NAVOIY VILOYATI GʻOZGʻON SHAHAR HOKIMINING
QARORI
Gʻozgʻon shahri aholisining ijtimoiy ehtiyojmand toifalarini 2026-yilda ishga joylashtirish uchun ish oʻrinlarining eng kam sonini belgilash va zaxiraga qoʻyish toʻgʻrisida
“Aholi bandligi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 9-bobi hamda Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 5-dekabrdagi 965-sonli Qarori bilan tasdiqlangan “Ijtimoiy muhofazaga muhtoj, ish topishda qiynalayotgan va mehnat bozorida teng shartlarda raqobatlasha olmaydigan shaxslarni ishga joylashtirish uchun ish oʻrinlarining eng kam sonini belgilash va zaxiraga qoʻyish tartibi toʻgʻrisida”gi Nizomga asosan, 2026-yil uchun ish oʻrinlarini band qilib qoʻyish maqsadida “Mahalliy davlat hokimiyati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 6 va 24-moddalariga va Kambagʻallikni qisqartirish va bandlikka koʻmaklashish boʻlimining 2025-yil 29-sentyabrdagi 06-01/402 sonli xatiga asosan qaror qilaman:
1. Ijtimoiy muhofazaga muhtoj, ish topishda qiynalayotgan va mehnat bozorida teng shartlarda raqobatlasha olmaydigan shaxslarni (keyingi oʻrinlarda-ijtimoiy muhofazaga muhtoj shaxslar deb yuritiladi) ishga joylashtirish uchun ish oʻrinlarining eng kam sonini belgilashi va zaxiraga qoʻyishi lozim boʻlgan korxonalar va tashkilotlar roʻyxati ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Quyidagilar:
a) Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasida mahalliy davlat hokimiyati vakillik organlari faoliyatini 2030-yilga qadar rivojlantirish konsepsiyasini tasdiqlash toʻgʻrisida” 2025-yil 23-iyundagi PF-98-son Farmoniga asosan ijtimoiy muhofazaga muhtoj, ish topishda qiynalayotgan va mehnat bozorida teng shartlarda raqobatlasha olmaydigan shaxslarni ishga joylashtirish uchun ish oʻrinlarining eng kam sonini belgilash va zaxiraga qoʻyish vakolatlari va Kambagʻallikni qisqartirish va bandlikka koʻmaklashish boʻlimining 2025-yil 29-sentyabrdagi 06-01/402 sonli xatini inobatga olinsin;
b) Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Mehnat munosabatlari va kasbga tayyorlash tizimini takomillashtirish hamda ish beruvchilarni ragʻbatlantirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2025-yil 4-avgustdagi PF-126-son Farmoniga asosan:
xoʻjalik yurituvchi subyektlar faqat nogironligi boʻlgan shaxslar, oilaviy (maishiy) zoʻravonlikdan jabrlangan shaxslar, kambagʻal oilalar reyestridagi oilalarning aʼzolari, muqobil joylashtirish shakllarida tarbiyalangan yetim shaxslar, ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan shaxslar uchun ish oʻrinlarining majburiy zaxiralari shakllantirilishi, bunda majburiy zaxiralash xodimlar umumiy sonining 3 foizidan oshmasligi hamda xodimlari soni 100 nafardan ortiq boʻlgan tashkilotlarga nisbatan qoʻllanilishi;
budjet tashkilotlari va davlat ulushi 50 foizdan yuqori boʻlgan korxonalar faqat nogironligi boʻlgan shaxslar, oilaviy (maishiy) zoʻravonlikdan jabrlangan shaxslar, kambagʻal oilalar reyestridagi oilalarning aʼzolari, muqobil joylashtirish shakllarida tarbiyalangan yetim shaxslar, ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan shaxslar, jazoni ijro etish muassasalaridan ozod qilingan hamda odam savdosidan jabrlangan shaxslar uchun ish oʻrinlarining majburiy zaxiralari shakllantirilishi, bunda majburiy zaxiralash xodimlar umumiy sonining 7 foizidan oshmasligi hamda xodimlari soni 20 nafardan ortiq boʻlgan tashkilotlarga nisbatan tatbiq etilishi belgilanganligi rahbarlik va ijro uchun qabul qilinsin.
2. Gʻozgʻon shahar Kambagʻallikni qisqartirish va bandlikka koʻmaklashish boʻlimi hamda Gʻozgʻon shahar “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazining Gʻozgʻon shahar hududidagi tashkilotlar boʻyicha 2026-yilda aholining ijtimoiy ehtiyojmand toifalari uchun ish oʻrinlarini belgilash toʻgʻrisidagi quyidagi takliflari maʼqullansin:
xodimlar soni 20 nafardan ortiq boʻlgan davlat tashkilotlarida majburiy zaxiralanadigan ish oʻrinlari soni xodimlar umumiy sonining yetti foizidan oshmagan miqdorda hamda xodimlar soni 100 nafardan ortiq boʻlgan xoʻjalik yurituvchi subʼyektlarda (davlat ulushi 50 foizdan yuqori boʻlgan korxonalar bundan mustasno) majburiy zaxiralanadigan ish oʻrinlari soni xodimlar umumiy sonining uch foizidan oshmagan miqdorida kelgusi yil uchun 37 ta ish oʻrinlarini zaxiraga qoʻyish, jumladan:
nogironligi boʻlgan shaxslar uchun 35,14 % (13 kishi);
oilaviy (maishiy) zoʻravonlikdan jabrlangan shaxslar uchun 16,21% (6 kishi);
kambagʻal oilalar reyestridagi oilalarning aʼzolari uchun 45,94 % (17 kishi);
muqobil joylashtirish shakllarida tarbiyalangan yetim va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan shaxslar uchun (0 kishi);
jazoni ijro etish muassasalaridan ozod qilingan shaxslar uchun 2,71 % (1 kishi);
odam savdosidan jabrlangan shaxslar uchun (0 kishi) miqdorida ish oʻrinlarining majburiy zaxiralari shakllantiriladi.
3. Ushbu toifaga mansub shaxslar uchun ish oʻrinlari sanitariya-gigiyena meʼyorlariga va xodim oʻz mehnat majburiyatlarini toʻsiqsiz bajarishini taʼminlaydigan mehnat sharoitlariga, shu jumladan, quyidagilarga muvofiq boʻlishi kerak:
nogironligi boʻlgan shaxslar toifasi uchun — oʻtkazilgan va xodimga ularning sogʻligʻi holatini va mehnat faoliyatiga toʻgʻri kelmaydigan belgilangan zidliklarni hisobga olgan holda mehnat operatsiyalarini toʻsiqsiz bajarish imkonini beradigan ish oʻrinlari;
oilaviy (maishiy) zoʻravonlikdan jabrlangan shaxslar uchun — ularning kasbiy tayyorgarligini hisobga olgan holda yoki maxsus malakani talab etmaydigan ish oʻrinlari;
kambagʻal oilalar reyestridagi oilalarning aʼzolari uchun — ularning kasbiy tayyorgarligini hisobga olgan holda yoki maxsus malakani talab etmaydigan ish oʻrinlari;
muqobil joylashtirish shakllarida tarbiyalangan yetim va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan shaxslar uchun — ularning kasbiy tayyorgarligini hisobga olgan holda yoki maxsus malakani talab etmaydigan ish oʻrinlari;
jazoni oʻtash muassasalaridan ozod qilingan yoki sudning qaroriga koʻra tibbiy tusdagi majburlov choralari qoʻllanilgan shaxslar toifasi uchun — ularning kasbiy tayyorgarligini hisobga olgan holda yoki maxsus malakani talab etmaydigan ish oʻrinlari;
odam savdosi jinoyatidan jabrlangan shaxslar toifasi uchun — ularning kasbiy tayyorgarligini hisobga olgan holda yoki maxsus malakani talab etmaydigan ish oʻrinlari;
4. 2026-yilda aholining ijtimoiy ehtiyojmand toifalarini ishga joylashtirish maqsadida quyidagilar:
davlat tashkilotlari (budjet tashkilotlari va davlat ulushi 50 foizdan yuqori boʻlgan korxonalar) tomonidan majburiy zaxira qoʻyiladigan ish oʻrinlarining manzilli roʻyxati 1-ilovaga muvofiq;
xodimlarining roʻyxatdagi oʻrtacha yillik soni yuz nafardan ortiqni tashkil etadigan xoʻjalik yurituvchi subyektlar (davlat ulushi 50 foizdan yuqori boʻlgan korxonalar bundan mustasno) tomonidan majburiy zaxira qoʻyiladigan ish oʻrinlarining manzilli roʻyxati 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
5. Korxonalar, tashkilotlar va muassasalar rahbarlari:
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 5-dekabrdagi 971-sonli qarori talablariga asosan Ijtimoiy muhofazaga muhtoj shaxslarni ish bilan taʼminlash uchun tashkilot va korxonalar 2025-yil yakunlanishidan 10 kun oldin band qilingan ish oʻrinlari umumiy miqdorining kamida 25 foizi https://my.mehnat.uz/ web sayti orqali zaxiralanib qoʻyilishini taʼminlasin, shuningdek, bu haqda yil boshlanguniga qadar shahar kambagʻallikni qisqartirish va bandlikka koʻmaklashish boʻlimi shahardagi tashkilot va korxonalar https://my.mehnat.uz/ web sayti orqali belgilangan ish oʻrinlarini zaxiralanganligi toʻgʻrisida xabardor qilsin;
Ijtimoiy muhofazaga muhtoj shaxslar uchun ish oʻrinlarining qolgan qismini https://my.mehnat.uz/ web sayti orqali zaxiraga qoʻyish tashkilot (ish beruvchi) tomonidan taʼminlansin, bu haqda shahar kambagʻallikni qisqartirish va bandlikka koʻmaklashish boʻlimini birinchi chorak yakunlangandan keyin 10 kundan kechikmay https://my.mehnat.uz/ web sayti orqali ish oʻrinlari zaxiralanganligi toʻgʻrisida xabardor qilsin.
Tashkilot har oyda hisobot oyidan keyingi oyning 5-kunigacha shahar kambagʻallikni qisqartirish va bandlikka koʻmaklashish boʻlimiga Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 5-dekabrdagi 965-son Qarori bilan tasdiqlangan “Ijtimoiy muhofazaga muhtoj, ish topishda qiynalayotgan va mehnat bozorida teng shartlarda raqobatlasha olmaydigan shaxslarni ishga joylashtirish uchun ish oʻrinlarining eng kam sonini belgilash va zaxiraga qoʻyish tartibini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Nizomning 5-ilovasiga muvofiq shakl boʻyicha muhtojlarni ishga joylashtirish toʻgʻrisida axborot taqdim etib borsin.
Zaxiraga qoʻyiladigan ish oʻrinlarini saqlash shartlari Oʻzbekiston Respublikasining “Aholi bandligi toʻgʻrisida”gi Qonunining 40-moddasiga muvofiq belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Aholini tadbirkorlikka jalb qilish va bandligini taʼminlash uchun moliyaviy yordamlar ajratish tizimini takomillashtirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2025-yil 14-fevraldagi PQ-64-son qaroriga muvofiq aholining ijtimoiy ehtiyojmand toifalaridan boʻlgan shaxslarni ish oʻrinlarining belgilangan eng kam sonidan ortiq miqdorda ishga qabul qilish uchun ish beruvchilarga – har bir xodim uchun 12 oy davomida har oyda bazaviy hisoblash miqdorining 2 baravari miqdorida subsidiya mablagʻlarini toʻlab berilsin.
7. Oʻzbekiston Respublikasining “Aholi bandligi toʻgʻrisida”gi Qonuni 3, 13, 34, 38, 39, 40, 41-moddalariga asosan aholining ijtimoiy ehtiyojmand toifalariga eng kam miqdordagi ish joylarini yaratish yuzasidan qabul qilingan mazkur qarorni bajarmaganlik uchun ish beruvchilar qonunchilikda belgilangan tartibda javobgarlikka tortilishi belgilab qoʻyilsin.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 5-dekabrdagi 965-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Ijtimoiy muhofazaga muhtoj, ish topishda qiynalayotgan va mehnat bozorida teng shartlarda raqobatlasha olmaydigan shaxslarni ishga joylashtirish uchun ish oʻrinlarining eng kam sonini belgilash va zaxiraga qoʻyish tartibini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Nizomning 21-bandi, 2-qismiga asosan, muhtojlar uchun ish oʻrinlarini zaxiraga qoʻyish boʻyicha Gʻozgʻon shahar hokimining usbu qarori bajarilmaganligi uchun jarima toʻlash tashkilotni zaxiraga qoʻyiladigan ish oʻrinlarining belgilangan sonini yaratish boʻyicha majburiyatdan ozod qilmasligi belgilab qoʻyilsin.
9. Gʻozgʻon shahar Kambagʻallikni qisqartirish va bandlikka koʻmaklashish boʻlimi boshligʻi v.v.b (O. Toyirov):
Oʻn kun muddatda ushbu qaror nusxasini 1 va 2-ilovalarda koʻrsatilgan tashkilotlar rahbarlarining eʼtiboriga yetkazsin va ushbu qaror bajarilishi ustidan nazoratni taʼminlasin.
aholining ijtimoiy ehtiyojmand toifalari uchun ish oʻrinlarining eng kam sonini belgilash boʻyicha Gʻozgʻon shahar hokimining ushbu qarori ijrosi bajarilmaganda, shuningdek, ularni ishga qabul qilish asossiz ravishda rad etilganligi uchun tashkilotlarning mansabdor shaxslariga qonun hujjatlarida belgilangan tartibda maʼmuriy javobgarlikka tortish choralari koʻrilsin.
10. Mazkur qaror ommaviy axborot vositalarida eʼlon qilinsin hamda hokimlikning rasmiy veb-saytiga joylashtirilsin.
11. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish shahar hokimining birinchi oʻrinbosari N. Zoyirov zimmasiga yuklatilsin.
12. Mazkur qaror qabul qilingan kundan kuchga kiradi.
Shahar hokimi N. JOʻRAYEV
Navoiy viloyati, Gʻozgʻon shahri,
2025-yil 30-oktabr,
108-5-210-Q/25-son
Hujjatni ilovasi bilan PDF shaklida tanishish mumkin.