toggle_night_mode
Oʻzbekiston Respublikasining qonuni
“ShUHRAT” MEDALINI TAʼSIS ETISh TOʻGʻrISIDA
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashi qaror qiladi:
1. “Shuhrat” medali taʼsis etilsin.
2. “Shuhrat” medali toʻgʻrisidagi Nizom tasdiqlansin (ilova qilinadi).
3. “Shuhrat” medalining tavsifi tasdiqlansin (ilova qilinadi).
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1994-yil 5-may,
1046-XII-son
1994-yil 5-mayda qabul qilingan
Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni bilan
TASDIQLANGAN
“Shuhrat” medali toʻgʻrisidagi
nizom
1. “Shuhrat” medali bilan respublika iqtisodiyoti, fani va madaniyatini rivojlantirish, yosh avlodni vatanparvarlik hamda milliy istiqlol va ijtimoiy taraqqiyot gʻoyalariga sadoqat ruhida tarbiyalash ishida oʻzining halol mehnati bilan katta yutuqlarga erishgan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari hamda Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi boʻlmagan shaxslar mukofotlanadilar.
2. “Shuhrat” medali bilan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti mukofotlaydi. Medal bilan mukofotlash toʻgʻrisidagi Farmon matbuotda va boshqa ommaviy axborot vositalarida eʼlon qilinadi.
Oldingi tahrirga qarang.
3. “Shuhrat” medali bilan mukofotlash Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi, Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudining Raisi, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining Raisi, Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokurori, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesining Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari, vazirliklar va idoralar rahbarlarining hamda jamoat birlashmalari respublika organlarining taqdimnomasiga binoan amalga oshiriladi.
(3-modda Oʻzbekiston Respublikasining 2023-yil 28-noyabrdagi OʻRQ-880-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 29.11.2023-y., 03/23/880/0905-son)
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasining “Davlat mukofotlari toʻgʻrisida”gi Qonunining 3 va 9 moddalari.
Oldingi tahrirga qarang.
4. “Shuhrat” medalini va bu mukofotga oid tegishli hujjatni tantanali vaziyatda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti yoki uning nomidan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi Spikeri, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati Raisi, Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesining Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti topshirigʻiga binoan boshqa shaxslar topshiradi.
(4-modda Oʻzbekiston Respublikasining 2004-yil 3-dekabrdagi 714-II-son Qonuni tahririda — Oʻzbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari toʻplami, 2004-y., 51-son, 514-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
5. “Shuhrat” medali bilan mukofotlangan shaxslar bazaviy hisoblash miqdorining besh karrasi miqdorida bir yoʻla toʻlanadigan pul mukofoti oladilar.
(5-moddaning birinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2019-yil 3-dekabrdagi OʻRQ-586-sonli Qonuni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 04.12.2019-y., 03/19/586/4106-son)
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasining “Davlat mukofotlari toʻgʻrisida”gi Qonunining 19-moddasi.
Oldingi tahrirga qarang.
“Shuhrat” medali bilan mukofotlangan shaxslar qonunchilikda belgilab qoʻyiladigan imtiyozlardan foydalanadilar.
(5-moddaning ikkinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
6. “Shuhrat” medali koʻkrakning chap tomoniga taqiladi.
7. “Shuhrat” medali bilan vafotidan keyin mukofotlangan taqdirda medal, mukofotlash toʻgʻrisidagi hujjat va bir yoʻla toʻlanadigan pul mukofoti mukofotlanganning oilasiga topshiriladi.
 LexUZ sharhi
Qoʻshimcha maʼlumot uchun qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2007-yil 17-dekabrdagi PF-3942-sonli “Faxriy unvonlar uchun toʻlovlar miqdorini oshirish toʻgʻrisida”gi Farmoni, Vazirlar Mahkamasining 2008-yil 3-yanvardagi 2-sonli qarori bilan tasdiqlangan Faxriy unvonlar egalariga toʻlovlarni tayinlash va amalga oshirish tartibi toʻgʻrisidagi nizom, Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 4-martdagi 120-son qarori bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasi davlat mukofotlari berilgan shaxslarga bir yoʻla toʻlanadigan pul mukofotlarini toʻlashga mablagʻlar ajratish va toʻlash tartibi toʻgʻrisidagi nizom.
1994-yil 5-mayda qabul qilingan
Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni bilan
TASDIQLANGAN
“Shuhrat” medalining tavsifi
“Shuhrat” medali dastlab 0,5 mikron qalinlikda nikel, keyin esa 0,25 mikron qalinlikda tilla qotishma qoplangan mis qotishmasidan tayyorlanadi va qisman turli rangdagi emal berilgan boʻladi.
Medal diametri 34 millimetrli doira shaklida.
Medalning old tomonida koʻtarilib kelayotgan quyosh nurlari ichida Oʻzbekiston iqtisodiy qudratining ramzi boʻlgan manzara boʻrtma yoʻsinda tasvirlangan.
Medalning quyi qismida oq emal fonida qabariq harflarda “SUHRAT” degan yozuv beriladi. Harflarning balandligi 2 millimetr. Medalning chetlari ikki tomondan boʻrtma doira bilan hoshiyalangan.
Medalning orqa tomonida Oʻzbekiston Respublikasining Davlat gerbi tasvirlangan. Pastki qismida medalning raqami 1 millimetr kattalikdagi botiq shrift bilan yozilgan.
Medalning qalinligi 3 millimetr.
Medal respublika Davlat bayrogʻi ranglaridagi yoʻl-yoʻl shoyi mato sirilgan besh burchakli qadagʻich (kolodka)ga halqa va ilmoqcha yordamida ulanadi. Matoning eni 24 millimetr. Koʻk, oq va yashil yoʻllarining eni 7 millimetrdan, qizil yoʻllarining eni 1,5 millimetr.
Qadagʻichning boʻyi 48 millimetr, eni 45 millimetr.
Medal toʻgʻnogʻich bilan taqiladi.
(Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Axborotnomasi, 1994-y., 5-son, 121-modda; Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2004-y., 51-son, 514-modda; 2017-y., 37-son, 978-modda; Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 04.12.2019-y., 03/19/586/4106-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son; 29.11.2023-y., 03/23/880/0905-son)