oʻzbEKISTON RESPUBLIKASI IQTISODIYOT VA MOLIYA VAZIRINING
BUYRUGʻI
Oʻzbekiston Respublikasi budjet hisobining standarti (19-sonli BHS) “Daromad”ni tasdiqlash haqida
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2026-yil 18-iyunda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 3857]
Oʻzbekiston Respublikasi Budjet kodeksining 161-moddasiga muvofiq va budjet hisobini davlat sektorida buxgalteriya hisobining xalqaro standartlari bilan muvofiqlashtirish maqsadida buyuraman:
1. Oʻzbekiston Respublikasi budjet hisobining standarti (19-sonli BHS) “Daromad” 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Ayrim idoraviy normativ-huquqiy hujjatlar 2-ilovaga muvofiq oʻz kuchini yoʻqotgan deb topilsin.
3. Mazkur buyruq rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Vazir J. KUCHKAROV
Toshkent sh.,
2026-yil 13-may,
363-son
Oʻzbekiston Respublikasi iqtisodiyot va moliya vazirining 2026-yil 13-maydagi 363-son buyrugʻiga
1-ILOVA
1-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi budjet hisobining standarti (19-sonli BHS) “Daromad”
Mazkur Oʻzbekiston Respublikasi budjet hisobining standarti (19-sonli BHS) “Daromad” (bundan buyon matnda Standart deb yuritiladi) budjet tashkilotlari, davlat maqsadli jamgʻarmalari hamda boshqa budjetdan tashqari jamgʻarmalar (bundan buyon matnda tashkilotlar deb yuritiladi) tomonidan moliyaviy hisobot foydalanuvchilariga daromad operatsiyalaridan kelib chiqadigan tushumlarning va pul oqimlarining xususiyati, miqdori, muddati hamda daromadning noaniqligi haqidagi maʼlumotlar boʻyicha buxgalteriya hisobini taqdim etish tartibini belgilaydi.
Mazkur Standart budjet hisobining boshqa standartlari bilan birgalikda qoʻllaniladi.
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Standartda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
alohida qiymat — tovar yoki xizmatning alohida ichki ehtiyoj uchun foydalanish yoki xaridorga (uchinchi shaxsga) taqdim etish uchun belgilangan bahosi;
majburiy kelishuv — kelishuv ishtirokchilariga huquqlar va majburiyatlarni yuklagan hamda qonunchilik yoki unga tenglashtirilgan vositalar orqali ijro etilishi taʼminlanadigan kelishuv;
majburiy kelishuv aktivi — tashkilotlarning majburiy kelishuv shartlariga muvofiq kelishuv shartlariga rioya etish boʻyicha oʻz majburiyatlarini bajarganligi uchun toʻlov yoki boshqa resurs olish huquqi boʻlib, ushbu huquq vaqt oʻtishi bilan avtomatik ravishda paydo boʻlmasdan, balki majburiy kelishuvda belgilangan shartlarning bajarilishiga bogʻliq boʻladi;
majburiy kelishuv majburiyati — bu tashkilotlarning resurs taʼminlovchidan toʻlov olgan (yoki toʻlov olishi kerak boʻlgan) ijro majburiyatini bajarishi boʻyicha masʼuliyati;
ijro majburiyati — tashkilotlarning majburiy kelishuvda nazarda tutilgan sharti boʻlib, u alohida tovar (xizmat) boʻyicha resurslarni ichki foydalanish uchun sarflash yoki ushbu tovarlarni (xizmatlar) xaridorga (yoki uchinchi tomon manfaatdoriga) taqdim etish (topshirish) majburiyatini oʻz ichiga oladi;
xaridor — bu tashkilotlar bilan majburiy kelishuv tuzgan va tashkilotlar faoliyati natijasi boʻlgan tovarlar yoki xizmatlarni belgilangan haq (toʻlov) evaziga oluvchi tomon;
yigʻimlar — normativ-huquqiy hujjatlarga muvofiq, muayyan davlat dasturlarini taʼminlash uchun foydalaniladigan mablagʻlarni shakllantirish maqsadida tashkilotlarga toʻlanadigan yoki toʻlanishi lozim boʻlgan pul mablagʻlari yoki boshqa aktivlar;
soliq tizimi orqali toʻlanadigan xarajatlar — benefitsiarlar soliq toʻlash yoki toʻlamasligidan qatʼi nazar, taqdim etiladigan mablagʻlar;
soliq imtiyozlari — soliq toʻlovchilarning ayrim toifalariga boshqa soliq toʻlovchilarga nisbatan soliq toʻgʻrisidagi qonunchilikda nazarda tutilgan afzalliklar, shu jumladan, soliqni toʻlamaslik yoki ularni kamroq miqdorda toʻlash imkoniyati;
soliq solinadigan hodisa — tegishli vakolatli organ tomonidan soliqqa tortilishi kerak deb belgilangan hodisa;
soliqlar — Oʻzbekiston Respublikasining Soliq kodeksida belgilangan, Oʻzbekiston Respublikasining Davlat budjetiga yoki davlat maqsadli jamgʻarmasiga toʻlanadigan majburiy begʻaraz toʻlovlar. Shaxsning zimmasiga sud tartibida yuklatilgan jarimalar va boshqa toʻlovlar, shuningdek ijro ishini yuritish tartibida qoʻllaniladigan huquqiy taʼsir choralari, qonunda belgilangan hollarda mol-mulkni musodara qilish hamda boshqacha tarzda olib qoʻyish soliqlar yoki yigʻimlar jumlasiga kirmaydi;
jarimalar — qonunchilik hujjatlari bilan belgilangan tartiblarni buzganlik uchun sud yoki boshqa vakolatli organ tomonidan belgilangan toʻlovlar;
resurs taʼminlovchi — resurs taʼminotchisi, subyektga resurs taqdim etuvchi tomon;
uchinchi tomon benefitsiari — kelishuvda toʻgʻridan-toʻgʻri ishtirok etmagan, biroq kelishuv natijasidan manfaatdor boʻladigan jismoniy va yuridik shaxslar;
kelishuv boʻyicha haq — bu tashkilotlar olish huquqiga ega boʻlgan resurslar miqdori;
daromadlar — hisobot davri mobaynida aktivlarning kirib kelishi yoki qiymatining oshishi yoxud majburiyatlarning kamayishi natijasida yuzaga keladigan tashkilot sof aktivlarining (kapitalining) koʻpayishiga olib keladigan iqtisodiy naf yoki xizmat koʻrsatish salohiyatining yalpi kirib kelishidir (bu mulkdorlarning badallari bilan bogʻliq koʻpayishlardan tashqari);
Boshqa budjet hisobi standartlarida qoʻllanilgan atamalar ushbu Standartda ham xuddi shu maʼnoda qoʻllaniladi.
2. Ushbu Standartning maqsadi tashkilotlarning daromad operatsiyalarini hisobga olishda qoʻllaniladigan talablarni, shu jumladan daromad operatsiyalarining turini aniqlash, daromadlarni tan olish, baholash va moliyaviy hisobotda aks ettirishdan iborat.
3. Mazkur Standart quyidagilarga nisbatan tatbiq etilmaydi:
Oʻzbekiston Respublikasi budjet hisobining standarti (5-sonli BHS) “Qishloq xoʻjaligi” (roʻyxat raqami 3106, 2018-yil 25-dekabr) doirasiga kiruvchi biologik aktivlarni dastlabki tan olish yoki ularning haqiqiy qiymatidagi oʻzgarishlar;
Oʻzbekiston Respublikasi budjet hisobining standarti (6-sonli BHS) “Ijara” (roʻyxat raqami 3142, 2019-yil 4-mart) doirasidagi ijara shartnomalari;
tashkilotlar faoliyati natijasi boʻlmagan va Oʻzbekiston Respublikasi budjet hisobining standarti (8-sonli BHS) “Koʻchmas mulk, bino va jihozlar” (roʻyxat raqami 3144, 2019-yil 20-mart) yoki Oʻzbekiston Respublikasi budjet hisobining standarti (9-sonli BHS) “Nomoddiy aktivlar” (roʻyxat raqami 3169, 2019-yil 24-iyun) doirasidagi nomoliyaviy aktivlarni sotishdan olingan foyda;
Oʻzbekiston Respublikasi budjet hisobining standarti (13-sonli BHS) “Konsolidatsiyalashgan moliyaviy hisobotlar” (roʻyxat raqami 3361, 2022-yil 1-aprel) doirasidagi majburiy kelishuvlardan kelib chiqadigan huquq va majburiyatlar;
Oʻzbekiston Respublikasi budjet hisobining standarti (15-sonli BHS) “Xizmat koʻrsatish boʻyicha konsessiya kelishuvlari” (roʻyxat raqami 3532, 2024-yil 22-iyul) doirasidagi majburiy kelishuvlardan kelib chiqadigan huquq va majburiyatlar;
Oʻzbekiston Respublikasi budjet hisobining standarti (16-sonli BHS) “Baholangan majburiyatlar, shartli majburiyatlar va shartli aktivlar” (roʻyxat raqami 3562, 2024-yil 22-oktabr) doirasidagi majburiy kelishuvlardan kelib chiqadigan huquq va majburiyatlar;
Oʻzbekiston Respublikasi budjet hisobining standarti (17-sonli BHS) “Xodimlarning daromadlari” (roʻyxat raqami 3578, 2024-yil 21-noyabr) doirasidagi majburiy kelishuvlardan kelib chiqadigan huquq va majburiyatlar;
xalqaro yoki milliy buxgalteriya standartlari doirasidagi sugʻurta shartnomalari (agar qoʻllaniladigan boʻlsa);
bir xil faoliyat turi bilan shugʻullanuvchi tashkilotlar oʻrtasidagi pul ishtirokisiz ayirboshlashlar;
keyingi baholashdan soʻng joriy va uzoq muddatli aktivlar qiymatida yuzaga keladigan oʻzgarishlar;
foydali qazilmalarni qazib olish bilan bogʻliq operatsiyalar.
2-bob. Daromadlarni aniqlash
4. Daromadlar sof aktivlar yoki qiymatning koʻpayishini anglatadi. Tashkilot mablagʻni Hukumat, davlat tashkiloti yoki uchinchi shaxs nomidan yigʻayotgan boʻlsa, tashkilot ushbu yigʻilgan mablagʻlardan foydalanishni nazorat qila olmaganligi yoki ulardan boshqa maqsadlarda foyda olmaganligi sababli, ushbu tashkilotning daromadi hisoblanmaydi.
5. Tashkilotlar daromad operatsiyasidan kelib chiqadigan daromadga oid maʼlum xarajatlarni amalga oshirsa, daromad kelajakdagi iqtisodiy foyda yoki xizmat koʻrsatish salohiyatining yalpi tushumi hisoblanadi va resurslarning har qanday oʻtkazilishi operatsiya xarajati sifatida tan olinadi.
Misol uchun, agar tashkilotlar boshqa tashkilotdan (resurs taʼminlovchidan) jihoz uskunasini qabul qilish bilan bogʻliq yetkazib berish va oʻrnatish xarajatlarini toʻlashi kerak boʻlsa, bu xarajatlar jihoz uskunasini qabul qilishdan kelib chiqadigan daromaddan alohida tan olinadi. Yetkazib berish va oʻrnatish xarajatlari Oʻzbekiston Respublikasi budjet hisobining standarti (8-sonli BHS) “Koʻchmas mulk, bino va jihozlar”ga (roʻyxat raqami 3144, 2019-yil 20-mart) muvofiq tan olinadi.
1-§. Soliqlarni hisobga olish
6. Soliqlar va yigʻimlar hukumat va davlat sektorining boshqa tashkilotlari uchun asosiy daromad manbai hisoblanadi.
Hukumat yoki davlat sektori tashkilotlariga ixtiyoriy ravishda oʻtkaziladigan mablagʻlar, xayriyalar va toʻlovlar soliq hisoblanmaydi (ular majburiy kelishuvsiz bitimlar natijasi boʻlsa ham). Davlat oʻzining vakolatlariga asosan, oʻz vakolatlari amal qiladigan hududda jismoniy va yuridik shaxslardan (soliq toʻlovchilardan) soliq undirishni amalga oshiradi.
7. Soliqlar hukumatni daromad bilan taʼminlash uchun qonunchilik hujjatlariga muvofiq davlat sektori subyektlariga majburiy ravishda toʻlanadigan yoki toʻlanishi lozim boʻlgan iqtisodiy naf yoki xizmat koʻrsatish salohiyati sifatida belgilanadi, qonunchilik hujjatlarini buzganlik uchun belgilanadigan jarimalar yoki boshqa penya turlari bundan mustasno.
2-§. Daromad operatsiyasini aniqlash
8. Davlat sektori daromadlari majburiy kelishuvsiz yoki majburiy kelishuv asosidagi operatsiyalardan yuzaga kelishi mumkin.
Hukumat va tashkilotlar daromadlarining katta qismi odatda, majburiy kelishuvsiz operatsiyalardan yoki tashqi tomonlarga alohida tovar yetkazishni yoki xizmatlarni oʻtkazishni oʻz ichiga olmaydigan majburiy kelishuv asosidagi operatsiyalardan olinadi.
9. Tashkilotlar faoliyatini boshlashda, avvalo, daromad operatsiyasini majburiy kelishuv asosida yoki majburiy kelishuvsiz amalga oshirilishini aniqlashi lozim.
3-§. Majburiy kelishuv mavjudligini aniqlash
10. Majburiy kelishuv boʻlishi uchun u qonunchilik hujjatlari orqali ijro etilishi lozim. Majburiy kelishuv turli tartiblar asosida ijro etiladi. Bunda ushbu tartiblar tashkilotlarga majburiy kelishuv shartlarining ijrosini taʼminlash va tomonlarni oʻz majburiyatlarini bajarmaganligi yoki lozim darajada bajarmaganligi uchun javobgarlikka tortish imkoniyatini taʼminlashi kerak.
11. Majburiy kelishuvning ijro etilishi mumkinligini aniqlashda tashkilotlar kelishuvning huquqiy shaklidan koʻra uning mohiyatini koʻrib chiqadi. Majburiy kelishuvning ijro etilishi mumkinligini baholash tashkilotlarning kelishuvning belgilangan shartlari va boshqa ishtirokchilarning aytilgan majburiyatlarini bajarishga asoslanadi.
12. Majburiy kelishuv ikki yoki undan ortiq tomonlar uchun bajarilishi shart boʻlgan majburiyatlar va huquqlarni oʻz ichiga oladi. Majburiy kelishuvda har bir tomonning bajarilishi shart boʻlgan majburiyatlari va huquqlari oʻzaro bogʻliq hamda ajralmas hisoblanadi.
13. Majburiy kelishuvning mavjudligini bir necha usulda isbotlash mumkin. Majburiy kelishuv yozma yoki tashkilotlarning faoliyatiga asoslangan boʻlishi mumkin. Majburiy kelishuvlarni tuzish amaliyoti va jarayonlari turli hududlar, sohalar va tashkilotlarda farqlanadi. Bundan tashqari, ular bir tashkilot doirasida ham turlicha boʻlishi mumkin. Masalan, resurs taʼminlovchining toifasiga (davlat tashkiloti, nodavlat notijorat tashkilot yoki jismoniy shaxs) yoki tashkilotlarning majburiy kelishuvdagi shartining mohiyatiga (moliyaviy mablagʻ ajratish, mahsulot yoki xomashyo yetkazib berish, xizmat koʻrsatish yoki infratuzilma bilan taʼminlash) qarab turlicha boʻladi.
14. Tashkilotlar mazkur Standartda belgilangan tan olish va baholash mezonlarini daromadlarga nisbatan quyidagi tartibda qoʻllaydi:
majburiy kelishuvsiz operatsiyalardan olingan daromadlar mazkur Standartning 16 — 49-bandlari, shuningdek, soliqlar boʻyicha koʻrsatmalar mazkur Standartning 32 — 49-bandlari asosida hisobga olinadi;
b) majburiy kelishuv asosidagi operatsiyalardan olingan daromadlar mazkur Standartning 50 — 133-bandlari asosida hisobga olinadi.
3-bob. Majburiy kelishuvsiz operatsiyalardan olingan daromad
1-§. Tan olish
15. Majburiy kelishuvsiz amalga oshiriladigan tashkilotlarning daromad operatsiyalari huquqlar va (yoki) majburiyatlarni keltirib chiqaradi hamda ushbu operatsiyalarni amalga oshirish jarayonida tashkilotlar:
majburiy kelishuvsiz amalga oshirilgan daromad operatsiyasidagi har qanday huquqlari mazkur Standartning 16 — 22-bandlariga muvofiq aktiv taʼrifiga mos kelish-kelmasligini;
majburiy kelishuvsiz amalga oshirilgan daromad operatsiyasidagi har qanday majburiyatlari mazkur Standartning 23-24-bandlariga muvofiq majburiyat taʼrifiga mos kelish-kelmasligini aniqlashi lozim.
2-§. Resurslarning boshlangʻich kelib tushishini tahlil qilish
16. Tashkilotlar daromadga oid operatsiya natijasida majburiy kelishuvsiz ham resurslarning dastlabki kirimini olishi mumkin.
Agar tashkilotlar oldingi hodisalar natijasida olingan resurslarni (masalan, tovarlar, xizmatlar yoki boshqa aktivlarni) hozirda nazorat qilsa va aktivning qiymatini ishonchli tarzda baholashi mumkin boʻlsa, tashkilotlar ushbu resurslar kirimini aktiv sifatida tan oladi.
Resurslarni nazorat qilish deganda tashkilotlarning resursdan foyda olish uchun uni ishlatish (yoki boshqa tomonlarni uni ishlatish boʻyicha yoʻnaltirish) imkoniyati tushuniladi. Bunda tashkilotlar resursdagi xizmat koʻrsatish salohiyati yoki iqtisodiy foyda koʻrinishidagi manbalardan oʻz xizmat koʻrsatish faoliyatini amalga oshirish yoki boshqa maqsadlarga erishishda foydalanishi mumkin.
Tashkilotlarga resurs ustidan nazoratni beradigan oldingi hodisa xarid qilish, resurslarning oʻtkazilishi yoki soliqqa tortiladigan hodisa boʻlishi mumkin. Kelgusida sodir boʻlishi kutilayotgan operatsiyalar yoki hodisalar oʻz-oʻzidan aktivlarni yuzaga keltirmaydi. Masalan, soliq joriy etish maqsadi soliq toʻlovchiga nisbatan talab shaklidagi aktivni yuzaga keltiradigan oldingi hodisa hisoblanmaydi.
17. Tashkilotlar boshqa tomonlarning aktivdan foydalanishini cheklash yoki uni boshqarish imkoniyatiga ega boʻlishi nazoratning muhim elementi hisoblanadi. Bu esa tashkilotlarning aktivlarini barcha tashkilotlar foydalanishi va foyda olishi mumkin boʻlgan ommaviy tovarlardan farqlaydi.
Davlat sektorida hukumatlar ayrim faoliyatlarni, masalan, moliya muassasalari yoki pensiya jamgʻarmalarini tartibga solish vakolatini amalga oshiradi. Biroq bu tartibga solish vakolati tartibga solinayotgan obyektlar davlat aktivi taʼrifiga mos kelishini yoki ularni tartibga soluvchi davlatning umumiy maqsadli moliyaviy hisobotlarida aktiv sifatida tan olish mezonlariga javob berishini anglatmaydi.
Tashkilotlar tovarlar va xizmatlar koʻrinishida koʻrsatilgan xizmatlarni tan olishi mumkin.
18. Resurslar kirimining har bir turi alohida tahlil qilinadi va hisobga olinadi. Ayrim holatlarda, masalan, kreditor majburiyatdan voz kechganda, ilgari tan olingan majburiyatning balans qiymati kamayishi resurslar kirimiga olib kelishi mumkin.
Baʼzi hollarda, resurslar oqimi ustidan nazoratga ega boʻlish tashkilotlar zimmasiga majburiyatlarni ham yuklashi mumkin va ushbu majburiyatlar ular bajarilgunga qadar majburiyat sifatida tan olinishi mumkin.
3-§. Resurslar kirimi ustidan huquq
19. Tashkilotlar majburiy kelishuvsiz daromad operatsiyasi boʻyicha resurslar kirimini hali olmagan boʻlsa, u tovarlar, xizmatlar yoki boshqa aktivlar kirimini olish huquqiga ega ekanligini koʻrib chiqishi lozim. Bunday huquq aktiv taʼrifiga javob beradigan resurs boʻlishi mumkin va shunday hollarda aktiv sifatida tan olinishi lozim.
Tashkilotlar ushbu qarorni qabul qilishda oʻz daromad operatsiyasiga oid holatlari va sharoitlariga, bu huquqni qonuniy yoki unga tenglashtirilgan vositalar orqali amalga oshirish imkoniyatiga, shu kabi resurs oqimlari boʻyicha oldingi tajribasiga hamda resurs taqdim etuvchining resurslarni taqdim etish imkoniyati va shartiga oid baholariga asoslanadi.
20. Resurslarni oʻtkazishdan oldin kelishuv talab etiladigan holatlarda, tashkilotlar oʻz huquqlarini kelishuvda majburiy tarzda amalga oshirmaguncha, resurslar nazorat ostida deb hisoblanmaydi, chunki tashkilotlar resurs taʼminlovchining resurslarga kirishini cheklay olmaydi yoki tartibga sola olmaydi.
Koʻp hollarda, tashkilotlar aktivni tan olishdan avval resurslarni nazorat qilishning majburiyligini oʻrnatishi lozim boʻladi. Agar tashkilotlarning resurslarga nisbatan majburiy huquqi boʻlmasa, u resurs taʼminlovchining mazkur resurslarga kirishini cheklay olmaydi yoki tartibga sola olmaydi.
4-§. Shartli aktivlar
21. Aktivning asosiy xususiyatlariga ega boʻlgan, ammo tan olish mezonlariga mos kelmaydigan modda izohlarda shartli aktiv sifatida Oʻzbekiston Respublikasi budjet hisobining standarti (16-sonli BHS) “Baholangan majburiyatlar, shartli majburiyatlar va shartli aktivlar” (roʻyxat raqami 3562, 2024-yil 22-oktabr) talablari asosida oshkor etilishi mumkin.
5-§. Aktivlarni tan olish mezonlarini keyingi bosqichda koʻrib chiqish
22. Tashkilotlar daromad operatsiyasini, shuningdek, olingan yoki olinishi kutilgan resurs oqimini, mazkur Standartning 19-bandida belgilangan aktivni tan olish mezonlari keyinchalik bajarilayotganini aniqlash maqsadida baholashni davom ettiradi.
6-§. Majburiyatning mavjudligi va uni tan olish
23. Tashkilotlar majburiy kelishuvsiz daromad operatsiyasi natijasida resurslarni oʻtkazish bilan bogʻliq majburiyatga ega boʻlishi mumkin. Agar ushbu majburiyat oldingi hodisalar natijasida yuzaga kelgan holda tashkilotlarning resurslarni oʻtkazish boʻyicha joriy majburiyatini ifodalasa, u majburiyat taʼrifiga mos keladi.
24. Majburiyat mavjud boʻlishi uchun tashkilotlar oldingi hodisalar natijasida resurslarni oʻtkazish boʻyicha joriy majburiyatga ega boʻlishi, shuningdek, ushbu majburiyatni bajarish maqsadida resurslarning chiqib ketishi yuqori ehtimolga ega boʻlishi zarur.
Tashkilotlar daromad operatsiyasiga oid maʼlumotlar va holatlarni sinchiklab tahlil qilib, majburiyatning qonuniy yoki unga tenglashtirilgan vositalar orqali taʼminlanganligini hamda majburiyat bajarilmagan taqdirda qoʻshimcha resurslarni oʻtkazish talab qilinishi mumkinligini aniqlashi lozim.
25. Majburiyat taʼrifiga mos keladigan majburiyat faqat uning miqdori ishonchli tarzda baholanishi mumkin boʻlgandagina majburiyat sifatida tan olinadi.
7-§. Majburiy kelishuvsiz daromad operatsiyalarini tan olish
26. Tashkilotlar mazkur Standartning 16 — 22-bandlarida belgilangan mezonlar asosida majburiy kelishuvsiz daromad operatsiyasi boʻyicha resurslar kirimi yoki resurs kirimiga boʻlgan huquqni aktiv sifatida tan olganda, daromad operatsiyasining oqimlar tavsifidan kelib chiqib daromadni tan oladi. Bunda, tashkilotlar daromadni quyidagi hollarda tan oladi:
a) tashkilotlar resurs kirimi bilan bogʻliq majburiyatga ega boʻlsa, daromadni tan olish majburiyat bajarilganda yoki bajarilayotganda;
b) tashkilotlar majburiyat yoʻq boʻlsa, resurs kirimi qabul qilingan vaqtda darhol daromad sifatida.
4-bob. Baholash
1-§. Resurslar kirimi natijasida aktivlarni baholash
27. Aktiv taʼrifiga mos keladigan resurslar kirimi yoki resurs kirimiga boʻlgan huquq, dastlab tashkilotlar tomonidan aktivni tan olish mezonlariga mos kelsa, kelishuv sanasidagi qiymatida baholanishi lozim. Naqd boʻlmagan toʻlovlar tegishli budjet hisobi standartiga muvofiq uning joriy qiymatida baholanishi kerak.
2-§. Majburiyatlarni baholash
28. Majburiyat sifatida tan olinadigan summa bu hisobot sanasida majburiyatni bajarish uchun talab etiladigan xarajatlarning eng ishonchli bahosidir. Ushbu Standart maqsadlari uchun majburiyat dastlab tan olinganda uning eng ishonchli bahosi u bilan bogʻliq boʻlgan aktivning tan olingan qiymati bilan cheklanadi.
29. Baholashda majburiyatni tan olishga sabab boʻlgan hodisalar bilan bogʻliq tavakkalchiliklar va noaniqliklar inobatga olinadi. Pulning vaqt qiymati muhim boʻlgan hollarda, majburiyat uni qoplash uchun talab qilinishi kutilayotgan summaning keltirilgan qiymati boʻyicha oʻlchanishi lozim.
3-§. Majburiy kelishuvlarsiz daromad operatsiyalarini baholash
30. Majburiy kelishuvsiz operatsiyalardan olingan daromad tashkilotlar tomonidan tan olingan sof aktivlarning koʻpayishi miqdorida (masalan, olingan yoki olinishi kutilayotgan toʻlovlar) baholanishi lozim.
31. Majburiy kelishuvsiz daromad operatsiyasi natijasida tashkilotlar aktivni tan olganida, u mazkur Standartning 27-bandiga muvofiq baholangan aktiv miqdoriga teng daromadni ham tan oladi. Bu jarayonda mazkur Standartning 23 — 25-bandlariga muvofiq tan olingan har qanday majburiyat hisobga olinadi.
5-bob. Soliqlar
32. Tashkilotlar soliqlar va yigʻimlar boʻyicha aktivni, soliq solinadigan hodisa yoki yigʻimlarni keltirib chiqaradigan hodisa sodir boʻlganda hamda aktivni tan olish mezonlari bajarilganda hisobga oladi.
33. Soliqlardan kelib chiqadigan resurslar, tashkilot oldingi hodisalar (soliqqa tortish hodisalari) natijasida ushbu resurslar ustidan nazoratga ega boʻlsa va ulardan kelgusida iqtisodiy foyda yoki xizmat koʻrsatish imkoniyatlarini olishni kutsa, aktiv taʼrifiga mos keladi.
Soliqlardan kelib chiqadigan resurslar, agar ular tashkilotlar tomonidan oldingi hodisalar natijasida hozirgi vaqtda nazorat qilinayotgan boʻlsa va ularning qiymati ishonchli tarzda baholanishi mumkin boʻlsa, aktiv sifatida tan olish mezonlariga javob beradi.
Tashkilotlar dastlabki tan olish paytida mavjud boʻlgan dalillarni hisobga olishi lozim. Bunday dalillar soliq toʻlovchi tomonidan soliqqa tortish hodisasining maʼlum qilinishini (deklaratsiya qilinishi) oʻz ichiga oladi, ammo ular bilan cheklanmaydi.
34. Soliqlardan olinadigan daromad faqat davlatga tegishli boʻladi, boshqa tashkilotlarga emas.
Masalan, davlat oʻzining soliq idorasi orqali undiriladigan soliqni joriy etganda, aktivlar va daromadlar soliq idorasiga emas, balki bevosita davlatga tegishli boʻladi.
Shuningdek, agar davlat sotuvdan olinadigan soliqni joriy etib, uning barcha tushumlarini doimiy budjet ajratmalari asosida mahalliy budjetlarga (Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri) oʻtkazsa, davlat ushbu soliq boʻyicha aktiv va daromadni tan oladi hamda mahalliy budjetlarga oʻtkazish boʻyicha aktivlarning kamayishi va xarajatni tan oladi. Mahalliy budjetlarda ushbu oʻtkazmalar boʻyicha aktiv va daromad tan olinadi.
Agar bir tashkilotlar bir nechta boshqa tashkilotlar nomidan soliqlarni undirsa, u holda u barchasi uchun vositachi (vakolatli tashkilot) sifatida faoliyat yuritadi.
Masalan, agar viloyat soliq organi viloyat budjeti va bir nechta shahar budjetlari uchun daromad soligʻini undirsa, u ushbu yigʻilgan soliqlar boʻyicha daromadni tan olmaydi. Aksincha, soliq daromadi kelib tushgan har bir budjet ushbu soliqlar boʻyicha aktiv va daromadni tan oladi.
35. Soliq toʻlash soliq toʻlovchilarga quyidagi huquqlarni bermaydi:
tashkilotlar faoliyati davomida kelgusidagi iqtisodiy foyda yoki xizmat koʻrsatish imkoniyatlarini olish;
davlat mulkini sotish, almashtirish, oʻtkazish yoki qaytarib olish.
36. Soliqlar majburiy kelishuvsiz operatsiya hisoblanadi, chunki soliq toʻlovchi mablagʻlarni davlatga oʻtkazadi, ammo davlat buning evaziga soliq toʻlovchiga yoki uchinchi tomon manfaatdoriga alohida tovar yoki xizmatlarni taqdim etishga majbur emas.
Soliq toʻlovchi Hukumat tomonidan amalga oshirilayotgan ijtimoiy siyosat natijasida muayyan naf olishi mumkin boʻlsa-da, u soliq toʻlovi natijasida qaysi davlat xizmatlaridan yoki ijtimoiy imtiyozlardan foydalanishini nazorat qila olmaydi.
1-§. Soliqlar va yigʻimlarni yuzaga keltiruvchi hodisalar
37. Davlat soliq qonunchiligini tahlil qilib, turli soliqlar uchun soliq solinadigan hodisa qaysi holatda yuzaga kelishini aniqlaydi.
38. Hududlarda majburiy toʻlovlar va yigʻimlar ham mavjud boʻlishi mumkin.
Tashkilotlar oʻz hududidagi yigʻimlarga oid qonunchilik hujjatlarini tahlil qilib, ushbu yigʻimlar yuzaga kelishiga asos boʻlganligini aniqlaydi.
Bunday hodisalarga quyidagilar misol boʻlishi mumkin:
daromad olinishi (soliqlar daromadga asoslangan boʻlganda, masalan, jismoniy shaxslarning daromad soligʻi muayyan foizi asosida hisoblanganda);
vaqtning oʻtishi (yigʻimlar bilan bogʻliq boʻlib, vaqtga asoslangan boʻlganda, masalan, oylik toʻlov yoki badallar);
tovarlar yoki xizmatlarni sotib olish (yigʻimlar sotuv hajmiga nisbatan belgilanganda, masalan, yoqilgʻi sotuvidan yigʻim undirganda).
2-§. Soliqlar va yigʻimlar boʻyicha oldindan toʻlovlar
39. Soliq solinadigan hodisa yuz berishidan oldin ham soliqlar boʻyicha toʻlovlar olinishi mumkin.
Aktivlar va majburiyatlar taʼriflariga hamda mazkur Standartning 32-bandi talablariga muvofiq soliqlar uchun asos boʻluvchi hodisa sodir boʻlishidan oldin qabul qilingan soliqlar va yigʻimlar resurslari quyidagi asoslarga koʻra oldindan qabul qilingan mablagʻ (aktiv va majburiyat sifatida) sifatida eʼtirof etiladi:
tashkilotlarning soliqlar yoki yigʻimlarni hamda soliqlarni olish huquqini yuzaga keltiradigan hodisa hali sodir boʻlmagan;
tashkilotlar resurslar oqimini qabul qilgan boʻlsa ham, soliq tushumlari yoki yigʻimlardan olinadigan daromadlarni tan olish mezonlari bajarilmagan boʻladi.
Soliqlar va yigʻimlar boʻyicha oldindan qabul qilingan mablagʻlar boshqa turdagi oldindan qabul qilingan mablagʻlardan tubdan farq qilmaydi, shuning uchun soliqlar va yigʻimlar hamda asos boʻluvchi hodisa sodir boʻlguniga qadar majburiyat sifatida eʼtirof etiladi.
Soliqlar va yigʻimlarni yuzaga keltiruvchi hodisa sodir boʻlganda, majburiyat toʻliq bajarilgan hisoblanadi va daromad eʼtirof etiladi.
3-§. Soliqlar bilan bogʻliq operatsiyalardan kelib chiqadigan aktivlarni baholash
40. Soliqlar bilan bogʻliq operatsiyalardan kelib chiqadigan aktivlar mazkur Standartning 27-bandiga muvofiq baholanadi. Tashkilotlar operatsiya shartlari va oʻzining faoliyatini koʻrib chiqib, operatsiya boʻyicha toʻlov miqdorini aniqlaydi.
Soliqlar bilan bogʻliq operatsiyalardan kelib chiqadigan aktivlar resurslar oqimining eng maqbul bahosi asosida baholanadi, bu ehtimoliy miqdorga eng muvofiq keladi (yaʼni, mumkin boʻlgan toʻlov miqdorlari oraligʻida yagona eng ehtimoliy miqdor yoki natija).
Soliqlar bilan bogʻliq operatsiyalardan kelib chiqadigan aktivlar resurslar oqimining ehtimoliy miqdoriga eng yaqin (yaʼni, mumkin boʻlgan toʻlov miqdorlari oraligʻida yagona eng ehtimoliy miqdor yoki natija) mos keladigan bahosi asosida baholanadi.
Ushbu aktivlarni baholashda soliqlar bilan bogʻliq operatsiyalar natijasida davlatga oʻtkaziladigan resurslar oqimining ehtimoli hamda natijada hosil boʻlgan aktivlarning haqqoniy qiymati hisobga olinadi.
41. Soliq solinadigan hodisa va soliqlarni toʻlash vaqti oʻrtasida farq mavjud boʻlgan hollarda, davlat sektori tashkilotlari ushbu operatsiyalardan kelib chiqadigan aktivlarni baholashda oldingi davrlarda maʼlum bir soliq, badal yoki yigʻimni undirish tajribasiga asoslangan statistik modellardan foydalanishlari mumkin. Bunda soliq toʻlovchilardan pul mablagʻlarining kelib tushishi muddatlari, taqdim etilgan hisobotlar va soliq, badal yoki yigʻimlar bilan iqtisodiyotdagi boshqa hodisalar oʻrtasidagi bogʻliqlik hamda quyidagi boshqa omillar ham inobatga olinadi:
soliq toʻgʻrisidagi qonunchilik bilan soliq toʻlovchilarga hukumat tomonidan belgilangan umumiy maqsadli moliyaviy hisobotlarni eʼlon qilish muddatidan uzoqroq muddatda hisobot topshirishga ruxsat berish;
soliq toʻlovchilarning hisobotlarni oʻz vaqtida taqdim etmasligi;
soliqqa tortish maqsadida nomoliyaviy aktivlarni baholash;
ayrim soliq toʻlovchilardan undiriladigan soliqlarni baholash uchun uzoq muddat talab qiladigan soliq toʻgʻrisidagi qonunchilik yoki tartibga solishdagi murakkabliklar;
soliq toʻgʻrisidagi qonunchilikka qatʼiy joriy etish hamda hukumatga qonuniy ravishda tegishli boʻlgan barcha soliqlar, majburiy toʻlovlar va yigʻimlarni undirish uchun sarflanadigan moliyaviy va siyosiy xarajatlar olinadigan foydadan oshib ketishi ehtimoli;
soliq toʻgʻrisidagi qonunchilik bilan soliq toʻlovchilarga ayrim soliqlarni kechiktirib toʻlashga ruxsat berish;
alohida soliqlar va hududlarga xos boʻlgan turli xil holatlar.
42. Soliqlar bilan bogʻliq operatsiyalardan kelib chiqadigan aktivlar va daromadlarni statistik modellar yordamida baholash natijasida aniq hisoblangan aktivlar va daromadlar keyingi hisobot davrlarida soliq toʻlovchilardan olinishi kerak boʻlgan haqiqiy summalardan farq qilishi mumkin.
43. Ayrim hollarda soliq operatsiyalaridan kelib chiqadigan aktivlarni soliq solinadigan hodisa sodir boʻlganidan soʻng maʼlum vaqt oʻtguncha ishonchli tarzda baholash mumkin boʻlmaydi. Bu holat soliq bazasi tez oʻzgaruvchan boʻlganda va ishonchli baholash imkonsiz boʻlsa yuzaga kelishi mumkin.
Koʻp hollarda, aktivlar va daromad soliq solinadigan hodisa sodir boʻlgan davrdan keyingi hisobot davrida eʼtirof etilishi mumkin. Ammo istisno holatlar ham borki, bir necha hisobot davrlari oʻtishiga qaramay, soliq solinadigan hodisa natijasida aktiv eʼtirof qilinmaydi. Masalan, koʻchmas mulk obyektining kadastr qiymati qayta koʻrib chiqilayotgan boʻlsa va uning yakuniy qiymati vakolatli organ tomonidan hali tasdiqlanmagan boʻlsa, mol-mulk soligʻi boʻyicha soliq majburiyatini ishonchli baholash imkoniyati boʻlmasligi mumkin. Baʼzi hollarda baholash jarayoni va uni kelishish bir necha hisobot davrini qamrab olishi mumkin. Shu sababli, aktiv faqat soliq summasi ishonchli baholanishi mumkin boʻlgan paytdagina tan olinadi.
4-§. Soliqlarni undirish noaniqligi bilan baholash
44. Soliq solish operatsiyalaridan yuzaga keladigan aktivlarni baholash oʻzgaruvchan toʻlov bilan bogʻliq noaniqlik keyinchalik bartaraf etilganda, ilgari tan olingan jami daromad summasining sezilarli darajada kamaytirilishi yuz bermasligi ehtimoli juda yuqori boʻlgan miqdor bilan cheklanadi.
Oʻzgaruvchan toʻlov bilan bogʻliq noaniqlik keyinchalik bartaraf etilganda, tan olingan jami daromad summasining sezilarli darajada kamaytirilishi yuz bermasligi ehtimoli juda yuqori ekanligini baholashda, tashkilotlar daromadning oʻzgarish ehtimolini va uning miqdorini hisobga olishi lozim.
Daromadning oʻzgarish ehtimolini va uning miqdorini hisobga olish quyidagilarni oʻz ichiga oladi:
toʻlov miqdori tashkilotlarning nazoratidan tashqaridagi omillarga yuqori darajada bogʻliq boʻlishi (masalan, bozordagi oʻzgaruvchanlik, uchinchi shaxslarning qarorlari yoki harakatlari);
toʻlov miqdoriga oid noaniqlik uzoq vaqt davomida bartaraf etilmasligi. Bunday noaniqlik majburiyat yuzaga keltiruvchi hodisa sodir boʻlganidan keyingi davrda qiymat aniqlanishi bilan bogʻliq boʻladi;
tashkilotlarning oʻxshash turdagi kelishuvlar boʻyicha tajribasi (yoki boshqa dalillari) cheklangan boʻlishi yoki mavjud tajribaning (yoki boshqa dalillarning) taxmin qilish qiymati past boʻlishi;
tashkilotlar keng koʻlamli narx imtiyozlarini taklif qilishi yoki oʻxshash vaziyatlarda oʻxshash kelishuvlarning toʻlov shartlari va qoidalarini oʻzgartirish amaliyoti mavjud boʻlishi;
kelishuv boʻyicha ehtimoliy qiymat summalari koʻp sonli va keng doirani qamrab olishi.
5-§. Soliq tizimi orqali toʻlanadigan xarajatlar va soliq imtiyozlari
45. Soliq daromadi jami miqdorda aniqlanadi. U soliq tizimi orqali toʻlanadigan xarajatlar hisobiga kamaytirilmasligi lozim.
46. Ayrim holatlarda hukumat soliq tizimidan foydalanib, odatda boshqa toʻlov usullari orqali amalga oshiriladigan toʻlovlarni soliq toʻlovchilarga toʻlashning qulay vositasi sifatida qoʻllaydi. Bunday usullarga chek yozish, mablagʻni soliq toʻlovchining bank hisobvaragʻiga toʻgʻridan-toʻgʻri oʻtkazish yoki uning nomidan boshqa hisob-kitobni qoplash kiradi.
Bunday holatlarda mazkur summa jismoniy shaxs tomonidan soliq toʻlanishidan qatʼi nazar toʻlanadi. Ushbu summa davlat xarajati hisoblanadi va moliyaviy natijalar toʻgʻrisidagi hisobotda alohida tan olinishi lozim. Soliq daromadlari esa soliq tizimi orqali toʻlangan bunday xarajatlar summasiga oshirilishi kerak.
47. Soliq daromadlari soliq xarajatlari summasiga koʻpaytirilmasligi lozim.
48. Koʻpchilik hududlarda davlatlar soliq tizimidan foydalanib, maʼlum moliyaviy faoliyatni ragʻbatlantiradi. Masalan, baʼzi hududlarda uy-joy egalari soliqqa tortiladigan daromadni hisoblashda oʻzlarining umumiy daromadidan ipoteka foizlari va mulk soligʻini chegirib tashlash huquqiga ega. Bunday imtiyozlar faqat soliq toʻlovchilarga beriladi. Agar tashkilotlar (shu jumladan, jismoniy shaxs) soliq toʻlamasa, u bu imtiyozdan foydalana olmaydi. Bunday turdagi imtiyozlar soliq xarajatlari deb ataladi. Soliq xarajatlari yoʻqotilgan daromad hisoblanadi, xarajat sifatida koʻrsatilmaydi va u resurslarning kirimi yoki chiqimiga olib kelmaydi — yaʼni, soliq undiradigan hukumatning aktivlari, majburiyatlari, daromadlari yoki xarajatlarini yuzaga keltirmaydi.
49. Soliq tizimi orqali toʻlanadigan xarajatlar va soliq imtiyozlari orasidagi asosiy farq shundaki, soliq tizimi orqali toʻlanadigan xarajatlar uchun summa tashkilotlarga soliq toʻlashi yoki toʻlamasligidan qatʼiy nazar taqdim etiladi. Soliq imtiyozlari esa faqat soliq toʻlovchilarga beriladi va soliq toʻlanmasa, undan foydalanib boʻlmaydi. Soliq tushumi va soliq tizimi orqali toʻlangan xarajatlarni oʻzaro hisobga olishga yoʻl qoʻyilmaydi.
6-bob. Majburiy kelishuvlar asosidagi operatsiyalardan olingan daromad
1-§. Majburiy kelishuvni hisobga olish tartibi
50. Agar quyidagi mezonlarning barchasi bajarilsa, tashkilotlar majburiy kelishuvni hisobga olishda majburiy kelishuvni hisobga olish modelini qoʻllashi kerak:
barcha tomonlar majburiyat yuzaga keltiruvchi kelishuvni qabul qilsa (yozma yoki boshqa faoliyatiga muvofiq) va oʻz majburiyatlarini bajarishni zimmasiga olsa;
tashkilotlar majburiy kelishuv doirasida har bir tomonning huquqlarini aniqlay olsa;
tashkilotlar har bir aniqlangan ijro majburiyatini bajarish uchun toʻlov shartlarini belgilay olsa;
majburiy kelishuv iqtisodiy ahamiyatga ega boʻlsa (yaʼni, ushbu kelishuv natijasida tashkilotlarning kelgusidagi pul oqimlari yoki xizmat koʻrsatish imkoniyatining xavfi, muddati yoki miqdori oʻzgarishi kutilsa);
tashkilotlar majburiy kelishuv shartlariga muvofiq oʻz ijro majburiyatlarini bajarish evaziga olishi kerak boʻlgan toʻlovni yigʻib olsa.
Toʻlov miqdorining undirilishi ehtimolini baholashda, tashkilotlar faqat resurs taʼminlovchining toʻlov muddati kelganda ushbu miqdorni toʻlash imkoniyatini hisobga olishi lozim. Tashkilotlar olishga haqli boʻlgan toʻlov miqdori, agar toʻlov oʻzgaruvchan boʻlsa, majburiy kelishuvda koʻrsatilgan kelishuv toʻlovidan kam boʻlishi mumkin (yaʼni, tashkilotlar resurs taʼminlovchiga narx imtiyozini taklif qilishi mumkin) (ushbu bandning qoʻllanilishida mazkur Standartning 107-bandi talablari inobatga olinadi).
51. Majburiy kelishuv tuzilgan paytda mazkur Standartning 50-bandida belgilangan mezonlarga muvofiqligi aniqlangan hamda ushbu mezonlarga taʼsir etuvchi oʻzgarishlar boʻlmasa, tashkilotlar tomonidan mazkur mezonlarni qayta baholash talab etilmaydi.
Agar resurs taʼminlovchining toʻlov qobiliyati sezilarli darajada yomonlashsa, tashkilotlar majburiy kelishuv doirasidagi qolgan ijro majburiyatlari evaziga olishi mumkin boʻlgan bu toʻlovni olish imkoniyatini qayta baholashi kerak.
52. Agar majburiy kelishuv mazkur Standartning 50-bandidagi barcha mezonlarga mos kelmasa, tashkilotlar olingan har qanday toʻlovni faqat quyidagi asoslarga koʻra daromad sifatida tan olishi lozim:
tashkilotlar oʻz ijro majburiyatini toʻliq bajargan boʻlsa, unga tegishli boʻlgan toʻlov olingan va resurs taʼminlovchidan olingan toʻlov qaytarilmaydigan boʻlsa;
majburiy kelishuv bekor qilingan va resurs taʼminlovchidan olingan toʻlov qaytarilmaydigan boʻlsa.
Tashkilotlar mazkur Standartning 50-bandidagi mezonlarga keyinchalik rioya qilinishi mumkinligini aniqlash uchun majburiy kelishuvni baholashni davom ettirishi shart.
53. Ushbu Standartni qoʻllash maqsadida, agar majburiy kelishuvning har bir tomoni toʻliq bajarilmagan majburiy kelishuvni boshqa tomonga hech qanday tovon (kompensatsiya) toʻlamasdan bir tomonlama bekor qilish huquqiga ega boʻlsa, bunday kelishuv majburiy kelishuv hisoblanmaydi.
54. Quyidagi asoslarga koʻra majburiy kelishuv bajarilmagan hisoblanadi:
tashkilotlar majburiy kelishuvdagi oʻzining ijro majburiyatlarini bajarishni boshlamagan boʻlsa;
resurs taʼminlovchi tashkilotlar tomonidan majburiy kelishuvdagi ijro majburiyatlarini bajarishi uchun hali hech qanday toʻlov amalga oshirmagan va toʻlov qilish majburiyatini olmagan boʻlsa.
55. Agar tashkilotlar oʻz daromadi majburiy kelishuv asosidagi operatsiyadan kelib chiqishini va bu operatsiya majburiy kelishuvni hisobga olish modeli boʻyicha hisoblanishi kerakligini aniqlagan boʻlsa, tashkilotlar oʻz majburiy kelishuviga biron-bir oʻzgartirish kiritilgan yoki kiritilmaganligi holatlarni ham koʻrib chiqishi lozim.
2-§. Majburiy kelishuvga oʻzgartirishlar kiritish
56. Majburiy kelishuvga oʻzgartirish kiritish deganda kelishuv tomonlari tomonidan tasdiqlangan, kelishuv doirasi yoki shartlarini oʻzgartirish tushuniladi.
Majburiy kelishuvga oʻzgartirish kiritish, kelishuv tomonlariga yangi huquq va majburiyatlar vujudga kelgan yoki mavjudlari oʻzgartiradigan hollarda yuzaga keladi. Majburiy kelishuvga oʻzgartirish yozma ravishda, ogʻzaki kelishuv yoʻli bilan yoki tashkilotning ish amaliyotidan kelib chiqqan holda tasdiqlanadi. Agar kelishuv tomonlari majburiy kelishuvga oʻzgartirishni tasdiqlamagan boʻlsa, tashkilotlar majburiy kelishuvga oʻzgartirish tasdiqlangunga qadar ushbu Standartni mavjud majburiy kelishuvga nisbatan qoʻllashni davom ettiradi.
57. Majburiy kelishuvga kiritiladigan oʻzgartirish, hatto tomonlar oʻzgartirishning doirasi va toʻlovi boʻyicha kelishmovchilikka ega boʻlsa ham mavjud boʻlishi mumkin. Shuningdek, tomonlar majburiy kelishuv doirasidagi oʻzgarishni tasdiqlagan, ammo tegishli toʻlov miqdori oʻzgarishi hali aniqlanmagan boʻlsa ham bunday holat majburiy kelishuvga oʻzgartirish hisoblanadi.
Majburiy kelishuvga kiritilgan oʻzgartirish natijasida yaratilgan yoki oʻzgargan huquq va majburiyatlar amalga oshirilishi mumkinligini aniqlashda tashkilotlar barcha tegishli holatlar va maʼlumotlarni, shu jumladan, majburiy kelishuv shartlari va boshqa dalillarni hisobga olishi kerak.
Agar tomonlar majburiy kelishuv doirasidagi oʻzgarishni tasdiqlagan, lekin tegishli toʻlov miqdori oʻzgarishini hali aniqlamagan boʻlsa, tashkilotlar oʻzgartirish natijasida kelishuv boʻyicha toʻlov miqdoridagi oʻzgarishni mazkur Standartning 105 — 109-bandlariga va ushbu Standartning 111 va 112-bandlariga muvofiq baholashi kerak.
58. Tashkilotlar tomonidan majburiy kelishuvga kiritilgan oʻzgartirishlar quyidagi hollarda alohida majburiy kelishuv sifatida hisobga olinishi kerak:
bir-biridan farq qiladigan majburiyatlar qoʻshilishi hisobiga majburiy kelishuv qamrovi kengaysa;
majburiy kelishuv boʻyicha toʻlov miqdori tashkilotlar tomonidan qoʻshimcha shartlarning alohida sotish qiymatlariga mos keladigan summaga oshgan boʻlsa, shuningdek, mazkur kelishuvning aniq sharoitlarini hisobga olgan holda ushbu qiymatga tegishli tuzatishlar kiritilgan boʻlsa.
Masalan, tashkilotlar qoʻshimcha tovar yoki xizmatning alohida baholangan qiymatini resurs taʼminlovchiga beriladigan chegirmani hisobga olgan holda tuzatishi mumkin, bunda tashkilotlar yangi resurs taʼminlovchiga oʻxshash tovar yoki xizmatni taqdim etishda yuzaga keladigan ayrim xarajatlarni amalga oshirishi talab etilmaydi.
59. Majburiy kelishuvga kiritilgan oʻzgartirish mazkur Standartning 58-bandiga muvofiq alohida majburiy kelishuv sifatida hisobga olinmasa, tashkilotlar majburiy kelishuvga oʻzgartirish kiritilgan sanada hali bajarilmagan shartlarni (yaʼni qolgan shartlarni) quyidagi usullardan biri orqali hisobga olishi lozim:
a) agar qolgan shartlar majburiy kelishuvga oʻzgartirish kiritilgan sanada yoki undan oldin bajarilgan shartlardan farq qilsa, tashkilotlar majburiy kelishuvga kiritilgan oʻzgartirishni mavjud majburiy kelishuvni bekor qilish va yangi majburiy kelishuv tuzish sifatida hisobga olishi kerak. Qolgan majburiyatlarga (yoki mazkur Standartning 61-bandi uchinchi xatboshisiga muvofiq aniqlangan yagona majburiyatdagi qolgan shartlarga) ajratilishi kerak boʻlgan toʻlov miqdori quyidagilarning yigʻindisidan iborat boʻlishi kerak:
1) resurs taʼminlovchi tomonidan belgilangan (shu jumladan, oldindan olingan) va kelishuv boʻyicha toʻlov bahosiga kiritilgan, ammo daromad sifatida tan olinmagan summa;
2) majburiy kelishuvga kiritilgan oʻzgartirish doirasida belgilangan toʻlov;
b) agar qolgan shartlar alohida boʻlmasa va shuning uchun oʻzgartirish sanasida qisman bajarilgan yagona ijro majburiyatining bir qismi hisoblansa, tashkilotlar oʻzgartirishni mavjud majburiy kelishuvning bir qismi sifatida hisobga olishi lozim. Bu holda oʻzgartirishning kelishuv boʻyicha toʻlovga va ijro majburiyatini toʻliq bajarishga erishish darajasini baholashga taʼsiri oʻzgartirish sanasida daromadga tuzatish sifatida tan olinadi (yaʼni, daromad oshirilishi yoki kamaytirilishi mumkin va tuzatish jamlanma usulda amalga oshiriladi);
d) agar qolgan shartlar mazkur bandning “a” va “b” kichik bandlarida keltirilgan holatlar birlashuvidan iborat boʻlsa, tashkilotlar oʻzgartirishning taʼsirini oʻzgartirilgan majburiy kelishuv doirasidagi bajarilmagan (shu jumladan, qisman bajarilmagan) ijro majburiyatlariga nisbatan ushbu band maqsadlariga muvofiq ravishda hisobga olishi kerak.
3-§. Majburiy kelishuvning amal qilish muddati
60. Majburiy kelishuvda uning amal qilish muddati koʻrsatiladi.
Majburiy kelishuvlar unda nazarda tutilgan hollarda tomonlardan biri tomonidan bekor qilinishi yoki oʻzgartirilishi mumkin.
Tashkilotlar mazkur Standart talablarini majburiy kelishuvning amal qilish muddati davomida qoʻllashlari lozim.
4-§. Ijro majburiyatlarini aniqlash va u boʻyicha qoʻshimcha koʻrsatmalar
61. Majburiy kelishuv boshlanishida tashkilotlar resurs taʼminlovchi bilan tuzilgan majburiy kelishuvda ijro majburiyati olingan tovarlar yoki xizmatlarni baholashi va quyidagi ijro majburiyatlaridan birini aniqlashi kerak:
a) alohida boʻlgan tovar yoki xizmat (yoki tovarlar yoki xizmatlar majmuasi);
b) xususiyatlari va xavflari jihatidan deyarli bir xil boʻlgan hamda tashkilotlar tomonidan ichki foydalanish yoki xaridorga (resurs taʼminlovchiga) yoki uchinchi shaxs manfaatdoriga oʻtkazishda bir xil namunaga ega boʻlgan alohida tovarlar yoki xizmatlar turkumi (ushbu kichik bandning qoʻllanilishida mazkur Standartning 63-bandi talablari inobatga olinadi).
62. Majburiy kelishuv kamida bitta ijro majburiyatini oʻz ichiga oladi.
63. Quyidagi mezonlar asosida alohida tovarlar yoki xizmatlar turkumi ichki foydalanish yoki xaridorga yoxud uchinchi tomon manfaatdoriga yetkazib berishning bir xil tartibiga ega boʻladi:
a) turkumdagi har bir alohida tovar yoki xizmat mazkur Standartning 84 yoki 87-bandlarida belgilangan mezonlarga muvofiq boʻlib, vaqt davomida bajariladigan ijro majburiyati hisoblansa;
b) mazkur Standartning 90-91-bandlariga asosan, tashkilotlar ijro majburiyatini toʻliq bajarish darajasini baholashda bir xil usuldan foydalansa.
5-§. Resurslardan foydalanish majburiyatlari
64. Majburiy kelishuvda tashkilotlar tomonidan xaridor yoki uchinchi tomon manfaatdoriga yetkazib berilishi belgilangan tovarlar yoki xizmatlar aniq koʻrsatiladi.
Agar tashkilotlarning faoliyati, eʼlon qilingan siyosati yoki bayonotlari resurs taʼminlovchida tashkilotlar muayyan majburiyatni bajaradi degan asosli kutishni shakllantirsa, bunday majburiyatlar ijro majburiyati sifatida hisobga olinadi.
Masalan, kelishuv boʻyicha sogʻliqni saqlash muassasasiga sogʻliqni saqlashni qoʻllab-quvvatlash yuzasidan grant mablagʻi ajratilsa, amalda tashkilot aholiga bepul tibbiy tekshiruv oʻtkazilishi haqida ommaviy axborot vositalarida eʼlon qiladi. Kelishuvda belgilanmagan boʻlsa ham aholi va resurs taʼminlovchida kutish paydo boʻladi. Natijada bepul tibbiy xizmat koʻrsatish boʻyicha ijro majburiyati yuzaga keladi.
65. Agar majburiy kelishuvda tovar yoki xizmatlarni xaridor yoki uchinchi tomon manfaatdoriga yetkazib berish nazarda tutilmagan boʻlsa, ijro majburiyatlari tashkilotlarning kelishuvni bajarish uchun amalga oshiradigan ichki tayyorgarlik yoki maʼmuriy faoliyatlarini oʻz ichiga olmaydi. Bunday faoliyatlar tovar yoki xizmatlarni xaridor yoki uchinchi tomon manfaatdoriga yetkazib berishga qaratilmaganligi sababli ijro majburiyati hisoblanmaydi.
Masalan, tashkilotlar majburiy kelishuvni tuzish uchun turli maʼmuriy vazifalarni bajarishi kerak boʻlishi mumkin. Bu vazifalarni bajarish jarayonida ichki resurslardan xizmat koʻrsatish uchun foydalanilmaydi yoki xaridor yoxud uchinchi tomon manfaatdoriga xizmat koʻrsatilmaydi. Shu sababli, bunday tayyorgarlik ishlari ijro majburiyati hisoblanmaydi.
6-§. Resurslardan foydalanish boʻyicha alohida shartlarni aniqlash
66. Ijro majburiyati deganda alohida shartlarni belgilovchi va unga nisbatan tan olish mezonlarini hamda baholashlarni nazarda tutuvchi majburiy kelishuv doirasidagi daromad operatsiyasidagi hisob birligi tushuniladi.
Majburiy kelishuvda shart qilingan tovar yoki xizmat quyidagi mezonlarga asosan alohida hisoblanadi:
a) tovar yoki xizmatni qabul qiluvchi tomon undan mustaqil ravishda yoki oʻzi uchun foydalanishi mumkin boʻlgan boshqa resurslar bilan birgalikda iqtisodiy foyda yoki xizmat salohiyatini yaratishi mumkin boʻlsa (yaʼni, tovar yoki xizmat alohida boʻlish xususiyatiga ega);
b) tashkilotlarning tovar yoki xizmat uchun resursdan ichki foydalanish, tovar yoki xizmatni xaridor yoxud uchinchi tomon manfaatdoriga oʻtkazish ijro majburiyati majburiy kelishuvdagi boshqa ijro majburiyatlaridan alohida aniqlansa (yaʼni, shart majburiy kelishuv doirasida alohida ajralib turadi).
67. Tashkilotlar tovar yoki xizmatni qabul qiluvchi tomon oʻzi resurs taʼminlovchi (xaridor) yoki belgilangan uchinchi tomon manfaatdori ekanligini oʻzining ijro majburiyati mohiyatini hisobga olgan holda aniqlaydi. Agar:
tashkilotlar alohida tovar yoki xizmat uchun resurslardan ichki foydalanishni belgilagan boʻlsa, tashkilotlarning oʻzi tovarlar yoki xizmatlarni oluvchi hisoblanadi;
tashkilotlar xaridor yoki uchinchi tomon manfaatdoriga alohida tovar yoki xizmatni yetkazib berish uchun resurslardan foydalanish ijro majburiyatini olsa, tovarlar yoki xizmatlarni oluvchi xaridor yoki uchinchi tomon manfaatdori hisoblanadi.
68. Tomonlar mazkur Standart 66-bandining “a” kichik bandiga muvofiq alohida tovar yoki xizmatdan iqtisodiy foyda yoki xizmat salohiyatini quyidagi hollarda hisobga olishi mumkin:
sarflansa;
isteʼmol qilinsa;
loyihaviy qiymatdan yuqori narxda sotilsa;
boshqa tarzda saqlanib, iqtisodiy foyda yoki xizmat salohiyati keltirsa.
Ayrim tovar yoki xizmatlar tomonlarga mustaqil ravishda foyda keltirishi mumkin, boshqalari esa faqat boshqa mavjud resurslar bilan birgalikda iqtisodiy foyda yoki xizmat imkoniyatini beradi.
Mavjud resurs — alohida sotiladigan tovar, xizmat yoki tashkilotlar tomonidan oldindan olingan resurs (shu jumladan, tashkilotlarning oʻzida ishlatiladigan yoki majburiy kelishuv asosida xaridorga yoki uchinchi tomon benefitsiariga topshiriladigan tovarlar yoki xizmatlar) yoxud boshqa kelishuvlar yoki hodisalardan olingan resursdir.
Turli omillar tomonlarning tovar yoki xizmatdan mustaqil ravishda yoki boshqa mavjud resurslar bilan iqtisodiy foyda yoki xizmat salohiyatini olishi mumkinligini koʻrsatadi. Masalan, tovar yoki xizmatning muntazam ravishda ichki foydalanishi yoki alohida taqdim etilishi shunday imkoniyatni koʻrsatadi.
69. Tashkilotlar ichki resurslardan foydalanish yoki tovar va xizmatlarni xaridor yoki uchinchi tomon manfaatdoriga yetkazish boʻyicha ijro majburiyatlari mazkur Standartning 66-bandi “b” kichik bandiga muvofiq alohida aniqlanishi yoki birlashtirilganligini baholashlari kerak.
Ijro majburiyati quyidagi hollarda birgalikda amalga oshirilayotgan hisoblanadi:
a) tashkilotlar tovar yoki xizmatlarni boshqa tovar yoki xizmatlar toʻplamiga birlashtirgan holda taqdim qilsa (masalan, taʼlim dasturi bitta toʻplam sifatida taqdim qilinganda);
b) tovar yoki xizmatlar bir-biriga moslashtirilgan yoki ularning xususiyatlari oʻzaro bogʻlangan boʻlsa (masalan, komputer tizimida server va dasturiy taʼminot bir-biriga bogʻlanganda);
d) tovar yoki xizmatlar yuqori darajada oʻzaro bogʻlangan yoki oʻzaro aloqador boʻlsa (shu sababli ularni alohida foydalanish yoki yetkazib berish mumkin emas).
Agar tovar yoki xizmatlar mustaqil ravishda foydalanilishi mumkin boʻlsa va ular boshqalardan mustaqil ravishda yetkazib berilsa, ijro majburiyati alohida aniqlangan deb hisoblanadi (masalan, alohida kitoblar yoki onlayn kurslar).
7-§. Majburiy kelishuv asosidagi daromad operatsiyalarini dastlabki tan olish
70. Agar mazkur Standartning 54-bandidagi asoslar bajarilmagan boʻlsa, tashkilotlar ushbu majburiy kelishuv bilan bogʻliq aktiv, majburiyat yoki daromadni tan olmaydi, zarar keltiruvchi majburiy kelishuvlar bundan mustasno.
Aktivlar, majburiyatlar va daromadlarni dastlabki tan olish majburiy kelishuvning bir tomoni kelishuv boʻyicha oʻz majburiyatlarini bajarishni boshlagan paytdan eʼtiboran amalga oshiriladi.
71. Zarar keltiruvchi majburiy kelishuvlar tashkilotlar kutilayotgan yoʻqotishni Oʻzbekiston Respublikasi budjet hisobining standarti (16-sonli BHS) “Baholangan majburiyatlar, shartli majburiyatlar va shartli aktivlar” (roʻyxat raqami 3562, 2024-yil 22-oktabr) talablariga muvofiq hisobga olishi shart.
8-§. Resurslarning boshlangʻich kirimini tahlil qilish
72. Tashkilotlar majburiy kelishuv asosidagi daromad operatsiyasidan kelib chiqadigan resurslar oqimini ijro majburiyatlarini bajarishdan oldin yoki keyin olishi mumkin.
Agar mazkur Standartning 16 — 22-bandlari qoʻllanilsa va aktivning taʼrifi hamda tan olish mezonlari bajarilsa, tashkilotlar bu resurslar oqimini aktiv sifatida tan olishi kerak.
9-§. Majburiyatning mavjudligi va tan olinishi
73. Davlat sektori tashkilotlari odatda Hukumat yoki boshqa tashkilotlardan mablagʻ oladi.
Tashkilotlar majburiy kelishuv asosidagi daromad operatsiyasidan kelib chiqadigan resurslar oqimini aktiv sifatida tan olganda, bu oqim bilan bogʻliq ijro talablari va majburiyatlarini baholashlari lozim.
74. Ijro majburiyati quyidagi hollarda yuzaga keladi:
a) tashkilotlar majburiy kelishuvda oʻzining bajarilmagan yoki qisman bajarilgan ijro majburiyati bilan bogʻliq mablagʻlarni olgan boʻlsa;
b) tashkilotlar olingan mablagʻ bilan bogʻliq ijro majburiyatlarini bajarmasa va mablagʻ taʼminlovchi majburiy kelishuv shartlariga binoan tashkilotlardan resurslarni boshqa tomonga oʻtkazishni talab qilish orqali majburiy kelishuvni amalga oshirishi mumkin boʻlsa.
75. Mazkur Standartning 24-bandiga muvofiq, agar tashkilotlar oldingi hodisalar natijasida resurslarni topshirishni rad etmasa va resurslarni topshirish ehtimoli yuqori boʻlsa, majburiyat mavjud hisoblanadi.
Tashkilotlar majburiyat yuzaga kelganligini aniqlashda majburiy kelishuv bilan bogʻliq holatlar va sharoitlarni hisobga olishi kerak. Bu orqali resurs taʼminlovchi oʻz huquqlarini amalga oshira olishi va tashkilotlarning ijro majburiyatlarini bajarmagan holatida qoʻshimcha resurslar oʻtkazilishini talab qilishi mumkin boʻlgan oqibatlarni aniqlashi kerak.
76. Tashkilotlar oʻzaro kelishuv asosida oʻz ijro majburiyatlarini bajarmaganligi natijasida yuzaga kelgan resurslarni qaytarish majburiyatini, boshqa maqsadlar uchun oʻtkazilishi kerak boʻlgan aktivlardan ushbu summani chegirib tashlagan holda amalga oshirishi mumkin.
Tashkilotlar moliyaviy hisobotlarida umumiy summalarni tan olishda davom etadi, yaʼni, buzilgan majburiy kelishuv shartlari boʻyicha qaytarish aktivlar va majburiyatlarning kamayishini aks ettiradi hamda yangi oʻtkazmalar uchun aktivlar, majburiyatlar yoki daromadni tan olish imkonini beradi.
77. Agar tashkilotlar resurslarni majburiy kelishuv tuzilishidan oldin olsa va kelishuv tuzilishi ehtimoli yuqori boʻlsa, tashkilotlar ushbu oldindan tushgan mablagʻ uchun majburiyatni tan oladi.
Bu majburiyat majburiy kelishuv rasmiy ravishda tuzilgunga qadar saqlanadi.
78. Majburiyat taʼrifiga mos keladigan ijro majburiyati faqat uning miqdorini ishonchli tarzda baholash mumkin boʻlgandagina majburiyat sifatida tan olinadi. Tashkilotlar mazkur Standartning 52-bandida koʻrsatilgan hodisalardan biri yuz bergunga qadar ushbu majburiyatni tan olishni davom ettiradi.
10-§. Majburiy kelishuv mavjud boʻlgan daromad operatsiyalarini hisobga olish
79. Agar tashkilotlar majburiy kelishuv doirasida resurs kirimini olsa, bu kirim mazkur Standartning 16 — 22-bandlarida belgilangan mezonlarga muvofiq aktiv sifatida tan olinadi va tashkilotlar quyidagilarni tan olishi kerak:
a) agar kirim bilan bogʻliq majburiy shartlar bajarilgan boʻlsa — daromad;
b) agar kirim bilan bogʻliq majburiy shartlar bajarilmagan boʻlsa — majburiyat.
80. Daromadni tan olish vaqti majburiy kelishuvdagi talablarning mohiyati va ularning bajarilishiga qarab aniqlanadi. Tashkilotlar majburiy kelishuv boʻyicha operatsiyadan olingan daromadni kelishuv shartlariga muvofiq resurslardan belgilangan tarzda foydalanib, ijro majburiyatini bajargan paytda (yoki bajarish jarayonida) hisobga olishi shart.
Tashkilotlar mazkur Standartning 73 — 78-bandlariga muvofiq hisobga olingan har qanday majburiyatning balans qiymatini tegishli miqdorga kamaytirishi lozim.
81. Tashkilotlar ijro majburiyatini kelishuvda belgilangan tovar yoki xizmat (yaʼni aktiv) uchun ichki resurslardan foydalanish orqali yoki shartlarda koʻrsatilgan tovar yoki xizmatni xaridorga yoki uchinchi tomon manfaatdoriga oʻtkazish orqali bajaradi. Aktivdan ichki foydalanish yoki uni oʻtkazish, aktivni qabul qiluvchi tashkilotlar uning nazoratini qoʻlga kiritganda (yoki kiritish jarayonida) amalga oshiriladi.
82. Tovarlar va xizmatlar (qisqa muddatga qabul qilingan va foydalanilgan boʻlsa ham) aktiv hisoblanadi.
Mazkur Standartning 16-bandiga qoʻshimcha ravishda, nazorat tushunchasi resursdan foydalanish va undan manfaat olishni boshqa tashkilotlar tomonidan cheklash imkoniyatini oʻz ichiga oladi.
Resursda mujassam boʻlgan iqtisodiy naf yoki xizmat koʻrsatish salohiyati — bu tashkilotlarning maqsadlariga erishishga hissa qoʻshuvchi va toʻgʻridan-toʻgʻri yoki bilvosita pul oqimlari (kirimlar yoki xarajatlarning kamayishi) yoki xizmat taqdim etish imkoniyatining mavjudligidir.
Bunda xizmat koʻrsatish salohiyati quyidagi yoʻllar bilan olinishi mumkin:
a) ichki taʼlim berish uchun resursdan foydalanish;
b) tovarlar ishlab chiqish yoki xizmatlar (shu jumladan davlat xizmatlari) koʻrsatish uchun resursdan foydalanish;
d) boshqa aktivlarning qiymatini oshirish uchun resursdan foydalanish;
e) majburiyatlarni bajarish yoki xarajatlarni kamaytirish uchun resursdan foydalanish;
f) resursni sotish yoki ayirboshlash;
g) resursni saqlash.
83. Har bir ijro majburiyati mazkur Standartning 61 — 69-bandlariga muvofiq aniqlangan holda, tashkilotlar majburiy kelishuv boshlanishida mazkur ijro majburiyati vaqt davomida bajarilishi (mazkur Standartning 84-85 yoki 87-88-bandlariga muvofiq) yoki maʼlum bir vaqtda bajarilishini (mazkur Standartning 86 yoki 89-bandiga muvofiq) aniqlashi kerak.
7-bob. Tovarlar yoki xizmatlar uchun resurslardan ichki foydalanish boʻyicha ijro majburiyatlari
1-§. Vaqt davomida bajarilgan ijro majburiyatlari
84. Agar quyidagi mezonlardan biri bajarilsa, tashkilotlar tovar yoki xizmat ustidan nazoratni vaqt davomida amalga oshiradi hamda ushbu vaqt davomida ijro majburiyatini bajaradi va daromadni hisobga oladi:
a) tashkilotlar oʻz faoliyatini amalga oshirish jarayonida bir vaqtning oʻzida iqtisodiy foyda yoki xizmat koʻrsatish salohiyatini olsa va foydalansa;
b) tashkilotlar faoliyati natijasida yaratilayotgan yoki oʻzgartirilayotgan aktiv (masalan, tugallanmagan ishlab chiqarish) ustidan nazorat ijro davrida tashkilotlarda saqlansa;
d) tashkilotlar bajarilgan ishlar uchun (hisobot sanasigacha) toʻlov olish boʻyicha huquqqa ega boʻlsa (mazkur xatboshini qoʻllashda ushbu Standartning 85-bandi talablari inobatga olinadi).
85. Tashkilotlar mazkur Standart 84-bandining “d” kichik bandiga muvofiq, hisobot sanasigacha bajarilgan ijro majburiyatlari uchun toʻlov olish huquqiga ega ekanligini baholashda majburiy kelishuv shartlarini, shuningdek, ushbu kelishuvga tatbiq etiladigan qonunchilik hujjatlarini hisobga oladi. Bunda hisobot sanasigacha bajarilgan ijro majburiyatlari uchun toʻlanadigan summa aniq belgilangan boʻlishi shart emas.
Majburiy kelishuvning amal qilishi davomida, agar resurs taʼminlovchi yoki kelishuv doirasida huquq va majburiyatlarga ega boʻlgan boshqa tomon tashkilotlarning ijro majburiyatlarini bajarmaganligi bilan bogʻliq boʻlmagan sabablarga koʻra kelishuvni bekor qilsa, tashkilotlar hisobot sanasigacha bajarilgan ijro majburiyatlari uchun kompensatsiya olish huquqiga ega boʻlishi lozim.
2-§. Maʼlum bir vaqtda bajarilgan ijro majburiyatlari
86. Agar ijro majburiyati mazkur Standartning 84 va 85-bandlariga muvofiq vaqt davomida bajarilmasa, tashkilotlar uni maʼlum bir vaqtda bajaradi.
Tashkilotlar ijro majburiyatini bajarish va aktiv ustidan nazoratni qoʻlga kiritish vaqtini (aniq vaqt) belgilashda mazkur Standartning 81 va 82-bandlarida nazarda tutilgan nazorat mezonlarini hisobga olishi kerak.
8-bob. Tovarlar yoki xizmatlarni boshqa tomonga (xaridor yoki uchinchi shaxsga) oʻtkazish boʻyicha ijro majburiyatlari
1-§. Vaqt davomida bajarilgan ijro majburiyatlari
87. Agar quyidagi mezonlardan biri bajarilsa, tashkilotlar tovar yoki xizmat ustidan nazoratni vaqt davomida xaridorga yoki uchinchi tomon manfaatdoriga oʻtkazadi hamda ushbu vaqt davomida ijro majburiyatini bajaradi hamda daromadni hisobga oladi:
a) tashkilotlarning faoliyati davomida taqdim etilayotgan iqtisodiy naf yoki xizmat koʻrsatish salohiyatini xaridor yoki uchinchi tomon manfaatdori bir vaqtning oʻzida olsa va foydalansa;
b) tashkilotlarning faoliyati natijasida yaratilayotgan yoki oʻzgartirilayotgan aktiv (masalan, tugallanmagan ishlab chiqarish) ustidan nazorat ijro davrida xaridor yoki uchinchi tomon manfaatdorida saqlansa;
d) tashkilotlarning faoliyati muqobil foydalanish imkoniyatiga ega boʻlmagan aktivni yaratishga olib kelsa (muqobil foydalanish imkoniyatiga ega boʻlmagan aktivni yaratishda mazkur Standartning 88-bandi talablari inobatga olinadi) va tashkilotlar hisobot sanasigacha bajarilgan ishlar uchun toʻlov olish boʻyicha huquqqa ega boʻlsa (hisobot sanasigacha bajarilgan ishlar uchun toʻlov olish huquqini aniqlashda mazkur Standartning 85-bandi talablari inobatga olinadi).
88. Tashkilot faoliyati natijasida yaratilgan yoki oʻzgartirilayotgan aktiv majburiy kelishuv doirasida faqat belgilangan maqsadda foydalaniladigan boʻlsa va uni boshqa maqsadlarda qoʻllash amaliyotda cheklangan boʻlsa, bu aktivning muqobil foydalanish imkoniga ega emasligi hisoblanadi.
Aktivning muqobil foydalanish imkoniyati majburiy kelishuv boshlanishida aniqlanadi. Majburiy kelishuv davomida faqat tomonlar kelishuvni oʻzgartirsa va majburiyatning mazmuni oʻzgarsa, aktivning muqobil foydalanish imkoniyati qayta baholanishi mumkin.
2-§. Maʼlum bir vaqtda bajarilgan ijro majburiyatlari
89. Agar ijro majburiyati mazkur Standartning 87-88-bandlarida koʻrsatilgan mezonlarga muvofiq vaqt davomida bajarilmasa, tashkilotlar uni maʼlum bir vaqtda bajaradi.
Xaridor yoki uchinchi tomon manfaatdori kelishuvda belgilangan aktiv ustidan nazoratni qoʻlga kiritgan va tashkilotlar ijro majburiyatini bajargan paytni aniqlash uchun tashkilotlar mazkur Standartning 81-82-bandlarida belgilangan nazorat talablarini (agar qayta sotib olish kelishuvi mavjud boʻlsa) hisobga olishi lozim.
Tashkilotlar nazorat oʻtkazilganligini koʻrsatuvchi quyidagi belgilarni ham hisobga oladi:
a) tashkilotlar aktiv uchun haq olish boʻyicha joriy huquqqa ega boʻlsa — agar resurs taʼminlovchi aktiv uchun hozirda toʻlov qilishga majbur boʻlsa, bu uning aktivdan foydalanishni boshqarish va undan deyarli barcha iqtisodiy naf yoki xizmat salohiyatini olish imkoniyatiga ega ekanligi;
b) xaridor yoki uchinchi tomon manfaatdori aktivga nisbatan qonuniy huquqqa ega boʻlsa — qonuniy huquq qaysi tomon aktivdan foydalanishni boshqarish va iqtisodiy naf olish imkoniyatiga ega ekanligi.
Agar tashkilotlar ushbu huquqni faqat toʻlov xavfidan himoyalanish uchun saqlab qolsa, bu xaridor nazoratini cheklamaydi. Shu sababli, aktivga boʻlgan mulk huquqining oʻtkazilishi xaridor yoki uchinchi tomon benefitsiar aktivni nazorat qila boshlaganini anglatishi mumkin. Agar tashkilotlar mulk huquqini faqat resurs taʼminotchisi tomonidan toʻlov amalga oshirilmasligidan himoyalanish uchun saqlab qolsa, tashkilotlarning bu huquqlari xaridor yoki uchinchi tomon benefitsiarning aktiv ustidan nazoratni qoʻlga kiritishiga toʻsqinlik qilmaydi;
d) tashkilotlar aktivning jismoniy egaligini oʻtkazgan boʻlsa — jismoniy egalik nazoratdan oʻtganligini koʻrsatishi mumkinligi (vositachilik asosidagi saqlash yoki saqlash holatlari bundan mustasno);
e) xaridor yoki uchinchi tomon manfaatdori aktivga egalik qilish bilan bogʻliq asosiy xatarlar va manfaatlarga ega boʻlsa, bu nazorat oʻtganligini koʻrsatishi mumkinligi (bunda tashkilotlarning aktivni berishdan tashqari, alohida ijro majburiyatlarini keltirib chiqaruvchi xatarlar hisobga olinmaydi);
f) resurs taʼminlovchi aktivni qabul qilgan boʻlsa — bu uning aktivdan foydalanish va iqtisodiy naf olish imkoniyatiga ega ekanligini koʻrsatishi mumkinligi.
3-§. Ijro majburiyatini toʻliq bajarish bosqichlarini baholash
90. Mazkur Standartning 84 va 85-bandlariga (tovarlar yoki xizmatlardan ichki foydalanish boʻyicha ijro majburiyatlari uchun) yoki mazkur Standartning 87 va 88-bandlariga (tovarlar yoki xizmatlarni boshqa tomonga oʻtkazish boʻyicha ijro majburiyatlari uchun) muvofiq vaqt oʻtishi bilan bajariladigan har bir ijro majburiyati uchun tashkilotlar ushbu majburiyatni toʻliq bajarish yoʻlidagi jarayonni baholash orqali vaqt oʻtishi bilan daromadni tan olishi lozim.
Jarayonni baholashdan maqsad tashkilotlarning oʻz ijro majburiyatini bajarish boʻyicha faoliyatini aks ettirish, yaʼni daromadni faqat aktivni topshirish yoki xizmatni tugallagan paytda emas, balki ijro jarayoniga muvofiq bosqichma-bosqich tan olish hisoblanadi.
91. Tashkilotlar vaqt davomida bajarilgan har bir ijro majburiyati uchun bosqichlarni baholashning yagona usulini qoʻllashi va bu usulni oʻxshash ijro majburiyatlariga hamda oʻxshash vaziyatlarda izchil ravishda tatbiq etishi lozim. Har bir hisobot davrining oxirida tashkilotlar vaqt davomida bajarilayotgan ijro majburiyatini toʻliq bajarish yoʻlidagi oʻz bosqichlarini qayta baholashi kerak.
4-§. Bosqichlarni baholash usullari
92. Jarayonning rivojlanishini baholashning mos usullariga chiqarilgan natija va xarajat usullari kiradi.
Bosqichni baholashning tegishli usulini aniqlashda tashkilotlar taqdim etilishi koʻzda tutilgan tovar yoki xizmatning xususiyatini hamda majburiy kelishuv shartlarida tashkilotlar bajaradigan faoliyati yoki sarflashi lozim xarajatlar koʻrsatilganligini inobatga olishi kerak.
93. Muayyan ijro majburiyati boʻyicha bosqichni baholash usulini qoʻllashda, tashkilotlar ushbu ijro majburiyati bilan bevosita bogʻliq boʻlmagan quyidagilarni:
a) agar ijro majburiyatida tashkilotlar aniq tovar yoki xizmat uchun ichki resurslardan foydalanishini belgilagan boʻlsa, tashkilotlar nazoratni saqlab qolmagan tovar yoki xizmatlarni baholashdan chiqarishi kerak (aksincha, tashkilotlar ushbu ijro majburiyatini bajarishda oʻzi nazorat qiladigan har qanday tovar yoki xizmatlarni bosqich baholashiga kiritishi kerak);
b) agar tashkilotlar ijro majburiyati doirasida resurslarni boshqa tomonga (xaridor yoki uchinchi benefitsiarga) alohida tovar yoki xizmat koʻrinishida yetkazishni belgilagan boʻlsa, u holda tashkilotlar boshqa tomonga nazoratni oʻtkazmagan tovar yoki xizmatlarni baholashdan chiqarishi kerak (aksincha, tashkilotlar nazoratni boshqa tomonga oʻtkazgan tovar yoki xizmatlarni bosqich baholashiga qoʻshishi shart).
94. Shartnoma bajarilishi jarayonida vaziyat oʻzgarsa, tashkilot ijro majburiyati qay darajada bajarilganligini (ijro bosqichini) qayta baholashi va hisob-kitoblarni shunga mos ravishda yangilashi lozim.
Tashkilotlarning bosqichni baholash usuliga kiritilgan bunday oʻzgarishlar Oʻzbekiston Respublikasi budjet hisobining standarti (1-sonli BHS) “Hisob siyosati, hisob baholaridagi oʻzgarishlar va xatolar” ga (roʻyxat raqami 3797, 2026-yil 27-mart) muvofiq buxgalteriya hisobi bahosidagi oʻzgarish sifatida hisobga olinishi kerak.
5-§. Bosqichning mos hisob-baholashlari
95. Tashkilot ish yoki xizmatning qancha qismi bajarilganini aniq va asosli baholay olsa, daromadni bosqichma-bosqich tan olishi mumkin. Agar buni ishonchli baholay olmasa, daromadni bunday tarzda tan olmasligi kerak.
Agar tashkilotda ijro majburiyati qay darajada bajarilganligini aniqlash uchun yetarli va ishonchli maʼlumotlar boʻlmasa, u ijro bosqichini ishonchli baholay olmaydi.
96. Agar ijro majburiyati natijasini ishonchli baholash imkoni mavjud boʻlmasa, biroq mazkur majburiyatni bajarish uchun qilingan xarajatlarning qoplanishi ehtimoli yuqori boʻlsa, tashkilot daromadni ijro majburiyati natijasini ishonchli baholash imkoniyati paydo boʻlguniga qadar faqat qoplanishi kutilayotgan xarajatlar summasi doirasida tan oladi.
6-§. Aktivlarni tan olish mezonlarini keyingi bosqichda koʻrib chiqish
97. Agar ushbu Standart doirasidagi majburiy kelishuv boʻyicha olingan resurslar mazkur Standartning 16-bandida nazarda tutilgan aktivni tan olish mezonlariga javob bermasa va tashkilotlar resurs taʼminlovchidan mablagʻ olgan boʻlsa, tashkilotlar ushbu mablagʻni faqat quyidagi holatlardan biri yuz berganda daromad sifatida eʼtirof etadi:
a) tashkilotlarning bajarilmagan hech qanday majburiyatlari qolmagan boʻlsa;
b) majburiy kelishuv bekor qilingan va olingan tushum resurs taʼminlovchiga qaytarilmaydigan boʻlsa.
9-bob. Baholash
1-§. Resurslar kirimi natijasida aktivlarni baholash
98. Majburiy kelishuv mavjud boʻlgan daromad operatsiyasi doirasida olingan aktiv tashkilotlar tomonidan aktivni tan olish mezonlari bajarilgan sanadagi operatsiya qiymati boʻyicha dastlab baholanishi lozim (ushbu bandning qoʻllanilishida mazkur Standartning 101 — 119-bandlari talablari inobatga olinadi).
2-§. Majburiyatlarni baholash
99. Majburiyat sifatida tan olinadigan summa hisobot sanasiga ijro majburiyatini bajarish uchun zarur boʻlgan mablagʻning eng maqbul bahosini tashkil etadi. Ushbu Standart maqsadlari uchun dastlabki tan olishda majburiyatning eng maqbul bahosi resurslar kirimi munosabati bilan tan olingan tegishli aktiv qiymati bilan cheklanadi.
Tashkilotlar majburiyatning eng maqbul bahosini aniqlashda mazkur Standartning 29-bandi talablarini qoʻllashi lozim.
3-§. Majburiy kelishuvlarga ega boʻlgan daromad operatsiyalarini baholash
100. Ijro majburiyati bajarilganda (yoki bajarilayotganda) tashkilotlar ushbu ijro majburiyatiga ajratilgan operatsiya qiymatini (mazkur Standartning 111 va 112-bandlariga muvofiq cheklangan oʻzgaruvchan toʻlov miqdorlari bundan mustasno) daromad sifatida tan olishi lozim.
4-§. Operatsiya qiymatini aniqlash
101. Tashkilotlar majburiy kelishuv shartlarini va oʻz faoliyatini inobatga olgan holda operatsiya qiymatini aniqlashi lozim.
Operatsiya qiymati bu tashkilotlar oʻz ijro majburiyatlarini bajarish evaziga majburiy kelishuvga muvofiq olishni kutayotgan resurslar miqdori boʻlib, unda uchinchi shaxslar nomidan yigʻiladigan summalar (masalan, ayrim soliqlar) hisobga olinmaydi. Majburiy kelishuvda toʻlov qatʼiy belgilangan miqdorlarni, oʻzgaruvchan miqdorlarni yoki har ikkalasini oʻz ichiga olishi mumkin.
102. Tashkilotlar operatsiya qiymati miqdorini aniqlaydi, ammo toʻlov xavfi bu hisob-kitobda inobatga olinmaydi.
103. Kelishuv boʻyicha olinishi kutilgan mablagʻning shakllanish tartibi, vaqti va miqdori tashkilotlar tomonidan aniqlanadigan summaning bahosiga taʼsir qiladi.
Kelishuv boʻyicha olinishi kutilgan mablagʻni aniqlayotganda tashkilotlar quyidagi omillarni inobatga olishi shart:
a) oʻzgaruvchan toʻlovlar (ushbu kichik bandning qoʻllanilishida mazkur Standartning 105 — 109 va 113-bandlari talablari inobatga olinadi);
b) oʻzgaruvchan toʻlovlarning ehtimoliy miqdorini cheklash (ushbu kichik bandning qoʻllanilishida mazkur Standartning 111 va 112-bandlari talablari inobatga olinadi);
d) majburiy kelishuvda muhim moliyaviy muddat (yaʼni, toʻlov muddati uzoq boʻlib, foiz taʼsiri sezilarli boʻlsa) mavjudligi (ushbu kichik bandning qoʻllanilishida mazkur Standartning 114 — 119-bandlari talablari inobatga olinadi);
e) resurs taʼminlovchiga toʻlanishi lozim boʻlgan mablagʻlar.
104. Tashkilotlar majburiy kelishuv boʻyicha toʻlov miqdorini aniqlashda toʻlov majburiy kelishuvda belgilangan shartlarga muvofiq amalga oshirilishini va kelishuv bekor qilinmasligi, qayta tiklanmasligi yoki oʻzgartirilmasligini nazarda tutishi lozim.
5-§. Oʻzgaruvchan toʻlov
105. Agar majburiy kelishuvda belgilangan toʻlov oʻzgaruvchan (oʻzgarishi mumkin boʻlgan) miqdordan iborat boʻlsa, tashkilotlar resurs taʼminlovchidan olishi kutilayotgan toʻlov miqdorini baholashi kerak.
106. Toʻlanadigan mablagʻ miqdori chegirmalar, kompensatsiyalar, qaytarib beriladigan mablagʻlar, qarz shartlari, bahoni kamaytirish, ragʻbatlantiruvchi toʻlovlar, samaradorlik uchun mukofotlar, jarimalar yoki shularga oʻxshash boshqa holatlar tufayli oʻzgarishi mumkin.
Toʻlanadigan mablagʻ miqdori, shuningdek, kelgusida sodir boʻlishi yoki boʻlmasligi mumkin boʻlgan hodisaga bogʻliq holda ham oʻzgarishi mumkin. Masalan, majburiy kelishuvda belgilangan muayyan koʻrsatkichga erishilganda belgilangan toʻlov ustidan qoʻshimcha mukofot (bonus) berilishi nazarda tutilgan boʻlsa, bunday holatda toʻlov miqdori oʻzgaruvchan hisoblanadi.
107. Tashkilotlar majburiy kelishuvda belgilangan toʻlov miqdorini aniqlayotganda, toʻlanadigan mablagʻning qonunchilik hujjatlari yoki majburiy kelishuvda ochiq belgilab qoʻyilgan shartlardan tashqari oʻzgarishi mumkinligini hisobga olishi kerak.
Oʻzgaruvchanlik quyidagi holatlarda paydo boʻlishi mumkin:
a) chegirma yoki imtiyoz berish natijasida kamayishi kutilsa. Tashkilotlar resurs taʼminlovchi (masalan, davlat, mahalliy budjet yoki sugʻurta jamgʻarmasi) faoliyat va siyosatlari asosida toʻlovni kamaytirishi mumkinligi haqida ishonchli maʼlumotlarga ega boʻlsa, toʻlanadigan mablagʻ oʻzgaruvchan hisoblanadi;
b) kelishuvda narx boʻyicha yengillik berish nazarda tutilgan boʻlsa. Agar boshqa maʼlumotlar yoki shartlar, shuningdek, tashkilotlarning resurs taʼminlovchi bilan munosabatlari doirasidagi amaliyoti toʻlov miqdorining kamaytirilishini koʻrsatsa, bunday holda toʻlanadigan mablagʻ oʻzgaruvchan hisoblanadi.
108. Tashkilotlar majburiy kelishuv boʻyicha eʼtirof etilishi lozim boʻlgan toʻlov miqdorini aniqroq prognoz qilish imkonini beradigan usullardan birini oʻzgaruvchan toʻlov miqdorini baholashda qoʻllashi shart.
a) kutilayotgan qiymat usuli — bu ehtimoliy toʻlov miqdorlari oraligʻidagi ehtimollik bilan oʻlchangan miqdorlar yigʻindisidir. Agar tashkilotlar oʻxshash xususiyatlarga ega boʻlgan koʻp sonli majburiy kelishuvlarga ega boʻlsa, ushbu usul oʻzgaruvchan toʻlov miqdorining tegishli bahosi boʻlishi mumkin;
b) eng ehtimolli qiymat usuli — bu ehtimoliy toʻlov miqdorlari orasida eng koʻp sodir boʻlishi kutilgan yagona toʻlov miqdoridir (yaʼni, majburiy kelishuv boʻyicha eng ehtimoliy natija). Agar majburiy kelishuv faqat ikki ehtimoliy natijaga ega boʻlsa (masalan, tashkilotlar infratuzilma obyektini belgilangan muddatda tugallaydi yoki tugallamaydi), ushbu usul oʻzgaruvchan toʻlov miqdorini baholash uchun maqbul hisoblanadi.
109. Tashkilotlar oʻzgaruvchan toʻlov miqdoriga boʻlgan noaniqlikning taʼsirini baholashda bir xil usulni doimiy qoʻllashi kerak. Shuningdek, tashkilotlar barcha mos maʼlumotlarni (tarixiy, joriy va kelajakdagi ehtimollar) hisobga olishi va ehtimoliy toʻlov miqdorlarining asosli oraligʻini aniqlashi lozim.
Oʻzgaruvchan toʻlov miqdorini baholashda foydalaniladigan maʼlumotlar tashkilotlar majburiy kelishuv boʻyicha olishlari kutilayotgan toʻlov miqdorini aniqlashda qoʻllaniladigan maʼlumotlarga oʻxshash boʻlishi lozim. Agar majburiy kelishuv boshqa tomonga alohida tovar yoki xizmat yetkazishni talab qilsa, foydalaniladigan maʼlumotlar tashkilotlar narx belgilash va tijorat takliflarini shakllantirish jarayonida qoʻllaniladigan maʼlumotlarga mos boʻlishi kerak.
6-§. Qaytarib beriladigan majburiyatlar
110. Tashkilotlar qaytarib berish huquqi nazarda tutilgan majburiy kelishuvni tuzishi mumkin. Bunday hollarda, agar tashkilotlar resurs taʼminlovchidan mablagʻ qabul qilgan boʻlsa va alohida tovarlar yoki xizmatlarni xaridorga yoki uchinchi shaxsga topshirish bilan bogʻliq ravishda ushbu mablagʻning bir qismini yoki toʻliq hajmini qaytarib berishi kutilsa, tashkilotlar qaytarib berish boʻyicha majburiyatni tan olishi shart.
Qaytarib berish boʻyicha majburiyat tashkilotlar oʻzini haqli deb hisoblamaydigan (yaʼni kelishuv boʻyicha toʻlov qiymati tarkibiga kiritilmaydigan) qabul qilingan yoki olinishi lozim boʻlgan mablagʻ miqdorida baholanadi.
Qaytarib berish boʻyicha majburiyat (shuningdek, toʻlov qiymatining tegishli oʻzgarishi va shunga mos ravishda majburiy kelishuv boʻyicha majburiyat) har bir hisobot davri oxirida vaziyatning oʻzgarishiga qarab qayta koʻrib chiqilishi lozim.
7-§. Oʻzgaruvchan toʻlovlarning ehtimoliy miqdorini cheklash va oʻzgaruvchan toʻlovni qayta baholash
111. Tashkilotlar mazkur Standartning 108-bandiga muvofiq baholangan oʻzgaruvchan toʻlov summasining bir qismini yoki toʻliq miqdorini faqat shunday holatda kelishuv boʻyicha toʻlov tarkibiga kiritishi shartki, ushbu oʻzgaruvchan toʻlov bilan bogʻliq noaniqlik keyinchalik bartaraf etilganda, ilgari tan olingan jami daromad summasida sezilarli darajada kamaytiruvchi oʻzgarish amalga oshirilishi ehtimoli yuqori boʻlmasligi kerak. Mazkur shart bajarilgan deb hisoblanishi uchun bunday ehtimol yuqori darajada ishonchli boʻlishi lozim.
112. Oʻzgaruvchan toʻlov bilan bogʻliq noaniqlik keyinchalik bartaraf etilganda, ilgari tan olingan jami daromad summasida sezilarli kamaytiruvchi oʻzgarish yuz bermasligi ehtimoli yuqori ekanligini baholashda tashkilotlar daromadni kamaytirish ehtimolini ham, kamaytirish miqdorini ham hisobga olishi lozim.
Quyidagi omillar daromadni kamaytiruvchi oʻzgarish ehtimolini yoki uning miqdorini oshirishi mumkin (ammo ular bilan cheklanmaydi):
a) toʻlov miqdori tashkilotlarning nazoratidan tashqari omillarga yuqori darajada bogʻliq boʻlsa. Bunday omillarga bozordagi keskin oʻzgarishlar, uchinchi tomonlarning qarorlari yoki harakatlari, ob-havo sharoiti, shuningdek, toʻlov yoki belgilangan tovar yoxud xizmatning tez eskirishi xavfi kiradi;
b) toʻlov miqdori boʻyicha noaniqlik uzoq vaqt davomida bartaraf etilmasligi kutilsa. Bu noaniqlik majburiyat yuzaga kelgan davrdan keyingi hisobot davrida toʻlov miqdori aniqlanishi bilan bogʻliq boʻlishi mumkin;
d) tashkilotlarda oʻxshash turdagi majburiy kelishuvlar boʻyicha tajriba yetarli boʻlmasa yoki mavjud tajriba ishonchli prognoz qilish qiymatiga ega boʻlmasa;
e) tashkilotlarda oʻxshash holatlarda keng koʻlamli chegirmalar berish yoki toʻlov shartlarini tez-tez oʻzgartirish amaliyoti mavjud boʻlsa;
f) majburiy kelishuvda mumkin boʻlgan toʻlov miqdorlari soni koʻp va ular oraligʻi juda keng boʻlsa.
113. Har bir hisobot davri oxirida tashkilotlar kelishuv boʻyicha toʻlovning baholangan miqdorini qayta koʻrib chiqishi shart. Bunda oʻzgaruvchan daromad miqdorini baholashda qoʻllanilgan cheklovlar ham qayta baholanadi. Qayta baholash hisobot davri oxirida mavjud boʻlgan holatlar va hisobot davri davomida yuz bergan oʻzgarishlarni ishonchli aks ettirishi lozim.
Kelishuv boʻyicha toʻlov miqdoridagi barcha oʻzgarishlar mazkur Standartning 130 — 133-bandlariga muvofiq hisobga olinadi.
8-§. Majburiy kelishuvda muhim moliyaviy tarkibiy qismning mavjudligi
114. Operatsiya qiymatini aniqlashda, agar majburiy kelishuv tomonlari oʻrtasida toʻlovni amalga oshirish muddati belgilangan holda resurs taʼminlovchiga yoki tashkilotlarga kelishuvni moliyalashtirishda sezilarli foyda keltirsa, tashkilotlar toʻlov miqdorini pulning vaqt qiymati taʼsirini hisobga olgan holda tuzatishi lozim. Bunday holatlarda majburiy kelishuv pulning vaqt qiymatiga bogʻliq moliyalashtirish qismini oʻz ichiga oladi.
Pulning vaqt qiymatiga bogʻliq moliyalashtirish qismi, moliyalashtirish sharti majburiy kelishuvda alohida koʻrsatilganidan qatʼi nazar, amaldagi qonunchilik hujjatlariga muvofiq tomonlar oʻrtasida kelishilgan shartlar ham mavjud boʻlishi mumkin.
115. Agar majburiy kelishuvda pulning vaqt qiymatiga bogʻliq moliyalashtirish tarkibiy qismi mavjud boʻlsa, nazarda tutilgan toʻlov miqdorini tuzatishdan maqsad daromadni resurs taʼminlovchi ijro majburiyatida nazarda tutilgan tovarlar yoki xizmatlar uchun toʻlov joriy toʻlov qiymati asosida tan olish hisoblanadi.
Tashkilotlar pulning vaqt qiymatiga bogʻliq moliyalashtirish tarkibiy qismi mavjudligini va uning ahamiyatini baholashda barcha tegishli maʼlumotlarni inobatga olishi kerak, jumladan:
a) nazarda tutilgan toʻlov miqdori bilan ijro majburiyatida berilgan tovar yoki xizmatlar uchun hisoblangan joriy toʻlov qiymati oʻrtasidagi farq;
b) quyidagi omillarning birgalikdagi taʼsiri:
tashkilotlar ijro majburiyatini bajargan vaqt bilan resurs taʼminlovchi tomonidan toʻlov amalga oshiriladigan vaqt orasidagi kutilayotgan muddat;
bozorning amaldagi foiz stavkalari.
116. Mazkur Standartning 115-bandiga muvofiq baholashga qaramasdan, agar quyidagi omillardan biri mavjud boʻlsa, resurs taʼminlovchi bilan tuzilgan majburiy kelishuvda muhim moliyalashtirish tarkibiy qismi mavjud deb hisoblanmaydi:
a) resurs taʼminlovchi toʻlovni oldindan amalga oshirgan boʻlib, ijro majburiyatining qachon bajarilishi resurs taʼminlovchining ixtiyoriga bogʻliq boʻlsa;
b) resurs taʼminlovchi tomonidan nazarda tutilgan tushumning katta qismi oʻzgaruvchan boʻlib, ushbu toʻlov miqdori yoki uning amalga oshirish vaqti resurs taʼminlovchi yoki tashkilotlar nazoratidan sezilarli darajada tashqarida boʻlgan kelgusidagi hodisaning sodir boʻlishi yoki sodir boʻlmasligiga bogʻliq ravishda oʻzgarib tursa;
d) toʻlov miqdori bilan joriy toʻlov qiymati (mazkur Standartning 115-bandida bayon etilgan) oʻrtasidagi farq resurs taʼminlovchiga yoki tashkilotlarga moliyalashtirish taʼminlanishi bilan bogʻliq boʻlmagan boshqa sabablar tufayli yuzaga kelgan boʻlsa va ushbu farq mazkur sabablarga mutanosib boʻlsa. Masalan, kelishuv shartlariga koʻra, tomonlardan biri majburiy kelishuv boʻyicha oʻz majburiyatlarini toʻliq yoki tegishli darajada bajarmaslik xavfidan himoyalanishi nazarda tutilgan boʻlishi mumkin.
117. Agar tashkilotlar majburiy kelishuv tuzilgan paytda ijro majburiyati bajariladigan vaqt bilan resurs taʼminlovchi tomonidan toʻlov amalga oshiriladigan vaqt oʻrtasidagi muddat bir yildan oshmasa, vaqt qiymati inobatga olinmaydi va toʻlov summasi tuzatilmaydi.
118. Mazkur Standartning 115-bandida belgilangan maqsadga erishish uchun moliyalashtirish tarkibiy qismi taʼsirini hisobga olgan holda toʻlov miqdorini tuzatishda tashkilotlar majburiy kelishuv tuzilgan paytda tashkilotlar va resurs taʼminlovchi oʻrtasida alohida moliyalashtirish operatsiyasida qoʻllanilishi mumkin boʻlgan diskont stavkasiga teng stavkani qoʻllashi lozim.
Ushbu stavka majburiy kelishuv doirasida moliyalashtirish olayotgan tomonning moliyaviy holatiga xos xususiyatlarni, shuningdek, resurs taʼminlovchi yoki tashkilotlar tomonidan taqdim etilgan har qanday taʼminot yoki kafolatlarni, jumladan, majburiy kelishuv doirasida oʻtkazilgan aktivlarni inobatga olgan holda shakllantiriladi.
Tashkilotlar mazkur stavkani nominal toʻlov miqdorini ijro majburiyati bajarilgan vaqtda (yoki bajarilishi davomida) resurs taʼminlovchi tomonidan oʻtkazilishi mumkin boʻlgan qiymatga keltiruvchi stavka sifatida aniqlashi mumkin (qoʻllanilishi mumkin boʻlgan hollarda).
Majburiy kelishuv tuzilgandan soʻng, tashkilotlar foiz stavkalaridagi oʻzgarishlar yoki boshqa holatlar (masalan, resurs taʼminlovchining toʻlov qobiliyatiga doir baholashning oʻzgarishi) sababli diskont stavkasini qayta koʻrib chiqish talab etilmaydi.
119. Tashkilotlar moliyalashtirishning taʼsirini (foiz daromadi yoki foiz xarajati) hisobot davridagi moliyaviy natija haqidagi hisobotda majburiy kelishuvdan olingan daromaddan alohida koʻrsatishi lozim.
Foiz daromadi yoki foiz xarajati faqatgina majburiy kelishuv boʻyicha aktiv (yoki olinishi kerak boʻlgan summa) yoki majburiyat hisob-kitobida tan olingan miqdorga mos ravishda eʼtirof etiladi.
9-§. Kelishuv toʻlov qiymatini ijro majburiyatlari oʻrtasida taqsimlash
120. Kelishuv boʻyicha toʻlov qiymatini taqsimlashdan koʻzlangan maqsad kelishuvda nazarda tutilgan har bir ijro majburiyatiga, ushbu majburiyat bajarilishi natijasida tashkilotlar olishi kutilgan toʻlov summasiga muvofiq ravishda kelishuv boʻyicha toʻlov qiymatini ajratish hisoblanadi.
121. Tashkilot majburiy kelishuv boʻyicha olingan umumiy toʻlovni har bir alohida majburiyatga (tovar yoki xizmatga) uning alohida narxiga nisbatan mazkur Standartning 122 — 126-bandlariga muvofiq mutanosib ravishda taqsimlashi kerak. Chegirmalarni taqsimlash va oʻzgaruvchan miqdorlarni oʻz ichiga olgan qiymatlarni taqsimlash mazkur Standartning 127 — 129-bandlarida nazarda tutilgan hollardan tashqari amalga oshiriladi.
Tan olingan daromad miqdori, aktiv sifatida tan olingan resurs kirimining proporsional qismi boʻlib, umumiy ijro majburiyatlari bajarilgan deb hisoblangan prognoz qilingan foizga asoslanadi.
10-§. Alohida qiymat asosida taqsimlash
122. Majburiy kelishuv boʻyicha toʻlov qiymatini har bir ijro majburiyatiga proporsional alohida qiymat asosida taqsimlash uchun tashkilotlar majburiy kelishuvda aniqlangan har bir ijro majburiyatiga tegishli alohida tovar yoki xizmatning alohida qiymatini majburiy kelishuv tuzilayotgan paytda va toʻlov qiymatini shu alohida qiymatlarga mutanosib taqsimlashi kerak.
123. Alohida qiymatning eng ishonchli dalili — tashkilotlar bu tovar yoki xizmatni oʻxshash sharoitda va oʻxshash resurs taʼminlovchilarga alohida taqdim qilganda aniqlangan narxidir.
Majburiy kelishuvda tovar yoki xizmat uchun belgilangan narx yoki narxlar roʻyxati mazkur tovar yoki xizmatning alohida qiymati sifatida qaralishi mumkin, biroq bunday narx avtomatik ravishda alohida qiymat sifatida qabul qilinmaydi.
124. Agar alohida qiymatni bevosita aniqlash imkoni boʻlmasa, tashkilotlar mazkur Standartning 120-bandida belgilangan taqsimlash maqsadiga muvofiq ravishda majburiy kelishuv boʻyicha toʻlov qiymatini taqsimlashni taʼminlaydigan miqdorda alohida qiymatni baholaydi.
Alohida qiymatni baholashda tashkilotlar oʻzida mavjud boʻlgan barcha asosli axborotni, shu jumladan, tashkilotlarga xos omillarni, resurs taʼminlovchi yoki resurs taʼminlovchilar toifasi haqidagi maʼlumotlarni hamda tegishli hollarda bozor sharoitlarini inobatga olishi kerak.
Bunda tashkilotlar kuzatiladigan maʼlumotlardan imkon qadar koʻproq foydalanishi va oʻxshash vaziyatlarda baholash usullarini izchil qoʻllashi lozim.
125. Tovar yoki xizmatning alohida qiymatini baholashda qoʻllanilishi mumkin boʻlgan usullar quyidagilarni oʻz ichiga oladi, ammo ular bilan cheklanmaydi:
a) bozorni moslashtirilgan baholash usuli — tashkilotlar tovarlar yoki xizmatlardan foydalanadigan yoki ularni taqdim etadigan bozorni tahlil qilib, ushbu bozorda boshqa tashkilotlar shu tovar yoki xizmatlar (yoxud ularga oʻxshash tovar yoki xizmatlar) uchun toʻlashga tayyor boʻlgan narxni aniqlashi hamda zarur hollarda ushbu narxlarni tashkilotlarning xarajatlari va foydalarini hisobga olgan holda moslashtirishi mumkin;
b) kutilayotgan xarajatlar usuli — tashkilotlar ijro majburiyatini bajarish uchun kutilayotgan xarajatlarni prognoz qilishi va agar tegishli boʻlsa mazkur tovar yoki xizmat uchun asosli ustama qoʻshishi mumkin;
d) qoldiq usuli — tashkilotlar alohida qiymatni kelishuv boʻyicha umumiy toʻlov qiymatidan kelishuv doirasida foydalaniladigan yoki boshqa tomonga oʻtkaziladigan boshqa tovarlar yoki xizmatlarning kuzatiladigan alohida qiymatlari yigʻindisini ayirish orqali baholashi mumkin. Biroq tashkilotlar mazkur Standartning 124-bandiga muvofiq holda, tovar yoki xizmatning alohida qiymatini qoldiq usuli orqali faqat quyidagi shartlardan biri mavjud boʻlganda foydalanishi mumkin:
1) tashkilotlar bir xil tovar yoki xizmatni turli tomonlarga (bir vaqtda yoki deyarli bir vaqtda) juda keng qiymat oraligʻida taqdim etsa (yaʼni, narx yuqori darajada oʻzgaruvchan boʻlib, oldingi kelishuvlar yoki boshqa kuzatiladigan dalillar asosida alohida qiymatni aniqlash mumkin boʻlmasa);
2) tashkilotlar ushbu tovar yoki xizmat uchun hali narx belgilamagan boʻlsa va mazkur tovar yoki xizmat avval mustaqil ravishda taqdim etilmagan boʻlsa (yaʼni narx noaniq boʻlsa).
126. Agar kelishuv doirasida foydalaniladigan yoki boshqa tomonga oʻtkaziladigan tovarlar yoki xizmatlardan ikki yoki undan ortigʻining alohida qiymati yuqori darajada oʻzgaruvchan yoki noaniq boʻlsa, ushbu tovarlar yoki xizmatlarning alohida qiymatini baholashda bir necha usullarni birgalikda qoʻllash talab etilishi mumkin.
Masalan, tashkilotlar alohida qiymati yuqori darajada oʻzgaruvchan yoki noaniq boʻlgan tovarlar yoki xizmatlar uchun jami alohida qiymatni qoldiq usuli orqali baholab, keyin esa ushbu qoldiq usuli asosida aniqlangan jami alohida qiymatga nisbatan har bir alohida tovar yoki xizmatning alohida qiymatini boshqa baholash usuli yordamida aniqlashi mumkin.
Tashkilotlar kelishuv doirasidagi har bir tovar yoki xizmatning alohida qiymatini baholashda bir necha usullarni birgalikda qoʻllagan taqdirda, kelishuv boʻyicha toʻlov qiymatini ushbu baholangan alohida qiymatlar asosida taqsimlash mazkur Standartning 120-bandida belgilangan taqsimlash maqsadiga hamda mazkur Standartning 124-bandida nazarda tutilgan alohida qiymatni baholash talablariga muvofiqligini taʼminlashi lozim.
11-§. Oʻzgaruvchan toʻlovni taqsimlash
127. Kelishuvda nazarda tutilgan oʻzgaruvchan toʻlov butun kelishuvga yoki kelishuvning muayyan qismiga taalluqli boʻlishi mumkin. Bunday holatlarga quyidagilar kiradi:
a) kelishuvdagi barcha ijro majburiyatlariga emas, balki bir yoki bir nechta ijro majburiyatlariga taalluqli boʻlishi (masalan, muayyan muddat ichida nazarda tutilgan tovar yoki xizmatdan foydalanish yoki uni boshqa tomonga oʻtkazish sharti bajarilgan taqdirda toʻlanadigan mukofot);
b) mazkur Standart 61-bandining “b” kichik bandiga muvofiq holda bitta ijro majburiyatini tashkil etuvchi, bir-biriga oʻxshash alohida tovarlar yoki xizmatlar ketma-ketligining barchasiga emas, balki ayrim tovarlar yoki xizmatlariga taalluqli boʻlishi (masalan, ikki yillik tozalash xizmati boʻyicha kelishuvda ikkinchi yil uchun nazarda tutilgan toʻlov belgilangan inflyatsiya koʻrsatkichidagi oʻzgarishlarga asoslanib oshirilishi mumkin).
128. Tashkilotlar oʻzgaruvchan toʻlov summasini (shuningdek, ushbu summaning keyinchalik oʻzgarishlarini) toʻliq miqdorda muayyan ijro majburiyatiga yoki mazkur Standartning 61-bandi “b” kichik bandiga muvofiq holda bitta ijro majburiyatini tashkil etuvchi alohida tovar yoki xizmatga quyidagi ikki shart bir vaqtda bajarilgan taqdirda ajratadi:
a) oʻzgaruvchan toʻlov shartlari tashkilotlarning muayyan ijro majburiyatini bajarishga yoki alohida tovar yoxud xizmatdan foydalanish yoki uni boshqa tomonga oʻtkazishga qaratilgan harakatlari (yoki ushbu ijro majburiyati bajarilishi yoxud tovar yoki xizmatdan foydalanish yoki oʻtkazish natijasida erishiladigan muayyan natija) bilan bevosita bogʻliq boʻlsa;
b) oʻzgaruvchan toʻlov miqdorini toʻliq ijro majburiyatiga yoki alohida tovar yoki xizmatga taqsimlash majburiy kelishuvdagi barcha ijro majburiyatlari va toʻlov shartlarini hisobga olgan holda, mazkur Standartning 120-bandidagi taqsimlash maqsadiga mos kelsa.
129. Mazkur Standartning 128-bandida belgilangan mezonlarga mos kelmaydigan majburiy kelishuv boʻyicha toʻlov qiymatining qolgan qismi mazkur Standartning 120 — 126-bandlarida nazarda tutilgan talablarga muvofiq ravishda taqsimlanishi lozim.
12-§. Kelishuv boʻyicha toʻlov qiymatining oʻzgarishlari
130. Majburiy kelishuv tuzilganidan soʻng, kelishuv boʻyicha toʻlov qiymati turli sabablarga koʻra oʻzgarishi mumkin. Bunga noaniq holatlarning bartaraf etilishi yoki tashkilotlar tomonidan ijro majburiyati bajarilishi natijasida olinishi kutilgan toʻlov summasiga taʼsir koʻrsatuvchi boshqa holatlar oʻzgarishi kiradi.
131. Tashkilotlar majburiy kelishuv boʻyicha toʻlov qiymatida yuzaga kelgan keyingi oʻzgarishlarni majburiy kelishuv tuzilgan paytda qoʻllangan asosda majburiy kelishuvdagi ijro majburiyatlariga taqsimlashi lozim. Tashkilotlar kelishuv tuzilgandan soʻng mustaqil qiymatlarning oʻzgarishini inobatga olgan holda majburiy kelishuv boʻyicha toʻlov qiymatini qayta taqsimlamaydi.
Bajarilgan ijro majburiyatiga ajratilgan summalar kelishuv qiymati oʻzgargan davrda daromad sifatida yoki daromadning kamayishi sifatida tan olinadi.
132. Tashkilotlar kelishuv boʻyicha toʻlov qiymatidagi oʻzgarishni kelishuvdagi barcha ijro majburiyatlariga emas, balki bitta yoki bir nechta ijro majburiyatiga yoxud mazkur Standart 61-bandining “b” kichik bandiga muvofiq yagona ijro majburiyatini tashkil etuvchi alohida tovarlar yoki xizmatlarga toʻliq taqsimlashi mumkin.
133. Tashkilotlar majburiy kelishuvga kiritilgan oʻzgartirish natijasida yuzaga kelgan kelishuv boʻyicha toʻlov qiymatidagi oʻzgarishni mazkur Standartning 56 — 59-bandlariga muvofiq hisobga oladi. Biroq majburiy kelishuvga oʻzgartirish kiritilgandan keyin tashkilotlar quyidagi usullardan tegishlisini qoʻllagan holda mazkur Standartning 130 — 132-bandlariga muvofiq kelishuv boʻyicha toʻlov qiymatidagi oʻzgarishni taqsimlaydi:
a) agar kelishuv boʻyicha toʻlov qiymatidagi oʻzgarish kelishuvga oʻzgartish kiritilishidan oldin nazarda tutilgan oʻzgaruvchan toʻlov summasiga taalluqli boʻlsa va kelishuvga kiritilgan oʻzgartirish mazkur Standartning 59-bandi “a” kichik bandiga muvofiq hisobga olingan boʻlsa, tashkilotlar kelishuv boʻyicha toʻlov qiymatidagi oʻzgarishni oʻzgartirish kiritilishidan oldin kelishuvda aniqlangan ijro majburiyatlarining tegishli qismida taqsimlaydi;
b) mazkur Standartning 58-bandiga muvofiq kelishuv alohida yangi kelishuv sifatida hisobga olinmagan boshqa barcha holatlarda tashkilotlar kelishuv boʻyicha toʻlov qiymatidagi oʻzgarishni oʻzgartirish kiritilgandan keyin bajarilmagan yoki qisman bajarilgan ijro majburiyatlariga (yaʼni oʻzgartirilgan kelishuvdagi ijro majburiyatlariga) taqsimlaydi.
10-bob. Majburiy kelishuv asosidagi daromad operatsiyalaridan yuzaga kelgan boshqa aktivlar
1-§. Majburiy kelishuv tuzishning qoʻshimcha xarajatlari
134. Tashkilotlar majburiy kelishuvni tuzish bilan bogʻliq qoʻshimcha xarajatlarni, agar ushbu xarajatlar keyinchalik qoplanishi kutilayotgan boʻlsa, aktiv sifatida tan oladi.
135. Majburiy kelishuvni tuzishga oid qoʻshimcha xarajatlar — bu tashkilotlar tomonidan majburiy kelishuvni tuzish maqsadida qilingan (agar mazkur kelishuv tuzilmaganida yuzaga kelmaydigan) xarajatlardir (masalan, huquqiy maslahat uchun toʻlov).
136. Majburiy kelishuvni olish bilan bogʻliq boʻlgan va kelishuv olinishi yoki olinmasligidan qatʼi nazar yuzaga keladigan xarajatlar, agar ular resurs taʼminlovchiga yuklanishi nazarda tutilmagan boʻlsa, ular amalga oshirilgan davrda xarajat sifatida tan olinadi.
137. Amaliy jihatdan yengillashtirish sifatida, agar majburiy kelishuvni qoʻlga kiritish bilan bogʻliq xarajatlar boʻyicha aktiv tan olinishi mumkin boʻlsa va ushbu aktivning amortizatsiya davri bir yil yoki undan kamni tashkil etsa, tashkilotlar bunday xarajatlarni ular yuzaga kelgan paytda xarajat sifatida tan olishi mumkin.
2-§. Majburiy kelishuvni bajarish uchun xarajatlar
138. Agar kelishuvni bajarish jarayonida qilingan xarajatlar boshqa standartlarning qoʻllanish doirasiga kirmasa (masalan, Oʻzbekiston Respublikasi budjet hisobining standarti (7-sonli BHS) “Tovar-moddiy zaxiralar” (roʻyxat raqami 3120, 2019-yil 14-yanvar), Oʻzbekiston Respublikasi budjet hisobining standarti (9-sonli BHS) “Nomoddiy aktivlar” (roʻyxat raqami 3169, 2019-yil 24-iyun) yoki Oʻzbekiston Respublikasi budjet hisobining standarti (8-sonli BHS) “Koʻchmas mulk, bino va jihozlar” (roʻyxat raqami 3144, 2019-yil 20-mart), tashkilotlar kelishuvni bajarish bilan bogʻliq xarajatlar boʻyicha aktivni faqat quyidagi shartlar bilan bir vaqtda bajarilganda tan oladi:
a) xarajatlar muayyan majburiy kelishuvga yoki tashkilotlar aniq belgilashi mumkin boʻlgan kutilayotgan majburiy kelishuvga bevosita tegishli boʻlsa (masalan, amaldagi kelishuvni yangilash doirasida koʻrsatiladigan xizmatlar bilan bogʻliq xarajatlar yoki hali tasdiqlanmagan, ammo muayyan kelishuv doirasida topshirilishi rejalashtirilgan aktivni loyihalash xarajatlari);
b) xarajatlar kelgusida ijro majburiyatlarini bajarish (yoki bajarishni davom ettirish) uchun foydalaniladigan resurslarni shakllantirsa yoki takomillashtirsa;
d) ushbu xarajatlar qoplanishi kutilsa.
139. Agar majburiy kelishuvni bajarish jarayonida qilingan xarajatlar boshqa budjet hisobi standartlarining qoʻllanish doirasiga kirsa, tashkilotlar bunday xarajatlarni tegishli standartlar talablariga muvofiq hisobga oladi.
140. Majburiy kelishuvga (yoki aniq belgilangan kutilayotgan majburiy kelishuvga) bevosita bogʻliq boʻlgan xarajatlar quyidagilarni oʻz ichiga oladi:
a) toʻgʻridan-toʻgʻri mehnat xarajatlari (masalan, xaridor yoki uchinchi shaxs manfaatdoriga xizmatlarni bevosita koʻrsatuvchi xodimlarning ish haqi va unga tenglashtirilgan toʻlovlar);
b) toʻgʻridan-toʻgʻri materiallar xarajatlari (masalan, xaridor yoki uchinchi shaxs manfaatdoriga xizmatlar koʻrsatishda foydalaniladigan materiallar va sarflanuvchi vositalar);
d) majburiy kelishuvga yoki uning doirasidagi faoliyatga bevosita taalluqli boʻlgan taqsimlangan xarajatlar (masalan, boshqaruv va nazorat xarajatlari, shuningdek, majburiy kelishuvni bajarishda foydalanilayotgan asbob-uskunalar, jihozlar va foydalanish huquqi aktivlarining sugʻurtasi hamda amortizatsiyasi);
e) majburiy kelishuv shartlariga muvofiq resurs taʼminlovchi zimmasiga yuklatilishi belgilangan xarajatlar;
f) tashkilotlar tomonidan aynan ushbu majburiy kelishuv sababli yuzaga keladigan boshqa xarajatlar (masalan, subpudratchilarga toʻlovlar).
141. Tashkilotlar quyidagi xarajatlarni ular amalga oshirilgan davrda xarajat sifatida tan oladi:
a) umumiy va maʼmuriy xarajatlar (agar bunday xarajatlar majburiy kelishuv shartlariga muvofiq resurs taʼminlovchi zimmasiga yuklatilishi belgilanmagan boʻlsa, aks holda, ushbu xarajatlar mazkur Standartning 140-bandiga muvofiq baholanadi);
b) majburiy kelishuvni bajarish jarayonida sarflangan, biroq kelishuv boʻyicha toʻlov qiymatida inobatga olinmagan samarasiz sarflangan materiallar, mehnat yoki boshqa resurslar xarajatlari;
d) majburiy kelishuv boʻyicha bajarilgan (yoki qisman bajarilgan) ijro majburiyatlariga taalluqli xarajatlar (yaʼni, avval bajarilgan ishlar bilan bogʻliq xarajatlar);
e) bajarilmagan ijro majburiyatlari yoki bajarilgan (yoki qisman bajarilgan) ijro majburiyatlari oʻrtasida aniq ajratib boʻlmaydigan xarajatlar.
3-§. Amortizatsiya va qadrsizlanish
142. Mazkur Standartning 134 yoki 138-bandlariga muvofiq aktiv sifatida tan olingan xarajatlar ular bilan bogʻliq ijro majburiyati bajarilishiga mutanosib ravishda tizimli asosda amortizatsiya qilinadi. Ushbu aktiv mazkur Standartning 138-bandi “a” kichik bandiga muvofiq muayyan kutilayotgan majburiy kelishuv doirasida bajarilishi lozim boʻlgan ijro majburiyatlariga ham taalluqli boʻlishi mumkin.
143. Agar ijro majburiyatining bajarilish muddatida sezilarli oʻzgarish yuz bersa, tashkilotlar ushbu oʻzgarishni inobatga olgan holda amortizatsiya hisobini qayta koʻrib chiqishi lozim.
Bunday oʻzgarish Oʻzbekiston Respublikasi budjet hisobining standarti 1-sonli BHS “Hisob siyosati, hisob baholaridagi oʻzgarishlar va xatolar” (roʻyxat raqami 3797, 2026-yil 27-mart) talablariga muvofiq hisob-kitob bahosining oʻzgarishi sifatida hisobga olinadi.
144. Tashkilotlar mazkur Standartning 134 yoki 138-bandlariga muvofiq tan olingan aktivning balans qiymati aktiv taalluqli boʻlgan ijro majburiyatlarini bajarish natijasida olinishi kutilayotgan toʻlovlarning qoldiq miqdori va mazkur ijro majburiyatlarini bajarish bilan bevosita bogʻliq boʻlgan va hali xarajat sifatida tan olinmagan xarajatlar (ushbu bandning qoʻllanilishida mazkur Standartning 140-bandi talablari inobatga olinadi) oʻrtasidagi farqdan ortiq boʻlgan qismini moliyaviy natijalar toʻgʻrisidagi hisobotda foyda yoki zarar sifatida tan olishi lozim.
145. Mazkur Standartning 144-bandini qoʻllash orqali tashkilotlar olishi kutilayotgan toʻlov summasini aniqlashda kelishuv boʻyicha toʻlovni baholash qoidalaridan foydalanishi lozim (mazkur Standartning 111 va 112-bandlarida nazarda tutilgan oʻzgaruvchan toʻlovni cheklashga oid talablardan tashqari) hamda ushbu summani resurs taʼminlovchisining toʻlov imkoniyati bilan bogʻliq xatar taʼsirini aks ettirib toʻgʻrilashi kerak.
146. Tashkilotlar mazkur Standartning 134 yoki 138-bandiga muvofiq tan olingan aktiv boʻyicha qadrsizlanishdan koʻrilgan zararni tan olishdan oldin boshqa Standartlarga (masalan, Oʻzbekiston Respublikasi budjet hisobining standarti (7-sonli BHS) “Tovar-moddiy zaxiralar” (roʻyxat raqami 3120, 2019-yil 14-yanvar), Oʻzbekiston Respublikasi budjet hisobining standarti (8-sonli BHS) “Koʻchmas mulk, bino va jihozlar” (roʻyxat raqami 3144, 2019-yil 20-mart) va Oʻzbekiston Respublikasi budjet hisobining standarti (9-sonli BHS) “Nomoddiy aktivlar” (roʻyxat raqami 3169, 2019-yil 24-iyun) koʻra tan olingan majburiy kelishuv bilan bogʻliq aktivlarning qadrsizlanishidan koʻrilgan har qanday zararni tan olishi shart.
Mazkur Standartning 144-bandida keltirilgan qadrsizlanishni tekshirish qoʻllanilgandan soʻng, tashkilotlar mazkur Standartning 134 yoki 138-bandiga muvofiq tan olingan aktivning natijadagi balans qiymatini tegishli pul mablagʻlarini hosil qiluvchi birlikning balans qiymatiga kiritishi lozim.
147. Tashkilotlar mazkur Standartning 144-bandiga muvofiq avval tan olingan qadrsizlanishdan koʻrilgan zararning bir qismini yoki hammasini, agar qadrsizlanish shartlari mavjud boʻlmasa yoki yaxshilangan boʻlsa, foyda yoki zarar tarkibida aks ettirishi lozim.
Aktivning oshirilgan balans qiymati, agar ilgari qadrsizlanishdan zarar tan olinmagan boʻlsa, aniqlanishi lozim boʻlgan (amortizatsiyani chegirgan holda) miqdordan oshmasligi kerak.
11-bob. Taqdimot
1-§. Koʻrsatish
148. Majburiy kelishuvning har qanday tomoni oʻz majburiyatini bajargan taqdirda, tashkilotlar moliyaviy holat toʻgʻrisidagi hisobotda bu kelishuvni majburiy kelishuv aktivi yoki majburiy kelishuv majburiyati sifatida taqdim etishi lozim.
Bu tashkilotlarning faoliyati va resurs taʼminlovchining haq toʻlashi oʻrtasidagi munosabatga bogʻliq boʻladi. Tashkilotlar har qanday shartlarsiz haq olish huquqlarini alohida debitor qarz sifatida taqdim etishi kerak.
149. Agar resurs taʼminlovchi tashkilotlar oʻzining ijro majburiyatini bajarishidan oldin pul mablagʻlarini yoki boshqa aktivni oʻtkazsa yoki tashkilotlarda toʻlovni olish boʻyicha shartsiz huquq (yaʼni, debitorlik qarzi) yuzaga kelsa, tashkilotlar toʻlov oʻtkazilgan paytda yoki toʻlov toʻlanishi lozim boʻlgan paytda (qaysi biri ertaroq boʻlsa) mazkur majburiy kelishuvni majburiy kelishuv majburiyati sifatida taqdim etadi.
150. Agar tashkilotlar ijro majburiyatini bajarib boʻlsa, lekin toʻlov hali qabul qilinmagan boʻlsa yoki shartlarsiz toʻlov olish huquqi hali yuzaga kelmagan boʻlsa, tashkilotlar majburiy kelishuvni (debitor qarz sifatida taqdim etilgan summalardan tashqari) majburiy kelishuv aktivi sifatida taqdim etadi.
151. Debitorlik qarzi — bu tashkilotlarning shartlarsiz mablagʻ olish huquqidir. Agar toʻlovni olish uchun faqat vaqt oʻtishi talab etilsa, toʻlovni olish huquqi shartsiz hisoblanadi.
Masalan, agar tashkilotlar kelgusida qaytarib berilishi mumkin boʻlgan summaga nisbatan ham hozirda toʻlovni olish huquqiga ega boʻlsa, tashkilotlar ushbu summani debitorlik qarzi sifatida tan oladi.
152. Mazkur Standart “majburiy kelishuv aktivi” va “majburiy kelishuv majburiyati” atamalarini qoʻllaydi, lekin tashkilotlarga moliyaviy holat toʻgʻrisidagi hisobotda bu tushunchalar uchun boshqa tavsiflardan foydalanishni taqiqlamaydi.
Agar tashkilotlar majburiy kelishuv aktivi uchun boshqa tavsifdan foydalansa, u moliyaviy hisobot foydalanuvchisiga debitorlik qarzi bilan majburiy kelishuv aktivini farqlash imkonini beruvchi yetarli maʼlumotni taqdim etishi shart.
2-§. Maʼlumotlarni yoritib berish
153. Maʼlumotlarni yoritib berishdan maqsad, tashkilotlar moliyaviy hisobot foydalanuvchilariga daromad operatsiyalaridan kelib chiqadigan daromadlar va pul oqimlarining xususiyati, miqdori, muddati va noaniqlik darajasini tushunish imkonini beradigan yetarli maʼlumotlarni taqdim etishdir.
Bu maqsadga erishish uchun tashkilotlar quyidagilarning barchasi haqida sifatli va miqdoriy maʼlumotlarni yoritib berishi lozim:
a) majburiy kelishuvlarsiz operatsiyalardan olingan daromadlar (ushbu kichik bandning qoʻllanilishida mazkur Standartning 158 — 162-bandlari talablari inobatga olinadi);
b) majburiy kelishuvli operatsiyalardan olingan daromadlar (ushbu kichik bandning qoʻllanilishida mazkur Standartning 163 — 172-bandlari talablari inobatga olinadi);
d) mazkur Standartni majburiy kelishuvlarga tatbiq etishda qabul qilingan muhim qarorlar va bu qarorlardagi oʻzgarishlar (ushbu kichik bandning qoʻllanilishida mazkur Standartning 173 — 175-bandlari talablari inobatga olinadi);
e) mazkur Standartning 134 yoki 138-bandiga muvofiq resurs taʼminlovchi bilan tuzilgan majburiy kelishuvni olish yoki bajarish xarajatlaridan tan olingan har qanday aktivlar (ushbu kichik bandning qoʻllanilishida mazkur Standartning 176-177-bandlari talablari inobatga olinadi).
154. Tashkilotlar maʼlumotlarni yoritib berish maqsadini taʼminlash uchun zarur boʻlgan maʼlumot darajasini va turli talablarning har biriga qanday eʼtibor qaratish kerakligini belgilab olishi shart. Bunda oʻxshash xususiyatga ega daromadlar birlashtirilishi hamda iqtisodiy mazmuni farq qiluvchilar alohida yoritib berilishi kerak.
Shuningdek, tashkilotlar axborotni birlashtirish yoki alohida yoritib berishda ahamiyatsiz maʼlumotlarning haddan tashqari koʻpligi sababli kiritilmay qolmasligi hamda xususiyatlari jiddiy farq qiladigan moddalarni birlashtirish natijasida mazmuni yoʻqolib ketmasligi lozim.
155. Tashkilotlar umumiy maqsadli moliyaviy hisobotlarda yoki ularning izohlarida quyidagi axborotlarni yoritib berishi shart:
a) hisobot davri mobaynida tan olingan operatsiyalardan olingan daromad summasi, quyidagi asosiy toifalar boʻyicha alohida koʻrsatilgan holda:
1) soliqlar;
2) yigʻimlar;
3) oʻtkazmalar;
4) kelishuvdagi ijro majburiyatlariga taalluqli daromadlar;
b) hisobot sanasida daromadlar bilan bogʻliq holda tan olingan debitorlik qarzlari summasi;
d) hisobot sanasida ijro majburiyatlari bilan bogʻliq holda olingan aktivlar yuzasidan tan olingan majburiyatlar summasi;
e) hisobot sanasida aktivlarni berishga doir talablar mavjud boʻlgan imtiyozli kreditlar boʻyicha tan olingan majburiyatlar summasi;
f) kelishuvlar boʻyicha oldindan olingan tushumlarning summasi;
g) bekor qilingan (kechib yuborilgan) har qanday majburiyatlar summasi.
156. Tashkilotlar umumiy maqsadli moliyaviy hisobotlarga quyidagi izohlarni kiritishi shart:
a) daromadlarni tan olish uchun qoʻllanilgan hisob siyosati;
b) mazkur Standartni qoʻllash jarayonida daromad miqdori va vaqtini belgilashga sezilarli taʼsir koʻrsatadigan qarorlar va bu qarorlardagi oʻzgarishlar;
d) kelishuvlardan olinadigan daromadlarning asosiy turlari boʻyicha resurslar kirimining qiymati qanday asosda baholangani;
e) soliq va yigʻimlar miqdorini ishonchli baholash mumkin boʻlmagan holatlarda ularning mazmun va xususiyati toʻgʻrisida axborot.
157. Davlat sektorida tashkilotlar kontragentga nisbatan majburiyatni bajarishni talab qilishga yoki unga xarajat yuklashni nazarda tutuvchi daromad operatsiyalarini amalga oshiradi. Biroq ushbu daromad operatsiyasining nominal qiymati har doim ham toʻliq undirib olinmasligi mumkin.
Bunday operatsiyalarga:
majburiy kelishuvlarsiz soliqlar yoki jarimalardan olingan daromadlar;
majburiy kelishuv doirasida uchinchi tomon manfaatdoriga tovarlar yoki xizmatlar taqdim etish orqali ijro majburiyatini bajarishdan olingan daromadlar kiradi.
Tashkilotlar quyidagi maʼlumotlarni yoritib berishi shart:
a) daromad operatsiyasidagi bir tomoni tashkilotlar oldidagi majburiyatini bajarishga majbur etuvchi qonunchilik yoki qarorning tavsifi;
b) mazkur Standartning 22 va 97-bandlari qoʻllanilgandan soʻng tan olingan daromad summasi yoki mazkur Standartning 107-bandiga muvofiq toʻlovning undirilmaydigan qismi hisobga olingan holda tan olingan daromad summasi;
d) ushbu operatsiyalar boʻyicha mazkur Standartning 111-bandiga muvofiq toʻlovni undirish ehtimoli past boʻlganligi sababli yoki mazkur Standartning 107-bandiga muvofiq toʻlovning undirilmaydigan qismi sifatida baholanganligi sababli daromad sifatida tan olinmagan summa;
e) agar mazkur Standartning 107-bandiga muvofiq toʻlov miqdori toʻlovning undirilmaydigan qismi hisobga olingan holda kamaytirilgan boʻlsa, tashkilotlar quyidagilarni yoritib berishi shart:
1) toʻlovning undirilmaydigan qismi aniqlangandan keyin daromad sifatida tan olingan summa;
2) toʻlovning undirilmaydigan qismi sifatida baholanganligi sababli daromad sifatida tan olinmagan summa.
3-§. Majburiy kelishuvlarsiz olingan daromadni alohida yoritib berish
158. Mazkur Standartning 41-bandiga asosan tashkilotlar soliq va yigʻimlar boʻyicha operatsiyalardan kelib chiqadigan aktivlar va daromadlarni ishonchli tarzda baholay olish imkoniyatiga (masalan, statistik modellardan foydalangan holda) ega boʻladi.
Ayrim hollarda tashkilotlar soliqqa tortish hodisasi yoki yigʻimlar uchun shunga oʻxshash hodisa sodir boʻlgan hisobot davrida emas, balki ushbu hodisadan keyin bir yoki bir necha hisobot davrlari oʻtgandan soʻnggina aktivlar va daromadlarni ishonchli tarzda baholay oladi.
Bunday hollarda tashkilotlar soliqlar yoki yigʻimlar boʻyicha hisobot davrida ishonchli tarzda baholanmaganligi sababli tan olinmagan summalarning asosiy turlari va ularning mohiyati toʻgʻrisida axborotni yoritib berishi shart.
159. Mazkur Standartning 155-bandi “f” kichik bandiga muvofiq, tashkilotlar oldindan olingan tushumlar (avans tushumlar) mavjud boʻlsa, yoritib berishi shart.
Agar soliqqa tortish hodisasi hali sodir boʻlmagan boʻlsa yoki oʻtkazma boʻyicha majburiy kelishuv kuchga kirmagan boʻlsa, bunday tushumlar tashkilotlar uchun daromad sifatida tan olinmaydi va majburiyat sifatida hisobga olinadi, chunki tashkilotlar hali tegishli iqtisodiy manfaatlar yoki xizmat koʻrsatish salohiyatini qoʻlga kiritmagan boʻladi.
160. Mazkur Standartning 155-bandi “f” kichik bandiga muvofiq, tashkilotlar olgan meroslari, hadyalari va xayriyalarining asosiy toifalari va ularning mohiyati toʻgʻrisida axborotni yoritib berishi shart.
Ushbu resurslar kirimi resurs taʼminlovchining ixtiyoriga binoan amalga oshiriladi, bu esa kelgusi hisobot davrlarida bunday resurs manbalari miqdori va tarkibining sezilarli darajada oʻzgarishi ehtimolini yuzaga keltiradi.
161. Agar tashkilotlar natura shaklida olingan xizmatlarni (bepul berilgan konsalting yoki maslahat xizmatlarini) umumiy maqsadli moliyaviy hisobotlarda tan olmasa, bunday xizmatlarning asosiy toifalari va ularning mohiyati toʻgʻrisida axborotni yoritib berishi tavsiya etiladi (ayniqsa agar mazkur xizmatlar tashkilotlar faoliyati uchun ahamiyatli boʻlsa).
Tashkilotlarning natura shaklida olingan xizmatlarning muayyan turiga qay darajada bogʻliqligi ushbu xizmatlar boʻyicha axborotni qay darajada yoritib berishini belgilaydi.
162. Agar natura shaklida olingan xizmatlar aktiv taʼrifiga mos kelsa va aktivni tan olish mezonlariga javob bersa, tashkilotlar bunday xizmatlarni aktiv sifatida tan olish va ularni haqqoniy qiymatda baholashni tanlashi mumkin.
Mazkur Standartning 161-bandiga muvofiq, tashkilotlar ushbu xizmatlar tan olingan yoki tan olinmaganligidan qatʼi nazar, qabul qilingan natura shaklidagi xizmatlarning barcha asosiy turlari va ularning mohiyati toʻgʻrisida sifatli axborotni yoritib berishi qatʼiy ravishda tavsiya etiladi.
Bunday axborotni yoritib berish moliyaviy hisobot foydalanuvchilariga quyidagilarni baholashda yordam berishi mumkin:
a) hisobot davrida ushbu xizmatlarning tashkilotlar maqsadlariga erishishga qoʻshgan hissasi;
b) kelgusi hisobot davrlarida tashkilotlarning oʻz maqsadlariga erishishida ushbu xizmatlarga qay darajada bogʻliq ekanligi.
4-§. Majburiy kelishuvlar asosida olingan daromadlar boʻyicha maxsus axborotni yoritib berish
163. Tashkilotlar ushbu summalar boshqa budjet hisobi standartlariga muvofiq moliyaviy natijalar toʻgʻrisidagi hisobotda alohida koʻrsatilmagan boʻlsa, hisobot davrida quyidagi summalarni yoritib berishi shart:
a) majburiy kelishuvlarga asoslangan ijro majburiyatlari boʻyicha tan olingan daromad summalarni boshqa daromad manbalaridan alohida;
b) tashkilotlarning majburiy kelishuvlari natijasida yuzaga kelgan debitorlik qarzlari yoki majburiy kelishuv aktivlari boʻyicha qadrsizlanish zararlari (bunda ushbu zararlar boshqa majburiy kelishuvlardan kelib chiqqan qadrsizlanish zararlaridan alohida yoritib berilishi lozim).
164. Ijro majburiyatlari aktivlardan foydalanishga cheklovlar qoʻyadi, bu esa tashkilotlar faoliyatiga taʼsir koʻrsatadi.
Ijro majburiyatlari boʻyicha tan olingan majburiyatlar miqdorini yoritib berish moliyaviy hisobot foydalanuvchilariga tashkilotlarning oʻz aktivlaridan mustaqil ravishda foydalanish imkoniyatini baholashda yordam beradi.
Tashkilotlarga mazkur Standartning 155-bandi “d” kichik bandida talab qilingan maʼlumotlarni quyidagilar boʻyicha ajratib koʻrsatish tavsiya qilinadi:
soliqlar va yigʻimlar boʻyicha ijro majburiyatlari;
majburiy kelishuvlar boʻyicha ijro majburiyatlari;
boshqa ijro majburiyatlari bilan bogʻliq majburiyatlar.
Bu yoritish moliyaviy hisobot foydalanuvchisiga aktivlardan foydalanish imkoniyatlari, tashkilotlarning kelgusi faoliyati uchun mavjud resurslar va moliyaviy erkinlik darajasini aniq baholashga imkon beradi.
5-§. Daromadni guruhlarga ajratib koʻrsatish
165. Tashkilotlar majburiy kelishuvlardan tan olingan daromadlarni, daromad va pul oqimlarining xususiyati, miqdori, muddati va noaniqligiga iqtisodiy omillar qanday taʼsir koʻrsatishini aks ettiradigan toifalarga ajratishi va foydalanuvchilarga tushunarli tarzda yoritib berishi shart.
6-§. Majburiy kelishuvlar boʻyicha qoldiqlar
166. Tashkilotlar quyidagilarning barchasini yoritib berishi shart:
a) agar majburiy kelishuvlar boʻyicha debitorlik qarzlari, aktivlar va majburiyatlarning boshlangʻich va yakuniy qoldiqlari alohida taqdim etilmagan yoki yoritib berilmagan boʻlsa;
b) hisobot davrida tan olingan va davr boshidagi majburiy kelishuv majburiyatlari qoldigʻiga kiritilgan daromad summasi;
d) hisobot davridan oldingi davrlarda bajarilgan (yoki qisman bajarilgan) ijro majburiyatlari boʻyicha tan olingan daromad summasi (masalan, kelishuv shartlarini qayta koʻrib chiqish natijasidagi oʻzgarishlar).
167. Tashkilotlar oʻzining ijro majburiyatlarini bajarish muddati (ijro majburiyatlarini bajarish muddatini aniqlashda mazkur Standartning 169-bandi “a” kichik bandi talablari inobatga olinadi) toʻlovning odatdagi muddatiga (toʻlovning odatdagi muddatini aniqlashda mazkur Standartning 169-bandi “b” kichik bandi talablari inobatga olinadi) qanday bogʻliqligini va bu omillarning majburiy kelishuv aktivi hamda majburiy kelishuv majburiyati qoldiqlariga qanday taʼsir koʻrsatishini tushuntirishi lozim.
168. Tashkilotlar hisobot davri mobaynida majburiy kelishuv aktivi va majburiy kelishuv majburiyati qoldiqlaridagi muhim oʻzgarishlar toʻgʻrisida tushuntirish berishi shart. Bunday tushuntirish sifat (izohlovchi) va miqdor (raqamli) axborotini oʻz ichiga olishi lozim.
Tashkilotlarning majburiy kelishuv aktivlari va majburiy kelishuv majburiyatlari qoldiqlaridagi oʻzgarishlarga quyidagilar misol boʻlishi mumkin:
a) davlat sektoridagi birlashishlar natijasidagi oʻzgarishlar;
b) daromadga kiritiladigan kumulyativ (jamlanma) usuldagi tuzatishlar, ular tegishli ravishda majburiy kelishuv aktivi yoki majburiy kelishuv majburiyatiga taʼsir qiladi, jumladan, bajarilish darajasini oʻlchashdagi oʻzgarish, operatsiya (bitim) bahosini baholashdagi oʻzgarish (shu jumladan, oʻzgaruvchan qiymat bahosi cheklanganini baholashdagi har qanday oʻzgarishlar) yoki majburiy kelishuvga kiritilgan oʻzgartirishlar natijasida yuzaga kelgan tuzatishlar;
d) majburiy kelishuv aktivining qadrsizlanishi;
e) toʻlovni olish huquqining shartsiz boʻlishi uchun zarur vaqtning oʻzgarishi (yaʼni, majburiy kelishuv aktivining debitorlik qarziga qayta tasniflanishi);
f) ijro majburiyatini bajarish muddatining oʻzgarishi (yaʼni majburiy kelishuv majburiyatiga tegishli daromadni tan olish vaqtining oʻzgarishi).
7-§. Ijro majburiyatlari
169. Tashkilotlar majburiy kelishuvlar doirasidagi ijro majburiyatlari toʻgʻrisida quyidagi maʼlumotlarni yoritib berishi shart:
a) tashkilotlar ijro majburiyatlarini qachon bajarishi (masalan, tovarlar joʻnatilganda, yetkazib berilganda, xizmat koʻrsatish jarayonida yoki xizmat toʻliq bajarilganda), shu jumladan, tovarlar yetkazib berilmagan holda xaridor nomidan saqlab turilgan holatlarda ijro majburiyatlari qachon bajarilishi;
b) muhim toʻlov shartlari (masalan, toʻlov odatda qachon amalga oshirilishi, majburiy kelishuvda moliyalashtirishninh tarkibiy qismi mavjudligi, toʻlov miqdorining oʻzgaruvchanligi va oʻzgaruvchan toʻlovni baholash mazkur Standartning 111 va 112-bandlariga muvofiq odatda cheklanadimi yoki yoʻqmi);
d) tashkilotlar bajarishni oʻz zimmasiga olgan ijro majburiyatlarining mohiyati, shu jumladan, boshqa tomon orqali ijro majburiyatlarini taʼminlash boʻyicha majburiyatlar (yaʼni, tashkilotlar vositachi sifatida ishtirok etgan holatlar) mavjud boʻlsa, ularni alohida koʻrsatish;
e) qaytarib berish majburiyatlari, kompensatsiyalar va shunga oʻxshash boshqa majburiyatlar;
f) kafolat majburiyatlari va ular bilan bogʻliq majburiyatlar.
8-§. Qolgan ijro majburiyatlariga ajratilgan kelishuv toʻlovi
170. Tashkilotlar oʻzining bajarilmagan majburiyatlari haqida quyidagi maʼlumotlarni yoritib berishi shart:
a) hisobot davri oxiriga qadar bajarilmagan (yoki qisman bajarilgan) ijro majburiyatlariga taqsimlangan kelishuv boʻyicha toʻlov qiymatining umumiy summasi;
b) ushbu bandning “a” kichik bandiga muvofiq yoritib berilgan summani tashkilotlar qachon daromad sifatida tan olishini kutayotgani haqida tushuntirish. Bunda tashkilotlar quyidagi usullardan biri orqali maʼlumotni taqdim etishi mumkin:
1) qolgan ijro majburiyatlarining davomiyligiga eng maqbul boʻlgan vaqt oraliqlari boʻyicha miqdoriy asosda;
2) sifatli maʼlumotlardan foydalanish orqali.
171. Agar quyidagi shartlardan biri mavjud boʻlsa, tashkilotlar mazkur Standartning 170-bandida nazarda tutilgan maʼlumotlarni muayyan ijro majburiyati boʻyicha yoritmasligi mumkin:
a) ijro majburiyati dastlabki kutilayotgan amal qilish muddati bir yil yoki undan kam boʻlgan kelishuvning bir qismi boʻlsa;
b) tashkilotlar ijro majburiyati bajarilgan qismiga qarab daromadni tan olsa, shu jumladan, toʻlov summasi bajarilgan ijro majburiyatlarining qiymatiga toʻgʻridan-toʻgʻri mos kelsa.
172. Tashkilotlar mazkur Standartning 171-bandida nazarda tutilgan amaliy yengillikni qoʻllayotganligi yoki qoʻllamayotganligi toʻgʻrisida axborotni, shuningdek majburiy kelishuvlar boʻyicha olinadigan ayrim toʻlovlar kelishuv boʻyicha toʻlov summasi tarkibiga kiritilmagani va shu sababli mazkur Standartning 170-bandiga muvofiq oshkor qilingan maʼlumotlarga kiritilmagani haqida sifat jihatdan tushuntirish berishi shart.
Masalan, majburiy kelishuv boʻyicha toʻlov summasini baholashda cheklangan oʻzgaruvchan toʻlovlar boʻyicha hisoblangan summalar (ushbu bandning qoʻllanilishida mazkur Standartning 111 va 112-bandlari talablari inobatga olinadi) kiritilmasligi mumkin.
12-bob. Ushbu standartni qoʻllashdagi muhim mulohazalar
1-§. Ijro majburiyatlarining bajarilish vaqti (davri)ni aniqlash
173. Tashkilotlar maʼlum vaqt davomida bajariladigan ijro majburiyatlar uchun quyidagilarni yoritib berishi shart:
a) daromadni tan olishda qoʻllanilgan usullar (masalan, qoʻllanilgan natijaga qarab yoki resursga qarab usullarning tavsifi va ularning qanday qoʻllanilganligi);
b) qoʻllanilgan usullar tovar yoki xizmatlarning ishlatilishi yoki oʻtkazilishini haqiqiy va adolatli tarzda aks ettirilganligini tushuntirish.
174. Muayyan vaqtda bajarilgan ijro majburiyatlari uchun tashkilotlar ijro majburiyati qachon bajarilganligini baholashda qoʻllangan muhim qarorlarni yoritib berishi kerak.
2-§. Kelishuv boʻyicha toʻlov summasini va ijro majburiyatlari oʻrtasida taqsimlashni aniqlash
175. Tashkilotlar quyidagilar boʻyicha qoʻllaniladigan usullar, maʼlumotlar va asosiy prognozlar haqidagi axborotni yoritib berishi shart:
a) operatsiya qiymatini aniqlash, jumladan oʻzgaruvchan toʻlovni baholash, pulning vaqt qiymati taʼsirini hisobga olgan holda toʻlov summasini tuzatishni baholash;
b) oʻzgaruvchan toʻlov bahosining cheklanishi mavjud yoki mavjud emasligini baholash;
d) operatsiya qiymatini taqsimlash, shu jumladan, belgilangan tovarlar yoki xizmatlarning alohida qiymatlarini baholash hamda majburiy kelishuvning muayyan qismiga chegirmalar va oʻzgaruvchan toʻlovni taqsimlash (agar qoʻllaniladigan boʻlsa);
e) tovar va xizmatlarni qaytarish, pulni qaytarish va boshqa shunga oʻxshash majburiyatlarni baholash.
3-§. Resurs taʼminlovchi bilan majburiy kelishuvni tuzish yoki bajarish uchun sarflangan xarajatlardan tan olingan aktivlar
176. Tashkilotlar quyidagilarning har ikkisini ham izohlab berishi shart:
a) resurs taʼminlovchi bilan majburiy kelishuvni tuzish yoki bajarish uchun yuzaga kelgan xarajatlar miqdorini aniqlashda qilingan asosiy baholash va qarorlarni (mazkur Standartning 134 yoki 138-bandiga muvofiq);
b) har bir hisobot davri uchun ushbu xarajatlar boʻyicha tan olingan aktivni amortizatsiya qilishda qoʻllanilgan hisoblash usulini.
177. Tashkilotlar quyidagilarni yoritib berishi shart:
a) resurs taʼminlovchi bilan majburiy kelishuvni tuzish yoki bajarish uchun yuzaga kelgan xarajatlardan tan olingan aktivlar (mazkur Standartning 134 yoki 138-bandiga muvofiq) boʻyicha hisobot davri oxiridagi qoldiqlar, asosiy aktiv toifalariga koʻra (masalan, resurs taʼminlovchilar bilan majburiy kelishuvni tuzish uchun xarajatlar, kelishuvdan oldingi xarajatlar va tayyorlash xarajatlari);
b) hisobot davrida tan olingan amortizatsiya summasi va har qanday qadrsizlanish zararlari miqdorini.
4-§. Amaliy choralar
178. Agar tashkilotlar mazkur Standartning 117-bandida (moliyaviy jihatdan ahamiyatli qismning mavjudligi haqida) yoki mazkur Standartning 137-bandida (majburiy kelishuvni tuzishning qoʻshimcha xarajatlari toʻgʻrisida) koʻrsatilgan amaliy yengillikdan foydalanishni tanlasa, tashkilotlar bu haqda maʼlumot berishi shart.
Oʻzbekiston Respublikasi iqtisodiyot va moliya vazirining 2026-yil 13-maydagi 363-son buyrugʻiga
2-ILOVA
2-ILOVA
Oʻz kuchini yoʻqotgan deb topilayotgan idoraviy normativ-huquqiy hujjatlar
ROʻYXATI
1. Oʻzbekiston Respublikasi moliya vazirining 2019-yil 5-fevraldagi 12-son “Oʻzbekiston Respublikasi budjet hisobining standarti (10-sonli BHS) “Almashuv operatsiyalaridan olinadigan daromadlar”ni tasdiqlash toʻgʻrisida”gi buyrugʻi (roʻyxat raqami 3145, 2019-yil 25-mart) (Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 25.03.2019-y., 10/19/3145/2809-son).
2. Oʻzbekiston Respublikasi moliya vazirining 2019-yil 27-maydagi 62-son “Oʻzbekiston Respublikasi budjet hisobining standarti (12-sonli BHS) “Qurilishga oid shartnomalar”ni tasdiqlash toʻgʻrisida”gi buyrugʻi (roʻyxat raqami 3170, 2019-yil 1-iyul) (Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 01.07.2019-y., 10/19/3170/3356-son).
3. Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2021-yil 28-iyuldagi 15-mh-son buyrugʻi (roʻyxat raqami 3313, 2021-yil 28-iyul) (Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.07.2021-y., 10/21/3313/0724-son) bilan tasdiqlangan Vazirliklar, davlat qoʻmitalari va idoralar tomonidan qabul qilingan ayrim idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarga kiritilayotgan oʻzgartirishlarning 491-bandi.
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 18.06.2026 y., 10/26/3857/0612-son)