Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirining
buyrugʻi
Oʻzbekiston Respublikasi budjet hisobining standarti (7-sonli BHS) “Tovar-moddiy zaxiralar”ni tasdiqlash toʻgʻrisida
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2019-yil 14-yanvarda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 3120]
Oʻzbekiston Respublikasining Budjet kodeksi, Oʻzbekiston Respublikasining “Buxgalteriya hisobi toʻgʻrisida”gi Qonuniga muvofiq va budjet hisobini davlat sektorida moliyaviy hisobotlarning xalqaro standartlari bilan muvofiqlashtirish maqsadida buyuraman:
1. Oʻzbekiston Respublikasi budjet hisobining standarti (7-sonli BHS) “Tovar-moddiy zaxiralar” ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur buyruq 2020-yil 1-yanvardan kuchga kiradi.
Vazir D. KUChKAROV
Toshkent sh.,
2018-yil 12-dekabr,
151-son
Oʻzbekiston Respublikasi moliya vazirining 2018-yil 12-dekabrdagi 151-son buyrugʻiga
ILOVA
ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi budjet hisobining standarti (7-sonli BHS) “Tovar-moddiy zaxiralar”
Mazkur Oʻzbekiston Respublikasi budjet hisobining standarti (7-sonli BHS) “Tovar-moddiy zaxiralar” (bundan buyon matnda Standart deb yuritiladi) Oʻzbekiston Respublikasining Budjet kodeksi va Oʻzbekiston Respublikasining “Buxgalteriya hisobi toʻgʻrisida”gi Qonuniga muvofiq budjet tashkilotlari, davlat maqsadli jamgʻarmalari va boshqa budjetdan tashqari jamgʻarmalarining (bundan buyon matnda tashkilotlar deb yuritiladi) tovar-moddiy zaxiralari hisobini yuritish tartibini belgilaydi.
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Standartda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
joriy tiklanish qiymati — tashkilot tomonidan aktivni xarid qilish natijasida hisobot davrida yuzaga keladigan xarajatlar;
tovar-moddiy zaxiralar — tashkilotlarda ishlab chiqarish jarayonida foydalaniladigan xomashyo va materiallar, ularning doimiy faoliyati davomida foydalanish yoki sotish uchun moʻljallangan yoki sotish yoki taqsimlash uchun ishlab chiqarilgan aktivlar koʻrinishida boʻladi;
realizatsiya qilishning sof qiymati — odatiy faoliyat jarayonida kutilayotgan sotish qiymatidan ishlab chiqarish yakuni boʻyicha hamda sotish, almashtirish yoki berish bilan bogʻliq xarajatlarni chegirgan holda aniqlanadigan qiymat.
2. Hisoblash metodi asosida moliyaviy hisobotlarni tuzuvchi va taqdim qiluvchi tashkilotlar tovar-moddiy zaxiralar hisobini yuritishda mazkur Standartdan foydalanadi.
3. Tovar-moddiy zaxiralarni hisobga olishning asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:
barcha moddiy qimmatliklarning butligini taʼminlash hamda ishlatilishi va toʻgʻri foydalanilishi ustidan nazorat oʻrnatish;
zaxiralar va xarajatlarning belgilangan meʼyorlarini kuzatib borish;
realizatsiya qilinishi lozim boʻlgan, foydalanilmaydigan materiallarni oʻz vaqtida aniqlash;
tashkilot omborlarida mavjud boʻlgan qoldiqlar haqida aniq maʼlumotlar olish va boshqalar.
4. Tovar-moddiy zaxiralarni qabul qilish, saqlash va topshirish javobgarligi tashkilot rahbarining buyrugʻi bilan tayinlangan moddiy javobgar shaxslarga yuklatiladi. Moddiy javobgar shaxslarning almashinishi tovar-moddiy zaxiralarning inventarizatsiyasi va tashkilot rahbari tomonidan tasdiqlanadigan qabul qilish-topshirish dalolatnomalarini tuzish bilan amalga oshiriladi. Tovar-moddiy zaxiralarni saqlash joylari tosh-tarozu jihozlari, oʻlchov asboblari, oʻlchov idishlari va boshqa nazorat moslamalari bilan taʼminlanishi lozim.
2-bob. Tovar-moddiy zaxiralari turlari
5. Tovar-moddiy zaxiralar tashkilotlar tomonidan sotib olingan yoki qayta sotish uchun moʻljallangan tovarlar va boshqa mol-mulklarni oʻz ichiga oladi.
6. Tovar-moddiy zaxiralar quyidagi koʻrinishda boʻladi:
oziq-ovqat mahsulotlari;
xizmat koʻrsatish va qurilish materiallari;
harbiy qurol-aslahalar;
asosiy vositalar uchun ehtiyot qismlari;
strategik zaxiralar (masalan, energiya resurs zaxiralari);
muomalaga chiqarilmagan pul belgilari;
sotish uchun moʻljallangan pochta inventarlari;
tugallanmagan ishlab chiqarish, shu jumladan oʻquv va taʼlim materiallari hamda tashkilot tomonidan koʻrsatiladigan xizmatlar (masalan, auditorlik tekshiruvi);
sotish uchun moʻljallangan yer yoki mol-mulklar. Bunda uzoq muddatli aktivlar (er, binolar, inshootlar, transport vositalari, mulkiy (mutlaq) huquqlar va boshqalar) keyinchalik sotish yoki qayta sotish maqsadida xarid qilingan hollarda tovar boʻlib hisoblanadi;
mahsulotlar ishlab chiqarish, xizmatlar koʻrsatish, ishlarni bajarish, ishlab chiqarishga xizmat koʻrsatish, maʼmuriy va boshqa ehtiyojlar uchun moʻljallangan xomashyo va material zaxiralar, xarid qilingan yarim tayyor mahsulotlar va butlovchi buyumlar, yoqilgʻi va yonilgʻilar, tara va tarabop materiallar, inventar va xoʻjalik jihozlari, ehtiyot qismlar va boshqa materiallar;
qayta ishlanayotgan va yigʻilayotgan detallar, uzellar, tugallanmagan texnologik jarayonlar va mahsulotlar koʻrinishidagi tugallanmagan ishlab chiqarishlar;
tashkilotda tayyorlangan tayyor mahsulotlar.
7. Tashkilotlar favqulodda yoki boshqa vaziyatlarda (misol uchun tabiiy ofatlar yoki fuqaro himoyasi bilan bogʻliq boʻlgan favquloddagi harakatlar) foydalaniladigan energiya resurslari (misol uchun neft) kabi turli resurslarning strategik zaxiralarini saqlasalar, ushbu zaxiralar tovar-moddiy zaxira sifatida tan olinadi va mazkur Standartga muvofiq ravishda hisobga olinadi.
8. Tovar-moddiy zaxiralar quyidagilar natijasida tashkilotga kirim qilinadi:
yetkazib berish (oldi-sotdi) shartnomasi boʻyicha xarid qilinishi;
begʻaraz kelib tushishi (hadya shartnomasi boʻyicha);
uzoq muddatli aktivlar tarkibidan oʻtkazilishi;
ortiqcha (hisobga olinmagan) tovar-moddiy zaxiralarning aniqlanishi;
tashkilotning oʻzida tayyorlanishi;
Oldingi tahrirga qarang.
qonunchilik hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa hollarda.
(8-bandning yettinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2021-yil 28-iyuldagi 16-mh-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 3313, 28.07.2021-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.07.2021-y., 10/21/3313/0724-son)
3-bob. Tovar-moddiy zaxiralarni baholash
1-§. Tovar-moddiy zaxiralar tannarxi
9. Tovar-moddiy zaxiralar ularning tannarxi va realizatsiya qilishning sof qiymatlari asosida baholanadi, bundan mazkur Standartning 10 va 11-bandlari mustasno.
10. Almashuv operatsiyasi amalga oshirilmasdan xarid qilingan tovar-moddiy zaxiralar ularning sotib olish kunidagi haqiqiy qiymati bilan baholanishi kerak.
11. Tovar-moddiy zaxiralar begʻaraz yoki nominal qiymat boʻyicha berish yoki mahsulot ishlab chiqarishda foydalanishga moʻljallangan boʻlsa, ular tannarxi va joriy tiklanish qiymatlariga nisbatan eng kichik qiymatda baholanadi.
12. Tovar-moddiy zaxiralarning tannarxi ularni sotib olish, qayta ishlash va joriy holatiga yetkazish uchun sarf qilingan barcha boshqa xarajatlarini oʻz ichiga oladi.
13. Tovar-moddiy zaxiralarni xarid qilish bilan bogʻliq boʻlgan xarajatlarni aniqlashda:
ularning xarid qiymati;
bojxona bojlari va boshqa soliqlar;
transport-tayyorlov xarajatlari va ularni sotib olish bilan bevosita bogʻliq boshqa xarajatlar hisobga olinadi.
Bunda, savdo chegirmalari, qaytarilgan toʻlovlar va boshqa shu kabi holatlar hisobga olinmaydi.
14. Inventarizatsiya natijasida aniqlangan ortiqcha (hisobga olinmagan) tovar-moddiy zaxiralarni baholash ular aniqlangan sanadagi joriy qiymatdan kelib chiqqan holda belgilanadi.
15. Tugallanmagan ishlab chiqarishdagi tovar-moddiy zaxiralarni tayyor mahsulotning tovar-moddiy zaxiralari holatiga keltirish xarajatlari ishlab chiqarish sohasiga taalluqli boʻladi.
Tovar-moddiy zaxiralarni qayta ishlash xarajatlari mahsulot qiymati bilan bogʻliq boʻlgan bevosita xarajatlarni oʻz ichiga oladi (masalan, ish haqi toʻlovlari uchun toʻgʻridan toʻgʻri xarajatlar). Shuningdek, ularga tayyor mahsulot xomashyosining qayta ishlash jarayonidagi doimiy va oʻzgaruvchan qoʻshimcha ishlab chiqarish xarajatlarining tizimli taqsimoti kiradi.
Doimiy qoʻshimcha ishlab chiqarish xarajatlariga ishlab chiqarish koʻlamidan qatʼi nazar oʻzgarmaydigan bilvosita ishlab chiqarish xarajatlari, amortizatsiya, bino va jihozlarga xizmat koʻrsatish hamda maʼmuriy boshqaruv xarajatlari kiradi.
Oʻzgaruvchan qoʻshimcha ishlab chiqarish xarajatlariga ishlab chiqarish hajmining oʻzgarishiga bogʻliq boʻlgan xarajatlar kiradi (masalan, ish haqi toʻlovlari va xomashyo bilan bogʻliq bilvosita xarajatlar).
16. Quyidagilar tovar-moddiy zaxiralar tannarxidan chiqarib tashlanadigan va oʻsha davr xarajati sifatida tan olinadigan xarajatlar hisoblanadi:
a) xomashyo, bajarilgan mehnat yoki boshqa ishlab chiqarish xarajatlarining normativlardan yuqori sarflanishi;
b) saqlash xarajatlari, agarda ular ishlab chiqarish jarayonida keyingi bosqichga oʻtish uchun zarur boʻlmasa;
v) tovar-moddiy zaxiralarning joriy joylashgan joyi va joriy holatiga keltirish bilan bogʻliq boʻlmagan maʼmuriy qoʻshimcha xarajatlar;
g) realizatsiya xarajatlari.
17. Xizmat koʻrsatuvchi tashkilotlarning tovar-moddiy zaxiralari ishlab chiqarish qiymati boʻyicha baholanadi.
Mazkur tannarx asosan xizmat koʻrsatishda bevosita ishtirok etuvchi xodimlar, shuningdek nazorat qiluvchi xodimlarning ish haqi xarajatlarini hamda bunga muvofiq qoʻshimcha xarajatlarni oʻz ichiga oladi.
Bunda xizmat koʻrsatish bilan bogʻliq boʻlmagan ish haqi hisobga olinmaydi. Sotish va umumiy maʼmuriy personal bilan bogʻliq ish haqi va boshqa xarajatlar tovar-moddiy zaxiralar tannarxiga qoʻshilmaydi, balki oʻsha davrdagi xarajatlar hisoblanadi.
Xizmat koʻrsatuvchi tashkilotlarning tovar-moddiy zaxiralari tannarxiga kiruvchi qoʻshilgan marja yoki aloqador boʻlmagan qoʻshimcha xarajatlar kirmaydi.
18. Tashkilotning biologik aktivlaridan foydalanishi natijasida olgan qishloq xoʻjalik mahsulotlarini oʻz tarkibiga oluvchi tovar-moddiy zaxiralar dastlabki tan olinishida hosilni yigʻish davrida sotish xarajatlari chegirgan holda haqiqiy narxi bilan baholanadi.
19. Tannarxni aniqlash metodlari, yaʼni normativ xarajatlar va chakana narxlar hisobi boʻyicha metodlari agar ularning natijalari tannarx qiymatiga yaqin kelsa qulaylik sifatida foydalaniladi.
Normativ xarajatlar xomashyo va materiallar, mehnat, samaradorlik va quvvatining normal foydalanish darajalarini nazarda tutadi. Ular doimiy tekshirilib boriladi, zarurat tugʻilganda ish davomida koʻrib chiqiladi.
20. Tovar-moddiy zaxiralarning tannarxi xarid qilingan davrdagi haqiqiy qiymatiga teng boʻlganda, ular tashkilotga almashuv boʻlmagan operatsiyalar boʻyicha berilishi mumkin. (masalan, homiylar tomonidan kasalxonadagi bemorlar uchun oziq-ovqat mahsulotlari yoki dori-darmon vositalari tekinga berilishi mumkin).
2-§. Tovar-moddiy zaxiralar tannarxini hisoblash usullari
21. Tovar-moddiy zaxiralarning bir-birining oʻrnini bosmaydigan alohida moddalarining tannarxi, shuningdek maxsus loyihalar uchun moʻljallangan va ishlab chiqarilgan tovar yoki xizmatlar xarajatlarining maxsus identifikatsiya yoʻli bilan aniqlanishi kerak.
22. Xarajatlarning maxsus identifikatsiyasi bu maxsus xarajatlar ularning aniq belgilangan moddalariga taalluqliligini bildiradi.
Bu metod sotib olingan yoki ishlab chiqarilganidan qatʼiy nazar maxsus loyihalarga moʻljallangan moddalar uchun mos keladi.
Agar tovar-moddiy zaxiralarning yirik miqdordagi moddalari bir-birining oʻrnini bosganda, xarajatlarning maxsus identifikatsiyasiga mos kelmaydi. Bunday holatlarda, biror davrdagi sof foyda yoki zararga hisob-kitob taʼsirini oʻrganish uchun tovar-moddiy zaxirada qoluvchi predmetni tanlash metodlarining biridan foydalanish mumkin.
23. Mazkur Standartning 22-bandini qoʻllashda, tashkilot bir xil tur va vazifadagi barcha tovar-moddiy zaxiralar uchun bir xil qiymatni hisoblash usulini qoʻllashi kerak. Turli xil tur va vazifalardagi tovar-moddiy zaxiralar (masalan, iqtisodiyotning bir va boshqa segmentlarida ishlatiluvchi tovarlar) uchun har xil hisoblash usullarini qoʻllash mumkin. Tovar-moddiy zaxiralarning joylashgan joylaridagi farqi (shuningdek, turli soliq solish shartlari) turli hisoblash usullaridan foydalanish uchun asos boʻla olmaydi.
24. Mazkur Standartning 21-bandida koʻrsatilgan tovar-moddiy zaxiralardan tashqari tovar-moddiy zaxiralar tannarxi birinchi tushum — birinchi chiqim (bundan buyon matnda FIFO usuli deb yuritiladi) yoki oʻrtacha qiymat (bundan buyon matnda AVECO usuli deb yuritiladi) usullari orqali aniqlanadi.
Tashkilot oʻxshash va foydalanish maqsadi bir xil boʻlgan barcha turdagi tovar-moddiy zaxiralar uchun bir xil hisoblash usulidan foydalanishi kerak.
25. FIFO usuli birinchi sotib olingan tovar-moddiy zaxiralar birinchi sotilishi va shu asosida davr oxirida qolgan tovar-moddiy zaxiralar yaqinda sotib olingan yoki ishlab chiqarilgan tovar-moddiy zaxiralarni nazarda tutadi.
AVECO usuliga koʻra har bir moddaning qiymati davr boshidagi oʻxshash moddalarning va davr davomida sotib olingan yoki ishlab chiqarilgan shunday moddalarning oʻrtacha qiymati orqali aniqlanadi.
3-§. Realizatsiya qilishning sof qiymati
26. Tovar-moddiy zaxiralarga zarar yetgan, toʻliq yoki qisman eskirgan, ularni sotish narxi pasaygan, shuningdek tovar-moddiy zaxiralarni yakunlash, sotish, almashtirish yoki berish xarajatlari kutilayotganidan oshganda, ularning tannarxi qoplanmaydigan hisoblanadi.
27. Tovar-moddiy zaxiralar realizatsiya qilishning sof qiymati moddalar boʻyicha hisobdan chiqariladi.
Bunda bir turdagi mahsulot turiga taalluqli boʻlgan, bir xil maqsad yoki yakuniy isteʼmolga yoʻnaltirilgan, bir hududda ishlab chiqarilgan va sotiladigan hamda bu mahsulotning boshqa qismlari alohida baholana olmaydigan tovar-moddiy zaxiralar guruhlashtirish yoʻli bilan hisobdan chiqariladi.
Tovar-moddiy zaxiralarning tasnifi asosida hisobdan chiqarilmasligi lozim (masalan, muayyan faoliyatdagi barcha bir turdagi tovar moddiy zaxiralar yoxud tayyor mahsulotlar).
Xizmat koʻrsatish sohasidagi tashkilotlar sotish narxi alohida belgilanadigan har bir xizmat boʻyicha xarajatlarni jamlaydi. Buning natijasida har bir shunday xizmat alohida modda sifatida ifodalanadi.
28. Realizatsiya qilishning sof qiymatini hisoblaganda mavjud tovar-moddiy zaxiralarning nimaga moʻljallanganligi hisobga olinadi.
Masalan, tovarlarni sotish yoki xizmat koʻrsatish shartnomalarini bajarish uchun moʻljallangan tovar-moddiy zaxiralarning realizatsiya qilish sof qiymati ushbu shartnomada belgilangan narxlarga asoslanadi.
Agar shartnomalar boʻyicha sotish hajmi mavjud tovar-moddiy zaxiralar hajmidan past boʻlsa, qolgan tovar-moddiy zaxiralarning realizatsiya qilish sof qiymati umumiy sotish narxlariga asoslanadi.
29. Agar tayyor mahsulot tannarxi boʻyicha yoki tannarxidan yuqori darajada sotilishi, almashtirilishi yoki berilishi mumkin boʻlsa, uni ishlab chiqarishda foydalaniladigan materiallar tannarxidan past qiymatda hisobdan chiqarilmaydi.
Agar materiallar narxining tushishi munosabati bilan tayyor mahsulot narxi pasaytirilsa, yaʼni ushbu materiallardan tayyorlangan tayyor mahsulotning tannarxi mazkur tayyor mahsulotni realizatsiya qilishning sof qiymatidan oshsa, materiallar qiymati kamaytirilishi lozim. Bunda, materiallarni qoplash xarajatlari mavjud boʻlgan realizatsiya qilishning sof qiymatini baholashning eng yaxshisi deb hisoblanadi.
30. Har bir keyingi davrda realizatsiya qilishning sof qiymati yangidan baholanadi.
Tovar-moddiy zaxiralarning tannarxidan past qiymatda hisobdan chiqarilmagan hollarda yoki iqtisodiy holatlarning oʻzgarishi oqibatida realizatsiya qilishning sof qiymati oʻsishi aniq holati kuzatilganda, yangi balans qiymati tannarx va qayta koʻrib chiqilgan realizatsiya qilishning sof qiymati oʻlchamlarining eng past miqdorini tanlash orqali hisobdan chiqarish summasi qayta tiklanadi (qayta tiklanish hisobdan chiqarishning dastlabki qiymati doirasida amalga oshiriladi).
4-§. Tovar-moddiy zaxiralarni begʻaraz yoki nominal qiymat boʻyicha oʻtkazib berish
31. Tashkilotlar pul mablagʻlarining sof tushumlarini taʼminlash imkoniyati bilan bevosita bogʻliq boʻlmagan, kelgusida iqtisodiy foyda va xizmat koʻrsatish salohiyatga ega tovar-moddiy zaxiralarga ega boʻlishi mumkin.
Bunday turdagi tovar-moddiy zaxiralar tovarlarni begʻaraz yoki nominal qiymatda oʻtkazib berilishi natijasida kelib chiqadi. Bunda, tovar-moddiy zaxiralarning kelgusidagi iqtisodiy foyda yoki xizmat koʻrsatish imkoniyatidan kelib chiqib haqiqiy narxi boʻyicha moliyaviy hisobotlarda aks ettiriladi.
Kelgusidagi iqtisodiy foyda va xizmat koʻrsatish imkoniyatini bozorda sotib olish imkoni boʻlmasa, almashtirish qiymatini baholash amalga oshiriladi. Agar tovar-moddiy zaxiralar saqlash maqsadi oʻzgarsa, tovar-moddiy zaxiralar mazkur Standartning 9-bandiga muvofiq baholanadi.
4-bob. Tovar-moddiy zaxiralarni xarajat sifatida tan olish
32. Tovar-moddiy zaxiralarning sotilishi, almashtirilishi yoki oʻtkazib berilishidan olingan daromad davriga mos ravishda xarajatlar hisobga olinishi kerak.
Agar u bilan bogʻliq daromad mavjud boʻlmasa, tovarlar oʻtkazib berilganda yoki xizmatlar koʻrsatilganda xarajat sifatida tan olinadi.
Tovar-moddiy zaxiralarning qisman hisobdan chiqarilish va yoʻqotilish xarajatlari ushbu hisobdan chiqarilish va yoʻqotilish davrida xarajatlar sifatida tan olinishi kerak.
Tovar-moddiy zaxiralarning qisman hisobdan chiqarilishining oʻzgarishi amalga oshirilgan davrda xarajat sifatida qabul qilinadi va tovar-moddiy zaxiralar miqdorining kamayishi koʻrinishida hisobga olinadi.
33. Baʼzi bir tovar-moddiy zaxiralar (masalan, asosiy vositalarning qismlari sifatida foydalaniladigan tovar-moddiy zaxiralar) boshqa aktivlar hisobiga kiritiladi. Shu koʻrinishdagi tovar-moddiy zaxiralar mazkur asosiy vositalarning xizmat muddati davomida xarajat sifatida qabul qilinadi.
34. Hisobdan chiqarilayotgan tovar-moddiy zaxiralarning qiymati chiqarilish dalilini aniqlash paytida balansdan chiqarilishi kerak. Tovar-moddiy zaxiralar tashkilotning balansidan:
sotish;
begʻaraz berish;
saqlash muddati tugagach yaroqsizligi sababli jismonan va maʼnan eskirganligi natijasida tugatish (yoʻq qilish);
kamomad, yoʻqotish yoki shikastlanish (sinish, boʻlinish) aniqlanishi;
boshqa operatsiyalar va hodisalar natijasida hisobdan chiqariladi.
35. Tovar-moddiy zaxiralar ular sotib olingan bahoda (yetkazib berish va boshqa qoʻshimcha xarajatlarni ham hisobga olgan holda) yoki ular har xil narxlarda sotib olingan boʻlsa, oʻrtacha bahoda hisobdan chiqariladi.
Materiallar va oziq-ovqat mahsulotlari tashkilot rahbari (yoki uning oʻrinbosari) tomonidan tasdiqlangan tegishli hujjatlarga muvofiq hisobdan chiqarilishi lozim.
5-bob. Axborotni ochib berish
36. Tashkilotning moliyaviy hisobotlarida quyidagi maʼlumotlar ochib berilishi kerak:
tovar-moddiy zaxiralar qiymatini aniqlashda qabul qilingan hisob siyosati, shu jumladan tovar-moddiy zaxiralarning tannarxini hisoblashda foydalanilgan usullar;
tovar-moddiy zaxiralarning umumiy balans qiymati va tashkilotda foydalaniladigan klassifikatsiya boʻyicha balans qiymatlari;
sotish xarajatlarini chegirilgan holda haqiqiy qiymat boʻyicha hisobga olingan tovar-moddiy zaxiralarining balans qiymati;
hisobot davrida xarajat sifatida tan olingan tovar-moddiy zaxiralar summasi;
hisobot davrida xarajat sifatida tan olingan hisobga kiritilgan har qanday tovar-moddiy zaxiralarning hajmi;
hisobot davrida xarajat sifatida tan olingan har qanday tovar-moddiy zaxiralarning qaytarilgan summasi;
majburiyatlar uchun kafolat sifatida garovga qoʻyilgan tovar-moddiy zaxiralarning balans qiymati.
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 15.01.2019-y., 10/19/3120/2476-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.07.2021-y., 10/21/3313/0724-son)