toggle_night_mode
Oʻzbekiston Respublikasining qonuni
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASINING DAVLAT MUSTAQILLIGI ASOSLARI TOʻGʻRISIDA
Oʻzbekiston Respublikasining Mustaqillik deklaratsiyasiga va Oʻzbekiston Respublikasining Davlat mustaqilligi toʻgʻrisidagi Bayonotga asoslanib, Oʻzbekiston Respublikasining Oliy Kengashi ushbu Qonunni qabul qiladi.
1-modda.
Oʻzbekiston Respublikasi, oʻz tarkibidagi Qoraqalpogʻiston Respublikasi bilan birga mustaqil, demokratik davlatdir.
2-modda.
Oʻzbekiston Respublikasining xalqi suverendir va u respublikada davlat hokimiyatining birdan-bir sohibidir. U oʻz hokimiyatini ham bevosita, ham vakillik idoralari tizimi orqali amalga oshiradi.
3-modda.
Oʻzbekiston Respublikasi toʻla davlat hokimiyatiga ega, oʻzining milliy-davlat va maʼmuriy-hududiy tuzilishini, hokimiyat va boshqaruv idoralari tizimini mustaqil belgilaydi.
4-modda.
Oʻzbekiston Respublikasining davlat chegarasi va hududi daxlsiz va boʻlinmas boʻlib, uning xalqi oʻz xohish-irodasini erkin bildirmasdan turib oʻzgartirilishi mumkin emas.
5-modda.
Oʻzbekiston Respublikasida Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va uning qonunlari ustundir. Oʻzbekiston Respublikasi davlat idoralarning tizimi hokimiyatni qonun chiqaruvchi, ijroiya va sud hokimiyatiga ajratish tartibi asosida quriladi.
6-modda.
Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa ishlari vazirligini tuzish, milliy gvardiya va noharbiy (muqobil) xizmat tashkil etish huquqiga ega.
Suveren Oʻzbekiston Respublikasi hududida SSSR Qurolli Kuchlarini shakllantirish va ularga rahbarlik qilish masalalarida harbiy siyosatni amalga oshirish huquqini oʻzida saqlab qoladi.
7-modda.
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mustaqilligining moddiy asosi uning mulkidir.
Respublika hududidagi yer, yer osti boyliklari, suv va oʻrmonlar, oʻsimlik va hayvonot dunyosi, tabiiy va boshqa resurslar, respublikaning maʼnaviy boyliklari Oʻzbekiston Respublikasining milliy boyligi, mulki hisoblanadi.
8-modda.
Davlat mulki obyektlari, shuningdek davlat korxonalari, muassasalari va tashkilotlarining, shu jumladan Ittifoq qaramogʻida boʻlib kelgan korxonalar, muassasalar va tashkilotlarning mol-mulki, ularning asosiy ishlab chiqarish, noishlab chiqarish va oborot yoki boshqa fondlari hamda oʻzga mol-mulki, ichki kommunikatsiya, transport, aloqa va energetika tizimlari, respublika kartografiyasi va geodeziyasi Oʻzbekiston Respublikasining mulkidir.
9-modda.
Oldingi tahrirga qarang.
Oʻzbekiston Respublikasining mulkini tasarruf etish davlat mulkini boshqarish toʻgʻrisidagi va davlat mulkini xususiylashtirish toʻgʻrisidagi qonunchilikka muvofiq amalga oshiriladi. Respublika hududida joylashgan, Ittifoq qaramogʻida boʻlib kelgan davlat korxonalarini xoʻjalik jamiyatlari etib oʻzgartirish, ularni mulkning boshqa shakllariga oʻtkazish faqat Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligida nazarda tutilgan shartlar asosida va tartibda amalga oshiriladi.
(9-moddaning matni Oʻzbekiston Respublikasining 2026-yil 17-martdagi OʻRQ-1122-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 17.03.2026-y., 03/26/1122/0250-son)
10-modda.
Oʻzbekiston Respublikasi oʻz hududida oltin, boshqa qimmatbaho metallar va toshlarni qazib chiqarish, qayta ishlash va saqlashni mustaqil amalga oshiradi hamda nazorat qiladi, oʻz oltin zaxirasini yaratadi.
Oʻzbekiston Respublikasi SSSRning oltin zaxirasida, olmos va valyuta jamgʻarmalarida oʻz ulushiga ega.
11-modda.
Oʻzbekiston Respublikasi oʻz pul birligi — milliy valyutasini joriy etishga, jami pul oboroti, pul va boshqa davlat qimmatli qogʻozlari emissiyasi hajmlarini mustaqil belgilashga haqli.
12-modda.
Oʻzbekiston Respublikasi mustaqil moliya va kredit siyosatini amalga oshiradi. Respublika hududida olinadigan soliqlar va yigʻimlar Oʻzbekiston Respublikasining Davlat budjetiga va mahalliy budjetlarga tushadi.
13-modda.
Oʻzbekiston Respublikasi chet davlatlar bilan diplomatik, konsullik, savdo aloqalari va boshqa aloqalar oʻrnatadi, ular bilan muxtor vakillar ayirboshlaydi, xalqaro shartnomalar tuzadi, xalqaro tashkilotlarning aʼzosi boʻlishi mumkin.
14-modda.
Oʻzbekiston Respublikasi xalqaro iqtisodiy munosabatlarning mustaqil subyekti boʻlib, chet el investitsiyalarini amalga oshirish shartlarini, investorlarning huquqlarini belgilaydi, oʻzining konversiya qilinadigan valyuta jamgʻarmasini yaratadi, oltin va boshqa zaxiralarini, ayirboshlanadigan valyutani sotadi va sotib oladi.
15-modda.
Oʻzbekiston Respublikasi hududida Inson huquqlari umumiy deklaratsiyasiga muvofiq holda Oʻzbekiston Respublikasi fuqaroligi joriy etiladi.
Oʻzbekiston Respublikasining barcha fuqarolari millatidan, elatidan, ijtimoiy chiqishidan, qaysi dinga mansubligidan va eʼtiqodidan qatʼi nazar, bir xil fuqarolik huquqlariga egadirlar, respublika Konstitutsiyasi hamda uning qonunlari himoyasida boʻladilar.
Oʻzbekiston Respublikasining fuqarolari respublikadan tashqarida ham Oʻzbekiston Respublikasining himoyasida boʻladilar.
16-modda.
Oʻzbekiston Respublikasi oʻz taraqqiyot yoʻlini, oʻz nomini aniqlaydi, oʻz davlat ramzlarini: gerbi, bayrogʻi, madhiyasini taʼsis etadi, oʻz davlat tilini belgilaydi.
Oʻzbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining ramzlari muqaddasdir va ularni har qanday tahqirlash qonun bilan jazolanadi.
 LexUZ sharhi
Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 215-moddasiga qarang.
17-modda.
Oʻzbekiston Respublikasi oʻz tarkibidagi Qoraqalpogʻiston Respublikasining hududiy butunligini va mustaqilligini eʼtirof etadi. Oʻzbekiston Respublikasi bilan Qoraqalpogʻiston Respublikasi oʻrtasidagi oʻzaro munosabatlar teng huquqlilik asosida, ular oʻrtasidagi ikki tomonlama shartnomalar va bitimlar vositasida quriladi.
Oldingi tahrirga qarang.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Oʻzbekiston Respublikasi tarkibidan qonunchilikka asosan erkin chiqish huquqini saqlab qoladi.
(17-moddaning ikkinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1991-yil 31-avgust,
336-XII-son
(Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Axborotnomasi, 1991-y., 11-son, 246-modda; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son; 17.03.2026-y., 03/26/1122/0250-son)