1.05.00.00.00 Mehnat va aholining bandligi to‘g‘risidagi qonunchilik / 05.07.00.00 Mehnatni muhofaza qilish / 05.07.07.00 Alohida toifadagi xodimlarni mehnatining muhofaza qilish;
2.13.00.00.00 Ta’lim. Fan. Madaniyat / 13.01.00.00 Ta’lim / 13.01.93.00 (Кучини йукотган) Amaliyot. Stajirovkalar]
[TSZ:
1.Ijtimoiy-madaniy masalalar / Mehnat. Aholining bandligi]
O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI MEHNAT VA AHOLINI IJTIMOIY MUHOFAZA QILISh VAZIRINING
buyrug‘i
QIShLOQ XO‘JALIGI MAHSULOTLARINI YETIShTIRISh VA YIG‘IShTIRIB OLISh UChUN TA’LIM MUASSASALARI O‘QUVChILARI VA TALABALARIDAN FOYDALANIShDA MEHNATNI MUHOFAZA QILISh QOIDALARINI TASDIQLASh HAQIDA
[O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2011-yil 5-martda ro‘yxatdan o‘tkazildi, ro‘yxat raqami 2206]
LexUZ sharhi
Mazkur buyruq O‘zbekiston Respublikasi adliya vazirining 2019-yil 7-oktabrdagi 451-mh-sonli “Idoraviy normativ-huquqiy hujjatni davlat reyestridan chiqarish to‘g‘risida”gi buyrug‘iga (ro‘yxat raqami 2206-1, 07.10.2019-y.) asosan davlat reyestridan chiqarilgan.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2000-yil 12-iyuldagi 267-son “Mehnatni muhofaza qilishga doir me’yoriy hujjatlarni qayta ko‘rib chiqish va ishlab chiqish to‘g‘risida”gi (O‘zbekiston Respublikasi Hukumati qarorlarining to‘plami, 2000-y., 7-son, 39-modda) va 2010-yil 20-iyuldagi 153-son “Mehnatni muhofaza qilish bo‘yicha normativ-huquqiy bazani yanada takomillashtirish to‘g‘risida”gi (O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2010-y., 28-29-son, 234-modda) qarorlariga muvofiq buyuraman:
1. Qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish va yig‘ishtirib olish uchun ta’lim muassasalari o‘quvchilari va talabalaridan foydalanishda mehnatni muhofaza qilish qoidalari ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur buyruq O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligida davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan kundan boshlab o‘n kun o‘tgandan keyin kuchga kiradi.
Vazir A. XAITOV
Toshkent sh.,
2011-yil 8-fevral,
7-B-son
O‘zbekiston Respublikasi mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirining 2011-yil 8-fevraldagi 7-B-son buyrug‘iga ILOVA
Qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish va yig‘ishtirib olish uchun ta’lim muassasalari o‘quvchilari va talabalaridan foydalanishda mehnatni muhofaza qilish
QOIDALARI
Mazkur Qoidalar O‘zbekiston Respublikasining “Mehnatni muhofaza qilish to‘g‘risida”gi Qonuni (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Axborotnomasi, 1993-y., 5-son, 223-modda) va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2000-yil 12-iyuldagi 267-son “Mehnatni muhofaza qilishga doir me’yoriy hujjatlarni qayta ko‘rib chiqish va ishlab chiqish to‘g‘risida”gi (O‘zbekiston Respublikasi Hukumati qarorlarining to‘plami, 2000-y., 7-son, 39-modda) hamda 2010-yil 20-iyuldagi 153-son “Mehnatni muhofaza qilish bo‘yicha me’yoriy-huquqiy bazani yanada takomillashtirish to‘g‘risida”gi (O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2010-y., 28-29-son, 234-modda) qarorlariga muvofiq qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish va yig‘ishtirib olish uchun ta’lim muassasalari o‘quvchilari va talabalaridan foydalanishda mehnatni muhofaza qilish tartibini belgilaydi.
I. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Qoidalar o‘rta maxsus, kasb-hunar, oliy ta’lim muassasalari hamda qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtiruvchi tashkilotlarga (bundan buyon matnda tashkilotlar deb yuritiladi) taalluqlidir.
2. Mazkur Qoidalar texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar talablari bajarilishining shart ekanligini istisno etmaydi.
3. Ta’lim muassasalari o‘quvchilari va talabalari mehnatidan foydalanish jarayonida mehnatni muhofaza qilishga doir qonunlar va boshqa normativ hujjatlarga rioya etilishi ustidan nazorat maxsus vakolat berilgan davlat organlari, mehnat jamoalari va kasaba uyushmasi tashkilotlari tomonidan saylangan mehnatni muhofaza qilish bo‘yicha vakillar tomonidan amalga oshiriladi.
II. Umumiy xavfsizlik talablari
1-§. Mehnatni muhofaza qilishni tashkil etish
4. Qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish va yig‘ishtirib olishda band bo‘lgan ta’lim muassasalari o‘quvchilari va talabalariga ish turlari bo‘yicha belgilangan tartibda mehnatni muhofaza qilish bo‘yicha yo‘l-yo‘riq berilishi kerak.
5. Ta’lim muassasalari o‘quvchilari va talabalariga mehnatni muhofaza qilish bo‘yicha yo‘l-yo‘riq berish Mehnat muhofazasi bo‘yicha o‘qishlarni tashkil qilish va bilimlarni sinash to‘g‘risidagi namunaviy nizomga (ro‘yxat raqami 272, 1996-yil 14-avgust) muvofiq amalga oshirilishi lozim.
6. Ta’lim muassasalari o‘quvchi va talabalari qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish va yig‘ishtirib olish uchun jalb qilinganda mehnatni muhofaza qilish borasidagi ishlarni tashkil qilish Mehnat muhofazasi bo‘yicha ishlarni tashkil etish to‘g‘risidagi namunaviy nizomga (ro‘yxat raqami 273, 1996-yil 14-avgust) muvofiq amalga oshiriladi.
7. Ishlarni texnologik reglament bo‘yicha xavfsiz yuritish yo‘riqnomalari Mehnat muhofazasi bo‘yicha yo‘riqnomalarni ishlab chiqish to‘g‘risidagi nizomga (ro‘yxat raqami 870, 2000-yil 7-yanvar) (O‘zbekiston Respublikasi vazirliklari, davlat qo‘mitalari va idoralarining me’yoriy hujjatlari axborotnomasi, 2000-y., 1-son) muvofiq ishlab chiqiladi hamda tashkilot xodimlarini va ish joylarini ushbu yo‘riqnomalar bilan ta’minlash tashkilot rahbariyati zimmasiga yuklatiladi.
8. Tashkilotlarda mehnat faoliyati bilan bog‘liq ravishda sodir bo‘lgan baxtsiz hodisalar va boshqa jarohatlanishlarni tekshirish va hisobini yuritish Vazirlar Mahkamasining 1997-yil 6-iyundagi 286-son qarori (O‘zbekiston Respublikasi Hukumati qarorlarining to‘plami, 1997-y., 6-son, 21-modda) bilan tasdiqlangan Ishlab chiqarishdagi baxtsiz hodisalarni va xodimlar salomatligining boshqa xil zararlanishini tekshirish va hisobga olish to‘g‘risidagi nizomga muvofiq amalga oshirilishi lozim.
2-§. Ta’lim muassasalari o‘quvchilari va talabalari mehnatidan foydalanish taqiqlanadigan ishlar
9. O‘n sakkiz yoshga to‘lmagan shaxslarning mehnati qo‘llanishi taqiqlanadigan noqulay mehnat sharoitlari ishlari ro‘yxatiga (ro‘yxat raqami 1990, 2009-yil 29-iyul) (O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2009-y., 30-31-son, 355-modda) muvofiq o‘n sakkiz yoshga to‘lmagan shaxslar zararli va noqulay mehnat sharoiti mavjud ishlarga qabul qilinmasligi lozim.
10. O‘n sakkiz yoshga to‘lmagan shaxslar ko‘tarishlari va tashishlari mumkin bo‘lgan og‘ir yuk normalarining chegarasini belgilash to‘g‘risidagi nizomga (ro‘yxat raqami 1954, 2009-yil 12-may) (O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2009-y., 19-20-son, 242-modda) muvofiq o‘n sakkiz yoshga to‘lmagan shaxslarning belgilab qo‘yilgan normadan ortiq og‘ir yuk ko‘tarishlari va tashishlariga yo‘l qo‘yilmaydi.
11. Ayollar mehnatidan foydalanish to‘liq yoki qisman taqiqlanadigan mehnat sharoiti noqulay bo‘lgan ishlar ro‘yxatiga (ro‘yxat raqami 865, 2000-yil 5-yanvar) (O‘zbekiston Respublikasi vazirliklari, davlat qo‘mitalari va idoralarining me’yoriy hujjatlari axborotnomasi 2000-y., 1-son) muvofiq ayollar zararli va noqulay mehnat sharoitiga ega bo‘lgan ishlarga jalb qilinmaydi.
12. O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 77-bandiga muvofiq ishga qabul qilishga o‘n olti yoshdan yo‘l qo‘yiladi. Yoshlarni mehnatga tayyorlash uchun umumta’lim maktablari, o‘rta maxsus, kasb-hunar o‘quv yurtlarining o‘quvchilarini ularning sog‘lig‘iga hamda ma’naviy va axloqiy kamol topishiga ziyon yetkazmaydigan, ta’lim olish jarayonini buzmaydigan yengil ishni o‘qishdan bo‘sh vaqtida bajarishi uchun — ular o‘n besh yoshga to‘lganidan keyin ota-onasidan birining yoki ota-onasining o‘rnini bosuvchi shaxslardan birining yozma roziligi bilan ishga qabul qilishga yo‘l qo‘yiladi.
3-§. Sanitariya va gigiyena sharoitlarini yaratishga qo‘yiladigan talablar
13. Yashash (dam olish) xonalaridagi harorat, nisbiy namlik, havoning harakatlanish tezligi va boshqalar GOST 12.1.005-88 talablariga muvofiq bo‘lishi lozim.
14. Yashash (dam olish) xonalarida samarali havo almashinuvi tizimi QMQ 2.04.05-97 “Isitish, ventilatsiya va konditsiyalash” talablariga muvofiq tashkil qilinishi kerak.
15. Dala ishlariga jalb qilingan o‘quvchi va talabalar hafta davomida 2-marta hammom qabul qilishlari lozim.
4-§. Yoritishga qo‘yiladigan talablar
16. Yashash (dam olish) xonalari tabiiy va sun’iy yoritish QMQ 2.01.05-98 “Tabiiy va sun’iy yoritish” talablariga mos bo‘lishi lozim.
17. Yoritish vositalarida ko‘zni qamashtirishdan saqlovchi choralar ko‘rilgan bo‘lishi kerak.
18. Yoritish vositalari uchun 220 V dan yuqori bo‘lmagan kuchlanishli tok qo‘llanishi lozim.
19. Ko‘chma yoritish vositalarini ishlatishda izolatsiyasi rezina shlangli egiluvchan o‘tkazgichdan foydalanilishi lozim.
20. Yoritish vositalarini ta’mirlash va uning ichki elementlarini ko‘zdan kechirish, yaroqsiz holga kelgan elektr chiroqlari va himoya shishalarini almashtirish ishlari elektr tizimi tarmog‘i o‘chirilgan holda bajarilishi lozim.
21. Yoritish vositalari toza va soz holatda bo‘lishi kerak.
22. Yoritish vositalarini nazorat qilish va ta’mirlash ishlari mazkur ishlarni bajarishga mas’ul bo‘lgan xodimlar tomonidan amalga oshirilishi lozim.
23. Elektr yoritish tarmoqlari poldan 2,5 m dan past bo‘lmagan balandlikda bo‘lishi kerak.
24. Evakuatsiya yo‘laklari va zinapoyalarda halokat (avariya) yoritgichlari bo‘lishi lozim.
25. Halokat (avariya) yoritgichlari boshqa yoritgichlardan turi, o‘lchamlari va maxsus tushirilgan belgilari bilan ajralib turishi hamda vaqti-vaqti bilan changdan tozalanib, sozligi nazorat qilinib turilishi lozim.
5-§. O‘quvchi va talabalarning salomatligini nazorat qilish
26. O‘quvchi va talabalar dastlabki tibbiy ko‘rikdan o‘tgandan keyingina qishloq xo‘jalik ishlariga jalb qilinishi lozim.
27. O‘rta maxsus, kasb-hunar va oliy ta’lim muassasalari rahbariyati va kasaba uyushmasi qo‘mitasi birgalikda qishloq xo‘jalik ishlari boshlanishidan oldin mazkur jarayonga jalb qilinishi lozim bo‘lgan o‘quvchi va talabalarning ro‘yxatini tuzib, tibbiy ko‘rikdan o‘tishini ta’minlaydi.
28. Davriy tibbiy ko‘riklar o‘z vaqtida, sifatli o‘tkazilishi va ularning natijalariga ko‘ra tavsiyalar bajarilishi uchun javobgarlik ta’lim muassasasi rahbariyati zimmasiga yuklatiladi.
6-§. Suv ta’minoti va kanalizatsiya tizimiga qo‘yiladigan talablar
29. Suv ta’minoti va oqova suv tizimi QMQ 2.04.01-98 “Binolarni ichki suv quvuri va kanalizatsiyasi” qoidalari talablariga mos kelishi lozim.
30. O‘quvchi va talabalarning ichimlik suvidan foydalanishlari uchun suv quvuriga ulangan favvorachalar bo‘lishi kerak. Suv quvurlari mavjud bo‘lmagan hollarda, maxsus idishlar qaynatilgan suv bilan ta’minlangan holatda bo‘lishi lozim.
31. O‘quvchi va talabalar ishlaydigan hududda bir kishi hisobiga 2 — 5 l qaynatilgan kunlik ichimlik suvi bilan ta’minlangan bo‘lishi lozim.
32. Ichimlik suvining harorati 8°C dan 20°C gacha bo‘lishi kerak.
33. O‘quvchi va talabalarning daladagi ko‘lmak, zovur, ariqlardan suv ichishlari qat’iyan taqiqlanadi.
34. Qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish va yig‘ishtirib olish uchun jalb qilingan o‘quvchi va talabalar joylashgan hududdagi hojatxonalar sovuq suv va kanalizatsiya tizimiga ulangan bo‘lishi lozim.
35. Qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish va yig‘ishtirib olish uchun jalb qilingan o‘quvchi va talabalar joylashgan hududda markazlashtirilgan kanalizatsiya tizimi bo‘lmagan holatlarda hududiy davlat sanitariya nazorati organlari ruxsati bilan maxsus o‘ralardan foydalanish talab qilinadi.
7-§. Mehnat va dam olishga qo‘yiladigan talablar
36. Tashkilotlarda o‘quvchi va talabalarning ish vaqti, dam olish vaqti, shuningdek qisqartirilgan ish vaqti qonun hujjatlari talablari asosida tashkilotlarning ichki mehnat qoidalari asosida belgilanadi.
37. Ish vaqtining muddati o‘n oltidan o‘n sakkiz yoshgacha bo‘lgan xodimlarga haftasiga o‘ttiz olti soatdan, o‘n beshdan o‘n olti yoshgacha bo‘lgan shaxslar uchun esa haftasiga yigirma to‘rt soatdan oshmaydigan qilib belgilanishi lozim.
38. O‘quvchi va talabalarni ish vaqtidan tashqari hamda tungi ishlarga jalb qilish qat’iyan taqiqlanadi.
III. Ishlab chiqarish (texnologik) jarayonlariga qo‘yiladigan talablar
1-§. Bino va inshootlarga qo‘yiladigan xavfsizlik talablari
39. Yordamchi binolar va xonalar QMQ 2.09.04-98 “Tashkilotlarning ma’muriy va maishiy binolari” talabiga muvofiq bo‘lishi lozim.
40. Binolarda o‘quvchi va talabalar uchun xavf tug‘diruvchi halokat tusidagi turli halokat va buzilishlar tezda bartaraf etilishi kerak. Halokat bartaraf etilgunga qadar, xavfli binolardan o‘quvchi va talabalar xavfsiz joylarga ko‘chirilishi lozim.
41. Yashash (dam olish) binolari yuzasi bir kishi uchun 3 m2 dan, o‘tish yo‘lkalarining kengligi 1,0 m dan kam bo‘lmasligi kerak.
42. Bino poli yog‘och va shunga o‘xshash materialdan bo‘lishi lozim.
43. Binoning eshik va oynalari yaxshi yopiladigan, oynalar esa tuynukchali (fortochkali) bo‘lishi kerak. Katta o‘lchamli binolarda shamollatish tizimining to‘liq va muntazam ishlashi ta’minlangan bo‘lishi lozim.
44. Binoda o‘quvchi va talabalarning kelib joylashishlaridan (kamida 10 kun) oldin dezinfeksiya, dezinseksiya, deratizatsiya ishlari o‘tkazilishi shart.
45. Bino devorlari va boshqa joylarida elektr o‘tkazgich (sim)lar yuzaga chiqib qolmasligi, ular izolatsiyasining yorilgan joylari bo‘lmasligi, rozetka va o‘chirgichlar yaxshi himoyalangan va soz holatda bo‘lishi kerak. Xonalarda elektr xavfsizligi bo‘yicha mas’ul shaxs tayinlanishi lozim.
46. Binolarda ochiq spiralli va qo‘lbola elektr qurilmalaridan foydalanish taqiqlanadi.
47. Binolar favqulodda vaziyatlarda harakatlanish, evakuatsiya sxemasi bilan ta’minlangan bo‘lishi, binoda yashovchilarga halokat (avariya) yoki yong‘in sodir bo‘lgan paytda harakatlanish sxemasi tushuntirilishi shart.
48. Ovqatlanish joylari bino ichi yoki bostirmada tashkil qilinishi, stol va stullar bilan to‘liq ta’minlangan bo‘lishi hamda oziq-ovqat mahsulotlarini saqlash uchun maxsus xonalar ajratilgan bo‘lishi lozim.
49. Ovqatlanish joyi yaxshi yoritilgan bo‘lishi, toza ichimlik suvi va idish-tovoqlarni yuvish uchun issiq suv hamda yuvish va zararsizlantirish vositalari bilan ta’minlangan bo‘lishi lozim.
50. Binoda birinchi tez tibbiy yordam ko‘rsatish uchun dori-darmon vositalari bo‘lishi shart.
51. Binolar, bostirmalar, yuvinish xonalari va hojatxonalar joylashgan hududdan oqova suv va yer usti suvlarining oqib ketishini ta’minlovchi maxsus tarmoqlar mavjud bo‘lishi va ishlashi kerak.
52. Bino atrofida 30 — 50 m masofada hojatxona joylashtirilishi va unda har o‘n kishiga bitta o‘tirish joyi yoki unitaz o‘rnatilgan bo‘lishi kerak.
53. Yuvinish (dush) xonasida yuvinish krani o‘rtacha har 8 kishiga bitta hisobida bo‘lishi kerak.
54. Dam olish, ovqatlanish, yuvinish xonalari va hojatxonalar doimiy ravishda 0,5 foizli xlorli ohak eritmasi yoki xloramin bilan yuvilib va tozalab turilishi lozim.
2-§. Yong‘in va portlash xavfsizligi talablari
55. Ishlab chiqarish jarayonlari yong‘in va portlash xavfsizligi, ularni rejalashtirish, tashkillashtirish va olib borishda GOST 12.1.004-91 “Yong‘in xavfsizligi. Umumiy talablari” va ushbu Qoidalarga muvofiq ta’minlangan bo‘lishi lozim.
56. Evakuatsiya chiqish yo‘llarining soni, ularning joylashishi QMQ 2.09.02-85 “Ishlab chiqarish binolari” va ShNQ 2.01.02-04 “Binolar va inshootlarni yong‘in xavfsizligi” talablariga asosan ish joylaridan ulargacha bo‘lgan masofa o‘quvchi va talabalarning soniga bog‘liq holda aniqlanadi.
57. Barcha ishlab chiqarish, yordamchi va maishiy xonalarda yong‘in xavfsizligi bo‘yicha ta’lim muassasasi rahbariyati tomonidan tayinlangan javobgar shaxs bo‘lishi lozim.
58. Yong‘in xavfsizligiga mas’ul xodim majburiyatlari yong‘in xavfsizligi bo‘yicha tavsiya qilingan yo‘riqnomada belgilangan bo‘lishi lozim.
59. Yong‘inga qarshi yong‘in o‘chirish vositalari, soni va joylashtirilishi mahalliy yong‘in xavfsizligi xizmati bilan kelishilgan holda tashkil qilinishi kerak.
60. O‘quvchi va talabalar yong‘in xavfsizligi qoidalarini so‘zsiz bajarishi va ular tomonidan yong‘inga olib kelishi mumkin bo‘lgan xatti-harakatlarga yo‘l qo‘ymasligi yuzasidan nazorat o‘rnatilgan bo‘lishi lozim.
61. Transport vositasida ketayotgan vaqtda chekishga, olov yoqishga, belgilanmagan joyda turishga yo‘l qo‘yilmaydi.
62. O‘quvchi va talabalarni tashishga mo‘ljallangan transport vositasida yengil yonuvchi, portlovchi, zaharli va zararlovchi moddalar olib yurilmaydi.
3-§. Elektr qurilmalaridan foydalanishda xavfsizlik talablari
63. Barcha qo‘llaniladigan elektr qurilmalari (mashina, apparat, o‘lchov asboblari, sim va kabel kabilar) xavfsizlik texnikasi talablariga javob berishi shart.
64. Elektr qurilmalarining barcha turlari, quvvati, tok kuchi, kuchlanishi ularni ishlab chiqargan korxona pasportiga ega bo‘lishi kerak.
65. Elektr qurilmalarining tashqi qoplamalari, shuningdek, elektr qurilmalari o‘rnatilgan metall konstruksiyalar erga ulangan bo‘lishi shart. Yerga ulanmasdan elektr qurilmalaridan foydalanish qat’iyan man qilinadi.
66. Yerga ulanganlik holatini tekshirish bir yilda bir marta o‘tkazilishi shart.
67. Elektr qurilmalarini tozalash, changini artish va ta’mirlash faqat elektr qurilmasining elektr tarmog‘idan uzilgan holatda amalga oshirilishi lozim.
68. Tashkilotlarda elektr qurilmalarini o‘rnatish va ulardan foydalanishda Iste’molchilarning elektr qurilmalaridan texnik foydalanish qoidalari (ro‘yxat raqami 1383, 2004-yil 9-iyul) (O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2004-y., 27-son, 317-modda) hamda Iste’molchilarning elektr qurilmalaridan foydalanishda texnika xavfsizligi qoidalari (ro‘yxat raqami 1400, 2004-yil 20-avgust) (O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2004-y., 33-son, 379-modda) va mazkur Qoidalar talablariga rioya qilinishi kerak.
4-§. O‘quvchi va talabalarni dala ishlariga olib borish hamda olib kelishda xavfsizlik talablari
69. Har bir transport vositasiga joylashtiriladigan o‘quvchi va talabalar soni transport vositasining texnik holatidan kelib chiqqan holda rahbariyat tomonidan belgilanishi hamda har bir transport vositasidagi o‘quvchi va talabalar ro‘yxatga olinishi lozim.
70. Har bir transport vositasidagi o‘quvchi va talabalarga alohida rahbar tayinlanadi. Rahbar ularni nazorat qilib borishi lozim. Bunda o‘quvchi va talabalarni tashish uchun mo‘ljallangan transport vositalaridan, ularning yuklarini olib borishda esa, yuk tashishga mo‘ljallangan transport vositasidan foydalanish shart.
71. Transport vositasida o‘quvchi va talabalarning transport vositasi oynasi hamda boshqa joylaridan qo‘l, bosh va boshqa a’zolarini chiqarishlari taqiqlanadi.
72. O‘quvchi va talabalarni olib ketayotgan transport vositasida ish qurollari transport vositasining alohida moslashtirilgan qismida joylashtirilgan bo‘lishi lozim.
73. O‘quvchi va talabalar transport vositasidan tushganlarida, yo‘lni kesib o‘tishlari rahbar boshchiligida, transport vositasining orqa tomonidan tashkil qilinishi lozim.
5-§. O‘quvchi va talabalarni vaqtincha yashab turish joylaridan dalaga olib chiqish hamda olib kelishga qo‘yiladigan xavfsizlik talablari
74. O‘quvchi va talabalarni dalaga olib chiqish va olib kelishdan oldin rahbar yo‘qlama qilishi va ularga bajariladigan ish turlari bo‘yicha to‘liq tushuntirish, yo‘l-yo‘riqlar berishi lozim.
75. O‘quvchi va talabalar orasida kasal yoki vaqtincha ish qobiliyatini yo‘qotganlar tibbiyot xodimi nazoratidan o‘tadi va ularning sog‘liklari to‘la tiklanguncha dam olish joylarida qoldiriladi.
76. Dalaga chiqadigan o‘quvchi va talabalar ishning turiga hamda iqlim sharoitiga mos ust-bosh kiygan bo‘lishi lozim.
77. Ish olib boriladigan dala yashash joyidan 3 km masofadan uzoqda joylashgan bo‘lsa, maxsus transport vositasi ajratilishi kerak.
78. Ish joylariga olib borish va qaytarib kelish faqat kunning yorug‘ paytida amalga oshirilib, o‘quvchi va talabalar piyoda harakatlanganlarida yo‘ldagi transport vositasining qatnoviga xalaqit bermaslik maqsadida saf bo‘lib yurishlari lozim.
79. Saf bo‘lib harakatlanishda harakat xavfsizligini ta’minlash va boshqarish maqsadida safning boshida hamda oxirida qizil bayroqchali boshqaruvchilar qo‘yilishi lozim.
80. Ish joyiga yetib kelgandan so‘ng o‘quvchi va talabalar ro‘yxat bo‘yicha ish joylariga taqsimlanishi lozim.
6-§.Dala ishlarini bajarishda xavfsizlik talablari
81. O‘quvchi va talabalar dala ishlarini bajarishdan oldin belgilagan tartibda mavsumiy kiyim-bosh, soz ish qurollari bilan ta’minlanishlari lozim.
82. Dala ishlariga jalb qilingan o‘quvchi va talabalar hududning rahbari ruxsati bilan uning ko‘rsatmasiga asosan ish boshlashlari lozim.
83. O‘quvchi va talabalar dala ishlarini bajarayotgan vaqtida bir-birlaridan kamida 2 m masofada joylashishlari lozim.
84. O‘quvchi va talabalar kunning yorug‘ vaqtida ishlashlari lozim.
7-§.G‘o‘za qator orasiga ishlov berishda xavfsizlik talablari
85. O‘quvchi va talabalar ishni boshlashdan oldin ish quroli sozligini ko‘zdan kechirishi, tekshirib ko‘rishi, ish quroli nosozligi aniqlangan holatda darhol rahbarga xabar berishi va uni almashtirishi lozim.
86. O‘quvchi va talabalar ishlayotgan hududlarda harakatlanayotgan mexanizmlardan kamida 10 m uzoqlikda ishlashlari lozim. Bunda mexanizm harakatlanayotgan yo‘nalishda o‘quvchi va talabalarning ishlashiga yoki yaqiniga borishga umuman yo‘l qo‘yilmaydi.
87. O‘quvchi va talabalar ishlayotgan hududda zovur va kanallar bo‘lsa, ularning yaqiniga borish taqiqlanadi.
88. O‘quvchi va talabalarning ular ishlayotgan hududlardagi elektr qurilmalariga yaqinlashishi taqiqlanadi.
89. Dalada chang, to‘zon, qattiq shamol, yog‘ingarchilik ro‘y berganda ishni to‘xtatish va pana joyga o‘tish lozim.
8-§. G‘o‘za ko‘chatlarini siyraklashtirishda (yagana) xavfsizlik talablari
90. G‘o‘za ko‘chatlarini siyraklashtirishda (yagana) ishlatiladigan ish qurolining sozligini tekshirib ko‘rishi hamda ushbu ish qurolidan to‘g‘ri foydalanishni bilishi lozim.
91. O‘quvchi va talabalar g‘o‘za ko‘chatlarini siyraklashtirish (yagana) ishlarini qo‘l yordamida bajarganda maxsus qo‘lqoplardan foydalanishlari lozim.
92. O‘quvchi va talabalar maxsus kiyimsiz g‘o‘za ko‘chatlarini siyraklashtirish (yagana) ishlariga ruxsat qilinmaydi.
9-§. G‘o‘zani chilpish (chekanka) qilishda xavfsizlik talablari
93. O‘quvchi va talabalar chekanka qilish ishlarini bajarayotganda g‘o‘zaning tegishli joylarini qo‘l barmoqlari yordamida uzishlari lozim, tirnoq bilan bajarishga yo‘l qo‘yilmaydi.
94. O‘quvchi va talabalar chekanka ishlarini bajarayotganda egat ichidagi chuqur, notekis va kesak yig‘ilib qolgan joylarga e’tibor bergan holda ehtiyotlik bilan harakatlanishlari lozim.
10-§. Paxta terimida qo‘yiladigan xavfsizlik talablari
95. G‘o‘za bargini to‘kishi uchun kimyoviy ishlov berilgan maydonga o‘quvchi va talabalar kamida 10 kun muddat o‘tgandan keyingina ishlashiga ruxsat etilishi lozim.
96. O‘quvchi va talabalar paxta terimiga jalb qilinishidan oldin maxsus kiyim-boshlar bilan ta’minlanishi kerak.
97. O‘quvchi va talabalarning g‘o‘za ichida, paxta g‘arami ustida va dalaning boshqa moslashtirilmagan hududlarida dam olish (uxlash)lariga yo‘l qo‘yilmaydi.
98. Paxta dalasida ochiq olovdan foydalanish, sigareta chekish hamda boshqa yong‘inga sabab bo‘luvchi vositalardan foydalanishi qat’iyan taqiqlanadi.
99. O‘quvchi va talabalarning paxta terilayotgan maydonda harakatlanayotgan mexanizmlarning oldiga yaqinlashishi, uning yo‘nalishiga chiqishi taqiqlanadi.
100. O‘quvchi va talabalarning paxta ortilgan tirkamalarga chiqishi yoki harakatlanayotgan tirkamalarga osilishlari qat’iyan man qilinadi.
11-§. Bog‘dorchilik, uzumchilik hamda o‘rmonchilik ishlarini olib borishda xavfsizlik talablari
101. O‘quvchi va talabalar bog‘, uzumzor va o‘rmonlarda ishga jalb qilinishidan oldin maxsus kiyim va shaxsiy himoya vositalari bilan ta’minlanishi kerak.
102. O‘quvchi va talabalar bog‘, uzumzor va o‘rmonlarda tayinlangan rahbar boshchiligida ishlashlari lozim.
103. O‘quvchi va talabalar bog‘, uzumzor va o‘rmonlarda ish boshlashdan oldin soz ish qurollari bilan ta’minlanishlari lozim.
104. Ish qurollarini uloqtirish va ketmon, xaskash, arra, o‘roqni qirqish qismi yoki tishlari bilan tepaga qaratib qo‘yish taqiqlanadi.
105. Chopish ishlarini bajarishga moslashtirilgan asbob-uskunalar (ketmon, tesha va h.k.) bilan ishlaganda qattiq, yopiq oyoq kiyimlarda ishlash lozim.
106. Ketmon va tesha bilan ishlaganda o‘quvchi va talabalarning o‘zaro oraliq masofasi 2 m dan kam bo‘lmasligi kerak.
107. Bu jarayonlarda o‘tmas qurollar bilan ishlash taqiqlanadi.
108. Bog‘, uzumzor va o‘rmonlarda qo‘llaniladigan asbob-uskuna va boshqa vositalardan belgilangan maqsadlarda foydalanish lozim.
109. Bog‘, uzumzor va o‘rmonlarda o‘quvchi va talabalarning yakka holda ishlashlariga yo‘l qo‘yilmaydi.
110. Bog‘, uzumzor va o‘rmonlarda inson sog‘lig‘iga zarar yetkazuvchi turli hasharotlardan saqlanish maqsadida ehtiyotkorlik talab etiladi va daraxtlar ostida yotib dam olish taqiqlanadi.
111. Bog‘, uzumzor va o‘rmonlarda narvonlardan foydalanilganda eng yuqori zinasiga chiqib ish bajarish taqiqlanadi. Bunda bir nafar o‘quvchi yoki talaba narvonni ushlab turishi, ikkinchisining narvonga chiqib ishni bajarishiga ruxsat etiladi. Narvonlardagi zinalar oralig‘i 0,3 m dan, narvonning tikligi 750 dan ko‘p bo‘lmasligi kerak.
112. Bog‘ va uzumzorlarda mevalarni yuvmasdan iste’mol qilish qat’iyan taqiqlanadi.
113. Bog‘, uzumzor va o‘rmonlarda daraxtlarni silkitish mexanizmlari bilan ish bajarayotganda, o‘quvchi va talabalar bir-biridan 5 — 7 m masofa uzoqlikda turishlari lozim.
114. Kuchli yog‘ingarchilikda, shox muzlaganda, shamol tezligi sekundiga 6,5 m bo‘lganda yoki kuchli tuman tushganda daraxtdagi mevalarni terish qat’iyan taqiqlanadi.
115. Bog‘, uzumzor va o‘rmonlarda yiqilish yoki sinib tushish ehtimoli bo‘lgan daraxtlardan meva terish va ular atrofidagi ishlarni bajarishda, shuningdek, qorong‘i tushgan paytlarda o‘quvchi va talabalardan foydalanish man etiladi.
116. Bog‘, uzumzor va o‘rmonlarda kunning qorong‘i tushgan vaqtlarida o‘quvchi va talabalarning ishlashlariga ruxsat etilmaydi.
117. Ish o‘rnini amaliyot rahbari yoki ish boshqaruvchining ruxsatisiz tark etish taqiqlanadi.
118. Ko‘chat ekishda o‘quvchi va talabalarning o‘zaro joylashish oralig‘i kamida 3 m bo‘lishi kerak. Uni bajarishda poyabzal sifatida kirza etik yoki botinka kiyib olinishi lozim. Ko‘chat o‘tqazishda kamida 2 kishi birga ishlaydi.
119. Daraxtlarga chiqishda uning tanasi, shoxlari yaxshilab kuzatiladi. Daraxtlar ustida ilon va boshqa zarar yetkazishi mumkin bo‘lgan jonivorlarning yo‘qligiga ishonch hosil qilgandan so‘ng ularga chiqish mumkin.
120. Daraxt mevasini terishda maxsus ilgichlar, tortgichlar, ushlagichlar hamda himoya kamaridan foydalaniladi.
121. Tikonli o‘simliklar bilan ishlashda uzun kirza etik, brezent shim va kostyumlar, quloqli bosh kiyim hamda brezent yoki charm qo‘lqoplardan foydalaniladi.
122. O‘simliklarni chopiq qilish ishlarini bajarishda o‘quvchi va talabalar oralig‘i 3 m dan kam bo‘lmasligi kerak.
123. O‘rmon o‘simliklarini chopiq qilishda o‘quvchi va talabalar quyosh nuri yo‘nalishiga orqa tomoni bilan turgan holda ishlashlari lozim.
124. Balandligi ishlovchi bo‘yidan baland bo‘lgan o‘simliklarga ishlov berishda himoya ko‘zoynaklaridan foydalanish lozim.
125. O‘quvchi va talabalarning daraxtlarni kesish uchun qo‘llaniladigan elektr va yoqilg‘i bilan ishlaydigan asbob-uskunalardan foydalanishlari taqiqlanadi.
12-§. Sabzavot mahsulotlarini yetishtirishda va hosilni yig‘ib olishda xavfsizlik talablari
126. O‘quvchi va talabalar sabzavot ekilgan dalada ishga jalb qilinishlaridan oldin maxsus kiyim va shaxsiy himoya vositalari bilan ta’minlanishi kerak.
127. O‘quvchi va talabalar bu ishlarni tayinlangan rahbar boshchiligida olib borishlari lozim.
128. Sabzavot ekilgan dalada ish boshlashdan oldin o‘quvchi va talabalar soz ish qurollari bilan ta’minlanishlari lozim.
129. Ishga yaroqsiz, darz ketgan ketmon, tesha va shu kabi boshqa jihozlarda ishlash taqiqlanadi.
130. Sabzavot ekinlari ekilgan daladagi ish uchastkasiga boriladigan yo‘lda katta ariq, to‘siqlar bo‘lsa, ulardan o‘tish uchun ko‘prik qurilishi yoki maxsus joylardan o‘tish tashkil qilinishi lozim.
131. Chopiq qilinayotganda sabzavot ekilgan daladagi baland-past, notekis joylarga duch kelinganda avval u joyning mustahkamligini tekshirib ko‘rib, keyin harakatni davom ettirish lozim.
132. Dalada ishlash davomida biror o‘quvchi yoki talabaning sog‘lig‘i yomonlashgani, jarohatlangani aniqlangan holatda uning yonidagi o‘quvchi yoki talaba darhol guruh rahbariga xabar berishi kerak.
133. O‘quvchi va talabalar ishlayotgan hududlarda harakatlanayotgan mexanizmlardan kamida 10 m uzoqlikda ishlashlari lozim. Bunda mexanizm harakatlanayotgan yo‘nalishda o‘quvchi va talabalarning ishlashiga yoki uning yaqiniga borishlariga yo‘l qo‘yilmaslik kerak.
134. Hosilni mo‘ljallangan yoki belgilangan maxsus quti (yashik)lar yordamida daladan olib chiqish, bunda yuk ko‘tarish me’yorlariga qat’iy rioya qilish lozim.
13-§. Pilla terishda xavfsizlik talablari
135. O‘quvchi va talabalar ta’lim muassasasi rahbariyatining ruxsati bilan pilla terimiga jalb qilinishi lozim.
136. Ta’lim muassasasidan belgilangan ish joyi (obyekt)gacha guruh rahbari nazorati ostida boriladi.
137. Dasta tashish bilan shug‘ullanuvchilar ish kiyimi (xalat) va qo‘llariga materialdan tikilgan qo‘lqop kiyishlari kerak. Nafas yo‘llariga (burni va og‘ziga) ho‘llangan doka niqob taqib himoyalanishi lozim.
138. Dastadan pillani ayiruvchilar ochiq havoda, havo harakati bor joyda ishni bajarishlari lozim. Qo‘l panjalarini oddiy matoli besh panjali qo‘lqop kiyib yoki panja uchlariga material bog‘lab ishlash kerak.
139. Dastadan pillani ajratuvchi uchun ish maydoni diametri kamida 2 m bo‘lishi lozim.
140. Qurt o‘ligini ochiq qo‘l bilan ushlash taqiqlanadi.
141. Qo‘lda yoki tanada tirnalish, qon oqishi sodir bo‘lsa, darhol yod eritmasi yoki spirt bilan ishlov berish lozim.
142. Ish tugagandan so‘ng qo‘lni sovun bilan yaxshilab iliq suvda tozalab yuvish, burunni bir necha marta va og‘izni bir necha marta chayish lozim. Terining ochiq joylarini (yuz, quloq, bo‘yin) yuviladi va quruq sochiq bilan artish kerak.
143. O‘quvchi va talabalar pillani birlamchi qayta ishlash ishlariga jalb qilinmaydi.
IV. Mehnatni muhofaza qilish qoidalarini buzganlik uchun javobgarlik
144. O‘rta maxsus, kasb-hunar, oliy ta’lim muassasalari o‘quvchi va talabalari qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish va yig‘ishtirib olish uchun jalb qilinganlarida mazkur Qoidalarga amal qilishda javobgarlik tashkilotlarning rahbarlari zimmasiga yuklatiladi.
145. Mansabdor shaxslar va xodimlar mehnatni muhofaza qilish qoidalariga rioya qilmaganliklari uchun qonun hujjatlariga muvofiq belgilangan tartibda javobgarlikka tortiladilar
V. Yakuniy qoida
146. Mazkur Qoidalar O‘zbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qo‘mitasi, Ichki ishlar vazirligi, Sog‘liqni saqlash vazirligi, Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Xalq ta’limi vazirligi, O‘zbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kengashi, O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi markazi va O‘zbekiston standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlashtirish agentligi, “Sanoatgeokontexnazorat” Davlat inspeksiyasi va “O‘zdavenergonazorat” inspeksiyasi bilan kelishilgan.
Davlat arxitektura va qurilish qo‘mitasi raisi B. XODJAYEV
2011-yil 28-fevral
Ichki ishlar vaziri B. MATLYUBOV
2011-yil 28-fevral
Sog‘liqni saqlash vaziri A. IKROMOV
2011-yil 28-fevral
Qishloq va suv xo‘jaligi vaziri Z. RO‘ZIYEV
2011-yil 28-fevral
Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri B. XODIYEV
2011-yil 28-fevral
Xalq ta’limi vaziri A. MARAXIMOV
2011-yil 28-fevral
O‘zbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kengashi raisi T. NORBOYEVA
2011-yil 28-fevral
O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi markazi direktori Sh. JAVLONOV
2011-yil 28-fevral
“O‘zstandart” agentligi bosh direktori A. ABDUVALIYEV
2011-yil 28-fevral
“Sanoatgeokontexnazorat” Davlat inspeksiyasi boshlig‘i B. GULYAMOV
2011-yil 28-fevral
“O‘zdavenergonazorat” inspeksiyasi boshlig‘i A. NIMATULLAYEV
2011-yil 28-fevral
(O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2011-y., 10-11-son, 106-modda)