toggle_night_mode
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI MARKAZIY BANKI BOSHQARUVINING
Qarori
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI HUDUDIDA XORIJIY DAVLATLARNING BANKLARI VAKOLATXONALARINI AKKREDITATSIYA QILISH TARTIBI TOʻGʻRISIDAGI NIZOMNI TASDIQLASH HAQIDA
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2008-yil 23-dekabrda 1883-son bilan davlat roʻyxatidan oʻtkazildi]
Oʻzbekiston Respublikasining “Oʻzbekiston Respublikasining Markaziy banki toʻgʻrisida”gi Qonunining 7, 9 va 17-moddalariga muvofiq, Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi hududida xorijiy davlatlarning banklari vakolatxonalarini akkreditatsiya qilish tartibi toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur qaror kuchga kirgan kundan boshlab Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvi tomonidan 1996-yil 20-iyulda 241-son bilan tasdiqlangan “Oʻzbekiston Respublikasi hududida chet el banklari vakolatxonalarini ochish, ularni roʻyxatdan oʻtkazish va akkreditatsiyalash tartibi toʻgʻrisida”gi nizom (1999-yil 16-yanvar, roʻyxat raqami 598) oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
3. Ushbu qaror Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligida davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan kundan boshlab oʻn kun oʻtgandan keyin amalga kiritilsin.
Markaziy bank Boshqaruvi raisi F. MULLAJONOV
Toshkent sh.,
2008-yil 22-noyabr,
26/6-son
Markaziy bank Boshqaruvining 2008-yil 22-noyabrdagi 26/6-sonli qarori bilan
TASDIQLANGAN
Oʻzbekiston Respublikasi hududida xorijiy davlatlarning banklari vakolatxonalarini akkreditatsiya qilish tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
Ushbu Nizom Oʻzbekiston Respublikasining “Oʻzbekiston Respublikasining Markaziy banki toʻgʻrisida”, “Banklar va bank faoliyati toʻgʻrisida” va “Valyutani tartibga solish toʻgʻrisida”gi qonunlariga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi hududida xorijiy davlatlarning banklari vakolatxonalarini akkreditatsiya qilish tartibini belgilaydi.
I. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizomda quyidagi tushunchalardan foydalaniladi:
xorijiy davlatning banki (keyingi oʻrinlarda — Bank) xorijiy davlat hududida roʻyxatga olingan va u joylashgan hamda roʻyxatga olingan joydagi bank nazorati organi tomonidan berilgan bank faoliyatini amalga oshirish huquqini beruvchi litsenziyaga ega bank;
xorijiy davlatning banki vakolatxonasi (keyingi oʻrinlarda — Vakolatxona) — Oʻzbekiston Respublikasi hududida joylashgan, Oʻzbekiston Respublikasi hududida uning akkreditatsiya qilinganligi haqida Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankining sertifikatiga ega boʻlgan, bank va boshqa tijorat faoliyati bilan shugʻullanish huquqisiz Bank manfaatlarini koʻzlab ish yuritadigan alohida Bank boʻlinmasi;
vakolatxonani akkreditatsiya qilish — xorijiy davlatning banki Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankidan Oʻzbekiston Respublikasi hududida oʻz Vakolatxonasini ochish va uning faoliyat olib borishi uchun ruxsat berish;
akkreditatsiya toʻgʻrisida sertifikat (keyingi oʻrinlarda — Sertifikat) — Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan Vakolatxona akkreditatsiya qilinganligini tasdiqlovchi yozma hujjat.
2. Vakolatxona Oʻzbekiston Respublikasi bank sohasidagi iqtisodiy vaziyatni va holatni oʻrganish maqsadida, maslahat berish, Oʻzbekiston Respublikasida Bank manfaatlarini ifodalash, kredit tashkilotlari bilan aloqalarni mustahkamlash va kengaytirish hamda xalqaro hamkorlikni rivojlantirish uchun Bank tomonidan tashkil etiladi.
II. Bank Vakolatxonasini ochish va akkreditatsiya qilish tartibi
3. Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Oʻzbekiston Respublikasida Bankning Vakolatxonasini akkreditatsiya qilish masalasini Bank ariza taqdim etganda koʻrib chiqadi. Bunda, Bank oʻzining davlatida kamida besh yil mobaynida faoliyat koʻrsatayotgan, bank tizimida yaxshi obroʻ-eʼtiborga va mustahkam moliyaviy holatga ega boʻlib, ushbu maʼlumotlar Bankni roʻyxatdan oʻtkazgan davlatning bank nazorati organi tomonidan tasdiqlanishi lozim.
Oldingi tahrirga qarang.
(4-band Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvining 2022-yil 6-yanvardagi 31/8-sonli qaroriga (roʻyxat raqami 1883-1, 14.01.2022-y.) asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 14.01.2022-y., 10/22/1883-1/0025-son)
5. Oʻzbekiston Respublikasida oʻz vakolatxonasini ochish istagini bildirgan Bank Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankiga quyidagi hujjatlarni taqdim etadi:
a) Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki raisi nomiga, quyidagilar qayd etilgan holda ariza:
vakolatxonani tashkil etish zaruriyati toʻgʻrisidagi asos;
moʻljallanayotgan faoliyat dasturi;
Bankning Oʻzbekiston Respublikasi banklari bilan amaliy va boshqa turdagi aloqalar, Vakolatxona tomonidan bajarilishiga koʻmaklashishni koʻzda tutadigan shartnoma va bitimlar toʻgʻrisida batafsil maʼlumotlar;
hamkorlikning rivojlanish istiqbollari;
Bank nomidan ishlarni olib borish vakolatiga ega boʻlgan shaxs;
b) Bankning Oʻzbekiston Respublikasi hududida Vakolatxona ochish toʻgʻrisidagi qarori;
v) Bank ustavi;
g) Bankning roʻyxatga olinganligi toʻgʻrisidagi guvohnomasi yoki bank reyestridan koʻchirma;
d) Bankni roʻyxatga olgan mamlakat nazorat organining Vakolatxonani ochishga bergan roziligi;
e) Bankning yillik hisobotlari, jumladan, auditorlik firmasi tomonidan tasdiqlangan, oxirgi uch moliya yili uchun yigʻma balansi hamda foyda va zararlar toʻgʻrisidagi hisoboti;
j) Vakolatxona ochish yuzasidan muzokaralar olib boruvchi shaxsga Bankning vakolatli organi tomonidan berilgan ishonchnoma;
z) Bankning boshqaruv organlari tuzilmasi toʻgʻrisida axborot bilan birga Bank toʻgʻrisida maʼlumotnoma;
i) Bankning vakolatli organi tomonidan tasdiqlangan Vakolatxona toʻgʻrisidagi nizom;
k) Vakolatxona ofisi uchun binoni ijaraga olish toʻgʻrisidagi shartnoma yoki bino egasining binoni ijaraga berishga tayyorligini tasdiqlovchi (ijara shartlari va muddatini koʻrsatgan holda) kafolat xati.
Hujjatlar notarial tasdiqlangan davlat tilidagi tarjimasi bilan ikki nusxada taqdim etiladi.
Oldingi tahrirga qarang.
51. Bank tomonidan ushbu Nizomda nazarda tutilgan maʼlumotlar toʻliq taqdim etilmaganda yoki ularda notoʻgʻri yoxud buzib koʻrsatilgan maʼlumotlar mavjud boʻlganda, Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki ushbu Bankka kamchiliklarni toʻliq koʻrsatgan holda, xatolarni bartaraf etish va yetishmayotgan hujjatlarni taqdim etish uchun besh ish kunidan kam boʻlmagan muddat (imkoniyat) beradi.
Bunda, arizani koʻrib chiqish muddati xatolarni bartaraf etish va yetishmayotgan hujjatlarni taqdim etish vaqtida toʻxtatib turiladi.
(51-band Oʻzbekiston Respublikasi Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvining 2025-yil 2-maydagi 10/14-sonli qaroriga (roʻyxat raqami 1883-2, 06.05.2025-y.) asosan kiritilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 07.05.2025-y., 10/25/1883-2/0417-son)
Oldingi tahrirga qarang.
6. Agar ushbu Nizomning 5-bandida koʻrsatib oʻtilgan hujjatlarning ayrimlari Bank mamlakatining qonunchilik hujjatlarida nazarda tutilmagan boʻlsa, Bank Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankiga Bank taʼsis etilgan mamlakatning vakolatli organining yoxud Oʻzbekiston Respublikasidagi diplomatik vakolatxonasining bu haqidagi tasdiqnomasini taqdim etadi.
(6-band Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2021-yil 28-iyuldagi 16-mh-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 3313, 28.07.2021-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.07.2021-y., 10/21/3313/0724-son)
Oldingi tahrirga qarang.
7. Vakolatxonani akkreditatsiya qilganlik uchun toʻlovlar undirilmaydi.
(7-band Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvining 2022-yil 6-yanvardagi 31/8-sonli qarori (roʻyxat raqami 1883-1, 14.01.2022-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 14.01.2022-y., 10/22/1883-1/0025-son)
8. Offshor hududlarda roʻyxatga olingan Banklarga Oʻzbekiston Respublikasida Vakolatxona ochish taqiqlanadi.
Oldingi tahrirga qarang.
9. Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankiga kelib tushgan ariza va unga ilova qilingan hujjatlar oʻsha kunning oʻzida roʻyxatdan oʻtkaziladi va Bankka ariza qabul qilinganligi toʻgʻrisida yozma yoki elektron tasdiqnoma yuboriladi.
Bunda, arizalar ish vaqtidan keyin yoki dam olish va bayram kunlari kelib tushganda ariza navbatdagi ish kuni Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankiga kelib tushgan va qabul qilingan kun hisoblanadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Vakolatxonani akkreditatsiya qilish (akkreditatsiyaning amal qilish muddatini uzaytirish yoki akkreditatsiya qilishni rad etish) toʻgʻrisidagi qarorni ariza va unga ilova qilingan hujjatlar qabul qilingan vaqtdan boshlab bir oy muddat ichida qabul qiladi.
(9-band Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvining 2025-yil 2-maydagi 10/14-sonli qarori (roʻyxat raqami 1883-2, 06.05.2025-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 07.05.2025-y., 10/25/1883-2/0417-son)
10. Quyidagilar Vakolatxonani akkreditatsiya qilishni yoki akkreditatsiyaning amal qilish muddatini uzaytirishni rad etish uchun asos boʻladi:
a) qasddan qalbaki hujjatlar taqdim etish;
Oldingi tahrirga qarang.
b) Vakolatxona toʻgʻrisidagi nizomning Oʻzbekiston Respublikasi qonunchilik hujjatlariga zidligi;
(10-bandning “b” kichik bandi Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2021-yil 28-iyuldagi 16-mh-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 3313, 28.07.2021-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.07.2021-y., 10/21/3313/0724-son)
v) taqdim etilgan hujjatlarning ushbu Nizom talablariga nomuvofiqligi.
11. Vakolatxonaga akkreditatsiya qilish toʻgʻrisidagi sertifikat berilgan kundan boshlab, u akkreditatsiya qilingan hisoblanadi.
Oldingi tahrirga qarang.
12. Vakolatxonani akkreditatsiya qilish toʻgʻrisida qaror qabul qilingan kundan boshlab bir ish kunidan kechiktirmay Vakolatxonaga akkreditatsiya qilinganligi toʻgʻrisidagi sertifikat beriladi.
(12-band Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvining 2022-yil 6-yanvardagi 31/8-sonli qarori (roʻyxat raqami 1883-1, 14.01.2022-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 14.01.2022-y., 10/22/1883-1/0025-son)
Oldingi tahrirga qarang.
13. Akkreditatsiya qilinganligi toʻgʻrisida sertifikat berilganda Oʻzbekiston Respublikasi hududida akkreditatsiya qilingan xorijiy davlatlarning banklari vakolatxonalarini roʻyxatga olish kitobida qayd etiladi hamda ushbu axborot Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankining veb-saytida eʼlon qilinadi.
(13-band Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvining 2022-yil 6-yanvardagi 31/8-sonli qarori (roʻyxat raqami 1883-1, 14.01.2022-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 14.01.2022-y., 10/22/1883-1/0025-son)
14. Vakolatxona akkreditatsiya qilinganligi toʻgʻrisidagi sertifikatni olgandan keyin qonunchilikda belgilangan muddatda, Vakolatxona joylashgan hududdagi soliq organlarida hisobda turishi va uning hisobga qoʻyilgani toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankiga maʼlumotnoma taqdim etishga majburdir.
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Soliq kodeksining 16-bobi.
15. Vakolatxona koʻpi bilan 3 yil muddatga akkreditatsiya qilinadi. Akkreditatsiya qilish muddatini uzaytirish zarurati tugʻilgan taqdirda, Vakolatxona Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankiga akkreditatsiyani amal qilish muddati tugashidan 1 oy oldin xabar berishi shart.
16. Oʻzbekiston Respublikasi hududida vakolatxonaga ega boʻlgan Bank qayta tashkil etilganda, tugatilganda yoki nomi oʻzgarganda hamda Vakolatxonaning joylashgan manzili oʻzgargan taqdirda, Vakolatxona Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankiga bu haqda ikki hafta muddatda maʼlum qilishi shart.
17. Vakolatxonani akkreditatsiya qilish muddatini uzaytirish uchun Bank Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankiga quyidagi hujjatlarni topshiradi:
a) akkreditatsiya qilish muddatini uzaytirish toʻgʻrisida yozma ariza;
Oldingi tahrirga qarang.
b) Bank tomonidan Vakolatxona boshligʻiga berilgan vakolatlar hamda uning pasporti (identifikatsiya ID-kartasi) maʼlumotlari toʻliq koʻrsatilgan holda berilgan ishonchnoma (Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankiga ilgari berilgan ishonchnomaning muddati oʻtgan taqdirda);
(17-bandning “b” kichik bandi Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvining 2022-yil 6-yanvardagi 31/8-sonli qarori (roʻyxat raqami 1883-1, 14.01.2022-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 14.01.2022-y., 10/22/1883-1/0025-son)
v) oʻz pochta manzilini yozma ravishda tasdiqlovchi hujjat (ijara shartnomasi nusxasini ilova qilgan holda).
18. Vakolatxona rahbarini akkreditatsiya qilish uchun Bank Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankiga vakolatli shaxs tomonidan imzolangan yozma ariza beradi.
19. Vakolatxona rahbarini akkreditatsiya qilish uchun berilgan arizaga quyidagi hujjatlar ilova qilinadi:
a) Bank tomonidan tayinlangan shaxsning vakolati, huquq va majburiyatlari koʻrsatilgan holda, notarial tasdiqlangan ishonchnoma;
b) oʻzbek va ingliz tillarida yozilgan ikki nusxada shaxsiy varaqa;
v) ikkita fotosurat (3x4 oʻlchamda);
Oldingi tahrirga qarang.
g) pasport (identifikatsiya ID-kartasi) nusxasi.
(19-bandning “g” kichik bandi Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvining 2022-yil 6-yanvardagi 31/8-sonli qarori (roʻyxat raqami 1883-1, 14.01.2022-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 14.01.2022-y., 10/22/1883-1/0025-son)
20. Markaziy bank tomonidan Vakolatxona rahbariga shaxsiy akkreditatsiya kartochkasini berish ariza berilgan kundan boshlab oʻn ish kuni mobaynida amalga oshiriladi.
21. Vakolatxona boshligʻining akkreditatsiya muddatini uzaytirish zaruriyati tugʻilgan taqdirda, Bank ushbu Nizomning 19-bandida koʻrsatilgan hujjatlarni taqdim qiladi.
III. Vakolatxonaning Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki oldidagi hisoboti va faoliyati
22. Vakolatxona ish faoliyatini Oʻzbekiston Respublikasining qonunchiligi talablariga va Vakolatxona toʻgʻrisidagi Nizomga muvofiq amalga oshiradi.
23. Vakolatxona oʻz faoliyatini tasdiqlangan Vakolatxona toʻgʻrisidagi nizomda belgilangan vakolatlar doirasida uni tashkil qilgan Bank nomidan amalga oshiradi va u yuridik shaxs hisoblanmaydi hamda bank yoki boshqa tijorat faoliyati bilan shugʻullanish huquqiga ega emas.
24. Vakolatxona xarajatlari Bank tomonidan moliyalashtiriladi.
25. Vakolatxona oʻz faoliyatini amalga oshirish uchun Oʻzbekiston Respublikasining rezident banklaridan birida bank hisobvaragʻini ochadi.
26. Vakolatxona boshligʻi Bankning ishonchnomasi hamda Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan berilgan akkreditatsiya kartochkasi asosida faoliyat yurituvchi Vakolatxona rahbari hisoblanadi.
27. Vakolatxona Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankiga bir yilda ikki marta oʻz faoliyati toʻgʻrisida hisobot taqdim etadi (joriy yilning 15-iyuligacha birinchi yarim yillik uchun, kelgusi yilning 15-yanvarigacha yillik).
28. Hisobotda quyidagilar koʻrsatiladi:
a) Vakolatxonaning shaxsiy tarkibi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar;
b) Bankning Oʻzbekiston Respublikasi hududida amalga oshirayotgan asosiy loyihalari boʻyicha muddati, hajmi va hamkorlari koʻrsatilgan holda qisqacha tavsifnoma;
v) Oʻzbekiston Respublikasining Markaziy banki va tijorat banklari bilan hamkorliklari toʻgʻrisida maʼlumotlar;
g) hisobot davrida Bank xodimlarining Oʻzbekiston Respublikasiga tashriflari toʻgʻrisida maʼlumotlar;
d) hamkorlik sohasidagi boshqa masalalar.
29. Vakolatxona boshligʻi xodimlar shtatining oʻzgarishi hamda Vakolatxona faoliyati bilan bogʻliq favqulodda hodisalar toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankini oʻz vaqtida xabardor qiladi.
30. Vakolatxona Oʻzbekiston Respublikasining mehnat qonunchiligida belgilangan tartibda Oʻzbekiston Respublikasining fuqarolarini hamda chet el fuqarolarini ishga qabul qilish huquqiga ega.
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 7-noyabrdagi PQ-4008-son “Oʻzbekiston Respublikasi hududida xorijiy davlatlarning malakali mutaxassislari tomonidan mehnat faoliyatini amalga oshirishi uchun qulay shart-sharoitlar yaratish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori, Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 25-martdagi 244-son “Oʻzbekiston Respublikasiga xorijdan ishchi kuchini jalb qilish va undan foydalanish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qarori.
31. Vakolatxona oʻz ehtiyojlarini qoplash yuzasidan hisob-kitoblarni amalga oshirishga haqlidir.
32. Vakolatxona Bank tomonidan ajratilgan mablagʻlar hisobidan hisob-kitoblarni amalga oshiradi.
IV. Vakolatxona faoliyatini tugatish
33. Quyidagi hollarda Vakolatxona faoliyati tugatiladi:
Vakolatxonani tashkil etgan Bankning vakolatli organi qaroriga muvofiq hamda Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankiga majburiy ravishda xabar bergan holda;
akkreditatsiya muddati tugaganda, agar Bank bu muddatni uzaytirish toʻgʻrisida iltimos bilan murojaat qilmagan boʻlsa.
34. Quyidagi hollarda Vakolatxonadan Sertifikat qaytarib olinishi mumkin:
Sertifikat berilishida asos boʻlgan maʼlumotlar notoʻgʻriligi aniqlansa;
Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligi buzilgan holda;
bank operatsiyalari va tasdiqlangan nizomda koʻzda tutilmagan boshqa faoliyat turlari bilan shugʻullanilsa;
Bank faoliyati tugatilsa.
35. Vakolatxona faoliyati qonunlarda koʻzda tutilgan boshqa asoslarga koʻra ham tugatilishi mumkin.
36. Vakolatxona faoliyati Bank qaroriga asosan tugatilgan taqdirda, Vakolatxona ikki hafta muddat ichida Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankiga Vakolatxona tugatilishi toʻgʻrisida Bank qarorining nusxasini va akkreditatsiya hujjatlarini taqdim etadi.
Oldingi tahrirga qarang.
37. Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Vakolatxona faoliyati tugatilganligi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasi hududida akkreditatsiya qilingan xorijiy davlatlarning banklari vakolatxonalarini roʻyxatga olish kitobidan chiqarilganligi toʻgʻrisida Bankka va uning Vakolatxonasiga xabar beradi hamda ushbu axborotni Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankining veb-saytida eʼlon qiladi.
(37-band Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvining 2022-yil 6-yanvardagi 31/8-sonli qarori (roʻyxat raqami 1883-1, 14.01.2022-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 14.01.2022-y., 10/22/1883-1/0025-son)
Oʻzbekiston Respublikasi hududida xorijiy davlatlarning banklari vakolatxonalarini akkreditatsiya qilish tartibi toʻgʻrisida Nizomga
ILOVA

AKKREDITATSIYA TOʻGʻRISIDAGI SERTIFIKAT

1. Ushbu akkreditatsiya toʻgʻrisidagi sertifikat __________________________

(bank nomi)‎

‎‎Vakolatxonasini ochilishi va faoliyat olib borishi uchun huquq berilganligini tasdiqlaydi.

‎2. Vakolatxona boshligʻi vakolatlari __________________________________ bankning ishonchnomasi hamda Markaziy bank bergan akkreditatsiya guvohnomasi bilan tasdiqlanadi. Ushbu hujjatlar bir yoʻla koʻrsatilganda yuridik kuchga ega.

‎3. Vakolatxona Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan 20___ yil ___ _______ da ___-son bilan akkreditatsiya qilingan.

‎4. Vakolatxona _____________________________________________ bank nomidan va uning manfaatlarini koʻzlab, bank hamda boshqa tijorat faoliyati bilan shugʻullanish huquqisiz vakillik vazifalarini bajaradi.

‎5. Sertifikat 20___ yil ___ _______ da berildi va 20___yil ___ _________ gacha (koʻpi bilan uch yillik muddat koʻrsatiladi) amal qiladi.

‎Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki raisi oʻrinbosari ‎
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2008-y., 52-son, 535-modda; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.07.2021-y., 10/21/3313/0724-son, 14.01.2022-y., 10/22/1883-1/0025-son; 07.05.2025-y., 10/25/1883-2/0417-son)