Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirining
buyrugʻi
Oʻzbekiston Respublikasi budjet hisobining standarti (9-sonli BHS) “Nomoddiy aktivlar”ni tasdiqlash toʻgʻrisida
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2019-yil 24-iyunda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 3169]
Oʻzbekiston Respublikasining Budjet kodeksi, Oʻzbekiston Respublikasining “Buxgalteriya hisobi toʻgʻrisida”gi Qonuniga muvofiq va budjet hisobini davlat sektorida moliyaviy hisobotlarning xalqaro standartlari bilan muvofiqlashtirish maqsadida buyuraman:
1. Oʻzbekiston Respublikasi budjet hisobining standarti (9-sonli BHS) “Nomoddiy aktivlar” ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur buyruq 2020-yil 1-yanvardan kuchga kiradi.
Vazir D. KUChKAROV
Toshkent sh.,
2019-yil 20-may,
59-son
Oʻzbekiston Respublikasi moliya vazirining 2019-yil 20-maydagi 59-son buyrugʻiga
ILOVA
ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi budjet hisobining standarti (9-sonli BHS) “Nomoddiy aktivlar”
Oʻzbekiston Respublikasi budjet hisobining standarti (9-sonli BHS) “Nomoddiy aktivlar” (bundan buyon matnda Standart deb yuritiladi) Oʻzbekiston Respublikasining Budjet kodeksi, “Buxgalteriya hisobi toʻgʻrisida”gi Qonunga muvofiq budjet tashkilotlari, davlat maqsadli va boshqa budjetdan tashqari jamgʻarmalarning (bundan buyon matnda tashkilotlar deb yuritiladi) nomoddiy aktivlar hisobini yuritish tartibini belgilaydi.
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Standartning maqsadi boshqa standartda aniq koʻrsatmalar mavjud boʻlmagan nomoddiy aktivlar hisobini aniqlashdan iborat.
Tashkilotlar nomoddiy aktivni faqatgina muayyan mezonlarga muvofiq hisobga olinishi, ularning balans qiymatini hisoblashi va nomoddiy aktivlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni oshkor etilishini taʼminlashi lozim.
Standartda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
amortizatsiya — foydali xizmat muddati mobaynida nomoddiy aktivning amortizatsiyalanadigan qiymatini uning vazifasidan kelib chiqqan holda mahsulot (ishlar, xizmatlar) tannarxiga yoki davr xarajatlariga tizimli taqsimlash va kiritish;
boshlangʻich qiymat — nomoddiy aktivlarni yaratish (ishlab chiqish) yoki sotib olish boʻyicha haqiqatda amalga oshirilgan xarajatlar qiymati (pul mablagʻlari yoki ularning ekvivalentlarining summasi yoxud boshqa toʻlovlarning joriy qiymati), shu jumladan toʻlangan va qoplanmaydigan soliqlar (yigʻimlar), shuningdek aktivni undan maqsadga muvofiq foydalanish uchun ishga yaroqli holatga keltirish bilan bevosita bogʻliq boʻlgan boshqa xarajatlar qiymati;
gudvill — tashkilotdan alohida identifikatsiya qilinishi va baholanishi mumkin boʻlmagan omillar (tashkilot nomi va ishlab chiqarilayotgan mahsulotning talabgorligi, muayyan obroʻ va ishga doir aloqalar mavjudligi, joylashgan yer va boshqa shunga oʻxshash omillar) taʼsirida vujudga keladigan nomoddiy aktiv;
joriy qiymat — maʼlum sanadagi amal qilayotgan bozor narxlari boʻyicha nomoddiy aktivlarning qiymati yoki xabardor qilingan, bitimni amalga oshirishni xohlovchi, bir-biridan mustaqil taraflar oʻrtasida bitimni amalga oshirishda aktivni sotib olish yoki majburiyatlarni bajarish uchun yetarli boʻlgan summa;
ishlab chiqish — yangi yoki sezilarli darajada oʻzgartirilgan materiallar, asboblar, mahsulotlar, jarayonlar, tizimlar va xizmatlarni yoki ishlab chiqarish jarayonini rejalashtirishda tadqiqot natijalarini hamda bilim va koʻnikmalarni qoʻllash;
Oldingi tahrirga qarang.
mutlaq huquq — bu qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda faqatgina huquq egasi tomonidan yoki uning roziligi bilan uchinchi shaxsga berilishi mumkin boʻlgan mulkiy huquq;
(1-bandning toʻqqizinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2021-yil 28-iyuldagi 16-mh-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 3313, 28.07.2021-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.07.2021-y., 10/21/3313/0724-son)
nomoddiy aktivlar — tashkilot tomonidan uzoq muddat mobaynida ishlab chiqarish, ishlar bajarish, xizmatlar koʻrsatish yoki tovarlarni sotish jarayonida foydalanish maqsadida yoxud maʼmuriy va boshqa funksiyalarni amalga oshirish uchun ushlab turiladigan, moddiy-ashyoviy mazmunga ega boʻlmagan identifikatsiyalanadigan mol-mulk obyektlari.
tadqiqot — yangi ilmiy yoki texnik bilim va tushunchalarni olish uchun haqiqiy va rejalashtirilgan izlanish;
tugatish qiymati — nomoddiy aktivning chiqib ketishi boʻyicha kutilayotgan xarajatlarni chegirgan holda uning foydali xizmat muddati oxirida aktivni tugatish chogʻida olinishi kutilayotgan, aktivning taxmin qilinayotgan (baholangan) summasi;
foydali xizmat muddati — tashkilotlar tomonidan aktivdan foydalanish koʻzda tutilgan davr yoki tashkilot ushbu aktivdan foydalanishdan olishni moʻljallayotgan mahsulot (ishlar va xizmatlar) miqdori;
faol bozor — oldi-sotdi obyektlari bir turda (bir xil) boʻlgan va har qanday vaqtda bitimni amalga oshirishni xohlovchi manfaatdor sotuvchi va xaridorlarni topish mumkin boʻlgan, shuningdek narxlar haqidagi maʼlumotlar oshkor (hammabop) boʻlgan bozor;
qoldiq (balans) qiymat — nomoddiy aktiv moliyaviy hisobotda (buxgalteriya balansida) aks ettiriladigan qiymat va u boshlangʻich (qayta tiklash) qiymati va jamlangan amortizatsiya summasi oʻrtasidagi farq sifatida aniqlanadi.
2. Nomoddiy aktivlarni taʼrifi aktivdan faoliyatda foydalanilishi va u moddiy qiymatga ega boʻlmasligini talab qiladi. Agarda moddiy mohiyatga ega boʻlmagan (pul mablagʻlari koʻrinishida boʻlmagan) aktivlar yuridik huquqlar, jumladan mulk huquqi bilan oʻzaro munosabatda boʻlishi mumkin boʻlgan va ulardan uzoq muddat davomida foydalanilgan taqdirda nomoddiy aktivlar taʼrifiga javob beradi.
3. Tashkilotlar ilmiy yoki texnik bilimlar, yangi tizim va jarayonlarni loyihalashtirish, tatbiq etish, litsenziyalash, intellektual mulk va tovar belgisi (shuningdek, firma nomi va nashr huquqi) kabi aktivlarni sotib olish, ishlab chiqarish, nomoddiy aktivlarga xizmat koʻrsatish yoki yaxshilash jarayoni davomida resurslarni sarflaydi yoki majburiyatlarni oladi (masalan, kompyuter dasturiy taʼminoti, patent, mualliflik huquqi, filmlar, xizmatlardan foydalanuvchilar roʻyxati, sotib olingan guvohnomalar yoki import kvotalari).
4. Aktivlarni buxgalteriya hisobiga nomoddiy aktivlar sifatida qabul qilishda bir vaqtning oʻzida quyidagi shartlar bajarilishi kerak:
moddiy-ashyoviy tuzilishga (shaklga) ega boʻlmasligi;
aktivlardan mahsulot ishlab chiqarishda, ishlar bajarish yoki xizmatlar koʻrsatishda yoxud korxonaning maʼmuriy va boshqa funksiyalari uchun uzoq muddat, yaʼni davomiyligi 12 oydan yuqori foydali xizmat muddati yoki agar u 12 oydan oshadigan boʻlsa, oddiy operatsion sikl mobaynida foydalanish. Bunda aktivning qiymati bir birlik (komplekt) uchun Oʻzbekiston Respublikasida belgilangan (xarid qilish paytida) eng kam ish haqi miqdorining kamida ellik baravarini tashkil qiladi;
tashkilot ushbu aktivni keyinchalik qayta sotishni moʻljallamaydi;
ishonchlilik, yaʼni tashkilotda aktiv va unga boʻlgan mutlaq huquqning mavjudligini tasdiqlovchi tegishli ravishda rasmiylashtirilgan hujjatlarning (patentlar, guvohnomalar, boshqa muhofaza qiluvchi hujjatlar, patent, tovar belgisidan voz kechish (sotib olish) shartnomasining) mavjudligi;
identifikatsiya qilish imkoniyati.
5. Nomoddiy aktivlarga mazkur BHSning 4-bandida keltirilgan shartlarning barchasiga javob beruvchi quyidagi obyektlar kiritiladi:
patent egasining ixtiro, sanoat namunalari va foydali modellarga boʻlgan mutlaq huquqi;
muallif yoki boshqa huquq egasining elektron hisoblash mashinasi uchun dasturlar va maʼlumotlar bazalariga boʻlgan mutlaq huquqi;
muallif yoki boshqa huquq egasining integral mikrosxemalarning topologiyalariga boʻlgan mutlaq huquqi;
huquq egasining tovar belgisi va xizmat koʻrsatish belgisiga boʻlgan mutlaq huquqi, shuningdek tovar ishlab chiqarilgan joy nomidan foydalanish huquqi;
huquq egasining seleksiya yutuqlariga boʻlgan mutlaq huquqi;
gudvill;
tabiiy resurslardan foydalanish huquqi, yaʼni yer osti boyliklari, atrof-muhitdagi boshqa resurslar, atrof-muhit toʻgʻrisidagi geologik va boshqa maʼlumotlar va shu kabilardan foydalanish huquqi;
yer uchastkasidan foydalanish huquqi;
boshqa nomoddiy aktivlar (mahsulot ishlab chiqarish, ishlar bajarish va xizmatlar koʻrsatish, iqtisodiy va boshqa imtiyozlardan foydalanish huquqi va shu kabilar).
6. Nomoddiy aktivlar tarkibiga tashkilot xodimlarining intellektual va ishchanlik sifati, ularning malakasi va mehnatga qobiliyati kiritilmaydi, chunki ular oʻzlarining egalaridan ajralmas hisoblanadi va ularsiz foydalanish mumkin emas.
7. Nomoddiy aktivlar xususiyati jihatidan oʻxshash aktivlar guruhiga boʻlinadi va ular tashkilot faoliyatida qanday foydalanilganligiga asosan quyidagi guruhlarga ajratilishi mumkin:
firma nomlari;
nashrlarning nomlanishi va titul maʼlumotlari;
kompyuter dasturlari;
litsenziya;
mualliflik huquqlari, patentlar va boshqa sanoat mulki huquqlari, xizmat koʻrsatish va ishlatish huquqlari;
retseptlar, formulalar, modellar, chizmalar va prototiplar;
rivojlanish jarayonidagi nomoddiy aktivlar.
Yuqoridagi sinflar moliyaviy hisobotlarni foydalanuvchilarga koʻproq tegishli maʼlumotlarga ega boʻlishini taʼminlaydigan boʻlsa, yanada kichikroq (birlashtirilgan) sinflarga boʻlinishi mumkin.
2-bob. Qoʻllanish sohasi
8. Standartdan moliyaviy hisobotni tayyorlash va yuritishda hisoblash usulini qoʻllaydigan tashkilotlar tomonidan nomoddiy aktivlar hisobini yuritishda foydalaniladi.
9. Nomoddiy aktivlar hisobini yuritishda quyidagi holatlar Standart talablariga tatbiq etilmaydi:
boshqa standartlar talablariga javob beradigan aktivlar;
neft, tabiiy gaz va shunga oʻxshash qayta tiklanmaydigan foydali qazilma resurslarini qazib olish va ishlab chiqarish xarajatlari;
qonun, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari va qarorlari, Vazirlar Mahkamasining qarorlari yoki boshqa normativ-huquqiy hujjatlar asosida belgilangan huquqlar va vakolatlar;
sotish uchun moʻljallangan uzoq muddatli nomoddiy aktivlar;
iqtisodiy foyda keltirmaydigan madaniy va tarixiy ahamiyatga ega boʻlgan nomoddiy aktivlar.
10. Nomoddiy aktivlar axborot tashish vositasida joylashtiriladi yoki saqlanadi. Bunda kompakt-disk (kompyuter dasturiy taʼminoti sifatida), huquqiy hujjatlar (litsenziya yoki patent) yoki fotoplyonkalarga joylashtiriladi yoki saqlanadi.
11. Tashkilotlar aktivlarni moddiy hamda nomoddiy jihatlariga eʼtibor bergan holda, qaysi jihati muhimligiga qarab hisobga oladi (masalan, samolyot uchun dasturiy taʼminot samolyotning ajralmas qismi boʻlib bu asosiy vosita sifatida hisobga olinadi. Xuddi shu holat kompyuterning operativ xotirasiga ham qoʻllanilganda, yaʼni dastur aktivning ajralmas qismi boʻlmasa, unda ushbu dastur nomoddiy aktiv sifatida qabul qilinadi).
12. Standart reklama, taʼlim, dastlabki xarajatlar hamda tadqiqot va rivojlantirish xarajatlari kabi holatlarni hisobga olinishida qoʻllaniladi. Tadqiqot va ishlab chiqarishning maqsadi bilim olish hisoblanadi. Mazkur faoliyat tufayli kelib chiqqan aktiv jismoniy shaklga ega boʻlsa ham nomoddiy aktiv sifatida tan olinadi.
13. Moddiy va nomoddiy aktivlar moliyaviy ijaraning predmeti hisoblanadi. Tashkilotlar aktivni dastlab hisobga olganida, ijarachi Standartga muvofiq moliyaviy ijara shartnomasi doirasida olingan nomoddiy aktivlar hisobini yuritadi. Filmlar, videolar, pyesalar, qoʻlyozmalar, patentlar va mualliflik huquqi kabi asarlarga doir litsenziya shartnomalari boʻyicha huquqlar boshqa standartlar talablari asosida hisobga olinmaganligi sababli Standart talablari doirasida hisobga olinadi.
3-bob. Madaniy va tarixiy ahamiyatga ega boʻlgan nomoddiy aktivlar
14. Tashkilotlar madaniy-tarixiy ahamiyatga ega boʻlgan iqtisodiy foyda keltirmaydigan aktivlarni aktiv sifatida hisobga olinishini boshqa standartlar asosida amalga oshiradi. Tashkilotlar madaniy va tarixiy ahamiyatga ega boʻlgan nomoddiy aktivlar iqtisodiy foyda keltirgan hollarda ularni hisobga olish, baholash va maʼlumotlarni oshkor etishi uchun Standart talablaridan foydalanadi.
15. Baʼzi aktivlar madaniy, tarixiy yoki ekologik xususiyatiga koʻra madaniy va tarixiy qiymatiga egaligi tufayli nomoddiy aktiv sifatida aks ettiriladi. Mazkur aktivlarga muhim tarixiy hodisalar yozib qoldirilgan materiallar yoki mashhur shaxslar portretlaridan pochta markalari yoki tangalar kolleksiyasida foydalanish huquqi kirishi mumkin.
Madaniy va tarixiy ahamiyatga ega nomoddiy aktivlarni quyidagi xususiyatlarga muvofiq taʼriflanadi:
aktivning madaniy, ekologik va tarixiy xususiyatlariga koʻra faol bozor bahosiga asoslangan holda moliyaviy qiymatini aks ettirib boʻlmasligi;
Oldingi tahrirga qarang.
qonunchilik hujjatlari bilan taqiqlar yoki cheklovlar natijasida sotish yoʻli bilan aktivning chiqib ketishi;
(15-bandning oʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2021-yil 28-iyuldagi 16-mh-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 3313, 28.07.2021-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.07.2021-y., 10/21/3313/0724-son)
qiymatning vaqt oʻtishi bilan ortishi;
foydali xizmat muddatini aniqlash murakkabligi, baʼzi hollarda foydali xizmat muddati bir necha yuz yil davom etishi.
16. Tarixiy va madaniy qiymatni ifodalovchi baʼzi madaniy-tarixiy ahamiyatga ega nomoddiy aktivlar kelajakda iqtisodiy foyda yoki xizmat koʻrsatish imkoniyatiga ega boʻladi. Bunga tarixiy yozmadan foydalanganlik uchun beriladigan royaltini misol boʻlishi mumkin. Bunday hollarda tashkilotlar madaniy-tarixiy ahamiyatga ega nomoddiy aktivlarni daromad keltiruvchi nomoddiy aktivlar hisobida yuritadi va qiymatini aniqlaydi.
4-bob. Nomoddiy avtivlarning kelib tushishi va hisobga olish
17. Nomoddiy aktivlar faqat quyidagi hollarda hisobga olinadi:
tashkilotlar aktivdan kelajakda iqtisodiy foyda olishi yoki xizmat koʻrsatish imkoniyati boʻlganda;
aktivning tannarxi yoki haqiqiy qiymatini ishonchli tarzda aniqlanganda.
18. Nomoddiy aktivlar dastlab Standart talablariga muvofiq baholanadi. Nomoddiy aktiv almashuv boʻlmagan operatsiya doirasida olingan taqdirda, uning dastlabki qiymati olingan sanadagi haqiqiy qiymatiga koʻra baholanadi.
19. Foydalanishga olingan nomoddiy aktivlar foydalanuvchi tashkilot tomonidan shartnomaga kiritilgan bahoda balansdan tashqari schyotda hisobga olinadi.
20. Kelib tushadigan nomoddiy aktivlarning qiymati tashkilot balansiga kiritiladi.
21. Nomoddiy aktivlar quyidagilar natijasida tashkilot balansiga kiritiladi:
ishlab chiqish tugaganidan soʻng yaratilgan obyektni qabul qilish-topshirish;
oldi-sotdi shartnomasi boʻyicha obyektni sotib olish;
begʻaraz kelib tushish;
davlat subsidiyalari hisobiga olish;
ayirboshlash;
ortiqcha (hisobga olinmagan) nomoddiy aktivlar obyektlarini aniqlash;
qonunchilikda nazarda tutilgan boshqa hollarga koʻra.
22. Tashkilotlar nomoddiy aktivni sotib olish uchun toʻlaydigan narxni mavjud boʻlgan iqtisodiy foyda yoki xizmat koʻrsatish imkoniyati boʻyicha aks ettiradi.
23. Tashkilotlar sotib olingan nomoddiy aktivning qiymatini faol bozordagi qiymati asosida ishonchli tarzda aniqlashi lozim.
24. Sotib olingan nomoddiy aktivlarning qiymati quyidagilarni oʻz ichiga oladi:
huquqdan voz kechish (sotib olish) shartnomasiga muvofiq huquq egasiga (sotuvchiga) toʻlangan summalar;
huquq egasining mutlaq huquqidan voz kechishi (sotib olish) munosabati bilan amalga oshirilgan roʻyxatdan oʻtkazish yigʻimlari, davlat bojlari, patent bojlari va boshqa shunga oʻxshash toʻlovlar;
nomoddiy aktivning sotib olish imtiyozlari va chegirmalarini chegirib tashlagan holda import soliqlari va xarid uchun qoplanmaydigan soliqlarni oʻz ichiga olgan sotib olish bahosini;
bojxona bojlari va yigʻimlari;
nomoddiy aktivlarni sotib olish munosabati bilan toʻlanadigan soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlar summalari (agar ular qoplanmasa);
nomoddiy aktivlarni sotib olish bilan bogʻliq axborot va maslahat xizmatlari uchun toʻlangan summalar;
nomoddiy aktivlar ular orqali sotib olingan vositachilarga toʻlanadigan haqlar;
nomoddiy aktivlar obyektlarini yetkazib berish tavakkalchiligini sugʻurtalash boʻyicha xarajatlar;
aktivdan maqsadga koʻra foydalanish uchun uni yaroqli holatga keltirish bilan bevosita bogʻliq boshqa xarajatlar.
Sotib olingan nomoddiy aktivlarga haq toʻlash bilan bogʻliq xarajatlar, sotib olish boʻyicha kontraktlarni tayyorlash va roʻyxatdan oʻtkazish bilan bogʻliq xarajatlar hamda aktivlarni sotib olish bilan bevosita bogʻliq boʻlmagan boshqa xarajatlar nomoddiy aktivlarning boshlangʻich qiymatiga kiritilmaydi, balki ular sodir boʻlgan hisobot davrida haqiqiy xarajatlar sifatida hisobotlarda aks ettiriladi.
Tashkilotning oʻzi tomonidan yaratilgan (ishlab chiqilgan) nomoddiy aktivlarning boshlangʻich qiymati ushbu nomoddiy aktivlarni ishlab chiqarishga sarflangan haqiqiy xarajatlar summasi sifatida aniqlanadi.
25. Toʻgʻridan-toʻgʻri xarajatlarga quyidagilar kiradi:
aktivni ishchi holatiga keltirishga bevosita aloqador xodimlarga beriladigan mukofot pullari;
aktivni ish holatiga yetkazish bilan bevosita bogʻliq boʻlgan professional xizmatlarga haq toʻlash xarajatlari;
aktivning ishlashini tekshirish xarajatlari.
26. Quyidagilar nomoddiy aktivlarning qiymatiga kiritilmaydi:
yangi mahsulot yoki xizmatni joriy qilish bilan bogʻliq xarajatlar (shu jumladan, reklamaning qiymati va ularni sotish boʻyicha xarajatlar);
yangi joyda yoki yangi mijozlar toifasida ishlash bilan bogʻliq xarajatlar (shu jumladan xodimlarni tayyorlash xarajatlari);
maʼmuriy va boshqa umumiy ustama xarajatlar.
27. Xarajatlarni nomoddiy aktivning balans qiymatida hisobga olinishi aktivning boshqaruv maqsadlariga muvofiq foydalanish uchun mos keladigan holatga kelgandan soʻng toʻxtatiladi. Nomoddiy aktivni foydalanish yoki qayta joylashtirish xarajatlari ushbu aktivning balans qiymatiga kiritilmaydi (masalan, aktivning foydalanishga tayyor boʻlgandan keyingi amalga oshirilgan xarajatlar).
5-bob. Almashuv boʻlmagan operatsiyalar orqali sotib olingan nomoddiy aktivlar
28. Nomoddiy aktivlar almashuv boʻlmagan operatsiyalar orqali sotib olinishi ham mumkin. Bunda tashkilotlar radio va televideniye stansiyalaridan foydalanish uchun litsenziya, import yoki kvotalarga litsenziya yoki boshqa vositalardan foydalanish huquqi kabi nomoddiy aktivlarni oʻtkazganda yuzaga keladi (masalan, sovrindor jismoniy shaxslar oʻzlarining shaxsiy gʻoliblik hujjatlarini, shu jumladan nashrlardagi mualliflik huquqini milliy arxivga almashuv boʻlmagan operatsiya orqali topshirishlari).
Nomoddiy aktivlar almashuv boʻlmagan operatsiyalar orqali olinganda aktivni sotib olingan kundagi qiymati uning haqiqiy qiymati hisoblanadi. Tashkilotlar Standart talablariga muvofiq almashuv boʻlmagan operatsiyalar asosida olingan nomoddiy aktivlarni haqiqiy qiymati boʻyicha sotib olganligi uchun uni hisobga olish vaqtida qayta baholashni amalga oshirmaydi. Agar kelgusi hisobot davrlarida nomoddiy aktivlarni qayta baholanadigan boʻlsa, u holda Standartning 50-bandida koʻrsatilgan qayta baholash talablari asosida amalga oshiriladi.
6-bob. Gudvill hisobining xususiyatlari
29. Tashkilotning oʻzi yaratgan gudvill aktiv sifatida aks ettirilmasligi kerak, chunki u tashkilotni sotib olish paytida xarid qilish narxi bilan mazkur tashkilotni tashkil qiluvchi aktivlarning haqiqiy narxi oʻrtasidagi farq sifatida yuzaga keladi.
30. Xarid qilingan gudvillning miqdori hisob-kitob qilish yoʻli bilan, xarid qilinayotgan aktivning haqiqiy qiymati bilan uni xarid qilish sanasidagi aktivning sof bozor qiymati oʻrtasidagi farq sifatida aniqlanadi.
31. Gudvill boʻyicha amortizatsiya ajratmalari uning foydali xizmat muddati mobaynida boshlangʻich qiymatini kamaytirish yoʻli bilan buxgalteriya hisobida aks ettiriladi.
Moliyaviy hisobotda gudvillning qiymati tegishli hisobot davrida amalga oshirilgan hisobdan chiqarishlarni chegirgan holda aks ettiriladi.
32. Tashkilotlar iqtisodiy manfaatlar yoki xizmat koʻrsatish imkoniyatini yaratish maqsadida nomoddiy aktivlarni ishlab chiqishga sabab boʻlmaydigan xarajatlar qilishi mumkin. Bunday xarajatlar ichki joriy etilgan gudvillning shakllanishidagi xarajatlari deb ataladi. Ichki joriy etilgan gudvill aktiv sifatida tan olinmaydi, chunki bu aktivlar tashkilot tomonidan nazorat qilinadigan va haqiqiy qiymatini ishonchli tarzda baholash imkonini beradigan resurs hisoblanmaydi.
7-bob. Ishlab chiqarilgan nomoddiy aktivlar
33. Ishlab chiqarilgan nomoddiy aktivni hisobga olish mezonlariga mos kelishini baholash uchun tashkilotlar nomoddiy aktivni ishlab chiqarish jarayonini quyidagilarga ajratadi:
tadqiqot bosqichi;
ishlab chiqish bosqichi.
34. Agar tashkilotlar nomoddiy aktivlarni ishlab chiqarishga qaratilgan ichki loyihada tadqiqot bosqichini ishlab chiqarish bosqichidan ajrata olmasa, tashkilotlar bunday loyiha sarf-xarajatlarini faqat tadqiqot bosqichida boʻlganidek hisobga oladi.
35. Tadqiqot natijasida (yoki ichki loyiha doirasida tadqiqotni amalga oshirish bosqichida) boʻlgan nomoddiy aktivlarning hech biri aktiv sifatida hisobga olinmaydi. Tadqiqotning sarf-xarajatlari (yoki ichki loyiha doirasida tadqiqotni amalga oshirish bosqichida) ularning kelib chiqishi vaqtida xarajatlar sifatida tan olinadi.
36. Ichki loyihaning tadqiqot bosqichida tashkilotlar kelajakda iqtisodiy foyda yoki xizmat koʻrsatish imkoniyatini yuzaga keltiradigan nomoddiy aktivni mavjudligini namoyish etmaydi. Tegishli xarajatlar kelib chiqishi vaqtida xarajatlar sifatida tan olinadi.
37. Tadqiqot faoliyati sifatida:
yangi bilimlarni olishga qaratilgan faoliyat;
tadqiqot natijalarini yoki boshqa bilimlarni qoʻllash sohalarini izlash, baholash va yakuniy tanlash;
muqobil materiallar, uskunalar, mahsulotlar, jarayonlar, tizimlar yoki xizmatlarni qidirish;
yangi yoki takomillashtirilgan materiallar, qurilmalar, mahsulotlar, jarayonlar, tizimlar yoki xizmatlar oʻrnini bosuvchilarni shakllantirish, loyihalashtirish, baholash va yakuniy tanlash kiritilishi mumkin.
38. Ishlab chiqilgan (yoki ichki loyihada ishlab chiqishning amalga oshirilish bosqichi) aktivlar quyidagi mezonlarga javob bersa nomoddiy aktiv sifatida tan olinadi:
nomoddiy aktivlarni ishlatish yoki sotish uchun toʻlaqonli texnik tugatish imkoniyatining borligi;
nomoddiy aktivni ishlab chiqish jarayonini yakunlash va ishlatish yoki sotish maqsadi borligi;
nomoddiy aktivlarni ishlatish yoki sotish imkoniyati mavjudligi;
nomoddiy aktivning kelajakdagi iqtisodiy foydani yoki xizmat koʻrsatish imkoniyatini shakllantirishi;
nomoddiy aktivni ishlab chiqarish va foydalanish yoki sotish uchun yetarli texnik, moliyaviy va boshqa resurslarning mavjudligi;
nomoddiy aktiv bilan bogʻliq xarajatlarni aniqlash imkoni mavjudligi.
39. Tashkilotlar ichki loyiha doirasida ishlab chiqish bosqichidagi nomoddiy aktivni identifikatsiya qilishi va bu aktivning kelajakdagi iqtisodiy foydalarini yoki xizmat koʻrsatish imkoniyatini olib kelishini koʻrsatadi.
40. Ishlab chiqish bosqichiga quyidagilar kiradi:
ishlab chiqish yoki foydalanishdan oldin namuna va modellarni loyihalash, qurish va sinovdan oʻtkazish;
yangi texnologiyalar hisoblangan asboblar, namunalar, shakllar va shtamplarni loyihalashtirish;
iqtisodiy jihatdan maqsadga muvofiq boʻlmagan, yaʼni sotish maqsadida yoki xizmat koʻrsatish uchun ishlab chiqilayotgan tajriba uskunalarini loyihalash, qurish va ishlatish;
yangi yoki takomillashtirilgan materiallar, asboblar, mahsulotlar, jarayonlar, tizimlar yoki xizmatlarga nisbatan tanlangan muqobillarni loyihalash, qurish va sinovdan oʻtkazish;
veb-sayt va dasturiy taʼminotni ishlab chiqarish xarajatlari.
41. Tashkilotlar tomonidan qoʻllaniladigan kalkulatsiya hisob-kitobi nomoddiy aktivlarni ishlab chiqish boʻyicha xarajatlarning aniq hisoblash imkonini beradi (masalan, ish haqi, mualliflik huquqi, litsenziyalarni yoki kompyuter dasturlari kabi ishlab chiqishda yuzaga keladigan boshqa xarajatlar).
42. Tashkilot tomonidan tovar belgilari, titul maʼlumotlari, nashriyot huquqi, mijozlar roʻyxatiga sarflangan xarajatlarni tashkilot faoliyatini rivojlantirish xarajatlaridan farqlab boʻlmaydi. Shuning uchun, bunday aktivlar nomoddiy aktiv sifatida tan olinmaydi.
43. Mustaqil ishlab chiqarilgan nomoddiy aktivning qiymati ushbu aktivni ishlab chiqish, ishlatish va tayyorlash uchun zarur boʻlgan barcha toʻgʻridan toʻgʻri xarajatlarni oʻz ichiga oladi.
44. Toʻgʻridan-toʻgʻri xarajatlarga quyidagilar kiradi:
nomoddiy aktivni ishlab chiqishda foydalanilgan va ishlatilgan materiallar va xizmatlar xarajatlari;
nomoddiy aktivni yaratish bilan bogʻliq ishchilarni ragʻbatlantirish xarajatlari;
huquqni roʻyxatga olish xarajatlari;
nomoddiy aktivni ishlab chiqarishda foydalaniladigan patentlar va litsenziyalarning amortizatsiyasi.
45. Quyidagi koʻrsatkichlar tashkilotning oʻzi tomonidan ishlab chiqilgan nomoddiy aktiv tannarxiga kiritilmaydi:
realizatsiya, maʼmuriy va boshqa ustama xarajatlar;
rejalashtirilgan vazifalarni bajarishdan oldin amalga oshirilgan samarasizliklar va dastlabki operatsion zararlar;
aktivni ishlatish uchun kadrlarni tayyorlash xarajatlari.
8-bob. Xarajatlarni hisobga olish
46. Nomoddiy aktivlarga qilingan xarajatlarni ular sodir etilgan davrda hisobga olinadi, nomoddiy aktivning tannarxiga kiritilish mezonlariga javob beradigan holatlar bundan mustasno.
Bunda, tashkilotlar kelajakda iqtisodiy foyda yoki xizmat koʻrsatish imkoniyatini yaratish uchun xarajatlar amalga oshiradi (ushbu holatda tannarxga kiritiladigan nomoddiy yoki boshqa aktivlarning sotib olinishi va ishlab chiqarilishi mustasno) va ular yuzaga kelgan hisobot davrida xarajatlar sifatida tan olinadi.
47. Hisobot davridagi xarajatlarga quyidagilar kiradi:
tadqiqot xarajatlari;
ishlab chiqishga tayyorlash uchun xarajatlar (yaʼni boshlangʻich xarajatlar), asosiy vositalar tannarxiga qoʻshiladigan xarajatlar bundan mustasno. Boshlangʻich xarajatlarga tashkil etish xarajatlari, yuridik shaxs tashkil etilgandagi advokatlar va kotiblar xarajatlari, yangi tashkilot yoki faoliyat turini (yaʼni, ishga tushirish uchun sarflangan xarajatlar) ochish yoki yangi faoliyatni boshlash yoki yangi mahsulotni ishlab chiqarish xarajatlari (yaʼni operatsiyaoldi xarajatlari) kiradi.
xodimlarni tayyorlash xarajatlari;
reklama va reklama faoliyati xarajatlari (shu jumladan, pochta tovarlari va axborot nashrlari;
tashkilot yoki uning biror qismini koʻchirish yoki qayta tashkil etish xarajatlari.
48. Tashkilot tomonidan koʻrsatilgan xizmatlar va tovarlar uchun avans toʻlovni aktiv sifatida tan olinadi.
49. Dastlab Standart doirasida nomoddiy aktivlarga sarflangan xarajatlar xarajat sifatida hisobga olinsa, keyingi davrlarda nomoddiy aktivning tannarxi qismida hisobga olinishi mumkin emas.
9-bob. Hisobga olgandan keyin baholash
50. Tashkilot tannarx boʻyicha hisoblash modelini va qayta baholash qiymati boʻyicha hisob siyosatini amalga oshiradi. Agarda nomoddiy aktiv qayta baholash modeli boʻyicha hisoblanayotgan boʻlsa, u bilan bir tasnifdagi barcha aktivlar ham shu modelda hisoblanishi kerak, agarda ular uchun faol bozor mavjud boʻlsa, u xolda bu usuldan foydalanilmaydi.
51. Tashkilot faoliyatida qoʻllanilishi va ular xususiyatlarini oʻxshashligi jihatidan guruhlanishi nomoddiy aktivlar sinfini tashkil qiladi. Shu sababli kirim qilinish sanasidan qatʼiy nazar bir sinfga taalluqli nomoddiy aktivlar bir vaqtning oʻzida qayta baholanadi.
52. Dastlabki hisobga olinishda nomoddiy aktiv qiymati jami amortizatsiyasi chegirib tashlangan holda hisobga olinadi va shu qiymat boʻyicha qayta baholanadi.
Standartga koʻra qayta baholash maqsadida aktivning haqiqiy qiymati aniqlash mavjud faol bozor maʼlumotlaridan foydalangan holda amalga oshiriladi. Hisobot davrida aktivning balans qiymati uning haqiqiy qiymatidan sezilarli darajada farq qilmasligi uchun oʻz vaqtida qayta baholanishi kerak.
53. Qayta baholash modeli quyidagilarga yoʻl qoʻymaydi:
avval aktiv sifatida hisobga olinmagan nomoddiy aktivlarni qayta baholashga;
nomoddiy aktivlarni dastlabki qiymatini tannarxdan past qiymatda hisobga olinishiga.
54. Qayta baholash boʻyicha hisoblashlar aktivning tannarx boʻyicha hisoblangandan keyin amalga oshiriladi. Aktivning bir qismi ishlab chiqarish jarayonida qatnashgan boʻlsa yoki nomoddiy aktiv tannarxining faqat bir qismi aktiv sifatida hisobga olingan boʻlsa, qayta baholash butun aktivga nisbatan qoʻllaniladi. Shuningdek, qayta baholash modeli, almashinuv boʻlmagan operatsiya natijasida olingan nomoddiy aktivga nisbatan ham qoʻllaniladi.
55. Tashkilotlar nomoddiy aktivlarni qayta baholashda faol bozor maʼlumotlari asosida aniq belgilash mumkin boʻlgan shartlarda, qayta baholash sanasidagi haqiqiy qiymatni tasdiqlovchi hujjatlar asosida amalga oshiradi.
56. Qayta baholashning takroriyligi qayta baholanadigan nomoddiy aktivning haqiqiy qiymatini oʻzgaruvchanligiga bogʻliq. Qayta hisoblangan aktivning haqiqiy qiymati uning balans qiymatidan sezilarli darajada farq qilsa, yana bir marta qayta baholash talab etiladi. Baʼzi nomoddiy aktivlarning haqiqiy qiymatida sezilarli oʻzgarishlar boʻladi, bu esa ularning har yili qayta baholanishini talab qiladi. Haqiqiy qiymatida faqat kichik oʻzgarishlar boʻladigan nomoddiy aktivlar takroriy qayta baholanmaydi.
57. Nomoddiy aktivlarni qayta baholashda ularning qayta baholash sanasidagi jami amortizatsiyasi nomoddiy aktivlarning boshlangʻich qiymatini oʻzgartirishning tegishli indekslariga asosan tuzatiladi hamda keyinchalik amortizatsiyani hisoblash qayta baholangan qiymatidan amalga oshiriladi. Qayta baholash indeksi nomoddiy aktivning joriy qiymatini uning boshlangʻich qiymatiga boʻlish yoʻli bilan aniqlanadi.
58. Faol bozor maʼlumotlaridan foydalangan holda qayta baholangan nomoddiy aktivning haqiqiy qiymatini aniqlashning imkoni boʻlmasa, bunda aktivning balans qiymati oxirgi marta faol bozor maʼlumotlaridan foydalangan holda qayta baholangan qiymati boʻyicha qayta baholanadi, bunda jami amortizatsiya va har qanday keyingi qadrsizlanish chegirib tashlanadi.
59. Agar qayta baholash natijasida nomoddiy aktivning balans qiymati oshsa, bu qiymat toʻgʻridan toʻgʻri qayta baholash natijasidagi oʻsish qayta baholash schyotining kreditida aks ettiriladi. Shu bilan birga, bunday oʻsish yoki oldingi qiymatni qayta baholash natijasida qiymatning pasayish miqdori foyda yoki zarar sifatida aks ettiriladi.
10-bob. Nomoddiy aktivlarning foydali xizmat muddati
60. Tashkilotlar nomoddiy aktivning foydali xizmat muddati cheklangan yoki noaniqligini aniqlashi kerak. Foydali xizmat muddati cheklangan hollarda muddatning davomiyligi shu muddatda ishlab chiqarish birliklari miqdori yoki xizmat koʻrsatish imkoniyati muddati deb hisoblanadi. Agar mavjud omillarning barchasi, yaʼni aktiv oʻz xizmati davomida tashkilot uchun daromad yoki zarar yoxud xizmat koʻrsatish imkoniyatini davomiyligi aniqlash imkoni yoʻqligini koʻrsatsa, tashkilot nomoddiy aktivni noaniq foydali xizmat davomiyligiga ega deb hisoblaydi.
61. Nomoddiy aktivning hisobi uning foydali xizmat muddatiga bogʻliq boʻladi. Cheklangan foydali xizmat muddatiga ega nomoddiy aktiv uchun amortizatsiya va aksincha, noaniq foydali xizmat muddatiga ega nomoddiy aktivlar uchun amortizatsiya hisoblanmaydi.
62. Nomoddiy aktivning foydali xizmat muddatini aniqlashda koʻplab omillar bilan bir qatorda quyidagilar ham hisobga olinadi:
ushbu aktivni tashkilot tomonidan maqsadli foydalanilishi va samarali foydalanishiga imkoniyati;
mahsulot (ishlar, xizmatlar) xizmat muddati ushbu nomoddiy aktivga qoʻllanilishi;
eskirishning texnik, texnologik va boshqa turlarini;
belgilangan aktiv faoliyat koʻrsatayotgan sohaning barqarorligi yoki ushbu aktivdan olingan xizmatlar yoki mahsulotlar uchun bozor talabining oʻzgarishi;
raqobatchilar yoki potensial raqobatchilarning moʻljallangan harakatlari;
kutilayotgan iqtisodiy foydalarni olish uchun zarur boʻlgan aktivlarni saqlab turish va xizmat koʻrsatish xarajatlari darajasini taʼminlash qobiliyati;
aktivni nazorat qilish muddati va ushbu aktivdan foydalanish boʻyicha qonuniy yoki shunga oʻxshash cheklashlar, masalan, tegishli ijara shartnomalarining amal qilish muddati;
tegishli aktivning foydali xizmat muddati tashkilotning boshqa aktivlarini foydali xizmat muddatiga bogʻliqligi.
63. Texnologiya sohasida yuz berayotgan tezkor oʻzgarishlar tufayli, kompyuter dasturlari va shu kabi nomoddiy aktivlar texnologik jihatdan tez eskiradi, shu sababli, ularning foydali xizmat muddati qisqa boʻladi.
64. Bitimlardan kelib chiqadigan nomoddiy aktivlarning foydali xizmat muddati uning amal qilish muddatidan oshib ketmasligi kerak, lekin tashkilot aktivdan foydalanishni nazarda tutgan davrga bogʻliq holda qisqa boʻlishi mumkin. Agar shartnomalar uzaytirish sharti bilan cheklangan muddatga tuziladigan boʻlsa, ushbu nomoddiy aktivning foydali xizmat muddati faqat xarajatlarsiz amalga oshirilishi mumkin boʻlgan holdagina belgilanadi.
65. Nomoddiy aktivning foydali xizmat muddatiga iqtisodiy, siyosiy, ijtimoiy va huquqiy kabi omillar taʼsir qiladi. Iqtisodiy, siyosiy yoki ijtimoiy omillar tashkilotning kelajakda iqtisodiy manfaatlar yoki xizmat koʻrsatish imkoniyatini olishi mumkin boʻlgan davrni belgilab beradi. Huquqiy omillar ushbu tashkilotning iqtisodiy foyda yoki xizmat koʻrsatish imkoniyatini olish davrini cheklab qoʻyishi mumkin. Foydali xizmat muddati ushbu omillar tomonidan belgilangan davrlarning eng qisqasini aks ettiradi.
66. Boshqa omillar bilan bir qatorda, quyidagi omillarning mavjudligi shartnomalarni xarajatlarsiz uzaytirishni amalga oshirish imkoniyatini yaratadi:
shartnomalarni oldingi tajribaga asoslanib, uzaytirilishiga dalillarning mavjudligi;
uzaytirishni amalga oshirish uchun zarur boʻlgan barcha shartlar bajarilishi haqida dalillarning mavjudligi;
tashkilot shartnomani uzaytirishga qilgan xarajatlari uning kelgusidagi iqtisodiy foyda yoki xizmat koʻrsatish imkoniyatiga nisbatan juda oz miqdorini tashkil etishi.
67. Agar shartnoma muddatini uzaytirish xarajatlari olinadigan iqtisodiy foydalarga yoki xizmat koʻrsatish imkoniyatga nisbatan katta boʻlsa, bu uzaytirish xarajatlari uzaytirilgan sanadan boshlab yangi nomoddiy aktivni sotib olish xarajatlari hisoblanadi.
68. Cheklangan foydali xizmat muddatiga ega nomoddiy aktivning amortizatsiya qiymati muntazam ravishda uning foydali xizmat muddatida taqsimlanadi. Amortizatsiya ushbu aktivni ishlatish uchun tayyor holga kelgan paytdan boshlab hisoblanadi. Aktivlarni sotish (yoki sotish maqsadida chiqib ketish schyotlarida aks ettirish) yoki hisobga olish davri toʻxtatilgan holatlaridan qaysi birining birinchi yuzaga kelishiga qarab aktivga nisbatan amortizatsiya hisoblash toʻxtatiladi.
Amaldagi amortizatsiya usuli tashkilotning kelajakdagi iqtisodiy foydalarini yoki xizmat koʻrsatish imkoniyatini ishonchli tarzda aniqlash imkoni boʻlmasa, unda amortizatsiyaning toʻgʻri chiziqli usuli qoʻllaniladi.
69. Amortizatsiya qilinadigan qiymatlarni muntazam ravishda foydali xizmat muddatiga taqsimlash uchun turli amortizatsiya usullaridan foydalaniladi. Ushbu usullarga toʻgʻri chiziq usuli, qoldiq qiymatni kamaytirish usuli va ishlab chiqarilgan miqdordan hisoblash usullari kiradi. Amaldagi usul, kelajakdagi iqtisodiy foydalarning yoki xizmat koʻrsatish imkoniyatining isteʼmol qilish shakli yoki aktiv tarkibidagi xizmat koʻrsatish salohiyati asosida belgilanadi, bundan kutilayotgan iqtisodiy foydalarning yoki xizmat koʻrsatish imkoniyatining oʻzgarishi mustasno.
70. Amortizatsiya odatda foyda yoki zarar sifatida tan olinadi. Biroq, baʼzida aktivning kutilayotgan iqtisodiy foydasi boshqa aktivlarni ishlab chiqarish jarayonida oʻzlashtirib yuboriladi. Bu holda toʻplangan amortizatsiya boshqa aktiv qiymatining bir qismini tashkil etadi va uning balans qiymatiga kiritiladi. Masalan, ishlab chiqarish jarayonida foydalaniladigan nomoddiy aktivlar tovar-moddiy zaxiralarining balans qiymatiga kiritiladi.
11-bob. Nomoddiy aktivlarni tugatish qiymati va foydali xizmat muddatini baholash tahlili
71. Quyidagi hollardan tashqari cheklangan foydali xizmat muddatiga ega nomoddiy aktivning tugatish qiymati nolga teng boʻladi:
aktivni uning foydali muddati tugashi bilan sotib olishi uchun uchinchi tomon majburiyati mavjud boʻlsa;
ushbu aktiv uchun faol bozor mavjud boʻlsa:
aktivning tugatish qiymati faol bozor maʼlumotidan foydalanib aniqlanishi mumkin boʻlganda;
bunday bozor aktivning foydali muddati oxirida mavjud boʻlganda.
72. Cheklangan muddatga ega boʻlgan aktivning amortizatsiya qiymati uning tugatish qiymatini chiqarib tashlagandan soʻng aniqlanadi. Nolga teng boʻlmagan tugatish qiymati tashkilotlarning nomoddiy aktivni foydali xizmati muddatigacha sotilishi mumkin.
73. Amortizatsiya hisoblanmaydigan nomoddiy aktivlarning foydali xizmat muddati har bir hisobot davrida aktivning foydali xizmat muddati noaniq deb tasdiqlanishini aniqlash uchun tahlil qilinishi kerak. Agar ular bunday baholashni tasdiqlamasa, unda foydali xizmat muddatining cheklanganga oʻzgartirilishi lozim.
74. Nomoddiy aktivning foydali xizmat muddatini noaniqdan cheklanganga oʻzgartirilishi shu aktivning qadrsizlanishining belgisidir. Natijada, ushbu aktivni, tiklanadigan qiymatini uning balans qiymati bilan solishtiriladi va qayta tiklanishdan balans qiymatining oshishini qadrsizlanishdan zarar sifatida qabul qiladi.
12-bob. Nomoddiy aktivlardan foydalanishni toʻxtatish va chiqarib yuborish
75. Nomoddiy aktivlarning hisobga olinishi quyidagi hollarda toʻxtatiladi:
oʻzining chiqib ketishi tufayli (shu jumladan almashinuv boʻlmagan operatsiyalar orqali);
uning foydalanilishidan yoki chiqib ketishidan kelajakda iqtisodiy foyda yoki xizmat olish imkoniyati kutilmayotgan boʻlsa.
76. Nomoddiy aktivni hisobga olishni toʻxtatish natijasida kelib tushadigan foyda yoki zararni balans qiymati oʻrtasidagi farq sifatida hisobga olinadi. Ular aktivni hisobga olishni toʻxtatishdan kelib chiqadigan foyda yoki zarar tarkibida hisobga olinadi.
77. Nomoddiy aktivni chiqarib yuborilishi turli yoʻllar bilan amalga oshirilishi mumkin (masalan, sotish, tugatish, ayirboshlash, moliyaviy ijara shartnomasi, almashinuv boʻlmagan operatsiyalar, kamomad faktini aniqlash va boshqalar).
78. Cheklangan foydali xizmat muddatiga ega nomoddiy aktivning amortizatsiya hisobi aktiv ishlatilmayotgan boʻlsa toʻxtatilmaydi, sotish uchun moʻljallangan yoki amortizatsiyasi toʻliq hisoblanilgan holatlar bundan mustasno.
13-bob. Nomoddiy aktivlarni inventarizatsiyadan oʻtkazish
79. Nomoddiy aktivlardan foydalanishga doir huquqlarini tasdiqlaydigan hujjatlarning haqiqatda mavjudligi, balansda nomoddiy aktivlarni toʻgʻri va oʻz vaqtida aks ettirilganligini aniqlash va ularning saqlanishini nazorat qilish maqsadida tashkilotlar tomonidan vaqti-vaqti bilan, biroq ikki yilda kamida bir marta nomoddiy aktivlar inventarizatsiyadan oʻtkaziladi.
80. Inventarizatsiyada aniqlangan ortiqcha nomoddiy aktivlar daromadlar sifatida aks ettiriladi. Inventarizatsiya vaqtida kamomad fakti aniqlangan yetishmayotgan nomoddiy aktivlar aybdor shaxslar aniqlangunga qadar kamomadlarni hisobga oluvchi schyotda aks ettiriladi.
14-bob. Axborotning oshkor etilishi
81. Tashkilot ishlab chiqarilgan nomoddiy aktivlarni va boshqa nomoddiy aktivlar oʻrtasidagi farqni hisobga olgan holda, har bir nomoddiy aktiv uchun hisob siyosatini quyidagi maʼlumotlar orqali oshkor etishi kerak:
mos aktivlarning foydali xizmat muddati noaniqligi yoki cheklanganligini, agar cheklangan boʻlsa foydali xizmat muddati yoki amortizatsiya normalari qoʻllanilishini;
foydali xizmat muddatiga ega nomoddiy aktivlar uchun qoʻllaniladigan amortizatsiya usullari;
davr boshi va oxirida balans qiymati hamda uning jami amortizatsiyasi (qadrsizlanishdan toʻplangan zararlar bilan hisoblangan);
nomoddiy aktivlarning har qanday amortizatsiyasiga kiritilgan moddalar (foyda va zarar tarkibiga kiritilgan);
davr boshi va oxirida balans qiymati.
82. Agar nomoddiy aktivlar qayta baholangan qiymatda saqlansa, tashkilotlar nomoddiy aktivlarning sinfiga koʻra quyidagi maʼlumotlarni ochib berishlari lozim:
qayta baholash amalga oshirilgan sana;
qayta baholangan nomoddiy aktivlarning balans qiymati;
nomoddiy aktivlarning qayta baholangan guruhi belgilangan tannarxni qayta hisoblash usulida keltirilgandek, tan olingan balans qiymatni;
davr boshi va oxirida hisobot davridagi oʻzgarishlarni va tashkilotlar oʻrtasidagi muvozanatni taqsimlash boʻyicha cheklashlarni koʻrsatgan holda nomoddiy aktivlar bilan bogʻliq qayta baholashning qoʻshimcha summasini;
aktivlarning oʻrtacha qiymatini hisoblashda foydalaniladigan usullar va sezilarli xatoliklarni.
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 24.06.2019-y., 10/19/3169/3327-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.07.2021-y., 10/21/3313/0724-son)