Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mulkini boshqarish davlat qoʻmitasining
Qarori
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI MULKNI BAHOLASh MILLIY STANDARTI (9-SON MBMS) “BIZNES QIYMATINI BAHOLASh”NI TASDIQLASh HAQIDA
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2009-yil 28-oktabrda 2026-son bilan davlat roʻyxatidan oʻtkazildi]
LexUZ sharhi
Mazkur qaror Oʻzbekistan Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi direktorining 2020-yil 1-maydagi 01/11-15/62-sonli “Oʻzbekiston Respublikasining Yagona milliy baholash standartini tasdiqlash haqida”gi buyrugʻiga (roʻyxat raqami 3239, 04.06.2020-y.) asosan 2020-yil 5-sentabrdan oʻz kuchini yoʻqotadi.
1. Oʻzbekiston Respublikasi Mulkni baholash milliy standarti (9-son MBMS) “Biznes qiymatini baholash” ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligida davlat roʻyxatiga olingan vaqtdan boshlab oʻn kundan soʻng kuchga kiradi.
Davlat mulkini boshqarish davlat qoʻmitasi raisi D. MUSAYEV
Toshkent sh.,
2009-yil 6-oktabr,
01/19-18/19-son
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mulki qoʻmitasining 2009-yil 6-oktabrdagi 01/19-18/19-son qaroriga ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Mulkni baholash milliy standarti (9-son MBMS) “Biznes qiymatini baholash”
Mazkur Mulkni baholash Milliy standarti (9-son MBMS) Oʻzbekiston Respublikasi “Baholash faoliyati toʻgʻrisida”gi Qonuniga (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1999-y., 9-son, 208-modda), Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2008-yil 24-apreldagi PQ-843-sonli “Baholovchi tashkilotlar faoliyatini yanada takomillashtirish va koʻrsatilayotgan xizmatlar sifati uchun ularning masʼuliyatini oshirish toʻgʻrisida”gi Qaroriga (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2008-y., 18-son, 145-modda) muvofiq Oʻzbekiston Respublikasidagi baholash faoliyatini normativ jihatdan tartibga solinishini belgilaydi.
I-bob. Umumiy qoidalar
1. 9-son MBMSning maqsadi biznes qiymatini baholashning atama va tushunchalarni, axborotga qoʻyiladigan talablarni, baholashni amalga oshirish tartibini, baholash yondashuvlari va usullarini, baholash natijalarini rasmiylashtirishga qoʻyiladigan talablarni oʻrnatuvchi normalari va qoidalarini belgilashdir.
2. 9-son MBMSda quyidagi atamalar va tushunchalar qoʻllaniladi:
pul oqimi — muayyan davr mobaynida aktiv, aktivlar guruhi, korxona tomonidan yaratiladigan pul mablagʻlari oqimi;
investitsiyalangan kapitalga olingan pul oqimi (qarzsiz pul oqimi) — korxona faoliyati moliyalashtirilganidan va zarur kapital qoʻyilmalar amalga oshirilganidan soʻng aksiyadorlar va investorlarga toʻlanadigan pul oqimi;
xususiy kapitalga olingan pul oqimi (qarzli pul oqimi) —korxona faoliyati moliyalashtirilganidan, kapital qoʻyilmalar amalga oshirilganidan va qarzli moliyalashtirish hajmlari oʻzgarganidan soʻng qoladigan, aksiyalarni saqlovchilarga yoʻnaltiriladigan pul oqimi;
farazlar — haqqoniy deb hisoblanadigan taxminlar. Farazlar baholash obyektiga taʼsir etadigan faktlar, shartlar yoki vaziyatlarni yoki baholashga nisbatan tekshirish va tasdiqlash mumkin boʻlmagan yondashuvlarni oʻz ichiga oladi;
yopiq korxona — aksiyalarga ega boʻlmagan yoki aksiyalari ochiq bozorda sotilmaydigan va ishtirokchilari soni qonun hujjatlariga muvofiq cheklangan korxona;
nazorat — korxonani boshqarishga va uning siyosatiga taʼsir koʻrsatish imkoniyati;
nazorat ulushi — mulkdagi (korxona ustav fondidagi) ulush boʻlib, uning egasiga korxona ustidan nazorat qilish imkoniyatini taʼminlaydi;
multiplikator — korxonaning narxi yoki oʻzgacha qiymat asosi va uning faoliyatini tavsiflovchi moliyaviy, ishlab chiqarish yoki ashyoviy koʻrsatkich oʻrtasidagi nisbatni koʻrsatuvchi koeffitsiyent;
cheklovchi shartlar — qonunchilik, buyurtmachi yoki baholovchi baholashga qoʻygan cheklashlar;
ochiq korxona — aksiyalari ochiq bozorda sotiladigan va ishtirokchilari soni qonun hujjatlariga muvofiq cheklanmagan korxona;
diskontlash stavkasi — boʻlgʻusi pul tushumlarini joriy qiymatga aylantirish uchun foydalaniladigan iqtisodiy samara stavkasi;
kapitallashtirish stavkasi — muayyan davr uchun daromad miqdorini qiymatga aylantirish uchun foydalaniladigan, qoida tariqasida, foiz hisobida ifodalanadigan boʻluvchi;
joriy qiymat — muayyan sanada tegishli diskontlash stavkasidan foydalanib keltirilgan boʻlgʻusi daromadlar qiymati.
II-bob. Qoʻllanish sohasi
3. 9-son MBMSda biznes (korxona) deganda tadbirkorlik faoliyatini amalga oshiradigan tijorat tashkiloti tushuniladi.
4. Quyidagilar 9-son MBMS qoidalari tatbiq etiladigan baholash obyektlari hisoblanadi:
biznes (korxona);
biznesdagi mulk ulushlari.
5. 9-son MBMS baholovchi tashkilotlar, baholovchilar hamda baholash xizmatlarining buyurtmachilari uchun moʻljallangan va biznes (korxona) yoki biznesdagi mulk ulushi qiymatini baholash boʻyicha xizmatlar koʻrsatishda va biznes qiymatini yoki biznesdagi mulk ulushini baholash toʻgʻrisidagi hisobotlarning ishonchliligini tekshirishda qoʻllanilishi majburiydir.
Bir paytning oʻzida bir korxonaning davlatga tegishli boʻlgan aksiyalari (ulushlari) va davlatga tegishli boʻlmagan aksiyalari (ulushlari) baholanishi kerak boʻlgan taqdirda baholash Oʻzbekiston Respublikasi Mulkni baholash milliy standarti (8-son MBMS) “Xususiylashtirish maqsadida mulk qiymatini baholash” (roʻyxat raqami 2025, 2009-yil 28-oktabr) talablariga muvofiq amalga oshiriladi.
(5-band Oʻzbekiston Respublikasi Xususiylashtirilgan korxonalarga koʻmaklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasining 2017-yil 16-maydagi 01/27-26/07-sonli (roʻyxat raqami 2026-2, 19.05.2017-y.) qaroriga asosan xatboshi bilan toʻldirilgan — OʻR QHT, 2017-y., 20-son, 376-modda)
6. 9-son MBMS xususiylashtirish maqsadida korxonani (korxonadagi mulk ulushini) baholashda, shuningdek xususiylashtirish maqsadida korxonani (korxonadagi mulk ulushini) baholash toʻgʻrisidagi hisobotlarning ishonchliligini tekshirishda qoʻllanilmaydi.
7. 9-son MBMSni amaliyotda qoʻllashda ushbu 9-son MBMSning ilovasida keltirilgan Uslubiy koʻrsatmalardan foydalanish lozim.
III-bob. Buxgalteriya hisobi standartlari bilan aloqadorlik
8. Biznes qiymatini aniqlashda buxgalteriya hisobi va moliyaviy hisobot maʼlumotlari asosiy axborot manbai hisoblanadi va baholash taomillari, yondashuvlari va usullarini tanlashga, shuningdek yakuniy qiymat haqidagi xulosaga jiddiy taʼsir koʻrsatishga qodir.
9. Buxgalteriya hisobi milliy standartlari va mulkni baholash milliy standartlari koʻzlaydigan maqsadlardagi tushunchalar apparatida, qiymatni aniqlash va aktivlar hisobini yuritishning turli xil usullarida ifodalanadigan farqlar buxgalteriya hisobi va moliyaviy hisobot maʼlumotlariga ulardan kelgusida biznes qiymatini aniqlashda foydalanish uchun tuzatishlar kiritish zaruriyatini belgilaydi.
10. Baholovchi buxgalteriya hisobi atamalaridan foydalanganda, ularning mazmunini baholash toʻgʻrisidagi hisobotda yoritib berishi lozim.
IV-bob. Standart talablari
11. Biznes (korxona) qiymatini baholash quyidagi bosqichlardan tarkib topadi:
baholash haqidagi vazifani belgilash va baholash obyektini baholash toʻgʻrisida shartnoma tuzish;
axborot yigʻish va uni tahlil qilish;
baholash yondashuvlari va usullarini tanlash, asoslash va qoʻllash;
baholash natijalarini, qoʻllanilgan baholash yondashuvlarini muvofiqlashtirish va baholash obyektining yakuniy qiymatini aniqlash;
baholash toʻgʻrisidagi hisobotni tuzish.
1-§. Baholash haqida vazifani belgilash
12. Baholash haqidagi vazifa buyurtmachi tomonidan baholovchi tashkilot bilan hamkorlikda tuziladi va baholash obyektini baholash toʻgʻrisidagi shartnomaga ilova sifatida rasmiylashtiriladi. Baholash haqidagi vazifada quyidagilar koʻrsatilishi lozim:
baholash obyektining nomi va tavsifi;
baholash sanasi;
baholash maqsadi (maqsadlari) va baholash natijalaridan foydalanish moʻljali;
baholash maqsadiga muvofiq boʻlgan qiymat turi;
farazlar va cheklovchi shartlar;
buyurtmachi yoki oʻzga vakolatli shaxs taqdim etishi lozim boʻlgan boshlangʻich axborot roʻyxati;
baholash ishlarini bajarish muddatlari.
Baholash maqsadiga va baholash obyektining xususiyatlariga qarab baholash haqidagi vazifa qoʻshimcha shartlarni oʻz ichiga olishi mumkin.
13. Baholash obyektining tavsifi quyidagilarni oʻz ichiga olishi lozim:
xususiy kapitali (mulk ulushi) baholanayotgan korxona nomini;
baholanayotgan korxona ustav fondidagi mulk ulushining bu ulush nisbiy va mutlaq qiymatlari koʻrsatilgan hajmini, aksiyadorlik jamiyatlarini baholashda esa, bunga qoʻshimcha ravishda baholanayotgan aksiyalar miqdori va turini;
korxonaning joylashgan manzili, tashkiliy-huquqiy shakli va qaysi tarmoqqa mansubligi haqidagi maʼlumotlarni;
korxona ustav fondining hajmi va tuzilishi haqidagi axborot, shu jumladan ustav fondidagi ulushlarning taqsimlanishi, chiqarilgan va eʼlon qilingan oddiy va imtiyozli aksiyalar miqdori haqidagi qisqacha maʼlumotlarni;
baholash obyektiga boʻlgan mulkiy huquqlar tavsifini va koʻrsatilgan huquqlarga doir cheklashlar va majburiyatlar haqidagi maʼlumotlarni.
14. Baholash maqsadi sifatida buyurtmachi baholash natijalaridan yoki baholash toʻgʻrisidagi hisobotdan nima uchun foydalanishni moʻljallayotgani koʻrsatiladi.
15. Biznes (korxona) yoki undagi mulk ulushi qiymatini baholashda, agar baholash obyektini baholash toʻgʻrisidagi shartnomada yoki baholash obyektini baholash qaysi normativ hujjatga muvofiq amalga oshirilayotgan boʻlsa, shu normativ hujjatda oʻzgacha tartib oʻrnatilgan boʻlmasa, baholash obyektining bozor qiymati aniqlanishi lozim. Bozor qiymatidan boshqacha qiymat aniqlanishi lozim boʻlgan holatlarda qoʻllanish sabablari hamda aniqlanayotgan qiymat va bozor qiymati oʻrtasidagi farqlar baholash toʻgʻrisidagi hisobotda bayon etilishi va yoritib berilishi lozim.
2-§. Axborot yigʻish va uni tahlil qilish
16. Baholovchi baholash yondashuvlari va usullarini asosli ravishda tanlash va qoʻllash uchun zarur va yetarli boʻlgan hajmda baholash obyekti haqida axborot va bozor haqida axborotni yigʻish va tahlil qilishni amalga oshiradi.
17. Quyidagilar baholash obyekti haqidagi axborot manbalari hisoblanadi:
buyurtmachi yoki oʻzga vakolatli shaxs tomonidan taqdim etiladigan boshlangʻich axborot;
baholovchi korxonani koʻzdan kechirish jarayonida hamda korxona rahbariyati va mutaxassislari bilan suhbatlashish natijalariga koʻra olgan axborot;
uchinchi shaxslar va tashkilotlardan olingan, shuningdek, ommaviy axborot vositalari va Internet tarmogʻida eʼlon qilingan axborot.
18. Boshlangʻich axborot quyidagilarni oʻz ichiga olishi lozim:
baholash sanasida kiritilgan barcha oʻzgartish va qoʻshimchalarni oʻz ichiga olgan korxona ustavi nusxasini;
yuridik shaxsni davlat roʻyxatidan oʻtkazish toʻgʻrisidagi guvohnoma nusxasini;
baholanishi lozim boʻlgan korxona ustav fondidagi ulush, shu jumladan huquqlar, imtiyozlar va shartlar, miqdor koʻrsatkichlari, nazoratga taʼsir etadigan omillar va sotish yoki topshirishni cheklaydigan bitimlar haqidagi maʼlumotlarni;
korxona, uning tarixi, rejalari va rivojlanish imkoniyatlari haqidagi umumiy maʼlumotlarni;
korxonaning tashkiliy tuzilishi haqidagi maʼlumotlarni;
korxona mulkining tarkibi haqidagi maʼlumotlarni;
oʻtgan va joriy davrlar uchun korxona moliyaviy hisobotini;
asosiy faoliyat haqidagi maʼlumotlarni (daromadlar va xarajatlar tuzilishi);
boshqa turdagi faoliyat haqida maʼlumotlarni (daromadlar va xarajatlar tuzilishi);
oʻtgan va joriy davrlar uchun dividendlar toʻlash haqidagi maʼlumotlarni.
Taqdim etilayotgan boshlangʻich axborot korxona rahbariyatining imzosi va muhri bilan (muhr mavjud boʻlgan taqdirda) tasdiqlanishi lozim va shu holdagina haqiqiy hisoblanadi.
(18-bandning oʻn uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining Xususiylashtirish, monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasining 2016-yil 26-maydagi 01/27-26/35-sonli (roʻyxat raqami 2026-1, 01.06.2016-y.) qarori tahririda — OʻR QHT, 2016-y., 22-son, 256-modda)
Baholash maqsadiga va baholash obyektining xususiyatlariga qarab, baholovchi boshlangʻich axborot roʻyxatini kengaytirishi yoki baholashni amalga oshirish jarayonida kerakli axborotni talab qilib olishi mumkin.
19. Baholovchi qoʻshimcha ravishda bozor haqida quyidagi axborotni yigʻishi va tahlil qilishi lozim:
milliy iqtisodiyotning holati va uning mazkur korxonaga taʼsiri haqidagi maʼlumotlarni oʻz ichiga olgan makroiqtisodiy axborotni;
korxona joylashgan mintaqa haqidagi axborotni;
korxona mansub boʻlgan bozor va (yoki) bozor segmenti haqidagi axborotni.
20. Yigʻilgan axborot asosida baholovchi koʻrib chiqilayotgan davr uchun korxona moliyaviy hisoboti maʼlumotlarini tahlil qilishni amalga oshirishi lozim. Ushbu tahlil buxgalteriya balanslarini, moliyaviy natijalar haqidagi hisobotlarni va moliyaviy koeffitsiyentlarning asosiy toifalarini tahlil qilishni oʻz ichiga oladi.
Zarur holda baholovchi tarmoqning oʻxshash korxonalari yoki tarmoq boʻyicha oʻrtacha koʻrsatkichlar bilan qiyosiylikka va korxona pul oqimlarini prognoz qilishda qoʻllanishga yaroqlilikka erishish uchun moliyaviy hisobotni meʼyorga solishni — baholanayotgan biznes qiymatiga jiddiy taʼsir koʻrsatadigan koʻrsatkichlar boʻyicha tuzatish kiritishni amalga oshiradi. Tuzatishlarni kiritish uchun asoslar va ularning qoʻllanishi baholash toʻgʻrisidagi hisobotda keltirilishi lozim.
3-§. Baholash yondashuvlari va usullarini tanlash, asoslash va qoʻllash
21. Baholash obyektini baholashni amalga oshirishda baholovchi baholashning daromad haqida, qiyosiy va xarajat haqida yondashuvlaridan foydalanishi (yoki foydalanishdan voz kechish sabablarini asoslashi) lozim.
22. Har bir baholash yondashuvi doirasida 9-son MBMSda belgilangan usullarni tanlashni baholovchi baholash maqsadi, baholash obyektining xususiyati va rivojlanish imkoniyatlari, cheklovchi shartlar, axborot bazasi mavjudligi va uning toʻliqligini hisobga olib mustaqil amalga oshiradi.
23. Baholash obyekti qiymatini daromad yondashuvi bilan baholash uchun baholovchi baholash obyektidan kutilayotgan daromadlarni baholash sanasida qiymatning yagona miqdoriga oʻzgartirishga asoslangan quyidagi usullardan birini qoʻllaydi:
pul oqimlarini diskontlash usuli — baholash obyekti qiymati baholash sanasida diskontlash stavkasi boʻyicha keltirilgan prognoz davridagi va prognoz davridan keyingi pul oqimlarini qoʻshish yoʻli bilan aniqlanadi;
daromadni kapitallashtirish usuli — baholash obyekti qiymati ayrim davr mobaynida olingan daromad miqdorini shu daromadga muvofiq boʻlgan kapitallashtirish stavkasiga boʻlish yoʻli bilan aniqlanadi.
24. Pul oqimlarini diskontlash usulini qoʻllashda baholovchi:
pul oqimi turini tanlashi;
prognoz davri muddatini belgilashi;
daromadlar va xarajatlarni tahlil va prognoz qilishni amalga oshirishi;
prognoz davrining har bir bosqichi uchun pul oqimi hajmini hisoblashi;
diskontlash stavkasini aniqlashi;
baholash obyekti qiymatining prognoz davridan keyingi hajmini hisoblashi;
baholash obyektining joriy qiymatini hisoblashi;
yakuniy tuzatishlar kiritishi lozim.
25. Korxona kapitalining tuzilishiga (xususiy kapital va jalb qilingan kapitalning oʻzaro nisbatiga) qarab, baholovchi xususiy kapitalga olingan pul oqimidan yoki investitsiyalangan kapitalga olingan pul oqimidan foydalanadi. Bu pul oqimlari soliq toʻlanishidan oldingi yoki soliq toʻlanganidan keyingi holatga koʻra, nominal yoki real summalarda hisoblanadi.
26. Tugaganidan soʻng:
yo korxona daromadining oʻzgarish surʼatlarini barqarorlashtirish;
yo korxonani sotish yoki tugatish moʻljallanayotgan davr prognoz davri sifatida olinadi.
27. Xususiy kapitalga olingan pul oqimi uchun diskontlash stavkasi quyidagi usullardan biri yordamida hisoblanadi:
kapital aktivlarni hisoblash usuli;
kumulyativ tuzish usuli;
diskontlangan pul oqimini tahlil qilish usuli.
Investitsiyalangan kapitalga olingan pul oqimiga diskontlash stavkasini hisoblash uchun kapitalning oʻrtacha oʻlchangan qiymati usuli qoʻllaniladi.
Diskontlash stavkasi tanlangan pul oqimiga muvofiq boʻlishi lozim.
28. Baholash obyektining prognoz davri tugaganidan keyingi qiymatini aniqlash quyidagi usullardan biri yordamida amalga oshiriladi:
agar pul oqimlarini barqarorlashtirish moʻljallanayotgan boʻlsa, prognoz davri tugaganidan keyin birinchi yil pul oqimini Gordon modeliga muvofiq kapitallashtirish yoʻli bilan;
agar prognoz davri tugaganidan keyin biznesni sotish moʻljallanayotgan boʻlsa, sof aktivlar qiymati boʻyicha yoki moʻljallanayotgan qayta sotish narxi boʻyicha;
agar prognoz davri tugaganidan keyin biznesni tugatish moʻljallanayotgan boʻlsa, tugatish qiymati boʻyicha.
29. Baholash obyektining joriy qiymati prognoz davri pul oqimlarining joriy qiymatlari va biznesning prognoz davri tugaganidan keyingi joriy qiymati yigʻindisi sifatida hisoblanadi.
30. Baholovchi quyidagi yakuniy tuzatishlarni kiritadi (yoki kiritishdan voz kechish sabablarini asoslaydi):
pul oqimini shakllantirishda ishga solinmagan aktivlar mavjudligiga;
xususiy aylanma kapitalning ortiqchaligi yoki taqchilligiga;
agar baholash obyekti mulkdagi ulush boʻlsa, nazorat va likvidlik darajasiga.
oʻtgan davrdagi va joriy moliyaviy hisobotni tahlil qilish va zarur holda uni meʼyorga solishni amalga oshirishi;
kapitallashtiriladigan daromad turi va hajmini tanlashi;
kapitallashtirish stavkasini hisoblashi;
baholash obyektining joriy qiymatini aniqlashi;
yakuniy tuzatishlar kiritishi lozim.
32. Daromadning quyidagi turlaridan biri kapitallashtiriladigan daromad sifatida olinadi:
sof daromad;
soliqlar toʻlangunga qadar boʻlgan daromad;
realizatsiyadan kelgan tushum;
sof pul oqimi;
dividendlar.
Daromad nominal yoki real summalarda hisoblanadi.
33. Kapitallashtirilishi lozim boʻlgan daromad hajmi sifatida baholash sanasidan keyingi yil uchun boʻlgʻusi daromad hajmi olinadi va u quyidagi usullardan biri bilan hisoblanadi:
joriy daromadlar usuli bilan;
daromadning oddiy oʻrtacha hajmini hisoblash usuli bilan;
daromadning oʻrtacha oʻlchangan hajmini hisoblash usuli bilan;
trend usuli (statistik usul) bilan.
34. Kapitallashtirish stavkasi tanlangan daromad turiga muvofiq boʻlishi lozim va u:
oʻxshash obyektlar boʻyicha bitimlar yoki takliflar haqida maʼlumotlar mavjud boʻlgan holda bozor ekstraksiyasi usuli bilan;
diskontlash stavkasida daromad oʻzgarishining doimiy surʼatini hisobga olish yoʻli bilan hisoblanadi.
35. Baholash obyektining qiymati daromadning tanlangan hajmini kapitallashtirish stavkasiga boʻlish yoʻli bilan hisoblanadi.
36. Baholovchi quyidagi yakuniy tuzatishlarni kiritadi (yoki kiritishdan voz kechish sabablarini asoslaydi):
daromadni shakllantirishda ishga solinmagan aktivlar mavjudligiga;
agar baholash obyekti mulkdagi ulush boʻlsa, nazorat va likvidlik darajasiga.
37. Baholash obyekti qiymatini qiyosiy yondashuv bilan baholash uchun baholovchi oʻxshash korxonalar yoki ulardagi mulk ulushlarining sotuv narxlarini taqqoslashga asoslangan quyidagi usullarni qoʻllaydi:
oʻxshash korxonalar aksiyalarining bozor narxlari tahliliga asoslangan kapital bozori usulini;
baholanayotgan biznesdagi mulk ulushlari bilan oldi-sotdi qilishga doir axborot tahliliga asoslangan baholanayotgan korxona boʻyicha bitimlar usulini;
oʻxshash tarmoq korxonalarini (yoki uning aksiyalarini) sotishdagi oʻzaro nisbatlari (multiplikatorlari) koʻrsatkichlaridan hamda ular faoliyatining asosiy koʻrsatkichlaridan foydalanishga asoslangan tarmoqlar oʻzaro nisbatlari usulini.
(37-bandning toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Xususiylashtirilgan korxonalarga koʻmaklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasining 2017-yil 16-maydagi 01/27-26/07-sonli (roʻyxat raqami 2026-2, 19.05.2017-y.) qarori tahririda — OʻR QHT, 2017-y., 20-son, 376-modda)
Axborotning mavjudligiga va mavjud axborotning toʻliqligiga qarab, baholovchi baholash obyektini baholash uchun qiyosiy yondashuvning bir yoki undan ortiq usullarini qoʻllaydi.
korxonalarni taqqoslash parametrlarini aniqlashi va multiplikatorlarni hisoblashni amalga oshirishi;
multiplikatorlar qiymatini tanlashni amalga oshirishi va baholash obyekti qiymatini aniqlashi;
yakuniy tuzatishlarni kiritishi lozim.
Oʻxshash korxona deb baholanayotgan korxonaga asosiy iqtisodiy koʻrsatkichlarga koʻra oʻxshash va ayni bir tarmoqqa mansub boʻlgan korxona hisoblanishi lozim.
39. Oʻxshash korxonalarni tanlash:
oʻxshash korxonalar yoki ularning aksiyalari (mulkdagi ulushlari)ning amaldagi sotuv narxlari haqidagi bozor axborotining;
oʻxshash korxonalar moliyaviy hisoboti va (yoki) ishlab chiqarish faoliyati koʻrsatkichlarining;
taqqoslanayotgan obyektlar oʻrtasidagi oʻxshashlik yoki farqni aniqlash va qiyosiylikni taʼminlash uchun zarur tuzatishlar kiritish imkoniyatini beradigan qoʻshimcha maʼlumotlarning tahlili asosida amalga oshiriladi.
Oʻxshash korxonalar yoki ularning aksiyalari (mulkdagi ulushlari)ning amaldagi sotuv narxlari haqida axborot boʻlmagan holda, savdo jarayonida narxning pasayishiga chegirma hisobga olingan holda taklif narxlari haqidagi axborotdan foydalanishga yoʻl qoʻyiladi.
40. Multiplikatorni hisoblash uchun:
oʻxshash korxonalar uchun sotuv narxini yoki oʻzgacha qiymat asosini aniqlash;
oʻxshash korxonalarning mos keladigan moliyaviy yoki boshqa xil koʻrsatkichlarni tanlash lozim.
Multiplikatorlarda hisobga olinadigan moliyaviy yoki boshqa xil koʻrsatkichlar baholanayotgan korxona va taqqoslanayotgan korxonalar uchun baholash sanasiga nisbatan ayni bir davrda yoki ayni bir davr uchun hisoblanishi lozim.
41. Baholash obyektining qiymati qiyosiy yondashuv yordamida multiplikatorlarning tanlangan qiymatlarini baholash obyektining tegishli moliyaviy yoki boshqa xil koʻrsatkichlariga koʻpaytirish orqali olingan natijalarni muvofiqlashtirish yoʻli bilan aniqlanadi.
42. Baholovchi quyidagi yakuniy tuzatishlarni kiritadi (yoki kiritishdan voz kechish sabablarini asoslaydi):
agar qiymat bazasi sifatida investitsiyalangan kapitaldan foydalanilgan boʻlsa, uzoq muddatli qarzdorlikka;
xususiy aylanma kapitalning taqchilligiga (ortiqchaligiga);
daromadni shakllantirishda ishga solinmagan aktivlar mavjudligiga;
ishlab chiqarishning noqulay diversifikatsiyasiga (portfel skidka);
likvidlikka (yopiq korxona ochiq analoglar boʻyicha baholangan holda);
nazorat darajasiga.
43. Biznes qiymatini xarajat yondashuvi bilan baholashda baholovchi baholash obyektini tiklash yoki almashtirish uchun zarur boʻlgan xarajatlarga asoslangan quyidagi usullardan birini qoʻllaydi:
sof aktivlar usuli — biznes qiymati korxona barcha aktivlarining bozor qiymatlari va uning majburiyatlari oʻrtasidagi tafovut sifatida aniqlanadi;
tugatish qiymati usuli — biznes qiymati korxona tugatilganda uning mulkdori olishi mumkin boʻlgan mulkning qiymati va tugatish xarajatlari oʻrtasidagi tafovut sifatida aniqlanadi.
44. Sof aktivlar usulini qoʻllaganda baholovchi:
korxonaning baholash sanasidagi oxirgi buxgalteriya balansi boʻyicha aktivlar va majburiyatlar tarkibini oʻrganishi;
balansda hisobga olinmagan aktivlar va majburiyatlar bor-yoʻqligini aniqlashi;
aktivlar va majburiyatlar bozor qiymati boʻyicha hisobga olinadigan baholash balansini tuzishi;
baholash balansiga muvofiq aktivlar summasining bozor qiymatini va majburiyatlar summasining bozor qiymatini aniqlashi;
korxona xususiy kapitali qiymatini aktivlarning bozor qiymatidan majburiyatlarning bozor qiymatini ayirish yoʻli bilan aniqlashi lozim.
Majburiyatlarning bozor qiymati, qoida tariqasida, ularning joriy qiymatiga tengdir.
45. Tugatish qiymati usulini qoʻllaganda baholovchi:
korxonaning baholash sanasidagi oxirgi buxgalteriya balansi boʻyicha aktivlar va majburiyatlar tarkibini oʻrganishi;
balansda hisobga olinmagan aktivlar va majburiyatlar bor-yoʻqligini aniqlashi;
korxona aktivlarining joriy qiymatini ularning bozor qiymati negizida (tegishli aktivga xos boʻlgan sotuv muddati bilan solishtirganda) qisqartirilgan sotuv muddatiga skidkani inobatga olgan holda hisoblashi;
tugatish xarajatlarini aniqlashi;
aktivlarning joriy qiymatidan tugatish xarajatlarini ayirib tashlashi va tugatish davrining operatsion daromadi (koʻrilgan zarar)ni (agar u mavjud boʻlsa) qoʻshishi (ayirishi);
korxona majburiyatlarining joriy qiymatini hisoblashi;
korxonaning tugatish qiymatini aktivlarning tuzatish kiritilgan joriy qiymati va korxona majburiyatlarining joriy qiymati oʻrtasidagi tafovut sifatida aniqlashi lozim.
4-§. Qoʻllanilgan yondashuvlar doirasida olingan natijalarni muvofiqlashtirish va baholash obyektining yakuniy qiymatini aniqlash
46. Baholash obyektining yakuniy qiymatini aniqlash uchun baholovchi qoʻllanilgan yondashuvlar doirasida olingan natijalarni muvofiqlashtirishni amalga oshiradi.
Turli xil yondashuvlar bilan olingan baholash natijalari oʻrtasida jiddiy tafovut mavjud boʻlsa, baholovchi olingan tafovut sabablarining tahlilini baholash toʻgʻrisidagi hisobotda keltirishi lozim. Baholash natijasining yuqori chegarasidan 30 foizdan ortiq qiymatga ega boʻlgan tafovut jiddiy tafovut deb hisoblanishi lozim.
47. Muvofiqlashtirish, qoida tariqasida, turli baholash yondashuvlari bilan olingan baholash natijalari uchun solishtirma oʻlchovlarni aniqlash orqali amalga oshiriladi, bunda baholovchi:
baholash maqsadini va baholash natijalaridan foydalanish moʻljalini;
baholanayotgan biznes va uning aktivlari xususiyatini;
qiymat turini;
baholash yondashuvlarini qoʻllashda foydalanilgan axborot hajmi va sifatini;
mulk ulushi baholangan holda — qoʻshimcha tarzda bu ulush hajmi, nazorat darajasi va likvidlikni hisobga olishi lozim.
48. Muvofiqlashtirish usuli va solishtirma oʻlchovlarning tanlanishi, shuningdek bunda baholovchining barcha mulohazalari va farazlari baholash toʻgʻrisidagi hisobotda asoslanishi lozim.
49. Baholash obyektining yakuniy qiymati pul hisobida yagona kattalik sifatida ifodalanishi lozim.
5-§. Baholash toʻgʻrisidagi hisobotni tuzish
50. Baholash natijalari baholash faoliyati toʻgʻrisidagi qonun hujjatlariga muvofiq tuzilgan va baholovchi tashkilotning baholash obyekti qiymati xususidagi yigʻilgan axborot va hisoblashlar asosida tasdiqlangan professional mulohazasini oʻz ichiga olgan baholash toʻgʻrisidagi hisobot sifatida rasmiylashtirilishi lozim.
51. Hisobot baholash milliy standartlari talablariga muvofiqlik haqidagi bayonotni va ulardan har qanday chetga chiqish haqidagi maʼlumotlarni oʻz ichiga olishi lozim.
52. Baholash toʻgʻrisidagi hisobotni tuzishda quyidagi qoidalarga rioya etish lozim:
baholash obyekti qiymatini aniqlash uchun yetarli boʻlgan barcha ochiq axborot hisobotda bayon etilishi lozim;
baholash toʻgʻrisidagi hisobotning mazmuni mazkur hisobotdan foydalanuvchilarni chalgʻitmasligi, shuningdek har xil talqinlarga yoʻl qoʻymasligi kerak;
baholash toʻgʻrisidagi hisobotda ifodalangan materiallar tarkibi va ketma-ketligi, baholash jarayoni tavsifi, hisoblashlar va ularga izohlar baholash toʻgʻrisidagi hisobotdan foydalanuvchiga qiymatni hisoblashni amalga oshirish imkoniyatini berishi va uni ayni shu natijalarga keltirishi lozim;
baholash jarayonida oraliq va yakuniy natijalarni aniqlashda foydalanilmagan axborot, agar u baholash faoliyati toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarining talablariga binoan majburiy boʻlmasa, baholash toʻgʻrisidagi hisobotda keltirilishi mumkin emas.
53. Biznes qiymatini baholash toʻgʻrisidagi hisobot quyidagi asosiy boʻlimlardan iborat boʻlishi lozim:
titul varagʻi;
mundarija;
umumlashtiruvchi qism (ilova xat);
baholash haqidagi vazifa hamda asosiy faktlar va xulosalar;
mamlakat va mintaqadagi umumiy iqtisodiy vaziyat tavsifi;
baholash obyekti mansub boʻlgan tarmoq va bozor tavsifi;
biznes (korxona) tavsifi;
korxona moliyaviy hisoboti maʼlumotlari tahlili;
baholash yondashuvlari va usullarining tanlanishi va qoʻllanilishi tavsifi;
baholash obyektining yakuniy qiymatini aniqlash;
ilovalar.
54. Baholash toʻgʻrisidagi hisobot baholovchi (baholovchilar) tomonidan sahifama-sahifa raqamlangan va imzolangan, ipdan oʻtkazilgan, shuningdek baholovchi tashkilot rahbarining imzosi va shu tashkilot muhri bilan (muhr mavjud boʻlgan taqdirda) tasdiqlanishi lozim.
(54-band Oʻzbekiston Respublikasining Xususiylashtirish, monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasining 2016-yil 26-maydagi 01/27-26/35-sonli (roʻyxat raqami 2026-1, 01.06.2016-y.) qarori tahririda — OʻR QHT, 2016-y., 22-son, 256-modda)
55. Baholash toʻgʻrisidagi hisobotga ilovalar baholovchi baholash toʻgʻrisidagi hisobotni tayyorlash jarayonida foydalangan hujjatlarning nusxalarini, shuningdek, baholovchi tashkilot litsenziyasi, baholovchilarning malaka sertifikatlari va fuqarolik majburiyati sugʻurta polisining nusxalarini oʻz ichiga olishi lozim.
V-bob. Fikr-mulohazalar
56. Biznesda mulk ulushlari qiymatini aniqlashda quyidagi qoidalarni hisobga olish lozim:
biznesda mulk ulushlari nazoratli yoki nazoratsiz xususiyatga ega boʻlishi mumkin;
baholanayotgan mulk ulushining nazorat huquqini aks ettirish uchun nazorat darajasini, mulkni taqsimlash samarasini, mulkdorlar ittifoqini tuzish imkoniyatini, ovoz berish tartibini, dividendlar toʻlash bilan bogʻliq cheklashlarni, korxonaning moliyaviy ahvolini hisobga oluvchi turli xil mukofotlar va chegirmalar qoʻllaniladi;
kiritiladigan chegirmalar yoki mukofotlar hajmi baholash usullari bilan ham, korxona tipi (ochiq, yopiq) bilan ham belgilanadi.
57. Xarajat va daromad yondashuvlarning usullari bilan hamda qiyosiy yondashuvning tarmoqlar oʻzaro nisbati usuli bilan quyidagilar aniqlanadi:
mulkning mutlaq nazorat huquqiga ega boʻlgan (75 foizdan ortiq) nazoratli ulushi qiymati, korxona xususiy kapitali qiymatining mutanosib qismi sifatida;
mulkning mutlaq nazorat huquqiga ega boʻlmagan nazoratli ulushi qiymati, nazorat ayrim elementlari yoʻqligiga skidka chegirib tashlangan korxona xususiy kapitali qiymatining mutanosib qismi sifatida;
mulkning nazoratsiz ulushi qiymati, nazorat yoʻqligiga skidka chegirib tashlangan korxona xususiy kapitali qiymatining mutanosib qismi sifatida.
58. Qiyosiy yondashuvning bilimlar usuli bilan quyidagilar aniqlanadi:
mulkning nazoratli ulushi qiymati. Mulkning baholanayotgan ulushi hajmi analoglardan farq qilgan taqdirda, olingan qiymatga nazorat ayrim elementlari mavjudligi yoki yoʻqligiga mukofotlar yoki chegirmalar qoʻllanadi;
mulkning nazoratsiz ulushi qiymati, bunda olingan qiymatga nazorat yoʻqligiga skidka qoʻllanadi.
59. Qiyosiy yondashuvning kapitallar bozori usuli bilan quyidagilar aniqlanadi:
mulkning nazoratli ulushi qiymati, bunda olingan qiymatga nazorat mavjudligiga mukofot qoʻllanadi;
mulkning nazoratsiz ulushi qiymati.
60. Daromad yondashuvning baholash obyekti daromadlarinigina hisobga oladigan usullari qoʻllanilgan holda nazorat mavjudligiga mukofotlar yoki nazorat yoʻqligiga skidkalar qoʻllanmaydi.
61. Ochiq korxonalar bilan yoki yopiq korxonalardagi nazoratli ulushlar bilan taqqoslaganda yopiq korxonalardagi nazoratsiz ulushlarda likvidlikning taqchilligi quyidagi usullardan biri bilan hisobga olinadi:
diskontlash stavkasini oshirish bilan;
likvidlikning taqchilligiga skidkani hisoblash bilan.
62. Nazoratsiz ulush qiymatiga nazorat uchun mukofotni qoʻshish, nazoratli ulush qiymatida esa nazoratning ozligiga skidkani hisobga olish lozim boʻlgan hollarni aniqlash uchun baholovchi korxonada mulk ulushlarining taqsimlanishini tahlil qilishi lozim.
63. Chegirmalar yoki mukofotlarning qoʻllanishini baholovchi baholash toʻgʻrisidagi hisobotda asoslab berishi lozim.
64. Mulkiy majmua sifatidagi korxona yoki uning bir qismi qiymatini baholash faqat xarajatga haqida yondashuv usullari bilan amalga oshiriladi.
VI-bob. Axborotni oshkor etishga qoʻyiladigan talablar
65. Baholash jarayonida foydalanilgan axborotni baholash toʻgʻrisidagi hisobotda oshkor etish shunday amalga oshirilishi lozimki, baholash toʻgʻrisidagi hisobotning baholash faoliyati sohasida maxsus bilimlarga ega boʻlmagan foydalanuvchilari baholash jarayoni mantiqini va baholash obyektining qiymatini aniqlash uchun baholovchi bajargan amallarning ahamiyatini tushuna olsinlar.
66. Baholash jarayonida qoʻllanilgan barcha axborot oshkor etilishi lozim, maxfiy xususiyatga ega boʻlgan axborot bundan mustasno. Maxfiy axborotni baholovchi faqat buyurtmachi va (yoki) mazkur axborotni taqdim etgan shaxslar bilan kelishgan holda yoki sudning tegishli qaroriga binoan oshkor etadi. Foydalanilayotgan axborotning maxfiylik darajasi buyurtmachi va (yoki) mazkur axborotni taqdim etuvchi yoki unga bevosita aloqador boʻlgan shaxslar tomonidan belgilanadi.
67. Baholashda foydalanilgan va baholash toʻgʻrisidagi hisobotda keltirilgan axborot uning manbasiga ishoraga ega boʻlishi lozim, bunda mazkur manba yozma yoki ogʻzaki ekanligi ahamiyatsiz.
VII-bob. Standartdan chetga chiqish shartlari
68. 9-son MBMSning baholash jarayoni va olingan natijani bayon etish, baholashga va yakuniy qiymat haqidagi xulosaga daxldor boʻlgan har qanday farazlar va cheklovchi shartlarni oshkor etish bilan bogʻliq talablaridan biron-bir tarzda chetga chiqilishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
69. Baholash talablari mazkur standart talablaridan farq qiladigan normativ hujjatga muvofiq amalga oshirilgan taqdirda, baholovchi mazkur farqlarni, aniqlanayotgan qiymat turini tanlashga ularning taʼsirini aniqlashi va olingan natijani qoʻllashga cheklashlar belgilashi lozim.
Oʻzbekiston Respublikasi Mulkni baholash Milliy standarti (9-son MBMS) “Biznes qiymatini baholash”ga ILOVA
9-son MBMS “Biznes qiymatini baholash”ni qoʻllash boʻyicha uslubiy koʻrsatmalar
9-son MBMSni qoʻllash boʻyicha uslubiy koʻrsatmalar (keyingi oʻrinlarda uslubiy koʻrsatmalar deb yuritiladi) 9-son MBMSni amalda qoʻllash maqsadida ishlab chiqilgan.
I-bob. Atamalar va tushunchalar
1. Uslubiy koʻrsatmalarda quyidagi atamalar va tushunchalardan foydalaniladi:
tavakkalsiz stavka — investor foydalana oladigan, qoʻyilmalarning summalari va muddatlari boʻyicha baholanayotgan obyekt bilan qiyosiy boʻlgan, tavakkalchilikning milliy iqtisodiyot uchun eng past darajasi bilan tavsiflanadigan daromad stavkasi;
gudvill — korxonadan alohida identifikatsiya qilinishi va baholanishi mumkin boʻlmagan omillar (korxona nomi va ishlab chiqarilayotgan mahsulotning mashhurligi, muayyan obroʻ va ishga doir aloqalar mavjudligi, joylashgan yer va boshqa shunga oʻxshash omillar) taʼsirida vujudga keladigan nomoddiy aktiv;
ishlab turgan korxona — nomuayyan vaqt mobaynida faoliyat koʻrsatishi taxmin qilinayotgan korxona;
nomuntazam tavakkalchilik — korxona faoliyatining investitsiyalash samaradorligiga salbiy taʼsir koʻrsatayotgan ichki omillari bilan bogʻliq boʻlgan, diversifikatsiya yoʻli bilan pasaytirsa boʻladigan tavakkalchilik;
tavakkalchilik uchun mukofot — tavakkalchilikni aks ettirish uchun tavakkalsiz stavkaga qoʻshiladigan daromad stavkasi;
muntazam tavakkalchilik — makroiqtisodiy omillar taʼsirida butun bozor konyunkturasining oʻzgarishlari bilan bogʻliq boʻlgan, diversifikatsiya yoʻli bilan bartaraf etib boʻlmaydigan tavakkalchilik.
II-bob. Baholashga oid vazifani aniqlash
2. Baholashga oid vazifani belgilashda baholovchi baholash sanasi baholash maqsadlaridan kelib chiqib belgilanishini hisobga olishi lozim. Baholovchi faqat baholash sanasida mavjud boʻlgan holatlarni va baholash sanasiga qadar yuz bergan voqealarni eʼtiborga olishi kerak. Biznesni baholashda baholash sanasi, qoida tariqasida, baholash oʻtkazilishini belgilagan voqea yuz bergunga qadar tuzilgan soʻnggi moliyaviy hisobot sanasi bilan mos keladi. Baholash sanasi (moliyaviy hisobot tuzilgan sana bilan mos kelmaydigan) oraliq sanaga belgilanishi ham mumkin.
3. Baholash obyektiga nisbatan uchinchi shaxslarning hujjat bilan tasdiqlangan mulkiy huquqlari, mazkur obyektdan foydalanishda cheklashlar va unga doir majburiyatlar boʻlmagan holda, uning qiymatini baholovchi, agar baholashga oid vazifada oʻzgacha tartib nazarda tutilmagan boʻlsa, koʻrsatilgan huquqlar, cheklashlar va majburiyatlar yoʻqligi haqidagi farazdan kelib chiqib aniqlaydi.
4. Baholash obyektining bozor qiymatini aniqlashga qaratilgan biznesni yoki undagi ulushni baholashning asosiy maqsadlari quyidagilardan iborat:
ishlab turgan korxona yoki korxonadagi mulk ulushi bilan oldi-sotdi qilish;
boshqaruv qarorlari qabul qilish;
qayta tashkil etish (qoʻshib yuborish, birlashtirish, boʻlish, ajratib chiqarish);
korxona oʻz aksiyalarini qaytarib sotib olishi;
boshqa tashkilotning ustav fondiga aksiyalar paketini kiritish.
Normativ hujjatlar yoki baholashga oid vazifada bozor qiymatini aniqlashga qaratilgan baholashning boshqa maqsadlari belgilanishi ham mumkin.
5. Biznes yoki undagi ulush qiymatini baholashda aniqlanishi mumkin boʻlgan qiymatning bozor qiymatidan boshqa turlariga quyidagilar kiradi:
investitsiya qiymati — belgilangan yoki berilgan investitsiyalash maqsadlarida baholash obyektining konkret investor yoki investorlar guruhi uchun qiymati. Investitsiya qiymati baholash vaqtida investor tomonidan baholash obyekti bilan bogʻliq investitsiyaga oid qarorlar qabul qilish maqsadida aniqlanadi;
tugatish qiymati — majburlovchi holatlar mavjudligi tufayli baholash obyekti qisqa vaqt ichida realizatsiya qilinishi lozim boʻlgan holda baholash obyektining qiymati. Tugatish qiymati baholash vaqtida korxonani tugatish maqsadida aniqlanadi.
III-bob. Axborot yigʻish va uni tahlil qilish
6. Baholash yondashuvlari va usullarining tanlanishi va qoʻllanishini asoslash uchun baholovchi baholash obyektini tahlil qilishni amalga oshiradi. Baholash obyektini tahlil qilish uchun zarur axborot turi va hajmi baholovchi tomonidan baholash maqsadi, aniqlanayotgan qiymat turi, baholash obyektining xususiyatlari, farazlar va cheklovchi shartlarga qarab aniqlanadi.
7. Baholovchi yigʻilgan baholanayotgan korxona haqidagi axborot asosida:
korxonaning rivojlanish tendensiyalarini aniqlaydi;
daromadlarni prognoz qiladi;
baholanayotgan biznesga xos boʻlgan nomuntazam tavakkalchilik omillarini aniqlaydi
8. Baholovchi makroiqtisodiy axborotni tahlil qilish chogʻida oʻrganishi va baholash toʻgʻrisidagi hisobotda keltirishi lozim boʻlgan asosiy koʻrsatkichlarga quyidagilar kiradi:
iqtisodiy oʻsish (yalpi ichki mahsulotning oʻsish) surʼatlari;
sanoat ishlab chiqarishi hajmi;
inflatsiya darajasi;
milliy valyutaning ayirboshlash kursi;
foiz stavkalari darajasi;
fond bozori koʻrsatkichlari;
soliq solish strukturasi.
Baholash obyektining xususiyati va baholash maqsadlariga qarab baholovchi makroiqtisodiy koʻrsatkichlarning mazkur roʻyxatini kengaytirishi mumkin.
9. Baholovchi baholash obyekti mansub boʻlgan bozorni aniqlashi va uni tahlil qilishi lozim. Tahlil qilish va baholash toʻgʻrisidagi hisobotda keltirish talab etiladigan bozorga oid asosiy koʻrsatkichlarga quyidagilar kiradi:
baholash obyekti mansub boʻlgan tarmoqning oʻsish surʼatlari;
tarmoqdagi daromaddorlikning oʻrtacha koʻrsatkichlari;
ehtimol tutilgan investorlar uchun tarmoqning jalb qiluvchanligi;
tarmoqning rivojlanish imkoniyatlari;
tarmoqni segmentlarga ajratish va baholanayotgan korxona mansub boʻlgan segmentni aniqlash;
tarmoqning normativ-huquqiy tartibga solinishi va tarmoqda korxonalar faoliyati uchun oʻziga xos cheklashlar.
Bozorga oid axborot tahlili natijalariga koʻra baholash toʻgʻrisidagi hisobotda bozorning mazkur segmentini tavsiflovchi quyidagi parametrlar boʻyicha xulosalar aks ettirilishi lozim:
narxlar dinamikasi;
asosiy raqiblar;
korxonaning tarmoqdagi oʻrni;
kompaniyaning imkoniyatlari.
10. Quyidagilar moliyaviy hisobot maʼlumotlarini tahlil qilishning asosiy turlari hisoblanadi:
yagona bazaga muvofiq tahlil (vertikal tahlil). Ushbu maqsadda buxgalteriya balansi moddalari aktivlar summasiga nisbatan foiz hisobida, moliyaviy natijalar haqidagi hisobot moddalari esa — daromadlarning umumiy summasiga nisbatan foiz hisobida ifodalanadi;
gorizontal tahlil. U davr mobaynida moliyaviy hisobot koʻrsatkichlari oʻzgarishining tahlilini nazarda tutadi. Tahlil qilish talab etiladigan asosiy koʻrsatkichlarga realizatsiyadan kelgan tushumning oʻsish surʼatlari, daromadning oʻsish surʼatlari va aktivlarning oʻsish surʼatlari kiradi;
moliyaviy koeffitsiyentlar tahlili. U hisoblangan koeffitsiyentlarni normativ koʻrsatkichlar, boshqa korxonalarning koeffitsiyentlari bilan yoki tarmoqqa oid oʻrtacha koʻrsatkichlar bilan taqqoslashni amalga oshirish imkoniyatini beradi.
Korxonani baholashda moliyaviy koeffitsiyentlarning quyidagi asosiy guruhlari hisoblanadi:
korxonaning ish faolligini tavsiflaydigan aylanuvchanlik koeffitsiyentlari;
korxona ishining daromaddorligini, xarajatlarning iqtisodiy samara berish darajasini va mablagʻlardan foydalanish darajasini tavsiflaydigan, shuningdek korxona sof yoki operatsion daromadining korxona faoliyatining u yoki bu parametriga nisbatini aks ettiradigan daromaddorlik va rentabellik koeffitsiyentlari;
korxonani moliyalashtirish manbalarida xususiy va jalb qilingan mablagʻlar nisbatini aks ettiradigan va korxonaning kreditorlardan moliyaviy mustaqilligi darajasini va uning uzluksiz ishlab chiqarish jarayonini taʼminlash uchun toʻlovlar boʻyicha hisob-kitob qilish qobiliyatini tavsiflaydigan moliyaviy barqarorlik koeffitsiyentlari;
korxonaning qisqa muddatli davrdagi toʻlov qobiliyatini va uning bozor konyunkturasidagi tezoqar oʻzgarishlarga dosh berish qobiliyatini tavsiflaydigan likvidlik koeffitsiyentlari.
Baholash obyektining xususiyatlariga qarab baholovchi koʻrsatilgan guruhlarda foydalaniladigan koeffitsiyentlar soni va turini mustaqil aniqlaydi, shuningdek, boshqa mos keluvchi koeffitsiyentlarni hisoblashi mumkin.
11. Zarur holda baholovchi moliyaviy hisobotni meʼyorga solishni, yaʼni korxona moliyaviy hisobotini baholash jarayonida foydalanilishi mumkin boʻlgan baholash balanslariga va moliyaviy natijalar haqidagi hisobotlarga qayta baholashni amalga oshiradi.
Quyidagilar asosiy meʼyorga soladigan tuzatishlar hisoblanadi:
buxgalteriya balansi maʼlumotlariga korxona aktivlari va majburiyatlarining bozor qiymatini olish uchun zarur boʻlgan tuzatishlar;
moliyaviy natijalar haqidagi hisobot maʼlumotlariga baholanayotgan korxonaga xos boʻlmagan daromadlar va xarajatlarga tegishli boʻlgan tuzatishlar.
Meʼyorga solish natijasida korxona moliyaviy hisoboti maʼlumotlari:
tarmoqning oʻxshash korxonalari yoki tarmoqqa oid oʻrtacha koʻrsatkichlar bilan qiyosiy boʻlishi;
korxona pul oqimlarini prognoz qilishda foydalanish uchun yaroqli boʻlishi lozim.
Meʼyorga solingan moliyaviy hisobot (baholash balanslari va moliyaviy natijalar haqidagi hisobotlar)dan faqat baholash maqsadida foydalaniladi.
12. Korxona moliyaviy hisoboti maʼlumotlari tahlilining natijalari baholash toʻgʻrisidagi hisobotda keltiriladi va quyidagilarni oʻz ichiga olishi lozim:
baholash sanasiga qadar soʻnggi uch yil uchun buxgalteriya balanslari tahlilining natijalari izohlar va xulosalar bilan;
baholash sanasiga qadar soʻnggi uch yil uchun moliyaviy natijalar haqidagi hisobotlar tahlilining natijalari izohlar va xulosalar bilan;
baholash sanasiga qadar soʻnggi uch yil uchun moliyaviy koeffitsiyentlarning asosiy guruhlari boʻyicha yakuniy hisob-kitoblar.
IV-bob. Baholash yondashuvlari va usullarini tanlash, asoslash va qoʻllash
1-§. Daromadga oid yondashuv
13. Baholash obyekti qiymati pul oqimlarini diskontlash usuli (keyingi oʻrinlarda matnda POD usuli deb yuritiladi) yordamida baholash obyektidan prognoz davrida kutilayotgan pul oqimlarining joriy qiymatlari va baholash obyektining prognoz davridan keyingi joriy qiymatini qoʻshish yoʻli bilan aniqlanadi. Bunda, koʻrsatilgan qiymatlar baholash sanasidagi diskontlash stavkasi boʻyicha keltiriladi.
Baholash obyektining joriy qiymatini POD usuli bilan hisoblash formulasi, pul oqimlari prognoz davrining har bir yili oxirida tushadi deb faraz qilinganda, quyidagi koʻrinishga ega boʻladi:
, bu yerda:
PV — joriy qiymat;
i — prognoz davri yilining raqami;
n — prognoz davrining oxirgi yili;
CFi — prognoz davri i-chi yilining pul oqimi;
D — diskontlash stavkasi;
FV — baholash obyektining prognoz davri tugaganidan keyingi qiymati.
Pul oqimlari yil oʻrtasida tushadi deb faraz qilinganda (ular yil mobaynida mutanosib ravishda tushganda) i oʻrniga daraja koʻrsatkichi i-0,5, n oʻrniga tegishincha n-0,5 ishlatiladi.
14. Baholash obyekti qiymatini POD usuli bilan baholashda, baholash maqsadi, baholash obyektining xususiyati va kapital tuzilishiga qarab, xususiy yoki investitsiyalangan kapitalga olingan, soliq toʻlangunga qadar yoki soliq toʻlanganidan keyingi holatga koʻra nominal yoki real summalarda hisoblangan pul oqimlari qoʻllaniladi.
Korxona xususiy kapitali yoki undagi mulk ulushi qiymatini baholash uchun qoʻllaniladigan pul oqimining asosiy turi xususiy kapitalga olingan sof pul oqimi boʻlib, u quyidagi tartibda hisoblanadi:
sof daromad;
plyus amortizatsiya ajratmalari;
plyus (minus) xususiy aylanma kapitalning kamayishi (koʻpayishi);
plyus (minus) uzoq muddatli qarzlarning koʻpayishi (kamayishi).
Korxona kapitalining tuzilishida jalb qilingan kapital ulushi ancha koʻp (30 foizdan ortiq) boʻlsa, investitsiyalangan kapitalga olingan sof pul oqimi qoʻllaniladi va u quyidagi tartibda hisoblanadi:
(14-bandning toʻqqizinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Xususiylashtirilgan korxonalarga koʻmaklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasining 2017-yil 16-maydagi 01/27-26/07-sonli (roʻyxat raqami 2026-2, 19.05.2017-y.) qarori tahririda — OʻR QHT, 2017-y., 20-son, 376-modda)
sof daromad;
plyus amortizatsiya ajratmalari;
plyus (minus) xususiy aylanma kapitalning kamayishi (koʻpayishi);
plyus uzoq muddatli qarzlar boʻyicha ilgari sof daromadni hisoblash vaqtida chegirib tashlangan foizlarni toʻlash;
minus daromad soligʻining toʻlangan foizlar summasiga toʻgʻri keladigan qismi.
15. Daromadlarni prognoz qilishda baholovchi quyidagi omillarni oʻrganadi va hisobga oladi:
chiqarilayotgan mahsulot assortimenti;
ishlab chiqarish hajmlari va mahsulot narxlari;
chiqarilayotgan mahsulotga boʻlgan talab;
inflatsiya surʼatlari (nominal pul oqimi uchun);
korxonaning mavjud ishlab chiqarish quvvatlari;
kapital qoʻyilmalarni amalga oshirish rejasi va oqibatlari;
talab imkoniyatlarini belgilaydigan iqtisodiyotdagi umumiy vaziyat;
tarmoqdagi vaziyat va raqobat;
baholanayotgan korxonaning bozordagi ulushi;
prognoz davri tugaganidan soʻng daromadlarning oʻsish surʼatlari.
Xarajatlarni prognoz qilishda baholovchi:
xarajatlar tuzilishini, oʻzgarmas va oʻzgaruvchi xarajatlar nisbatini tahlil qiladi;
bir martalik va favqulodda xarajatlar moddalarini aniqlaydi;
amortizatsiyalanadigan aktivlar mavjudligidan, ularning boʻlgʻusi koʻpayishi va hisobdan chiqarilishi prognozidan kelib chiqib, amortizatsiya ajratmalari miqdorini aniqlaydi;
jalb qilingan mablagʻlar boʻyicha foiz toʻlovlari miqdorini bu mablagʻlarning prognoz qilinayotgan miqdoriga muvofiq aniqlaydi;
korxonaning asosiy vositalar va aylanma aktivlarga boʻlgan ehtiyojini prognoz qiladi;
korxona xususiy aylanma kapitalining ortiqchaligi yoki taqchilligini hisoblaydi;
uzoq muddatli qarzlar hajmining oʻzgarishlarini hisoblaydi (xususiy kapitaldan olinadigan pul oqimi uchun).
16. Diskontlash stavkasini hisoblash uchun, pul oqimi turiga qarab, quyidagi usullarning biridan foydalanilishi mumkin:
xususiy kapitaldan olinadigan pul oqimi uchun — kapital aktivlarni baholash usuli, kumulyativ tuzish usuli va diskontlangan pul oqimini tahlil qilish usulidan;
investitsiyalangan kapitaldan olinadigan pul oqimi uchun — kapitalning oʻrtacha oʻlchangan qiymati modelidan.
Diskontlash stavkasini hisoblash qoʻllanilayotgan (soliq toʻlangunga qadar yoki soliq toʻlanganidan keyingi) pul oqimiga mos keladigan asosda, qiymatda (nominal yoki real qiymatda) va hisoblash valyutasida amalga oshirilishi lozim.
17. Diskontlash stavkasini kapital aktivlarni baholash usuli bilan hisoblash fond bozorining erkin muomaladagi aksiyalar daromaddorlik darajasining oʻzgarishiga doir axborotini tahlil qilish asosida, quyidagi formula boʻyicha amalga oshiriladi:
D = Rf + β ( Rm – Rf ) + S1 + S2 + C, bu yerda:
D — diskontlash stavkasi;
Rf— tavakkalsiz stavka;
β — beta koeffitsiyenti, muntazam tavakkalchilik koʻrsatkichi boʻlib, fond bozorining umumiy daromaddorlik darajasiga nisbatan konkret korxona aksiyalari umumiy daromaddorlik darajasining oʻzgarishini aks ettiradi;
Rm— bozorning umumiy daromaddorlik darajasi (daromaddorlikning bozordagi oʻrtacha meʼyori);
S1 — kichik korxonalarga tavakkalchilik uchun mukofot boʻlib, u ustav fondi miqdori yirik korxonalar bilan taqqoslaganda uncha katta boʻlmagan korxonalarning past darajadagi kredit qobiliyati va moliyaviy barqarorligi bilan belgilanadi;
S2 — konkret korxonaga investitsiyalar qilish tavakkalchiligi uchun mukofot (nomuntazam tavakkalchiliklar);
S — mamlakatga oid tavakkalchilik boʻlib, u faqat kapital aktivni baholash usuli boʻyicha hisoblash formulasining barcha elementlari sifatida boshqa mamlakatlar bozoriga oid maʼlumotlardan foydalanilganida hisobga olinadi.
18. Diskontlash stavkasini kumulyativ tuzish usuli yordamida hisoblash daromad tavakkalsiz stavkasi va baholanayotgan korxonaga investitsiyalar qilish tavakkalchiligi uchun mukofotlarni qoʻshish yoʻli bilan, quyidagi formula boʻyicha amalga oshiriladi:
D = Rf + RPm + RPs + RPu, bu yerda:
D — diskontlash stavkasi;
Rf— tavakkalsiz stavka;
RPm — tavakkalsiz investitsiyalar bilan taqqoslaganda, aksiyalarga qoʻyilmalar tavakkalchiligi uchun mukofot;
RPs — kichik korxonalarga tavakkalchilik uchun mukofot;
RPu — konkret korxona yoki tarmoqqa xos boʻlgan tavakkalchilik uchun mukofot boʻlib, uning doirasida tavakkalchilikning quyidagi omillari baholanishi mumkin:
yetakchi shaxsga bogʻliqlik;
korxonani moliyalashtirish manbalari;
tovarga oid va hududiy diversifikatsiya;
mijozlarning diversifikatsiyalanganligi;
baholanayotgan korxonaga xos boʻlgan boshqa tavakkalchiliklar.
19. Diskontlash stavkasini pul oqimi diskontlangan usuli yordamida hisoblash baholash obyektining joriy qiymatini POD usuli bilan hisoblash formulasida diskontlash stavkasi qiymatini, qolgan parametrlar maʼlum boʻlganda, mazkur formula elementlarining tengligiga erishgunga qadar oldinma-ketin oʻzgartirish yoʻli bilan amalga oshiriladi.
20. Diskontlash stavkasini kapitalning oʻlchangan oʻrtacha qiymati usuli yordamida hisoblash xususiy kapital va jalb qilingan mablagʻlarga iqtisodiy samara olishning oʻlchangan stavkalarini qoʻshish yoʻli bilan (bu yerda oʻlchovlar sifatida xususiy va jalb qilingan mablagʻlarning kapital tarkibidagi ulushlari amal qiladi), quyidagi formula boʻyicha amalga oshiriladi:
WACC = kd (1 – tc) wd + kpwp + ksws, bu yerda:
kd — jalb qilingan mablagʻlar boʻyicha bank foiz stavkasi;
tc — korxonaning daromad soligʻi stavkasi;
kp — imtiyozli aksiyalar boʻyicha daromad stavkasi;
ks— oddiy aksiyalar boʻyicha daromad stavkasi;
wd — korxona kapitali tarkibida jalb qilingan kapital ulushi;
wp — korxona kapitali tarkibida imtiyozli aksiyalar ulushi;
ws— korxona kapitali tarkibida oddiy aksiyalar ulushi.
21. Diskontlash stavkasini hisoblash usulining tanlanishi va hisoblashda olingan qiymatlar va farazlar baholovchi tomonidan baholash toʻgʻrisidagi hisobotda asoslantirilishi lozim.
22. Baholash obyektining prognoz davri tugaganidan keyingi qiymati quyidagi usullardan biri yordamida hisoblanadi:
eskirish va kapital qoʻyilmalarning qiymatlari teng deb faraz qilinganda, prognozdan keyingi davrda barqaror daromadlar olish prognoziga asoslangan Gordon modeli yordamida:
, bu yerda:
FV — baholash obyektining prognoz davri tugagandan keyingi qiymati;
CF(t+1) — prognozdan keyingi davrning birinchi yili uchun pul oqimi;
D — diskontlash stavkasi;
g — sotuv pul oqimining oʻsish surʼati;
moʻljallanayotgan sotuv, u baholash obyektini sotish majburiyati mavjud boʻlgan yoki bunday sotish muayyan turdagi biznesga xos boʻlgan holda qoʻllaniladi. Sotuv narxini hisoblash pul oqimini qiyosiy baholash obyektlari sotuvlariga doir;
sof aktivlar qiymatiga doir;
tugatish qiymatiga doir maʼlumotlar tahlili asosida olingan koeffitsiyentlar yordamida qiymat koʻrsatkichlariga qayta hisoblashdan iborat.
23. Baholash obyektining joriy qiymati POD usuli bilan prognoz davri pul oqimlarining joriy qiymatlari va baholash obyektining prognoz davri tugaganidan keyingi joriy qiymati yigʻindisi sifatida hisoblanadi.
Baholash obyektining bozor qiymatini olish uchun quyidagi tuzatishlarni kiritish talab etiladi:
pul oqimini shakllantirishda ishga solinmagan aktivlarning (agar ular mavjud boʻlsa) qiymati qoʻshiladi;
xususiy aylanma kapitalning ortiqcha qismi qoʻshiladi (taqchilligi ayiriladi);
agar korxona xususiy kapitalining qiymatini hisoblash uchun investitsiyalangan kapitalga olingan pul oqimidan foydalanilayotgan boʻlsa, uzoq muddatli qarzlar miqdori ayirib tashlanadi.
Baholash obyekti biznesdagi mulk ulushi boʻlgan holda ham baholovchi nazorat va likvidlik darajasiga qarab tuzatishlar kiritadi.
Bozor axboroti mavjud boʻlmaganda, nazorat elementlari yoʻqligiga chegirmalar quyidagicha hisoblanadi:
Baholanayotgan aksiyalar paketi miqdori, %
Nazorat elementlari yoʻqligiga chegirma, %
100 dan 75 gacha +1 oddiy aksiya
0
75 dan 50 gacha +1 oddiy aksiya
5
50 dan 25 gacha +1 oddiy aksiya
10
25 dan 10 gacha +1 oddiy aksiya
15
10 va undan kam
20
(23-band Oʻzbekiston Respublikasi Xususiylashtirilgan korxonalarga koʻmaklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasining 2017-yil 16-maydagi 01/27-26/07-sonli (roʻyxat raqami 2026-2, 19.05.2017-y.) qaroriga asosan xatboshi bilan toʻldirilgan — OʻR QHT, 2017-y., 20-son, 376-modda)
24. Baholash obyekti qiymatini daromadni kapitallashtirish usuli yordamida aniqlash ayrim davr (odatda — bir yil) mobaynida olingan daromad miqdorini shu daromadga muvofiq boʻlgan kapitallashtirish stavkasiga boʻlish yoʻli bilan, quyidagi formula boʻyicha amalga oshiriladi:
, bu yerda:
PV — joriy qiymat;
CF — yil (yoki boshqa tanlangan davr) mobaynida olish kutilayotgan daromad;
R — kapitallashtirish stavkasi.
25. Kapitallashtirilishi lozim boʻlgan daromad miqdori quyidagi usullardan biri bilan hisoblanadi:
joriy daromadlar usuli bilan — kapitallashtirilishi lozim boʻlgan daromad miqdori sifatida soʻnggi hisobot davri koʻrsatkichlari olinadi;
daromadning oddiy oʻrtacha miqdorini hisoblash usuli bilan — kutilayotgan daromad miqdori retrospektiv davrdagi daromadning oʻrtacha miqdoriga teng deb olinadi;
daromadning oʻlchangan oʻrtacha miqdorini hisoblash usuli bilan — kutilayotgan daromad miqdori retrospektiv davrdagi daromadning oʻlchangan oʻrtacha miqdoriga teng deb olinadi, bunda daromadni olish davri baholash sanasiga qancha yaqin boʻlsa, uning koʻrsatkichi vazni shuncha salmoqli boʻladi;
mavjud tendensiyalar davom etadi degan farazga asoslangan trend (statistik usul) bilan oxirgi uch yil uchun retrospektiv maʼlumotlarga asoslanib trend tuzish va quyidagi formuladan foydalanishni nazarda tutadi:
y = a + bxn + 1, bu yerda:
y — prognozdan keyingi davrning birinchi yilidagi daromad miqdori;
xn + 1 — prognozdan keyingi davrning birinchi yiliga mos keladigan davr raqami;
a va b — aniqlanishi lozim boʻlgan nomaʼlum oʻzgaruvchilar.
, bu yerda:
n — oʻtgan davrlar soni;
x — davr raqami.
26. Kapitallashtirish stavkasi quyidagi usullardan biri bilan aniqlanadi:
baholash obyektiga oʻxshash obyektlarning daromadlari miqdorlari va sotuv narxlari haqidagi bozor axboroti tahliliga asoslangan bozor ekstraksiyasi usuli bilan;
diskontlash stavkasidan baholash obyektidan olingan daromadlar oʻsishining yillik oʻrtacha surʼatini ayirish yoʻli bilan.
Kapitallashtirish stavkasi bozor ekstraksiyasi usuli bilan quyidagi formula boʻyicha hisoblanadi:
, bu yerda:
R0 — baholash obyekti uchun kapitallashtirish stavkasi;
n — oʻxshash obyektlar soni;
Ki — i-chi oʻxshash obyektning oʻlchov koeffitsiyenti;
Ri — i-chi oʻxshash obyekt uchun Ri = Ii / Vi formulasi bilan aniqlanadigan kapitallashtirish stavkasi;
Ii — i-chi obyektning baholash obyektining kapitallashtirilayotgan turdagi daromadiga mos keladigan daromadi;
Vi — i-chi obyektning sotuv narxi.
Kapitallashtirish stavkasining diskontlash stavkasi bilan oʻzaro aloqasi quyidagi formula bilan ifodalanadi:
R0 = D – g, bu yerda:
D — diskontlash stavkasi;
g — oʻsish surʼatlari.
Baholovchi daromadning oʻsish surʼatlari yoʻqligini prognoz qilgan boʻlsa, kapitallashtirish stavkasi miqdor jihatidan diskontlash stavkasiga tenglashtiriladi.
27. Baholash obyektining joriy qiymati kapitallashtirish usuli yordamida yil (yoki boshqa davr) mobaynida olinishi kutilayotgan daromad miqdorini kapitallashtirish stavkasiga boʻlish yoʻli bilan hisoblanadi.
Baholash obyektining bozor qiymatini olish uchun pul oqimlarini shakllantirishda ishga solinmagan aktivlarning (agar ular mavjud boʻlsa) bozor qiymatini qoʻshish lozim.
Agar baholash obyekti biznesdagi mulk ulushi boʻlsa baholovchi nazorat va likvidlik darajasiga tuzatishlar kiritadi.
Agar butun investitsiya qilingan kapitalga pul oqimi (daromad) baholash bazasi boʻlsa, 100 foizdan kam boʻlgan aksiyalar paketini baholashda aksiyalar paketining tegishli miqdori uchun nazorat elementlari yoʻqligiga chegirma qoʻllaniladi.
Agar 1 dona oddiy aksiyaga pul oqimi (daromad) baholash bazasi boʻlsa, aksiyalar paketining tegishli miqdoriga nazorat elementlari mavjudligiga mukofot qoʻllaniladi.
Bozor axboroti mavjud boʻlmaganda, nazorat elementlari yoʻqligiga (mavjudligiga) chegirmalar (mukofotlar) quyidagi tarzda hisoblanadi:
Baholanayotgan aksiyalar paketi miqdori, %
Chegirma, %
Mukofot, %
100 dan 75 gacha +1 oddiy aksiya
0
25
75 dan 50 gacha +1 oddiy aksiya
5
20
50 dan 25 gacha +1 oddiy aksiya
10
11
25 dan 10 gacha +1 oddiy aksiya
15
5
10 va undan kam
20
0
(27-band Oʻzbekiston Respublikasi Xususiylashtirilgan korxonalarga koʻmaklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasining 2017-yil 16-maydagi 01/27-26/07-sonli (roʻyxat raqami 2026-2, 19.05.2017-y.) qarori tahririda — OʻR QHT, 2017-y., 20-son, 376-modda)
2-§. Qiyosiy yondashuv
28. Qiyosiy yondashuv oʻxshash korxonalar yoki ulardagi mulk ulushlarining sotuv narxlari tahliliga asoslanadi.
Qiyosiy yondashuv doirasida kapital bozori usulidan va bitimlar usulidan foydalanganda baholovchi kamida uchta oʻxshash korxonani tanlab olishi lozim. Taqqoslash uchun oʻxshash korxonalarni tanlashda qiyosiylik mezonlari tarkibi baholash shartlari va zaruriy axborot mavjudligi bilan belgilanadi. Quyidagilar baholovchi hisobga olishi lozim boʻlgan asosiy mezonlar hisoblanadi:
baholash obyekti va oʻxshash korxonalar bir tarmoqqa mansubligi;
miqdor jihatidan qiyosiylik, sotuvlar hajmi, aktivlar jami qiymati, bozorga oid kapitallashtirish va boshqa koʻrsatkichlarda ifodalanishi mumkin;
daromadlarning oʻsish surʼatlari jihatidan qiyosiylik.
29. Baholash obyektining bozor qiymatini qiyosiy yondashuv usullari bilan aniqlash uchun quyidagi formula boʻyicha hisoblanadigan multiplikatorlar qoʻllaniladi:
, bu yerda:
M — multiplikator;
N — oʻxshash korxonaning sotuv narxi (yoki qiymatni belgilovchi oʻzga asos);
K — korxona faoliyatini tavsiflaydigan moliyaviy, ishlab chiqarishga oid yoki moddiy koʻrsatkich.
Tegishincha, baholash obyektining narxi moliyaviy koʻrsatkichni tegishli multiplikatorga koʻpaytirish yoʻli bilan aniqlanishi mumkin:
N = M * K
Multiplikatorlar umuman korxona boʻyicha yoki bir aksiyaga nisbatan hisoblanishi mumkin.
30. Biznesni baholashda multiplikatorlarning quyidagi asosiy turlaridan foydalaniladi:
narx/daromad (foyda, pul oqimi);
narx/dividendlar. Bu multiplikator amalda toʻlangan dividendlar asosida yoki bunday toʻlovlarga xos boʻlgan oʻxshash korxonalar boʻyicha sof foydaga nisbatan foiz hisobida oʻlchanadigan ehtimol tutilgan dividend toʻlovlari asosida hisoblanadi;
Baholash obyekti va oʻxshash korxonalarning xususiyatlariga qarab baholovchi boshqa turdagi multiplikatorlarni qoʻllashi ham mumkin.
Baholash obyektini baholash uchun oʻrinli boʻlgan multiplikatorlarning tanlanishini asoslash va hisoblash taomilining tavsifi baholash toʻgʻrisidagi hisobotda keltirilishi lozim.
31. Baholash obyektining bozor qiymati qiyosiy yondashuv yordamida multiplikatorlarning tanlangan qiymatlarini baholash obyektining tegishli moliyaviy yoki boshqa koʻrsatkichlariga koʻpaytirish orqali olingan natijalarni muvofiqlashtirish va yakuniy tuzatishlar kiritish yoʻli bilan aniqlanadi:
agar qiymatni belgilovchi asos sifatida investitsiyalangan kapital qiymati olingan boʻlsa, uzoq muddatli qarzlar ayirib tashlanadi;
xususiy aylanma kapitalning taqchilligi ayirib tashlanadi (ortiqcha aylanma kapital qoʻshiladi);
daromadni shakllantirishda ishga solinmagan aktivlarning (agar ular mavjud boʻlsa) bozor qiymati qoʻshiladi;
odatdagi xaridor uchun jalb qiluvchan boʻlmagan ishlab chiqarish diversifikatsiyasi mavjud boʻlsa, portfelli chegirma ayirib tashlanadi;
yopiq korxona aksiyalari fond bozorida kotirovka qilinadigan oʻxshash korxonalar boʻyicha baholangan holda, likvidlik uchun chegirma ayirib tashlanadi;
mulkning baholanayotgan ulushi uning oʻxshashlari bilan taqqoslaganda beradigan nazorat qilish imkoniyati darajasiga qarab, nazoratning yoʻqligi uchun chegirma ayirib tashlanadi yoki nazorat uchun mukofot qoʻshiladi.
Bozor axboroti mavjud boʻlmaganda, nazorat elementlari yoʻqligiga (mavjudligiga) chegirmalar (mukofotlar) quyidagi tarzda hisoblanadi:
Baholanayotgan aksiyalar paketi miqdori, %
Chegirma, %
Mukofot, %
100 dan 75 gacha +1 oddiy aksiya
0
25
75 dan 50 gacha +1 oddiy aksiya
5
20
50 dan 25 gacha +1 oddiy aksiya
10
11
25 dan 10 gacha +1 oddiy aksiya
15
5
10 va undan kam
20
0
(31-band Oʻzbekiston Respublikasi Xususiylashtirilgan korxonalarga koʻmaklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasining 2017-yil 16-maydagi 01/27-26/07-sonli (roʻyxat raqami 2026-2, 19.05.2017-y.) qaroriga asosan xatboshi bilan toʻldirilgan — OʻR QHT, 2017-y., 20-son, 376-modda)
3-§. Xarajat yondashuv
32. Baholash obyektini baholash uchun xarajatga oid usulning tanlanishi baholovchi qabul qilgan baholash shartiga bogʻliq boʻladi:
sof aktivlar usuli ishlab turgan korxona baholangan holda qoʻllaniladi;
tugatish qiymati usuli korxonani tugatish sharti qabul qilingan holda qoʻllaniladi.
Xarajatga oid yondashuv usullari uchun umumiy formula quyidagi koʻrinishga ega:
Korxona qiymati = Aktivlar qiymati – Majburiyatlar qiymati
33. Ishlab turgan korxonani sof aktivlar usuli bilan baholash uchun baholovchi baholash sanasiga qadar soʻnggi korxona buxgalteriyasi (yoki mavjud boʻlganda konsolidatsiya qilingan / birlashtirilgan) balansi asosida baholash balansi (iqtisodiy balans)ni tuzadi. Iqtisodiy balansda korxonaning barcha, shu jumladan buxgalteriya balansida hisobga olinmagan aktivlari (masalan, gudvill) va majburiyatlari bozor qiymati boʻyicha hisobga olinadi.
Iqtisodiy balansni tuzishda baholovchi:
koʻchmas mulkning bozor qiymatini aniqlaydi;
mashinalar, uskunalar va transport vositalarining bozor qiymatini aniqlaydi;
nomoddiy aktivlarning bozor qiymatini aniqlaydi. Aktivlarning tarmoq boʻyicha oʻrtacha daromaddorligi haqida axborot mavjud boʻlsa, gudvill qiymati quyidagi formula boʻyicha hisoblanadi (bunda korxonaning balansida aks ettirilgan, xususiylashtirish (sotib olish) paytida gudvill sifatida korxona xususiy kapitalining balans qiymati va baholash qiymati oʻrtasidagi farq tarzida yuzaga kelgan nomoddiy aktivlar, baholashga kiritilmaydi):
ChP — RSA * SDA
Gudvill = --------------------------
SK
bu yerda:
ChP — korxona sof daromadi;
RSA — korxona aktivlarining bozor qiymati;
SDA — aktivlarning tarmoq boʻyicha oʻrtacha daromadliligi;
SK — kapitallashtirish stavkasi;
korxona moliyaviy qoʻyilmalarining bozor qiymatini, shu jumladan korxonaning qimmatli qogʻozlarga va boshqa tashkilotlarning ustav kapitallariga investitsiyalarini, shuningdek boshqa tashkilotlarga berilgan qarzlarni aniqlaydi. Fond bozorida kotirovka qilinadigan qimmatli qogʻozlarga investitsiyalarning bozor qiymatini baholashda baholovchi ushbu qimmatli qogʻozlarning bozordagi kotirovkalariga asoslanadi.
Fond bozorida kotirovka qilinmaydigan qimmatli qogʻozlarga va boshqa tashkilotlarning ustav fondlariga qilingan investitsiyalar qiymatini baholash investitsiyalarning nazorat sifatlariga qarab amalga oshiriladi:
50 foizdan ortiq boʻlgan investitsiyalar (aksiyalar paketlari, ulushlar va boshqalar) qiymatini baholash mazkur Mulkni baholash Milliy standarti (9-son MBMS) asosida amalga oshiriladi;
50 foizgacha (qoʻshib hisoblaganda) boʻlgan investitsiyalar (aksiyalar paketlari, ulushlar va boshqalar) qiymatini baholash quyidagi tartibda amalga oshiriladi:
fond bozorida kotirovka qilinadigan aksiyalar qiymatini baholash mazkur aksiyalarning baholash sanasidan oldingi bozor kotirovkalariga muvofiq amalga oshiriladi;
dividendlar koʻrinishida (naqd, naqdsiz shaklda yoki aksiyalar koʻrinishida) daromadlar keltiradigan investitsiyalar qiymatini baholash soʻnggi uch yil uchun dividend koʻrinishidagi oʻrtacha yillik daromadni baholash sanasidagi Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankining qayta moliyalashtirish stavkasi boʻyicha kapitallashtirish yoʻli bilan amalga oshiriladi;
adekvat daromadlar keltirmaydigan investitsiyalar qiymatini baholash xususiy kapital miqdoridan kelib chiqib quyidagi hisoblash formulasiga binoan amalga oshiriladi:
Sak = Bin * Ssk / Suf * (1-Kkontr)
bu yerda:
Sak — aksiyalar paketining hisoblangan qiymati;
Bin — aksiyalar paketining balans qiymati;
Ssk — xususiy kapitalning balans boʻyicha miqdori (xususiy mablagʻlar manbalari);
Suf — balans boʻyicha ustav kapitalining miqdori;
Kkontr — nazorat koeffitsiyenti.
Aksiyalar qiymatini hisoblashda baholanayotgan aksiyalar paketining nazorat darajasini inobatga olish zarur. Nazorat elementlari yoʻqligiga chegirma mazkur uslubiy koʻrsatmalarning 34-bandiga binoan hisoblanadi.
Investitsiyalarning yakuniy qiymati sifatida qiymatning eng koʻp miqdorini beruvchi hisob-kitoblar natijasi qabul qilinadi. Bunda, aksiyalar paketi qiymatining bahosi balans qiymatidan past boʻlishi mumkin emas.
nihoyasiga yetkazilmagan kapital qoʻyilmalar — tugallanmagan qurilish obyektlari va oʻrnatilishi lozim boʻlgan uskunalarning bozor qiymatini aniqlaydi;
tovar-moddiy zaxiralarining qiymatini ularning balans qiymati boʻyicha qabul qiladi;
kelgusi davrlar xarajatlari balans qiymati boʻyicha qabul qilinadi;
Kechiktirilgan xarajatlar va daromadlarning qiymati quyidagi tarzda aniqlanadi:
agar ular milliy buxgalteriya hisobi standartlarida belgilangan aktivlar va majburiyatlarni tan olish mezonlariga javob bersa, ularning qiymati balans qiymatiga teng holda qabul qilinadi;
agar ular milliy buxgalteriya hisobi standartlarida belgilangan aktivlar va majburiyatlarni tan olish mezonlariga javob bermasa, ularning qiymati toʻlanadigan foyda soligʻi (muddati kechiktirilgan daromadlar uchun) yoki ushbu soliqdan tejalgan summa (muddati kechiktirilgan xarajatlar uchun) boʻyicha hisoblanadi. Bunda, toʻlanishi kerak boʻlgan soliq yoki uning tejash summasi ushbu soliqning amaldagi stavkasini kechiktirilgan xarajatlar va daromadlarning balans qiymatiga koʻpaytirish yoʻli bilan hisoblanadi;
(33-bandning oʻttiz uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Xususiylashtirilgan korxonalarga koʻmaklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasining 2018-yil 5-fevraldagi 01/19-10/10-sonli (roʻyxat raqami 2026-3, 01.03.2018-y.) qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 28.02.2018-y., 10/18/2026-3/0824-son)
pul mablagʻlari qiymatiga tuzatish kiritilmaydi;
har bir debitor boʻyicha uzoq muddatli debitorlik qarzining bozor qiymatini kutilayotgan qarz toʻlovlari va qarz boʻyicha foizlarni diskontlashni diskontlash stavkasi boʻyicha qarzni uzish muddatlari va ehtimolini hisobga olgan holda amalga oshirish yoʻli bilan aniqlaydi. Diskontlash stavkasi Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan belgilangan qayta moliyalashtirish stavkasi miqdorida olinadi. Joriy debitor qarzi balans qiymatiga teng deb olinadi.
uzoq muddatli majburiyatlarning bozor qiymatini kutilayotgan qarz toʻlovlari va qarz boʻyicha foizlarni diskontlashni diskontlash stavkasi boʻyicha toʻlov muddatlarini hisobga olgan holda amalga oshirish yoʻli bilan aniqlaydi. Diskontlash stavkasi korxonaning foizli qarzlariga qoʻllaniladigan stavkaga teng deb olinadi;
majburiyatlarning balans qiymatiga teng deb olinadigan joriy majburiyatlarning bozor qiymatini aniqlaydi;
baholanayotgan korxonaga tegishli boʻlgan, balansdan tashqari schyotida turgan, foydalanishda boʻlgan xoʻjalik inventari balansdan tashqari schyotda koʻrsatilgan qiymati boʻyicha 50 foiz miqdoridagi eskirishni ayirib tashlagan holda baholanadi;
hisobga olinmagan majburiyatlarning (agar ular mavjud boʻlsa) bozor qiymatini aniqlaydi.
(33-band Oʻzbekiston Respublikasi Xususiylashtirilgan korxonalarga koʻmaklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasining 2017-yil 16-maydagi 01/27-26/07-sonli (roʻyxat raqami 2026-2, 19.05.2017-y.) qarori tahririda — OʻR QHT, 2017-y., 20-son, 376-modda)
34. Korxona xususiy kapitalining bozor qiymati sof aktivlar usuli yordamida aktivlar summasining bozor qiymatidan majburiyatlar summasining bozor qiymatini ayirib tashlash yoʻli bilan aniqlanadi. Baholanayotgan mulk ulushining bozor qiymati korxona xususiy kapitali qiymatiga nisbatan mutanosib qism sifatida hisoblanadi. Mulkning nazorat huquqini bermaydigan ulushi (aksiyalarning nazorat huquqini bermaydigan paketi) baholangan holda ayrim (yoki hamma) nazorat funksiyalarining yoʻqligiga chegirma kiritiladi.
Bozor axboroti mavjud boʻlmaganda, nazorat elementlari yoʻqligiga chegirmalar quyidagi tarzda hisoblanadi:
Baholanayotgan aksiyalar paketi miqdori, %
Nazorat elementlari yoʻqligiga chegirma, %
100 dan 75 gacha +1 oddiy aksiya
0
75 dan 50 gacha +1 oddiy aksiya
5
50 dan 25 gacha +1 oddiy aksiya
10
25 dan 10 gacha +1 oddiy aksiya
15
10 va undan kam
20
(34-band Oʻzbekiston Respublikasi Xususiylashtirilgan korxonalarga koʻmaklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasining 2017-yil 16-maydagi 01/27-26/07-sonli (roʻyxat raqami 2026-2, 19.05.2017-y.) qaroriga asosan xatboshi bilan toʻldirilgan — OʻR QHT, 2017-y., 20-son, 376-modda)
35. Tugatish qiymati usuli korxona tugatilganda va uning aktivlari alohida-alohida sotilganda mulkdor olishi mumkin boʻlgan qiymatni aniqlashga asoslanadi.
Baholovchi korxona aktivlarining joriy qiymatini bu aktivlarning moʻljallanayotgan sotish sanasida aniqlangan, baholash sanasida aktivni sotish bilan bogʻliq tavakkalchilikni hisobga oluvchi diskontlash stavkasi boʻyicha keltirilgan joriy qiymati sifatida aniqlanadi. Tugatish shartlari bilan bunday aktivni sotishga xos boʻlgan muddatdan kamroq sotish muddati belgilangan boʻlsa, aktivning bozor qiymatidan qisqartirilgan sotish muddatiga chegirmani ayirib tashlash talab etiladi.
Tugatish xarajatlari quyidagilarni oʻz ichiga oladi:
tugatish uchun toʻgʻridan toʻgʻri xarajatlar — vositachilarga haq, jalb qilinadigan tashkilotlar xizmatiga haq toʻlash, aktivlarni sotishda toʻlanadigan soliqlarni;
aktivlarga ular sotilgunga qadar egalik qilish bilan bogʻliq xarajatlar — tayyor mahsulot zaxiralari, tugallanmagan ishlab chiqarish, uskunalar, mashinalar, mexanizmlar, koʻchmas mulk obyektlarini saqlab turish xarajatlarini va korxonani tugatish yakunlangunga qadar uning ishini quvvatlash boʻyicha boshqaruv xarajatlarini.
36. Korxonaning tugatish qiymati tugatish xarajatlari ayirib tashlangan aktivlarning joriy qiymati bilan korxona majburiyatlarining joriy qiymati oʻrtasidagi tafovut sifatida aniqlanadi. Mulk ulushining qiymati korxonaning tugatish qiymatiga nisbatan mutanosib qism sifatida hisoblanadi.
V-bob. Qoʻllanilgan yondashuvlar doirasida olingan natijalarni muvofiqlashtirish va baholash obyektining yakuniy qiymatini hisoblash
37. Baholash natijalarini muvofiqlashtirish — baholashga nisbatan turli yondashuvlar yordamida olingan natijalarni oʻlchash va taqqoslash yoʻli bilan baholash obyektining yakuniy qiymatini aniqlash. Muvofiqlashtirish quyidagi usullardan biri bilan amalga oshiriladi:
mantiqiy muvofiqlashtirish usuli bilan. U baholovchi amalga oshiradigan tahlil asosida, barcha muhim parametrlarni hisobga olgan holda solishtirma oʻlchovlarni tanlashdan iborat. Baholovchi ustun yondashuvni aniqlaydi, qolgan yondashuvlarning natijalaridan esa ustun yondashuv yordamida olingan natijani tekshirish va unga tuzatish kiritish uchun foydalaniladi;
matematik oʻlchash usuli bilan. Bunda, turli baholash yondashuvlari bilan olingan natijalarning solishtirma oʻlchovlarini aniqlash uchun bir nechta mezonlardan foydalaniladi va ularning yordamida qoʻllanilgan hisoblash usulining afzalliklari yoki kamchiliklari konkret obyektni baholash xususiyatlarini hisobga olgan holda tavsiflanadi.
38. Solishtirma oʻlchovlarni aniqlashda baholovchi quyidagi asosiy omillarni tahlil qilishi lozim:
tahlil va hisoblashlarga asos boʻlgan axborotning ishonchliligi va yetarliligini;
baholash yondashuvi baholash obyektiga xos boʻlgan narx belgilovchi omillar tuzilishini hisobga olishga qodirligini;
yondashuv baholash obyektiga oʻxshash obyektlarning odatdagi xaridorlari va sotuvchilari motivatsiyasini aks ettirishga qodirligini;
Kxar, Kdar, Kqiyos — tegishincha xarajatga oid, daromadga oid va qiyosiy yondashuvlar bilan aniqlangan qiymatlar;
S1, S2, S3 — har bir baholash yondashuvi uchun tanlangan tegishli solishtirma oʻlchovlar.
Bunda, quyidagi shart bajarilishi lozim:
S1 + S2 + S3 = 1, bu yerda:
VI-bob. Baholash toʻgʻrisidagi hisobotni tuzish
40. Biznes qiymatini baholash toʻgʻrisidagi hisobot tuzilishi quyidagi asosiy boʻlimlarni oʻz ichiga olishi lozim:
titul varagʻi;
mundarija;
baholash toʻgʻrisidagi hisobotga ilova xat;
baholashga oid vazifa hamda asosiy faktlar va xulosalar;
mamlakat va mintaqadagi umumiy iqtisodiy vaziyat tavsifi;
baholash obyekti mansub boʻlgan tarmoq va bozor tavsifi;
biznes (korxona) tavsifi;
korxona moliyaviy hisoboti maʼlumotlari tahlili;
baholash yondashuvlari va usullarining tanlanishi va qoʻllanilishi tavsifi;
baholash obyektining yakuniy qiymatini aniqlash;
ilovalar.
41. Hisobotning titul varagʻida quyidagilar koʻrsatiladi:
baholash toʻgʻrisidagi hisobotning roʻyxatga olish raqami;
baholash obyektining nomi va manzili;
baholanayotgan qiymat turi;
baholash sanasi;
baholash toʻgʻrisidagi hisobot tuzilgan sana;
buyurtmachi va baholovchining nomi.
42. Mundarijada baholash toʻgʻrisidagi hisobotning sahifalar raqamlari koʻrsatilgan barcha boʻlimlari va kichik boʻlimlari sarlavhalari sanab oʻtiladi.
43. Ilova xat muxtasar shaklda tuziladi va quyidagi maʼlumotlarni oʻz ichiga olishi lozim:
44. “Baholashga oid vazifa hamda asosiy faktlar va xulosalar” boʻlimi baholash obyektini baholash toʻgʻrisidagi shartnoma va baholashga oid vazifaning xususiyati haqida tasavvur hosil qilish uchun yetarli boʻlgan hajmdagi axborotni oʻz ichiga olishi lozim. Ushbu boʻlimda quyidagi maʼlumotlar koʻrsatiladi:
buyurtmachi haqida axborot;
bajaruvchilar haqida axborot;
baholash obyekti;
baholanayotgan mulkiy huquqlar;
baholash maqsadi;
baholash natijalaridan foydalanish chegarasi;
baholanayotgan qiymat turi;
baholash sanasi;
baholash toʻgʻrisidagi hisobot tuzilgan sana;
baholash obyektining yakuniy qiymati haqida xulosa;
farazlar va cheklovchi shartlar;
baholash milliy standartlari talablariga muvofiqlik haqida bayonot;
foydalanilgan axborotlar roʻyxati.
45. “Mamlakat va mintaqadagi umumiy iqtisodiy vaziyat tavsifi” boʻlimida baholash natijalariga taʼsir etadigan asosiy makroiqtisodiy omillar, ularning oʻzgarish tendensiyalari va baholanayotgan biznes istiqbollariga taʼsiri tavsifi keltiriladi.
46. “Baholash obyekti mansub boʻlgan tarmoq va bozor tavsifi” boʻlimi quyidagi axborotni oʻz ichiga oladi:
tarmoqning holati va rivojlanish imkoniyatlari haqida;
sotuv bozorlari va mahsulotni sotish xususiyatlari haqida;
tarmoqdagi raqobat shartlari, oʻrindosh tovarlar ishlab chiqaradigan asosiy raqiblarning mavjudligi (narxlar, xizmat koʻrsatish sifati, sotuv yoʻllari va hajmlari) haqida.
47. “Baholanayotgan biznes (korxona) tavsifi” boʻlimida quyidagilar keltiriladi:
korxonaning tashkiliy-huquqiy shakli toʻgʻrisida maʼlumotlar;
korxonaning tarixi toʻgʻrisida maʼlumotlar;
faoliyat yoʻnalishlari (asosiy ishlab chiqarish faoliyati, mahsulotlar, xizmatlar) toʻgʻrisida axborot;
yetkazib beruvchilar va isteʼmolchilar tavsifi;
mavsumiy va siklga oid omillar mavjudligi haqida maʼlumotlar;
korxona mulki toʻgʻrisida maʼlumotlar;
xodimlar toʻgʻrisida maʼlumotlar;
biznesning rivojlanish imkoniyatlari toʻgʻrisida maʼlumotlar;
biznesdagi ulushlar bilan oldingi bitimlar toʻgʻrisida axborot.
48. “Korxona moliyaviy hisoboti maʼlumotlari tahlili” boʻlimi quyidagilarni oʻz ichiga oladi:
taqdim etilgan moliyaviy hisobot tahlilini;
moliyaviy hisobot maʼlumotlariga kiritilgan tuzatishlarni baholash maqsadida berilgan izohlarni;
moliyaviy koeffitsiyentlar tahlilini;
oʻxshash korxonalarning moliyaviy koʻrsatkichlari bilan taqqoslash natijalarini;
korxona moliyaviy holati prognozlarini;
biznes qiymatiga moliyaviy koʻrsatkichlar taʼsiri haqidagi axborotni.
49. “Baholash yondashuvlari va usullarining tanlanishi va qoʻllanilishi tavsifi” boʻlimida quyidagilar keltiriladi:
baholash yondashuvlari va usullariga qisqacha sharh;
qoʻllanilgan baholash yondashuvlari va usullarining tanlanishi va asoslanishi yoki biron-bir baholash yondashuvidan foydalanishdan voz kechishni asoslash;
korxona qiymatini tanlangan baholash yondashuvlari va usullari yordamida aniqlash tartibi va hisoblashlar.
50. “Baholash obyektining yakuniy qiymatini aniqlash” boʻlimi quyidagilarni oʻz ichiga oladi:
biznesdagi ulushlar baholangan holda, chegirmalar va mukofotlar qoʻllanilishini asoslashni;
turli baholash yondashuvlari bilan olingan natijalarni muvofiqlashtirishni;
baholash obyektining yakuniy qiymati haqidagi xulosani.
51. “Ilovalar” boʻlimi quyidagilarni oʻz ichiga oladi:
baholash jarayonida foydalaniladigan hujjatlar (yoki ularning nusxalari)ni;
baholash faoliyati bilan shugʻullanish huquqini beradigan litsenziya nusxasini;
baholash toʻgʻrisidagi hisobotni tayyorlashda ishtirok etgan baholovchilar malaka sertifikatlarining nusxalarini;
baholovchi tashkilotning fuqarolik javobgarligini sugʻurtalash haqidagi sugʻurta polisi nusxasini;
boshqa maʼlumotlarni.
Baholash toʻgʻrisidagi hisobotning pirovard tuzilishi (boʻlimlar va kichik boʻlimlar soni va ularning ketma-ketligi tartibi, ularning nomi) va hajmi baholovchi tomonidan baholash obyektining xususiyati, baholash maqsadlari, baholash toʻgʻrisidagi hisobotning ehtimol tutilgan foydalanuvchisi hamda qonun hujjatlarining talablariga qarab belgilanadi.
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2009-y., 44-son, 475-modda; 2016-y., 22-son, 256-modda; 2017-y., 20-son, 376-modda; Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 28.02.2018-y., 10/18/2026-3/0824-son)