Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirining
buyrugʻi
Dori vositalarini retsept bilan va retseptsiz beriladigan dori vositalari toifasiga kiritish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2023-yil 4-mayda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 3430]
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 26-oktabrdagi PQ-411-son “Aholini sifatli dori vositalari va tibbiy buyumlar bilan taʼminlash yuzasidan qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq buyuraman:
1. Dori vositalarini retsept bilan va retseptsiz beriladigan dori vositalari toifasiga kiritish tartibi toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur buyruq Oʻzbekiston Respublikasi Raqobatni rivojlantirish va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish qoʻmitasi, Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha vakil hamda Savdo-sanoat palatasi bilan kelishilgan.
3. Mazkur buyruq rasmiy eʼlon qilingan kundan uch oy oʻtgach kuchga kiradi.
Vazir A. INOYATOV
Toshkent sh.,
2023-yil 29-aprel,
10-son
Kelishildi:
Oʻzbekiston Respublikasi Raqobatni rivojlantirish va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish qoʻmitasi raisi Sh. SHARAXMETOV
2023-yil 13-aprel
Oʻzbekiston Savdo-sanoat palatasi raisi D. VAXABOV
2023-yil 14-aprel
Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha vakil D. KASIMOV
2023-yil 14-aprel
Oʻzbekiston Respublikasi sogʻliqni saqlash vazirining 2023-yil 28-apreldagi 10-son buyrugʻiga
ILOVA
ILOVA
Dori vositalarini retsept bilan va retseptsiz beriladigan dori vositalari toifasiga kiritish tartibi toʻgʻrisidagi
Mazkur Nizom dori vositalarini retsept bilan va retseptsiz beriladigan dori vositalari toifasiga kiritish tartibini belgilaydi.
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Nizomda quyidagi asosiy tushunchalardan foydalaniladi:
Oldingi tahrirga qarang.
ariza beruvchi — Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi huzuridagi Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi davlat muassasasiga dori vositalarini retsept bilan yoki retseptsiz beriladigan dori vositalari toifasiga kiritish hamda ularning toifasini oʻzgartirish uchun murojaat qiluvchi tadbirkorlik subyekti, yuridik shaxs (yoki uning nomidan harakat qiluvchi ishonchli vakil);
(1-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi sogʻliqni saqlash vazirining 2025-yil 20-maydagi 9-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 3627, 04.06.2025-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 04.06.2025-y., 10/25/3627/0494-son)
Oldingi tahrirga qarang.
vakolatli organ — Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi huzuridagi Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi davlat muassasasi;
(1-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi sogʻliqni saqlash vazirining 2025-yil 20-maydagi 9-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 3627, 04.06.2025-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 04.06.2025-y., 10/25/3627/0494-son)
genotoksiklik — inson hujayralaridagi irsiy materialga zararli taʼsir qilish xususiyati;
kanserogenlik — oʻsma kasalliklarini rivojlanishini keltirib chiqarish xususiyatiga ega boʻlgan moddalarning taʼsiri;
kumulyativ xususiyat — dori vositasi qayta qabul qilinganida (qoʻllanilganida) inson organizmda moddalarning toʻplanishi;
original dori vositasi — yangi faol moddaga ega boʻlgan, sifati, xavfsizligi va samaradorligini tasdiqlovchi klinik oldi va klinik tadqiqotlar natijalari asosida birinchi marta roʻyxatdan oʻtkazilgan dori vositasi;
reproduktiv toksiklik — antenatal va postnatal rivojlanish davrida embriotoksik va fetotoksik hamda organizmning generativ faoliyatiga taʼsiri;
Oldingi tahrirga qarang.
retsept bilan beriladigan dori vositalari — isteʼmolchilarga qonunchilikda belgilangan talablarga muvofiq shakldagi retsept (elektron retsept) taqdim etilgandan keyingina realizatsiya qilinadigan dori vositalari;
(1-bandning toʻqqizinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi sogʻliqni saqlash vazirining 2025-yil 4-dekabrdagi 21-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 3430-1, 06.12.2025-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 09.12.2025-y., 10/25/3430-1/1131-son. Kuchga kirish sanasi — 2025-yil 12-dekabr)
retseptsiz beriladigan dori vositalari — farmatsevtik maʼlumotga ega boʻlgan mutaxassis (dorixona xodimi) tomonidan isteʼmolchilarga retseptsiz realizatsiya qilinadigan dori vositalari.
2. Dori vositalarini retsept bilan yoki retseptsiz beriladigan dori vositalari toifasiga kiritish vakolatli organ tomonidan amalga oshiriladi.
2-bob. Dori vositalarini retsept bilan va retseptsiz beriladigan dori vositalari toifasiga kiritish
Oldingi tahrirga qarang.
3. Dori vositalarini retsept bilan yoki retseptsiz beriladigan dori vositalari toifasiga kiritish dori vositasini davlat roʻyxatidan oʻtkazish, davlat roʻyxatidan oʻtkazish hujjatlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish va roʻyxatdan oʻtkazilganlik guvohnomasining amal qilish muddatini uzaytirish jarayonida amalga oshiriladi.
Bunda, ariza beruvchi tomonidan taqdim etiladigan hujjatlar roʻyxati va ularni koʻrib chiqish muddatlari Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 24-noyabrdagi 738-son qarori bilan tasdiqlangan Dori vositalarini davlat roʻyxatidan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga muvofiq belgilanadi.
(3-band Oʻzbekiston Respublikasi sogʻliqni saqlash vazirining 2026-yil 22-oktabrdagi 30-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 3430-2, 12.11.2026-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 13.11.2026-y., 10/26/3430-2/1125-son. Kuchga kirish sanasi — 2027-yil 14-fevral)
Oldingi tahrirga qarang.
4. Vakolatli organ tomonidan quyidagi mezonlarga muvofiq boʻlgan dori vositalari retseptsiz beriladigan dori vositalari toifasiga kiritiladi:
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 26-iyundagi 337-son “Oʻzbekiston Respublikasida prekursorlarning muomalasi bilan bogʻliq faoliyatni tartibga solish va uzluksiz nazoratni taʼminlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq Giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalar ustidan nazorat qilish boʻyicha davlat komissiyasi tomonidan tasdiqlangan respublikada muomalasi cheklangan prekursorlar roʻyxatiga kirmaydigan dori vositalari, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 2-iyuldagi 359-son “Oʻzbekiston Respublikasida giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalar muomalasini tartibga solishni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasida muomalada boʻlishi cheklangan giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalar roʻyxatlariga kirmaydigan dori vositalari;
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 27-sentabrdagi 818-son qarori bilan tasdiqlangan Kuchli taʼsir qiluvchi moddalar roʻyxatida mavjud boʻlgan moddalarni tarkibida saqlamagan dori vositalari;
ruhiy va jismoniy qaramlikni keltirib chiqarmaydigan dori vositalari;
tibbiy xodimning doimiy kuzatuvisiz qoʻllanilganda inson organizmiga bevosita yoki bilvosita xavf tugʻdirmaydigan, shuningdek reproduktiv toksiklik, genotoksiklik va kanserogenlik xususiyatlariga ega boʻlmagan dori vositalari;
uzoq muddat qoʻllanilganida kumulyativ xususiyatlarga ega boʻlmagan dori vositalari;
tarkibida farmakologik taʼsir yoki nojoʻya reaksiyalar sababli qoʻshimcha tadqiqotlar oʻtkazishni talab qiladigan faol moddalarni saqlamaydigan dori vositalari;
dori shakli, qoʻllash usullari, bir martalik va sutkalik dozasi, konsentrasiyasi, qadoq hajmi va qoʻllash davomiyligi tibbiy nazoratsiz xavfsiz foydalanish imkonini beradigan, parenteral yoki davolash-profilaktika muassasalarida qoʻllashga moʻljallanmagan dori vositalari;
isteʼmolchi tomonidan belgilari oson aniqlanadigan yengil kasalliklar yoki simptomlarni qisqa muddat davomida mustaqil davolash uchun qoʻllash mumkin boʻlgan dori vositalari;
notoʻgʻri qoʻllash, dozani oshirish, uzoq qabul qilish yoki tibbiy koʻrsatmadan tashqari ishlatish ehtimoli past va bunday qoʻllash jiddiy xavf tugʻdirmaydigan dori vositalari;
tibbiyotda qoʻllanilishiga doir yoʻriqnomada mustaqil va xavfsiz qoʻllash uchun zarur maʼlumotlar aniq, toʻliq va isteʼmolchi uchun tushunarli koʻrsatilgan dori vositalari;
farmakologik nazorat va postmarketing nazorati natijalariga koʻra dori vositasini tibbiy nazoratsiz qoʻllashda jiddiy xavf tugʻdiradigan nojoʻya reaksiyalar, suiisteʼmol qilish holatlari yoki foyda-xavf nisbatining salbiy oʻzgarishi aniqlanmagan dori vositalari;
dori vositasining Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti roʻyxatiga kiritilgan tartibga soluvchi organlar (WHO Listed Authorities) yoki Jahon sogʻliqni saqlash tashkilotining Global taqqoslash vositasi (Global Benchmarking Tool) boʻyicha 4-darajali darajali yetuklikka ega boʻlgan tartibga soluvchi organlar tomonidan retseptsiz beriladigan dori vositalari toifasiga kiritilganligi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar.
(4-band Oʻzbekiston Respublikasi sogʻliqni saqlash vazirining 2026-yil 22-oktabrdagi 30-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 3430-2, 12.11.2026-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 13.11.2026-y., 10/26/3430-2/1125-son. Kuchga kirish sanasi — 2027-yil 14-fevral. 4-bandning ikkinchi xatboshisi 2027-yil 13-yanvardan kuchga kiradi)
5. Mazkur Nizomning 4-bandida nazarda tutilgan dori vositalari toifasiga kirmaydigan qolgan barcha dori vositalari retsept bilan beriladigan dori vositalari toifasiga kiritiladi.
Oldingi tahrirga qarang.
6. Har biri alohida retseptsiz beriladigan dori vositasi boʻlgan ikkita va undan ortiq taʼsir etuvchi moddalar majmuasidan tarkib topgan dori vositalari mazkur Nizomning 4-bandida belgilangan mezonlarga hamda quyidagi shartlarga muvofiq boʻlganda retseptsiz beriladigan dori vositalari toifasiga kiritilishi mumkin:
agar har bir faol modda dori vositasining koʻrsatilgan terapevtik taʼsiriga oʻz hissasini qoʻshsa;
faol moddalar kombinatsiyasining foyda-xavf nisbati ijobiy boʻlsa;
dori vositasi qoʻllanilishi moʻljallangan bemorlar guruhi uchun faol moddalarni birgalikda qoʻllash tegishli klinik va ilmiy maʼlumotlar bilan asoslangan boʻlsa;
dori vositasining oʻzaro taʼsiri, dozani oshirib yuborish, notoʻgʻri qoʻllash va suiisteʼmol qilish xavflari pastligi klinik jihatdan isbotlangan boʻlsa.
(6-band Oʻzbekiston Respublikasi sogʻliqni saqlash vazirining 2026-yil 22-oktabrdagi 30-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 3430-2, 12.11.2026-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 13.11.2026-y., 10/26/3430-2/1125-son. Kuchga kirish sanasi — 2027-yil 14-fevral)
Oldingi tahrirga qarang.
7. Retseptsiz beriladigan dori vositalari toʻgʻrisidagi axborot dori vositalarining tibbiyotda qoʻllanilishiga doir yoʻriqnomalarda, shuningdek Tibbiyot amaliyotida qoʻllanilishiga ruxsat etilgan dori vositalari va tibbiy jihozlar davlat reyestrida koʻrsatiladi. Retseptsiz beriladigan dori vositalari toʻgʻrisidagi axborot ommaviy axborot vositalarida va ixtisoslashtirilgan bosma nashrlarda ham berilishi mumkin.
(7-band Oʻzbekiston Respublikasi sogʻliqni saqlash vazirining 2026-yil 30-apreldagi 15-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 3837, 19.05.2026-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 20.05.2026-y., 10/26/3837/0512-son)
3-bob. Retsept bilan beriladigan dori vositalarini retseptsiz beriladigan dori vositalari toifasiga oʻzgartirish
8. Retsept bilan beriladigan dori vositalari retseptsiz beriladigan dori vositalari toifasiga oʻzgartirilishi mumkin. Bunda, dori vositalarining foydali xususiyatlari va nojoʻya taʼsirlari qayta baholanishi lozim.
9. Retsept bilan beriladigan dori vositalarini retseptsiz beriladigan dori vositalari toifasiga oʻzgartirishda ariza beruvchi tomonidan vakolatli organga quyidagi hujjatlar taqdim etiladi:
retsept bilan beriladigan dori vositalarini retseptsiz beriladigan dori vositalari toifasiga oʻzgartirish yuzasidan elektron yoki yozma shakldagi ariza;
dori vositasini tibbiyotda qoʻllash boʻyicha yoʻriqnoma:
dori vositasining xavfsizligi boʻyicha maʼlumotlar (klinik tadqiqot hisobotlari va davriy yangilanib boruvchi hisobot);
dori vositasining qisqacha tavsifi.
Oldingi tahrirga qarang.
10. Ariza beruvchining dori vositalarini retsept bilan beriladigan toifadan retseptsiz beriladigan dori vositalari toifasiga oʻzgartirish boʻyicha murojaati Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 24-noyabrdagi 738-son qarori bilan tasdiqlangan Dori vositalarini davlat roʻyxatidan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga muvofiq vakolatli organ tomonidan koʻrib chiqiladi.
(10-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi sogʻliqni saqlash vazirining 2026-yil 22-oktabrdagi 30-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 3430-2, 12.11.2026-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 13.11.2026-y., 10/26/3430-2/1125-son. Kuchga kirish sanasi — 2027-yil 14-fevral)
Bunda, vakolatli organ tomonidan dori vositalarini retsept bilan beriladigan toifadan retseptsiz beriladigan dori vositalari toifasiga oʻtkazish yoki oʻtkazishni rad etish toʻgʻrisida qaror qabul qilinadi.
11. Vakolatli organ tomonidan dori vositalarini retsept bilan beriladigan toifadan retseptsiz beriladigan dori vositalari toifasiga oʻtkazish toʻgʻrisida qaror qabul qilinganida dori vositalarini berish tartibi aks ettirilgan hujjatlarga (tibbiyotda qoʻllanilishiga doir yoʻriqnoma. oʻramning rangli maketi va dori vositasining meʼyoriy hujjatiga) tegishli oʻzgartirish kiritiladi hamda ushbu hujjatlar ariza beruvchiga taqdim etiladi.
Oldingi tahrirga qarang.
12. Ariza beruvchi tomonidan taqdim etilgan maʼlumotlar mazkur Nizomning 4-bandida belgilangan mezonlarga, ikkita va undan ortiq taʼsir etuvchi moddalar majmuasidan tarkib topgan dori vositalari boʻyicha esa qoʻshimcha ravishda mazkur Nizomning 6-bandida belgilangan shartlarga muvofiq boʻlmagan taqdirda, dori vositasini retsept bilan beriladigan toifadan retseptsiz beriladigan dori vositalari toifasiga oʻtkazish rad etiladi.
(12-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi sogʻliqni saqlash vazirining 2026-yil 22-oktabrdagi 30-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 3430-2, 12.11.2026-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 13.11.2026-y., 10/26/3430-2/1125-son. Kuchga kirish sanasi — 2027-yil 14-fevral)
Dori vositalarini retsept bilan beriladigan toifadan retseptsiz beriladigan dori vositalari toifasiga oʻtkazishni boshqa asoslar boʻyicha rad etish taqiqlanadi.
13. Vakolatli organ tomonidan dori vositalarini retsept bilan beriladigan toifadan retseptsiz beriladigan dori vositalari toifasiga oʻtkazish rad etilganida ariza beruvchi besh ish kuni ichida elektron va yozma shaklda xabardor qilinadi.
Oldingi tahrirga qarang.
14. Dori vositasini retsept bilan beriladigan toifadan retseptsiz beriladigan dori vositalari toifasiga oʻtkazish rad etilgan taqdirda, rad etish uchun asos boʻlgan holatlar bartaraf etilganda yoki dori vositasining xavfsizligi va samaradorligiga oid yangi maʼlumotlar mavjud boʻlganda, ariza beruvchi takroran murojaat qilishga haqli.
Dori vositasining xavfsizligi yoki samaradorligiga oid yangi maʼlumotlar aniqlanganda, farmakonazorat va postmarketing nazorati natijalariga koʻra yoxud qonunchilikdagi oʻzgarishlar munosabati bilan vakolatli organ oʻz tashabbusiga koʻra dori vositasining retsept bilan yoki retseptsiz beriladigan toifasini mazkur Nizom hamda Oʻzbekiston Respublikasining “Maʼmuriy tartib-taomillar toʻgʻrisida”gi Qonuniga asosan qayta koʻrib chiqishi mumkin.
(14-band Oʻzbekiston Respublikasi sogʻliqni saqlash vazirining 2026-yil 22-oktabrdagi 30-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 3430-2, 12.11.2026-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 13.11.2026-y., 10/26/3430-2/1125-son. Kuchga kirish sanasi — 2027-yil 14-fevral)
4-bob. Yakuniy qoidalar
15. Ariza beruvchi vakolatli organning harakatlari (harakatsizligi) ustidan belgilangan tartibda sudga shikoyat qilish huquqiga ega.
16. Mazkur Nizomning talablarini buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javobgar boʻladi.
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.05.2023-y., 10/23/3430/0253-son; 16.08.2024-y., 10/24/3550/0618-son; 04.06.2025-y., 10/25/3627/0494-son; 09.12.2025-y., 10/25/3430-1/1131-son; 20.05.2026-y., 10/26/3837/0512-son; 02.11.2026-y., 10/26/3965/1090-son; 13.11.2026-y., 10/26/3430-2/1125-son)