narxi bilan solishtirma tahlili amalga oshiriladi;
NMA va IMOdan foydalanish bilan mahsulotni (xizmatlarni) sotishdan olinishi kutilayotgan qoʻshimcha daromad aniqlanadi;
ushbu ustunlik kutilayotgan vaqt davri aniqlanadi.
22. NMA va IMOga boʻlgan huquqlardan foydalanishdan keladigan daromad (pul oqimi) baholash obyektidan foydalanish bilan amalga oshirilayotgan faoliyatdan olinadigan foydaning bunday faoliyatni baholash obyektidan foydalanmagan holda amalga oshirishdan olingan foyda oʻrtasidagi tafovut sifatida shakllanadi.
23. Foydadagi ustunlik quyidagi formula bilan aniqlanadi:
ADPi = Vi *[(P before – SP before) (Pafter – SPafter)], bu yerda:
ADPi — i-chi yilda olingan foydadagi ustunlik (qoʻshimcha foyda);
Vi — i-chi yilda NMA va IMOdan foydalanish bilan ishlab chiqarilgan mahsulot hajmi;
Pafter, before — NMA va IMOdan foydalanish bilan ishlab chiqarilgan mahsulotning narxi hamda tegishlicha NMA va IMOdan foydalanish boshlangunga qadar ishlab chiqarilgan mahsulotning narxi;
SP after, before — tegishlicha NMA va IMOdan foydalanish bilan ishlab chiqarilgan mahsulotning tannarxi hamda NMA va IMOdan foydalanish boshlangunga qadar ishlab chiqarilgan mahsulotning tannarxi.
24. Sotish hajmidagi ustunlik usuli baholash obyektidan foydalanmasdan mahsulot sotilishi bilan solishtirganda baholash obyektidan foydalanishda mahsulot sotilishining katta hajmi taʼminlangan hollarda qoʻllaniladi. Bu, qoida tariqasida, mahsulot mashhur tovar belgisi ostida sotilayotganda va ustunlik ushbu tovar belgisiga bogʻliq boʻlganda sodir boʻladi. Ayrim hollarda NMA va IMOdan foydalanish tufayli mahsulotning yuqori sifati taʼminlanadi yoki unda mahsulot birligining oʻsha narxi, tannarxi yoki foydasi koʻrsatkichlarida yangi isteʼmolchilik xususiyatlari paydo boʻladi.
25. Ushbu usul quyidagi bosqichlardan iboratdir:
NMA va IMOdan foydalangan holda ishlab chiqarilgan mahsulotning sotish hajmini undan foydalanmasdan ishlab chiqarilgan mahsulotning sotish hajmi bilan qiyosiy tahlili amalga oshiriladi;
litsenzion mahsulotni sotish hajmidagi ustunliklardan olingan foyda miqdori aniqlanadi;
baholanayotgan NMA va IMO aniqlangan ustunlikni taʼminlaydigan davri aniqlanadi.
26. Sotish hajmidagi ustunlik quyidagi formula boʻyicha aniqlanadi:
ADSi = Pi *[( V iafter — V ibefore)] — Si, bu yerda:
ADSi — i-chi yilda olingan sotish hajmidagi ustunlik;
Viafter , before — i-chi yilda tegishlicha NMA va IMOdan foydalangan va foydalanmagan holda ishlab chiqarilgan mahsulot hajmi;
Pi — i-chi yilda NMA va IMOdan foydalangan holda ishlab chiqarilgan mahsulot narxi;
Si — NMA va IMOdan foydalangan holda ishlab chiqarilgan mahsulotlar (xizmatlar)ni sotish bilan bogʻliq xarajatlar.
27. Tannarxdagi yutuq ishchi kuchi, xomashyo va materiallar, energiya manbalari va boshqa xarajatlarni tejash bilan yaratilishi mumkin. Bunday hollarda NMA va IMOning qiymati tannarxdagi yutuq usuli bilan NMA va IMOdan foydalanish natijasidagi xarajatlarni tejashni aniqlash orqali oʻlchanadi.
28. Ushbu usulni qoʻllash NMA va IMOning foydali xizmat qilish muddatining qolgan davridan koʻp boʻlmagan muayyan davrda tannarxdagi yutuq hajmini topishni anglatadi.
29. Ushbu usul quyidagi bosqichlardan iborat:
NMA va IMOdan foydalangan holda ishlab chiqarilgan mahsulotning tannarxini NMA va IMOdan foydalanmasdan ishlab chiqarilgan oʻxshash mahsulot (xizmat)ning tannarxi bilan solishtirma tahlili amalga oshiriladi;
NMA va IMOdan foydalangan holda mahsulotlarni (xizmatlarni) sotishdan olinishi kutilayotgan tannarxni tejash miqdori aniqlanadi;
ushbu tejash kutilayotgan vaqt davri aniqlanadi.
30. NMA va IMOga boʻlgan huquqlardan foydalanishdan keladigan daromad (pul oqimi) baholash obyektidan foydalangan holda amalga oshirilayotgan faoliyatdan olinadigan tannarxni bunday faoliyatni baholash obyektidan foydalanmagan holda amalga oshirishdan olingan tannarxni tejashdagi tafovut sifatida shakllanadi.
31.Tannarxdagi yutuq quyidagi formula boʻyicha aniqlanadi:
SPi = Vi *( SP before – SP after), bu yerda:
SP i — i-chi yilda olingan tannarxdagi yutuq;
Vi — i-chi yilda NMA va IMOdan foydalangan holda ishlab chiqarilgan mahsulot (xizmatlar) hajmi;
SP after, before – tegishlicha NMA va IMOdan foydalangan holda ishlab chiqarilgan mahsulotning hamda NMA va IMOdan foydalanish boshlangunga qadar ishlab chiqarilgan mahsulotning (xizmatning) tannarxi.
32. Haqiqiy litsenziya toʻlovlarini hisoblash usuli NMA va IMOning huquq egasi NMA va IMOdan foydalanish huquqlarini mutlaq yoki nomutlaq litsenziya shartlarida boshqa shaxslarga topshirayotganda NMA va IMO qiymatini aniqlash uchun qoʻllaniladi. Mutlaq litsenziya litsenziatga (xaridorga) sotib olingan litsenziya asosida mahsulotlar (xizmatlar) ishlab chiqarish va sotishga boʻlgan mutlaq huquqqa egalik qilish imkonini beradi. Bunday huquq uchun litsenziat litsenziarga royalti – joriy toʻlovlar shaklida haq toʻlaydi.
33. Baholovchi bunday royaltilar kelib tushishining muddatlari, tartibi, davriyligi hamda litsenziya shartnomasi shartlaridan kelib chiqqan holda ularning joriy narxlardagi summasini belgilashi mumkin.
34. Foydalaniladigan huquqlar bahosining hisoblash qiymati ushbu holda topshirilayotgan huquqlar hajmi, royalti stavkasi, NMA va IMOga investitsiyalar qoʻyishning tavakkalchilik darajasini aks ettiruvchi foiz stavkasiga bogʻliq boʻladi. Mutlaq litsenziyaning qiymati oddiy nomutlaq litsenziyaning qiymatidan qimmat boʻlishi lozim.
35. NMA va IMOdan foydalanish uchun toʻlanadigan litsenziya toʻlovlaridan tushadigan daromaddan (pul oqimidan) muhofaza qiluvchi hujjatning amal qilishini (agarda ular mavjud boʻlsa) taʼminlash hamda NMA va IMOdan foydalanishga boʻlgan huquqlarni taqdim qilish toʻgʻrisida tuzilgan shartnomaga muvofiq litsenziar tomonidan qabul qilingan majburiyatlarni bajarish bilan bogʻliq xarajatlarni chiqarib tashlash zarur.
36. Muhofaza qiluvchi hujjatning amal qilishini taʼminlash bilan bogʻliq xarajatlar quyidagilar hisoblanadi:
patentni kuchida saqlab turish uchun patent bojlari;
litsenziya shartnomasini Oʻzbekiston Respublikasining Intellektual mulk agentligida roʻyxatdan oʻtkazish uchun bojlar;
litsenziya shartnomasi matniga oʻzgartishlar kiritish bilan bogʻliq bojlar (zarurat boʻlganda).
37. Haqiqiy litsenziya toʻlovlaridan tushgan sof daromad (pul oqimi) quyidagi formula boʻyicha aniqlanadi:
Pi — NMA va IMOga boʻlgan huquqlardan foydalanish uchun haqiqiy litsenziya toʻlovlaridan i-chi yilda olingan sof daromad (pul oqimi);
Mi — i-chi yilda taqdim qilingan NMA va IMOdan foydalanish huquqlari uchun litsenzion toʻlovlar;
S i — i-chi yilning muhofaza qiluvchi hujjatning amal qilishini (agarda ular mavjud boʻlsa) taʼminlash va (yoki) NMA va IMOdan foydalanishga boʻlgan huquqlarni taqdim qilish toʻgʻrisida tuzilgan shartnomaga binoan litsenziar tomonidan qabul qilingan majburiyatlarni bajarilishi bilan bogʻliq xarajatlar;
TR i — i-chi yilda foyda soligʻi stavkasi;
1,..n — qilingan xarajatlar miqdori.
38. NMA va IMOning huquq egasi va litsenziat oʻrtasidagi litsenziya shartnomasida litsenziya toʻlovlarini bir yilda, bir chorakda yoki bir oyda bir marta toʻlash davriyligi nazarda tutilgan taqdirda bunday davriylik baholovchining hisob-kitoblarida oʻz aksini topishi lozim.
39. Baholash obyektidan xoʻjalikda foydalanish baholanayotgan NMA va IMOdan foydalangan holda tayyorlangan mahsulotni ekspluatatsiya qilish jarayonida qilinadigan xarajatlarni tejashga imkon beradigan xollarda ekspluatatsion xarajatlar tejamkorligi usuli qoʻllaniladi. Ushbu usulning qoʻllanilishi baholash obyektidan foydalangan holda tayyorlangan mahsulotni ekspluatatsiya qilish vaqti davridagi ekspluatatsion xarajatlarni tejash miqdorini topishni anglatadi.
40. Ushbu usul quyidagi bosqichlardan iborat:
baholanayotgan NMA va IMOdan foydalanishdan oldin ishlab chiqarilgan mahsulotning ekspluatatsiya xarajatlarini baholanayotgan NMA va IMOdan foydalangan holda ishlab chiqarilgan mahsulotning ekspluatatsiya xarajatlari bilan solishtirma tahlilini amalga oshirish;
mahsulotni ishlab chiqarish davrida olinishi kutilayotgan ekspluatatsion xarajatlardagi tejamkorlik oʻlchami aniqlanadi;
baholanayotgan NMA va IMOdan foydalangan holda unga boʻlgan huquqlardan foydalanishning samarali muddati davrida ishlab chiqarilgan mahsulotlar (xizmatlar) hajmi aniqlanadi;
NMA va IMOdan samarali foydalanish muddati davrida ishlab chiqarilgan barcha mahsulotlar hajmi boʻyicha ekspluatatsion xarajatlardagi tejamkorlik sifatida pul oqimi aniqlanadi.
41. Ekspluatatsion xarajatlardagi tejamkorlik quyidagi formula boʻyicha aniqlanadi:
E i = Q i * (ECibefore — ECiafter), bu yerda:
E i — i-chi yilda olingan ekspluatatsion xarajatlardagi tejamkorlik;
Q i — NMA va IMOdan foydalangan holda ishlab chiqarilgan i-chi yilda ekspluatatsiya qilinayotgan mahsulotning miqdori;
ECi before — baholanayotgan NMA va IMOdan foydalanmasdan ishlab chiqarilgan mahsulot birligi hisobi boʻyicha ekspluatatsiya xarajatlari;
ECi after — i-chi yilda baholanayotgan NMA va IMOdan foydalangan holda ishlab chiqarilgan mahsulot birligi hisobi boʻyicha ekspluatatsiya xarajatlari;
42. Royaltidan ozod qilish usuli NMA va IMOga boʻlgan mulkiy huquqlar litsenziya shartnomasi boʻyicha boshqa jismoniy yoki yuridik shaxsga taqdim qilingan yoki taqdim qilinishi mumkin boʻlganda qoʻllaniladi.
43. Ushbu usul NMA va IMOning huquq egasi agarda u baholash obyektining egasi boʻlmaganda, NMA va IMOga boʻlgan huquqlardan foydalanganligi uchun uning egasiga royalti — davriy toʻlovlarini toʻlashga majbur boʻlganini taxmin qiladi. Biroq bunday toʻlovlar oʻtkazilmaydi va natijada hosil boʻlgan tejash baholash obyekti bilan yaratiladigan qoʻshimcha foydaga tenglashtiriladi.
44. Royaltidan ozod qilish usulida ehtimoliy yillik toʻlovlarning miqdori NMA va IMOni qoʻllagan holda chiqarilgan mahsulotlarni (xizmatlarni) sotishdan tushgan yillik tushumni royalti stavkasiga koʻpaytirish yoʻli bilan aniqlanadi. Ushbu toʻlovlar — royalti NMA va IMOdan foydalanish bilan olinadigan sof daromad (pul oqimi) sifatida qabul qilinadi.
45. Ushbu usul quyidagi bosqichlardan iboratdir:
royalti toʻlanishi kutilayotgan davridagi baholanayotgan NMA va IMOga boʻlgan huquqlarning samarali foydalanish muddati aniqlanadi;
NMA va IMOdan foydalangan holda ishlab chiqarilgan mahsulot (xizmatlar) hajmining qiymat va natural ifodadagi prognozi tuziladi. Bu koʻrsatkichlarning qiymatlari ehtimoliy royalti toʻlovlarining hisobi uchun baza hisoblanadi;
royalti stavkasi aniqlanadi;
yillik toʻlovlar (royalti) litsenzion mahsulotlarni (xizmatlarni) sotish hajmidan foiz ajratmalarni hisoblash yoʻli bilan aniqlanadi;
muhofaza qiluvchi hujjatni kuchda saqlab turish bilan bogʻliq boʻlgan barcha xarajatlar hamda baholanayotgan NMA va IMOdan foydalanishni tashkiliy-huquqiy taʼminlash bilan bogʻliq xarajatlar aniqlanadi, agarda mavjud boʻlsa;
muhofaza qiluvchi hujjatni kuchda saqlab turish bilan hamda baholanayotgan NMA va IMOning tashkiliy-huquqiy taʼminlanishi bilan bogʻliq boʻlgan barcha xarajatlarni ayirib tashlash yoʻli bilan royalti boʻyicha sof toʻlovlar oqimlari hisoblab chiqiladi.
46. Royaltidan ozod qilish usuli bilan NMA va IMOdan olingan daromad (pul oqimi) quyidagi formula boʻyicha aniqlanadi:
PRi = (Vi * P i * R) – S i, bu yerda:
PR i — i-chi yilda NMA va IMOdan olingan daromad (pul oqimi);
Vi — i-chi yilda NMA va IMOdan foydalangan holda ishlab chiqarilgan mahsulot hajmi;
P i — i-chi yilda NMA va IMOdan foydalangan holda ishlab chiqarilgan mahsulotning narxi;
R — royalti stavkasi;
S i — muhofaza qiluvchi hujjatni kuchida saqlab turish bilan hamda baholanayotgan NMA va IMOdan foydalanishni tashkiliy-huquqiy taʼminlash bilan bogʻliq boʻlgan xarajatlar, agarda mavjud boʻlsa.
47. Royaltini toʻlash bazasi sifatida quyidagilar ishlatiladi:
yalpi daromad (sotishdan tushadigan tushum, sotish hajmi);
soliq solishgacha boʻlgan sof daromad (foyda);
soliq solishdan keyingi sof daromad (foyda);
NMA va IMOni sotib olgan yoki foydalanayotgan tashkilotda vujudga keluvchi qoʻshimcha foyda;
mahsulot (xizmatlar) birligining (partiyasining) narxi;
tannarx;
ishlab chiqarish quvvati.
48. Royalti stavkasi quyidagi usullar asosida aniqlanadi:
muayyan mahsulot yoki sanoat tarmogʻi boʻyicha yuzaga kelgan hamda ommaviy axborot vositalarida chop etiladigani royaltining standart stavkalaridan foydalanishga asoslangan usul;
litsenziar bilan avval tuzilgan litsenziya shartnomalaridan olingan analoglarni tahlil qilishga asoslangan usul;
ushbu sanoat tarmogʻi uchun oʻxshash mahsulotlar boʻyicha avval tuzilgan litsenziya shartnomalardan olingan royalti stavkalarini qoʻllashga asoslangan usul;
litsenziatning qoʻshimcha foydasi miqdorini hisoblash (shuningdek “eng soʻnggi royalti” deb ham ataladi) usuli;
litsenziarning litsenziat yalpi daromadidagi hissasini hisobga olishga asoslangan royalti stavkasini hisoblab chiqish usullari;
solishtirma xarajatlar koʻrsatkichlarini hisobga olishga asoslangan royalti stavkasini hisoblab chiqish usuli.
Baholovchi, shuningdek litsenziya shartnomasi loyihasi shartlaridan kelib chiqqan holda royalti stavkasini belgilashi mumkin.
49. Ekspert orqali foyda ulushini ajratib olish usuli quyidagi holatda qoʻllanadi: NMA va IMOning qadr-qimmatini aks ettiruvchi NMA va IMOning umumiy daromaddagi ishtiroki koeffitsiyentlari asosida tashkilotning umumiy daromadidan NMA va IMOga toʻgʻri keluvchi foyda ulushini ajratib olish baholovchi tomonidan amalga oshiriladi.
50. Ushbu usul quyidagi bosqichlardan iborat:
baholanayotgan NMA va IMOga boʻlgan huquqlardan mahsulotlar (xizmatlar) chiqarilishi kutilayotgan davrida foydalanishning samarali muddati aniqlanadi;
ushbu NMA va IMOdan foydalangan holda ishlab chiqarilgan mahsulot hajmining prognozi tuziladi;
NMA va IMOdan foydalangan holda tayyorlangan mahsulotlarni (xizmatlarni) ishlab chiqarish va sotish chiqimlarini ayirib tashlash yoʻli bilan ishlab chiqarish foydasi aniqlanadi;
NMA va IMOning olingan daromadga taʼsiri koeffitsiyentlari aniqlanadi;
baholanayotgan NMA va IMOdan tushadigan daromad (pul oqimi) hisoblab chiqiladi.
51. Agarda NMA va IMO aniq mahsulotni (xizmatni) ishlab chiqarish bilan bogʻliq boʻlgan umumiy sof daromadga taʼsir qilsa, u holda uni tashkilotning umumiy daromadidan quyidagi tarzda ajratib olish mumkin:
PR i = (Vi * P i – S) * K, bu yerda:
PR i — i-chi yilda olingan NMA va IMOga toʻgʻri keluvchi foyda;
Vi — i-chi yilda NMA va IMOdan foydalangan holda ishlab chiqarilgan mahsulot hajmi;
P i — i-chi yilda NMA va IMOdan foydalangan holda ishlab chiqarilgan mahsulot narxi;
S— mahsulotlar, ishlar va xizmatlar ishlab chiqarish chiqimlari summasi;
K — NMA va IMOning foydadagi ishtiroki koeffitsiyenti.
52. NMA va IMOning foydadagi ishtiroki koeffitsiyentini aniqlash uchun quyidagi formuladan foydalaniladi:
K = k1 * k2 * k3, bu yerda:
k1— erishilgan natija koeffitsiyenti;
k2 — hal qilingan texnik vazifaning murakkablik koeffitsiyenti;
k3 — yangilik koeffitsiyenti.
53. Tashkilotning daromadiga taʼsir qiluvchi koeffitsiyentlar miqdorining qiymati mazkur Uslubiy koʻrsatmalarning 1-ilovasida keltirilgan jadvallardan aniqlanadi.
54. NMA va IMOning tashkilot daromadiga taʼsiri koeffitsiyentlari baholash obyekti qoʻllanadigan tarmoqda bilimlarga ega boʻlgan mutaxassislar – ekspertlarni jalb qilgan holda aniqlanishi mumkin. Koeffitsiyentlarni aniqlashda ekspertlarning xolisligini taʼminlash uchun baholanayotgan obyektni qoʻllashda erishilgan natijani tavsiflovchi sifat koʻrsatkichlarini, hal qilingan texnik vazifaning murakkabligini hamda baholanayotgan NMA va IMOning yangiligini ushbu koeffitsiyentlar qiymatlarini avvaldan koʻrsatmagan holda aniqlash imkonini beruvchi savollardan tarkib topgan ekspert soʻrovi anketalari tuziladi.
55. Litsenziatning qoʻshimcha foydasidan litsenziarning hissasini ajratib olish usuli, agarda NMA va IMOdan keluvchi daromadni (pul oqimini) ajratib olishning boshqa usullarini qoʻllash imkoni boʻlmagan holdagina qoʻllanilishi mumkin.
56. Litsenziatning qoʻshimcha foydasidagi litsenziarning hissasi 25 foiz darajasida eng maqbul hisoblanadi.
57. Pul oqimini aniqlashning ushbu usulini qoʻllash shartlarida litsenziat oʻzining yashirin koʻrsatkichlarini oshkor qilishga manfaatdor emas, shu bois daromad koʻlamini ikki yildan ortiq boʻlmagan davr boʻyicha baholash mumkin. Bunda biznesning yangi sohasi hamda noaniq daromad miqdori uchun daromad taqsimlash mutanosibligini litsenziatning foydasiga oshirish mumkin, chunki u yuqori tavakkalchilikka yoʻliqadi. Ushbu oshirish baholovchi tomonidan baholash toʻgʻrisidagi hisobotda asoslanishi lozim.
58. Ushbu usul quyidagi bosqichlardan iborat:
litsenziat litsenziya boʻyicha mahsulot ishlab chiqarishga ahd qilgan davri va tegishlicha litsenziya toʻlovlari toʻlanishi kutilayotgan litsenziya shartnomasining amal qilish muddati aniqlanadi;
litsenziat baholash obyektidan foydalanishdan olishni kutayotgan qoʻshimcha foyda aniqlanadi;
litsenziatning qoʻshimcha foydasidagi litsenziarning hissasi 25 foiz darajasida belgilanadi;
agarda ushbu hissa qiymatiga tuzatish kiritishning asoslangan zarurati mavjud boʻlgan taqdirda baholovchi tomonidan litsenziatning qoʻshimcha foydasidagi litsenziarning hissasiga tuzatishning asosi va hisob-kitobi keltiriladi;
NMA va IMO keltiradigan daromad (pul oqimi) aniqlanadi.
59. Daromad hisoblangandan va NMA va IMO tomonidan keltirilayotgan rejalashtirilayotgan pul mablagʻlari oqimi tahlil qilingandan keyin ular joriy qiymatga aylantirilishi lozim.
60. NMA va IMOdan keladigan har yillik daromadning uning qiymatiga aylantirilishi NMA va IMOdan foydalanishdan keladigan daromadni toʻgʻridan toʻgʻri kapitallashtirish yoki NMA va IMOdan foydalanishdan keladigan pul oqimlarini diskontlash orqali oʻtkaziladi.
61. Pul oqimlarini diskontlash usuli kelgusidagi pul oqimlarining darajasi bir meʼyorda boʻlmaganda, joriylaridan jiddiy farq qilganda, prognoz qilinayotgan kelgusidagi pul oqimlari koʻpgina prognoz yillari uchun ijobiy miqdor hisoblanganda ishlatiladi.
62. Pul oqimlarini diskontlash usulini amaliy qoʻllash quyidagi asosiy bosqichlarni nazarda tutadi:
diskontlanadigan pul oqimining miqdorini aniqlash;
diskontlash stavkasini hisoblash;
diskont koʻpaytiruvchilarini har yillik daromadlar tushishi davrlariga muvofiq hisoblash;
NMA va IMO qiymati miqdorini NMA va IMOdan keluvchi har yillik daromadlarga tegishli diskont koʻpaytiruvchisi boʻyicha koʻpaytirish orqali aniqlash.
63. Diskontlash stavkasi — bu qoʻyilgan kapital boʻyicha kutilayotgan daromad stavkasi boʻlib, investitsiyalarning baholash sanasidagi tavakkalchilik darajasi bilan taqqoslanadigan mavjud muqobil variantlari boʻyicha daromad stavkasi sifatida hisoblanishi mumkin. Diskontlash stavkasini hisoblash qoʻllanilayotgan (soliq toʻlangunga qadar yoki soliq toʻlanganidan keyingi) pul oqimiga mos keladigan asosda, qiymatda (nominal yoki real qiymatda) va hisoblash valyutasida amalga oshirilishi lozim.
64. Baholash obyekti tomonidan yaratiladigan pul oqimlari uchun diskontlash stavkasi quyidagi usullar bilan aniqlanishi mumkin:
kumulyativ tuzish usuli;
kapitalning oʻrtacha oʻlchangan qiymati usuli;
kapital aktivlarni baholash usuli.
65. Kumulyativ tuzish usuli bilan diskontlash stavkasini hisoblashda investitsiyalarning tavakkalsiz stavkasi NMA va IMOdan xoʻjalikda foydalanish tavsifiga mos keluvchi tavakkalchilikka koʻpaytirilishi lozim. NMA va IMOni boshqarishda eng koʻp uchraydigan tavakkalchiliklar quyidagilar hisoblanadi:
NMA va IMOga qoʻyiladigan investitsiyalardan keladigan daromad investor tomonidan avvaldan hisoblab chiqilgan daromaddan kam boʻlganligi tufayli yuzaga keluvchi investitsion tavakkalchilik;
NMA va IMOdan foydalangan holda mahsulot ishlab chiqarishda yuzaga keluvchi tavakkalchilik, shu jumladan bekor turib qolishlar, xomashyo, materiallar yetishmovchiligi va boshqalarni aks ettiruvchi ishlab chiqarish tavakkalchiligi;
baholash obyektining foydaliligi prognoz koʻrsatkichlarini hisoblashda yuzaga keluvchi foydani prognoz qilish tavakkalchiligi;
obyektni sotishdagi bozor ekspozitsiyasining (marketing vaqti) davomliligiga tuzatishni yoki taxmin etilayotgan investorni qidirish vaqtini ifodalovchi baholanayotgan NMA va IMOning ularning tijoriy sotilishidagi yuzaga keluvchi past likvidlilik tavakkalchiligi.
66. Kapitalning oʻrtacha oʻlchangan qiymati usuli faoliyati qarz va shaxsiy mablagʻlar yordamida moliyalashtiriladigan tashkilotlar uchun ishlatiladi.
Kapitalning oʻrtacha oʻlchangan qiymati quyidagi formula boʻyicha aniqlanadi:
WACC= EWc — DWz * (1— NP), bu yerda:
WACC — kapitalning oʻrtacha oʻlchangan qiymati;
E — shaxsiy kapital qiymati;
Wc — tashkilot kapitalidagi shaxsiy mablagʻlar ulushi;
D — qarz mablagʻlar qiymati;
Wz — tashkilot kapitalidagi qarz mablagʻlar ulushi;
NP — foyda soligʻi stavkasi.
67. Kapital aktivlarni baholash usuli (SARM) bilan diskontlash stavkasini hisoblash erkin muomala qilinadigan aksiyalar daromadliligining oʻzgarishiga taalluqli boʻlgan fond bozori maʼlumotlarini tahlil qilish asosida quyidagi formula boʻyicha oʻtkaziladi:
D = Rf + β*(Rm – Rf) + S1 + S2 + C, bu yerda:
D — diskontlash stavkasi;
Rf — tavakkalsiz stavka;
β — beta koeffitsiyenti, tizimli tavakkalchilik koʻrsatkichi;
Rm — butun bir bozorning umumiy daromadliligi (oʻrtacha bozor daromadliligi meʼyori);
S1 — kichik korxonalar uchun qarzni toʻlashga qodirlik yetarli emasligi hamda yirik korxonalar bilan taqqoslaganda katta boʻlmagan miqdordagi ustav fondiga ega boʻlgan korxonalarning moliyaviy barqarorligi bilan shartlangan tavakkalchilik mukofoti;
S2 — aniq tashkilotga investitsiyalash tavakkalchiligi uchun mukofot (tizimsiz tavakkalchiliklar);
S — kapital aktivlarni baholash usuli boʻyicha barcha tarkibli qismlari sifatida faqat boshqa mamlakatlar bozori boʻyicha maʼlumotlarning hisoblanishi formulasini ishlatishda inobatga olinuvchi mamlakatga oid tavakkalchilik.
68. Daromadni toʻgʻridan toʻgʻri kapitallashtirish usuli kelgusi sof daromadlar joriy daromadlarga teng boʻlishi kutilganda yoki ularning oʻsish surʼati moʻtadil va bashorat qilsa boʻladigan hollarda ishlatiladi. Sof daromadni kapitallashtirish baholanayotgan NMA va IMOni ishlatishdan tushadigan daromad barqaror boʻlgan hollarda yetarli aniqlik bilan NMA va IMOning qiymatini aniqlashga imkon beradi.
69. Kapitallashtirish usulidan foydalanishda sof daromadlar miqdori NMA va IMOni ishlatishdan tushgan sof daromadlarni uning qiymatiga qaytadan hisob-kitob qilish uchun kapitallashtirish koeffitsiyentiga boʻlinadi.
70. Kapitalizatsiya stavkasi diskontlash stavkasi summasi (investitsiyalar uchun daromad meʼyorlari) va bu investitsiyalarni qaytarish stavkasi sifatida hisoblanishi mumkin.
71. NMA va IMO bilan yaratiladigan pul oqimlari uchun kapitallashtirish koeffitsiyenti shuningdek, oʻxshash NMA va IMO bilan yaratiladigan pul oqimi miqdorini uning narxiga boʻlish orqali ham aniqlanishi mumkin.
2-§. Xarajat yondashuvi
72. Xarajat yondashuvi baholanayotgan NMA va IMOni tiklash xarajatlari miqdorini NMA va IMOni yaratish uchun ragʻbatlantirish sifatida kalkulatsiyaga qoʻyiladigan tadbirkorlik daromadini inobatga olgan holda eskirishni chegirgan tarzda joriy narxlarda hisoblab chiqishdan iborat.
73. Xarajat yondashuvining asosiy usullari quyidagilar hisoblanadi:
yaratish (boshlangʻich xarajatlar) qiymati usuli;
tiklash xarajatlari qiymati usuli;
almashtirish qiymati usuli.
74. Yaratish qiymati usuli doirasida oʻtmishda amalda sarflangan baholanayotgan NMA va IMOni yaratish xarajatlari indeksatsiya qilish orqali joriy qiymatga keltiriladi. NMA va IMOning qiymati joriy narxlarda baholangan va investitsiya uchun daromad stavkasiga koʻpaytirilgan barcha xarajatlarni jamlash bilan aniqlanadi.
75. Ushbu usul quyidagi bosqichlardan iboratdir:
baholanayotgan NMA va IMOni yaratish va harakatga keltirish bilan bogʻliq barcha haqiqiy xarajatlar, jumladan uni foydalanishga yaroqli holatga keltirish boʻyicha xarajatlar aniqlanadi;
baholash sanasi holatiga xarajatlar amalga oshirilgan paytdan boshlab narxlar (inflatsiya) indeksi miqdorida xarajatlar tuzatiladi;
tuzatilgan xarajatlar jamlanadi va qabul qilingan rentabellilik koeffitsiyentiga (investitsiya uchun daromad stavkasiga) koʻpaytiriladi;
NMA va IMOning eskirish miqdori aniqlanadi;
tuzatilgan xarajatlar summasi hamda NMA va IMOning eskirish miqdori oʻrtasidagi farq sifatida NMA va IMOni yaratish qiymati aniqlanadi.
76. NMA va IMOning qiymati ushbu usul asosida quyidagi formula boʻyicha hisoblab chiqiladi:
Val — NMA va IMOning qiymati;
Ci — i-chi yilda ishlab chiqarilgan NMA va IMOni yaratish xarajatlari;
n — NMA va IMOni yaratilgan paytdan boshlab baholash sanasigacha oʻtgan yillar soni;
KIndi — i-chi yildagi xarajatlarning baholash sanasiga indeksatsiya koeffitsiyenti;
Rate — investitsiyalar uchun daromad meʼyori;
Kt — NMA va IMOning eskirish koeffitsiyenti.
77. NMA va IMOni yaratish haqiqiy xarajatlari quyidagi formula boʻyicha aniqlanadi:
S= S1 + S2 + S3, bu yerda:
S — NMA va IMOni yaratish haqiqiy xarajatlari;
S1 — NMA va IMOni yaratish haqiqiy xarajatlari rentabellilikni inobatga olgan holda hisoblab chiqilgan ilmiy tadqiqot ishlarini toʻliq hajmda bajarish hamda texnik hujjatlarning (masalan eskizdan boshlab ish loyihasigacha) barcha bosqichlarini ishlab chiqish uchun amalda sarflangan xarajatlar summasi hisoblanadi. Bunda ilmiy-tadqiqot ishlari uchun xarajatlar qidiruv ishlari, jumladan muammoni dastlabki oʻrganib chiqish, nazariy tadqiqotlar, tajribalarni oʻtkazish va hisobotni tasdiqlash hamda boshqa shu kabi xarajatlardan tashkil topadi. Texnik hujjatlarni ishlab chiqish xarajatlari: eskiz, texnik va ish loyihalarini bajarish, hisob-kitoblarni bajarish, sinovlar oʻtkazish, begona tashkilotlarning xizmatlari, muallif nazoratini oʻtkazish va h. k.lar uchun xarajatlardan iboratdir. Texnologik va loyiha hujjatlari qisman bajariladigan yoki NMA va IMOni yaratishdan oldin faqat ilmiy-tadqiqot ishlari oʻtkaziladigan hollarda NMA va IMOning qiymatini hisoblash amalda bajarilgan ishlar xarajatlari boʻyicha amalga oshiriladi, tovar belgilari va sanoat namunalari uchun bu dizaynga oid xarajatlar boʻlishi mumkin;
S2 — NMA va IMOni huquqiy muhofaza qilishning haqiqiy xarajatlari (patent (guvohnoma) olish uchun buyurtma materiallarini rasmiylashtirish, buyurtma boʻyicha yozishmalar, buyurtma topshirish, ekspertiza oʻtkazish, muhofaza qiluvchi hujjatni olish va uni kuchda saqlab turish va h. k.lar uchun bojlar toʻlash);
S3 — NMA va IMOni sanoatda ishlab chiqarishga va tijoriy sotishga tayyor holga yetkazish uchun haqiqiy xarajatlar hamda boshqa shu kabi xarajatlar.
78. Indeksatsiya koeffitsiyenti — nisbiy koʻrinishda muayyan vaqt davrida tovarlar narxlarining oʻzgarishini tavsiflovchi iqtisodiy va statistik koʻrsatkichdir. Indeksatsiya qilishni oʻtkazishda xarajatlarning elementlari boʻyicha narxlar oʻzgarishi indekslariga amal qilish lozim. Xarajatlar elementlari boʻyicha narxlar oʻzgarishi indekslari toʻgʻrisida olish oson boʻlgan ishonchli axborot mavjud boʻlmaganda tegishli sanoat tarmoqlari boʻyicha narxlar oʻzgarishi indekslari yoki boshqa tegishli indekslar ishlatilishi mumkin boʻladi. Indeksatsiya qilishning tegishli koeffitsiyenti oylik maoshning oʻzgarishi, eng barqaror valyutaning oʻzgarishi, materiallar, butlovchi qismlar narxlarining oʻzgarishi yoki tayyor mahsulot narxining oʻzgarishini aks ettiruvchi koʻrsatkich sifatida hisoblanishi mumkin.
79. Umumiy holatlarda indekslash koeffitsiyenti quyidagi formula boʻyicha aniqlanadi:
Kind = P1 / P0, bu yerda:
Kind — indekslash koeffitsiyenti;
P1 — tovarlar narxlari, oylik maosh miqdori yoki baholash sanasidagi valyutalar kursining oʻzgarishi;
P0 — tovarlar narxlari, oylik maosh miqdori yoki xarajatlarni amalga oshirish sanasidagi valyutalar kursining oʻzgarishi.
80. Tadbirkorning daromadi (Rate) uning investitsiyalash tavakkalchiligi darajasi boʻyicha ehtimoliy oʻxshash boʻlgan, masalan sanoatning tegishli tarmogʻidagi kapital uchun unumdorlik stavkalaridan kelib chiqib hisoblab chiqilishi mumkin.
81. NMA va IMOning eskirishi yanada taraqqiy topgan oʻxshash NMA va IMOlarning paydo boʻlishi bilan bogʻliq boʻlgan maʼnaviy eskirishdan iborat. Maʼnaviy eskirish sotuvlarning tushishi va NMA va IMO daromadliligining pasayishi bilan baravar yuz beradi.
82. NMA va IMOning eskirishi NMA va IMOni foydali ishlatish muddati va muhofaza hujjatining qolgan muddati asosida aniqlanishi mumkin. Bunda NMA va IMOni foydali ishlatish muddati shartnoma boʻyicha NMA va IMOdan foydalanish huquqi berilishi mumkin boʻlgan muddat sifatida yoki NMA va IMO huquq egasining shaxsiy ishlab chiqarishida (biznesida) ishlatilishi mumkin boʻlgan muddat sifatida aniqlanadi.
83. NMA va IMOning eskirishi koeffitsiyenti quyidagi formula boʻyicha aniqlanadi:
Kt = 1 – FP/ LP, bu yerda:
Kt — NMA va IMOning eskirishi koeffitsiyenti;
FP — huquqiy muhofazasiga ega boʻlgan baholash obyektlari uchun ustuvorlik sanasidan (muhofaza qiluvchi hujjatga binoan) baholash sanasigacha boʻlgan haqiqiy muddat yoki huquqiy muhofazasiga ega boʻlmagan baholash obyektlari uchun NMA va IMOdan ishlab chiqarish faoliyatida foydalanish boshlangandan haqiqiy muddat;
LP — huquqiy muhofazasiga ega boʻlgan baholash obyektlari uchun huquqlarning (muhofaza qiluvchi hujjatga binoan) nominal amal qilish muddati, yoki huquqiy muhofazasiga ega boʻlmagan baholash obyektlari uchun ishlab chiqarish faoliyatida foydalanishning muddati.
84. Tiklanish qiymati usulining asosida tashkilot daromadi miqdorini inobatga olgan holda tiklash xarajatlarini hisoblash asosida NMA va IMOga boʻlgan huquqlarning qiymatini aniqlash yotadi. Bunday tiklash baholanayotgan NMA va IMOni baholash sanasi holatiga joriy narxlarda yaratish kalkulatsiyasini toʻliq aslicha tiklashni (modellashtirishni) nazarda tutadi.
85. Bu usul baholash obyektini yaratish uchun haqiqiy maʼlumotlar bilan hujjatli tasdiqlash imkoniyati mavjud boʻlmagan taqdirda eng maqbul usul hisoblanadi. Ushbu usulni ishlatishda NMA va IMOning tiklanish qiymati (tiklash qiymati) uning yangi aniq nusxasini yaratish uchun zarur boʻlgan xarajatlar summasi sifatida aniqlanadi. Ushbu xarajatlar aynan oʻxshash xomashyo, materiallar, energiya manbalari, tarmoqdagi oʻrtacha mehnatga haq toʻlash va boshqa xarajatlarga nisbatan baholash sanasidagi amaldagi narxlar asosida hisoblanishi lozim.
86. Ushbu usul quyidagi bosqichlardan iborat:
NMA va IMOni yaratish va rejalashtirilgan maqsadlarda foydalanishga tayyor holga keltirish bilan bogʻliq boʻlishi mumkin boʻlgan barcha zarur xarajatlar aniqlanadi;
baholash sanasi holati boʻyicha xomashyo, materiallar, energiya manbalari, butlovchi buyumlar, tarmoqda tegishli malakaga ega boʻlgan ishchilarning mehnatiga oʻrtacha haq toʻlash boʻyicha axborot hamda baholanayotgan NMA va IMO uchun xos boʻlgan boshqa narsalarga nisbatan narxlar belgilanadi;
NMA va IMOni yaratish qiymatining kalkulatsiyasi aniqlanadi;
NMA va IMO qiymatining tiklanish qiymati tadbirkor daromadiga (investitsiya uchun daromad stavkasi) koʻpaytirilgan xarajatlar summasi sifatida aniqlanadi;
NMA va IMOni ehtimoliy eskirish miqdori hisoblanadi;
baholash obyektining qiymati NMA va IMOning tiklanish qiymati hamda eskirish miqdori oʻrtasidagi farq sifatida aniqlanadi.
87. Almashtirish qiymati usuli baholanayotgan NMA va IMOning yangi aniq nusxasini aslicha yaratish mumkin boʻlmaganda, lekin isteʼmolchilik xususiyatlari bilan baholanayotgan NMA va IMOga oʻxshash boʻlgan, biroq albatta tashqi koʻrinishi va uning tarkibiy elementlari boʻyicha aynan bir xil boʻlmagan analogi bilan almashtirilishi mumkin boʻlganda qoʻllaniladi.
88. NMA va IMOni almashtirish qiymati oʻzining isteʼmolchilik, funksional, iqtisodiy koʻrsatkichlari boʻyicha baholash obyektining teng qimmatli oʻrnini bosuvchisi boʻlishi mumkin boʻlgan, undan eng samarali foydalanilishini taʼminlay oladigan NMA va IMOning analogini yaratish (ishlab chiqish) yoki sotib olish xarajatlarining baholash sanasi holati boʻyicha joriy qiymati toʻgʻrisidagi axborotga asosan aniqlanadi.
89. Almashtirish qiymati usulidan foydalanishda NMA va IMO qiymati oʻxshash foydaliligi yoki oʻxshash isteʼmolchilik qiymatiga ega boʻlgan NMA va IMOni sotib olishda toʻlanishi lozim boʻlgan narxi bilan aniqlanishiga asoslangan almashtirish tamoyilidan foydalaniladi.
90. Ushbu usul quyidagi bosqichlardan iboratdir:
bozor oʻrganib chiqiladi va NMA va IMOning oʻxshash foydaliligi yoki oʻxshash xususiyatlariga ega boʻlgan analoglari aniqlanadi, ularning bozor qiymati yoki ularni yaratish xarajatlari summasi belgilanadi;
analoglar qiymatlari (yoki yaratish xarajatlari), agarda analogni sotish (yoki taklif etish) sanasi baholanayotgan NMA va IMOni baholash sanasidan farq qilsa, baholash sanasi holatiga indeksatsiya yoʻli bilan keltiriladi;
baholash obyektining analogiga nisbatan baholash obyektining eskirishi miqdorini aniqlash;
baholash obyektining bozor qiymatini baholash obyektiga oʻxshash boʻlgan yangi obyektni yaratish xarajatlaridan baholash obyektining eskirish miqdorini chegirib tashlash yoʻli bilan hisoblash yoki teng foydalilikka ega analogni sotib olishda toʻlanishi lozim boʻlgan eng kam narxdan kelib chiqib NMA va IMOning qiymatini aniqlash.
91. Baholash obyektiga oʻxshash yangi obyektni yaratish xarajatlari summasi analogni yaratish hamda uni foydalanish uchun tayyor holatga keltirish bilan bogʻliq bevosita va bilvosita xarajatlarni, shuningdek tadbirkor daromadi – NMA va IMOni yaratishga investitsiya uchun eng ehtimoliy mukofot miqdorini oʻz ichiga oladi.
3-§. Qiyosiy yondashuv
92. NMA va IMOning bozor qiymatini qiyosiy yondashuvdan foydalangan holda aniqlash analoglar narxlariga ularning baholanayotgan NMA va IMOdan farqini bartaraf qilish imkonini beruvchi tuzatishlar kiritish yoʻli bilan amalga oshiriladi.
93. Qiyosiy yondashuv tegishli solishtirish elementlari asosida tanlab olinadigan analoglar narxlaridan foydalangan holda qoʻllaniladi. Solishtirish elementlariga oʻzgarib turishi baholash obyektining bozor qiymatiga taʼsir qiluvchi omillar hamda bozorda yuzaga kelgan NMA va IMO bilan bogʻliq bitimlar tavsiflari taalluqlidir.
94. Eng muhim solishtirish elementlari quyidagilar hisoblanadi:
NMA va IMOga boʻlgan baholanayotgan mulkiy huquqlar hajmi;
NMA va IMO bilan bogʻliq bitimlarni moliyalashtirish shartlari (shaxsiy va qarz mablagʻlarining nisbati, qarz mablagʻlarini taqdim qilish shartlari);
analog bilan bogʻliq bitim tuzilgan sanadan boshlab baholash oʻtkazilgan sanagacha boʻlgan davrda NMA va IMO narxlarining oʻzgarishi;
NMA va IMO foydalanilgan yoki foydalanilishi mumkin boʻlgan sanoat tarmogʻi;
NMA va IMO hamda analogga boʻlgan taqdim etilayotgan huquqlar amal qiladigan hudud;
baholash obyektining analogga nisbatan funksional, texnologik, iqtisodiy tavsiflari;
NMA va IMOdan foydalangan holda ishlab chiqarilishi yoki sotilishi mumkin boʻlgan mahsulotga talab;
raqobatlashuvchi takliflarning mavjudligi;
NMA va IMOdan foydalangan holda ishlab chiqarilgan mahsulotni (ishlarni, xizmatlarni) sotishning nisbiy hajmi;
NMA va IMO hamda analogdan foydali foydalanish muddati;
ishlab chiqarishda NMA va IMOni hamda analogni oʻzlashtirish xarajatlarining darajasi;
toʻlov shartlari hamda NMA va IMO bilan bogʻliq bitimlarni tuzish holatlari.
95. Tuzatishlar miqdorlari quyidagi usullar bilan aniqlanadi:
bir solishtirish elementi boʻyicha bir-biridan farq qiluvchi analoglar narxlarini toʻgʻridan toʻgʻri juft-jufti bilan solishtirish, hamda shunday tarzda olingan axborot asosida ushbu solishtirish elementi boʻyicha tuzatishlarni aniqlash;
bir solishtirish elementi boʻyicha bir-biridan farq qiluvchi ikkita analoglarning daromadini (foydasini) toʻgʻridan toʻgʻri juft-jufti bilan solishtirish, hamda daromadlardagi farqlarni kapitallashtirish yoʻli bilan ushbu solishtirish elementi boʻyicha tuzatishlarni aniqlash;
analogning baholash obyektidan farq qiladigan solishtirish elementi tavsifining oʻzgarishi bilan bogʻliq xarajatlarni aniqlash orqali;
analoglar narxlariga tuzatishlarni ekspert yoʻli bilan asoslash.
96. NMA va IMOni baholashning qiyosiy yondashuvi doiralarida baholashning quyidagi usullaridan foydalaniladi:
sotib olish qiymati usuli;
sotuvlarning qiyosiy tahlili usuli.
97. Sotib olish qiymati usuli baholash obyektining analogi uning bozor qiymatini aks ettirayotgan narx boʻyicha bozorda sotib olinishini nazarda tutadi. U baholanayotgan NMA va IMOning bozor qiymatini hisoblash uchun foydalanilishi mumkin, bunda baholanayotgan NMA va IMO hamda bozorda mavjud analogining taqqoslanishini taʼminlovchi tuzatishlar kiritiladi.
98. Ushbu usul quyidagi bosqichlardan iboratdir:
oʻxshash NMA va IMOlar boʻyicha tuzilgan bitimlar toʻgʻrisidagi axborot toʻplanadi;
NMA va IMOni tanlab olingan analoglari bilan taqqoslanishi oʻtkaziladigan solishtirish elementlari roʻyxati aniqlanadi;
baholanayotgan NMA va IMO bilan solishtirish elementlari qiymatlarini hisobga olgan holda tuzilgan bitimlarning haqiqiy narxlari tuzatiladi;
taqqoslanayotgan bitimlar boʻyicha tuzatilgan haqiqiy maʼlumotlar asosida baholanayotgan NMA va IMOning qiymati aniqlanadi.
99. Sotuvlarning qiyosiy tahlili usuli NMA va IMOning qiymatini taqqoslash uchun tanlab olingan oʻxshash obyektlar sotuvlari narxiga tuzatishlar kiritish yoʻli bilan hisoblashga imkon beradi.
100. Analog hamda NMA va IMOning taqqoslanuvchi parametrlari aynan bir bozordagi sotilish sanasi yoki taklif sanasi, iqtisodiy shartlari, fizik tavsiflari va raqobatdoshligiga nisbatan oʻxshash boʻlishi lozim, yaʼni talab va taklif jihatdan ular taxminan bir xil holatda boʻlishi lozim. Aks holda taqqoslanayotgan analogdan qiymat koʻrsatkichlarini koʻchirish notoʻgʻri natijalarga olib kelishi mumkin.
101. Ushbu usul quyidagi bosqichlardan iboratdir:
baholash obyektiga oʻxshash boʻlgan obyektlar bilan tuzilgan bitimlar toʻgʻrisidagi, ularning sotilishi takliflari toʻgʻrisidagi axborotni yigʻish maqsadida bozorni oʻrganish oʻtkaziladi;
NMA va IMO hamda uning analogi taqqoslanishi oʻtkaziladigan solishtirish elementlari roʻyxati aniqlanadi, taqqoslanayotgan obyektlar farqlanuvchi xususiyatlarining ularning qiymatiga taʼsiri darajasi aniqlanadi;
baholash obyektini tanlab olingan bozorda sotilgan yoki sotishga taklif qilinayotgan obyektlar – analoglar bilan alohida koʻrsatkichlar boʻyicha solishtirilishi oʻtkaziladi;
analog obyekt qiymatiga nisbatan solishtirish elementlari boʻyicha tuzatishlar aniqlanadi;
analog – obyektning qiymatiga tuzatishlar kiritish asosida NMA va IMOning qiymati aniqlanadi.
102. Sotuvlarning qiyosiy tahlili usuliga binoan NMA va IMOning bozor qiymati quyidagi formula boʻyicha aniqlanadi:
V = Vkor ± Kor, bu yerda:
V — NMA va IMOning bozor qiymati;
Vkor —– analog qiymatining tuzatilgan miqdori;
Kor — baholash sanasi holatiga taqqoslanayotgan analogning tuzatilgan qiymati miqdoriga umumiy tuzatishlar miqdori.
NMA va IMO analogining tuzatilgan qiymati miqdori narxning amal qilishi sanasi holatiga quyidagi formula boʻyicha aniqlanadi:
Vkor= Pa * Kinf - A bu yerda:
Pa — sotuv kuni holatiga taqqoslanayotgan obyektning (analogning) sotilish narxi;
Kinf — analog bilan bitim tuzilgan sanadan boshlab baholash sanasiga qadar boʻlgan davr uchun inflatsiya indeksining oʻzgarishlarini inobatga oluvchi koeffitsiyent;
A — analog bilan bitim tuzilgan sanadan boshlab baholash sanasiga qadar boʻlgan davr uchun quyidagi formulaga binoan aniqlanadigan hisoblangan amortizatsiya miqdor:
A= Pa * Pt/ PerA, bu yerda:
Pt — analog boʻyicha bitim tuzilgan sanadan boshlab baholash sanasiga qadar boʻlgan davr (oylarda);
PerA— baholanayotgan NMA va IMOning ehtimoliy xizmat muddatidan kelib chiqqan holda aniqlanadigan amortizatsiyaning toʻliq muddati (oylarda).
103. NMA va IMOning isteʼmolchilik xususiyatlari koʻp sonli parametrlar bilan aniqlanadi, va baholash sanasi holatiga uning toʻliq analogi yoki oʻxshash obyektlar bilan tuzilgan bitimlar boʻyicha axborot umuman boʻlmasligi mumkin. Sotuvlarning qiyosiy tahlilini oʻtkazishda mutlaqo bir xil boʻlgan NMA va IMOlar boʻlmasligi hamda ulardan bir xilda foydalanish shartlari boʻlmasligini tushunish lozim.
V bob. Qoʻllanilgan baholash yondashuvlari natijalarini muvofiqlashtirish va yakuniy qiymatni aniqlash
104. Baholashning turli yondashuvlari bilan olingan baholash natijalarini muvofiqlashtirish (umumlashtirish) bunday natijalarni oʻlchash va taqqoslash yoʻli bilan baholash obyektining yakuniy qiymatini aniqlash uchun moʻljallangan.
105. Hisoblashlar natijalarini umumlashtirish baholovchi tomonidan u tomondan tanlab olingan umumlashtirish mezonlariga asosan har bir mezonlar boʻyicha hisoblashlar natijalarini bir-biriga oʻzaro taqqoslash yoʻli bilan amalga oshiriladi.
106. Muvofiqlashtirish quyidagi usullar bilan amalga oshiriladi:
baholovchi amalga oshiradigan tahlil asosida, barcha muhim parametrlarni hisobga olgan holda solishtirma oʻlchovlarni tanlashdan iborat boʻlgan mantiqiy muvofiqlashtirish usuli bilan. Baholovchi tomonidan ustuvor yondashuv aniqlanadi, qolgan yondashuvlarning natijalaridan esa ustuvor yondashuv yordamida olingan natijani tekshirish va unga tuzatish kiritish uchun foydalaniladi;
matematik oʻlchash usulida turli baholash yondashuvlari bilan olingan natijalarning solishtirma oʻlchovlarini aniqlash uchun bir necha mezonlardan foydalaniladi va ularning yordamida qoʻllanilgan hisoblash usulining afzalliklari yoki kamchiliklari aniq obyektni baholash xususiyatlarini hisobga olgan holda tavsiflanadi.
107. Solishtirma oʻlchovlarni aniqlashda baholovchi quyidagi asosiy omillarni:
tahlil va hisoblashlarga asos boʻlgan axborotning ishonchliligi va yetarliligini;
baholash yondashuvi baholash obyektiga xos boʻlgan narx belgilovchi omillar tuzilishini hisobga olishga qodirligini;
yondashuvning baholash obyektiga oʻxshash obyektlarning odatdagi xaridorlari va sotuvchilari motivatsiyasini aks ettirishga qodirligini;
baholash yondashuvining qiymatni baholashning turiga va maqsadiga muvofiqligini tahlil qilishi lozim.
108. Muvofiqlashtirishni oʻtkazish uchun quyidagi usullar qoʻllanadi:
oʻrtacha arifmetik miqdorni aniqlash usuli;
oʻrtacha oʻlchangan miqdorni aniqlash usuli.
109. Oʻrtacha arifmetik miqdorni aniqlash usulida quyidagi hisoblash formulasidan foydalaniladi:
S = Σ turli yondashuvlar bilan olingan qiymatlar / yondashuvlar soni, bu yerda:
S — qiymatning yakuniy bahosi.
110. Oʻrtacha oʻlchangan qiymatni aniqlash usuli har bir usullarga (hisoblashlar natijalariga) muayyan oʻlchov (foiz yoki rang)ni berishni nazarda tutadi. Oʻlchovlar ekspert yoʻli bilan beriladi.
111. Ranglarga ajratish (ranjirlash) usulida ranglar 1 dan 3 gacha raqamlanadi. Eng kichik hisoblash natijasiga — Smin eng kichik rangi beriladi, eng yuqori hisoblash natijasiga — Smax eng yuqori rang beriladi va oʻrtacha natijaga — oʻrtacha. Turli yondashuvlar bilan olingan qiymat miqdorlarini muvofiqlashtirish uchun quyidagi hisoblash formulasidan foydalaniladi:
S = (Smin * 1 + Ssr * 2 + Smax * 3) / Σranglar miqdori, bu yerda:
Smin — baholash yondashuvlaridan biri bilan olingan qiymatning eng kichik miqdori;
Smax — baholash yondashuvlaridan biri bilan olingan qiymatning eng katta miqdori;
Ssr — baholash yondashuvlaridan biri bilan olingan qiymatning oʻrtacha miqdori;
112. Nisbiy xatoliklarni hisobga olish usuli turli yondashuvlarni qoʻllash natijasida kelib chiqadigan hisob-kitoblardagi xatoliklarni aniqlash uchun moʻljallangan.
Daromad yondashuvida xatoliklar sotuvlar, daromadlar, soliqlar hajmini prognozlashda, tavakkalchiliklar miqdorlarini hisob-kitob qilishda, alohida iqtisodiy va ishlab chiqarish koʻrsatkichlarini noaniq prognozlashda va boshqalarda paydo boʻlishi mumkin.
Sotuvlarning qiyosiy tahlilida xatoliklar analogning tavsiflarini toʻgʻridan toʻgʻri taqqoslashni oʻtkazish imkoniyati boʻlmaganligi tufayli paydo boʻlishi mumkin, chunki ularning baholanayotgan obyekt bilan oʻxshashlik darajasi taxminiydir va analogning qiymati faqat bitim sanasi holatigagina haqqoniy boʻlishi mumkin.
Xarajat yondashuvida xatoliklar xarajatlarni indeksatsiya qilishda, eskirishlar miqdorlarini va boshqalarni aniqlashda paydo boʻlishi mumkin. Shu bois baholashning har bir yondashuvi yordamida hisoblashlardagi ushbu xatoliklarni hisobga olish uchun oʻrtacha oʻlchangan miqdorni aniqlashning quyidagi formulalari qoʻllaniladi.
Yakuniy miqdorni aniqlash uchun baholashning uchala yondashuvidan foydalanishda quyidagi formulalar qoʻllaniladi.
1) Agarda quyidagi shartlar bajarilsa va hisoblash xatoliklari:
Smin — baholash yondashuvlaridan biri bilan olingan qiymatning eng kichik miqdori;
Smax — baholash yondashuvlaridan biri bilan olingan qiymatning eng katta miqdori;
Ssr — baholash yondashuvlaridan biri bilan olingan qiymatning oʻrtacha miqdorini tashkil qilsa,
u holda qiymatning yakuniy miqdori quyidagi formula boʻyicha aniqlanishi mumkin:
S = Ssr
2) Agarda quyidagi shartlar bajarilsa va hisoblash xatoliklari:
ni tashkil qilsa, u holda qiymatning yakuniy miqdori quyidagi formula boʻyicha aniqlanadi:
3) Agarda quyidagi shartlar bajarilsa va hisoblash xatoliklari:
ni tashkil qilsa, u holda yakuniy miqdor quyidagi formula boʻyicha aniqlanadi:
4) Agarda quyidagi shartlar bajarilsa va hisoblash xatoliklari:
ni tashkil qilsa, u holda yakuniy miqdor quyidagi formula boʻyicha aniqlanadi:
Baholashning ikkita yondashuvidan foydalanilganda yakuniy miqdorni aniqlash uchun quyidagi formuladan foydalaniladi:
113. Iyerarxiyalarni tahlil qilish usuli baholashning turli yondashuvlari bilan olingan natijalarni muvofiqlashtirish hamda natijalarni muvofiqlashtirishning muammolarini qism-qismlarga boʻlish va uni iyerarxiya koʻrinishida taqdim etishni ifodalaydi.
Natijalarni muvofiqlashtirish maqsadlari uchun quyidagi koʻrinishlarga ega boʻlgan uch darajali iyerarxiyadan foydalaniladi:
yuqori daraja — maqsad — bozor qiymatini baholash;
oraliq daraja — muvofiqlashtirish mezonlari;
quyi daraja — alternativlar — turli usullar bilan olingan baholash natijalari.
Baholash maqsadlari uchun muvofiqlashtirishning quyidagi mezonlaridan foydalaniladi:
potensial investor, xaridor yoki sotuvchining haqiqiy maqsadlarini aks ettirish imkoniyati;
tahlil oʻtkazilishiga asos sanalgan maʼlumotlarning turi, sifati, kengligi;
foydalanilayotgan usullar parametrlarining konyunktura tebranishlarini hisobga olishga qodirligi;
obyektning qiymatiga taʼsir qilayotgan oʻziga xos xususiyatlarini (joylashgan joyi, miqdori, potensial daromadliligini) hisob olishga qodirligi.
Natijalarni muvofiqlashtirish muammolari qism-qismlarga boʻlingandan va iyerarxiya koʻrinishida taqdim qilingandan keyin quyidagi izchillikdagi harakatlar bajariladi:
mezonlardagi ustuvorliklar juft-jufti bilan taqqoslash orqali aniqlanadi. Buning uchun teskari simmetrik matritsa quriladi, juft-jufti bilan taqqoslash uchun esa quyidagi nisbatlar shkalasidan foydalaniladi:
Baholash parametrlarining muhimligi
“1-9”
Bir xil muhimlik
1.
Sezilarsiz ustunlik
3.
Sezilarli ustunlik
5.
Yaqqol ustunlik
7.
Mutlaq ustunlik
9.
2, 4, 6, 8 – oraliq miqdorlar.
kelgusida har bir mezon uchun quyidagi formula boʻyicha oʻlchov aniqlanadi:
W΄j — mezon oʻlchovi;
P — indekslar koʻpaytmasi;
aij — mezonning (indeksning) muhimligi;
n — mezonlar soni;
olingan oʻlchovlar quyidagi formula boʻyicha meʼyorlanadi:
Shunday tarzda olingan miqdorlar har bir mezonlarning yakuniy oʻlchov qiymatini ifodalaydi. Shundan keyin quyidagi harakatlar amalga oshiriladi:
har bir mezon boʻyicha har bir alternativa uchun ustuvorliklarni aniqlashning tavsiflangan tartib-jarayonlarini amalga oshirish oʻtkaziladi, har bir alternativaning oʻlchov miqdorlari aniqlanadi;
har bir alternativaning narx belgilovchi omillar oʻlchovlarining koʻpaytmalari summasiga teng boʻlgan hamda ularning har bir omillar boʻyicha alternativalari oʻlchovlariga muvofiq boʻlgan yakuniy oʻlchovlarini hisoblash oʻtkaziladi;
alternativalar oʻlchovlari koʻpaytmalari summasiga teng boʻlgan va ularning oʻlchovlariga mos keluvchi bozor qiymatini hisoblash oʻtkaziladi.
VI bob. Baholash toʻgʻrisidagi hisobotni tuzish
114. Baholash toʻgʻrisidagi ishonchli hisobotni tayyorlashning zaruriy sharti uning quyidagi mezonlarni qanoatlantirishi hisoblanadi:
baholash toʻgʻrisidagi hisobotning baholash faoliyati toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari talablariga muvofiqligi;
baholash toʻgʻrisida hisobot foydalanuvchida baholash obyekti toʻgʻrisida uning qiymatiga taʼsir qiluvchi barcha muhim jihatlari haqida xolis tasavvurni shakllantirishi lozim;
baholash toʻgʻrisidagi hisobot foydalanuvchi mustaqil ravishda baholash obyekti qiymatini aniqlashning butun jarayonini (jumladan alohida koʻrsatkichlar hisobini) qaytara oladigan koʻrinishda taqdim qilinishi lozim;
baholash toʻgʻrisidagi hisobotda baholashning aniq yondashuvlarini, baholash usullarini va alohida koʻrsatkichlarni aniqlash usullarini tanlash aniq asoslangan boʻlishi lozim;
baholash toʻgʻrisidagi hisobotda foydalaniladigan maʼlumotlar tekshira olinadigan boʻlishi lozim, yaʼni hisobotda koʻrsatilgan barcha faktlarning ishonchliligini tekshirishning obyektiv imkoniyati mavjud boʻlishi lozim;
baholash toʻgʻrisidagi hisobotda baholash jarayonida eʼtiborga olingan barcha holatlar, farazlar, cheklovlar oʻzining aksini topgan boʻlishi lozim.
115. Baholash toʻgʻrisidagi hisobotning titul varagʻida quyidagilar koʻrsatiladi:
baholash toʻgʻrisidagi hisobotning roʻyxat raqami;
baholash obyektining nomi va aniqlanayotgan qiymat turi koʻrsatilgan ishning nomi;
aniqlanayotgan qiymati turi;
baholash sanasi;
baholash toʻgʻrisidagi hisobot tuzilgan sana;
buyurtmachi va baholovchining nomi.
116. Mundarijada baholash toʻgʻrisidagi hisobotning sahifalari raqamlari koʻrsatilgan barcha boʻlimlari va kichik boʻlimlari sarlavhalari sanab oʻtiladi.
117. Kuzatuv xat qisqacha shaklda tuziladi va quyidagi maʼlumotlarni oʻz ichiga olishi lozim:
Kuzatuv xat firma blankasida rasmiylashtiriladi, baholovchi tashkiloti rahbari tomonidan imzolanadi va muhr bilan (muhr mavjud boʻlgan taqdirda) tasdiqlanadi.
(117-bandning oʻninchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining Xususiylashtirish, monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasining 2016-yil 26-maydagi 01/27-26/38-sonli (roʻyxat raqami 2371-1, 01.06.2016-y.) qarori tahririda — OʻR QHT, 2016-y., 22-son, 259-modda)
118. “Umumiy maʼlumotlar” boʻlimi baholash toʻgʻrisidagi hisobotdan foydalanuvchiga oʻtkazilgan baholashning asosiy holatlarini qisqacha shaklda taqdim qilishga moʻljallangan. Boʻlimda quyidagi maʼlumotlar koʻrsatiladi:
baholashni oʻtkazish uchun asos;
baholash sanasi;
baholash toʻgʻrisidagi hisobot tuzilgan sana;
baholash maqsadi va baholash natijalaridan moʻljallangan foydalanish;
aniqlanayotgan qiymat turi;
baholash obyektining yakuniy qiymati;
axborot olish manbalari;
baholash boʻyicha ishlarni oʻtkazishda va NMA va IMOni baholash toʻgʻrisidagi hisobotni tayyorlashda foydalanilgan normativ hujjatlar va standartlar;
ishni bajargan baholovchi(lar) toʻgʻrisidagi maʼlumotlar;
NMA va IMOning egasi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar.
119. “Qabul qilingan farazlar va cheklovchi shartlar” boʻlimi baholash obyekti qiymatini aniqlashga asos boʻlgan shartlar toʻgʻrisidagi axborotdan iboratdir. Ushbu shartlar baholash obyekti va foydalanilayotgan axborotni ishlatish bilan bogʻliq holatlardan (qonunchilik, miqdor va sifat tavsiflari) kelib chiqib, umumiy qabul qilingan shartlardan farq qilishi mumkin.
120. “Baholash obyektining tavsifi” boʻlimi baholash obyektining sifat va miqdor jihatlarini tavsiflash uchun moʻljallangan va quyidagi axborotni oʻz ichiga oladi:
baholash obyektining toʻliq nomi (obyekt turi: nomoddiy aktiv, intellektual mulk obyekti);
baholanayotgan huquqlar toʻgʻrisidagi axborot;
huquqlar egalari va mualliflar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar;
baholanayotgan obyektning huquqiy muhofazasi toʻgʻrisidagi axborot, muhofaza qiluvchi hujjat va uning amal qilish muddati koʻrsatilgan holda, agarda mavjud boʻlsa;
baholash obyektidan ishlab chiqarish faoliyatida foydalanishning boshlanishi muddatlari toʻgʻrisidagi axborot;
ishlab chiqarishga tayyorligi darajasi toʻgʻrisidagi axborot;
baholash obyektining oʻzini hamda uning foydaliligini yanada batafsilroq tushunish imkonini beruvchi baholash obyektining texnik-iqtisodiy tavsiflari;
baholash obyektidan foydalaniladigan texnik (isteʼmolchilik), ekspluatatsion, ekologik va iqtisodiy koʻrsatkichlariga ega boʻlgan mahsulotlar, xizmatlarning tavsiflari;
baholash obyektini taʼriflovchi boshqa tavsiflar.
121. “Baholash obyekti bozorining tahlili” boʻlimi baholash obyekti qiymatiga taʼsir etadigan bozordagi vaziyat omillarining tahlilidan iborat.
122. Bozorning haqiqiy vaziyatini tushunish uchun ushbu boʻlimda yalpi ichki mahsulotning hajmi, iqtisodiyotning asosiy tarmoqlari ishlab chiqarishi hajmi, mintaqa iqtisodiyotining tuzilishi, isteʼmolchilik narxlari indeksi, aholining daromadlari darajasi va boshqalar singari koʻrsatkichlarni koʻrib chiqish bilan mintaqadagi umumiy iqtisodiy rivojlanish va ijtimoiy-iqtisodiy vaziyatning qisqacha sharhi nazarda tutilgan boʻlishi lozim.
123. Intellektual mulk va nomoddiy aktivlar bozori rivojlanmagan boʻlishi mumkin, va koʻpincha baholash obyekti uchun analogni tanlab olish bunday obyektlar bilan bitimlar toʻgʻrisidagi axborot yopiq boʻlganligi sababli amalda ilojsizdir. Bunday holatlarda NMA va IMOdan foydalangan holda ishlab chiqarilgan oxirgi mahsulot bozorini tahlil qilishga yoʻl qoʻyiladi. Baholanayotgan NMA va IMO ishlatiladigan sanoat tarmogʻi, shuningdek rivojlanishi baholashda qoʻllanilayotgan alohida koʻrsatkichlarning hisob-kitoblariga taʼsir koʻrsatishi mumkin boʻlgan turdosh tarmoqlar va moliyaviy bozorlar tahlil qilinadi.
124. NMA va IMOni, NMA va IMOdan tashkil topgan mahsulotni yoki NMA va IMOdan foydalaniladigan ishlab chiqarishlarni sotish bozorini aniqlashda baholash obyektining funksional belgilari va (yoki) qoʻllanish usuliga koʻra qoʻllanish sohasi va yoʻnalishlari, sotish geografiyasi, sotish bozorining hajmi, raqobatlashuvchi tovarlarning sotilish hajmi, baholash obyekti uchun eng maqbul yoki kafolatlangan sotish hajmi aniqlanishi zarurdir.
baholash yondashuvlari va usullarining qisqacha sharhi;
baholash yondashuvlari va usullarini tanlash va ularning qoʻllanilishini asoslash yoki baholashning biron-bir yondashuvidan foydalanish rad etilganligini asoslash.
126. Aniq NMA va IMOni baholash usullarini tanlash baholovchi tomonidan mustaqil ravishda hisoblashlarni oʻtkazish uchun zarur boʻlgan boshlangʻich maʼlumotlar bor-yoʻqligidan, shuningdek ushbu aniq shartlar uchun ushbu usulning oʻrinliligi (qoʻllash mumkinligi) mulohazalaridan kelib chiqqan holda aniqlanadi.
127. “Hisob-kitoblar qismi” boʻlimi xarajat, daromad va qiyosiy yondashuvlar doirasida tegishli hisob-kitoblar keltirilgan qoʻllanilgan usullarning tavsifidan iboratdir.
128. “Baholash obyektining yakuniy qiymatini aniqlash” boʻlimi quyidagilardan iborat:
baholashning foydalanilgan yondashuvlari doiralarida olingan natijalarni muvofiqlashtirish tartibi va usullarining qisqacha tavsifi;
natijalar tafovutlarini tekshirish, olingan tafovutlar sababini tahlil qilish;
qoʻllanilgan baholash yondashuvlarining yaroqliligi, aniqligi va asosliligiga nisbatan ahamiyatlilik mezonlarini tavsiflash;
baholash obyektining yakuniy qiymatini aniqlash.
129. Hisobotning ilovalarida hisob-kitoblar oʻtkazilishi va baholash obyektining qiymati toʻgʻrisidagi xulosalar qilishiga asos qilib olingan hujjatlar va materiallarning nusxalari keltirilishi lozim. Shuningdek, “Ilovalar” boʻlimi quyidagilardan iborat boʻlishi lozim:
baholash faoliyatini amalga oshirish huquqini beruvchi litsenziyaning nusxasi;
baholash toʻgʻrisidagi hisobotni tayyorlashda ishtirok etgan baholovchilarning malaka sertifikatlari nusxalari;
baholovchi tashkilotning fuqarolik javobgarliligining sugʻurta polisi nusxasi.
130. Baholash toʻgʻrisidagi hisobot baholash obyektining oʻziga xos xususiyatlari hamda baholash maqsadlariga qarab ushbu Uslubiy koʻrsatmalarda koʻrsatilmagan boshqa boʻlimlar va maʼlumotlardan ham iborat boʻlishi mumkin.
Baholash toʻgʻrisidagi hisobot raqamlangan va baholovchi (baholovchilar) tomonidan betma-bet imzolangan, tikilgan, shuningdek baholovchi tashkilot rahbarining imzosi va muhri bilan (muhr mavjud boʻlgan taqdirda) tasdiqlangan boʻlishi lozim.
(130-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining Xususiylashtirish, monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasining 2016-yil 26-maydagi 01/27-26/38-sonli (roʻyxat raqami 2371-1, 01.06.2016-y.) qarori tahririda — OʻR QHT, 2016-y., 22-son, 259-modda)
VII bob. Alohida obyektlarni baholashning xususiyatlari
131. Tijorat foydalarini olish uchun ishlatilmaydigan, asosan ekologik, ijtimoiy, ilmiy yoki taʼlim vazifalarini echishda foydalaniladigan noyob NMA va IMOlarni baholashda ularning bozor qiymatini baholashning yagona yondashuvi xarajat yondashuvi hisoblanadi.
132. Tovar belgisini baholashning xususiyatlari shundan iboratki, tovar belgisi kabi obyektlarni baholash uchun huquqlarning qiymatini belgilash uchun koʻrsatkichlarni tanlab olishda butun NMA va IMOning qiymatini baholash asoslanadigan fundamental tamoyillarga amal qilish tavsiya etiladi. Tovar belgisiga boʻlgan huquqlarning qiymati faqat ushbu huquqlardan mavjud yoki eng yaxshi foydalanishda ularning egasiga keltiriladigan daromadlar bilan aniqlanadi.
133. Tovar belgisini xarajat yondashuvi asosida baholashda xarajatlar sifatida quyidagi xarajatlar turlari hisobga olinadi:
tovar belgisini yaratish xarajatlari;
tovar belgisini huquqiy va boshqa muhofazasi xarajatlari;
baholanayotgan tovar belgisi ostidagi mahsulotlarning (xizmatlarning) marketing tadqiqotlari xarajatlari;
reklama tadbirlari xarajatlari.
134. Amaldagi tovar belgisini baholashdan oʻtkazish uchun tashkilotning soʻnggi bir necha yillar uchun moliyaviy hisobotlarining tahlili oʻtkaziladi. Bunda baholash toʻgʻrisidagi hisobotga “Faoliyatning moliyaviy koʻrsatkichlari tahlili” boʻlimi kiritiladi.
135. Tovar belgisidan olinadigan daromadlarni daromad yondashuvi doirasida baholashda quyidagi asosiy usullar qoʻllaniladi:
foydadagi ustunlik usuli;
ortiqcha foydalar usuli;
tovar belgisidan olinadigan qoʻshimcha daromadni ajratib olish usuli;
royaltidan ozod qilish usuli.
136. Daromad yondashuvidan foydalanishda, qoida tariqasida, tovar belgisi mahsulotlar (xizmatlar) qiymatini yaratishda boshqa aktivlar (koʻchmas mulk, asbob-uskuna va b.) bilan birgalikda ishtirok etishi taxmin qilinadi. Mashhur tovar belgisi oʻxshash tovarlarga boʻlgan oʻrtacha bozor narxi bilan taqqoslaganda narxni oshirish imkonini beradi. Aynan shu farq foydadagi ustunlik usulidan foydalanish asosida hisoblab chiqilishi mumkin boʻlgan tovar belgisidan foydalanish hisobiga yaratiladigan qiymat hisoblanadi. Baholovchidan rentabellilikning qoʻshimcha foizini hisoblash, tashkilotning sotuvlari prognozini tuzish va qoʻshimcha foydaning joriy summasini aniqlash talab qilinadi.
137. Ortiqcha foyda usuli iqtisodiy maʼno jihatidan avvalgi usulga oʻxshashdir, biroq, qoida tariqasida, gudvill qiymatini baholash uchun qoʻllaniladi. Undan, shuningdek tovar belgisini baholash uchun foydalanish ham mumkin. Asosiy farqi shundan iboratki, tashkilot tomonidan tovar belgisini ishlatishdan olinadigan qoʻshimcha foyda alohida tovarlar va xizmatlarga nisbatan emas, balki shaxsiy kapitaldan foydalanish rentabelliligini aniqlash yoʻli bilan hisoblab chiqiladi. Rentabellilikning hisoblab chiqilgan foizi oʻrtacha tarmoq foizi bilan solishtiriladi, olingan farq shaxsiy kapital miqdoriga koʻpaytiriladi — bu esa ortiqcha foyda yoki tovar belgisining bozor qiymatidir.
138. Tovar belgisidan olinadigan qoʻshimcha daromadni ajratib olish usuli bilan foydani (pul oqimini) topishda, qiymatni hisob-kitob qilish uchun quyidagi formuladan foydalaniladi:
P = Kad * Pei * Rate, bu yerda:
R — foyda (pul oqimi);
Kad — tovar belgisini qoʻllash bilan bogʻliq qoʻshimcha foydani inobatga oluvchi va tovar belgisi ostida mahsulotlar ishlab chiqarish (xizmatlar koʻrsatish) tavsifiga bogʻliq boʻlgan koeffitsiyent. Ushbu koeffitsiyentning qiymati mazkur Uslubiy koʻrsatmalarga 2-ilovada keltirilgan shkala boʻyicha aniqlanadi;
Pei — i-chi yilda sotilgan mahsulotlar (xizmatlar) hajmini i-chi yildagi mahsulotlar (xizmatlar) birligining ehtimoliy narxiga koʻpaytirish natijasi sifatida aniqlanadigan i-chi yildagi tovar belgisini ishlatishdan olingan tushum (yalpi foyda);
Rate — investitsiyalar uchun foyda meʼyori.
139. Xarajat yondashuviga muvofiq tovar belgisini baholashda boshlangʻich xarajatlar usulidan foydalanishda mos ravishda tovar belgisining uni yaratish xarajatlarini hisobga olishdagi xususiyatlarini tavsiflovchi bir qator koeffitsiyentlarni inobatga olish lozimdir.
140. Ushbu usul asosida tovar belgisining qiymati quyidagi formula boʻyicha hisoblanadi:
Val — tovar belgisi qiymati;
Ci — i-chi yilda qilingan tovar belgisini yaratish va rivojlantirish (shu jumladan dizayni, huquqiy muhofazasi, marketing, reklama va boshqalarga) xarajatlari;
n — tovar belgisidan foydalanish boshlangan paytdan boshlab baholash sanasiga qadar oʻtgan yillar soni;
KInd — xarajatlarni indeksatsiya qilish koeffitsiyenti;
Rate — investitsiyalar uchun foyda meʼyori;
Kt — tovar belgisidan foydalanish vaqti koeffitsiyenti;
Km — tovar aylanmasi hajmi boʻyicha aniqlanadigan tovar belgisidan foydalanishning koʻlamliligi koeffitsiyenti;
Ke — estetik qabul qilish koeffitsiyenti.
141. Koʻlamlilik va estetik qabul qilish koeffitsiyentlari qiymatlari mazkur Uslubiy koʻrsatmalarga 2-ilovada keltirilgan.
142. Tovar belgisidan foydalanish vaqti koeffitsiyenti quyidagi formula boʻyicha hisoblanishi mumkin:
Kt = 1 + FP/ LP, bu yerda:
Kt — tovar belgisidan foydalanish vaqti koeffitsiyenti;
FP — tovar belgisining haqiqiy xizmat muddati;
LP — tovar belgisining nominal xizmat muddati (muddatni 10 yil qilib koʻrsatish maqsadga muvofiq, chunki tovar belgisiga beriladigan guvohnoma shu muddat davriga, guvohnomaning muddatini uzaytirishni hisobga olmagan holda beriladi).
143. IMOga boʻlgan huquqlardan gʻayriqonuniy foydalanganligi uchun zararlar miqdori bunday obyektdan gʻayriqonuniy foydalanish natijasida kontrafakt mahsulotni ishlab chiqarish va/yoki sotish hajmlaridan kelib chiqqan holda IMOning huquq egasi va/yoki litsenziatning ololmagan foydaning (daromadning) toʻplanishi baholash protsedurasini qoʻllash orqali baholash sanasi holatiga aniqlanadi.
144. IMOdan gʻayriqonuniy foydalanilganligi oqibatidagi zarar deganda quyidagilar nazarda tutiladi:
huquqi buzilgan shaxs tomonidan qilingan yoki qilinishi lozim boʻlgan xarajatlar;
ushbu shaxs odatdagi fuqarolik muomalasi sharoitlarida, agarda uning huquqi buzilmaganda olishi mumkin boʻlgan (boy berilgan foyda), olinmagan daromadlar.
145. Huquq egasining xarajatlariga uning dalillar toʻplash bilan bogʻliq chiqimlari, turli xildagi ekspertizalar oʻtkazish (shu jumladan, zararni va boy berilgan foydani baholash boʻyicha) xarajatlari, sud xarajatlari, maʼmuriy chiqimlari (shu jumladan notarial tasdiqlatish) va boshqa xarajatlari kiradi. Xarajatlarning jamlangan miqdori tasdiqlovchi hujjatlarga asosan aniqlanadi.
146. Zararlar quyidagi formula boʻyicha aniqlanadi:
U = RU + MB, bu yerda:
U — zararlar;
RU — huquq egasining buzilgan huquqni tiklash boʻyicha haqiqiy yoki zaruriy xarajatlari (sud xarajatlari, turli turdagi ekspertizalarni oʻtkazishni qoʻshgan holda, shu jumladan qiymat ekspertizasini);
MB — qoidabuzarning daromadlari (MB1) yoki huquq egasi ololmagan daromadlar (MB2) bilan aniqlanadigan boy berilgan foyda.
147. Qoidabuzarning daromadlari bilan tavsiflanuvchi boy berilgan foyda quyidagi formula boʻyicha aniqlanadi:
MB1 = Cont * Rent, bu yerda:
MB1 — boy berilgan foyda;
Cont — fuqarolik muomalasiga baholash obyektiga boʻlgan huquqlarni buzgan holda kiritilgan kontrafakt mahsulotning (xizmatning) natural va qiymat ifodasidagi miqdori;
Rent — bir turdagi mahsulotning (xizmatning) sotuvlari rentabelliligi.
148. Huquq egasining ololmagan daromadlari bilan tavsiflanuvchi boy berilgan foyda quyidagi formula boʻyicha aniqlanadi:
MB2 = Incomef + Rekl/Sales * Cont, bu yerda:
MB2 — boy berilgan foyda;
Incomef — baholash obyektiga boʻlgan huquqlardan foydalanishning qiymat ifodasidagi huquq egasi (jabrlanuvchi) olishi mumkin boʻlgan, lekin uning baholash obyektiga boʻlgan huquqlari buzilganligi tufayli olinmagan potensial daromadi miqdori;
Rekl — huquq egasining baholash obyekti reklamasining t (oy, yil) vaqti uchun qiymat ifodasidagi hajmi;
Sales — huquq egasining oʻrtacha yillik tushumi.
149. Davlat daromadiga oʻtkazish lozim boʻlgan mulkni muomaladan chiqarish, sotish yoki yoʻq qilish maqsadlarida IMOdan iborat boʻlgan kontrafakt mahsulotni baholashda ularning qiymati oʻxshash litsenzion (kontrafakt boʻlmagan) IMOning baholash sanasi holatidagi oʻrtacha qiymatidan kelib chiqib ichki bozorning talab va taklif konyunkturasi boʻyicha mavjud maʼlumotlar asosida aniqlanadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Mulkni baholash milliy standarti (13-son MBMS) “Intellektual mulk obyektlari qiymatini baholash”ni qoʻllash boʻyicha Uslubiy koʻrsatmalarga 1-ILOVA
Erishilgan natijaning koeffitsiyenti (K1)
T/r
Erishilgan natija
Qiymat
1.
NMA (IMO) muayyan mahsulot (texnologik jarayon), retseptura va boshqalar uchun aniqlovchi hisoblanmagan ayrim berilgan ikkilamchi texnik tavsiflarga erishishga imkon beradi.
0,5
2.
NMA (IMO) hujjatlarda (texnik shartlar, yoʻriqnomalar, pasportlar va h. k.) qayd qilingan ayrim texnik tavsiflarga erishishga imkon beradi.
0,6
3.
Hujjatda qayd etilgan aniq mahsulot (texnologik jarayon) uchun aniqlovchi hisoblanuvchi asosiy texnik tavsiflarga erishish.
0,7
4.
NMA (IMO) hujjatda qayd etilgan mahsulotning (texnologik jarayonining) yangi asosiy texnik tavsiflariga erishishga imkon beradi.
0,8
5.
NMA (IMO) mashhur oʻxshash turlar orasida yuqori asosiy texnik tavsiflarga ega boʻlgan yangi mahsulotni (texnologik jarayonni) olishga erishishga imkon beradi
0,9
6.
NMA (IMO) xalq xoʻjaligida birinchi marta oʻzlashtirilgan va sifatli yangi texnik tavsiflarga ega boʻlgan yangi mahsulotni (texnologik jarayonni) olishga erishishga imkon beradi.
1
Hal qilingan texnik vazifaning murakkablik koeffitsiyenti (K2)
T/r
Texnik vazifani hal qilishning murakkabligi
Qiymat
1.
NMA (IMO) bir oddiy detalning konstruksiyasi bilan bogʻliq birgina oddiy yechimiga, oddiy jarayonning bir parametrining oʻzgarishiga, jarayonning bir operatsiyasiga, bir dasturga, retsepturaning bir ingrediyentiga, asosiy boʻlmagan uzelning, mexanizmning konstruksiyasiga, asosiy boʻlmagan parametrlarning, murakkab boʻlmagan jarayonlarning oʻzgarishiga, retsepturaning asosiy boʻlmagan ingrediyentlarining oʻzgarishi va hokazolar daxl qiladi.
0,6
2.
NMA (IMO) mashinalar uzellari, mexanizmlari, jarayonlar qismlarining, retseptura va h. k.larning qismlarining, yoki bir necha asosiy uzellar konstruksiyasi, texnologiyaning asosiy jarayonlari hamda retsepturaning (asosiy) qismi va h. k. bilan bogʻliq yechimlarga daxl qiladi.
0,7
3.
NMA (IMO) mashinalar, uskunalar, stanoklar, apparatlar, inshootlar, texnologik jarayonlar, retseptura va h. k.ning konstruksiyasi bilan bogʻliq yechimlarga toʻliq daxl qiladi.
0,8
4.
NMA (IMO) mashina, uskuna, stanok, apparat, murakkab kinematikali inshoot, radioelektron sxemali nazorat apparati konstruksiyasi bilan bogʻliq, kuchli mashinalar, dvigatellar, agregatlar, kompleks texnologik jarayonlar, murakkab retsepturalar, dasturlar majmui va h. k.lar bilan bogʻliq yechimlarga daxl qiladi.
0,9
5.
NMA (IMO) yangi turdagi asbob-uskunalardan, yangi boshqaruv va tartibga solish tizimlaridan, yangi murakkab kompleks texnologik jarayonlaridan, yangi dasturiy majmualardan, alohida murakkablikdagi yangi retsepturadan va boshqalardan iborat boʻlgan mashinaning, apparatning, avtomatik uzluksiz liniyalarini nazorat qilish murakkab tizimiga ega inshootning konstruksiyasi bilan bogʻliq yechimlarga daxl qiladi.
1,1
6.
NMA (IMO) asosiy tarzda fan va texnikaning yangi boʻlimlariga taalluqli alohida murakkablikdagi konstruksiyalar, texnologik jarayonlar va retsepturalar bilan bogʻliq boʻlgan yechimlarga daxl qiladi.
1,25
Yangilik koeffitsiyenti (K3)
T/r
Yangilik
Qiymat
1.
Baholanayotgan NMA (IMO)ning yangiligi mashhur texnik yechimlar va vositalarni yangi vazifasi boʻyicha qoʻllashdan iborat.
0,5
2.
Baholanayotgan NMA (IMO)ning yangiligi berilgan texnik natijani taʼminlovchi, yaʼni prototip bilan taqqoslaganda ajralib turuvchi xususiyatlari mashhur elementlar orasidagi yangi aloqalarga, operatsiyalarning oʻzgacha izchilligiga yoki ingrediyentlarning oʻzgacha �oizli tarkibiga ishora qiluvchi koʻrsatmalarga ega boʻlgandagi mashhur texnik yechimlarning yangi majmuidan iborat.
0,6
3.
NMA (IMO) shunday vazifani hal qiluvchi, lekin hujjatda qayd etilgan ajralib turuvchi oʻziga xos belgilari boʻlgan prototipga ega.
0,7
4.
NMA (IMO) yangi vazifa yoki mashhur vazifa prinsipial tarzda yangi usul (pioner kashfiyot) bilan echiladigan, yaʼni prototipiga ega boʻlmagan, jiddiy farqlarning majmui bilan tavsiflanadi.
0,8
Oʻzbekiston Respublikasi Mulkni baholash milliy standarti (13-son MBMS) “Intellektual mulk obyektlari qiymatini baholash”ni qoʻllash boʻyicha Uslubiy koʻrsatmalarga 2-ILOVA
Tovar belgisini qoʻllash bilan bogʻliq qoʻshimcha daromadni hisobga oluvchi Kad koeffitsiyenti qiymati:
Kad = 0,1 gacha — yakka tartibda ishlab chiqarish;
K ad = 0,1-0,2 — kichik seriyali ishlab chiqarish;
K ad = 0,2-0,3 — seriyali ishlab chiqarish;
K ad = 0,3-0,4 — yirik seriyali ishlab chiqarish;
K ad = 0,4-0,5 — ommaviy ishlab chiqarish.
Ke estetik qabul qilish koeffitsiyenti qiymati:
Ke = 1,3 — 10 yildan ortiq ishlatishda, dunyo miqyosidagi isteʼmolchilar orasida mashhurlik;
Ke = 1,2 — 5 yildan ortiq ishlatishda, keng miqyosda taniqli boʻlish;
Ke = 1,1 — 5 yildan kam ishlatilganda, isteʼmolchilarning ishlab chiqaruvchi toʻgʻrisida barqaror tasavvuri;
Ke = 1,05 — kamida 3 yil ishlatilganda;
Ke = 1 — 1 yil mobaynida ishlatishda.
Tovar aylanmasining quyidagi hajmida tovar belgisining ishlatilishi koʻlamliligi Km koeffitsiyenti qiymati:
oyiga 10 ming AQSh dollarigacha Km = 1,0
oyiga 10 — 50 ming AQSh dollarigacha Km = 1,2
oyiga 50 — 100 ming AQSh dollarigacha Km = 1,4
oyiga 100 — 500 ming AQSh dollarigacha Km = 1,6
oyiga 500 ming AQSh dollaridan — 1 mln AQSh dollarigacha Km = 1,8
oyiga 1 mln AQSh dollaridan yuqori Km = 2,0
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2012-y., 25-son, 279-modda; 2016-y., 22-son, 259-modda)