toggle_night_mode
Hujjat kuchini yo‘qotgan 15.09.2016
Oʻzbekiston Respublikasining qonuni
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASIDA YoShLARGA OID DAVLAT SIYOSATINING ASOSLARI TOʻGʻRISIDA
 LexUZ sharhi
Mazkur Qonun Oʻzbekiston Respublikasining 2016-yil 14-sentabrdagi OʻRQ-361-sonli “Yoshlarga oid davlat siyosati toʻgʻrisida”gi Qonuniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Davlat xalq manfaatlarini koʻzlab, “Oʻzbekiston Respublikasining davlat mustaqilligi asoslari toʻgʻrisida”gi Qonunga asoslanib, respublika yoshlarining ijtimoiy hamda maʼnaviy kamol topishi uchun shart-sharoit yaratib berishga qaratilgan yoshlarga oid siyosatni ishlab chiqadi va uni amalga oshiradi.
I. UMUMIY QOIDALAR
1-modda. Yoshlarga oid davlat siyosatining maqsadi va qoidalari
Yoshlarga oid siyosat Oʻzbekiston Respublikasi davlat faoliyatining ustuvor yoʻnalishi boʻlib, uning maqsadi yoshlarning ijtimoiy shakllanishi va kamol topishi, ijodiy iqtidori jamiyat manfaatlari yoʻlida imkoni boricha toʻla-toʻkis roʻyobga chiqishi uchun ijtimoiy-iqtisodiy, huquqiy, tashkiliy jihatdan shart-sharoit yaratish hamda ularni kafolatlashdan iboratdir.
Oʻzbekiston Respublikasida yoshlarga oid davlat siyosati quyidagi qoidalarga asoslanadi:
millati, irqi, tili, dini, ijtimoiy mavqei, jinsi, maʼlumoti va siyosiy eʼtiqodidan qatʼi nazar, yoshlar toʻgʻrisida gʻamxoʻrlik qilish;
yoshlarni huquqiy va ijtimoiy jihatdan himoya qilish;
milliy, madaniy anʼanalarning avloddan-avlodga oʻtishi, avlodlarning maʼnaviy aloqasi;
yoshlarning tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlash, yoshlar Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlari doirasida oʻz manfaatlarini amalga oshirish yoʻllarini erkin tanlay olishlariga kafolat berish;
jamiyatni rivojlantirishga, ayniqsa respublika yoshlari hayotiga oid siyosat va dasturlarni ishlab chiqish hamda amalga oshirishda yoshlarning bevosita ishtirok etishi;
huquq va burchlarning, erkinlik va fuqarolik masʼuliyatining birligi.
2-modda. Oʻzbekiston Respublikasining yoshlarga oid davlat siyosati sohasidagi vakolatlari
Yoshlarga oid davlat siyosati sohasida Oʻzbekiston Respublikasi tasarrufiga quyidagilar kiradi:
respublika hududida yoshlarga oid davlat siyosatining ijtimoiy-iqtisodiy, huquqiy va tashkiliy asoslarni belgilash;
yoshlarni ijtimoiy jihatdan himoya qilish chora-tadbirlarini ishlab chiqish va taʼminlash;
yoshlarga oid davlat siyosati boshqaruv idoralarini tuzish;
yoshlarga oid davlat siyosati sohasida respublika kompleks va aniq maqsadli dasturlarini ishlab chiqish hamda amalga oshirish;
yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirishga moʻljallangan moliyaviy mablagʻlarni tasarruf etish;
respublika yoshlarining manfaatlarini Oʻzbekistonning respublikalararo va xalqaro majburiyatlari doirasida ifodalash;
respublika hududida yoshlarning va ular birlashmalarining ijtimoiy munosabatlarini huquqiy jihatdan tartibga solish;
respublika yoshlarining, yoshlar jamoat uyushmalarining tashabbuslarini iqtisodiy, huquqiy va tashkiliy jihatdan qoʻllab-quvvatlash;
hamma huquq subyektlarining Oʻzbekiston Respublikasi qonunlarida yoshlarga nisbatan belgilab qoʻyilgan majburiyatlarga rioya etishlarini nazorat qilish, Oʻzbekiston Respublikasida yoshlarga oid siyosatni shakllantirish hamda amalga oshirishning boshqa masalalari.
3-modda. Qoraqalpogʻiston Respublikasining yoshlarga oid davlat siyosati sohasidagi vakolatlari
Qoraqalpogʻiston Respublikasi yoshlarga oid davlat siyosatini mustaqil ravishda belgilaydi va amalga oshiradi, ushbu Qonun 2-moddasining yettinchi xatboshisi bundan mustasnodir.
4-modda. Yoshlarga oid davlat siyosati toʻgʻrisidagi qonunlar
Yoshlarga oid davlat siyosati Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga, ushbu Qonunga va yoshlarning manfaatlariga daxldor boʻlgan ijtimoiy, iqtisodiy hamda oʻzga munosabatlarni tartibga soladigan boshqa qonun hujjatlariga asoslanadi.
Oʻzbekiston Respublikasi ushbu Qonun orqali 14 yoshdan 30 yoshgacha boʻlgan fuqarolarga taalluqli yoshlarga oid davlat siyosatining asosiy negizini belgilab beradi va uni tegishli qonunlarni rivojlantirish hamda tizimga solish uchun asos deb eʼtirof etadi.
Agarda Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasida mazkur Qonundagidan va Oʻzbekiston Respublikasining yoshlarga oid davlat siyosati toʻgʻrisidagi boshqa qonun hujjatlaridagidan oʻzgacha qoidalar belgilangan boʻlsa, xalqaro shartnoma qoidalari qoʻllanadi.
5-modda. Yoshlarga oid davlat siyosatning subyektlari
Oʻzbekiston Respublikasida davlat hokimiyati va boshqaruvi idoralari, yoshlar nomidan ularning jamoat birlashmalari yoshlarga oid davlat siyosatining subyektlaridir.
II. YoShLARNI HUQUQIY VA IJTIMOIY MUHOFAZA QILISh
6-modda. Yoshlarni huquqiy muhofaza qilish va uni taʼminlash
Yosh fuqarolarni huquqiy muhofaza qilish davlat va jamoat tashkilotlari, birlashmalar va korxonalarning yoshlarga nisbatan huquqiy jihatdan mustahkamlab qoʻyilgan vazifalarini, shaxsning qadr-qimmatini oilada, mehnat va oʻquv jamoasida, turar joyda har tomonlama himoya qilishni oʻz ichiga oladi.
Yoshlarni huquqiy muhofaza qilish Oʻzbekiston Respublikasi qonunlarida belgilangan tartibda vakillik, ijroiya, sud hokimiyati idoralari, shuningdek huquq-tartibotni muhofaza qilish idoralari tomonidan amalga oshiriladi.
Oʻzbekiston Respublikasining yosh fuqarolari Konstitutsiya va qonun hujjatlarida mustahkamlab qoʻyilgan ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy va shaxsiy huquq hamda erkinliklardan toʻliq foydalanadilar. Yoshlarning qonuniy huquq va manfaatlarini ularning yoshiga qarab qandaydir bevosita yoki bilvosita cheklab qoʻyishga yoʻl qoʻyilmaydi va bunday xatti-harakatlar amaldagi qonunlarga muvofiq javobgarlikka sabab boʻladi.
Voyaga yetmaganlarning muomala layoqati masalalari, yosh fuqarolar ayrim toifalarining (nogironlar, uy bekalari, bolalar uyida tarbiyalanayotgan hamda tarbiyalanib chiqqanlarning va hokazo) huquqlarini himoya qilish masalalari Oʻzbekiston Respublikasi qonunlari bilan tartibga solib turiladi.
Oʻzbekiston Respublikasida yoshlar orasida odob-axloqni buzishga, shu jumladan zoʻravonlikni, hayosizlikni va shafqatsizlikni tashviqot qilishga qaratilgan har qanday xatti-harakatlar man etiladi.
7-modda. Voyaga yetmagan huquqbuzarliklarning huquqlarini muhofaza qilish
Voyaga yetmaganlarga nisbatan majburiy tarbiyaviy taʼsir chora-tadbirlarini qoʻllash, shu jumladan: yetkazilgan aziyat gʻuborini koʻtarish majburiyatini yuklash, jarima solish, ijtimoiy foydali mehnatga jalb qilish, axloq-tuzatish ishlariga yuborish, hibsga olish, ozodlikdan mahrum etish, ularni maxsus oʻquv-tarbiya muassasalariga joylashtirish faqat sudning hukmiga yoki tegishli qaroriga muvofiq amalga oshiriladi.
Oldingi tahrirga qarang.
Davlat shaxsning huquqlariga rioya etilishini va uning qadr-qimmati hurmat qilinishini, huquqbuzarlik sodir etgan voyaga yetmaganlar ancha insonparvar rejimda saqlanishini kafolatlaydi, ozodlikdan mahrum qilish joylarida ularning ahvolini xalq deputatlari Kengashlari va jamoatchilik tomonidan nazorat qilinishi uchun shart-sharoit yaratadi. Voyaga yetmagan huquqbuzarlik uchun sodir etgan jinoyatlarning ogʻirlik darajasi va ularning yoshini hisobga olib, ozodlikdan mahrum qilish joylarida tabaqalashtirilgan rejimda saqlash nazarda tutiladi.
(7-moddaning ikkinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2004-yil 3-dekabrdagi 714-II-son Qonuni tahririda — Oʻzbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari toʻplami, 2004-y., 51-son, 514-modda)
8-modda. Yoshlarning taʼlim sohasidagi huquqlari
Oʻquvchilar va talabalarning oʻquv-tarbiya muassasalari maʼmuriyati bilan oʻzaro munosabatlardagi huquq va burchlari Oʻzbekiston Respublikasining qonun hujjatlarida, shuningdek tegishli muassasalar oʻzini oʻzi boshqarish idoralarining qarorlarida belgilanadi. Oʻquvchilar, talabalar yoki ularning qonuniy vakillari oʻquv yurtlarining maʼmuriyati bilan tegishli qoidalar, shartnoma (bitimlar) ishlab chiqishda ishtirok etadilar.
Oʻquvchilar va talablarni oʻquv jarayoni vaqtida ijtimoiy ishlab chiqarishga jalb etishga yoʻl qoʻyilmaydi, bunday ish ular tanlagan mutaxassislikka mos boʻlib, oʻquv-ishlab chiqarish amaliyotining shakli hisoblangan yoxud oʻquvchilar va talabalar oʻqishdan boʻsh vaqtlarida ixtiyoriy ravishda jamoa boʻlib yoki yakka tartibda mehnat qilgan hollar bundan mustasnodir. Mazkur mehnat faoliyatiga mehnat yoki fuqarolik qonunlariga muvofiq tegishlicha rasmiylashtirilgan shartnoma boʻlgan taqdirda yoʻl qoʻyiladi.
Oldingi tahrirga qarang.
Oʻquvchilar va oʻquv yurtlarining talabalariga oʻquv ashyolari, darsliklar va maktab kiyimlarini imtiyozli narxlarda sotib olish huquqi beriladi. Mollar roʻyxati va ularni realizatsiya qilish tartibi Oʻzbekiston Respublikasining Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
(8-moddaning uchinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2004-yil 3-dekabrdagi 714-II-son Qonuni tahririda — Oʻzbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari toʻplami, 2004-y., 51-son, 514-modda)
 LexUZ sharhi
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi 1998-yil 5-yanvardagi 4-sonli “Uzluksiz taʼlim tizimini darsliklar va oʻquv adabiyotlari bilan taʼminlashni takomillashtirish toʻgʻrisida”gi qaroriga qarang.
9-modda. Oʻzbekiston Respublikasida davlatning isteʼdodli yoshlarni qoʻllab-quvvatlashi
Davlat isteʼdodli yoshlarni alohida qoʻllab-quvvatlaydi. Oʻzbekiston Respublikasida davlat tashkilotlari hamda jamoat birlashmalari, mansabdor shaxslar isteʼdodli yoshlarni aniqlashda va ularning ijodiy kamol topishida koʻmaklashishlari shart. Ana shu maqsadda Oʻzbekiston Respublikasida fan va texnika, iqtisodiyot, boshqaruv, sanʼat sohalarida isteʼdodli yoshlarni qidirib topishni, ularni muhofaza qilish va qoʻllab-quvvatlashni amalga oshirishda moddiy-texnika bazalari bilan taʼminlangan davlat muassasalari, jamoat birlashmalari va komissiyalar faoliyat koʻrsatadi. Isteʼdodli yoshlarni qoʻllab-quvvatlash chora-tadbirlari respublika va mahalliy budjetlar, hamda boshqa manbalardan pul bilan taʼminlanadi.
(9-moddaning matni Oʻzbekiston Respublikasining 2004-yil 30-apreldagi 621-II-son Qonuni tahririda — Oʻzbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari toʻplami, 2004-y., 25-son, 287-modda)
10-modda. Yoshlarni ijtimoiy jihatdan himoya qilish
Yoshlarni ijtimoiy jihatdan himoya qilish jismoniy, aqliy, axloqiy jihatdan oʻsishni va Oʻzbekiston xalqining manfaatlari yoʻlida ijtimoiy kamol topishini taʼminlash uchun yosh fuqarolar va ularning oilalariga beriladigan davlat kafolatlarini oʻz ichiga oladi.
Oʻzbekiston Respublikasida yoshlar uchun:
bepul tibbiy xizmat;
bepul taʼlim olish;
sport-sogʻlomlashtirish va madaniy-maʼrifiy muassasalarga imtiyozli shartlarda qatnash;
uy-joy qurish, roʻzgʻor buyumlari sotib olish uchun imtiyozli kreditlar berish;
dastlabki mehnat faoliyati uchun ish joyi bilan taʼminlanish yoki amaldagi qonunlarga muvofiq moddiy kompensatsiya olish huquqi;
ijtimoiy infrastruktura obyektlarini loyihalash va qurish chogʻida yoshlarning talab-ehtiyojlarini hisobga olish;
oʻquvchilar, talaba yoshlar va voyaga yetmagan fuqarolar uchun transportda yurish imtiyozlari;
voyaga yetmaganlarga kompensatsiya toʻlovlarini kafolatlovchi ijtimoiy taʼminlanish minimumi belgilanadi.
Voyaga yetmaganlarni, yosh fuqarolarning ayrim toifalarini (nogironlar, uy bekalari, bolalar uyida tarbiyalanayotgan va tarbiyalanib chiqqanlar, oʻquvchilar, talabalar, harbiy xizmatni oʻtab qaytgan harbiy xizmatchilar, zaxiradagi harbiy xizmatchilar va shu kabilarni) ijtimoiy muhofaza qilishga qaratilgan maxsus chora-tadbirlar, shuningdek ularning huquqlarini amalga oshirish tartibi Oʻzbekiston Respublikasining qonunlari bilan belgilanadi.
 LexUZ sharhi
Qoʻshimcha maʼlumot uchun Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi, Moliya vazirligi, Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligining qarori bilan tasdiqlangan “Toʻliq davlat taʼminotidagi yetim bolalarni va ota-ona qarovisiz qolgan bolalarni pul nafaqalari hamda kiyim-bosh, poyabzal va anjomlar sotib olish uchun nafaqalar, shuningdek transportda yurish kartochkalari bilan taʼminlash tartibi toʻgʻrisida”gi Nizomga (roʻyxat № 1187, 11.11.2002-y.) qarang.
III. OʻZBEKISTON RESPUBLIKASIDA YoShLARGA OID DAVLAT SIYOSATINI AMALGA OShIRISh
11-modda. Yoshlarga oid davlat siyosatini tashkiliy jihatdan taʼminlash
Oʻzbekiston Respublikasida yoshlarga oid davlat siyosatini Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi ishlab chiqadi.
Yoshlarga oid davlat siyosatini roʻyobga chiqarish Oʻzbekiston Respublikasining Yoshlar ishlari boʻyicha davlat Kengashi va boshqa davlat idoralari, joylarda esa xalq deputatlari Kengashlari ijroiya idoralari zimmasiga yuklatiladi.
Oʻzbekiston Respublikasining Yoshlar ishlari boʻyicha davlat Kengashining vazifalari, vakolatlari va tuzilishi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
Oʻzbekiston Respublikasining Yoshlar ishlari boʻyicha davlat Kengashi tegishli vazirliklar va idoralar bilan birgalikda yoshlarga oid davlat siyosati asosidagi tadbirlarni pul bilan taʼminlash oʻlchamlari va ilmiy jihatdan asoslangan ijtimoiy mezonlarini ishlab chiqadi hamda ularni Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi muhokamasiga kiritadi.
Oʻzbekiston Respublikasining Yoshlar ishlari boʻyicha davlat Kengashi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga va Prezidentiga har yili yoshlarning ahvoli xususida maʼruza taqdim etadi.
(11-modda Oʻzbekiston Respublikasining 2004-yil 3-dekabrdagi 714-II-son Qonuni tahririda — Oʻzbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari toʻplami, 2004-y., 51-son, 514-modda)
12-modda. Yoshlarga oid siyosatni roʻyobga chiqarishning davlat dasturi
Oldingi tahrirga qarang.
Yoshlarga oid siyosat Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan ishlab chiqiladigan va Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi tomonidan tasdiqlanadigan davlat dasturi negizida amalga oshiriladi.
(12-moddaning birinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2004-yil 3-dekabrdagi 714-II-son Qonuni tahririda — Oʻzbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari toʻplami, 2004-y., 51-son, 514-modda)
Davlat dasturining ishlab chiqilishidan va roʻyobga chiqarilishidan koʻzlangan asosiy maqsad yoshlarni ijtimoiy qoʻllab-quvvatlashni, insoniy qadr-qimmatini, oʻziga xos, iqtisodiy, siyosiy, ijtimoiy-madaniy manfaatlarini himoya qilishni taʼminlaydigan shart-sharoitlar yaratishdan, ixtiyoriylik va tanlash imkoniyati qoidalari asosida yoshlarning xalq xoʻjaligida mehnat qilishlariga koʻmaklashishdan iborat.
Davlat dasturini roʻyobga chiqarishda mulkchilikning turidan qatʼi nazar, korxonalar, jamoat tashkilotlari va boshqa tashkilotlar ishtirok etadi.
Davlat dasturi moddiy resurslar, mehnat resurslari va moliyaviy resurslar bilan taʼminlanadi.
Mahalliy hokimiyat idoralari kichik dasturlar, shuningdek mustaqil hujjatlar tarzida dasturlar ishlab chiqadilar. Dasturlarning roʻyobga chiqarilishi mahalliy budjet mablagʻlari va pul bilan taʼminlashning boshqa manbalaridan amalga oshiriladi.
13-modda. Yoshlarning ijtimoiy xizmati
Oʻzbekiston Respublikasida yoshlarni, yosh oilalarni ijtimoiy muhofaza qilish, yoshlarning jamoat uyushmalari va ularning korxonalarini qoʻllab-quvvatlash, yoshlarning fuqaro sifatidagi tashabbuskorligini roʻyobga chiqarishga yordam koʻrsatish maqsadlarida yoshlar davlat-jamoat ijtimoiy xizmati amal qiladi.
Yoshlar ijtimoiy xizmati faoliyatining yoʻnalishlari quyidagilardan iborat:
psixologik-pedagogik, tibbiy-biologik, huquqiy yordam koʻrsatish va voyaga yetmaganlar hamda boshqa yosh fuqarolarga maslahat berish;
jismoniy nuqsonlari tufayli juda noqulay sharoitda qolgan yosh fuqarolarga ijtimoiy yordam koʻrsatish;
yosh oilalarga ijtimoiy yordam koʻrsatish;
mehnat va oʻquv jamoalarida yoshlarni huquqiy himoya qilish;
voyaga yetmagan huquqbuzarlarga maxsus tarbiya muassasalarida ijtimoiy yordam koʻrsatish;
ozodlikdan mahrum etish va maxsus tarbiya muassasalaridan qaytgan yosh fuqarolarni ijtimoiy jihatdan tiklash (koʻniktirish);
yoshlarning jamoa boʻlib va yakka tartibda tadbirkorlik faoliyati bilan shugʻullanishlarini qoʻllab-quvvatlash hamda bu faoliyatni rivojlantirish;
huquqiy tashviqot, yoshlarni ishga joylashish, taʼlim olish va kasbiy tayyorgarlik koʻrish, boʻsh vaqtni mazmunli oʻtkazish, turizm va sport bilan shugʻullanish sohasidagi manfaatlarini roʻyobga chiqarishlari uchun mavjud imkoniyatlar toʻgʻrisida xabardor etish;
yoshlarning oʻzini oʻzi boshqarish shakllarini rivojlantirishga;
yoshlarning yashash joylarida oʻz boʻsh vaqtlarini mazmunli oʻtkazishlarini tashkil etishga koʻmaklashish va yoshlarga yordam koʻrsatish borasidagi boshqa vazifalarni bajarish.
Mahalliy hokimiyat va boshqaruv idoralari hududdagi oʻziga xoslikni hisobga olgan holda ijtimoiy xizmatning aniq shaklini belgilaydi.
14-modda. Davlatga taalluqli boʻlmagan idoralar va fuqarolarni yoshlarga ijtimoiy yordam koʻrsatishga jalb etish
Yoshlarning jamoat uyushmalarini, boshqa davlatga taalluqli boʻlmagan tashkilotlarni yoshlarga ijtimoiy jihatdan yordam koʻrsatish borasidagi faoliyatga jalb etish xalq deputatlari mahalliy Kengashlari ijroiya idoralari, Oʻzbekiston Respublikasi Yoshlar ishlari boʻyicha davlat Kengashi va respublikaning boshqa idoralari bilan shartnoma tuzish asosida amalga oshiriladi. Shartnoma yoshlarning talab-ehtiyojlarini qondirishga qaratilgan faoliyatning turi va mazmuni, tomonlarning majburiyatlari boʻyicha koʻrsatiladigan moliyaviy yoki moddiy yordamning shartlari belgilanadi.
(14-moddaning matni Oʻzbekiston Respublikasining 2004-yil 3-dekabrdagi 714-II-son Qonuni tahririda — Oʻzbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari toʻplami, 2004-y., 51-son, 514-modda)
15-modda. Yoshlarga oid davlat siyosatini iqtisodiy taʼminlash
Yoshlarga oid davlat siyosati sohasidagi tadbirlarni pul bilan taʼminlash budjetlar, yoshlar jamgʻarmasi va boshqa jamgʻarmalar mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladi.
Quyidagilar respublika budjeti va mahalliy budjetlar, shuningdek respublika jamgʻarmalari va boshqa jamgʻarmalarning mablagʻlari hisobidan pul bilan taʼminlanadi:
yoshlarga oid davlat siyosati sohasidagi respublikaning kompleks va aniq maqsadli dasturlari;
yoshlarga oid davlat siyosati sohasidagi kechiktirib boʻlmaydigan vazifalarni hal etishni jadallashtirishga qaratilgan, aniq maqsadlar uchun qilinadigan xarajatlar;
yoshlar jamoat tashkilotlarining ijtimoiy jihatdan muhim boʻlgan dasturlarini qoʻllab-quvvatlash boʻyicha qilinadigan xarajatlar;
Oʻzbekiston Respublikasi Yoshlar ishlari boʻyicha davlat Kengashi va unga boʻysunuvchi muassasalarni taʼminlashga ketadigan xarajatlar;
Oʻzbekiston Respublikasi tuzgan shartnomalarga muvofiq yoshlarning mintaqalararo miqyosda va xalqaro aloqalarni amalga oshirish uchun qilinadigan xarajatlar;
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati tomonidan belgilanadigan yosh fuqarolarni ijtimoiy taʼminlashning kafolatlangan umumdavlat minimumiga qilinadigan xarajatlar;
voyaga yetmagan fuqarolarga kompensatsiya toʻlash bilan bogʻliq xarajatlar.
16-modda. Yoshlarning ijtimoiy rivojlanishiga davlat yordami
Yosh fuqarolar va yosh oilalarga ijtimoiy imtiyozlar, chunonchi: yakka tartibda uy qurish uchun yer ajratish, uy-joy sotib olish, uy-joy qurish kooperativlariga aʼzo boʻlish uchun pay badallari toʻlash, roʻzgʻor buyumlari sotib olish (shu jumladan chorva mollari sotib olish), uzoq muddat foydalanadigan kundalik uy jihozlari sotib olish, tijorat asosida amal qiladigan oʻquv yurtlarida taʼlim olish uchun haq toʻlash va boshqa maqsadlarga uzoq muddatli kreditlar beriladi. Yoshlarga kreditlar banklar tomonidan kam foiz olish sharti bilan berilib, Oʻzbekiston Respublikasining qonunlarida belgilangan imtiyozli tartibda uziladi.
 LexUZ sharhi
Qoʻshimcha maʼlumot uchun Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2001-yil 26-iyuldagi 318-son “Oliy oʻquv yurtlarida toʻlov-kontrakt asosida oʻqish uchun taʼlim kreditlari berish toʻgʻrisida”gi qaroriga qarang.
Yosh fuqarolarning ayrim toifalariga temir yoʻl, havo, suv, avtomobil transportida (taksidan tashqari) va shahar passajir transportida yurishi uchun Oʻzbekiston Respublikasi qonunlariga muvofiq imtiyozlar beriladi.
 LexUZ sharhi
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 1992-yil 22-dekabrdagi PF-517-son “Oʻzbekiston Respublikasi oʻquvchilari va talabalarining har yilgi qishki taʼtili toʻgʻrisida”gi Farmoniga qarang.
Oldingi tahrirga qarang.
(16-moddaning uchinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 1998-yil 1-maydagi 621-I-son Qonuniga muvofiq chiqarib tashlangan — Oliy Majlis Axborotnomasi, 1998-y., 5-6-son, 102-modda)
17-modda. Yoshlar jamgʻarmalari
Oʻzbekiston Respublikasida ilmiy, texnikaviy, madaniy va boshqa ijodiy faoliyatni, xalqaro hamkorlikni rivojlantirish, yoshlarning muammolarini hal etishga koʻmaklashuvchi tashabbuslarni qoʻllab-quvvatlash maqsadida davlat-jamoat yoshlar jamgʻarmalari tashkil etiladi.
Oldingi tahrirga qarang.
(17-moddaning ikkinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2008-yil 31-dekabrdagi OʻRQ-197-sonli Qonuniga asosan chiqarilgan — Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2008-y., 52-son, 513-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
Yoshlarning davlat-jamoat jamgʻarmalarini tashkil etish, ular faoliyatining tartibi va tashkil boʻlish manbalari Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
(17-moddaning uchinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2004-yil 3-dekabrdagi 714-II-son Qonuni tahririda — Oʻzbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari toʻplami, 2004-y., 51-son, 514-modda)
 LexUZ sharhi
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2001-yil 30-maydagi 240-son “Oʻzbekiston yoshlarining “Kamolot” ijtimoiy harakati faoliyatini tashkil etishga koʻmaklashish toʻgʻrisida”gi qaroriga qarang.
18-modda. Davlatning yoshlar tadbirkorligini qoʻllab-quvvatlashi
Davlat yoshlarning iqtisodiy mustaqilligini, xalq hunarmandchiligi va hunarmandchilik kasb-kori bilan shugʻullanishi, yoshlar korxonalari faoliyatini qoʻllab-quvvatlaydi va rivojlantiradi.
Oldingi tahrirga qarang.
Ishlovchilar roʻyxat tarkibining kamida 75 foizini 30 yoshgacha boʻlgan fuqarolar tashkil etadigan quyidagi korxonalar: maktab oʻquvchilari, oʻrta maxsus bilim yurtlarining oʻquvchilari, oliy oʻquv yurtlari kunduzgi boʻlimlarining talabalari, ilmiy-tadqiqot, innovatsiya va joriy etish ishlari olib borish uchun yosh olimlar tomonidan tashkil etilgan korxonalar, shuningdek yoshlar tashkilotlari tuzgan hamda roʻyxatini Oʻzbekiston Respublikasining Vazirlar Mahkamasi belgilaydigan yoshlarga moʻljallangan mahsulotlarni ishlab chiqaruvchi va xizmatlarni koʻrsatuvchi korxonalar yoshlar korxonalari hisoblanadi.
(18-moddaning ikkinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2004-yil 3-dekabrdagi 714-II-son Qonuni tahririda — Oʻzbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari toʻplami, 2004-y., 51-son, 514-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
Yoshlar korxonalari uchun Oʻzbekiston Respublikasi qonunlariga muvofiq: qarz olishda, investitsiyalarda, zarur ishlab chiqarish vositalari bilan taʼminlanishda, yer maydonlarini olishda, oʻzlarining tijorat tavakkallarini sugʻurtalashda imtiyozlar belgilanadi.
(18-moddaning uchinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 1998-yil 1-maydagi 621-I-son Qonuni tahririda — Oliy Majlis Axborotnomasi, 1998-y., 5-6-son, 102-modda)
19-modda. Oʻzbekiston Respublikasida yoshlarning jamoat birlashmalari
Respublika yoshlarining fuqarolik, siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquq hamda erkinliklarini roʻyobga chiqarish va himoya qilish, shuningdek ularning faolligi va tashabbuskorligini rivojlantirishni oʻzining asosiy maqsadlaridan biri deb bilgan fuqarolarning belgilangan tartibda roʻyxatdan oʻtgach, koʻngilli uyushmasi Oʻzbekiston Respublikasida yoshlarning jamoat birlashmasi deb hisoblanadi.
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi “Nodavlat notijorat tashkilotlari toʻgʻrisida”gi Qonunining 21—27-moddalari va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 10-martdagi 57-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Nodavlat notijorat tashkilotlarini davlat roʻyxatidan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisida”gi nizom.
Yoshlar jamoat birlashmasining Ustavi (nizomi, boshqa asosiy hujjati) da aʼzo boʻluvchining yoki qatnashchisining yoshi chegaralab qoʻyilgan (30 yosh) boʻlishi kerak. Yoshlar jamoat birlashmasidagi 30 yoshdan katta aʼzolar (qatnashchilar) koʻpi bilan yoshlar jamoat birlashmasiga kirganlar jami sonining 10 foizidan ortiq boʻlmasligi kerak.
Yoshlarning jamoat birlashmalari yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirish boʻyicha davlatning kompleks va aniq maqsadli dasturlarini ishlab chiqishida qatnashadilar.
IV. YAKUNLOVChI QOIDALAR
20-modda. Ushbu Qonunning ijrosini nazorat qilish
Oldingi tahrirga qarang.
Ushbu Qonunning roʻyobga chiqarilishini Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi, xalq deputatlari mahalliy Kengashlari va boshqa davlat idoralari nazorat qilib boradilar.
(20-moddaning birinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2004-yil 3-dekabrdagi 714-II-son Qonuni tahririda — Oʻzbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari toʻplami, 2004-y., 51-son, 514-modda)
Ushbu Qonunning barcha davlat va jamoat idoralari, korxonalar, muassasalar va tashkilotlar, mansabdor shaxslar, shuningdek fuqarolar tomonidan aniq va bir tahlitda ijro etilishi ustidan oliy nazorat oʻrnatish Oʻzbekiston Respublikasining Prokurori zimmasiga yuklatiladi.
21-modda. Ushbu Qonunni buzganlik uchun javobgarlik
Davlat hokimiyati va boshqaruvi idoralarining mansabdor shaxslari ushbu Qonunning qoidalariga rioya etilishi uchun Oʻzbekiston Respublikasi qonunlarida nazarda tutilgan tartibda javobgardirlar.
Ushbu Qonunga zid keladigan har qanday qonun hujjatlari qabul qilinishi bilanoq butunlay yoki ularning tegishli qismi haqiqiy emas deb hisoblanadi.
Yoshlarga oid davlat siyosati subyektlariga gʻayriqonuniy xatti-harakatlar oqibatida yetkazilgan zarar tegishli sudning qaroriga asosan, toʻliq hajmda qoplanishi lozim.
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1991-yil 20-noyabr,
429-XII-son
(Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Axborotnomasi, 1992-y., 2-son, 80-modda; Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1998-y., 5-6-son, 102-modda; Oʻzbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari toʻplami, 2004-y., 25-son, 287-modda; 51-son, 514-modda; 2008-y., 52-son, 513-modda)