Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
qarori
“Jizzax viloyatining Forish tumanida quvvati 500 MVt boʻlgan quyosh fotoelektr stansiyasini hamda havo elektr uzatish tarmogʻini qurish” investitsiya loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Aholi va iqtisodiyot tarmoqlarini energiya resurslari bilan barqaror taʼminlash, elektr energiyasi ishlab chiqarishda tabiiy gazdan foydalanishni kamaytirish hamda qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish koʻlamini kengaytirishga toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalarni faol jalb qilish maqsadida qaror qilaman:
I. Quyosh fotoelektr stansiyalari orqali elektr energiyasi ishlab chiqarishni tashkil etish
1. Toʻgʻridan-toʻgʻri muzokaralar natijasida:
(a) “China Electrical Equipment lnternational So. LTD” (Xitoy Xalq Respublikasi) hamda “China Huadian Overseas lnvestment So. LTD” (Xitoy Xalq Respublikasi) kompaniyalari (keyingi oʻrinlarda — Investorlar) tomonidan “Jizzax viloyatining Forish tumanida quvvati 500 MVt boʻlgan quyosh fotoelektr stansiyasini hamda havo elektr uzatish tarmogʻini qurish” investitsiya loyihasi (keyingi oʻrinlarda — Investitsiya loyihasi) doirasida “Huadian Jizzakh Solar Power” MCHJ (keyingi oʻrinlarda — Loyiha kompaniyasi) taʼsis etilgani;
(b) Investorlar, Loyiha kompaniyasi va Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati nomidan Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi oʻrtasida 2025-yil 5-aprelda investitsiya shartnomasi imzolangani hamda unga muvofiq Investorlar va Loyiha kompaniyasi Jizzax viloyatida 2,08 milliard Xitoy yuani miqdorida toʻgʻridan-toʻgʻri investitsiyalarni jalb etgan holda quvvati 500 MVt boʻlgan quyosh fotoelektr stansiyasini loyihalashtirishi, moliyalashtirishi, qurishi hamda ekspluatatsiya qilishi;
(v) 2024-yil 13-sentabrda Investorlar va “Oʻzenergosotish” AJ oʻrtasida elektr energiyasini sotib olish toʻgʻrisidagi bitim hamda 2025-yil 5-aprelda Loyiha kompaniyasi va “Oʻzbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJ oʻrtasida tarmoqqa ulash toʻgʻrisidagi bitim (keyingi oʻrinlarda — Bitimlar) imzolangani maʼlumot uchun qabul qilinsin.
II. Majburiyat va imtiyozlar
2. Belgilansinki, elektr energiyasini sotib olish toʻgʻrisidagi bitimga muvofiq:
(a) Investorlar oʻz huquq va majburiyatlaridan Loyiha kompaniyasi foydasiga voz kechadi;
(b) Loyiha kompaniyasi ishlab chiqarilgan elektr energiyasini “Oʻzenergosotish” AJga kafolatlangan tarzda sotadi;
(v) Loyiha kompaniyasi Investitsiya loyihasi doirasida elektr stansiyasini yagona elektr energiyasi tarmogʻiga ulash uchun havo elektr uzatish tarmoqlarini quradi hamda ishga tushirilgandan soʻng ularni “Oʻzbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJga topshiradi;
(g) “Oʻzenergosotish” AJ 25 yil davomida elektr energiyasini kafolatlangan tarzda xarid qiladi va Loyiha kompaniyasi tomonidan havo elektr uzatish tarmoqlarini qurish uchun sarflangan xarajatlar toʻliq qoplanguniga qadar ushbu xarajatlarni belgilangan tarifga qoʻshgan holda toʻlovni amalga oshirish majburiyatini oladi va toʻlovlarni milliy valyutada amalga oshiradi;
(d) elektr energiyasini sotib olish, podstansiya va havo elektr uzatish tarmoqlarini qurish boʻyicha toʻlovlar chet el valyutasida denominatsiyalangan qatʼiy tarif boʻyicha milliy valyutada amalga oshiriladi;
(e) Loyiha kompaniyasi qurilish davridagi oʻz majburiyatlari lozim darajada bajarilishining taʼminoti sifatida 20 million AQSH dollari miqdorida birinchi darajali bank kafolatini taqdim etadi;
(j) quyosh fotoelektr stansiyasini qurish bilan bogʻliq qurilish va yer ishlarini bajarish, bino va inshootlar poydevorlarini loyihalashtirish normalari va qoidalari bitimga muvofiq xalqaro standartlar bilan tartibga solinadi.
3. Quyidagilarga:
(a) “Oʻzbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJ va “Oʻzenergosotish” AJga Loyiha kompaniyasi bilan birgalikda Bitimlarda belgilangan tartib-taomillarga muvofiq Investitsiya loyihasini amalga oshirish uchun xalqaro mustaqil injiniring kompaniyasi va boshqa maslahatchilarni toʻgʻridan-toʻgʻri shartnomalar tuzgan holda jalb qilishga;
(b) “Oʻzenergosotish” AJga Loyiha kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan elektr energiyasi uchun uch oy mobaynida toʻlov majburiyati bajarilishining taʼminoti sifatida Loyiha kompaniyasi foydasiga xorijiy bankning chet el valyutasida tasdiqlangan va tiklanadigan akkreditivini ochishga ruxsat berilsin.
4. Loyiha kompaniyasi va “Oʻzbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJ tomonidan yer uchastkalari uchun toʻlanadigan ijara toʻlovi miqdori yer soligʻi miqdoriga tenglashtirilsin.
III. Investitsiya loyihasini amalga oshirishni jadallashtirish chora-tadbirlari
5. Investitsiya loyihasini amalga oshirish doirasida:
(a) Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati nomidan Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi, Investorlar hamda Loyiha kompaniyasi oʻrtasida tuzilgan investitsiya shartnomasi tasdiqlansin;
(b) “Oʻzenergosotish” AJ, “Oʻzbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJ, Investorlar va Loyiha kompaniyasi oʻrtasida tuzilgan Bitimlar maʼqullansin.
6. Belgilansinki, Loyiha kompaniyasiga barcha soliqlar va yigʻimlar toʻlangan holda, Investitsiya loyihasini moliyalashtirish doirasida:
(a) kredit olish, chet el valyutasida mablagʻlar olish va ulardan foydalanish (shu jumladan, chet el valyutasida kredit va boshqa qarz tushumlari) uchun chet eldagi xorijiy banklarda bank hisobvaraqlari ochish;
(b) Oʻzbekiston Respublikasidan tashqarida boʻlgan xorijiy pudrat tashkilotlari, yetkazib beruvchilar yoki xorijiy kreditorlarga toʻlovlarni Oʻzbekiston Respublikasidagi bank hisobvaraqlari orqali oʻtkazmasdan, tugʻridan-toʻgʻri amalga oshirish huquqi beriladi.
7. Energetika vazirligi, Qishloq xoʻjaligi vazirligi, Suv xoʻjaligi vazirligi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Jizzax viloyati hokimligining Investitsiya loyihasini amalga oshirish uchun ajratiladigan Jizzax viloyatining Forish tumani hududidagi ilovaga muvofiq jami 991,1 gektar yaylov yer uchastkalarini qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yerlar toifasidan sanoat, transport, aloqa, mudofaa va boshqa maqsadlarga moʻljallangan yerlar toifasiga oʻtkazish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin.
8. Jizzax viloyati hokimligi:
(a) Energetika vazirligi, Qishloq xoʻjaligi vazirligi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda Loyiha kompaniyasi bilan birgalikda, zaruratga koʻra, Investitsiya loyihasini amalga oshirish uchun Jizzax viloyati hududida havo elektr uzatish tarmoqlarini va elektr infratuzilmasi qurilmalarini qurish uchun zarur yer uchastkalarini tanlab olsin hamda ularning chegaralariga aniqlik kiritib, tegishliligi boʻyicha ommaviy servitut belgilash va yer fondi toifasini oʻzgartirish yuzasidan Qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan va oʻrmon fondi yerlarining yer fondi toifalarini oʻzgartirish masalalarini koʻrib chiqish boʻyicha Hukumat komissiyasiga takliflarni kiritsin;
(b) bir oy muddatda Investitsiya loyihasini amalga oshirish uchun investitsiya shartnomasi va Bitimlarda koʻrsatilgan shartlarga mos keladigan yer uchastkalari Energetika vazirligiga doimiy foydalanish huquqi bilan ajratilishini taʼminlasin. Bunda:
(i) Energetika vazirligi oʻziga berilgan tegishli yer uchastkalari Loyiha kompaniyasiga quyosh fotoelektr stansiyasini qurish hamda Loyiha kompaniyasi va “Oʻzbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJga havo elektr uzatish tarmoqlarini va elektr infratuzilmasi qurilmalarini qurish uchun Investitsiya loyihasini amalga oshirish muddatiga teng davrga ijaraga berilishini taʼminlasin;
(ii) Energetika vazirligi qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yerlardan foydalanganlik (toifasi oʻzgartirilganligi) uchun qishloq xoʻjaligi ishlab chiqarishi nobudgarchiligi oʻrnini qoplashdan (kompensatsiya toʻlovlaridan) ozod qilinsin.
9. Loyiha kompaniyasining buyurtmanomasiga binoan Investitsiya loyihasini amalga oshirish doirasida:
(a) Tashqi ishlar vazirligi — jalb qilinadigan xorijiy mutaxassislar hamda ularning oila aʼzolari uchun kirish vizalari, zarur hollarda, I. Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportida belgilangan tartibda rasmiylashtirilishini;
(b) Ichki ishlar vazirligi — jalb qilinadigan xorijiy mutaxassislar hamda ularning oila aʼzolariga koʻp martalik viza berilishi va uning muddati uzaytirilishini, shuningdek, vaqtincha turgan joyi boʻyicha roʻyxatga olinishi va uning muddati uzaytirilishini;
Keyingi tahrirga qarang.
(v) Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi — xorijiy fuqarolarga Oʻzbekiston Respublikasi hududida mehnat faoliyati bilan shugʻullanish huquqini beruvchi tasdiqnomalar berilishini (muddati uzaytirilishini) belgilangan tartibda taʼminlasin.
10. Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari — iqtisodiyot va moliya vaziriga Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati nomidan “Oʻzenergosotish” AJning akkreditiv ochadigan xorijiy bank oldidagi toʻlov majburiyatlari Osiyo taraqqiyot banki, Jahon banki yoki Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki kafolati orqali bajarilgan taqdirda, mazkur bank bilan Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatiga maqbul shakldagi ushbu bank xarajatlarini qoplash toʻgʻrisidagi bitimni imzolash vakolati berilsin.
IV. Qaror ijrosini tashkil etish, taʼminlash va nazorat
11. Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi, Energetika vazirligi bilan birgalikda Investitsiya loyihasi amalga oshirilishi, shuningdek, tomonlar oʻrtasidagi bitimlar doirasidagi majburiyatlar bajarilishi ustidan doimiy nazorat oʻrnatsin.
12. Adliya vazirligi uch oy muddatda Investitsiya loyihasini amalga oshirish doirasida investitsiya shartnomasi hamda uning qoidalariga muvofiq imzolanadigan bitimlar yuzasidan yuridik xulosalar bersin.
13. Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi loyiha hujjatlari belgilangan tartibda ekologik ekspertizadan oʻtkazilishini va Investitsiya loyihasini amalga oshirishda tabiatni muhofaza qilishga oid qonunchilik hujjatlariga rioya etilishini taʼminlasin.
14. Mazkur qarorning ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul va shaxsiy javobgar etib energetika vaziri J.T. Mirzamahmudov belgilansin.
15. Qaror ijrosi uchun masʼul vazirlik va idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2025-yil 30-aprel,
PQ-158-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 30-apreldagi PQ-158-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
“Jizzax viloyatining Forish tumanida quvvati 500 MVt boʻlgan quyosh fotoelektr stansiyasini hamda havo elektr uzatish tarmogʻini qurish” investitsiya loyihasini amalga oshirish uchun Jizzax viloyatining Forish tumani hududidagi qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yerlar toifasidan sanoat, transport, aloqa, mudofaa va boshqa maqsadlarga moʻljallangan yerlar toifasiga oʻtkazilayotgan yer uchastkalari
ROʻYXATI
Hudud nomi | Yerdan foydalanuvchi nomi | Kontur raqami | Jami yer maydoni (gektar) | shundan: | Foydalanish maqsadi | |
yaylov va pichanzorlar (gektar) | Boshqa yerlar (gektar) | |||||
1588 q | ||||||
1590 q | ||||||
1591q | ||||||
1592 q | ||||||
1593 q | 922,0 | 922,0 | - | |||
“Egizbuloq” mahallasi | Tuman hokimligi zaxirasidagi yerlar | 1655 q | Quyosh fotoelektr stansiyasini qurish | |||
1657 q | ||||||
1966 q | ||||||
1659 q | ||||||
1588 q | 56,6 | 56,6 | - | |||
1669 q | ||||||
1670 q | 12,3 | 12,3 | - | |||
1588 q | ||||||
“Egizbuloq” mahallasi | “Devoloped Kapital” MCHJ | 1964q | Havo elektr uzatish tarmogʻini qurish | |||
1968q | 0,1517 | 0,1517 | - | |||
1969q | ||||||
Jami: | 991,0517 | 991,0517 | - | |||
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 02.05.2025-y., 07/25/158/0402-son; 10.06.2026-y., 06/26/109/0580-son)