XALQ DEPUTATLARI ISHTIXON TUMANI KENGASHINING
Qarori
Ishtixon tumani aholisi orasidagi ijtimoiy ehtiyojmand toifalarni 2026-yilda ishga joylashtirish uchun zarur boʻlgan ish oʻrinlarining eng kam sonini belgilash va zaxiraga qoʻyish toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 23-iyundagi “Oʻzbekiston Respublikasida mahalliy davlat hokimiyati vakillik organlari faoliyatini 2030-yilga qadar rivojlantirish konsepsiyasini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi PF-98-son Farmoni, Oʻzbekiston Respublikasining “Aholi bandligi toʻgʻrisida”gi Qonunining 9-bobi hamda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 5-dekabrdagi 965-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Ijtimoiy muhofazaga muhtoj, ish topishda qiynalayotgan va mehnat bozorida teng shartlarda raqobatlasha olmaydigan shaxslarni ishga joylashtirish uchun ish oʻrinlarining eng kam sonini belgilash va zaxiraga qoʻyish tartibi toʻgʻrisida”gi Nizomga asosan 2026-yil uchun ish oʻrinlarini band qilib qoʻyish maqsadida, Ishtixon tumani Adliya boʻlimining 2025-yil 24-oktyabrdagi 5/13-25-son xulosasiga, Oʻzbekiston Respublikasining “Mahalliy davlat hokimiyati toʻgʻrisida”gi Qonunining 6- va 24-moddalariga muvofiq Xalq deputatlari Ishtixon tumani Kengashining yettinchi chaqiriq, 14-sessiyasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 23-iyundagi “Oʻzbekiston Respublikasida mahalliy davlat hokimiyati vakillik organlari faoliyatini 2030-yilga qadar rivojlantirish konsepsiyasini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi PF-98-son Farmoni maʼlumot va ijro uchun qabul qilinsin.
2. Quyidagilar:
a) Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 23-iyundagi “Oʻzbekiston Respublikasida mahalliy davlat hokimiyati vakillik organlari faoliyatini 2030-yilga qadar rivojlantirish konsepsiyasini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi PF-98-son Farmoniga asosan ijtimoiy muhofazaga muhtoj, ish topishda qiynalayotgan va mehnat bozorida teng shartlarda raqobatlasha olmaydigan shaxslarni ishga joylashtirish uchun ish oʻrinlarining eng kam sonini belgilash va zaxiraga qoʻyish vakolatlari Xalq deputatlari mahalliy Kengashlariga oʻtkazilganligi;
b) Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 4-avgustdagi “Mehnat munosabatlari va kasbga tayyorlash tizimini takomillashtirish hamda ish beruvchilarni ragʻbatlantirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PF-126-son Farmoniga asosan:
xoʻjalik yurituvchi subyektlar faqat nogironligi boʻlgan shaxslar, oilaviy (maishiy) zoʻravonlikdan jabrlangan shaxslar, kambagʻal oilalar reyestridagi oilalarning aʼzolari, muqobil joylashtirish shakllarida tarbiyalangan yetim shaxslar, ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan shaxslar uchun ish oʻrinlarining majburiy zaxiralari shakllantirilishi, bunda majburiy zaxiralash xodimlar umumiy sonining 3 foizidan oshmasligi hamda xodimlari soni 100 nafardan ortiq boʻlgan tashkilotlarga nisbatan qoʻllanilishi;
byudjet tashkilotlari va davlat ulushi 50 foizdan yuqori boʻlgan korxonalar faqat nogironligi boʻlgan shaxslar, oilaviy (maishiy) zoʻravonlikdan jabrlangan shaxslar, kambagʻal oilalar reyestridagi oilalarning aʼzolari, muqobil joylashtirish shakllarida tarbiyalangan yetim shaxslar, ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan shaxslar, jazoni ijro etish muassasalaridan ozod qilingan hamda odam savdosidan jabrlangan shaxslar uchun ish oʻrinlarining majburiy zaxiralari shakllantirilishi, bunda majburiy zaxiralash xodimlar umumiy sonining 7 foizidan oshmasligi hamda xodimlari soni 20 nafardan ortiq boʻlgan tashkilotlarga nisbatan tatbiq etilishi belgilanganligi rahbarlik va ijro uchun qabul qilinsin.
3. Ishtixon tumani Kambagʻallikni qisqartirish va bandlikka koʻmaklashish boʻlimi hamda Ishtixon tumani “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazining Ishtixon tumani hududidagi tashkilotlar boʻyicha 2026-yilda aholining ijtimoiy ehtiyojmand toifalari uchun ish oʻrinlarini belgilash toʻgʻrisidagi quyidagi takliflari maʼqullansin:
xodimlar soni 20 nafardan ortiq boʻlgan davlat tashkilotlarida majburiy zaxiralanadigan ish oʻrinlari soni xodimlar umumiy sonining 7 foizidan oshmagan miqdorda;
xodimlar soni 100 nafardan ortiq boʻlgan xoʻjalik yurituvchi subyektlarda (davlat ulushi 50 foizdan yuqori boʻlgan korxonalar bundan mustasno) majburiy zaxiralanadigan ish oʻrinlari soni xodimlar umumiy sonining 3 foizidan oshmagan miqdorida;
kelgusi yil uchun 266 ta ish oʻrinlari zaxiraga qoʻyiladi, jumladan:
nogironligi boʻlgan shaxslar uchun – 19,5 foiz (52 kishi);
oilaviy (maishiy) zoʻravonlikdan jabrlangan shaxslar uchun - 4 foiz (11 kishi);
kambagʻal oilalar reyestridagi oilalarning aʼzolari uchun - 73,4 foiz (196 kishi);
muqobil joylashtirish shakllarida tarbiyalangan yetim va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan shaxslar uchun - 1,5 foiz (4 kishi);
jazoni ijro etish muassasalaridan ozod qilingan shaxslar uchun - 1,1 foiz (3 kishi).
4. 2026-yilda aholining ijtimoiy ehtiyojmand toifalarini ishga joylashtirish maqsadida quyidagilar:
davlat tashkilotlari (byudjet tashkilotlari va davlat ulushi 50 foizdan yuqori boʻlgan korxonalar) tomonidan majburiy zaxira qoʻyiladigan ish oʻrinlarining manzilli roʻyxati 1-ilovaga muvofiq;
xodimlarining roʻyxatdagi oʻrtacha yillik soni 100 nafardan ortiqni tashkil etadigan xoʻjalik yurituvchi subyektlar (davlat ulushi 50 foizdan yuqori boʻlgan korxonalar bundan mustasno) tomonidan majburiy zaxira qoʻyiladigan ish oʻrinlarining manzilli roʻyxati 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
5. Ishtixon tumanidagi korxonalar, tashkilotlar va muassasalar rahbarlari:
zaxiraga qoʻyiladigan ish oʻrinlari umumiy sonining kamida 25 foizi miqdorida zaxiraga qoʻyiladigan ish oʻrinlarining tayyorligini yil boshlanishidan oldin oʻn kundan kechiktirmay taʼminlashi, shuningdek, bu haqda yil boshlangunga qadar Ishtixon tuman Kambagʻallikni qisqartirish va bandlikka koʻmaklashish boʻlimini xabardor qilishi;
ish oʻrinlarining qolgan qismini zaxiraga qoʻyish tashkilot (ish beruvchi) tomonidan kalendar yilning birinchi choragi mobaynida taʼminlanishi, bu haqda Ishtixon tumani Kambagʻallikni qisqartirish va bandlikka koʻmaklashish boʻlimi birinchi chorak tamom boʻlganidan soʻng 10 kundan kechiktirmay xabardor qilinishi;
ishga joylashtirish toʻgʻrisida Ishtixon tuman Kambagʻallikni qisqartirish va bandlikka koʻmaklashish boʻlimiga har oyda, hisobot oyidan keyingi oyning 5-sanasiga qadar axborot taqdim etilishi shart.
Zaxiraga qoʻyiladigan ish oʻrinlarini saqlash shartlari Oʻzbekiston Respublikasining “Aholi bandligi toʻgʻrisida”gi Qonunining 40-moddasiga muvofiq belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 14-fevraldagi “Aholini tadbirkorlikka jalb qilish va bandligini taʼminlash uchun moliyaviy yordamlar ajratish tizimini takomillashtirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-64-son qaroriga muvofiq, aholining ijtimoiy ehtiyojmand toifalaridan boʻlgan shaxslarni ish oʻrinlarining belgilangan eng kam sonidan ortiq miqdorda ishga qabul qilish uchun ish beruvchilarga har bir xodim uchun 12 oy davomida har oyda bazaviy hisoblash miqdorining 2 baravari miqdorida subsidiya mablagʻlari toʻlab beriladi.
7. Oʻzbekiston Respublikasining “Aholi bandligi toʻgʻrisida”gi Qonunining 3-, 13-, 34-, 38-, 39-, 40-, 41-moddalariga asosan aholining ijtimoiy ehtiyojmand toifalariga eng kam miqdordagi ish joylarini yaratish yuzasidan qabul qilingan mazkur qarorni bajarmaganlik uchun ish beruvchilar qonunchilikda belgilangan tartibda javobgarlikka tortiladi.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 5-dekabrdagi 965-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Ijtimoiy muhofazaga muhtoj, ish topishda qiynalayotgan va mehnat bozorida teng shartlarda raqobatlasha olmaydigan shaxslarni ishga joylashtirish uchun ish oʻrinlarining eng kam sonini belgilash va zaxiraga qoʻyish tartibini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Nizomning 21-bandi, 2-qismiga asosan muhtojlar uchun ish oʻrinlarini zaxiraga qoʻyish boʻyicha Ishtixon tuman Kengashining qarori bajarilmaganligi uchun jarima toʻlash tashkilotni zaxiraga qoʻyiladigan ish oʻrinlarining belgilangan sonini yaratish boʻyicha majburiyatdan ozod qilmaydi.
9. Ishtixon tuman Kambagʻallikni qisqartirish va bandlikka koʻmaklashish boʻlimi (Z.Abdullayev)ga:
besh kun muddatda ushbu qaror nusxasini 1 va 2-ilovalarda koʻrsatilgan tashkilotlar rahbarlarining eʼtiboriga yetkazsin va ushbu qaror bajarilishi ustidan nazorat oʻrnatish;
aholining ijtimoiy ehtiyojmand toifalari uchun ish oʻrinlarining eng kam sonini belgilash boʻyicha Xalq deputatlari Ishtixon tuman Kengashining ushbu qarori bajarilmaganda, shuningdek, ularni ishga qabul qilish asossiz ravishda rad etilgan taqdirda, tashkilotlarning mansabdor shaxslariga qonun hujjatlarida belgilangan tartibda maʼmuriy javobgarlikka tortish choralarini koʻrish topshirilsin.
10. Ishtixon tumani aholisi orasidagi ijtimoiy ehtiyojmand toifalarni 2026-yilda ishga joylashtirish uchun zarur boʻlgan ish oʻrinlarining eng kam sonini belgilash va zaxiraga qoʻyish toʻgʻrisidagi qaror loyihasi jamoatchilik muhokamasidan oʻtkazish uchun 109735-son bilan 15 kun muddatga “E-Kengash” elektron tizimiga joylashtirilib, jamoatchilik muhokamasiga loyiha regulation.gov.uz saytida eʼlon qilinganligi, muhokama yakunlari bilan jamoatchilik tomonidan takliflar kelib tushmaganligi inobatga olinsin.
11. Ishtixon tumani hokimligi axborot xizmati rahbari - matbuot kotibi (M.Tursunov), “Ishtixon ovozi” gazetasi muharriri (M.Rabbimova)larga mazkur qarorni ommaviy axborot vositalari va internet tarmoqlarida keng yoritib borish tavsiya etilsin.
12. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Xalq deputatlari Ishtixon tuman Kengashining Mahalliy byudjetni, tadbirkorlikni rivojlantirish va iqtisodiy islohotlarni amalga oshirish masalalari boʻyicha doimiy komissiyasi (S.Abdugʻaniyev) hamda Ishtixon tumani hokimining birinchi oʻrinbosari (Q.Nuriddinov) zimmasiga yuklatilsin.
13. Mazkur qaror qabul qilingan kundan kuchga kiradi.
Sessiya raisi KIYAMOV NURALI KUVANDIKOVICH
Samarqand viloyati, Ishtixon tumani,
2025-yil 24-oktabr,
VII-14-150-7-95-K/25-son
Hujjatni ilovasi bilan PDF shaklida tanishish mumkin.