Oʻzbekiston Respublikasi iqtisodiyot va moliya vazirining
buyrugʻi
Oʻzbekiston Respublikasi budjet hisobining standarti (16-sonli BHS) “Baholangan majburiyatlar, shartli majburiyatlar va shartli aktivlar”ni tasdiqlash toʻgʻrisida
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2024-yil 22-oktabrda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 3562]
1. Oʻzbekiston Respublikasi budjet hisobining standarti (16-sonli BHS) “Baholangan majburiyatlar, shartli majburiyatlar va shartli aktivlar” ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur buyruq 2025-yil 1-yanvardan eʼtiboran kuchga kiradi.
Vazir D. KUCHKAROV
Toshkent sh.,
2024-yil 9-sentabr,
175-son
Oʻzbekiston Respublikasi iqtisodiyot va moliya vazirining 2024-yil 9-sentabrdagi 175-son buyrugʻiga
ILOVA
ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi budjet hisobining standarti (16-sonli BHS) “Baholangan majburiyatlar, shartli majburiyatlar va shartli aktivlar”
Mazkur Oʻzbekiston Respublikasi budjet hisobining standarti (16-sonli BHS) “Baholangan majburiyatlar, shartli majburiyatlar va shartli aktivlar” (bundan buyon matnda Standart deb yuritiladi) budjet tashkilotlari, davlat maqsadli jamgʻarmalari hamda boshqa budjetdan tashqari jamgʻarmalar (bundan buyon matnda tashkilot deb yuritiladi) tomonidan baholangan majburiyatlar, shartli majburiyatlar va shartli aktivlar hisobini yuritish tartibini belgilaydi.
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Standartda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
majburiyat — tashkilotda boʻlib oʻtgan hodisalardan kelib chiqadigan joriy munosabatlar boʻlib, unda toʻlovlar iqtisodiy foyda yoki xizmat koʻrsatish potensialini oʻzida mujassam etgan resurslarni tashkilotdan chiqib ketishi orqali yuzaga keladi;
baholangan majburiyat — muddati yoki miqdori noaniq boʻlgan majburiyatdir;
yuridik javobgarlik — shartnoma shartlari, qonunchilik yoki boshqa huquqiy normalarning qoʻllanishi natijasida yuzaga keladigan javobgarlik;
konstruktiv javobgarlik — tashkilotning quyidagi xatti-harakatlari orqali yuzaga keladigan javobgarlik:
oldingi shakllangan tajriba, eʼlon qilingan siyosat yoki yetarlicha joriy bayonotiga koʻra, tashkilotning boshqa tomonlarga muayyan masʼuliyatni oʻz zimmasiga olishini bildirishi;
buning natijasida tashkilot oʻz zimmasiga olgan javobgarliklar bajarilishi toʻgʻrisida boshqa tomonlarda umid hosil qilishi;
javobgarlik yuklaydigan hodisa — tashkilotning javobgarlikni soʻndirishdan boshqa muqobil amaliy chorasi boʻlmasligi bilan natijalanadigan, yuridik yoki konstruktiv javobgarlikni yuzaga keltiradigan hodisadir;
restrukturizatsiya — tashkilotning rahbariyati tomonidan rejalashtiriladigan va nazorat qilinadigan dastur boʻlib, unga koʻra tashkilotning faoliyati doirasi yoki ushbu faoliyatni amalga oshirish usullarining oʻzgartirilishi;
shartli aktiv — oldingi hodisalar natijasida yuzaga kelishi mumkin boʻlgan aktiv boʻlib, uning mavjudligi (vujudga kelishi) faqat tashkilotning toʻliq nazorati ostida boʻlmagan kelgusidagi bir yoki bir nechta noaniq hodisalarning sodir boʻlishi yoki sodir boʻlmasligi bilan tasdiqlanadi;
shartli majburiyat — oldingi hodisalar natijasida yuzaga kelishi mumkin boʻlgan javobgarlik boʻlib, uning mavjudligi faqat tashkilotning toʻliq nazorati ostida boʻlmagan kelgusidagi bir yoki bir nechta noaniq hodisalarning sodir boʻlishi yoki sodir boʻlmasligi bilan tasdiqlanadi;
zarar keltiruvchi shartnoma — shartnoma boʻyicha vujudga kelgan javobgarliklarni bajarish uchun amalga oshishi aniq boʻlgan xarajatlar ushbu shartnoma boʻyicha olinishi kutilayotgan iqtisodiy nafdan oshib ketadigan shartnomadir;
hisobot sanasi — moliyaviy hisobotlar tegishli boʻlgan hisobot davrining oxirgi kuni;
hodisa — oldingi va kelgusi davrlarda amalga oshirilgan faoliyat natijasida tashkilotga javobgarlikni yuzaga keltirishi mumkin boʻlgan munosabatlar.
2. Mazkur Standartning maqsadi baholangan majburiyatlar, shartli majburiyatlar va shartli aktivlarga taʼrif berish, ularni tan olish, baholash va ochib berish tartibini belgilashdan iborat.
Mazkur Standart foydalanuvchilarga shartli aktivlar va shartli majburiyatlarning xususiyati, vaqti va miqdorini tushunishga imkon berish uchun moliyaviy hisobotlarning izohlar qismida muayyan maʼlumotlar ochib berilishini talab qiladi.
3. Baholangan majburiyatlar moliyaviy hisobotlarda kreditorlik qarzlar va hisoblangan xarajatlar kabi majburiyatlar sifatida aks ettiriladi.
Kreditor qarzdorlik va hisoblangan majburiyatlardan farqli oʻlaroq, baholangan majburiyatlar baholanishi kerak, chunki ular muddat va miqdor jihatidan noaniqliklarga bogʻliqdir. Shuning uchun baholangan majburiyatlar moliyaviy hisobotlarni tayyorlovchilardan xarajatlarning muddatlari va miqdorlari boʻyicha eng yaxshi taxminlar (baholash)dan foydalanishni talab qiladi.
4. Oldingi hodisalar va zarar keltiruvchi shartnomalar bilan bogʻliq boʻlmagan hamda tashkilotning odatiy faoliyati bilan bogʻliq zararlar baholangan majburiyatlar sifatida aks ettirilishi mumkin emas.
Aktivlarning qadrsizlanishi ham baholangan majburiyat boʻlishi mumkin emas. Biroq, kelgusidagi hodisalar, yaʼni narx inflyatsiyasi yoki valyuta ayirboshlash kursidagi oʻzgarishlar majburiyatni baholashga taʼsir etishini shubhasiz isbotlash mumkin boʻlsa, mazkur kelgusidagi hodisalar moliyaviy hisobotlarda baholangan majburiyatlar sifatida aks ettiriladi.
5. Shartli aktivlar va shartli majburiyatlar moliyaviy hisobotda tan olinmaydi.
Shartli aktivlar va shartli majburiyatlar tan olinmasligiga qaramasdan ularni moliyaviy hisobotlarning izohlarida ochib berishda mazkur Standart talablariga amal qilinishi kerak.
6. Tashkilot baholangan majburiyatlar, shartli aktivlar va shartli majburiyatlarni mazkur Standartda belgilangan tartibda buxgalteriya hisobida hisobga olishi kerak.
7. Mazkur Standart tashkilot tomonidan quyidagi baholangan majburiyatlar, shartli majburiyatlar va shartli aktivlarni hisobga olishda qoʻllanilmaydi:
tashkilot tomonidan taqdim etiladigan ijtimoiy yordamlardan kelib chiqadigan majburiyatlar (bunda, tashkilot mazkur manfaatlarni oluvchilardan taqdim etilayotgan tovar va xizmatlar uchun ularni qiymatiga teng kompensatsiya olmaydi);
haqqoniy qiymatda hisobga olinadigan moliyaviy instrumentlarning natijasi hisoblanadigan majburiyatlar (amortizatsiya qiymatida baholanadigan moliyaviy instrumentlar bundan mustasno);
zarar keltiruvchi shartnomalar boʻlmagan, ijro etiladigan shartnomalar natijasida kelib chiqadigan majburiyatlar va aktivlar;
xodimlarni ragʻbatlantirish toʻlovlari bilan bogʻliq boʻlgan majburiyat yoki aktivlar (bundan ishdan boʻshatish bilan bogʻliq nafaqalar mustasno);
budjet hisobining boshqa standarti bilan tartibga solingan majburiyat va aktivlar.
8. Aholiga sogʻliqni saqlash, taʼlim, uy-joy, transport va ijtimoiy yordamlar kabi ijtimoiy xizmatlar taqdim etilishiga nisbatan ushbu Standart tatbiq etilmaydi.
2-bob. Baholangan majburiyatni tan olish, oʻzgarishlar, foydalanish va hisoblash
1-§. Baholangan majburiyatlarni tan olish
9. Baholangan majburiyatlar quyidagi hollarda tashkilot tomonidan tan olinishi lozim:
oldingi hodisa natijasida tashkilot yuridik yoki konstruktiv javobgarlikka ega boʻlsa;
javobgarlikni bajarish uchun iqtisodiy foyda yoki xizmat koʻrsatish potensialini oʻzida mujassam etgan resurslarning chiqib ketishi talab qilinsa;
javobgarlik qiymati ishonchli baholansa.
Agar ushbu holatlar bajarilmasa, baholangan majburiyat tan olinmasligi lozim.
Baholangan majburiyatlar tashkilot restrukturizatsiya yoki yuridik jihatdan majburiy boʻlgan faoliyatni tugatish bilan bogʻliq xarajatlarini amalga oshirishga toʻgʻri kelganida ham yuzaga keladi.
10. Oldingi hodisa boʻyicha hisobot davrining oxirida javobgarlikning yuzaga kelish ehtimoli uning yuzaga kelmasligi ehtimolidan koʻproq boʻlsa, oldingi hodisa javobgarlikni yuzaga keltiradi deb hisoblanadi.
2-§. Baholangan majburiyatlardagi oʻzgarishlar va baholangan majburiyatlardan foydalanish
11. Baholangan majburiyatlar har yili hisobot sanasi holatiga qayta koʻrib chiqilishi va joriy eng toʻgʻri bahoni aks ettirish uchun tuzatishlar kiritilishi kerak. Agar javobgarlikni koʻrsatilgan miqdorda toʻlash uchun iqtisodiy foyda yoki xizmat koʻrsatish potensialini oʻzida mujassam etgan resurslarning chiqimi yuzaga kelmasa, baholangan majburiyatni bekor qilish kerak.
12. Baholangan majburiyatdan faqatgina mazkur baholangan majburiyat dastlab qoplanishi rejalashtirilgan xarajatlar uchun foydalanilishi kerak.
3-§. Baholangan majburiyatlarni hisoblash
13. Baholangan majburiyat sifatida tan olingan summa hisobot sanasida mavjud javobgarlikni bajarish uchun zarur boʻlgan xarajatlarning eng toʻgʻri hisob bahosi boʻlishi kerak. Baholangan majburiyatlar soliqlarni inobatga olmagan holda hisoblanadi.
14. Baholangan majburiyat sifatida tan olinishi kerak boʻlgan summa u bilan bogʻliq noaniqliklardan kelib chiqib turli usullar orqali hisoblanadi.
Baholangan majburiyatni hisoblashda javobgarlik keltirib chiqarishi mumkin boʻlgan obyektlar koʻp miqdorni tashkil etsa, javobgarlik barcha obyektlar boʻyicha kelib chiqishi mumkin boʻlgan natijalarni ularga tegishli boʻlgan ehtimolliklar bilan hisobga olgan holdagi qiymatini aniqlash orqali baholanadi.
Baholashning bu usuli “kutilayotgan qiymat” deb nomlanadi. Shuning uchun baholangan majburiyat bu summani yoʻqotish ehtimoliga (masalan, 60 foizga yoki 90 foizga teng boʻlishiga) qarab farqlanadi. Mumkin boʻlgan natijalarning oraligʻi uzluksiz boʻlsa va bu oraliqning har bir yoʻqotish ehtimoli boshqasi kabi bir xil boʻlsa, oʻrtachasi olinadi.
Masalan: Davlat tibbiy laboratoriyasi davlat va xususiy tibbiyot markazlari va shifoxonalarga diagnostika ultratovush skanerlarini toʻliq taʼmirlash sharti bilan taqdim etadi. Uskunalar kafolat bilan taʼminlanadi, unga koʻra diagnostika ultratovush skanerlari sotib olinganidan keyin birinchi olti oy ichida aniq boʻlgan har qanday nuqsonlarni taʼmirlash xarajatlari qoplanadi. Agar taqdim etilgan barcha jihozlarda kichik nuqsonlar aniqlansa, 1 million soʻm taʼmirlash xarajatlari kelib chiqadi. Agar taqdim etilgan barcha jihozlarda katta nuqsonlar aniqlansa, taʼmirlash xarajatlari 4 million soʻmga olib keladi. Laboratoriyaning oldingi tajribasi va kelgusidagi taxminlari shuni koʻrsatadiki, kelgusi yil uchun uskunaning 75 foizida nuqsonlar boʻlmaydi, uskunaning 20 foizida kichik nuqsonlar va 5 foiz uskunada katta nuqsonlar boʻladi. Bunda, mazkur Standartning 22-bandiga muvofiq laboratoriya barcha yetkazib berilgan jihozlar boʻyicha kafolat majburiyatlari yuzaga kelish ehtimolini baholaydi.
Jihozlarni taʼmirlash majburiyatining kutilayotgan qiymati:
(noldan 75%) + (1 mln soʻmdan 20%) + (4 mln soʻmdan 5%) = 400 000.
15. Alohida olingan javobgarlik baholanganda, eng koʻp aniq natija majburiyatning eng toʻgʻri hisob bahosi boʻlishi mumkin. Agar boshqa natijalar yuzaga kelishi uchun asosli imkoniyatga ega boʻlsa, moliyaviy hisobotdagi baholangan majburiyat uchun potensial javobgarlikni baholashda ular eʼtiborga olinishi kerak.
3-bob. Javobgarlik va uning ishonchli bahosi
16. Tashkilot hisobot sanasida javobgarliklarning mavjudligini barcha dalillar asosida, shu jumladan ekspert yoki mutaxassislar fikrini hisobga olgan holda aniqlaydi. Koʻrib chiqilgan dalillar hisobot sanasidan keyingi faoliyat boʻyicha taqdim etilgan qoʻshimcha dalillarni ham oʻz ichiga oladi.
Hisobot sanasida javobgarlikning yuzaga kelish ehtimoli yuqori boʻlmasa hamda iqtisodiy foyda yoki xizmat koʻrsatish potensialini oʻzida mujassam etgan resurslarning chiqib ketish ehtimoli yoʻq boʻlsa, tashkilot shartli majburiyatni moliyaviy hisobotga izohlarda ochib beradi.
17. Javobgarlikning hisob baholaridan foydalanish moliyaviy hisobotlarni tayyorlashning muhim qismidir va uning ishonchliligini kamaytirmaydi. Kamdan-kam holatlarda tashkilot bir qator mumkin boʻlgan natijalarni aniqlay oladi hamda shuning uchun majburiyatni baholash va tan olishda foydalanish uchun yetarlicha ishonchli boʻlgan javobgarlikning hisob bahosini aniqlaydi.
18. Javobgarlikning ishonchli hisob bahosini aniqlash mumkin boʻlmagan hollarda, tan olinmaydigan majburiyat mavjud boʻladi. Ushbu majburiyat moliyaviy hisobotda shartli majburiyat sifatida ochib beriladi.
4-bob. Oldingi hodisa
19. Hodisa javobgarlik yuklaydigan hodisa boʻlishi uchun tashkilotda ushbu hodisa tufayli yuzaga kelgan javobgarlikni qoplashdan boshqa chora boʻlmasligi kerak.
Mazkur holat faqatgina quyidagi hollarda sodir boʻlishi mumkin:
javobgarlik soʻndirilishi qonunchilik hujjatlari, shartnomalar va sud hujjatlariga muvofiq taʼminlanadigan boʻlganda;
konstruktiv javobgarlikda hodisa (bu tashkilotning xatti-harakati boʻlishi mumkin) tashkilot oʻz zimmasiga olgan javobgarliklarni bajarishi yuzasidan boshqa tomonlarda tashkilot javobgarlikni bajarishi toʻgʻrisida asosli kutishlarni hosil qilganda.
Moliyaviy hisobotda tashkilotning kelgusidagi holati emas, balki hisobot davrining oxiridagi moliyaviy holati aks ettiriladi. Shuning uchun kelgusida tashkilot faoliyatini davom ettirish uchun amalga oshirilishi kerak boʻlgan xarajatlar boʻyicha baholangan majburiyatlar hisobga olinmaydi. Tashkilotning moliyaviy holat toʻgʻrisidagi hisobotida tan olinadigan majburiyatlar faqat hisobot davri oxirida mavjud boʻlgan majburiyatlardir.
20. Tashkilot tomonidan hodisa sodir boʻlgan vaqtda javobgarlik yuzaga kelmasligi, biroq qonunchilikka oʻzgartirishlar kiritilishi yoki tashkilot tomonidan yetarlicha aniq bayonot berilishi (konstruktiv) natijasida javobgarlik yuzaga kelishi mumkin.
Masalan, vakolatli organ tomonidan tabiatga zarar yetkazilganda, uning oqibatlarni bartaraf etish boʻyicha javobgarlik yuzaga kelmasligi mumkin. Biroq, yangi qabul qilingan qonunchilik zararni toʻgʻrilashni talab qilsa yoki vakolatli organi yoxud boshqa tashkilot zarar oqibatlarini bartaraf etish javobgarligini oʻz zimmasiga olsa, bu holat javobgarlik yuklaydigan hodisa hisoblanadi.
5-bob. Iqtisodiy foyda yoki xizmat koʻrsatish potensialini oʻzida mujassam etgan resurslarning ehtimoliy chiqib ketishi
21. Majburiyatning baholangan majburiyat sifatida tan olinishi uchun nafaqat mavjud javobgarlik boʻlishi, balki ushbu javobgarlikni bajarish uchun iqtisodiy foyda yoki xizmat koʻrsatish potensialini oʻzida mujassam etgan resurslarning chiqib ketish ehtimoli ham mavjud boʻlishi lozim.
Agar hodisa sodir boʻlish ehtimoli yuqori boʻlsa, yaʼni hodisa sodir boʻlish ehtimoli sodir boʻlmasligi ehtimolidan kattaroq boʻlsa, resurslarning chiqib ketishi yoki boshqa hodisa ehtimoliy deb hisoblanadi.
22. Bir qancha oʻxshash javobgarliklar mavjud boʻlganda (masalan, tovar boʻyicha kafolatlar yoki shunga oʻxshash shartnomalar), javobgarlikni soʻndirish uchun resurslarning chiqib ketishi ehtimoli bunday javobgarliklarni butun sinfiga nisbatan aniqlanadi. Har bir shartnoma boʻyicha resurslarning chiqib ketishi ehtimoli kam boʻlishi mumkinligiga qaramay, bunday javobgarliklarning butun bir sinfini soʻndirish uchun bir qancha resurslarning chiqib ketishi talab etilishi mumkin. Bunday hollarda, baholangan majburiyat tan olinadi (agar boshqa tan olish mezonlari bajarilsa).
6-bob. Shartli majburiyatlar va shartli aktivlarni tan olish
23. Shartli majburiyat quyidagilardan iborat:
1) oldingi faoliyatdan kelib chiqadigan va mavjudligi faqat tashkilotning toʻliq nazoratiga kirmaydigan bir yoki bir nechta noaniq kelgusidagi hodisalarning sodir boʻlishi yoki sodir boʻlmasligi bilan tasdiqlanishi mumkin boʻlgan javobgarliklar;
2) oldingi faoliyatlardan kelib chiqadigan, ammo quyidagi sabablarga koʻra tan olinmaydigan joriy javobgarliklarni ham oʻz ichiga oladi:
javobgarlikni bajarish uchun iqtisodiy foyda yoki xizmat koʻrsatish potensialini oʻzida mujassam etgan resurslarning chiqib ketishi talab qilinmaganda;
javobgarlik miqdorini yetarlicha ishonchlilik bilan aniqlash mumkin boʻlmaganda.
24. Shartli majburiyat iqtisodiy foyda yoki xizmat koʻrsatish potensialini oʻzida mujassam etgan resurslarning chiqib ketish ehtimoli boʻlsa, ochib beriladi.
25. Tashkilot tomonidan shartli majburiyatlar iqtisodiy foyda yoki xizmat koʻrsatish potensialini oʻzida mujassam etgan resurslarning chiqib ketishi ehtimoli borligini aniqlash uchun doimiy ravishda baholab boriladi. Agar oldindan shartli majburiyat sifatida koʻrib chiqilgan obyekt boʻyicha kelgusidagi iqtisodiy foyda yoki xizmat koʻrsatish potensialining chiqib ketish ehtimoli yuzaga kelsa, baholangan majburiyat ehtimollik oʻzgarishi sodir boʻlgan davrning moliyaviy hisobotida tan olinadi.
Oldingi tahrirga qarang.
Masalan, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organi atrof-muhitga oid qonunchilikni buzgan boʻlsa, biroq atrof-muhitga biror-bir zarar yetkazilganligi nomaʼlum boʻlib, keyinchalik zarar yetkazilganligi va uni bartaraf etish zarurligi aniq boʻlsa, tashkilot baholangan majburiyatni tan oladi, chunki iqtisodiy resurs chiqimining ehtimoli yuzaga keladi. Aksincha, agar mavjud javobgarlikning iqtisodiy foyda yoki xizmat koʻrsatish potensialini oʻzida mujassam etgan resurslarning chiqib ketishi ehtimoli kam boʻlsa, javobgarlik tan olinmasligi yoki izohlar qismida ochib berilmasligi kerak.
(25-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi iqtisodiyot va moliya vazirining 2026-yil 5-fevraldagi 329-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 3562-1, 13.02.2025-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 14.02.2026-y., 10/26/3562-1/0137-son)
26. Tashkilot javobgarlik boʻyicha boshqa tomonlar bilan birgalikda solidar javobgar boʻlsa, majburiyatning boshqa tomonlar tomonidan bajarilishi kutilayotgan qismi shartli majburiyat sifatida koʻrib chiqiladi, chunki boshqa tomonlar majburiyatining tashkilotga taʼsiri qanday boʻlishi aniq emas.
Masalan, qoʻshma korxonaning qarzi boʻlsa, majburiyatni qoʻshma korxonaning boshqa ishtirokchilari tomonidan bajarilishi kerak boʻlgan qismi shartli majburiyat sifatida koʻrib chiqiladi.
27. Tashkilotning nazorati ostida boʻlmagan kutilmagan hodisalar natijasida yuzaga keladigan iqtisodiy foyda yoki xizmat koʻrsatish potensialining kirimi ehtimoli boʻlsa, tashkilot ushbu shartli aktivni tan olmasligi, balki uni moliyaviy hisobotning izohlar qismida ochib berishi kerak.
28. Shartli aktivlar moliyaviy hisobotda tegishli tartibda aks ettirilishini taʼminlash uchun doimiy ravishda baholanadi. Agar iqtisodiy foyda yoki xizmat koʻrsatish potensialining yuzaga kelishi aniq boʻlsa hamda aktivning qiymati ishonchli tarzda baholanishi mumkin boʻlsa, aktiv va tegishli daromad oʻzgarishlar sodir boʻlgan davrning moliyaviy hisobotida tan olinadi. Agar iqtisodiy foyda yoki xizmatlar kirimi ehtimoli kam boʻlsa, shartli aktiv tan olinmasligi yoki ochib berilmasligi kerak.
7-bob. Diskontlangan qiymat
29. Baholangan majburiyat hisobot sanasidan keyin bir yildan koʻproq vaqt oʻtgach toʻlanishi kutilsa, baholangan majburiyat miqdori “pulning vaqt qiymatini” aks ettirish uchun diskontlashdan foydalangan holda moliyaviy hisobotda uning joriy qiymati boʻyicha koʻrsatilishi kerak. Kelgusida toʻlanishi kerak boʻlgan baholangan majburiyat diskontlanganda, moliyaviy hisobotda baholangan majburiyatning balans qiymati har toʻlov yilida baholangan majburiyatning nominal qiymatiga yetgunga qadar ortadi. Baholangan majburiyatning balans qiymati har bir hisobot davrida ortadi va har bir davrda foizlar xarajatlari sifatida tan olinadi.
30. Diskont stavkasi (yoki stavkalari) soliqlarni hisoblashdan oldingi stavka (yoki stavkalar) boʻlishi kerak, bu pulning vaqt qiymati boʻyicha joriy bozor baholarini va majburiyatga xos boʻlgan risklarni aks ettiradi. Diskont stavkasi (stavkalari) kelgusidagi pul oqimlari hisob-kitoblari boʻyicha tuzatilgan risklarni aks ettirmasligi kerak.
8-bob. Kelgusi hodisalar
31. Baholangan majburiyatlar hisobot sanasidan oldin sodir boʻlgan hodisa natijasida yuzaga kelgan javobgarlikni qoplash uchun shakllantiriladi. Javobgarlikni soʻndirish uchun talab etiladigan summaga taʼsir qilishi mumkin boʻlgan kelgusi hodisalar, ular sodir boʻlishiga yetarlicha obyektiv dalillar mavjud boʻlganda, baholangan majburiyat qiymatida aks ettirilishi lozim. Masalan, baholangan majburiyat oluvchilar uchun inflyatsiya yoki boshqa oʻziga xos xarajatlar oʻzgarishlari oqibatlarini qoplash uchun maʼlum baholangan majburiyatlar indeks bilan bogʻlangan boʻlishi mumkin (kutilayotgan inflyatsiyaga tuzatishlar “kelgusi hodisa”). Bunday hollarda kelgusi hodisalar baholangan majburiyatlarni baholashga taʼsir qilishi mumkin.
32. Baholangan majburiyat miqdoriga taʼsir koʻrsatadigan kelgusi hodisalarga quyidagi holat misol boʻlishi mumkin:
Masalan, Hukumat xizmat muddati oxirida elektr stansiyasi bilan bogʻliq ifloslantiruvchi moddalarni tozalash xarajatlari kelgusida texnologiyadagi oʻzgarishlar (ishlab chiqarish xarajatlari) hisobidan kamayadi deb hisoblaganda, texnologiyadagi oʻzgarishlarni hisobga olgan holda tozalash boʻyicha kutilayotgan xarajatlarni aks ettiradi.
Tashkilot tomonidan texnologiyadan foydalanish tajribasi oshishi bilan bogʻliq tarzda kutilayotgan xarajatlarning kamayishini yoki oldin amalga oshirilgan tozalash ishlariga nisbatan murakkabroq yoki kattaroq koʻlamdagi ishlarni amalga oshirish uchun mavjud boʻlgan texnologiyani ishlatish boʻyicha kutilayotgan xarajatlarini baholangan majburiyat miqdoriga kiritish maqsadga muvofiqdir. Biroq, agar bu yetarlicha obyektiv dalillar bilan asoslangan boʻlmasa, tashkilot tozalash ishlarini amalga oshirish uchun yangi texnologiyaning ishlab chiqilishiga umid qila olmaydi.
33. Tashkilotning amaldagi javobgarligi miqdoriga taʼsir koʻrsatishi mumkin boʻlgan yangi qonunchilik hujjatlarining taʼsiri ushbu javobgarlikni baholashda, qonunchilikning amalda kuchga kirishi aniq boʻlgan yetarli obyektiv dalillar mavjud boʻlganda, hisobga olinadi.
9-bob. Kompensatsiyalarning baholangan majburiyatlarga taʼsiri hamda aktivlarning hisobdan chiqarilishi
34. Baholangan majburiyatni toʻlash uchun zarur boʻlgan xarajatlarning bir qismi yoki hammasi boshqa tomon hisobidan qoplanishi kutilsa, kompensatsiya faqatgina tashkilot javobgarlikni qoplagan taqdirda yoki kompensatsiya olinishi aniq boʻlganda tan olinishi kerak. Kompensatsiya alohida aktiv (debitorlik qarzi) sifatida koʻrib chiqilishi kerak. Kompensatsiya uchun tan olingan miqdor baholangan majburiyat miqdoridan oshmasligi kerak.
35. Moliyaviy hisobotda baholangan majburiyat bilan bogʻliq xarajatlar ushbu Standartga muvofiq kompensatsiyadan olinadigan daromad sifatida tan olingan summani chegirib tashlagan holda taqdim etilishi mumkin.
36. Tashkilot baholangan majburiyatning bir qismi yoki hammasini uchinchi shaxsga toʻlash uchun murojaat qilishi mumkin (masalan, sugʻurta shartnomalari, tovon toʻlash shartlari yoki yetkazib beruvchilarning kafolatlari orqali). Boshqa tomon tashkilot tomonidan toʻlangan summalarni qoplashi yoki toʻgʻridan-toʻgʻri toʻlashi mumkin.
Aksariyat hollarda, tashkilot koʻrib chiqilayotgan summa uchun javobgar boʻlib qoladi va uchinchi shaxs tovon toʻlamasa, toʻliq summani toʻlashi kerak boʻladi.
Bunda, majburiyatning toʻliq miqdori boʻyicha baholangan majburiyat tan olinadi va tashkilot majburiyatni toʻlagan hamda kompensatsiya olinishi aniq boʻlsa, kutilayotgan kompensatsiya alohida aktiv sifatida tan olinadi.
37. Aktivlarning hisobdan chiqarilishidan kutilayotgan daromadlar, kutilayotgan yoʻqotish baholangan majburiyatning yuzaga kelishiga sabab boʻlgan hodisa bilan chambarchas bogʻliq boʻlsa ham, baholangan majburiyatni baholashda hisobga olinmaydi. Buning oʻrniga, tashkilot tegishli aktivlar bilan bogʻliq budjet hisobi standartlarida belgilangan tartibda aktivlarni hisobdan chiqarishdan daromadlarni tan oladi.
10-bob. Zarar keltiruvchi shartnomalar
38. Shartnoma boʻyicha vujudga kelgan javobgarliklarni bajarish uchun amalga oshishi aniq boʻlgan xarajatlar ushbu shartnoma boʻyicha olinishi kutilayotgan iqtisodiy nafdan oshib ketadigan shartnoma zarar keltiruvchi shartnoma hisoblanadi.
Bunda, shartnoma boʻyicha amalga oshishi aniq boʻlgan xarajatlar shartnomani bajarish uchun talab etiladigan xarajatlardan va uni bajarmaslik natijasida yuzaga keladigan har qanday kompensatsiyalar yoki jarimalardan kichigi boʻlgan, shartnomadan chiqishning eng kam xarajatini aks ettiradi.
39. Tashkilot zarar keltiruvchi shartnomaga ega boʻlsa, shartnoma boʻyicha mavjud javobgarlik (undirilgan toʻlovni chegirgan holda) baholangan majburiyat sifatida tan olinadi va baholanadi. Hodisalar natijasida shartnoma zarar keltiruvchi shartnoma boʻlsa, shartnoma ushbu Standartda belgilangan tartibda tan olinadi.
40. Shartnomani bajarish shartnoma bilan bevosita bogʻliq boʻlgan xarajatlarni oʻz ichiga oladi. Shartnoma bilan bevosita bogʻliq boʻlgan xarajatlar quyidagilardan iborat:
shartnomani bajarishning qoʻshimcha xarajatlari (masalan, bevosita mehnatga haq toʻlash va xom ashyolar);
shartnomalarni bajarish bilan bevosita bogʻliq boʻlgan xarajatlarni taqsimlash (masalan, boshqalari orasida ushbu shartnomani bajarishda foydalaniladigan asosiy vositalar obyekti uchun amortizatsiya summasini taqsimlash).
11-bob. Restrukturizatsiya xarajatlari
41. Restrukturizatsiya xarajatlari, faoliyat yoki xizmatni tugatish, tasarruf etish, filialni yopish, boshqa joyga koʻchirish, boshqaruv tuzilmasidagi oʻzgarishlar, boshqa qayta tashkil etish bilan bogʻliq boʻlganda, baholangan majburiyat sifatida tan olinishi mumkin.
42. Toʻgʻridan-toʻgʻri restrukturizatsiya natijasida yuzaga keladigan va restrukturizatsiya boʻlmaganda yuzaga kelmasligi aniq boʻlgan hamda tashkilotning joriy faoliyati bilan bogʻliq boʻlmagan xarajatlar boʻyicha baholangan majburiyatlar yaratilishi mumkin. Shuning uchun restrukturizatsiyadan soʻng xodimlarni ishdan boʻshatish xarajatlari, agar ular ushbu Standartning 41-bandida koʻrsatilgan shartlarga javob bersa, davr xarajatlari sifatida koʻrsatilishi kerak.
Tashkilotda ishlashda davom etayotgan xodimlarni boshqa joyga koʻchirish yoki qayta tayyorlash xarajatlari restrukturizatsiya xarajatlari sifatida tan olinmaydi.
Ushbu xarajatlar kelgusida faoliyatni yuritishga taalluqli boʻladi va hisobot davri oxirida restrukturizatsiya boʻyicha majburiyatlarni ifoda etmaydi. Bunday xarajatlar restrukturizatsiyaga bogʻliq boʻlmagan holda yuzaga kelgan xarajatlar uchun belgilangan tartibda tan olinadi.
43. Tashkilotni restrukturizatsiya qilish uning faoliyatiga salbiy taʼsir koʻrsatishi bilan bogʻliq boʻlsa, restrukturizatsiya qilingungacha kutilayotgan kelgusidagi zararlar mazkur Standartning 38 — 40-bandlarida nazarda tutilgan zarar keltiruvchi shartnomaga taalluqli boʻlmasa, baholangan majburiyatga kiritilmaydi.
44. Baholangan majburiyatni yuzaga keltiruvchi javobgarlik yuridik yoki konstruktiv holatlarning natijasi boʻlishi mumkin. Restrukturizatsiya xarajatlari uchun yuridik javobgarlik aniq belgilangan boʻlishi kerak. Biroq, konstruktiv javobgarlik faqat quyidagi hollarda yuzaga keladi:
restrukturizatsiya rejasi mavjud boʻlib, unda reja qayerda va qachon amalga oshirilishi, ishdan boʻshatish uchun kompensatsiya oladigan xodimlarning taxminiy soni va reja boʻyicha amalga oshiriladigan xarajatlar aniqlanganda;
restrukturizatsiyaga taʼsir etadigan xodimlar va manfaatdor tomonlarni restrukturizatsiya rejasining asosiy tafsilotlari va uni kelgusida amalga oshirish niyatida ekanligi yoki uni amalga oshirishga kirishganligi toʻgʻrisida ommaviy ravishda xabardor qilinganda.
45. Mazkur Standartning 44-bandidagi shartlarning ikkalasi ham hisobot sanasidan oldin qoʻllanilsa, baholangan majburiyat ushbu davrda tan olinishi mumkin. Restrukturizatsiya yaqin vaqtda amalga oshirilishi kerakligi haqidagi shart muhim ahamiyatga ega, chunki amalga oshirishdagi har qanday kechikish konstruktiv javobgarlik yuzaga kelmaganligini koʻrsatadi hamda shuning uchun kutilayotgan xarajatlar uchun baholangan majburiyatni ushbu Standart boʻyicha tan olib boʻlmaydi.
12-bob. Axborotni ochib berish
46. Tashkilot moliyaviy hisobotga izohlarda baholangan majburiyatning har bir toifasi uchun quyidagi maʼlumotlarni ochib berishi lozim:
hisobot davri boshidagi va oxiridagi balans qiymati;
hisobot davri mobaynida qoʻshimcha baholangan majburiyatlar yaratilishi, shu jumladan mavjud baholangan majburiyatlar oshirilishi;
hisobot davri mobaynida sarflangan xarajatlar miqdori (baholangan majburiyatdan chegirilgan miqdori);
hisobot davri mobaynida bekor qilingan va foydalanilmagan baholangan majburiyat summalari;
vaqt oʻtishi va diskont stavkasining har qanday oʻzgarishi taʼsiridan kelib chiqadigan diskontlangan miqdorning davr mobaynida koʻpayishi;
baholangan majburiyat mazmunining qisqacha tavsifi va iqtisodiy foyda yoki xizmat koʻrsatish potensialining chiqimi kutilayotgan muddatlari;
ushbu chiqimlar miqdori yoki muddatiga oid noaniqliklar (adekvat maʼlumotni taqdim etish zarur boʻlganda, tashkilot kelgusidagi hodisalarga oid asosiy taxminlarni ochib berishi);
kutilayotgan kompensatsiya uchun tan olingan har qanday aktiv summasini koʻrsatuvchi kutilayotgan kompensatsiya summasi.
Bunda, qiyosiy maʼlumotlar talab qilinmaydi.
47. Tashkilot hisobot sanasida mazkur Standartda belgilangan shartli majburiyatlarning har bir toifasi uchun:
shartli majburiyat mohiyatining qisqacha tavsifini;
ushbu Standartdan kelib chiqqan holda shartli majburiyatning moliyaviy samarasini baholashi;
har qanday chiqib ketish miqdori yoki muddati bilan bogʻliq noaniqliklarni koʻrsatishi;
har qanday tovonni qaytarish imkoniyatini ochib berishi lozim.
48. Baholangan majburiyat va shartli majburiyat bir xil hodisalar natijasida kelib chiqsa, tashkilot tegishli tushuntirishlarni baholangan majburiyat va shartli majburiyat oʻrtasidagi bogʻliqlikni koʻrsatadigan tarzda ochib beradi.
49. Tashkilot baholangan majburiyatni baholash uchun ekspertlarga baholashga doir maʼlumotlarni ochib berishi lozim.
50. Iqtisodiy foyda yoki xizmat koʻrsatish potensialining kirimi ehtimoli boʻlgan taqdirda, tashkilot hisobot sanasida shartli aktivlar xususiyatining qisqacha tavsifini va moliyaviy taʼsirini baholashni ochib berishi kerak.
51. Shartli aktiv va shartli majburiyatlar boʻyicha ochib berilishi talab qilinadigan maʼlumotlar ochib berilmasa, buning sababi koʻrsatilishi kerak.
Shartli majburiyat yoki shartli aktiv boʻyicha boshqa tomonlar bilan nizolashilayotgan holatlar (maʼlumotlar) ochib berilmasligi mumkin. Bunda, tashkilot maʼlumotlarni ochib bermagan holda nizoning umumiy mohiyatini va maʼlumot ochib berilmasligi sabablarini yoritishi kerak.
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 29.10.2024-y., 10/24/3562/0863-son; 14.02.2026-y., 10/26/3562-1/0137-son)