Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirining
Buyrugʻi
“Budjet tashkilotlarida ishlovchi ayollarga homiladorlik va tugʻish boʻyicha nafaqa, fuqarolarning ayrim toifalariga uy-joy-kommunal xizmatlar haqini toʻlash boʻyicha imtiyozlar oʻrniga qonunchilik hujjatlarida nazarda tutilgan oylik kompensatsiya pul toʻlovlari hamda bola tugʻilganida beriladigan bir yoʻla nafaqani toʻlash boʻyicha xarajatlarni moliyalashtirish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi buyruqqa oʻzgartirishlar kiritish toʻgʻrisida
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2025-yil 18-sentabrda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 2080-1]
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 1-iyundagi PF-82-son “Aholiga sifatli ijtimoiy xizmat va yordam koʻrsatish hamda uning samarali nazorat tizimini yoʻlga qoʻyish boʻyicha kompleks chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi, 2024-yil 14-noyabrdagi PF-185-son “Bolalarni ijtimoiy himoya qilish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmonlari hamda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 24-avgustdagi 506-son “2020 — 2024-yillarda Oʻzbekiston Respublikasi davlat moliyasini boshqarish tizimini takomillashtirish strategiyasini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi va 2024-yil 4-martdagi 110-son “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga baʼzi ijtimoiy nafaqalarni toʻlash tartibini takomillashtirishga qaratilgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi qarorlariga muvofiq buyuraman:
1. Oʻzbekiston Respublikasi moliya vazirining 2010-yil 5-fevraldagi 10-son “Budjet tashkilotlarida ishlovchi ayollarga homiladorlik va tugʻish boʻyicha nafaqa, fuqarolarning ayrim toifalariga uy-joy-kommunal xizmatlar haqini toʻlash boʻyicha imtiyozlar oʻrniga qonunchilik hujjatlarida nazarda tutilgan oylik kompensatsiya pul toʻlovlari hamda bola tugʻilganida beriladigan bir yoʻla nafaqani toʻlash boʻyicha xarajatlarni moliyalashtirish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi buyrugʻiga (roʻyxat raqami 2080, 2010-yil 23-fevral) (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2010-y., 8-son, 64-modda) ilovaga muvofiq oʻzgartirishlar kiritilsin.
2. Mazkur buyruq rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Vazir J. KUCHKAROV
Toshkent sh.,
2025-yil 12-avgust,
278-son
Oʻzbekiston Respublikasi iqtisodiyot va moliya vazirining 2025-yil 12-avgustdagi 278-son buyrugʻiga
ILOVA
ILOVA
“Budjet tashkilotlarida ishlovchi ayollarga homiladorlik va tugʻish boʻyicha nafaqa, fuqarolarning ayrim toifalariga uy-joy-kommunal xizmatlar haqini toʻlash boʻyicha imtiyozlar oʻrniga qonunchilik hujjatlarida nazarda tutilgan oylik kompensatsiya pul toʻlovlari hamda bola tugʻilganida beriladigan bir yoʻla nafaqani toʻlash boʻyicha xarajatlarni moliyalashtirish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi buyruqqa kiritilayotgan oʻzgartirishlar
1. Buyruq muqaddimasi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Oʻzbekiston Respublikasining Budjet kodeksi va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2009-yil 22-dekabrdagi PQ-1245-son “Oʻzbekiston Respublikasining 2010-yilgi asosiy makroiqtisodiy koʻrsatkichlari va Davlat budjeti parametrlari toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq buyuraman:”.
2. Nizomda:
1) muqaddima quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Mazkur Nizom budjet tashkilotlarida ishlovchi ayollarga homiladorlik va tugʻish boʻyicha nafaqa, fuqarolarning ayrim toifalariga uy-joy-kommunal xizmatlar haqini toʻlash boʻyicha imtiyozlar oʻrniga qonunchilik hujjatlarida nazarda tutilgan oylik kompensatsiya pul toʻlovlari hamda bola tugʻilganida beriladigan bir yoʻla nafaqani toʻlash boʻyicha xarajatlarni moliyalashtirish tartibini belgilaydi.”;
2) 1-bandning toʻrtinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Bunda:
a) fuqarolarning ayrim toifalariga uy-joy-kommunal xizmatlar haqini toʻlash boʻyicha imtiyozlar oʻrniga qonunchilik hujjatlarida nazarda tutilgan oylik kompensatsiya pul toʻlovlari boʻyicha xarajatlar:
respublika budjeti hisobidan pensiya oluvchilarga — pensiya tayinlangan tashkilot orqali;
Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari Pensiya jamgʻarmasi (bundan buyon matnda Jamgʻarma deb yuritiladi) hisobidan pensiya oluvchilarga — Pensiya jamgʻarmasi orqali;
nafaqa oluvchilarga — Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi orqali;
pensiya yoki nafaqa olmaydigan uy-joy-kommunal xizmatlar haqini toʻlash boʻyicha kompensatsiya pul toʻlovlarini olish huquqiga ega boʻlgan shaxslarga — Pensiya jamgʻarmasi orqali;
b) bola tugʻilganida beriladigan bir yoʻla nafaqa toʻlash boʻyicha xarajatlar Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi orqali;
v) budjet tashkilotlarida ishlovchi ayollarga homiladorlik va tugʻish boʻyicha nafaqani toʻlash boʻyicha xarajatlar ushbu budjet tashkilotlari orqali amalga oshiriladi.”;
“4. Fuqarolarning ayrim toifalariga uy-joy-kommunal xizmatlar haqini toʻlash boʻyicha imtiyozlar oʻrniga qonunchilik hujjatlarida nazarda tutilgan oylik kompensatsiya pul toʻlovlari hamda bola tugʻilganida beriladigan bir yoʻla nafaqani toʻlashga ajratilgan budjet mablagʻlaridan maqsadli foydalanilishini taʼminlash maqsadida tegishli tashkilotlar “UzASBO” dasturiy majmuasi orqali belgilangan tartibda xarajatlar smetasini taqdim etadi.
5. Budjet tashkilotlarida ishlovchi ayollarga homiladorlik va tugʻish boʻyicha nafaqa, fuqarolarning ayrim toifalariga uy-joy-kommunal xizmatlar haqini toʻlash boʻyicha imtiyozlar oʻrniga qonunchilik hujjatlarida nazarda tutilgan oylik kompensatsiya pul toʻlovlari hamda bola tugʻilganida beriladigan bir yoʻla nafaqani toʻlash boʻyicha xarajatlarni moliyalashtirish uchun budjet mablagʻlari har yilgi Davlat budjeti parametrlarida nazarda tutiladi.”;
5) 7-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“7. Budjet tashkilotlari har oyda, hisobot oyidan keyingi oyning 10-sanasiga qadar tegishli iqtisodiyot va moliya organlariga mazkur Nizomning 2-ilovasiga muvofiq elektron shaklda budjet tashkilotlarida ishlovchi ayollarga homiladorlik va tugʻish boʻyicha nafaqani toʻlash uchun budjetdan talab qilinadigan mablagʻlarni aniqlashga buyurtmanomani (bundan buyon matnda buyurtmanoma deb yuritiladi) “UzASBO” dasturiy majmuasi orqali taqdim etadi.”;
6) 8-bandning toʻrtinchi xatboshisidagi “tegishli boshqarmalariga” degan soʻzlar “tegishli tarkibiy boʻlinmalariga” degan soʻzlar bilan almashtirilsin;
7) 9-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“9. Budjet tashkilotlarida ishlovchi ayollarga homiladorlik va tugʻish boʻyicha nafaqalarni toʻlashga xarajatlar:
a) birinchi navbatda budjet tashkilotlarining xarajatlar smetasida Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti xarajatlar tasnifining tegishli moddalari boʻyicha ish haqi hamda unga tenglashtirilgan toʻlovlarga koʻzda tutilgan va moliya yilining yakunlangan oy boʻyicha boʻshab qolgan budjet mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladi. Bunda:
budjet tashkilotlari mustaqil ravishda xarajatlar smetasiga ish haqi hamda unga tenglashtirilgan toʻlovlar xarajatlari boʻyicha mablagʻlarni kamaytirish va tegishlicha ushbu budjet tashkilotlarida ishlovchi ayollarga homiladorlik va tugʻish boʻyicha nafaqa xarajatlari uchun mablagʻlarni koʻpaytirish yoʻli bilan kiritiladigan oʻzgartirishlarni “UzASBO” dasturiy majmuasi orqali amalga oshiradi;
tegishli iqtisodiyot va moliya organlari kerakli hisob-kitoblar asosida tegishli mahalliy budjetlarda ortiqcha rejalashtirilganligi aniqlangan mablagʻlar, shtat birliklari toʻldirilmaganligi, shuningdek, tarmoq, shtatlar va kontingentlar boʻyicha reja bajarilmaganligi natijasida boʻshab qoladigan mablagʻlar hisobiga Qoraqalpogʻiston Respublikasi va mahalliy budjetlardan moliyalashtiriladigan budjet tashkilotlarida ishlovchi ayollarga homiladorlik va tugʻish boʻyicha nafaqa xarajatlari uchun mablagʻlarni koʻpaytirish yoʻli bilan aniqlik kiritish huquqiga egadirlar;
b) ish haqi xarajatlari boʻyicha boʻshab qolgan budjet mablagʻlari mavjud boʻlmagan yoki budjet tashkilotlarida ishlovchi ayollarga homiladorlik va tugʻish boʻyicha nafaqani toʻliq taʼminlash uchun yetarli boʻlmagan hollarda, budjet mablagʻlari qoʻshimcha ravishda mazkur Nizomda belgilangan tartibda budjetdan ajratiladi.”;
8) 10-banddagi “Budjet tashkilotlaridan olingan” degan soʻzlar “Budjet tashkilotlaridan “UzASBO” dasturiy majmuasi orqali olingan” degan soʻzlar bilan almashtirilsin;
9) 13-bandning birinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“13. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi hisobot oyidan keyingi oyning 20-sanasiga qadar olingan buyurtmanomalar asosida “DMBAT-2” dasturiy majmuasida jamlashni amalga oshiradi va qonunchilikda belgilangan tartibda uch kun muddat ichida:”;
10) 15 va 16-bandlar quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“15. Har oy, hisobot oyidan keyingi oyning 15-sanasidan kechikmagan holda Jamgʻarma fuqarolarning ayrim toifalariga uy-joy-kommunal xizmatlar haqini toʻlash boʻyicha imtiyozlar oʻrniga qonunchilik hujjatlarida nazarda tutilgan oylik kompensatsiya pul toʻlovlarini toʻlash uchun talab qilinadigan mablagʻlarni aniqlaydi.
16. Bola tugʻilganida beriladigan bir yoʻla nafaqalar Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligiga tegishli moliya yili uchun budjet parametrlarida nazarda tutilgan mablagʻlar doirasida belgilangan tartibda moliyalashtiriladi.”;
11) 20-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“20. Agar yil mobaynida yuqorida koʻrsatilgan toʻlov va nafaqa oluvchilar miqdorining oʻzgarishi xarajatlar smetasida koʻzda tutilgan xarajatlarning oshishiga (kamayishiga) olib kelsa, tegishli tashkilotlar belgilangan tartibda Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligiga nafaqalarni toʻlash boʻyicha xarajatlar smetasiga oʻzgartirish kiritish uchun oluvchilarning oʻzgargan miqdoriga zarur boʻlgan mablagʻlarning asoslangan hisob-kitoblarini taqdim qiladi.”;
12) 24-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“24. Budjet tashkilotlarida ishlovchi ayollarga homiladorlik va tugʻish boʻyicha nafaqa, fuqarolarning ayrim toifalariga uy-joy-kommunal xizmatlar haqini toʻlash boʻyicha imtiyozlar oʻrniga qonunchilik hujjatlarida nazarda tutilgan oylik kompensatsiya pul toʻlovlari hamda bola tugʻilganida beriladigan bir yoʻla nafaqani toʻlashga ajratilgan budjet mablagʻlaridan maqsadli foydalanilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining Davlat moliyaviy nazorati inspeksiyasi tomonidan qonunchilikka muvofiq amalga oshiriladi.”;
13) 2-ilovaning matnidagi “moliya” degan soʻz “iqtisodiyot va moliya” degan soʻzlar bilan almashtirilsin;
14) 3-ilovaning matnidagi “moliya” va “Moliya” degan soʻzlar tegishli ravishda “iqtisodiyot va moliya” va “Iqtisodiyot va moliya” degan soʻzlar bilan almashtirilsin.
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 19.09.2025-y., 10/25/2080-1/0849-son)