Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirining
buyrugʻi
Ichki ishlar organlarida xizmatga nomzodlarni tanlab olish tadbirlarini tashkil etish va oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi yoʻriqnomaga oʻzgartirishlar va qoʻshimcha kiritish haqida
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2025-yil 18-avgustda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 3481-2]
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 29-noyabrdagi PQ-3413-son “Ichki ishlar organlari kadrlari bilan ishlash va ularning xizmatini tashkil etish tartibini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi hamda 2025-yil 30-apreldagi PQ-155-son “Ichki ishlar organlari tizimini raqamli transformatsiya qilish boʻyicha kompleks chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarorlariga muvofiq buyuraman:
1. Oʻzbekiston Respublikasi ichki ishlar vazirining 2023-yil 2-noyabrdagi 601-son buyrugʻi (roʻyxat raqami 3481, 2023-yil 6-dekabr) (Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 07.12.2023-y., 10/23/3481/0923-son) bilan tasdiqlangan Ichki ishlar organlarida xizmatga nomzodlarni tanlab olish tadbirlarini tashkil etish va oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi yoʻriqnomaga ilovaga muvofiq oʻzgartirishlar va qoʻshimcha kiritilsin.
2. Mazkur buyruq rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Vazir A. TASHPULATOV
Toshkent sh.,
2025-yil 7-avgust,
440-son
Oʻzbekiston Respublikasi ichki ishlar vazirining 2025-yil 7-avgustdagi 440-son buyrugʻiga
ILOVA
ILOVA
Ichki ishlar organlarida xizmatga nomzodlarni tanlab olish tadbirlarini tashkil etish va oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi yoʻriqnomaga kiritilayotgan oʻzgartirishlar va qoʻshimcha
1. 5-bandda:
birinchi xatboshidagi “toʻrtinchi xatboshisida” degan soʻzlar “beshinchi xatboshisida” degan soʻzlar bilan almashtirilsin;
quyidagi mazmundagi toʻrtinchi xatboshi bilan toʻldirilsin:
“Bunda, axborot texnologiyalari boʻlinmalariga xizmatga kirish istagini bildirgan axborot texnologiyalari sohasidagi mutaxassis nomzodlar oʻrganish bosqichidan antropometrik parametrlar tatbiq etilmagan holda sogʻligʻining umumiy xizmatga yaroqlilik darajasiga oid talablar asosida oʻtadi.”;
toʻrtinchi xatboshi beshinchi xatboshi deb hisoblansin.
2. 15-bandning birinchi va uchinchi xatboshilaridagi “doimiy yashash joyi” degan soʻzlar “yashash joyi” degan soʻzlar bilan almashtirilsin.
3. 43-bandning toʻrtinchi xatboshisidagi “134 ball” degan soʻzlar “94,5 ball” degan soʻzlar bilan almashtirilsin.
4. 68-banddagi “doimiy yashash joyi” degan soʻzlar “yashash joyi” degan soʻzlar bilan almashtirilsin.
5. 1-ilovaning nomidan “tanlovlarsiz” degan soʻz chiqarib tashlansin.
6. 2-ilovaning “Izohlar” qismi 1-bandi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“1. Ushbu roʻyxatdagi ayrim lavozimlar mazkur Yoʻriqnomaning 1-ilovasiga muvofiq Ichki ishlar organlariga xizmatga qabul qilinadigan tor ixtisoslik boʻyicha mutaxassisliklar va lavozimlar roʻyxatiga kiritilganligi bois, ushbu lavozimlar uchun nomzodlar xizmatga tanlovning saralash bosqichisiz qabul qilinadi;”.
7. 12-ilovaning matnidagi “Doimiy yashash joyi” degan soʻzlar “Yashash joyi” degan soʻzlar bilan almashtirilsin.
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 22.08.2025-y., 10/25/3481-2/0766-son)