XALQ DEPUTATLARI FARGʻONA VILOYATI KENGASHINING
Qarori
Xalq deputatlari viloyat Kengashining 2025-yil 5-iyundagi VII-10-82-11-0-K/25-sonli qaroriga oʻzgartish kiritish toʻgrisida
Maʼlumki, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024 yil 20 maydagi 294-sonli qarori bilan, Oʻzbekiston mahallalari uyushmasiga Kadastr agentligi bilan birgalikda respublikadagi barcha mahallalarni xatlovdan oʻtkazish, ularning aniq chegaralarini belgilash, bunda har bir mahallaning chegarasi bir aholi punkti (shahar, shaharcha, qishloq va ovul) doirasida boʻlishini taʼminlash, shuningdek, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda mavjud mahallalar faoliyati tashkiliy va moliyaviy jihatdan toʻgʻri yoʻlga qoʻyilganligi, boshqaruv jihatidan oʻzini oqlashi yuzasidan oʻrganishlarni olib borsin hamda ushbu talablarga javob bermaydigan mahallalarni birlashtirish va ixchamlashtirish choralarini koʻrish tavsiya etilgan.
Shunga koʻra, Oʻzbekiston mahallalari uyushmasi viloyat boshqarmasi va uning tuman (shahar) boʻlimlari, viloyatdagi manfaatdor va hamkor boshqarma va tashkilotlar hamda tuman (shahar) hokimliklari tomonidan faoliyati tashkiliy va moliyaviy jihatdan toʻgʻri yoʻlga qoʻyilmagan va boshqaruv jihatidan oʻzini oqlamayotgan 50 ta mahallalarni boʻlish va birlashtirish orqali ularni optimallashtirish yuzasidan berilgan takliflari dastlab viloyat ishchi guruhi tomonidan koʻrib chiqilib, berilgan takliflar toʻliq maʼqullangan.
Xususan, Qoʻqon shahrida 10 ta, Margʻilon shahrida 6 ta, Beshariq va Soʻx tumanilarda 5 tadan, Bogʻdod, Oltiariq va Rishton tumanlarida 3 tadan, Buvayda, Dangʻara, Quva, Qoʻshtepa, Oʻzbekiston va Fargʻona tumanlarida 2 tadan, Yozyovon, Uchkoʻprik va Furqat tumanlarida 1 tadan mahallalarni boʻlish va birlashtirish orqali ularni optimallashtirish yuzasidan takliflar berilgan.
Oʻz navbatida mazkur masala Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024 yil 20 maydagi 294-sonli qarori bilan tasdiqlangan ““Shaharlar, shaharchalar, qishloqlar va ovullarning mahallalarini tuzish, birlashtirish, boʻlish va tugatish, shuningdek ularning chegaralarini belgilash va oʻzgartirish, ularga nom berish va ularning nomini oʻzgartirish tartibi toʻgʻrisida”gi Nizom talablaridan kelib chiqib, viloyat hokimligi huzuridagi “Mahallalarni tuzish, birlashtirish, boʻlish va tugatish, shuningdek ularni chegarlarini belgilash va oʻzgartirish masalalarini koʻrib chiquvchi” idoralararo doimiy komissiyasi (bundan keyin matnlarda - viloyat Idoralararo doimiy komissiyasi) tomonidan koʻrib chiqilib, berilgan takliflar toʻliq maʼqullangan holda 2025 yil 19 maydagi 167/01-49 - sonli bayoni tasdiqlangan va Xalq deputatlari viloyat Kengashiga (bundan keyin matnlarda - viloyat Kengashi) kiritilgan.
Mazkur masala viloyat Kengashining X-sessiyasida Oʻzbekiston mahallalari uyushmasi viloyat boshqarmasi va uning tuman (shahar) boʻlimlari, viloyatdagi manfaatdor va hamkor boshqarma va tashkilotlar hamda tuman (shahar) hokimliklari tomonidan berilgan takliflar, viloyat ishchi guruhining xulosasi hamda viloyat Idoralararo doimiy komissiyasining bayoni koʻrib chiqilib, viloyat Kengashining 2025-yil 5-iyundagi VII-10-82-11-0-K/25-sonli qarori qabul qilingan va ijroga qaratilgan.
Lekin, Soʻx tumani hokimligi 2025 yil 2 oktyabrdagi 391/01-sonli xat bilan viloyat Idoralararo doimiy komissiyasiga murojaat qilib, viloyat Kengashining 2025-yil 5-iyundagi VII-10-82-11-0-K/25-sonli qarori bilan birlashtirilishi belgilangan tumandagi “Sebzor”, “Soʻx” va “Zangat” MFYlari aholisining eʼtirozlari va bu boradafi koʻplab murojaatlari, shuningdek hudud aholisi kayfiyati va ijtimoiy fikriga salbiy taʼsirini inobatga olib, ushbu mahalla fuqarolarini optimallashtirmaslik yaʼni, oʻz holicha qoldirilishida amaliy yordam berilishini soʻragan.
Maʼlumot uchun: Soʻx tumani hokimligi 2025 yil 30 apreldagi 131/1-sonli xati (iltimosnomasi), viloyat ishchi guruhining xulosasi, viloyat Idoralararo doimiy komissiyasining bayoni hamda viloyat Kengashining 2025-yil 5-iyundagi VII-10-82-11-0-K/25-sonli qarorida Soʻx tumanidagi “Sebzor MFYni - “Qaqir” MFY, “Soʻx” MFYni - “Mulgon” MFY hamda “Zangat” MFYni – “Chumoqcha” MFY tarkibiga qoʻshib yuborish orqali optimallashtirish belgilangan.
Mazkur masala viloyat ishchi guruhi tomonidan oʻrganib chiqilib, Soʻx tumani hokimligi hamda Oʻzbekiston mahallalari uyushmasi Soʻx tumani boʻlinmasi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024 yil 20 maydagi 294-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Shaharlar, shaharchalar, qishloqlar va ovullarning mahallalarini tuzish, birlashtirish, boʻlish va tugatish, shuningdek, ularning chegaralarini belgilash va oʻzgartirishda amalga oshiriladigan tadbirlar” sxemasi (talablari)ning 1-, 2- va 3-bosqichlari toʻliq va talab darajasida amalga oshirilmagan deb topish, Soʻx tumani hokimligining 2025 yil 2 oktyabrdagi 391/01-sonli xatini toʻliq qanoatlantirish, mazkur takliflar asoslantiruvchi materiallar bilan birgalikda viloyat Idoralararo komissiyasiga taqdim etish, shuningdek, viloyat Idoralararo komissiyasining bu boradagi xulosasini viloyat Kengashining navbatdagi sessiyasida koʻrib chiqish maqsadga muvofiq deb topilgan.
Viloyat Idoralararo doimiy komissiyasi tomonidan ushbu masala oʻrganib chiqilib, takliflar maʼqullangan holda komissiyaning 2025 yil 7 oktyabrdagi 345/01-49-sonli bayoni rasmiylashtirilgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024 yil 20 maydagi 294-sonli qarori bilan tasdiqlangan ““Shaharlar, shaharchalar, qishloqlar va ovullarning mahallalarini tuzish, birlashtirish, boʻlish va tugatish, shuningdek ularning chegaralarini belgilash va oʻzgartirish, ularga nom berish va ularning nomini oʻzgartirish tartibi toʻgʻrisida”gi Nizom (bundan keyingi matnlarda - Nizom)da Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlari tomonidan navbatdagi sessiyada Idoralararo komissiya tomonidan taqdim etilgan hujjatlarni koʻrib chiqishi va mahallalarni tuzish, birlashtirish, boʻlish va tugatish, shuningdek, ularning chegaralarini belgilash va oʻzgartirish yoki ushbu taklifni rad etish toʻgʻrisida qaror qabul qilishi belgilangan.
Viloyatda mahallalarni qoʻllab-quvvatlashni yanada takomillashtirish, faoliyatini tashkiliy va moliyaviy jihatdan toʻgʻri yoʻlga qoʻyish, ularda samarali boshqaruv tizimini shakllantirish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi “Mahalliy davlat hokimiyati toʻgʻrisida”gi Qonunining 6- va 24-moddalariga asosan viloyat Kengashi qaror qiladi:
1. Soʻx tumani hokimligining 2025 yil 2 oktyabrdagi 391/01-sonli xati (iltimosnomasi), bu boʻyicha viloyat ishchi guruhining xulosasi hamda viloyat Idoralararo doimiy komissiyasining 2025 yil 7 oktyabrdagi 345/01-49 - sonli bayoni (xulosasi) inobatga olinsin.
2. Fargʻona viloyatidagi mahallalarni optimallashtirish (birlashtirish) yuzasidan tahliliy jadval ilovaga muvofiq qayta tasdiqlansin.
3. Shu munosabat bilan, viloyat Kengashining 2025-yil 5-iyundagi VII-10-82-11-0-K/25-sonli qarorining ilovasi mazkur qarorning ilovasiga muvofiq yangi tahrirda bayon etilsin.
4. Viloyat Kengashi kotibiyati mudiri Sh.Karimov viloyat Kengashining 2025-yil 5-iyundagi VII-10-82-11-0-K/25-sonli qarorini mazkur qarorga muvofiqlashtirsin.
5. Soʻx tumani hokimligi hamda Oʻzbekiston mahallalari uyushmasi Soʻx tumani boʻlinmasi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024 yil 20 maydagi 294-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Shaharlar, shaharchalar, qishloqlar va ovullarning mahallalarini tuzish, birlashtirish, boʻlish va tugatish, shuningdek, ularning chegaralarini belgilash va oʻzgartirishda amalga oshiriladigan tadbirlar” sxemasi (talablari)ning 1-, 2- va 3-bosqichlari toʻliq va talab darajasida amalga oshirilmaganligi alohida koʻrsatib oʻtilsin.
6. Mazkur qaror viloyat Idoralararo doimiy komissiyasi hamda Soʻx tumani hokimligiga yuborilsin.
7. Ushbu Qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Kengash raisi X. KOMILOV
Fargʻona viloyati,
2025-yil 29-oktabr,
VII-14-158-11-0-K/25-son
Hujjatni ilovasi bilan PDF shaklida tanishish mumkin.