toggle_night_mode
Hujjat kuchini yo‘qotgan 05.09.2020
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI DAVLAT MULKINI BOShQARISh DAVLAT QOʻMITASINING
Qarori
Oʻzbekiston Respublikasi mulkni baholash Milliy standarti “Baholovchilar ishi sifatini nazorat qilishning ichki qoidalariga qoʻyiladigan umumiy talablar”ni tasdiqlash haqida
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2008-yil 5-sentabrda 1851-son bilan davlat roʻyxatidan oʻtkazildi]
 LexUZ sharhi
Mazkur qaror Oʻzbekistan Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi direktorining 2020-yil 1-maydagi 01/11-15/62-sonli “Oʻzbekiston Respublikasining Yagona milliy baholash standartini tasdiqlash haqida”gi buyrugʻiga (roʻyxat raqami 3239, 04.06.2020-y.) asosan 2020-yil 5-sentabrdan oʻz kuchini yoʻqotadi.
Oʻzbekiston Respublikasi “Baholash faoliyati toʻgʻrisida”gi Qonuniga, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2006-yil 26-apreldagi PQ-335-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mulki qoʻmitasi faoliyatini takomillashtirishga doir chora-tadbirlar toʻgʻrisida” va 2008-yil 24-apreldagi PQ-843-sonli “Baholovchi tashkilotlar faoliyatini yanada takomillashtirish va koʻrsatilayotgan xizmatlar sifati uchun ularning masʼuliyatini oshirish toʻgʻrisida”gi qarorlariga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mulki qoʻmitasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi mulkni baholash milliy standarti “Baholovchilar ishi sifatini nazorat qilishning ichki qoidalariga qoʻyiladigan umumiy talablar” ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligida davlat roʻyxatiga olingan vaqtdan boshlab oʻn kundan soʻng kuchga kiradi.
Davlat mulkini boshqarish davlat qoʻmitasi raisi D. MUSAYEV
Toshkent sh.,
2008-yil 19-avgust,
01/19-18/13-son
Davlat mulkini boshqarish davlat qoʻmitasining 2008-yil 19-avgustdagi 01/19-18/13-son qarori bilan
TASDIQLANGAN
Oʻzbekiston Respublikasi mulkni baholash Milliy standarti (7-son MBMS) Baholovchilar ishi sifatini nazorat qilishning ichki qoidalariga qoʻyiladigan umumiy talablar
Mazkur Mulkni baholash Milliy standarti (7-son MBMS) “Baholovchilar ishi sifatini nazorat qilishning ichki qoidalariga qoʻyiladigan umumiy talablar” Oʻzbekiston Respublikasining “Baholash faoliyati toʻgʻrisida”gi Qonuniga (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1999-y., 9-son, 208-modda), Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2008-yil 24-apreldagi PQ-843-sonli “Baholovchi tashkilotlar faoliyatini yanada takomillashtirish va koʻrsatilayotgan xizmatlar sifati uchun ularning masʼuliyatini oshirish toʻgʻrisida”gi qaroriga (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2008-y., 18-son, 145-modda) muvofiq, baholovchi tashkilotlarning ichki qoidalariga qoʻyiladigan umumiy talablarni belgilaydi.
I. Umumiy qoidalar
1. 7-son MBMSning asosiy maqsadi — baholovchi tashkilotlarning ichki qoidalarni ishlab chiqishga nisbatan yondashuv va tamoyillarini, shuningdek mazkur qoidalarni qoʻllashda ichki nazoratni tashkil qilish va tartibga solish talablarini birxillashtirishdir.
2. 7-son MBMSning asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:
a) baholovchi tashkilotlar ichki qoidalarini ishlab chiqishning yagona tamoyillarini belgilash;
b) ichki qoidalarni ishlab chiqishda baholovchi tashkilotlarga qoʻyiladigan majburiy talablarni belgilash;
v) baholovchilar va baholovchi tashkilotlarning boshqa xodimlari tomonidan ichki qoidalar talablariga rioya qilinishi ustidan ichki nazoratni amalga oshirish tartibini tavsiflash.
3. Barcha baholovchi tashkilotlar ichki qoidalarni ishlab chiqishi va amalda qoʻllashi majburiydir.
4. 7-son MBMS baholovchi tashkilotlarning baholash faoliyatini amalga oshirishga doir kasbiy yoʻnalishlari doirasiga kirmaydigan masalalar boʻyicha tartibga soluvchi ichki hujjatlarining shakli, mazmuni va tayyorlashni tartibga solishni maqsad qilib olmagan.
II. Baholovchi tashkilot ichki qoidalarining belgilangan maqsadlari va ularni tayyorlash tamoyillari
5. Baholovchi tashkilotning ichki qoidalari deyilganda baholovchi tashkilot tomonidan baholash faoliyatini amalga oshirishda samaradorlikni taʼminlash va mazkur faoliyatni Oʻzbekiston Respublikasining baholash faoliyati toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari talablariga muvofiq holda yuritish maqsadida qabul qilinib, tasdiqlangan baholash ishlarini amalga oshirish va rasmiylashtirishga doir yagona talablarni belgilovchi hujjatlar tushuniladi.
6. Baholovchi tashkilot baholash faoliyati toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari talablaridan kelib chiqqan holda, baholash faoliyatini amalga oshirish, baholash hisobotlari va ekspert xulosalarini tuzishga doir oʻz yondashuvini aks ettiruvchi ichki qoidalar boʻyicha hujjatlar toʻplamini shakllantirishi zarur.
7. Baholovchi tashkilotlarning ichki qoidalari baholovchilarga amaliyotda baholash faoliyati toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari talablarini bajarish va baholash ishlarining sifatini oshirish yuzasidan oʻz harakatlarining aniq tartibini belgilashga qaratilgan tavsiyalardan iborat boʻlishi kerak.
8. Ichki qoidalar baholovchilarning mazkur baholovchi tashkilot doirasidagi faoliyatini tartibga soladi hamda baholovchi tashkilotning xodimlari va rahbariyati oʻrtasida yuzaga kelishi mumkin boʻlgan kelishmovchiliklarni tartibga keltirish uchun asos boʻla oladi.
9. Ichki qoidalarni qoʻllash natijasida baholovchi tashkilotlarga baholovchilar va ularning yordamchilari ishini qoʻshimcha ravishda nazorat qilinishini taʼminlashga va bu bilan baholovchi tashkilot koʻrsatayotgan xizmatlar sifatini oshirishga imkon yaratiladi.
10. Baholovchi tashkilotlar ichki qoidalari baholash faoliyatini amalga oshirish tartibini ochib beradigan va baholovchi tashkilotda qoʻllanilishi majburiy boʻlgan qoidalar, uslubiy qoʻllanmalar va boshqa hujjatlardan iborat.
11. Baholovchi tashkilotlar ichki qoidalari amaliy foyda berishi kerak, yaʼni ular:
Oʻzbekiston Respublikasining baholash toʻgʻrisidagi qonun hujjatlariga muvofiq kelishi va oʻzaro bogʻliq boʻlishini taʼminlashi;
aniq ifoda qilinishi, toʻliq va ravshan bayon etilishi;
mazkur qoidalar masalalarini toʻliqligicha qamrab olishi, bayon etilgan tamoyil va qoidalarni mantiqan rivojlantirishi;
ulardagi barcha atamalar bir xil talqin qilinishi lozim.
12. Ichki qoidalar baholovchi tashkilotning mulkni baholash jarayonini tashkil etish va oʻtkazishga nisbatan kompleksli yondashuvining umumiy tavsifini berishi kerak.
13. Baholovchi tashkilotlar xalqaro baholash standartlariga muvofiq mulkni baholashni oʻtkazish uchun moʻljallangan ichki qoidalarni ishlab chiqishda xalqaro baholash standartlarida nazarda tutilgan meʼyorlar va tamoyillarga amal qilishi kerak.
14. Mulkni baholashning maʼlum sohasida baholash faoliyatining standartlari, baholashni oʻtkazishga doir batafsil uslubiy qoʻllanmalar va yondashuvlar mavjud boʻlmagan taqdirda, baholovchi tashkilotlar ichki qoidalarni ishlab chiqishda qonunchilikda belgilangan oʻziga xos jihatlarni hisobga olgan holda xalqaro baholash standartlariga amal qiladilar.
15. Baholovchi tashkilot mustaqil ravishda ichki qoidalari ishlab chiqish roʻyxati va tartibini belgilaydi.
16. Oʻzbekiston Respublikasi Mulkni baholashning milliy standartlarida ayrim holatlar ichki qoidalar sifatida qoʻshimcha tarzda tasdiqlanishi lozimligi haqida bevosita koʻrsatmalar berilgan taqdirda, baholovchi tashkilot mazkur koʻrsatmaning birinchi navbatda bajarilishini taʼminlashi shart.
III. Baholovchi tashkilot ichki qoidalarining shakli va mazmuni
17. Baholovchi tashkilotlarning ichki qoidalari oʻz vazifalariga koʻra quyidagi guruhlarga boʻlinishi mumkin:
a) mulkni baholash boʻyicha umumiy qoidalardan iborat qoidalar;
b) mulkni baholashni oʻtkazish tartibini belgilovchi qoidalar;
v) baholash hisobotlarini tuzish tartibini belgilovchi qoidalar;
g) ekspert xulosalarini tuzish tartibini belgilovchi qoidalar;
d) maxsus qoidalar;
e) professional xizmatlar koʻrsatish tartibini belgilovchi qoidalar;
j) kadrlarni tayyorlash va oʻqitish qoidalari;
z) boshqa qoidalar.
18. Mulkni baholash boʻyicha umumiy qoidalardan iborat ichki qoidalar baholovchilar oʻrtasidagi, shuningdek baholovchi tashkilot xodimlari va rahbariyati oʻrtasidagi oʻzaro munosabatlarni tartibga solish uchun moʻljallangan.
19. Mulkni baholash boʻyicha umumiy qoidalardan iborat ichki qoidalar roʻyxati quyidagilardan iborat boʻlishi mumkin:
a) ichki qoidalarni ishlab chiqishga oid konsepsiya va yondashuvni tavsiflovchi qoidalar, shu jumladan ularning tuzilishini belgilovchi hujjat;
b) baholovchining xulq-atvori etikasini belgilovchi qoidalar;
v) baholashni sifatli oʻtkazish ustidan ichki nazoratni yuritish tartibini hamda baholovchilar masʼuliyatini tartibga keltiruvchi qoidalar;
g) boshqa qoidalar.
20. Mulkni baholashni oʻtkazish tartibini belgilovchi ichki qoidalarda mulkni baholash jarayonini oʻtkazish qoidalari ifoda qilinadi.
21. Baholovchi tashkilotlarning mulkni baholashni oʻtkazish tartibini belgilovchi ichki qoidalari roʻyxati quyidagilardan iborat boʻlishi mumkin:
a) baholovchi masʼuliyatini tartibga soluvchi qoidalar;
b) mulkni baholashni oʻtkazish tartibini belgilovchi qoidalar;
v) baholash uchun zarur maʼlumotlarni olish tartibini belgilovchi qoidalar;
g) uchinchi shaxslar ishidan foydalanish tartibini belgilovchi qoidalar;
d) boshqa qoidalar.
22. Baholash hisobotlari va ekspert xulosalarini tuzish tartibini belgilovchi ichki qoidalar baholovchi tashkilotning mulkni baholash natijalari boʻyicha baholash hisobotlari hamda oʻtkazilgan ekspertiza (tekshiruv) natijalari boʻyicha ekspert xulosalarining mazmuni va tuzilishiga doir ichki talablaridan iborat boʻlishi lozim.
23. Mazkur qoidalar roʻyxatiga mulkni baholash natijalari boʻyicha baholash hisobotlari hamda oʻtkazilgan ekspertiza natijalari boʻyicha ekspert xulosalarini tayyorlash tartiblarini belgilovchi qoidalarni kiritish mumkin.
24. Maxsus ichki qoidalar turli xil mulklar boʻyicha baholashni oʻtkazish uslubiyoti doirasidagi qoidalarni oʻz ichiga oladi.
25. Qoidalar roʻyxati quyidagilardan iborat boʻlishi mumkin: intellektual mulk, zargarlikda va mayda zebu ziynat buyumlariga yaraydigan toshlar, qimmatbaho metallar, uchish apparatlari va boshqa mulklarni baholashning oʻziga xos jihatlarini aks ettiruvchi qoidalar.
26. Professional xizmatlarni koʻrsatish tartibini belgilovchi ichki qoidalar baholash faoliyatiga baravar keladigan professional xizmatlar turlarini koʻrsatish tartibiga oid qoidalardan iborat.
27. Mazkur ichki qoidalar roʻyxatiga quyidagilar kirishi mumkin:
a) baholash hisobotining ishonchliligini ekspertizadan oʻtkazish qoidalari;
b) baholash faoliyati sohasida axborot texnologiyalarini joriy etish va baholash jarayonini avtomatlashtirish qoidalari;
v) baholash faoliyati sohasida ilmiy-tadqiqot ishlarini olib borish va natijalarini oshkor etish qoidalari.
28. Kadrlarni tayyorlash va oʻqitish boʻyicha ichki qoidalar baholovchilar va mutaxassislarning taʼlimi, kasbiy bilim darajasiga nisbatan talablarni belgilaydi, baholovchi tashkilot xodimlarini tayyorlash va malakasini oshirish ishlarini tartibga soladi.
29. Baholovchi tashkilot ichki qoidalari tuzilmasi quyidagilardan iborat boʻlishi mumkin:
a) tartibga soluvchi parametrlar — Oʻzbekiston Respublikasi Mulkni baholashning milliy standartlariga hamda ichki qoidalarni ishlab chiqishda foydalanilgan xalqaro baholash standartlariga tayangan holda ishlab chiqiladi;
b) umumiy qoidalar — ichki qoidalar zarurati, ulardagi asosiy atamalar va tushunchalarning ifoda etilishi, qoʻllanilish sohasi;
v) maqsad va vazifalar — qoidalarni belgilash va ular yordamida hal etilishi taʼminlanadigan maʼlum muammolar;
g) boshqa qoidalar bilan oʻzaro bogʻliqlik — boshqa qoidalarda belgilangan tegishli bandlarga tayangan holda ishlab chiqiladi;
d) asosiy tamoyillar va uslubiy qoʻllanmalarni belgilash — baholovchi tashkilot tomonidan mulkni baholashni oʻtkazish jarayoniga, qabul qilingan uslubiy qoʻllanmalar (tavsiyalar) va qoidalar boʻyicha koʻrib chiqiladigan muammolarni hal etishning texnik usullariga tavsif beriladi;
e) rasmiylashtirish — baholovchi qoidalarda belgilangan talablarga koʻra tuzishi kerak boʻlgan hujjatlar roʻyxati.
30. Ichki qoidalar rekvizitlari quyidagilardan iborat boʻlishi mumkin:
a) raqam (nomer) — mazkur qoidaning tartib boʻyicha yoziladigan yoki seriyali kodi;
b) amal qilishga kiritilgan sana;
v) nomi — qoidalarda belgilangan bandlarning qisqa va aniq ifoda etilishi;
g) qoidalarni tasdiqlagan shaxsning koʻrsatmalari va koʻrsatma berilgan sana;
d) taalluqliligi — mazkur hujjat bilan bogʻliq boʻlgan ilgari qabul qilingan, ommalashtirilgan yoki meʼyoriy-huquqiy hujjatlarda koʻzda tutilgan qoidalarga tayangan holda ishlab chiqiladi;
e) qoʻllanilish doirasi — mazkur qoidalar tatbiq etiladigan (yoki tatbiq etilmaydigan) obyektlar roʻyxati.
31. Ichki qoidalarga qoʻshimcha ravishda ularda aks ettirilgan alohida qoidalarda keltirilgan tushunchalarga izoh beruvchi ilovalar (uslubiy qoʻllanmalar, tartiblar roʻyxati, soʻrovnomalar, kompyuter dasturlari, ishchi jadvallar va h.z.) ishlab chiqilishi mumkin.
32. Ichki qoidalarga ishlab chiqiladigan ilovalar quyidagi boʻlimlardan iborat boʻlishi mumkin:
a) ichki qoidalarni qoʻllash tartibi;
b) mulkni baholash jarayonining har bir bosqichini oʻtkazish (bajarish) texnologiyasini tavsiflash;
v) soʻrovnomalar va baholash tartiblari roʻyxati;
g) jadvallar, sxemalar, uslubiy yondashuvlarni tasvirlovchi, misollarni raqamlar bilan ifodalovchi ishchi hujjatlar va mulkni baholashni oʻtkazish tartibi;
d) mulkni baholashda foydalaniladigan meʼyoriy-huquqiy hujjatlarning tartibga keltirilgan roʻyxati.
33. Baholovchi tashkilotning ichki qoidalarini tayyorlashning namunaviy tartibi va namunaviy shakli mazkur 7-son MBMSning 1 va 2-ilovalarida keltirilgan.
IV. Baholovchi tashkilotning ichki qoidalari talablari bajarilishi yuzasidan ichki nazoratni tashkil qilish tartibi
34. Ichki qoidalar baholovchi tashkilot rahbarining buyrugʻi bilan tasdiqlanadi, baholovchi tashkilotning taʼsis hujjatlarida nazarda tutilgan hollarda esa — taʼsischilar majlisi yoki boshqa vakolatli organ tomonidan tasdiqlanadi.
35. Baholash sifatiga oid ichki nazoratni tartibga soluvchi ichki qoidalar ularda belgilangan talablarni bajarilishi ustidan nazoratni amalga oshirish qoidalari (talablari)ni oʻz ichiga olishi kerak.
36. Ichki qoidalarda belgilangan talablarga rioya etilishi uchun javob beruvchi mansabdor shaxslarni tayinlash tartibi nazarda tutilishi mumkin.
37. Ichki qoidalarga rioya etilishi ustidan tegishli nazorat oʻrnatilishini taʼminlash uchun baholovchi va baholovchi tashkilot oʻrtasidagi mehnat munosabatlarida belgilanadigan baholovchining funksional majburiyatlariga mazkur qoidalarni qoʻllash zarurati kiritilgan boʻlishi kerak.
38. Ichki qoidalarda baholovchi tashkilot tomonidan mulkni baholashni oʻtkazishda bajarilishi majburiy boʻlgan qoidalar belgilanishi mumkin. Bunda Oʻzbekiston Respublikasining Mulkni baholashning milliy standartlarining talablari eʼtiborga olinishi lozim.
39. Ichki qoidalar talablari bajarilishini nazorat qilish baholash faoliyatini amalga oshirishning barcha boʻgʻinlarida, baholovchidan tortib baholovchi tashkilot rahbarlarigacha tashkil etilishi lozim.
40. Baholovchi tashkilot tomonidan baholash faoliyatini amalga oshirish jarayonida nazorat ishlarini olib borish uchun baholashni oʻtkazish sifatini nazorat qilish xizmati tashkil etilishi mumkin. Baholashni oʻtkazish sifatini nazorat qilish xizmati tarkibidagi nazorat ishlarini olib boruvchi mutaxassislarni professional darajada tayyorlashga nisbatan ichki talablar baholovchi tashkilotning kadrlarni tayyorlash va oʻqitish boʻyicha ichki qoidalarida belgilanadi.
41. Baholovchi tashkilot xodimlari zimmasiga ichki qoidalarni ovoza qilmaslik va ularni mazkur baholovchi tashkilot faoliyatidan tashqarida qoʻllamaslik majburiyati yuklatiladi, qonunchilikda koʻzda tutilgan hollar bundan mustasno.
Oʻzbekiston Respublikasi mulkni baholash Milliy standarti (7-son MBMS) “Baholovchilar ishi sifatini nazorat qilishning ichki qoidalariga qoʻyiladigan umumiy talablar”ga
1-ILOVA
Baholovchi tashkilot ichki qoidalarini tayyorlashning
NAMUNAVIY TARTIBI
1. Baholovchi tashkilot ichki qoidalari tizimini yaratishda samaradorlikni taʼminlash uchun baholovchi tashkilot ichida uslubiyot boʻyicha kengash (uslubiyot kengashi) yoki baholovchi tashkilot ixtiyoriga koʻra boshqa maxsus hayʼat organi tashkil etilishi maqsadga muvofiqdir.
2. Uslubiyot kengashi baholovchi tashkilotning rahbar xodimlari va sara professional mutaxassislaridan tuziladi hamda baholovchi tashkilot tomonidan tasdiqlangan Uslubiyot kengashi toʻgʻrisidagi nizom asosida faoliyat yuritadi.
3. Uslubiyot kengashi ishida, agar Uslubiyot kengashi toʻgʻrisidagi nizomda koʻzda tutilgan boʻlsa, chetdan mutaxassislar (baholovchilar jamoat birlashmalari aʼzolari, ilmiy xodimlar, oʻqituvchilar, boshqa baholovchi tashkilotlarning mutaxassislari) ishtirok etishi mumkin.
4. Baholovchi tashkilotning Uslubiyot kengashi vazifalari quyidagilardan iborat:
a) ichki qoidalarni ishlab chiqish;
b) baholashning amaliy tajribasini umumlashtirish va tizimlashtirish;
v) baholovchi tashkilotning baholovchilari va boshqa mutaxassislari oʻqishini tashkil qilish;
g) baholash sohasiga oid amaldagi meʼyoriy-huquqiy hujjatlarni toʻplab borish, tartibga solish va tahlil qilish.
5. Ichki qoidalarni ishlab chiqish baholovchi tashkilotning uslubiyot xizmati mutaxassislari bilan bir qatorda baholovchi tashkilotning boshqa xizmatlari mutaxassislari tomonidan ham amalga oshirilishi hamda keyinchalik uslubiyot kengashida koʻrib chiqilib, maʼqullanishi (yoki maʼqullanmasligi) mumkin.
6. Zarurat yuzasidan ichki qoidalarni ishlab chiqish baholovchi tashkilot rahbariyati tomonidan tasdiqlangan ish dasturiga muvofiq shartnoma asosida tashqi tashkilotlar tomonidan amalga oshirilishi mumkin.
7. Baholovchi tashkilot ichki qoidalarini tashkil qiluvchi qismlar sifatida baholovchilar jamoat birlashmalari hamda davlat idoralari tomonidan tasdiqlangan uslubiy qoʻllanmalar va boshqa ishlab chiqilgan hujjatlardan foydalanish mumkin.
8. Ishlab chiqilgan qoidalar (uslubiy qoʻllanmalar, yoʻriqnomalar, nizomlar) uslubiyot kengashi tomonidan koʻrib chiqilib, qabul qilinadi va keyinchalik baholash tashkiloti rahbariyatiga tasdiqlash uchun taqdim etiladi. Qaror kengash aʼzolarining koʻpchilik ovozi bilan qabul qilinadi.
Oʻzbekiston Respublikasi mulkni baholash Milliy standarti (7-son MBMS) “Baholovchilar ishi sifatini nazorat qilishning ichki qoidalariga qoʻyiladigan umumiy talablar”ga
2-ILOVA
Baholovchi tashkilot ichki qoidalarining
NAMUNAVIY ShAKLI
Baholovchi tashkilotning blanki yoki burchak shtampi
Firmaga oid nomlanishi, logotipi
Rahbarning tasdiqlovchi yozuvi, imzosi, sanasi
Ichki qoidalarning toʻliq nomlanishi
Tartib raqami (indeks, kod)
Hujjatni tayyorlovchi: (departament, boʻlim, xodim)
Hujjat tayyorlangan sana
1. Hujjatning tuzilishi
1.1. Hujjatni tuzish maqsadi va asoslari
1.2. Foydalanish zarurati
1.3. Qoʻllash sohasi
1.4. Baholash standartlari (shu jumladan, xalqaro baholash standartlari) bilan oʻzaro bogʻliqligi
1.5. Avval qabul qilingan ichki qoidalar bilan izchilligi
1.6. Amal qilish muddati
2. Asosiy tushunchalar va taʼriflar
3. Ichki qoidalarning mohiyati
3.1. Asosiy talablar
3.2. Koʻrsatilgan muammoni hal etish uslubiyoti
4. Mulkni baholashda qoʻllaniladigan meʼyoriy hujjatlar
5. Ilovalar
5.1. Baholovchining ish hujjatlari maketlari
5.2. Savollar va testlar
5.3. Baholash tartiblari
Hujjatni tayyorlash boʻyicha rahbar imzosi
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2008-y., 35-36-son, 360-modda)